|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 21.10.2003
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
VAZIRLAR MAHKAMASINING “OʻZBEKNEFTGAZ” MILLIY XOLDING KOMPANIYASINI TASHKIL ETISH VA UNING FAOLIYATI MASALALARI TOʻGʻRISIDA” 1998-YIL 15-DEKABRDAGI 523-SON QARORIGA OʻZGARTIRISHLAR KIRITISH HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 21-oktabrdagi 460-sonli “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasining boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Ustyurt mintaqasida va respublikaning boshqa neft-gazli viloyatlarida qidirish va razvedka ishlarini jadallashtirish, tarmoqqa xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, shu asosda neft va gazning qazib olinayotgan zaxiralarini barqaror koʻpaytirishni taʼminlash, neft-gaz tarmogʻining eksport salohiyatini yanada rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi boshqaruvi tuzilmasiga xolding kompaniya bosh muhandisi-bosh menejeri lavozimi kiritilsin.
Bosh muhandis-bosh menejer zimmasiga:
neft-gaz tarmogʻini rivojlantirishning qisqa va uzoq muddatli prognozlarini, maqsadli ilmiy-texnik dasturlarini ishlab chiqishni tashkil etish;
neft va gaz bilan bogʻliq geologiya-razvedka ishlarining strategik ustuvor yoʻnalishlarini aniqlash;
Ustyurt mintaqasida va respublikaning boshqa istiqbolli neft-gazli viloyatlarida qidirish va razvedka ishlarini jadal amalga oshirishni taʼminlash, ushbu maqsadlar uchun toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish;
yetakchi xorijiy neft va gaz kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish, respublika neft-gaz tarmogʻiga xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
neft, gaz va neft mahsulotlari jahon bozorining marketing tadqiqotlarini olib borish asosida tarmoqning eksport salohiyatini rivojlantirish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish funksiyalari yuklansin.
2. Belgilansinki, “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi bosh muhandisi — bosh menejeri lavozimga Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlanadi.
3. “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi boshqaruvi tuzilmasi uning xodimlari cheklangan sonini 133 kishidan (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari) iborat qilib, ilovaga muvofiq maʼqullansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi boshqaruvi raisi V.Y. Otayev bir hafta muddatda, ijroiya apparat tuzilmasiga kiritilgan oʻzgartirishlarni hisobga olgan holda, “Oʻzbekneftgaz” xolding kompaniyasi rahbarlari oʻrtasida lavozim vazifalari taqsimotini qayta koʻrib chiqsin va tasdiqlasin.
5. Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 15-dekabrdagi 523-son qaroriga quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
10-bandning birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Belgilab qoʻyilsinki, “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasining bosh muhandisi-bosh menejeri maqomiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi vaziriga, raisning birinchi oʻrinbosari — vazirning birinchi oʻrinbosariga, rais oʻrinbosarlari — vazir oʻrinbosarlariga tenglashtiriladi”.
6. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 4-avgustdagi 355-f-son farmoyishi;
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 15-dekabrdagi 523-son qarori 8-bandining birinchi xatboshi va qarorga 12-ilova.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari V.Y. Otayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 19-iyun,
233-son
“Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi boshqaruvi
tuzilmasi