Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 14.08.2023
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Favqulodda vaziyatlar xavfi yoki sodir bo‘lganligi haqida O‘zbekiston Respublikasi aholisiga xabar berish va ma’lumot (axborot) yetkazishning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish va rivojlantirish to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-avgustdagi 361-sonli “Favqulodda vaziyat ro‘y berish xavfi yoki favqulodda vaziyat ro‘y berganligi haqida berishning avtomatlashtirilgan tizimini rivojlantirish hamda undan samarali foydalanishni tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasining “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi va “Fuqaro muhofazasi to‘g‘risida”gi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida” 2017-yil 7-fevraldagi PF-4947-son hamda “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish tizimi samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 1-iyundagi PF-5066-son farmonlarini bajarish, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi kuch va vositalarining harakat qilishga tayyorgarligini oshirish, shuningdek aholiga favqulodda vaziyatlar xavfi yoki sodir bo‘lganligi haqida o‘z vaqtida xabar berish va ma’lumot (axborot) yetkazish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Dasturiy-texnik vositalar majmuasi bazasida favqulodda vaziyatlar xavfi yoki sodir bo‘lganligi haqida O‘zbekiston Respublikasi aholisiga xabar berish va ma’lumot (axborot) yetkazishning avtomatlashtirilgan tizimini (keyingi o‘rinlarda XMAT deb ataladi) yaratish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Favqulodda vaziyatlar xavfi yoki sodir bo‘lganligi haqida O‘zbekiston Respublikasi aholisiga xabar berish va ma’lumot (axborot) yetkazishning avtomatlashtirilgan tizimining tashkiliy-funksional tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Favqulodda vaziyatlar xavfi yoki sodir bo‘lganligi haqida O‘zbekiston Respublikasi aholisiga xabar berish va ma’lumot (axborot) yetkazishning avtomatlashtirilgan tizimi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Quyidagilar XMATning asosiy vazifalari etib belgilansin:
favqulodda vaziyatlar xavfi yoki sodir bo‘lganligi haqida ma’lumotlarni yig‘ish, ishlov berish, saqlash va yetkazish texnologik jarayoni majmuini avtomatlashtirishni ta’minlash, favqulodda vaziyatlar holatida muhofaza usullari va aholining harakatlari, yuzaga kelgan vaziyat to‘g‘risida aholiga xabar berish va ma’lumotlarni yetkazishda barcha jarayonlarni real vaqt ko‘lamida monitoring qilish;
favqulodda vaziyatlar xavfi yoki sodir bo‘lganligi haqida respublika aholisiga xabar berish va ma’lumot (axborot) yetkazish;
boshqaruv organlari, O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish Davlat tizimi kundalik boshqaruv organlari, respublika hududida favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun mo‘ljallangan va ajratiladigan (jalb qilinadigan) maxsus tayyorlangan kuch va vositalarga favqulodda vaziyatlar xavfi yoki sodir bo‘lganligi to‘g‘risida xabar berish va ma’lumot (axborot) yetkazish.
4. XMATni yaratish buyurtmachisi etib:
respublika darajasida va mahalliy darajada — O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi;
lokal darajada — bo‘ysunuvida potensial xavfli obyekt mavjud tashkilotlar;
obyekt darajasida — xodimlar soni ellik nafardan ortiq bo‘lgan tashkilotlar belgilansin.
5. Belgilab qo‘yilsinki:
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi favqulodda vaziyatlar xavfi yoki sodir bo‘lganligi to‘g‘risida respublika aholisiga xabar berish va ma’lumot (axborot) yetkazish sohasidagi tadbirlarga umumiy rahbarlik qiluvchi va muvofiqlashtiruvchi markaziy organ hisoblanadi;
lokal darajada va obyekt darajasida XMATni yaratish bo‘yicha barcha texnik, loyihaoldi va loyiha hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan kelishilishi shart.
6. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi:
2018 — 2022-yillar davrida mavjud xabar berish tizimini demontaj va modernizatsiya qilishni, shuningdek respublika darajasidagi va mahalliy darajadagi XMATni bosqichma-bosqich ishga tushirishni amalga oshirsin;
obyekt darajasidagi va lokal darajadagi XMATni yaratish va ishga tushirish tadbirlari borishining har yillik tekshiruvini amalga oshirsin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga XMATning texnik holati to‘g‘risida axborot kiritsin.
7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari:
respublika darajasidagi va mahalliy darajadagi XMATni yaratish, ishlatish va saqlashda Favqulodda vaziyatlar vazirligiga amaliy yordam ko‘rsatsinlar;
respublika darajasidagi, mahalliy va lokal darajadagi XMAT vositalarining saqlanishi ta’minlanishini tashkil etsinlar.
8. Belgilansinki, XMATni yaratish, ishlatish va saqlash tadbirlarini moliyalashtirish:
respublika darajasida va mahalliy darajada — O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga har yili ajratiladigan budjet mablag‘lari;
lokal darajada va obyekt darajasida — tashkilotlarga har yili ajratiladigan budjet mablag‘lari hamda tashkilotlarning o‘z mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.
XMAT qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga yaratilishi (saqlanishi) mumkin.
9. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyatni amalga oshiruvchi tashkilotlar:
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining so‘rovlari bo‘yicha respublika darajasidagi va mahalliy darajadagi XMAT vositalarini montaj qilish uchun xonalar, maydonlar, antenna-machta qurilmalari va boshqa obyektlarni bepul taqdim etadilar;
o‘z hududlarida o‘rnatilgan XMAT vositalarining saqlanishini ta’minlaydilar.
10. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri — Fuqaro muhofazasi boshlig‘ining “O‘zbekiston Respublikasi Fuqaro muhofazasi markazlashgan xabar berish tizimiga ekspluatatsion-texnik xizmat ko‘rsatishni tashkillashtirish bo‘yicha Nizomni tasdiqlash to‘g‘risida” 2004-yil 21-dekabrdagi 3-son buyrug‘i o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri R.M. Djo‘rayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 8-avgust,
601-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-avgustdagi 601-son qaroriga
1-ILOVA
Favqulodda vaziyatlar xavfi yoki sodir bo‘lganligi haqida O‘zbekiston Respublikasi aholisiga xabar berish va ma’lumot (axborot) yetkazishning avtomatlashtirilgan tizimi (XMAT)ning
tashkiliy-funksional tuzilmasi
*Qisqartmalar:
AXT — telefon kanallar bo‘yicha avtomatlashtirilgan xabar berish tizimi;
TPEHM — texnologik personal elektron-hisoblash mashinasi;
BPEHM — boshqariladigan personal elektron-hisoblash mashinasi;
TKBQ — terminal kompleks boshqaruv qurilmasi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-avgustdagi 601-son qaroriga
2-ILOVA
Favqulodda vaziyatlar xavfi yoki sodir bo‘lganligi haqida O‘zbekiston Respublikasi aholisiga xabar berish va ma’lumot (axborot) yetkazishning avtomatlashtirilgan tizimi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom favqulodda vaziyatlar xavfi yoki sodir bo‘lganligi haqida aholiga xabar berish va ma’lumot (axborot) yetkazishning avtomatlashtirilgan tizimining (keyingi o‘rinlarda XMAT deb ataladi) maqsadi, asosiy vazifalari, uni yaratish, saqlash va undan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
Favqulodda vaziyatlar xavfi yoki sodir bo‘lganligi haqida aholiga xabar berish va ma’lumot (axborot) yetkazishning avtomatlashtirilgan tizimi — favqulodda vaziyatlar xavfi yoki sodir bo‘lganligi haqidagi ma’lumotlarni yig‘ish, ishlov berish, saqlash va tarqatish, shuningdek favqulodda vaziyatlarda aholining harakatlari va muhofaza usullari, yuzaga kelgan vaziyat to‘g‘risida aholiga xabar berish va ma’lumotlarni yetkazishda barcha jarayonlarni real vaqt ko‘lamida monitoring qilish dasturiy-texnik vositalari majmui;
ma’lumotlar markazi — favqulodda vaziyatlar xavfi yoki sodir bo‘lganligi haqidagi ma’lumotlarni yig‘ish, ishlov berish, saqlash, qabul qilish va tarqatish xizmati;
terminal majmui — ma’lumotlarni qabul qilish, ishlov berish va audio- va vizual xabarlarni aks ettirish, shuningdek odamlarning ommaviy yig‘ilish joylaridagi holat haqidagi ma’lumotlarni axborot markaziga axborotlashtirish vositalari orqali qabul qilish va tarqatish.
3. XMAT to‘rt darajadan iborat bo‘ladi: respublika, mahalliy, lokal va obyekt.
XMAT darajasiga qarab, xabar berish va ma’lumot (axborot yetkazishni) quyidagi tartibda ta’minlaydi:
respublika darajasida — umuman respublika aholisini;
mahalliy darajada — Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri aholisini;
lokal darajada — potensial xavfli obyektdan zarar yetishi mumkin bo‘lgan zonadagi aholini;
obyekt darajasida — obyekt ishchilarini.
4. XMATni yaratishdan maqsad — aholini va O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlarda harakat qilish va ularning oldini olish Davlat tizimi boshqaruv organlari (FVDT)ni favqulodda vaziyatlar xavfi yoki sodir bo‘lganligi to‘g‘risidagi ishonchli va tezkor ma’lumotlar bilan ta’minlashdan iborat.
5. Quyidagilar XMATning asosiy vazifalari hisoblanadi:
favqulodda vaziyatlar xavfi yoki sodir bo‘lganligi haqidagi ma’lumotlarni yig‘ish, ishlov berish, saqlash va tarqatish texnologik jarayoni majmuini avtomatlashtirishni ta’minlash, shuningdek favqulodda vaziyatda muhofaza usullari va aholining harakatlari, yuzaga kelgan vaziyat to‘g‘risida aholiga xabar berish va ma’lumotlarni yetkazishda barcha jarayonlarni real vaqt ko‘lamida monitoring qilish;
favqulodda vaziyatlar xavfi yoki sodir bo‘lganligi haqida respublika aholisiga xabar berish va ma’lumot (axborot) yetkazish.
rahbar organlarga, FVDT kundalik boshqaruv organlariga, respublika hududida favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun mo‘ljallangan va ajratiladigan (jalb qilinadigan) maxsus tayyorlangan kuchlar va vositalarga favqulodda vaziyatlar xavfi yoki sodir bo‘lganligi haqidagi ma’lumotlarni yetkazish.
2-bob. XMATning tarkibi
6. XMAT respublika, mahalliy va obyekt axborot markazlari, terminal majmualari va bo‘lingan avtomatlashtirilgan quyi tizimlardan iborat bo‘ladi.
Respublika axborot markazi — O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Favqulodda vaziyatlarda boshqaruv markazi tarkibida tashkil etiladi. U rejalashtirish va axborot operatsiyalarini o‘tkazish, quyi axborot markazlari faoliyatini nazorat qilish, ma’lumotlarni tahlil qilish, aholiga xabar berish va ma’lumot (axborot) yetkazish tizimi va terminal majmui faoliyatining ishlash qobiliyatini nazorat qilish uchun mo‘ljallangan.
Mahalliy axborot markazi — hududiy favqulodda vaziyatlar boshqarmalari tarkibida tashkil etiladi. U rejalashtirish va axborot operatsiyalarini o‘tkazish, javobgarlik zonasida terminal majmui translatsiyalarini boshqarish, ma’lumotlarni tahlil qilish, aholiga xabar berish va ma’lumot (axborot) yetkazish tizimi va terminal majmui faoliyatining ishlash qobiliyatini nazorat qilish uchun mo‘ljallangan.
Obyekt axborot markazi — potensial xavfli obyektlarda hamda ellik nafardan ko‘p xodimlari bo‘lgan obyektlarda tashkil etiladi. U axborot operatsiyalarini o‘tkazish, javobgarlik zonasida terminal majmui translatsiyalarini boshqarish, aholiga xabar berish va ma’lumot (axborot) yetkazish tizimi va terminal majmui faoliyatining ishlash qobiliyatini nazorat qilish uchun mo‘ljallangan.
Potensial xavfli obyektlar tarkibidagi obyekt axborot markazi zarar yetishi mumkin bo‘lgan zonalardagi barcha aholiga xabar berish va ma’lumot (axborot) yetkazishni ta’minlashi kerak.
7. Terminal komplekslari joylashgan va o‘rnatilgan terminal majmui tarkibiga ko‘ra quyidagilardan iborat bo‘ladi: axborot tablosi, o‘tuvchi yozuvlar qurilmasi, tovushni kuchaytiruvchi vositalar, videokuzatuv kameralari, radiotsion va kimyoviy nazorat vositalari va h.k.
8. Tarqatilgan avtomatlashtirilgan quyi tizimlar axborot markazlari va terminal komplekslari o‘rtasida uyg‘unlikni ta’minlash uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ommaviy axborot yetkazishning quyi tizimi, kuzatish va ma’lumot yig‘ish, aloqa va axborot uzatish, axborot xavfsizligi, radiatsion va kimyoviy nazorat, tovushning hamohangligi va axborotning uzatilishi, XMATni boshqarish va nazorat qilish va boshqalarni o‘z ichiga oladi.
3-bob. XMATni yaratish, saqlash va foydalanish tartibi
9. Respublika va viloyat darajasidagi XMATlar O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan hamkorlikda, har yili ajratiladigan budjet mablag‘lari hisobidan yaratiladi va saqlanadi.
Respublika va viloyat darajasidagi XMATlar qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga ham yaratilishi va saqlanishi mumkin.
10. Lokal va obyekt darajasidagi XMATlar potensial xavfli obyektlar hamda ellik nafardan ortiq xodimlari bo‘lgan obyektlar tomonidan har yili ajratiladigan budjet mablag‘lari, tashkilotlarning o‘z mablag‘lari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga yaratiladi va saqlanadi.
11. XMAT faoliyati uchun mo‘ljallangan bog‘lovchi liniyalar va ma’lumotlarni uzatish kanallari O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan ustuvor tartibda, telekommunikatsiya xizmat tariflarini kamaytirish bo‘yicha tashkilotning imtiyozini hisobga olgan holda, shartnoma asosida taqdim etiladi.
Bunda, XMAT tasarrufida bo‘lgan boshqarmalar bilan shartnoma tuzgan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining tegishli bo‘linmalariga, shartnoma shartlariga muvofiq, bog‘lovchi liniyalar va ma’lumotlarni uzatish kanallarining sozligi uchun to‘liq javobgarlik yuklanadi.
12. XMAT faoliyati uchun elektr tarmoqlari “O‘zbekenergo” AJ bo‘linmalari tomonidan ustuvor tartibda elektr xizmatlaridan foydalanish uchun tarif xizmatlarini pasaytirish bo‘yicha tashkilotning imtiyozini hisobga olgan holda, shartnoma asosida taqdim etiladi.
13. XMATga foydalanish-texnik xizmat ko‘rsatish XMAT tasarrufidagi boshqarmalar va aloqa va axborotlashtirish vositalaridan foydalanish, ularni sozlash va xizmat ko‘rsatish sohasida o‘z faoliyatini yurituvchi tashkilotlar o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
XMAT qaramog‘ida bo‘lgan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar XMATga foydalanish-texnik xizmat ko‘rsatish uchun asosiy detallar, butlovchi va tarkibiy qismlar zaxirasini yaratadilar.
14. XMATga foydalanish-texnik xizmat ko‘rsatish davriy reglament ishlari, kompleks va texnik tekshirishlarni o‘z ichiga oladi.
Respublika va viloyat darajasida XMATni ishlatish va unga foydalanish-texnik xizmat ko‘rsatish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Lokal va obyekt darajasidagi XMATni ishlatish va unga foydalanish-texnik xizmat ko‘rsatish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan kelishilgan holda tashkilotlar tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
15. Aholiga xabar berish va ma’lumot (axborot) yetkazishda translatsiya qilish uchun teleradiokanallarni ishlatish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi va O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tomonidan belgilanadi.
16. O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyatni amalga oshiruvchi mobil aloqa operatorlari orqali aholiga xabar berish va ma’lumotlarni yetkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan belgilanadi.
17. Kundalik faoliyat rejimida terminal kompleksidan ijtimoiy reklama, reklama-marketing va respublika aholisiga tegishli boshqa ijtimoiy muhim ma’lumotlar translatsiyasi uchun foydalanish mumkin.
Bunda kundalik faoliyat rejimida reklama materiallari translatsiyasi terminal kompleksi ekranlarida efir vaqtining yetmish besh foizidan ortiq bo‘lmagan hajmda amalga oshirilishi kerak. Qolgan vaqtda XMAT aholiga tayyorgarlik va fuqaro muhofazasi borasida favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, yong‘in xavfsizligini ta’minlash va jamoat tartibini saqlash bo‘yicha axborotlar translatsiyasi amalga oshiriladi.
18. Kuchaytirilgan faoliyat rejimida reklama materiallari translatsiyasi terminal kompleksi ekranlarida efir vaqtining ellik foizidan ortiq bo‘lmagan hajmda amalga oshirilishi kerak. Qolgan vaqtda XMAT orqali sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish yoki ularning oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha aholini, kuch va vositalar harakatlari, boshqaruv organlari tavsiyalari, yuzaga kelayotgan vaziyat to‘g‘risida aholiga ma’lumot yetkazish va tayyorgarlik bo‘yicha translatsiya amalga oshiriladi.
19. Favqulodda vaziyat rejimida efirning to‘liq vaqtidan favqulodda vaziyat sodir bo‘lganligi to‘g‘risida aholiga xabar yetkazishda va ularni tayyorlashda, yuzaga kelgan vaziyatda aholi harakatlari bo‘yicha ma’lumotlarni translatsiya qilishda foydalaniladi.
4-bob. Yakunlovchi qoida
20. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 32-son, 815-modda)