Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.08.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
DON TAYYORLASH VA NON MAHSULOTLARI ISHLAB CHIQARISH TIZIMIDA XARAJATLARNI QISQARTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini taʼminlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 13-sentabrdagi F-1624-son Farmoyishi bilan tashkil etilgan maxsus komissiya tomonidan “Oʻzdonmahsulot” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasi tizimi korxonalarida don tayyorlash va saqlash, un va non-bulka mahsulotlari ishlab chiqarish bosqichlarida moddiy-texnika va moliyaviy resurslardan nooqilona va tejamkorliksiz foydalanishning koʻplab hollari aniqlandi.
Don qabul qilish va un tortish korxonalarida tashqi transport tashkilotlarini yuqori tariflar boʻyicha jalb etish bilan bogʻliq donni transportda tashish xarajatlari oʻsishi yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan holdir.
Bir qancha korxonalarda elektr energiyasi, gaz va suv sarfining belgilangan normativlari buzilmoqda, ushbu resurslarni hisobga olish priborlari oʻrnatilmagan.
Transport-tayyorlash va maʼmuriy-boshqaruv xarajatlarining, qayta ishlash xarajatlarining va boshqa noishlab chiqarish xarajatlarining oshishi pirovard natijada un va non-bulka mahsulotlari narxining asossiz ravishda oshishiga olib kelmoqda.
Un va non-bulka mahsulotlariga barqaror narxlarni taʼminlash, boshoqli ekinlar doni tayyorlash, transportda tashish, saqlash va qayta ishlashning noishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish, maʼmuriy-boshqaruv xarajatlarini pasaytirish, “Oʻzdonmahsulot” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasi tizimi korxonalarining samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.02.2021-y., 09/21/87/0134-son)
2. “Oʻzdonmahsulot” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasi boʻyicha moddiy-texnika resurslaridan tejab va oqilona foydalanish hamda non mahsulotlari tannarxini qisqartirish chora-tadbirlari 1-ilovaga* muvofiq maʼqullansin.
*1-ilova berilmaydi.
Vazirlar Mahkamasining Agrosanoat kompleksi:
“Oʻzdonmahsulot” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasi koʻrsatib oʻtilgan chora-tadbirlar dasturini bajarishi ustidan doimiy monitoring yuritilishini taʼminlasin;
kadrlar tarkibini mustahkamlash hamda tarmoqning korxonalariga malakali, zamonaviy fikr yuritadigan iqtisodchilar va menejerlarni jalb etish maqsadida ikki oy muddatda Moliya vazirligi, “Oʻzdonmahsulot” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasi bilan birgalikda uning tasarrufidagi korxonalarning rahbarlari va iqtisodiyot masalalari bilan shugʻullanuvchi xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan birgalikda har yili 15-maygacha davlat ehtiyojlari uchun don tayyorlash davrida transport xizmatlariga tariflarning cheklangan darajalarini belgilasin hamda don tayyorlash, saqlash va qayta ishlash, tayyor mahsulot ishlab chiqarishda “Oʻzdonmahsulot” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasi korxonalarining xarajatlari ustidan doimiy monitoringni amalga oshirsin.
Ushbu maqsadlarda moliya organlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi organlariga zarur materiallarni soʻrab olishga, korxonalarning oʻziga borib xarajatlarni birlamchi hujjatlar boʻyicha oʻrganishga ruxsat berilsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-dekabrdagi 1014-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.12.2019-y., 09/19/1014/4173-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, “Oʻzdonmahsulot” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasi jahon bozori va mintaqaviy tovar birjalarida shakllanayotgan don narxi konyunkturasidan kelib chiqib boshoqli ekinlar doni ichki xarid narxlarini belgilashning Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 19-yanvardagi 27-son qarori bilan qabul qilingan tartibiga qatʼiy amal qilsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzdonmahsulot” AK, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari donni yigʻishtirib olish va tayyorlash davrida transport xizmatlariga belgilangan cheklangan tariflarga qatʼiy amal qilsinlar.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
6. “Oʻzdonmahsulot” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasi:
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda don qabul qilish va tayyorlov boʻlinmalarining joylashishi sxemasini qayta koʻrib chiqsin, transportda tashish tizimini maqbullashtirish, ularning temir yoʻllarga eng koʻp darajada yaqin boʻlishini taʼminlash va tashish masofasidan kelib chiqib xoʻjaliklarni don qabul qilish punktlariga biriktirish hisobiga boshoqli don ekinlarini transportda tashish xarajatlarini qisqartirishni nazarda tutsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda donni qayta ishlash jarayonida olinadigan qoʻshimcha mahsulotning real bozor qiymatini hisobga olgan holda qoliplangan non ishlab chiqarishning jami xarajatlaridan kelib chiqib un va qoliplangan non narxi belgilanishini taʼminlasin;
aholining oliy navli unga boʻlgan ehtiyoji oʻsib borayotganligini hisobga olib Vazirlar Mahkamasining Isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish va savdo kompleksi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi bilan kelishgan holda tegirmonlarning bir qismini oliy va birinchi nav un ishlab chiqarishga oʻtkazsin.
7. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, “Oʻzdonmahsulot” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasi bilan birgalikda ikki oy muddatda gʻallachilik ilmiy-tekshirish institutlarini jalb etgan holda respublikada yetishtiriladigan bugʻdoyning seleksiya navlaridan kelib chiqib navlar boʻyicha don sarfi, un va non chiqishi normalari va normativlari roʻyxatini tasdiqlasin.
8. “Oʻzdonmahsulot” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasining asosiy ishlab chiqarishda foydalanilmaydigan 2, 3 va 4-ilovalarga* muvofiq binolar, inshootlar, asbob-uskunalar va mol-mulkni konservatsiya qilish hamda yuridik va jismoniy shaxslarga sotish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
*2—4-ilovalar berilmaydi.
Vazirlar Mahkamasining Agrosanoat kompleksi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi va “Oʻzdonmahsulot” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasi bilan birgalikda korxonalarning ishga tushirilmagan yoki ishlab chiqarish jarayonida kam foydalaniladigan asosiy fondlarini va boshqa mol-mulkini ikki oy muddatda xatlovdan oʻtkazsin hamda ularni yuridik va jismoniy shaxslarga sotish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 6-avgustdagi 376-son qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 31-son, 358-modda)
10. Joylardagi hokimiyat va boshqaruv organlariga “Oʻzdonmahsulot” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasi tizimiga kiruvchi korxonalarning moliya-xoʻjalik faoliyatiga aralashish, ularning aylanma mablagʻlaridan homiylik qilishda, xayriya faoliyatida va ijtimoiy-madaniy obyektlar qurilishida foydalanish taqiqlansin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
idoraviy normativ hujjatlar mazkur qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari N.S.Yusupov va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri M.B.Nurmurodov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 4-dekabr,
424-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 23-son, 187-modda; 2004-y., 31-son, 358-modda; 2005-y., 32-33-son, 251-modda; 2006-y., 12-13-son, 105-modda; 2010-y., 17-son, 130-modda; 2013-y., 37-son, 485-modda; 2017-y., 33-son, 863-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.07.2018-y., 09/18/539/1519-son, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son; 20.12.2019-y., 09/19/1014/4173-son; 22.02.2021-y., 09/21/87/0134-son)