Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻtgan vaqt mobaynida respublikada yer qaʼridan foydalanish samaradorligini oshirish va uni muhofaza qilish, mineral-xom ashyo resurslaridan oqilona foydalanishni taʼminlash, shuningdek, hududlarda zamonaviy sanoat ishlab chiqarishini tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratish yuzasidan bir qator kompleks chora-tadbirlar maqsadli amalga oshirildi.
Yer qaʼrini kompleks geologik oʻrganish, uzoq istiqbolga moʻljallangan mineral-xom ashyo bazani rivojlantirish va takror ishlab chiqarish dasturlarini samarali amalga oshirish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish boʻyicha yagona geologiya xizmati tashkil qilindi.
Shu bilan birga, ishlarning amaldagi holatini oʻrganish ushbu sohada foydali qazilmalar zaxiralarini koʻpaytirish va oqilona foydalanishni taʼminlashga, shuningdek, investitsiyaviy jozibadorlik koʻrsatkichlariga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan tizimli muammolar mavjudligidan dalolat bermoqda, jumladan:
birinchidan, aynan bir funksiyalar boshqa nazorat qiluvchi organlar tomonidan amalga oshirilishi tufayli yer qaʼridan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish sohasida geologiya tashkilotlari vakolatlarini amalga oshirishning aniq mexanizmi mavjud emas, buning natijasida konlarni qazib olishda foydali qazilmalarning makonda joylashish omillari va ularni kelgusida aniqlanish istiqbollari hisobga olinmayapti;
ikkinchidan, geologiya tashkilotlarining tashkiliy-shtat tuzilmasi foydali qazilmalarni qazib olish obyektlari toʻliq qamrab olinishini va mineral-xom ashyo resurslaridan oqilona foydalanishni taʼminlash, shuningdek, yer qaʼridan foydalanish ustidan nazoratni samarali amalga oshirish uchun mavjud resurslarni jalb qilish imkonini bermayapti;
uchinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi va uning tarkibiy boʻlinmalari oʻrtasida ish uchastkalari va faoliyat yoʻnalishlari aniqlashtirilmagan, bu esa vazifalar nooqilona taqsimlanishiga va bir-birini takrorlovchi funksiyalar amalga oshirilishiga sabab boʻlmoqda;
toʻrtinchidan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari geologiya tashkilotlari faoliyatiga yetarlicha joriy etilmasligi davlat xizmatlarini koʻrsatishda shaffoflik va tezkorlikning yetarli darajasini, yer qaʼridan foydalanish va muhofaza qilish masalalari boʻyicha samarali idoralararo hamkorlikni taʼminlamayapti;
beshinchidan, geologiya tashkilotlari mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish va ularni moddiy ragʻbatlantirishning amaldagi tizimi darajasi pastligi halol va yuqori malakali xodimlarni jalb qilishga toʻsqinlik qilmoqda, bu esa oʻz navbatida geologiya-qidiruv ishlarining sifatli bajarilishiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Yagona geologiya tizimini tashkil qilish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga har tomonlama koʻmaklashish, koʻrsatilayotgan davlat xizmatlarining shaffofligini maksimal taʼminlash, yer qaʼridan oqilona foydalanish yuzasidan nazoratni kuchaytirish maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasini 2017 — 2021-yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha Harakatlar strategiyasi vazifalariga va Oʻzbekiston Respublikasida Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasiga muvofiq:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Davlat geologiya qoʻmitasi), Bosh prokuratura, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasining (keyingi oʻrinlarda — “Sanoatgeokontexnazorat” DI) yer qaʼridan foydalanish va muhofaza qilish ustidan nazorat qilish vazifalarini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasiga topshirish;
Oldingi tahrirga qarang.
b) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzurida xodimlarning umumiy soni 100 nafar boʻlgan Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda Inspeksiya deb ataladi) va uning hududiy inspeksiyalarini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.
(1-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-iyuldagi PQ-4401-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2019-y., 07/19/4401/3470-son)
2. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
yer qaʼrini geologik oʻrganishda undan foydalanish va muhofaza qilish foydali qazilmalarni (shu jumladan, chuchuk, mineral, termal va sanoat yer osti suvlarini) qazib olishda, mineral-xom ashyoni qayta ishlashda muhofaza qilish, shuningdek, kon ishlarini geologiya-marksheyderlik bilan taʼminlash sohasida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan qonun hujjatlari va normativ hujjatlar talablariga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratni amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasining foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlashda qabul qilingan qaror va xulosalari yer qaʼridan foydalanuvchilar tomonidan bajarilishini nazorat qilish;
mineral xom ashyoni qazib olish va qayta ishlashda foydali qazilmalarning normativdan ortiqcha yoʻqotilishiga yoʻl qoʻyilganligini aniqlash va Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlik choralarini koʻrish.
3. Belgilansinki, Inspeksiya budjet tashkiloti hisoblanadi va uning taʼminoti Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, yer qaʼridan foydalanish sohasida belgilangan talablar buzilganligi uchun undiriladigan jarimalardan tushadigan moliyaviy tushumlar hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
Davlat geologiya qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyati ustidan nazorat qilish inspeksiyasining nizomini ikki oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-fevraldagi 131-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Foydali qazilmalar boʻyicha davlat komissiyasi tugatilsin, Davlat geologiya qoʻmitasi huzurida Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasi tashkil etilsin.
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2024-y., 06/24/224/1068-son)
Quyidagilar Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
oqilona iqtisodiy va ekologik asosda konlar zaxiralarini toʻliq va kompleks qazib olishning talablariga mos keluvchi foydali qazilmalar zaxiralarini aniq hisoblash uchun konditsiyalarni tasdiqlash;
respublika mineral-xom ashyo bazasini rivojlantirishni taʼminlovchi barcha turdagi foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlash;
geologik materiallarning davlat ekspertizasini oʻtkazish;
foydali qazilmalarni tasniflash va zaxiralarini hisoblash, ularni geologik-iqtisodiy baholash va sanoatdagi ahamiyatini aniqlashning maqbul prinsiplarini belgilash sohasida yagona siyosatni amalga oshirish.
Davlat geologiya qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasi toʻgʻrisidagi Nizomni ikki oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-maydagi 388-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
yer osti suvlari qismi boʻyicha suvdan maxsus va ehtiyoj yuzasidan foydalanish uchun ruxsatnoma belgilangan tartibda Davlat geologiya qoʻmitasining hududiy gidrogeologik stansiyalari tomonidan Davlat xizmatlari markazlari orqali beriladi;
yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnomalar belgilangan tartibda Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan “Litsenziya” axborot tizimi orqali beriladi;
yer qaʼridan foydalanuvchilar tomonidan taqdim etiladigan konchilik ishlarini rivojlantirish rejalarini belgilangan tartibda kelishish, shuningdek, ularni qazib olish hajmlari toʻgʻrisidagi yillik hisobotlarni qabul qilish va ularni keyinchalik Davlat geologiya qoʻmitasining Davlat geologiya fondiga yuborish:
noruda foydali qazilmalar boʻyicha — Inspeksiyaning hududiy boʻlinmalari;
rudali foydali qazilmalar va uglevodorodlar boʻyicha Inspeksiya tomonidan amalga oshiriladi.
Bunda, mazkur bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan ruxsatnomalarni olish uchun ariza va unga ilova qilingan hujjatlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ham berilishi mumkin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-apreldagi PQ-5083-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2021-y., 07/21/5083/0371-son)
6. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari etib belgilansin:
birinchi — yer qaʼrini geologik oʻrganish, undan foydalanish va muhofaza qilish, shuningdek, konchilik munosabatlarini boshqarish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
ikkinchi — respublikaning mineral-xom ashyo bazasini jadal rivojlantirish, birinchi navbatda, yer osti suvlari, qimmatbaho, rangli, nodir, kamyob metallar va uranni, yangi turdagi mineral xom ashyoni va ularning konlarini tezkor qidirish;
uchinchi — geologiya-qidiruv ishlarining samaradorligi va natijadorligini oshirish, joylarda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishni hisobga olgan holda foydali qazilmalar zaxiralari koʻpaytirishni hamda iqtisodiyot sohalarining mineral xom ashyo bazasini qayta toʻldirishni taʼminlash;
toʻrtinchi — foydali qazilma konlarini geologik oʻrganish va sanoat yoʻli bilan oʻzlashtirish sohasida faol investitsiya siyosatini yuritish va qulay investitsiyaviy muhitni yaratish;
beshinchi — raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish boʻyicha zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil qilish uchun birinchi navbatda, respublika hududlarida faoliyat yuritayotgan sanoat sohalarining xom ashyo manbalarini diversifikatsiyalash boʻyicha takliflar tayyorlash;
oltinchi — mineral-xom ashyo bazani rivojlantirish va takror ishlab chiqarish uzoq muddatli, oʻrta muddatli va yillik davlat dasturlarining amalga oshirilishi monitoringini olib borilishini va nazorat qilinishini taʼminlash, yer qaʼrini geologik oʻrganish metodikasi, hajmi, sifati va natijalarining ishonchliligini xolis baholash;
yettinchi — yer qaʼrini geologik oʻrganishda undan foydalanish va muhofaza qilish foydali qazilmalarni (shu jumladan, chuchuk, mineral, termal va sanoat yer osti suvlarini) qazib olishda, mineral-xom ashyoni qayta ishlashda muhofaza qilish, shuningdek, kon ishlarini geologiya-marksheyderlik bilan taʼminlash sohasida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan qonun hujjatlari va normativ hujjatlar talablariga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratni amalga oshirish;
sakkizinchi — zamonaviy yuqori unumli geologiya-qidiruv uskunalarini jadal surʼatlarda joriy qilish, ilgʻor texnika va innovatsion texnologiyalar bilan taʼminlash hisobiga geologiya sohasini modernizatsiya qilishga doir chora-tadbirlarni samarali amalga oshirish;
toʻqqizinchi — geologiya sohasi uchun yuqori malakali oliy va oʻrta maxsus maʼlumotli kadrlarni tayyorlash, geologiya sohasi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek, mehnatini ragʻbatlantirish mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish.
7. Davlat geologiya qoʻmitasi markaziy apparatida quyidagi boʻlinmalar tashkil etilsin:
Mineral-xom ashyo bazani rivojlantirish va takror ishlab chiqarish bosh boshqarmasi;
geologiya sohasida davlat xizmatlari boshqarmasi;
fan va innovatsiyalar boshqarmasi;
texnika siyosati boshqarmasi;
foydali qazilmalar zaxiralari boʻlimi;
nazorat va ijro intizomi boʻlimi;
murojaatlar bilan ishlash boʻlimi;
jamoatchilik va ommaviy-axborot vositalari bilan aloqalar boʻlimi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tasarrufidagi tashkilotlarni qayta tashkil etish va asosiy vazifalari boʻyicha kompleks chora-tadbirlar 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-dekabrdagi PQ-439-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.12.2022-y., 07/22/439/1081-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2024-y., 06/24/224/1068-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2024-y., 06/24/224/1068-son)
12. Belgilab qoʻyilsinki:
Davlat geologiya qoʻmitasi markaziy apparati taʼminoti uning tasarrufidagi tashkilotlarning ajratmalari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
Davlat geologiya qoʻmitasi raisi Davlat geologiya qoʻmitasiga yuklangan vazifalarni bajarish doirasida maslahatchi sifatida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning, yetakchi loyiha institutlari, ilmiy-taʼlim muassasalarining yuqori malakali mutaxassislarini, shuningdek, zarur boʻlgan holatlarda xalqaro tashkilotlardan, chet el kompaniyalaridan ekspert-maslahatchilarni va tajribali mutaxassis-amaliyotchilarni jalb qilish huquqiga ega.
13. Davlat geologiya qoʻmitasi Davlat geologiya qoʻmitasi markaziy apparati va uning tasarrufidagi tashkilotlarni zarur nazariy bilim va amaliyot koʻnikmalariga, qoʻmitaga yuklangan vazifalar amalga oshirilishini taʼminlaydigan darajada yuqori malakaga ega boʻlgan mutaxassislar bilan toʻldirilishini ikki oy muddatda taʼminlasin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi toʻgʻrisidagi Nizomni bir oy muddatda tasdiqlasin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya qoʻmitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2018-yil 1-iyulgacha boʻlgan muddatda maʼlumotlar bilan almashish, shuningdek, yer qaʼridan foydalanish sohasidagi ruxsat beruvchi hujjatlar berilishi jarayonini takomillashtirish va tezlashtirish uchun Davlat geologiya qoʻmitasining maʼlumotlar bazasini vakolatli davlat organlari va boshqa tashkilotlarning maʼlumotlar tizimi bilan yagona idoralararo elektron aloqa tizimiga birlashtirsinlar.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari Davlat geologiya qoʻmitasining maʼlumotlar bazasini birlashtirish boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirish manbai etib belgilansin.
16. Belgilab qoʻyilsinki, 2018-yil 1-apreldan boshlab:
Davlat geologiya qoʻmitasi xodimlariga uzluksiz ish staji (uzoq muddat ishlaganlik) uchun qoʻshimcha toʻlovlar “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati xodimlari uchun belgilangan miqdorlarda toʻlanadi;
Davlat geologiya qoʻmitasining respublikaning tegishli hududlarida joylashgan idoraviy mansub tashkilotlar xodimlari uchun ish haqiga tuman (hududiy) koeffitsiyentlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 24-apreldagi 232-son qaroriga muvofiq “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi xodimlari uchun belgilangan miqdorlarda belgilanadi;
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat geologiya qoʻmitasi xodimlari ish haqiga tuman (hududiy) koeffitsiyentlarini toʻlashning cheklangan miqdori Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori 2,11 baravarini tashkil etadi;
(16-bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-dekabrdagi PF-5894-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 15-bobi.
Davlat geologiya qoʻmitasi xodimlari ish haqiga koeffitsiyent belgilanishi bilan bogʻliq xarajatlar Mineral-xom ashyo bazani rivojlantirish va takror ishlab chiqarish yillik davlat dasturlari doirasida bajarilayotgan ishlar tannarxiga kiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi PF-101-sonli Farmoniga asosan 2023-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son)
18. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi:
a) ikki hafta muddatda Davlat geologiya qoʻmitasi va uning tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetasiga va shtat jadvallariga ushbu qarorga muvofiq oʻzgartirishlar kiritsin;
b) uch oy muddatda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
“Oʻzbekiston Respublikasi geologiya sohasi xodimlari kunini belgilash”, “Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan geolog” faxriy unvonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari loyihalarini;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi geologiya sohasi xodimlari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan geolog” faxriy unvonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi Qonuni.
yer qaʼridan foydalanish sohasida, shuningdek, ushbu sohada faol investitsiyaviy siyosatni olib borish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishda Davlat geologiya qoʻmitasi, uning tasarrufidagi tashkilotlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining roli va masʼuliyatini oshirishni hisobga olgan holda “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini;
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar haqida takliflarni ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
v) ikki hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda ushbu qarorning 16-bandi ikkinchi xatboshidagi talablardan kelib chiqib Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi toʻgʻrisidagi yangilangan Nizomni tasdiqlash va geologiya sohasi xodimlarini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 13-iyuldagi 494-son qaroriga 1-ilovaning 5-boʻlimiga oʻzgartirishlar kiritish yuzasidan takliflar kiritsin;
g) 2018-yil 1-maygacha boʻlgan muddatda oʻzi tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning ushbu qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer qaʼrini geologik oʻrganish sohasidagi tadqiqotlarni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2016-yil 13-sentabrdagi PQ-2589-son qarori 4-bandining toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Mineral-xom ashyo bazani rivojlantirish va takror ishlab chiqarish har yillik davlat dasturlari doirasida Davlat geologiya qoʻmitasiga yoʻnaltiriladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlov natijalari boʻyicha ajratiladigan grantlar, xoʻjalik faoliyatidan tushumlar, xalqaro tashkilotlar grantlari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar X.M. Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika institutini moliyalashtirish manbai hisoblanadi”.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlari 7-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
21. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi A.S. Sultanov va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisi B.F. Islomov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 1-mart,
PQ-3578-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2024-y., 06/24/224/1068-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-martdagi PQ-3578-sonli qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tasarrufidagi tashkilotlarni qayta tashkil etish va asosiy vazifalari boʻyicha
KOMPLEKS CHORA-TADBIRLAR

T/r

Korxonalar nomi

Qayta tashkil qilish boʻyicha tadbirlar

Yakunlash sanasi

Qayta tashkil etilgandan keyingi asosiy vazifalari

1.

“Markaziy Oʻzbekiston geologik tasvirlash izlash ekspeditsiyasi” DK

Yangidan tashkil etiladigan “Regional geologik tasvirlash izlash ekspeditsiyasi” DK tarkibiga qoʻshilish orqali qayta tashkil etiladi

2018-yil
1-avgust

Respublikaning barcha hududlarida oʻrta va yirik masshtabda regional geologik, geologiya xaritalash va chuqur geologik xaritalash boʻyicha kompleks oʻrganish ishlarini olib borish

2.

“Sharqiy Oʻzbekiston geologik tasvirlash izlash ekspeditsiyasi” DK

3.

“Qoraqalpoq geologik tasvirlash izlash ekspeditsiyasi” DK

4.

“Koʻkpatas geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi” DK

Yangidan tashkil etiladigan “Qizilqumgeologiya” DK tarkibiga qoʻshilish orqali qayta tashkil etiladi

2018-yil
1-iyul

Boʻkantov, Ovminzatov, Quljuqtov, Tomditov va Aristantov togʻlarida mufassal geologiya-qidiruv ishlarini olib borish

5.

“Dovgʻiztov geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi” DK

6.

“Qizilqum geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi” DK

7.

“Zarafshon geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi” DK

Nomi “Samarqandgeologiya” DKga oʻzgartiriladi

2018-yil
15-aprel

Shimoliy va Janubiy Nurota, Ziyovuddin-Zirabuloq togʻlarida mufassal geologiya-qidiruv ishlarini olib borish

8.

“Janubiy-Oʻzbekiston geologik tasvirlash izlash ekspeditsiyasi” DK

Yangidan tashkil etiladigan “Hisorgeologiya” DK tarkibiga qoʻshilish orqali qayta tashkil etiladi

2018-yil
1-iyul

Qashqadaryo va Surxondaryo hududlarida mufassal geologiya-qidiruv ishlarini olib borish

9.

“Xondiza geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi” DK

10.

“Sharqiy Qurama geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi” DK

Nomi “Toshkentgeologiya” DKga oʻzgartiriladi

2018-yil
15-aprel

Chotqol-Qurama togʻlarida mufassal geologiya-qidiruv ishlarini olib borish.

11.

“Kompleks geologik tasvirlash izlash ekspeditsiyasi” DK

Nomi “Urankamyobmetgeologiya” DKga oʻzgartiriladi

2018-yil
15-aprel

Respublikaning barcha hududlarida uran, kamyob metallar va kamyob yer elementlariga geologiya-qidiruv ishlarini olib borish

12.

““Gidromineral resurslar geologiyasi” IICHM” DK

Yangidan tashkil etiladigan “Oʻzbekgidrogeologiya” DK tarkibiga qoʻshilish orqali qayta tashkil etiladi

2018-yil
1-avgust

Respublikaning barcha hududlarida yer osti suvlari zaxiralarini koʻpaytirish va ularni monitoringini taʼminlash hamda gidrogeologik va geoekologik ishlarni olib borish

13.

“Gʻarbiy Oʻzbekiston gidrogeologiya ekspeditsiyasi” DK

14.

“Orolboʻyi gidrogeologiya ekspeditsiyasi” DK

15.

“Fargʻona gidrogeologiya ekspeditsiyasi” DK

16.

“Yerni masofadan zondlash va GIS-texnologiyalari” DK

“Mineral resurslar instituti” DKga qoʻshiladi

2018-yil
15-iyul

Yer qaʼrini geologik oʻrganish sohasida amaliy ilmiy-tadqiqot, malakaviy-konstruktorlik, laboratoriya va texnologik izlanishlarni, shuningdek geologiya-qidiruv ishlarini ilmiy-uslubiy yoʻl bilan rivojlantirish

17.

“Ingichka tajriba-texnologiya ekspeditsiyasi” DK

Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-dekabrdagi PQ-439-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.12.2022-y., 07/22/439/1081-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-dekabrdagi PQ-439-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.12.2022-y., 07/22/439/1081-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 18-noyabrdagi PQ-4522-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.11.2019-y., 07/19/4522/4031-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2024-y., 06/24/224/1068-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-martdagi PQ-3578-sonli qaroriga
7-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanadigan qarorlari
ROʻYXATI
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2025-y., 06/25/231/1091-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2025-y., 06/25/231/1091-son)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-iyuldagi “Maʼdanli foydali qazilmalarini sanoatda oʻzlashtirish sohasida ilmiy-tadqiqot va loyiha-izlash ishlarini olib borishni takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3145-sonli qarori 4-bandining birinchi xatboshi va 7-bandining ikkinchi xatboshi, shuningdek, 1- va 2-ilovalari.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2018-y., 07/18/3578/0843-son, 24.07.2019-y., 07/19/4401/3470-son, 20.09.2019-y., 07/19/4461/3772-son, 19.11.2019-y., 07/19/4522/4031-son, 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son; 01.07.2020-y., 07/20/4766/1008-son; 22.04.2021-y., 07/21/5083/0371-son, Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son, 12.12.2022-y., 07/22/439/1081-son; 27.12.2024-y., 06/24/224/1068-son; 26.11.2025-y., 06/25/231/1091-son)