Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 27.09.2006
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QIMMATBAHO METALLAR VA TOShLARDAN ZARGARLIK BUYuMLARI TAYYORLASh FAOLIYATINI LITSENZIYALASh TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 27-sentabrdagi 205-son “Qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash faoliyatini litsenziyalash masalalari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Vazirlar Mahkamasining qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash faoliyatini litsenziyalash komissiyasi tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
*2-ilova berilmaydi.
2. Qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi Nizom 2004-yil 1-yanvardan boshlab amalga kiritilsin.
3. Vazirlar Mahkamasining qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash faoliyatini litsenziyalash komissiyasi ikki hafta muddatda Komissiya toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari M.Z. Usmonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
2003-yil 12-noyabr,
503-son
Vazirlar Mahkamasining
2003-yil 12-noyabrdagi
503-son qaroriga
1-ILOVA
Qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasida qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash faoliyatini litsenziyalash tartibini belgilaydi.
2. Litsenziyalar berish va ularni bekor qilish, ularning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi qarorlar Vazirlar Mahkamasining qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash faoliyatini litsenziyalash komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb ataladi) tomonidan qabul qilinadi
Komissiya faoliyati Komissiya tomonidan tasdiqlanadigan nizomga muvofiq tashkil etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi qimmatbaho metallar agentligi Komissiyaning ishchi organi (keyingi oʻrinlarda ishchi organ deb ataladi) funksiyasini bajaradi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Ishchi organ tegishli hujjatlar bilan litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizalarni qabul qiladi, ular yuzasidan ekspert xulosasi tayyorlaydi, litsenziyalarni rasmiylashtiradi va qayta rasmiylashtiradi, litsenziya bitimlari tuzadi, litsenziyalar reyestrini yuritadi, litsenziatlar tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qiladi, litsenziyalarning amal qilishini toʻxtatib turadi va tiklaydi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 6-maydagi 92-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
4. Qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash faoliyati yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
5. Qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash faoliyatini amalga oshirish huquqiga namunaviy (oddiy) litsenziya beriladi.
Litsenziya talabgorining arizasiga koʻra litsenziya umuman faoliyat turiga yoxud uning bir qismiga beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash faoliyatini amalga oshirishga litsenziya amal qilish muddati cheklanmasdan beriladi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 6-maydagi 92-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
II. Litsenziya talablari va shartlari
7. Quyidagilar qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash faoliyatini amalga oshirishda litsenziya talablari va shartlari hisoblanadi:
qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash, qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasini belgilash va tamgʻalash sohasidagi qonun hujjatlariga, qimmatbaho metallar va toshlarning, tarkibida qimmatbaho metallar va toshlar boʻlgan buyumlarning muomalada boʻlishiga oid normativ-texnik va boshqa talablarga majburiy tarzda rioya qilish;
qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlashni tartibga solishga doir normativ-texnik hujjatlarning mavjud boʻlishi;
litsenziyalanadigan faoliyatni amalga oshirish uchun zarur va belgilangan talablarga muvofiq boʻlgan moddiy-texnika bazasi, asbob-uskunalar va boshqa texnik vositalarning mavjud boʻlishi;
belgilangan talablarga muvofiq xomashyo, materiallar va tayyor mahsulotlarni, qimmatbaho metallar va toshlar chiqindilari hamda parchalarini hisobga olish va ularni saqlashning taʼminlanishi;
yuridik shaxs shtatida qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash sohasida maxsus maʼlumotga yoki ushbu sohada kamida 3 yillik ish stajiga ega boʻlgan kamida bir nafar xodim boʻlishi;
jismoniy shaxsning qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash sohasida maxsus maʼlumotga yoki ushbu sohada kamida 3 yillik ish stajiga ega boʻlishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligi Davlat asillik darajasini belgilash palatasining qimmatbaho metallar va toshlar bilan operatsiyalarni amalga oshirishga berilgan roʻyxatdan oʻtkazish guvohnomasining mavjud boʻlishi.
8. Litsenziya bitimida mazkur Nizomning 7-bandda koʻrsatib oʻtilgan litsenziya talablari va shartlaridan aniq talablar va shartlar nazarda tutilishi mumkin.
III. Litsenziya olish uchun zarur boʻlgan hujjatlar
9. Litsenziya olish uchun litsenziya talabgori quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) litsenziya berish toʻgʻrisida ariza, unda quyidagilar koʻrsatiladi:
yuridik shaxs uchun — yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, uning joylashgan joyi (pochta manzili), bank muassasasining nomi va bank muassasasidagi hisob raqami;
jismoniy shaxs uchun — familiyasi, ismi, otasining ismi, fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi hujjatga oid maʼlumotlar;
Oldingi tahrirga qarang.
litsenziyalanadigan faoliyat turi
(9-bandning “a” kichik bandi toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 6-maydagi 92-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
b) quyidagilar:
yuridik shaxs uchun — yuridik shaxsning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning notarial tasdiqlangan nusxasi;
jismoniy shaxs uchun — yakka tartibdagi tadbirkorning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning notarial tasdiqlangan nusxasi;
v) litsenziya talabgori tomonidan ariza koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat;
g) litsenziyalanadigan faoliyatni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan moddiy-texnika bazasi, asbob-uskunalar va boshqa texnik vositalarning mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
d) litsenziyalanadigan faoliyat amalga oshiriladigan binolar va xonalarga mulk huquqini yoki boshqa ashyoviy huquqlarni tasdiqlovchi hujjat;
e) mavjud bino va xonalarning yongʻin xavfsizligi qoidalari, sanitariya-gigiyena va ekologiya normalariga muvofiqligi toʻgʻrisida yongʻindan saqlash va sanitariya-epidemiologiya organlari va tabiatni muhofaza qilish organlarining xulosalari.
10. Litsenziya talabgoridan mazkur Nizomda nazarda tutilmagan hujjatlarning taqdim etilishini talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
11. Hujjatlar litsenziya talabgori tomonidan ishchi organga bevosita yoxud olinganligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma bilan pochta aloqa vositasi orqali yetkazib beriladi.
Hujjatlar ishchi organ masʼul xodimi tomonidan roʻyxat boʻyicha qabul qilinadi, roʻyxatning nusxasi hujjatlar qabul qilib olingan sana toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan holda ariza beruvchiga yuboriladi (topshiriladi).
Notoʻgʻri yoki buzilgan maʼlumotlar taqdim etilganligi uchun litsenziya talabgori qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
IV. Arizani koʻrib chiqish va litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish
12. Ariza koʻrib chiqilganligi uchun litsenziya talabgoridan qonun hujjatlarida toʻlov kunida belgilangan eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida yigʻim undiriladi. Ariza koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim summasi ishchi organ hisob raqamiga oʻtkaziladi.
Litsenziya talabgori berilgan arizadan voz kechgan taqdirda toʻlangan yigʻim qaytarilmaydi.
13. Qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash faoliyatini litsenziyalash ushbu Nizomga ilova qilinayotgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
Litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror litsenziya talabgorining arizasi olingan kundan boshlab oʻttiz kundan ortiq boʻlmagan muddatda qabul qilinadi.
Ishchi organ yigirma kundan ortiq boʻlmagan muddatda hujjatlarni koʻrib chiqadi, ular boʻyicha ekspert xulosasi tayyorlaydi va litsenziya talabgoriga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi taklifni tegishli qaror protokoli loyihasi bilan tasdiqlash uchun Komissiyaga kiritadi.
Komissiya ishchi organ taklifi olingandan keyin oʻn kundan ortiq boʻlmagan muddatda uni koʻrib chiqadi hamda qabul qilingan qaror toʻgʻrisidagi protokolni tasdiqlaydi. Komissiya tomonidan qabul qilingan qaror protokoli Komissiya raisi (uning oʻrinbosari) tomonidan imzolanadi. Zarur hollarda Komissiya qarorlari soʻrov yoʻli bilan qabul qilinishi mumkin.
14. Ishchi organ tegishli qaror qabul qilingandan keyin uch kun muddatda litsenziya talabgorini qabul qilingan qaror toʻgʻrisida xabardor qiladi.
Litsenziya berishga qaror qilinganligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga bank hisob raqami rekvizitlari, davlat boji toʻlash muddati koʻrsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi).
Litsenziya berish toʻgʻrisida qabul qilingan qaror toʻgʻrisidagi bildirishnoma bilan bir vaqtda litsenziya talabgoriga imzolash uchun litsenziya bitimi yuboriladi.
Litsenziyalovchi organ va litsenziatning oʻzaro huquq va majburiyatlarini belgilovchi litsenziya bitimi ishchi organ va litsenziat oʻrtasida tuziladi, unda quyidagilar boʻlishi kerak:
bitimni imzolagan shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, egallab turgan lavozimi;
tomonlarning rekvizitlari;
Oldingi tahrirga qarang.
(14-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
litsenziyaning amal qilish muddati;
litsenziatga qoʻyiladigan litsenziya talablari va shartlari;
litsenziya bitimi talablari va shartlari buzilganligi uchun tomonlarning javobgarligi;
litsenziat tomonidan litsenziya bitimi talablari va shartlari bajarilishini ishchi organ tomonidan nazorat qilish tartibi.
Litsenziya bitimi ikki nusxada — litsenziat va ishchi organ uchun bir nusxadan tuziladi.
15. Litsenziyalar blankalari qatʼiy hisobda turadigan hujjatlar hisoblanadi, hisobga olish seriyasiga, tartib raqamiga va himoyalanganlik darajasiga ega boʻladi. Litsenziyalar blankalari namunalari ishchi organ tomonidan ishlab chiqiladi, Komissiya tomonidan tasdiqlanadi hamda ishchi organ buyurtmanomasiga koʻra “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan bosmaxona usulida tayyorlanadi. Litsenziyalar blankalari hisobga olinishi, saqlanishi va maqsadli foydalanilishi uchun ishchi organ rahbari belgilangan tartibda shaxsan javob beradi.
Litsenziyalar ishchi organ tomonidan rasmiylashtiriladi va Komissiya raisi (uning oʻrinbosari) tomonidan imzolanadi.
16. Litsenziya litsenziya talabgori tomonidan davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan va litsenziya bitimi imzolangandan keyin uch kun muddatda beriladi.
17. Agar litsenziat litsenziya berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi haqidagi bildirishnoma yuborilgan (topshirilgan) vaqtdan boshlab uch oy mobaynida ishchi organga litsenziya berilganligi uchun davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmasa yoxud litsenziya bitimini imzolamasa, Komissiya litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqlidir.
18. Litsenziya berish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha rad etilishi mumkin.
Litsenziya talabgori litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror, shuningdek ishchi organ mansabdor shaxsining xatti-harakati (harakatsizligi) yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga egadir.
19. Litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga rad etishning aniq sabablari va litsenziya talabgori koʻrsatib oʻtilgan sabablarni bartaraf etib hujjatlarni qayta koʻrib chiqishga taqdim etishi uchun yetarli boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi).
20. Litsenziya talabgori tomonidan litsenziya berish rad etilishiga asos boʻlgan sabablar bartaraf etilgan taqdirda, hujjatlarni qayta koʻrib chiqish litsenziya talabgorining arizasi barcha zarur hujjatlar bilan birgalikda olingan kundan boshlab oʻn kundan ortiq boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi.
Bunda ishchi organ hujjatlar qayta taqdim etilgandan keyin olti kundan ortiq boʻlmagan muddatda ular boʻyicha ekspert xulosasi tayyorlaydi, litsenziya talabgoriga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi taklifni tegishli qaror protokoli loyihasi bilan tasdiqlash uchun Komissiyaga kiritadi.
Komissiya ishchi organ taklifi olingandan keyin toʻrt kundan ortiq boʻlmagan muddatda uni koʻrib chiqadi va qabul qilingan qaror toʻgʻrisidagi potokolni tasdiqlaydi. Komissiya tomonidan qabul qilingan qaror protokoli Komissiya raisi (uning oʻrinbosari) tomonidan imzolanadi.
Litsenziya talabgorlarining arizalari takroran koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim undirilmaydi.
Litsenziya berish rad etilganligi toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatilgan muddat oʻtgandan keyin berilgan ariza yangidan berilgan ariza hisoblanadi.
V. Litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish, dublikat berish
(V boʻlimning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
21. Litsenziat-yuridik shaxs qayta tashkil etilgan, uning nomi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) oʻzgargan taqdirda, litsenziat yoki uning huquqiy vorisi qayta roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin bir hafta muddatda ishchi organga koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza berishi shart.
Litsenziat-jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi oʻzgargan taqdirda litsenziat qayta roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin bir hafta muddatda ishchi organga koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza berishi shart.
22. Litsenziat litsenziya qayta rasmiylashtirilgunga qadar unda koʻrsatilgan faoliyatni ilgari berilgan litsenziya asosida amalga oshiradi.
23. Litsenziyani qayta rasmiylashtirishda ishchi organ litsenziyalar reyestriga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish ishchi organ tomonidan tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza olingan kundan boshlab besh kun mobaynida amalga oshiriladi.
Litsenziyani qayta rasmiylashtirishda litsenziya talabgorining litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasi koʻrib chiqilganligi uchun toʻlanadigan summaning yarmi miqdorida yigʻim undiriladi. Yigʻim summasi ishchi organ hisob raqamiga oʻtkaziladi.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
25. Yoʻqolgan yoki yaroqsiz holga kelgan litsenziya oʻrniga litsenziatning arizasiga koʻra uning dublikati berilishi mumkin.
(25-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
Litsenziya dublikati berishda litsenziya talabgorining litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasi koʻrib chiqilganligi uchun toʻlanadigan summaning yarmi miqdorida yigʻim undiriladi. Yigʻim summasi ishchi organ hisob raqamiga oʻtkaziladi.
VI. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish
26. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishchi organ tomonidan amalga oshiriladi.
27. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda ishchi organ oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rejali tekshirish;
litsenziya talablari va shartlari litsenziat tomonidan buzilganligidan dalolat beruvchi holatlar mavjud boʻlgan taqdirda litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini qonunda belgilangan tartibda rejadan tashqari tekshirish;
litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish chogʻida paydo boʻladigan masalalar yuzasidan litsenziatdan zarur axborotni soʻrash va olish;
tekshirishlar natijalari asosida, litsenziya talablari va shartlarining aniq buzilishlarini koʻrsatgan holda dalolatnomalar (maʼlumotnomalar) tuzish;
litsenziatga aniqlangan buzilishlarni bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarorlar chiqarish, bunday buzilishlarni bartaraf etish muddatlarini belgilash;
litsenziyaning amal qilishini toʻxtatish yoki uni bekor qilish toʻgʻrisida Komissiyaga koʻrib chiqish uchun takliflar kiritish;
xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan faoliyat litsenziyasiz amalga oshirilishining aniqlangan holatlari toʻgʻrisidagi materiallarni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan choralarni koʻrish uchun soliq organlariga belgilangan tartibda yuborish.
28. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirishda ishchi organ xodimlari tomonidan ikki nusxada dalolatnoma tuziladi, ularning bittasi litsenziatga beriladi, ikkinchi nusxasi ishchi organda qoladi.
VII. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish, litsenziyani bekor qilish
29. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasida nazarda tutilgan hollarda va tartibda ishchi organ tomonidan amalga oshiriladi.
Ishchi organning litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori yuzasidan sudga shikoyat qilish mumkin. Litsenziyaning amal qilishi toʻxtatib turilishi asossiz ekanligi sud tomonidan eʼtirof etilgan taqdirda, ishchi organ litsenziat oldida litsenziat koʻrgan zarar miqdorida javob beradi.
30. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasida nazarda tutilgan hollarda va tartibda Komissiya qaroriga koʻra amalga oshiriladi.
Komissiyaning litsenziyaning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi qarori yuzasidan sudga shikoyat qilish mumkin. Litsenziyaning amal qilishi toʻxtatilishi asossiz ekanligi sud tomonidan eʼtirof etilgan taqdirda, Komissiya litsenziat oldida litsenziat koʻrgan zarar miqdorida javob beradi.
31. Litsenziyani bekor qilish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 24-moddasida nazarda tutilgan hollarda va tartibda Komissiya qaroriga koʻra amalga oshiriladi.
Komissiyaning litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori yuzasidan sudga shikoyat qilish mumkin. Litsenziyaning bekor qilinishi asossiz ekanligi sud tomonidan eʼtirof etilgan taqdirda, Komissiya litsenziat oldida litsenziat koʻrgan zarar miqdorida javob beradi.
VIII. Litsenziyalar reyestri
32. Ishchi organ litsenziyalar reyestrini yuritadi.
Reyestrda quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
yuridik shaxs uchun — yuridik shaxsning nomi, uning tashkiliy-huquqiy shakli, pochta manzili, telefon raqami;
jismoniy shaxs uchun — familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi, telefon raqami;
litsenziyaning berilgan sanasi va tartib raqami;
litsenziyaning amal qilish muddati;
Oldingi tahrirga qarang.
(32-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
litsenziyani qayta rasmiylashtirish, uning amal qilish muddatini toʻxtatib turish va tiklashning asoslari va sanasi;
(32-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
litsenziyaning amal qilishini toʻxtatish asoslari va sanasi;
dublikat berish asoslari va sanasi;
litsenziyani bekor qilishning asoslari va sanasi.
33. Turizm faoliyati litsenziyalar reyestridagi maʼlumotlar ular bilan yuridik va jismoniy shaxslarning tanishishi uchun ochiq hisoblanadi, ular toʻlov asosida ishchi organdan aniq litsenziatlar toʻgʻrisida litsenziyalar reyestridan koʻchirma sifatida maʼlumot olishga haqlidir.
Litsenziyalar reyestridan maʼlumot berilganligi uchun eng kam oylik ish haqining yarmi miqdorida toʻlov ishchi organ hisob raqamiga oʻtkaziladi.
Litsenziyalar reyestridan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga maʼlumotlar tekin beriladi.
34. Litsenziyalar reyestridan maʼlumot berish muddati tegishli ariza berilgan kundan boshlab uch kundan oshmasligi kerak (maʼlumot berilganligi uchun toʻlov toʻlanganligi toʻgʻrisida hujjat taqdim etilgan taqdirda).
IX. Davlat bojini toʻlash tartibi
35. Qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash faoliyatini amalga oshirish huquqiga litsenziya berilganligi uchun qonun hujjatlarida toʻlov kunida belgilangan eng kam oylik ish haqining yetti baravari miqdorida davlat boji undiriladi.
Litsenziya berilganligi uchun davlat boji mablagʻlari respublika budjeti daromadiga oʻtkaziladi.
Qimmatbaho metallar va toshlardan
zargarlik buyumlari tayyorlash faoliyatini
litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash faoliyatini litsenziyalash
sxemasi
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 21-son, 214-modda; 2004-y., 30-son, 344-modda; 2006-y., 20-21-son, 181-modda)