Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xorijiy davlatlar hududida favqulodda vaziyatlar oqibatida jabrlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Xorijiy davlatlar hududida sodir boʻlgan favqulodda vaziyatlar oqibatida jabrlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga tezkor yordam koʻrsatishni tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xorijiy davlatlar hududida favqulodda vaziyatlar oqibatida jabrlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, xorijiy davlatlar hududida favqulodda vaziyatlar oqibatida jabrlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga yordam koʻrsatish ishlarini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan, belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi oʻrinbosari K.M. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 18-mart,
206-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-martdagi 206-son qaroriga
ILOVA
Xorijiy davlatlar hududida favqulodda vaziyatlar oqibatida jabrlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom xorijiy davlatlar hududida sodir boʻlgan favqulodda vaziyatlar oqibatida jabrlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga yordam koʻrsatish hamda ularni va halok boʻlganlarni evakuatsiya qilish chora-tadbirlarini (keyingi oʻrinlarda maxsus tadbirlar deb ataladi) amalga oshirish tartibini, shuningdek, ushbu jarayonga jalb etilgan vazirliklar, idoralar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining asosiy vazifalari va funksiyalarini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomning amal qilishi xorijiy davlatlar hududida boshqa holatlarda jabrlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga tatbiq etilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Vazirliklar, idoralar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari maxsus tadbirlarni amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga, Oʻzbekiston Respublikasining ushbu sohadagi xalqaro shartnomalariga, shuningdek, mazkur Nizom talablariga amal qiladilar.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
favqulodda vaziyat — odamlar qurbon boʻlishiga, ularning sogʻligʻiga zarar yetishiga hamda hayot faoliyati sharoiti izdan chiqishiga olib kelishi mumkin boʻlgan yoki olib kelgan avariya, halokat, xavfli tabiiy hodisa, tabiiy yoki boshqa ofat natijasida muayyan hududda yuzaga kelgan holat;
favqulodda vaziyatlarda jabrlanuvchi — favqulodda vaziyat sodir boʻlishi oqibatida shikastlangan yoki moddiy zarar koʻrgan shaxs;
favqulodda vaziyat hududi — favqulodda vaziyat manbalarining paydo boʻlishi yoki uning oqibatlari boshqa joylardan tarqalishi natijasida favqulodda vaziyat yuzaga kelgan hudud yoki akvatoriya.
2-bob. Maxsus tadbirlarni tashkil etish va amalga oshirish tartibi
5. Maxsus tadbirlarni tashkillashtirish va amalga oshirishga umumiy rahbarlik qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish tizimi samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 1-iyundagi PF-5066-son Farmoniga asosan tashkil etilgan Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha Hukumat komissiyasi hamda tegishli hududiy komissiyalarga yuklanadi.
Alohida holatlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshirigʻiga asosan maxsus Hukumat komissiyasi shakllantirilishi mumkin.
6. Maxsus tadbirlarni amalga oshirishni taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi (keyingi oʻrinlarda FVV deb ataladi), Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, shuningdek, favqulodda vaziyatning xususiyatiga koʻra boshqa vazirlik va idoralarning masʼul vakillaridan iborat maxsus guruh tashkil etiladi.
Maxsus tadbirlarni amalga oshirishni muvofiqlashtirish:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida — FVVga;
xorijiy davlatlar hududida — Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yuklanadi.
7. Xorijiy davlatlar hududida sodir boʻlgan favqulodda vaziyatlar oqibatida jabrlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga yordam koʻrsatish hamda ularni va halok boʻlganlarni evakuatsiya qilish tadbirlari ushbu Nizomga ilova qilingan sxemadagi tartibda amalga oshiriladi.
Favqulodda vaziyatlar oqibatida jabrlanganlarni evakuatsiya qilish, fuqarolarning xorijiy davlatlarda boʻlishi sharoitlarini (mehnat faoliyati, oʻqish va boshqalarni) hamda ularning xohishini hisobga olib belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
3-bob. Maxsus tadbirlarni oʻtkazishda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning asosiy vazifalari va funksiyalari
8. Quyidagilar davlat organlari va boshqa tashkilotlarning maxsus tadbirlarni oʻtkazishdagi asosiy vazifalari hisoblanadi:
jabrlanganlarga yordam koʻrsatishga jalb etiladigan kuch va vositalarning doimiy tayyorligini taʼminlash;
xorijiy davlatlarning davlat organlari bilan oʻz faoliyati yoʻnalishi boʻyicha hamkorlikni tashkil etish va amalga oshirish, tezkor maʼlumotlar bilan almashish;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirokida xorijiy davlatlar hududida favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishi xavfi yoki sodir boʻlganligi toʻgʻrisida maʼlumot kelib tushganda, manfaatdor vazirliklar, idoralar va mahalliy ijroiya hokimiyati organlariga tezkor maʼlumot almashinuvini amalga oshirish;
favqulodda vaziyatlar (xavfi) yuzaga kelgan xorijiy davlatlarga joʻnab ketish maqsadida, biriktirilgan kuch va vositalarning yigʻilish joyiga tezkor kelishini taʼminlash;
favqulodda vaziyat hududida jabrlanganlarga yordam koʻrsatish boʻyicha yuklangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish;
jabrlangan fuqarolarni va halok boʻlganlarni Oʻzbekiston Respublikasiga evakuatsiya qilish (tashish) boʻyicha tadbirlarni tashkil qilish va oʻtkazish;
halok boʻlganlarni oila aʼzolarining yashash joylariga yetkazish, ularni dafn etishda yordam berish, oila aʼzolariga tibbiy va ijtimoiy yordam koʻrsatish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
jabrlanganlarni ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy muhofaza qilish, shuningdek, tibbiy reabilitatsiya masalalarini hal etish;
jabrlanganlarga, ularning hamda halok boʻlgan fuqarolarning oila aʼzolariga tushuntirish ishlarini va psixologik yordam koʻrsatishni, shuningdek jamoat tartibini saqlashni taʼminlash.
9. Davlat organlari va boshqa tashkilotlar maxsus tadbirlarni oʻtkazish boʻyicha asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
1) FVV:
xorijiy davlatlar hududida sodir boʻlgan favqulodda vaziyat oqibatida jabrlangan (vafot etgan) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari toʻgʻrisida tegishli vazirliklar va idoralarga tezda xabar va maʼlumot beradi;
favqulodda vaziyat xususiyati va darajasi, jabrlanganlar va halok boʻlganlar toʻgʻrisida maʼlumotlarni yigʻadi, umumlashtiradi, tahlil qiladi va tezkor maʼlumot almashadi;
Oldingi tahrirga qarang.
maxsus guruh tarkibi, kuch va vositalarni favqulodda vaziyat hududiga yetkazish (tegishli vazirlik va idoralarning havo yoʻllari, temir yoʻllari va avtomobil transportlarini jalb qilish)hamda evakuatsiya tadbirlarini amalga oshirish tartibi boʻyicha takliflar tayyorlaydi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasiga kelishish uchun taqdim qiladi;
(9-bandning 1-kichik bandi toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 397-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.05.2019-y., 09/19/397/3123-son)
uchish (joʻnab ketish) uchun buyurtma beradi, havo kemasining (temir yoʻl/avtomobil transportining) parvoz etish (harakatlanish) yoʻnalishiga aniqlik kiritadi va kelishadi, parvozning (harakatlanishning) vaqti va davomiyligini aniqlaydi;
maxsus guruhni joʻnab ketish joyiga oʻz vaqtida yigʻish va yetkazishni hamda zarur mol-mulklarni (dorilar, quruq ovqatlar, issiq kiyim va boshqalarni) olib ketish uchun tayyorlashni tashkil qiladi;
xorijiy davlatlarning qutqaruv boʻlinmalari bilan hamkorlikda, zaruratga koʻra, qutqaruv va boshqa kechiktirib boʻlmaydigan ishlarni, shuningdek, jabrlangan fuqarolarni va halok boʻlganlarni Oʻzbekiston Respublikasiga evakuatsiya qilish tadbirlarini amalga oshiradi;
halok boʻlganlarni ular oila aʼzolarining yashash joylariga yetkazishda ishtirok etadi;
2) Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organlarini xorijiy davlatda sodir boʻlgan favqulodda vaziyat hududidagi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek, ushbu hududdagi vaziyatning rivoji toʻgʻrisida xabardor qiladi;
xorijiy davlatlar hududida favqulodda vaziyatlar xavfi yuzaga kelganda yoki sodir boʻlganda Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organlari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xavfsizligini taʼminlash choralarini koʻradi;
favqulodda vaziyat sodir boʻlgan xorijiy davlatlarning davlat organlari bilan birgalikda jabrlanganlarga tibbiy va boshqa ijtimoiy yordam koʻrsatilishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organlari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini xavfsiz joylarga evakuatsiya qilishda va Oʻzbekiston Respublikasi hududiga qaytib kelishlarini tashkil etish ishlarini muvofiqlashtiradi;
Oldingi tahrirga qarang.
Konsullik ustaviga, ushbu sohadagi qonunchilikka hamda Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarga muvofiq boshqa vazifalar va funksiyalarni amalga oshiradi;
(9-band 2-kichik bandining oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
3) Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining jalb etiladigan tuzilmalarini favqulodda vaziyat toʻgʻrisida xabardor qiladi, shuningdek, tegishli vazirliklar va idoralar bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
FVVning talabnomasiga asosan, maxsus guruh kuch va vositalarini (maxsus texnika va mulklarini) yuboriladigan mamlakatga yetkazish va qaytarib olib kelish, shuningdek, jabrlanganlar va halok boʻlganlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga evakuatsiya qilish uchun havo transportini tayyorlaydi va ajratilishini taʼminlaydi;
FVVga havo transportining joʻnab ketish sanasi, joyi, tayyorgarlik muddati, vaqti, shuningdek, harakatlanish yoʻnalishi toʻgʻrisida oldindan maʼlumot beradi;
zarur holatlarda, FVVning talabnomasiga asosan, halok boʻlganlarni ular oila aʼzolarining yashash manzillariga yetkazib berishni taʼminlaydi;
4) Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
idoraviy mansub boʻlinmalarini sodir boʻlgan voqea toʻgʻrisida xabardor qiladi va maʼlumotlar toʻplashni amalga oshiradi;
xorijiy davlatlarning tergov organlariga zarur tezkor-qidiruv va tergov tadbirlarini oʻtkazishda koʻmaklashadi;
favqulodda vaziyatning yuzaga kelishi holatini aniqlash, halok boʻlganlarning shaxsini aniqlash, jabrlanganlar va halok boʻlganlarning yaqinlari va qarindoshlarini respublika hududida qidirish boʻyicha zarur tezkor-tergov tadbirlarini olib boradi;
zarur holatlarda maxsus guruh aʼzolari uchun chetga chiqish hujjatlarining darhol rasmiylashtirilishini taʼminlaydi;
jamoat tartibini saqlash hamda jabrlanganlarni va halok boʻlganlarni belgilangan joylarga yetkazib borishda transport vositalarini kuzatib borishni tashkillashtiradi va taʼminlaydi;
5) Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
tegishli tibbiyot xizmatlari va muassasalarini favqulodda vaziyat sodir boʻlganligi toʻgʻrisida ogohlantirishni amalga oshiradi;
jabrlanganlarga shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish hamda xorijiy hamkasblariga konsultativ koʻmaklashish uchun malakali mutaxassislar guruhini tayyorlaydi;
xorijiy davlatlarning tegishli tibbiyot muassasalari bilan birgalikda, hodisa sodir boʻlgan joyda jabrlanganlarga zarur tibbiy yordam koʻrsatishda ishtirok etadi;
jabrlanganlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga evakuatsiya qilish tadbirlarining tibbiy taʼminotini amalga oshiradi;
tashish mumkin boʻlmagan jabrlanganlarga chet elda tibbiy yordam tadbirlarini amalga oshirishda xorijiy davlatning tegishli tibbiyot muassasalariga koʻmaklashadi;
halok boʻlganlar va jabrlanganlarning roʻyxatini yuritadi;
jabrlanganlarga malakali va ixtisoslashgan tibbiy yordam koʻrsatishni, shuningdek, ularning tibbiy reabilitatsiyasini taʼminlaydi;
6) Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:
maxsus tadbirlarni oʻtkazish davrida maxsus guruhni uzluksiz aloqa (mobil aloqa, maʼlumotlarni uzatish) bilan taʼminlash ishlarini tashkil etadi va amalga oshiradi;
maxsus tadbirlarni oʻtkazayotgan maxsus guruhni umumiy foydalanishdagi telekommunikatsiya vositalari va idoraviy telekommunikatsiya tarmoqlari bilan ustuvor tartibda taʼminlaydi;
FVVning talabnomasiga asosan evakuatsiya tadbirlarini oʻtkazish davrida “Oʻzbektelekom” AK telekommunikatsiya tarmoqlari orqali “Tezkor aloqa”ni tashkil etish va faoliyatini taʼminlashda koʻmaklashadi;
7) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining topshiriqlari asosida, xorijiy davlatlar hududida sodir boʻlgan favqulodda vaziyatlar oqibatida jabrlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga yordam koʻrsatish hamda ularni va halok boʻlganlarni evakuatsiya qilish tadbirlarini, mutaxassislarni xorijiy davlatga voqea joyiga yetib borishini va Oʻzbekiston Respublikasiga qaytib kelishini moliyalashtiradi;
8) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi:
idoraviy mansub boʻlinmalarini sodir boʻlgan voqea toʻgʻrisida xabardor qiladi, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirokida favqulodda vaziyat sodir boʻlgan xorijiy davlatning bojxona organlari bilan ushbu davlatga maxsus guruhni joʻnatishda (qaytib kelishida), shuningdek, jabrlanganlarni va halok boʻlganlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga evakuatsiya qilishda tegishli bojxona nazorati tadbirlarini soddalashtirilgan tartibda oʻtkazish boʻyicha hamkorlik qiladi;
9) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati:
idoraviy mansub tegishli boʻlinmalarini xabardor qiladi, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
chetga chiquvchilar chegara nazoratidan oʻz vaqtida oʻtkazilishini, shuningdek, jabrlangan fuqarolar yetib kelganda (olib kelinganda) tegishli chegara nazorati tadbirlarining soddalashtirilgan tartibda amalga oshirilishini taʼminlaydi;
10) “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi:
idoraviy mansub tegishli boʻlinmalarini xabardor qiladi, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
FVVning talabnomasiga asosan, maxsus guruh kuch va vositalarini (maxsus texnika va mulklarini) yuboriladigan mamlakatga yetkazish va qaytarib olib kelish, shuningdek, jabrlanganlar va halok boʻlganlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga evakuatsiya qilish uchun havo transportini tayyorlaydi va ajratilishini taʼminlaydi;
FVVga havo transportining joʻnab ketish sanasi, joyi, tayyorgarlik muddati, vaqti, shuningdek, harakatlanish yoʻnalishi toʻgʻrisida oldindan maʼlumot beradi;
zarur holatlarda, FVVning talabnomasiga asosan, halok boʻlganlarni ular oila aʼzolarining yashash manzillariga yetkazib berishni taʼminlaydi;
11) “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati:
idoraviy mansub tegishli boʻlinmalarini xabardor qiladi, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
FVVning talabnomasiga asosan, maxsus guruh kuch va vositalarini (maxsus texnika va mulklarini) yuboriladigan mamlakatga yetkazish va qaytarib olib kelish, shuningdek, jabrlanganlar va halok boʻlganlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga evakuatsiya qilish uchun temir yoʻl transportini tayyorlaydi va ajratilishini taʼminlaydi;
zarur holatlarda, FVVning talabnomasiga asosan, halok boʻlganlarni ular oila aʼzolarining yashash manzillariga, shuningdek, jabrlanganlarni doimiy yashash joylariga yetkazishni taʼminlaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
12) Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi:
(9-band 12-kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-maydagi 271-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.05.2020-y., 09/20/271/0565-son)
idoraviy mansub tegishli boʻlinmalarini xabardor qiladi, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
FVVning talabnomasiga asosan, jabrlanganlarni va halok boʻlganlarni hamda ularning kuzatuvchilarini tegishli manzillarga yetkazishni ustuvor ravishda belgilangan tartibda taʼminlaydi;
13) “Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasi:
FVV talabnomasiga asosan, favqulodda vaziyat sodir boʻlgan hududga ketayotgan mutaxassislar, shuningdek, jabrlangan shaxslar uchun oziq-ovqat mahsulotlari va birinchi navbatdagi moddiy boyliklar bilan taʼminlashni tashkil etadi va taʼminlaydi;
14) mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda, jabrlanganlarni va halok boʻlganlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kelingan joydan ularning oilalari istiqomat qilayotgan joylargacha yetkazish uchun yetarli miqdorda transport vositalari jalb etilishini taʼminlaydilar;
oʻzini oʻzi boshqarish organlarini jalb etgan holda halok boʻlganlarning oila aʼzolariga dafn marosimlarini oʻtkazishda yordam beradilar;
nodavlat notijorat tashkilotlarini jalb etgan holda jabrlanganlarga va halok boʻlganlarning oila aʼzolariga belgilangan tartibda ijtimoiy yordam koʻrsatadilar;
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 23-martdagi 119-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan ayrim toifadagi shaxslarga nafaqa tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
FVV va yuqori davlat organlarini amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida xabardor qiladilar;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish choralari va ular sodir boʻlganda harakat qilish boʻyicha aholi oʻrtasida tushuntirish ishlari doimiy ravishda olib borilishini tashkil etadilar;
15) Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi:
maxsus tadbirlarning ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkillashtiradilar;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda televideniye, radiokanallari va internet orqali aholi oʻrtasida favqulodda vaziyatlarda birinchi navbatda bajariladigan ishlar toʻgʻrisida tushuntirishlar olib borilishini taʼminlaydilar.
4-bob. Yakunlovchi qoida
Oldingi tahrirga qarang.
10. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Xorijiy davlatlar hududida favqulodda vaziyatlar oqibatida jabrlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga
ILOVA
Xorijiy davlatlar hududida sodir boʻlgan favqulodda vaziyatlar oqibatida jabrlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga yordam koʻrsatish hamda ularni va halok boʻlganlarni evakuatsiya qilish
SXEMASI
Oldingi tahrirga qarang.
* FVning miqyosi va xususiyati, shuningdek tadbirlarni tashkil etish sharoitlariga koʻra bajarish muddatlari uzaytirilishi mumkin.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 397-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.05.2019-y., 09/19/397/3123-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2018-y., 09/18/206/0936-son; 14.05.2019-y., 09/19/397/3123-son; 08.05.2020-y., 09/20/271/0565-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)