O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Xorijiy davlatlarda ko‘rgazma tadbirlarini o‘tkazish uchun mo‘ljallangan tovarlarni olib chiqish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mamlakatimiz eksport salohiyatini va ishlab chiqarilayotgan mahalliy mahsulotlarning tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini oshirish O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishning muhim omillaridan biridir.
Salohiyatli chet ellik sheriklarni topish va mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarish maqsadida 2017-yilda tadbirkorlik subyektlari 24 ta xorijiy davlatda o‘tkazilgan 88 ta xalqaro ko‘rgazma va yarmarkada ishtirok etdi. Ushbu tadbirlar yakunlari bo‘yicha mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha umumiy qiymati 1,3 milliard AQSH dollaridan ortiq eksport kontraktlari tuzildi.
Eksportga yetkazib berish hajmlarini ko‘paytirish va ko‘lamini kengaytirishga doir amalga oshirilayotgan ishlar doirasida 2018-yilda mamlakatimiz eksport qiluvchilarining 25 ta xorijiy davlatda o‘tkaziladigan 123 ta xalqaro ko‘rgazma va yarmarkada ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, bu boradagi o‘rganishlar shundan dalolat beradiki, reklama-ko‘rgazma mahsulotlarini rasmiylashtirish va olib chiqish bo‘yicha amaldagi tartib tadbirkorlik subyektlarining keng ko‘lamli imkoniyatlarini cheklab qo‘ymoqda, ularning xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda ishtirok etish samaradorligini pasaytirmoqda.
Xorijiy davlatlarda ko‘rgazma tadbirlarini o‘tkazish uchun mo‘ljallangan tovarlarni olib chiqish tartibini soddalashtirish, shuningdek, mahalliy mahsulotlarni eksport hajmlarini ko‘paytirish va ularni ko‘lamini kengaytirish maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-martdagi PF-57-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.04.2025-y., 06/25/57/0291-son)
2. Belgilab qo‘yilsinki, ushbu qarorning 1-bandiga muvofiq olib chiqiladigan tovarlarni sotishda tadbirkorlik subyektlari ularni sotishdan tushadigan mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklaridagi o‘z hisobraqamlariga, shu jumladan bank o‘tkazmalari, shuningdek, xorijiy valyutadagi naqd pul shaklida kiritish huquqiga ega.
3. Tadbirkorlik subyektlari xorijiy davlatlarda o‘tkaziladigan ko‘rgazmalarda (yarmarkalarda) namoyish etish uchun mo‘ljallangan tovarlarni olib chiqishda kesib o‘tiladigan chegara bojxona postini xorijiy davlatlardagi ko‘rgazmada (yarmarkada) ularning ishtirok etish rejalashtirilayotgani, tadbir o‘tkaziladigan joy, uning muddati va vaqti, shuningdek, olib chiqiladigan tovarlar (nomi, miqdori va qiymati) to‘g‘risida xabardor qiladi.
Bojxona organiga taqdim etiladigan ma’lumotlarning ishonchliligi yuzasidan tadbirkorlik subyektlari qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
Oldingi tahrirga qarang.
31. Tadbirkorlik subyektlariga xorijiy davlatlarda o‘tkaziladigan ko‘rgazma va yarmarkalarda sotilmagan tovarlarning qaytarib olish kelinishi, shuningdek sotishdan tushgan mablag‘larning to‘liq kelib tushishi yuzasidan javobgarlik yuklatilsin.
(31-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 18-maydagi PF-5721-sonli Farmoniga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.05.2019-y., 06/19/5721/3149-son)
4. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi, Markaziy banki va boshqa manfaatdor vazirlik hamda idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ boshqaruvi raisi N.S. Otajonov, Tashqi savdo vaziri J.A. Xo‘jayev va Davlat bojxona qo‘mitasi raisi M.V. Tohiriy zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 29-dekabr,
PQ-3451-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.01.2018-y., 07/18/3451/0506-son; 20.05.2019-y., 06/19/5721/3149-son; 01.04.2025-y., 06/25/57/0291-son)