Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA TRANSPORT-EKSPEDITORLIK FAOLIYATINI TARTIBGA SOLISHNI TAKOMILLASHTIRISH TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamiyatning siyosiy, iqtisodiy va maʼnaviy sohalarida islohotlarni erkinlashtirish va chuqurlashtirish, mamlakat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha dasturlarni amalga oshirish borasidagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2000-yil 2-iyundagi PF-2612-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, tashqi savdo yuklariga transport-ekspeditorlik xizmati koʻrsatish sohasida bozor munosabatlarini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, transport-ekspeditorlik xizmatlari isteʼmolchilarini ragʻbatlantirish va ularning huquqlarini himoya qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Transport-ekspeditorlik korxonalari toʻgʻrisidagi Nizom va transport-ekspeditorlik xizmatlari koʻrsatish tartibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda oʻz normativ hujjatlarini mazkur qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari A.N. Isayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
2000-yil 9-sentabr,
348-son
Vazirlar Mahkamasining
2000-yil 9-sentabrdagi 348-son qaroriga
ILOVA
Transport-ekspeditorlik korxonalari toʻgʻrisidagi Nizom va transport-ekspeditorlik xizmatlari koʻrsatish
TARTIBI
I. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, “Raqobat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ishlab chiqilgan.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 23-maydagi 143-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 21-son, 232-modda)
2. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan transport-ekspeditorlik korxonalari faoliyatini tartibga soladi, shuningdek, qaysi idoraga qarashliligi va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, transport-ekspeditorlik korxonalarining oʻzaro hamkorlik qilish tartibini, ularning huquqlarini, mijoz oldidagi majburiyatlari va masʼuliyatini, mijoz, transport ekspeditori va tashuvchi oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni belgilab beradi.
II. Ekspeditor va transport-ekspeditorlik xizmatlari toʻgʻrisida tushunchalar va taʼriflar
3. Ekspeditor — transport ekspeditsiyasi shartnomasi tomoni — tovarlarni tashishni tashkil etish bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxs, bunda u temir yoʻl, suv, avtomobil transportida yuklarni tashish, shuningdek, yuklarni, tavakkalchiliklarni, transport vositalarini sugʻurtalash, yuklar va hujjatlarni rasmiylashtirish, joylashtirish, saqlash, ishlov berish, deklaratsiyalash va bojxona tartibotlari, transport-ekspeditorlik xizmati koʻrsatish shartnomasida nazarda tutilgan boshqa xizmatlar koʻrsatish boʻyicha keng va turli ishlar kompleksini bajaradi, shuningdek, ushbu tashishlarni amalga oshirish ustidan nazoratni taʼminlaydi va mijozning transport korxonalari oldidagi manfaatlarini himoya qiladi.
4. Ekspeditorlik xizmatlari — bu ekspeditor shartnomaga muvofiq xizmat koʻrsatishni oʻziga olgan vositachilik va yordamchi-texnologiya xizmatlari kompleksidir.
5. Transport-ekspeditorlik xizmati — yukni joʻnatish va qabul qilib olish jarayonini tashkil etish, shuningdek, transport ekspeditsiyasi shartnomasiga muvofiq yuk tashishga aloqasi boʻlgan boshqa ish turlarini bajarish bilan bogʻliq transport xizmati turi.
Transport-ekspeditorlik xizmatlari:
yukni joʻnatish joyidan belgilangan joygacha tashishni tashkil etishni;
mijozning shart-sharoitlariga koʻra yuklarni tashishning maqbul sxemasini tanlashni;
yuk joʻnatuvchining ombori (terminali)dan yuklarni qabul qilib olish, yuk qabul qiluvchining ombori (terminali)ga yetkazib berish, unga va tashuvchiga topshirishni;
yuklarni oʻrash-joylash (qadoqlash), markalash, bogʻlash, navlarga ajratish va saqlashni;
yukni sugʻurtalashni;
yuk joʻnatilganligi, turgan joyi va belgilangan joyga kelganligi (yukning harakati dispozitsiyasi) haqida xabardor qilishni;
boshqa ekspeditorlar xizmatlarining turlari, tariflari va ish rejimlari toʻgʻrisidagi axborotni hamda boshqa tezkor axborotni;
transport-ekspeditorlik faoliyati bilan bogʻliq masalalar boʻyicha maslahatlarni;
bojxona tartibotlarini bajarishni;
yuk tashilganligi uchun tashuvchi bilan hisob-kitoblarni amalga oshirishni;
yuk tashish bilan bogʻliq boshqa xizmatlarni oʻz ichiga olishi mumkin.
Transport-ekspeditorlik faoliyati — transport-ekspeditorlik korxonasi tomonidan amalga oshiriladigan transport-ekspeditorlik xizmatlarini bajarishga doir faoliyat.
Mijoz — yuk joʻnatuvchi yoki uni qabul qilib oluvchi.
Yuk — tashish uchun beriladigan har qanday yuk.
Tashuvchi — oʻziga ishonib topshirilgan yukni belgilangan joyga yetkazish va uni yukni qabul qilib oluvchiga berish yoki boshqa transport tashkilotiga topshirish majburiyatini oladigan tashish shartnomasining bir tomoni.
Transport jarayoni — tashuvchi tomonidan yuk tashishga qabul qilib olingan paytdan boshlab uni qabul qilib oluvchiga topshirishgacha yoki tayinlangan joyga yetgungacha (yuklash, tashish, tushirish, saqlash. Tegishli tovar-transport hujjatlarini rasmiylashtirish va boshqa xizmatlar) boʻlgan ekspeditor va tashuvchining birgalikdagi operatsiyalari va harakatlari kompleksi.
Transport hujjati — tashish yoki transport-ekspeditorlik xizmati koʻrsatishni, tashuvchi yoki transport-ekspeditorlik korxonasi tomonidan yukni oʻz tasarrufiga olganligini tasdiqlovchi, tashuvchi yoki transport-ekspeditorlik korxonasi tomonidan beriladigan hujjat.
Ekspeditorlik topshirigʻi — transport jarayonini tashkil etish va yuklarga transport-ekspeditorlik xizmatlari koʻrsatish uchun mijoz tomonidan ekspeditorga beriladigan hujjat.
Yukni har xil transportda tashish — transport-ekspeditorlik xizmati koʻrsatish shartnomasi asosida transport korxonasi tasarrufiga yuk kelib tushgan joydan tayinlangan joygacha yuklarni ikki yoki undan ortiq transport turida tashish.
Yuk hujjatlarini rasmiylashtirish — yukni belgilangan joygacha yetkazib berilganlik uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan va tashuvchi bilan oʻzaro hisob-kitoblar qilingan holda tashuvchi tomonidan yuk yukni qabul qilib oluvchi yoki ekspeditor tasarrufiga berish tartiboti.
III. Transport ekspeditsiyasi shartnomasi
6. Ekspeditor bilan mijoz oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar transport ekspeditsiyasi shartnomasi bilan belgilanadi.
Transport ekspeditsiyasi shartnomasi yozma shaklda tuziladi va unda tashish jarayonini transportning har xil turlari, shu jumladan, aralash turlari bilan ham davlat ichidagi, ham xalqaro yoʻllarda tashkil etish bilan bogʻliq transport-ekspeditorlik xizmatlarining aniq roʻyxati, tomonlarning nomi va manzili, joʻnatish va olib borish joyi (joylari) nomi va boshqa shartlar boʻladi.
7. Yukni oʻz tasarrufiga qabul qilib olgandan soʻng transport-ekspeditorlik korxonasi tashish uchun tegishli transport hujjati (konosament), transport-ekspeditorlik xizmati koʻrsatish yuk xati berishi shartdir.
8. Olib kelish va olib ketish maxsus ruxsatnomalar va kvotalar boʻyicha amalga oshiriladigan, aksiz soligʻi olinadigan yuklarni, shuningdek, xavfli yuklar va chiqindilarni tashish uchun shartnoma tuzishga tegishli ruxsatnomalar boʻlgandagina yoʻl qoʻyiladi.
9. Ekspeditor mijoz, tashuvchi va transport jarayonida qatnashuvchi boshqa shaxslar bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq transport-ekspeditorlik xizmatini amalga oshiradi. Yukni bir yoki bir necha transport turi bilan yetkazib berish va mijozning topshirigʻi (buyurtmanomasi)ga koʻra transport jarayonini tashkil etish bilan bogʻliq xizmatlar roʻyxati shartnomada kelishib olinadi. Mijoz buning uchun kelishib olingan haqni toʻlash majburiyatini oladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Jismoniy shaxslar tomonidan tovarlar tijorat maqsadlari uchun olib kelinayotganda shartnomaga olib kelinayotgan tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha transport-ekspeditorlik tashkilotlari tomonidan xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartlarning kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Bunday hollarda bojxona rasmiylashtiruvi bevosita jismoniy shaxslar — tovarlarning egalari tomonidan amalga oshiriladi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 25-sentabrdagi 332-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2002-y., 17-18-son, 140-modda)
10. Ekspeditorlik topshirigʻi tuzilgan shartnoma doirasida transport ekspeditsiyasi tomonidan berilishi mumkin.
IV. Ekspeditorning asosiy vazifalari
11. Quyidagilar ekspeditorning asosiy vazifalari hisoblanadi:
mijozlarning yuk tashish va transport-ekspeditorlik xizmatlariga boʻlgan talablarini qondirish;
eng maqbul transport yoʻnalishlarini ishlab chiqish va tanlash, transportda tashishlar turlarini va yuklarni yetkazib berish usullarini, shuningdek, yuklarni yetkazib berishning va ularni saqlashning kelishilgan muddatlarini belgilash;
Oʻzbekiston Respublikasining eksport salohiyatini rivojlantirishga koʻmaklashish;
transport xarajatlarini kamaytirish;
kira qilish va kira haqini toʻlash;
yuklarni toʻplash, saqlash, ishlov berish, oʻrash-joylash va taqsimlash;
tovarlarga ilova qilinadigan hujjatlarni tayyorlash va rasmiylashtirish;
yordamchi va qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatish, shu jumladan, yukni deklaratsiyalash, bojxona xizmatlari koʻrsatish, yuk hujjatlarini rasmiylashtirish;
yuklarni sugʻurtalash.
V. Transport-ekspeditorlik faoliyatini davlat yoʻli bilan boshqarish
Oldingi tahrirga qarang.
12. Transport-ekspeditorlik faoliyatini davlat yoʻli bilan boshqarish soliq solish va narx belgilash, transport-ekspeditorlik faoliyatini rivojlantirish masalalarida davlat siyosatini roʻyobga chiqarishning huquqiy bazasini yaratish, milliy qonunchilikka va Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan tan olingan yoki tuzilgan xalqaro shartnomalar talablariga rioya qilinishini nazorat etish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(VI-bob Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-maydagi 271-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.05.2020-y., 09/20/271/0565-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(VII-boʻlim Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 21-avgustdagi 360-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2003-y., 15-16-son, 131-modda)
VIII. Ekspeditorlarga qoʻyiladigan talablar
17. Ekspeditorga qoʻyiladigan talablarga quyidagilar kiradi:
kasb vakolati toʻgʻrisidagi sertifikatning mavjudligi:
transport-ekspeditorlik korxonasining bank hisob raqami va uning toʻlov qobiliyati toʻgʻrisida bank tasdiqnomasining mavjudligi;
transport-ekspeditorlik xizmatlari koʻrsatish bilan bogʻliq oʻziga xos operatsiyalarning bajarilishi;
transport ekspeditsiyasi shartnomasi shartlarining sifatli bajarilishi;
xizmat binosining mavjudligi;
oʻz funksiyalarini amalda bajarilganligini tasdiqlovchi hujjatli dalillar (guvohnoma, kontraktlar, hisob raqamlari va ularga tenglashtirilgan hujjatlar)ga ega boʻlishi.
IX. Ekspeditorning huquqlari
18. Ekspeditor quyidagi huquqlarga egadir:
yuk tashuvchilar, transport korxonalari, mijozlar bilan shartnomalar tuzish;
transport vositalarini, yoʻnalishlarni va yuk yetkazib berish usullarini erkin tanlash, agar shartnomada yetkazib berishning shartlari va usullari kelishib olinmagan boʻlsa;
bir tomonlama tartibda yoki mijozning topshirigʻiga koʻra har qanday ruxsat etilgan joyda yukni tushirish, joylashtirish uchun qaror qabul qilish, zaruriyat boʻlganda esa yukning buzilib qolish, yoʻqolish yoki uning atrof-muhitga, aholiga yoxud boshqa yukka xavfi boʻlgan hollarda qulay usullar bilan sotib yuborish;
yoʻqolgan yukni qidirish va mijoz tomonidan koʻrilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi topshiriqlarni bajarish uchun jalb qilingan uchinchi shaxsga talab qoʻyish, agar yuk uchinchi shaxsning xatti-harakati yoki harakatsizligi oqibatida yoʻqolgan yoki buzilgan boʻlsa, va koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida, bu haqda shartnomada kelishib olinmagan boʻlsa, mijozni xabardor qilib qoʻyish;
mijozning manfaatlari yoʻlida va uning nomidan sarf qilingan, hujjatlar bilan tasdiqlangan xarajatlar boʻyicha vositachilik haqini mijozdan undirib olish;
mijoz tomonidan zarur boʻlgan axborot taqdim etilmagan hollarda, agar bu haqda shartnomada kelishib olinmagan boʻlsa, tegishli majburiyatlarni bajarishga kirishmaslik.
X. Ekspeditorning garovga oid huquqi
19. Ekspeditorning garovga oid huquqi Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchilik hujjatlari va Oʻzbekiston Respublikasi qatnashchisi boʻlgan xalqaro shartnomalar bilan tartibga solinadi.
XI. Ekspeditorning majburiyati va javobgarligi
20. Ekspeditor quyidagilarga majburdir:
Oldingi tahrirga qarang.
(20-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 21-avgustdagi 360-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2003-y., 15-16-son, 131-modda)
qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan tartibda hisobot taqdim etish;
yukni transport (transportning har xil turlari) bilan ekspeditor yoki mijoz tomonidan tanlangan yoʻnalish boʻyicha tashishni tashkil etish.
21. Ekspeditor:
buzilish hollari roʻy berganda transport-ekspeditorlik xizmati koʻrsatish shartnomasi shartlari bajarilishi uchun javob beradi, yetkazilgan zararni qoplaydi, shuningdek, agar transport-ekspeditorlik shartnomasida yoki qonunchilik hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, aybona (neustoyka) toʻlaydi;
shartnomani bajarish uchun jalb qilingan uchinchi shaxs tomonidan transport-ekspeditorlik xizmati koʻrsatish shartnomasi shartlari bajarilishi uchun javob beradi. Uchinchi shaxs tomonidan yetkazilgan zarar uchun ekspeditor javob beradi. Zararlar qoplangandan soʻng ekspeditor bu uchinchi shaxsga qaytarma daʼvo qilishi mumkin;
yukning saqlanishi, uni yetkazib berishning kelishilgan muddatlariga rioya qilinishi uchun javob beradi. Shartnoma shartlari bajarilmagan taqdirda ekspeditor tomonidan tegishli ravishda transport xarajatlari, bojxona bojlari va yoʻqolgan yukni tashish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar yoki hisob-fakturada koʻrsatilgan uning qimmati asosida yuk qiymati pasayishi va yukning buzilishi bilan bogʻliq zararlar qoplanadi.
XII. Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi xorijiy ekspeditorlarning majburiyatlari
Oldingi tahrirga qarang.
22. Xorijiy ekspeditorlar, shuningdek, xorijiy kompaniyalarning shuʼba korxonalari (filiallari) respublika hududida transport-ekspeditorlik faoliyatini amalga oshirish uchun belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga rioya qilishga majburdirlar.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
XIII. Ekspeditor va yuk tashuvchining oʻzaro munosabatlari
Oldingi tahrirga qarang.
23. Yuk tashuvchi belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan transport-ekspeditorlik korxonasi bilan yuk tashish uchun shartnoma tuzishi mumkin.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 21-avgustdagi 360-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2003-y., 15-16-son, 131-modda)
XIV. Hisob va hisobot
Oldingi tahrirga qarang.
24. Transport-ekspeditorlik faoliyati boʻyicha hisob va hisobot amaldagi qonunchilikka muvofiq yuritiladi.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
XV. Nizolarni koʻrib chiqish
Oldingi tahrirga qarang.
25. Transport-ekspeditorlik shartnomasi yoki topshirigʻini bajarish jarayonida paydo boʻladigan ekspeditor bilan mijoz oʻrtasidagi nizolar va anglashilmovchiliklar Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi va Oʻzbekiston Respublikasi qatnashchisi boʻlgan xalqaro shartnomalar bilan tartibga solinadi.
(25-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari toʻplami, 2000-y., 9-son, 59-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 17-18-son, 140-modda; 2003-y., 15-16-son, 131-modda; 2006-y., 37-38-son, 378-modda; 2012-y., 21-son, 232-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.05.2020-y., 09/20/271/0565-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)