Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 18.09.2025
Norasmiy tarjima
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Toshkent viloyatida sanoat-ishlab chiqarish sohasi uchun muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-279-sonli “Olmaliq davlat texnika institutini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Taʼkidlab oʻtilsinki, soʻnggi yillarda Toshkent viloyatining ishlab chiqarish va sanoat tarmoqlarida chuqur tarkibiy oʻzgartirishlar, uni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida “Angren” erkin-iqtisodiy zonasi tashkil etildi.
Yoqilgʻi-energetika, togʻ-kon, kimyo va boshqa tarmoqlarda zamonaviy yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni tashkil etish, mahalliy xom ashyo asosida yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqish boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish davom ettirilmoqda.
Sanoat-ishlab chiqarish tarmoqlarining uzoq muddatli va barqaror rivojlanishi, yangi ishlab chiqarish vositalarini amalga tatbiq qilish, ularning mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirishdagi samaradorligini taʼminlash va yuqori oshirilgan qiymatdagi mahsulotlarni eksport qilish boʻyicha belgilangan vazifalar ilgʻor xalqaro tajribalar asosida yuqori malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlashni talab etadi.
Toshkent viloyatida sanoat-ishlab chiqarish sohasi uchun yuqori malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini yanada rivojlantirish hamda oliy texnik taʼlim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida:
1. Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali (keyingi oʻrinlarda — Filial) tashkil etilsin.
2. Filialning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
Toshkent viloyatida sanoat-ishlab chiqarish sohasi uchun yuqori malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlash;
fundamental va amaliy tadqiqotlar sohasidagi xalqaro yutuqlarni oʻrganish asosida foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash sohasidagi mahalliy ilmiy va intellektual salohiyatni rivojlantirish;
foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash sohasidagi mahalliy ilmiy va intellektual salohiyatni rivojlantirish;
foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash boʻyicha yangi ilgʻor texnologiyalarni ishlab chiqish, ularni respublikaning geologiya va iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda amaliyotga tatbiq qilish;
togʻ-kon ishlab chiqarish va qayta ishlash sohasidagi mutaxassislar malakasini oshirish, ularni eng zamonaviy xalqaro fan va texnologiyalar yutuqlari asosida qayta tayyorlash;
eng ilgʻor xorijiy oliy taʼlim muassasalari va ilmiy tadqiqot markazlari bilan keng hamkorlikni amalga oshirish.
3. Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filialining tarkibiy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziriga, zarur hollarda, Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filialining tasdiqlangan tarkibiy tuzilmasiga xodimlarning tasdiqlangan umumiy cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
Filial Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining yuridik shaxs maqomidagi tarkibiy tuzilmasi hisoblanib, kunduzgi, maxsus sirtqi va kechki taʼlim shaklida kadrlar tayyorlashni amalga oshiradi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 2017-yil 1-sentabrgacha:
Filial Ustavini ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini hamda uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
Filialni tanlov asosida yuqori malakali professor-oʻqituvchilar bilan, shu jumladan, faoliyati tugatilayotgan Navoiy davlat konchilik institutining Olmaliq fakulteti professor-oʻqituvchilari hisobidan, taʼminlash choralarini koʻrsin;
Filialda oʻquv-metodik jarayonning tashkil etilishini taʼminlash, shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlash, uni oʻquv adabiyotlari, zamonaviy oʻquv laboratoriya jihozlari va kompyuter texnikasi bilan taʼminlash boʻyicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
5. Quyidagilar Filial faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatish, talablarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishda tushadigan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik hayriyalari va maqsadli badallari;
xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-avgustdagi PF-214-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.08.2022-y., 06/22/214/0791-son)
7. Belgilab qoʻyilsinki:
2017/2018 oʻquv yilida Filialning maxsus sirtqi va kechki boʻlimiga maqsadli qabul oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotiga, kamida uch yillik amaliy ish stajiga ega boʻlgan hamda “Olmaliq KMK” AJ, “Navoiy KMK” DK, “Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” AJ, “Oʻzbekkoʻmir” AJ va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining yoʻllanmasi berilgan kadrlar hisobidan suhbat asosida amalga oshiriladi;
suhbat Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Toshkent davlat texnika universiteti va “Olmaliq KMK” AJ tomonidan tasdiqlanadigan Maxsus komissiya tomonidan oʻtkaziladi;
maxsus sirtqi va kechki boʻlimlarga oʻqishga qabul qilinganda oʻqishni yakunlanadigan soʻng koʻrsatilgan joyda majburiy ravishda besh yildan kam boʻlmagan muddat ishlab berish sharti bilan tegishli tashkilot, Filial va talaba oʻrtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasiga Filialda taʼlim olish uchun yoʻllanma beruvchi tashkilot va korxonalar roʻyxatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi berilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va oʻrta maxus taʼlim vazirligiga “Olmaliq KMK” AJ, “Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” AJ, “Oʻzbekkoʻmir” AJ, Toshkent viloyati hokimligi va boshqa manfaatdor davlat va xoʻjalik boshqaruv organlari bilan birgalikda bir oy muddatda Oliy taʼlim muassasalari maxsus sirtqi (sirtqi) va kechki boʻlimlari toʻgʻrisida Nizomni ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Oliy taʼlim muassasalari maxsus sirtqi (sirtqi) va kechki boʻlimlari toʻgʻrisida Nizomni ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, “Navoiy KMK” DK, “Olmaliq KMK” AJ va Toshkent viloyati hokimligining:
Navoiy davlat konchilik institutining Olmaliq fakulteti faoliyatini tugatish;
Fakultetning 2016/2017 oʻquv yili bakalavriatiga 1 — 3 kurs talabalari oʻqishini turdosh va mos yoʻnalishlar boʻyicha Navoiy davlat konchilik institutiga yoki yangi tashkil qilinayotgan Filialga koʻchirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
11. Belgilansinki, Navoiy davlat konchilik institutining Olmaliq fakulteti talabalari orasidan oʻqishni Oʻzbekiston Respublikasining boshqa oliy taʼlim muassasalarida davom ettirishni istaganlar oʻqishini koʻchirish Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan tartib asosida amalga oshiriladi.
Filialni saqlash xarajatlari 2017-yilda “Maorif” sohasi boʻyicha tasdiqlangan budjet parametrlari doirasida, 2018-yildan boshlab esa mazkur sohaga har yili ajratiladigan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining asoslangan hisob-kitoblari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi rivojlanish davlat dasturlarining 2018-yilga va keyingi yillarga moʻljallangan parametrlarini shakllantirishda Filial moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, uni oʻquv-laboratoriya uskunalari bilan jihozlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan tegishli mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-martdagi PF-5370-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.03.2018-y., 06/20/5370/0975-son)
13. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga:
Filialga ikkita, shu jumladan, bitta xizmat va bitta navbatchi yengil avtotransport vositasini saqlashga limit ajratsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Navoiy davlat konchilik institutining asoslangan hisob-kitoblari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi davlat budjetining 2017-yil xarajatlar parametriga ushbu qaror asosida tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Filialning buyurtmanomalari boʻyicha Filial oʻquv jarayonida ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga davlat boji toʻlamasdan koʻp marotabali kirish oʻqituvchilar tarkibini vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olinishini va uning muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-yanvardagi PF-6146-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.01.2021-y., 06/21/6146/0065-son)
15. Filialga oʻqituvchilik va ilmiy ish uchun shartnoma asosida taklif etiladigan xorijlik professor-oʻqituvchilarning yashashi va transport xarajatlari uchun toʻlovlarni Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tariflar boʻyicha milliy valyutada toʻlashga ruxsat berilsin.
16. Toshkent viloyati hokimligi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Olmaliq shahri, Mirzo Ulugʻbek koʻchasida joylashgan Navoiy davlat konchilik instituti qoshidagi Olmaliq akademik litseyining binolari va inshootlarini Filialga operativ boshqarish huquqi bilan bepul foydalanishga berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
17. “Olmaliq KMK” AJga boshqa asosiy kadrlar buyurtmachilari bilan birgalikda Filialning moddiy-texnik va laboratoriya bazasini mustahkamlash, taʼlim jarayoniga chet ellik olimlar, oʻqituvchilar va mutaxassislarni jalb etishga koʻmaklashish tavsiya etilsin.
18. Rossiyaning Federal davlat avtonom oliy taʼlim muassasasi “Milliy texnologik tadqiqotlar universitetiga “MISiS”ning Olmaliq filialini tashkil etish boʻyicha Tashkiliy qoʻmitasi tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Tashkiliy qoʻmita (G.I. Ibragimov) uch oy muddatda amalga oshirilgan ishlar natijasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga aniq takliflar kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-avgustdagi PF-214-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.08.2022-y., 06/22/214/0791-son)
20. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
21. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 27-iyul,
PQ-3153-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyuldagi PQ-3153-son qaroriga
1-ILOVA
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filialining
TUZILMASI

Ilmiy kengash

Direktor



Oʻquv va ilmiy ishlar boʻyicha

direktor oʻrinbosari

Maʼnaviyat-maʼrifat ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari

Moliya-xoʻjalik ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari

Monitoring va ichki nazorat boʻlimi


Oʻquv-metodik boʻlim

Kadrlar boʻlimi

“Maʼnaviyat va maʼrifat” hamda iqtidorli yoshlar bilan ishlash boʻlimi

Moliya-iqtisodiyot boʻlimi


Ilm-fan va ilmiy-pedagog

kadrlarni tayyorlash boʻlimi

Marketing boʻlimi

Buxgalteriya


Talabalarning turar joyi

Axborot-resurs markazi

Yuriskonsult

Xoʻjalik va texnik taʼminot boʻlimi


Axborot kommunikatsiyalari markazi

I va II boʻlimlar

Mehnatni muhofaza qilish va fuqarolik mudofaasi boʻlimi

Fakultetlararo umumtaʼlim kafedralari

Kanselyariya va arxiv

Fakultetlar


Togʻ-kon ishi va

metallurgiya

Energetika va mashinasozlik

Filialning shtat jadvali oliy taʼlim muassasalari uchun oʻrnatilgan normativlar asosida belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-avgustdagi PF-214-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.08.2022-y., 06/22/214/0791-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyuldagi PQ-3153-son qaroriga
3-ILOVA
Federal davlat avtonom oliy taʼlim muassasasi “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning Olmaliq shahrida filialini tashkil etish boʻyicha tashkiliy komissiya
TARKIBI

G.I. Ibragimov

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, komissiya raisi

A.K. Farmonov

“Olmaliq KMK” AJning bosh direktori, komissiya raisining oʻrinbosari

I.M. Majidov

Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri

D.X. Nabiyev

Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari

A.Ya. Haydarov

Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining birinchi oʻrinbosari

S.P. Niyazxodjayev

Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari

kelishuv boʻyicha

“Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning vakili

K.S. Sanakulov

“Navoiy KMK” DK bosh direktori

I.B. Turamuratov

Oʻzbekiston Respublikasi geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasi raisi

Sh.X. Boboyev

Toshkent viloyati hokimi

B.E. Mannopov

Olmaliq shahri hokimi

S.M. Turobjonov

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti rektori

Izoh. Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar kiritiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-avgustdagi PF-214-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.08.2022-y., 06/22/214/0791-son)