1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilik / 05.01.00.00 Ishga joylash va aholi bandligi / 05.01.02.00 Ishga joylash va aholi bandligi sohasidagi boshqaruv;
2.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilik / 05.01.00.00 Ishga joylash va aholi bandligi / 05.01.03.00 Ishsizlar (maqom)]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Mehnat. Aholining bandligi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yangi ish oʻrinlari tashkil etish va aholini ish bilan taʼminlashda faol ishtirok etayotgan ish beruvchilarni ijtimoiy ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-maydagi PQ-3001-son qarori bilan tasdiqlangan Mehnat organlari faoliyatini yanada takomillashtirish va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi 5-bandining ijrosini taʼminlash, shuningdek, yangi ish oʻrinlari tashkil etish va aholini ish bilan taʼminlashda faol ishtirok etayotgan ish beruvchilarni ijtimoiy ragʻbatlantirishning samarali mexanizmlarini yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining:
2018-yildan boshlab yangi ish oʻrinlarini faol tashkil etayotgan, shuningdek, aholini ish bilan taʼminlayotgan ish beruvchilarga nisbatan ragʻbatlantirish chora-tadbirlarini qoʻllashni nazarda tutuvchi “Ijtimoiy masʼuliyat va samaradorlik” reyting tizimini joriy etish;
joriy etilayotgan “Ijtimoiy masʼuliyat va samaradorlik” reyting tizimi doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi va Savdo-sanoat palatasining mablagʻlari hisobidan moliyalashtirishni tashkil etish;
ish beruvchilar oʻrtasida “Ijtimoiy masʼuliyat va samaradorlik” respublika va hududiy tanlovlarini (keyingi oʻrinlarda tanlov deb ataladi) har yili oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.
2. Yangi ish oʻrinlari tashkil etish va aholini ish bilan taʼminlashda faol ishtirok etayotgan ish beruvchilarning reytingini aniqlash, shuningdek, ularga ijtimoiy ragʻbatlantirish choralarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi bilan birgalikda:
a) ish beruvchilarning ish oʻrinlari tashkil etish va ularni saqlash, aholini ishga joylashtirish, xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini taʼminlash boʻyicha faoliyatini baholash natijalari asosida ularning reytingini tuzish metodikasini ikki oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
b) har yili 15-dekabrgacha “TOP-100” eng yaxshi yuzta tashkilot reytingi ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishini va ushbu tashkilotlarga (ish beruvchilarga) tegishli sertifikatlar berilishini taʼminlasin;
v) “Ijtimoiy masʼuliyat va samaradorlik” respublika tanlovi va hududiy tanlovlar toʻgʻrisidagi nizomlarni bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin hamda unda:
tanlovda ishtirok etish uchun axborot taqdim etish shakllari;
tanlov gʻoliblarini tanlash mezonlari;
tanlovni oʻtkazish va uning gʻoliblarini mukofotlash tartibi;
tanlovni oʻtkazish bilan bogʻliq boshqa tadbirlarni amalga oshirish tartibotlarini belgilash nazarda tutilsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
a) respublika tanlovi quyidagi nominatsiyalarda oʻtkaziladi:
“Ish oʻrinlarini tashkil etgani va aholini ishga joylashtirishni rivojlantirgani uchun”;
“Mehnatni samarali muhofaza qilgani va ishlab chiqarishda xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratgani uchun”;
“Ijtimoiy sheriklikni rivojlantirgani uchun”;
“Tashkilotda yoshlarga oid faol siyosatni amalga oshirgani uchun”;
b) hududiy tanlovlar nominatsiyalari tegishli hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalaridan kelib chiqqan holda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan belgilanadi;
v) tanlovlarni oʻtkazish tadbirlari tanlov tashkilotchilari tomonidan moliyalashtiriladi.
Tanlov tashkilotchilari Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi bilan birgalikda 2018-yil 1-fevralgacha har bir nominatsiya boʻyicha tanlov gʻoliblariga mukofotlar eskizlarini tayyorlasin va tasdiqlasinlar.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hududiy tanlovlarning yuqori tashkiliy saviyada oʻtkazilishini va gʻoliblarning respublika tanlovi nominatsiyasiga taqdim etilishini taʼminlasinlar.
6. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga tanlovlarning keng yoritilishini tashkil etish, ularning ishtirokchilari va gʻoliblari toʻgʻrisidagi axborot materiallarini respublika hamda mahalliy ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan elektron ommaviy axborot vositalarida joylashtirish tavsiya etilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri A.A. Xaitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 29-dekabr,
1036-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 29-dekabrdagi 1036-son qaroriga ILOVA
Yangi ish oʻrinlari tashkil etish va aholini ish bilan taʼminlashda faol ishtirok etayotgan ish beruvchilarning reytingini aniqlash, shuningdek, ularga ijtimoiy ragʻbatlantirish choralarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom yangi ish oʻrinlari tashkil etish va aholini ish bilan taʼminlashda faol ishtirok etayotgan ish beruvchilar reytingini (keyingi oʻrinlarda reyting deb ataladi) aniqlash, shuningdek, ularga ijtimoiy ragʻbatlantirish choralarini qoʻllash tartibini belgilaydi.
2. Reyting yangi ish oʻrinlari tashkil etish va aholini ish bilan taʼminlashni rivojlantirishda tashkilotlar (keyingi oʻrinlarda ish beruvchilar deb ataladi) rahbarlarining manfaatdorligini ragʻbatlantirish maqsadida ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha aniqlanadi.
3. Reyting har yili aniqlanadi. Kalendar yil reytingni aniqlash uchun hisobot davri hisoblanadi.
4. Reyting quyidagi tamoyillar asosida aniqlanadi:
qonuniylik;
ochiqlik;
xolislik;
ishtirokchilarning teng huquqliligi.
5. Reytingda tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasida sanoat ishlab chiqarishi, qishloq xoʻjaligi, qurilish, transport va aloqa, uy-joy kommunal xoʻjaligi va aholiga xizmatlar koʻrsatish sohasida, shuningdek, boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan ish beruvchilar ishtirok etadilar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (keyingi oʻrinlarda Vazirlik deb ataladi) reytingni aniqlashni tashkiliy va texnik jihatdan taʼminlaydi.
2-bob. Reytingda ishtirok etish tartibi
7. Vazirlik reytingni aniqlash toʻgʻrisidagi axborotni har yili 15-maygacha ommaviy axborot vositalarida va oʻzining rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi.
8. Ish beruvchilar reytingda ishtirok etish uchun Vazirlikka har yili 15-avgustgacha quyidagi hujjatlarni (qogʻoz va elektron shaklda) taqdim etadi:
reytingda ishtirok etish uchun ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha buyurtmanoma;
ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha hisobot davridagi va oldingi yilning shu davridagi oʻz faoliyati koʻrsatkichlari toʻgʻrisida axborot;
ish beruvchining ijtimoiy masʼuliyati amaliyotini tasdiqlovchi mavjud ijtimoiy dasturlar toʻgʻrisida maʼlumotnoma yoki boshqa axborot (jamoaviy shartnomalar, axborot bukletlari, fotosuratlar va boshqa materiallar);
ish beruvchining oʻz faoliyati koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi axborotni oshkor etishga va ushbu Nizomga 4-ilovaga muvofiq koʻrsatkichlarning belgilangan roʻyxati boʻyicha ish beruvchini oʻrganishga rasmiy roziligi.
9. Ushbu Nizomning 8-bandiga muvofiq reytingda ishtirok etish uchun taqdim etilgan hujjatlar tashkilot rahbari yoki uning vakolatli vakili imzosi va tashkilot muhri bilan tasdiqlanadi (tadbirkorlik subyektlaridan muhr bilan tasdiqlash talab qilinmaydi).
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 10-avgustdagi 661-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.08.2019-y., 09/19/661/3571-son)
10. Vazirlik har yili 25-avgustgacha taqdim etilgan hujjatlarning toʻliqligi va toʻgʻri rasmiylashtirilganini tekshiradi.
3-bob. Komissiya faoliyatini tashkil etish
11. Vazirlik tomonidan har yili 1-avgustgacha kamida yetti kishidan iborat tarkibda reyting yakunlarini sarhisob qilish boʻyicha ekspert komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb ataladi) tuziladi.
Komissiya tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri tomonidan tasdiqlanadi va Komissiya raisi, rais oʻrinbosari, kotibi va aʼzolaridan iborat boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimi boʻyicha Komissiya raisi hisoblanadi.
Komissiyaning huquq va majburiyatlari hamda ish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri tomonidan belgilanadi.
12. Komissiya tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Yoshlar ishlari agentligi va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi vakillari, shuningdek, boshqa vazirliklar va idoralar, xoʻjalik birlashmalari vakillari kiritiladi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
13. Komissiya, agar uning majlisida Komissiya aʼzolarining kamida yarmi ishtirok etsa, qaror qabul qilish huquqiga ega boʻladi. Komissiya qarorlari majlisda ishtirok etgan Komissiya aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Ovozlar teng boʻlgan taqdirda, Komissiya raisi, u boʻlmaganda esa — Komissiya raisining oʻrinbosari ovoz bergan qaror qabul qilinadi.
14. Komissiya qarori Komissiya kotibi yuritadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va Komissiya raisi, u boʻlmaganda — Komissiya raisining oʻrinbosari tomonidan imzolanadi.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Bandlik va mehnatni muhofaza qilish Respublika ilmiy markazi (keyingi oʻrinlarda Ishchi organ deb ataladi) Komissiyaning ishchi organi hisoblanadi.
4-bob. Reytingni aniqlash tartibi
16. Komissiya ushbu Nizomning 8-bandida koʻrsatilgan va ish beruvchilar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni oʻrganib chiqish natijalari boʻyicha Vazirlik axboroti asosida har yili 1-sentabrgacha ish beruvchilarni reytingda ishtirok etishga ruxsat berish yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Quyidagilar:
ushbu Nizomga 3-ilovada qayd etilgan axborotning mos kelmasligi yoki uning toʻliq hajmda taqdim etilmasligi;
ushbu Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan muddatga rioya etilmasligi ish beruvchining reytingda ishtirok etishini rad etish uchun asos hisoblanadi.
17. Ish beruvchining reytingda ishtirok etishiga ruxsat etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan soʻng Ishchi organ ish beruvchining faoliyat koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi statistika maʼlumotlarini oshkor qilishga rasmiy roziligi asosida davlat statistika organlaridan reytingda ishtirok etish boʻyicha buyurtmanomalarni ekspertizadan oʻtkazish uchun zarur axborotni soʻrab oladi.
18. Ishchi organ reytingda qatnashish uchun taqdim etilgan hujjatlarni ularning davlat statistika organlaridan olingan axborotga, shuningdek, ISO 26000 — “Ijtimoiy masʼuliyat boʻyicha qoʻllanma” xalqaro standartiga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan oʻtkazadi.
Ekspertiza davomida reytingda qatnashish uchun taqdim etilgan hujjatlarda nomuvofiqliklar aniqlangan taqdirda, Ishchi organ boshqa davlat organlari va tashkilotlarda mavjud boʻlgan zarur hujjatlar hamda axborotni oʻzaro axborot hamkorligi orqali, shu jumladan elektron shaklda mustaqil oladi.
Ekspertiza oʻtkazish uchun qoʻshimcha ravishda olingan hujjatlar va maʼlumotlar ish beruvchi tomonidan avval taqdim etilgan hujjatlar bilan birgalikda baholanadi.
19. Ekspertiza natijalari toʻgʻrisidagi axborot va unga ilova Ishchi organ tomonidan reyting natijalarini chiqarish uchun Komissiyaga 15-sentabrgacha yuboriladi.
5-bob. Reyting yakunlarini sarhisob qilish va ish beruvchilarni ijtimoiy ragʻbatlantirish choralarini qoʻllash
20. Har bir ish beruvchi boʻyicha reyting yakunlari Komissiya tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi va Savdo-sanoat palatasi bilan kelishgan holda, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan Ish beruvchining reytingini tuzish metodikasiga muvofiq faoliyatning har bir koʻrsatkichi boʻyicha toʻplangan ballar sonini jamlash yoʻli bilan har yili 1-oktabrgacha sarhisob qilinadi.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-dekabrdagi 777-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2020-y., 09/20/777/1620-son)
21. Ish beruvchining reytingini tuzish metodikasiga muvofiq ish beruvchilarning har bir guruhi boʻyicha 1 — 6-oʻrinlarni egallagan gʻoliblar (keyingi oʻrinlarda reyting gʻoliblari deb ataladi) aniqlanadi.
22. Reyting yakunlari Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Yoshlar ishlari agentligi va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining qoʻshma qarori bilan tasdiqlanadi. Qoʻshma qaror loyihasi Komissiya bayonnomasi asosida tayyorlanadi.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 11-martdagi 132-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.03.2021-y., 09/21/132/0202-son)
23. Har yilgi reyting gʻoliblari joriy yilning 15-noyabridan kechiktirmay faxriy sertifikatlar bilan taqdirlanadi.
Reytingda qatnashgan barcha ish beruvchilar Vazirlikning minnatdorlik xatlari bilan taqdirlanadi.
Respublika tanlovi va hududiy tanlovlar gʻoliblari har yili yil yakunlari boʻyicha tantanali vaziyatda taqdirlanadi.
24. Faxriy sertifikatlar Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri tomonidan reytingda gʻolib chiqqan tashkilotlar rahbarlariga yoki ularning vakolatli shaxslariga topshiriladi.
25. Yuqori reyting bahosini olgan 100 nafar ish beruvchi koʻrsatilgan reyting yakunlari har yili 20-noyabrdan kechiktirmay respublika va mahalliy bosma hamda elektron ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
Yangi ish oʻrinlari tashkil etish va aholini ish bilan taʼminlashda faol ishtirok etayotgan ish beruvchilarning reytingini aniqlash, shuningdek, ularga ijtimoiy ragʻbatlantirish choralarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Ish beruvchilar reytingini aniqlash va ularga ijtimoiy ragʻbatlantirish choralarini qoʻllash tartibining
SXEMASI
Yangi ish oʻrinlari tashkil etish va aholini ish bilan taʼminlashda faol ishtirok etayotgan ish beruvchilarning reytingini aniqlash, shuningdek, ularga ijtimoiy ragʻbatlantirish choralarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Ish beruvchilar reytingida ishtirok etish uchun BUYURTMANOMA
1. Ish beruvchi _____________________________________________________________________________________
(toʻliq nomi)
2. Joylashgan joyi (pochta manzili) ____________________________________________________________________
9. Bogʻlanish uchun telefonlar, elektron pochta ____________________________________________________________
_______________________________
Toʻldirilgan sana 20_____ y. “___”____________
Rahbarning imzosi
________________________
_____________________________
(M.Oʻ.)
(F.I.O.)
Yangi ish oʻrinlari tashkil etish va aholini ish bilan taʼminlashda faol ishtirok etayotgan ish beruvchilarning reytingini aniqlash, shuningdek, ularga ijtimoiy ragʻbatlantirish choralarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Reytingda ishtirok etuvchi ish beruvchining faoliyat koʻrsatkichlari toʻgʻrisida
Faoliyat turi: __________________________________________________________________________________________________________________________________________
* Reyting ishtirokchisining xohishiga koʻra toʻldiriladi
Toʻldirilgan sana 201_____y. “___”____________
Rahbarning imzosi
________________________
_____________________
(M.Oʻ.)
(F.I.O.)
Yangi ish oʻrinlari tashkil etish va aholini ish bilan taʼminlashda faol ishtirok etayotgan ish beruvchilarning reytingini aniqlash, shuningdek, ularga ijtimoiy ragʻbatlantirish choralarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Ish beruvchining oʻz faoliyati koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi axborotni oshkor etishga va koʻrsatkichlarning belgilangan roʻyxati boʻyicha ish beruvchini oʻrganishga
ROZILIGI
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining ish beruvchilar reytingi yakunlarini sarhisob qilish Komissiyasiga:
________________________________________________ 20___ yil yakunlari boʻyicha ish beruvchilarning reytingi
(ish beruvchining nomi)
yakunlarini sarhisob qilish Komissiya tomonidan ekspertiza oʻtkazilishi uchun 20__ yilda korxona boʻyicha statistika axborotini oshkor qilishga, shuningdek, koʻrsatkichlarning tasdiqlangan roʻyxati boʻyicha ish beruvchini oʻrganish uchun Komissiya vakillarini tashkilotga qoʻyishga rozilik beradi.
Korxona rahbari
_____________________
__________________________
(M.Oʻ.)
(F.I.O.)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.01.2018-y., 09/18/1036/0507-son, 11.08.2019-y., 09/19/661/3571-son; 14.12.2020-y., 09/20/777/1620-son; 12.03.2021-y., 09/21/132/0202-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)