Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 23.02.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
YaRMARKA SAVDOSINI TAShKIL ETIShNI TAKOMILLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-fevraldagi 161-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Idoralararo kollegial organlarni tubdan qisqartirish va yanada optimallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 28-avgustdagi PF-5527-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Aholining toʻlovga qodir talabini yanada toʻlaroq qondirish, ichki isteʼmol bozorining barqaror faoliyat koʻrsatishini taʼminlash, uni vatanimizda ishlab chiqarilgan yuqori sifatli raqobatbardoshli tovarlar bilan toʻldirish, ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan savdo tashkilotlari oʻrtasida barqaror aloqalarni oʻrnatish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining Isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish va savdo kompleksi huzurida 1-ilovaga* muvofiq tarkibda Yarmarka savdolari oʻtkazish boʻyicha respublika kengashi tashkil etilsin.
* 1-ilova berilmaydi.
Respublika kengashi tomonidan uning vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlar, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun majburiy hisoblanadi.
2. Quyidagilar Yarmarka savdolari oʻtkazish boʻyicha respublika kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:
respublikaning isteʼmol tovarlari ishlab chiqaruvchi korxonalari bilan savdo tashkilotlari oʻrtasida mustahkam, uzoq savdo-iqtisodiy aloqalarni oʻrnatishda, ular oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar mexanizmini takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlashda koʻmaklashish;
isteʼmol tovarlari sotish boʻyicha doimiy ishlovchi va mavsumiy ulgurji yarmarkalar faoliyatini muvofiqlashtirish;
ichki isteʼmol bozorining ahvolini tahlil qilish va isteʼmol tovarlarining aholi koʻplab talab qiladigan, ilgari respublikada ishlab chiqarilmagan yangi turlarini ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha tavsiyanomalar ishlab chiqish;
isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish bilan bogʻliq boʻlgan yangi texnologiyalarni, asbob-uskunalarni va “nou-xau”larni namoyish qilish boʻyicha koʻrgazmalar hamda koʻrgazma-savdolar tashkil etish;
oziq-ovqat tovarlari, yengil sanoat buyumlari, boshqa nooziq-ovqat tovarlar sotish boʻyicha yarmarka qoʻmitalarining faoliyatini muvofiqlashtirish;
ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan oʻzi ishlab chiqargan isteʼmol tovarlarining firma savdosi shoxobchalarini yanada rivojlantirish boʻyicha takliflar kiritish;
respublika ulgurji yarmarkalarini oʻtkazish muddatlari va tartibini, yarmarkalar ishida qatnashish uchun jalb etiladigan ishlab chiqaruvchi korxonalar doirasini aniqlash.
3. Respublika kengashi tarkibida asosiy tovar guruhlari – oziq-ovqat tovarlari, yengil sanoat tovarlari va nooziq-ovqat tovarlar boʻyicha doimiy ishlovchi yarmarka qoʻmitalari tashkil etilsin.
Koʻrsatib oʻtilgan tovar guruhlariga kiruvchi isteʼmol tovarlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq belgilansin.
Yarmarka qoʻmitalariga:
doimiy ishlovchi ulgurji yarmarkalar hamda isteʼmol tovarlari koʻrgazma-savdolarini tashkil etish va oʻtkazish;
Oldingi tahrirga qarang.
savdo tashkilotlari bilan tovar yetkazib berish shartnomalari tuzish maqsadida isteʼmol tovarlari ishlab chiqaruvchi korxonalarning, shu jumladan kichik biznes korxonalarining keng doirasini ulgurji yarmarkalarda qatnashish uchun jalb qilish;
(3-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 17-yanvardagi 28-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 3-son, 31-modda)
isteʼmol tovarlarining tegishli nomenklaturasi boʻyicha respublika aholisi ehtiyojlarini aniqlash hamda ularni respublika korxonalarida ishlab chiqarish yuzasidan buyurtmanomalarni joylashtirishga koʻmaklashish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda isteʼmol tovarlari ishlab chiqaruvchilar va ularni xarid qiluvchilarning ulgurji yarmarkalarda ishtirok etishi bilan bogʻliq tashkiliy masalalarni hal etish.
Yarmarka qoʻmitalarining shaxsiy tarkibi 3—5-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
* 3—5-ilovalar berilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 29-maydagi 99-son qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan —Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 22-son, 195-modda)
5. Vazirlar Mahkamasining Isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish va savdo kompleksi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda Yarmarka savdolari oʻtkazish boʻyicha respublika kengashi toʻgʻrisidagi Nizomni hamda Yarmarka qoʻmitasi toʻgʻrisidagi Namunaviy nizomni ikki hafta muddatda ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
6. Yarmarka savdolari oʻtkazish boʻyicha respublika kengashi (Usmonov), yarmarka qoʻmitalari vazirliklar, idoralar, uyushmalar, korporatsiyalar, kompaniyalar, xoʻjalik birlashmalari va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, korxonalar ishtirokida:
2002-yil 20-dekabrgacha boʻlgan davrda 2003-yilda isteʼmol tovarlari yetkazib berish yuzasidan shartnomalar tuzish boʻyicha ulgurji yarmarkalar oʻtkazish jadvalini bir hafta muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar;
2003-yildan boshlab doimiy ishlovchi ulgurji yarmarkalar bilan bir qatorda mavsumiy (kuz-qish, bahor-yoz) hamda ixtisoslashtirilgan yarmarkalar oʻtkazilishini taʼminlasinlar;
xaridorgir isteʼmol tovarlarining aniq turlari va nomenklaturasini ishlab chiqarish yuzasidan buyurtmanomalarni shakllantirish va respublika korxonalarida joylashtirish ishlarini faollashtirsinlar.
7. Toshkent, Urganch, Buxoro, Samarqand va Fargʻona shaharlarida doimiy asosda isteʼmol tovarlarini sotish boʻyicha mintaqaviy ulgurji-chakana savdo yarmarkalari tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi mintaqaviy ulgurji-chakana savdo yarmarkalari faoliyatini tashkil etishda har tomonlama koʻmaklashsinlar, ularni zarur binolar, zamonaviy savdo-texnologiya asbob-uskunalari, aloqa tizimlari bilan taʼminlasinlar.
8. Uyushmalar, korporatsiyalar, kompaniyalar, xoʻjalik va jamoat birlashmalariga, isteʼmol tovarlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga:
doimiy ishlovchi ulgurji yarmarkalar va isteʼmol tovarlari koʻrgazma-savdolarini tashkil etish va oʻtkazishda faol qatnashish;
shartnomalarning ustuvor ravishda doimiy ishlovchi ulgurji yarmarkalarda tuzilishini va oʻz mahsulotlari sotilishini taʼminlash tavsiya qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 2-iyuldagi 300-son qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 13-son, 104-modda)
10 Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari M.Z. Usmonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 13-noyabr,
391-son
Vazirlar Mahkamasining
2002-yil 13-noyabrdagi 391-son qaroriga
2-ILOVA
Asosiy tovar guruhlariga kiruvchi isteʼmol tovarlari
roʻyxati
I guruh — oziq-ovqat tovarlari
Goʻsht va goʻsht mahsulotlari, kolbasa mahsulotlari, goʻsht va baliq konservalari
Sut va sut mahsulotlari, mol yogʻi, pishloq va brinza, muzqaymoq va boshqalar
Shakar
Choy
Un, non va non-bulka mahsulotlari, yorma, guruch
Qandolatchilik (xamirli va shakarli) mahsulotlari, sharq shirinliklari, makaron mahsulotlari, xamirturush
Oʻsimlik yogʻi, margarin, kir sovun va atir sovun
Quruq mevalar va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari
Vino-aroq, konserva mahsulotlari, pivo va alkogolsiz ichimliklar
Tamaki mahsulotlari
Sintetik kir yuvish vositalari, tish pastasi, attorlik mahsulotlari
II guruh — yengil sanoat tovarlari
Tikuvchilik mahsulotlari, trikotaj mahsulotlar, paypoq buyumlari, tikuvchilik galantereyasi
Ip gazlama, shoyi, jun gazlama, gilam va gilam mahsulotlari
Poyabzal (shu jumladan rezina poyabzal), charm-galantereya va moʻyna buyumlar
Chinni mahsulotlar, shtamplangan alyuminiy idish-tovoq, billur va shishadan tayyorlangan buyumlar
III guruh — nooziq-ovqat tovarlar
(yengil sanoat buyumlaridan tashqari)
Mebel, mebel aksessuarlari, qogʻoz, qogʻoz buyumlar, bosma mahsulotlar
Murakkab maishiy texnika
Zargarlik buyumlari
Qurilish materiallari
Madaniy-maishiy va xoʻjalik buyumlari
Tomorqa-bogʻdorchilik ashyolari va boshqa nooziq-ovqat tovarlar
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 21-son, 171-modda; 2003-y., 13-son, 104-modda; 2004-y., 3-son, 31-modda; 7-son, 81-modda; 20-son, 236-modda; 30-son, 344-modda; 2006-y., 22-son, 195-modda; 2007-y., 1-2-son, 13-modda; 2013-y., 23-son, 304-modda)