Xususiylashtirilgan korxonalar bilan ishlash samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-noyabrdagi PF-5868-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan 2019-yil 13-noyabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Qayd etib oʻtilsinki, mamlakatimizning mustaqil rivojlanishi davrida mulkni xususiylashtirish va davlat tasarrufidan chiqarish boʻyicha tizimli ishlar doirasida 30 mingdan ortiq davlat obyekti, shu jumladan, 6,5 mingta yirik va oʻrta korxona xususiy mulk qilib sotildi. Natijada hozir nodavlat sektoriga yalpi ichki mahsulotning 81 foizidan koʻprogʻi, sanoat ishlab chiqarishining 94 foizi va barcha band aholining 82 foizidan ziyodi toʻgʻri kelmoqda.
Ammo shu bilan birga, tanqidiy tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, bir qator korxonalarni xususiylashtirish kutilgan natijalarni bermadi.
Xususan, respublika mintaqalaridagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ishlarining borishi bilan tanishish natijalari xususiylashtirilgan korxonalarning mulkdorlari ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanmayotgani va korxonalarni uzoq muddatli rivojlantirish bilan shugʻullanmayotgani, ixtisoslashtirilgan ishlab chiqarishlarni tiklamayotganligi va ishlab chiqarayotgan mahsulotlarining raqobatdoshligini taʼminlaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etmayotganligini koʻrsatmoqda. Mazkur holatlar Toshkent shahrida avval xususiylashtirilgan “Rele va avtomatika”, “Algoritm” zavodlari, Samarqand shahridagi “Qizil dvigatel” va Liftsozlik zavodlari, Gʻijduvon ip yigiruv fabrikasi, Xorazm viloyatining Urganch tumanidagi parranda fabrikasi, Termiz shahridagi “16-sonli gʻisht zavodi” va boshqa koʻplab obyektlar misolida koʻrinib turibdi.
Oʻtkazilgan xatlov natijalariga koʻra, avval xususiylashtirilgan korxonalar negizida 2 mingdan ortiq past rentabelli va zarar koʻrayotgan kam quvvatli xoʻjalik subyektlari, shu jumladan, mingdan ortiq ishlamayotgan hamda deyarli boʻsh yotgan obyektlar, samarasiz foydalanilayotgan yer uchastkalari va ishlab chiqarish xonalari aniqlangan.
Davlat organlari xususiylashtirilgan korxonalarning asl holatini oʻrganish, ularning ishlab chiqarish faoliyati va moliyaviy-iqtisodiy ahvolini monitoring qilish, mavjud muammolarni tahlil etish va sabablarini aniqlash, ularni kredit va moddiy resurslar bilan taʼminlashda, muhandislik-ishlab chiqarish infratuzilmasini tiklashda, ichki va tashqi savdo bozorlarini topishda amaliy koʻmak berish bilan sust shugʻullanmoqdalar.
Yuzaga kelgan holat vakolatli organlarning xususiylashtirilgan korxonalarga yondashuvlari, ular bilan ishlash prinsiplari va usullarini tubdan oʻzgartirishni, faoliyat samaradorligini oshirishga har tomonlama koʻmaklashish, ishlab chiqarishni tiklash va rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqish va amalga oshirish, tadbirkorlik faoliyatining asoslarini oʻrgatish, shuningdek, xususiylashtirilgan korxonalarni qoʻllab-quvvatlashning moliyaviy manbalarini kengaytirishni talab etadi.
Qabul qilingan 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirishdagi muhim vazifa sifatida xususiy mulkning ustuvor rolini kuchaytirish va xususiylashtirilgan obyektlar negizida xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish belgilangan.
Xususiylashtirilgan korxonalarning mavjud ulkan iqtisodiy va ishlab chiqarish salohiyatini hisobga olgan holda, ishlab chiqarishni kengaytirish, eksportni jadallashtirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish hisobiga ular iqtisodiy oʻsishning lokomotivi boʻlib qolishlari kerak. Xususiylashtirilgan korxonalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash yaqin yillarda respublika mintaqalari va butun mamlakatni rivojlantirishda kuchli omil boʻlishini taʼminlashi darkor.
Bularning barchasi xususiylashtirilgan korxonalarni qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq masalalarni hal etishni respublika Hukumatining va tashkil etilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining gʻoyat muhim vazifalaridan biri etib qoʻymoqda.
Xususiy mulkchilik va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha ishlar samaradorligini tubdan oshirishni, xususiylashtirilgan korxonalar negizida amalga oshirilayotgan loyihalarni tizimli va manzilli qoʻllab-quvvatlashni tashkil etish, shuningdek, belgilangan vazifalarni amalga oshirishda vakolatli organlar faoliyatini zarur darajada muvofiqlashtirishni taʼminlash maqsadida:
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-fevraldagi PF-5329-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2018-y., 06/18/5329/0846-son)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi faoliyatini takomillashtirish va samaradorligini oshirish boʻyicha Komissiya ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin, quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining faoliyatini unga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarga muvofiq tashkil etish;
xususiylashtirilgan korxonalarning reyestrini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlarni oʻz vaqtida va toʻliq hajmda amalga oshirish, ular faoliyatining doimiy monitoringi va tahlilini olib borish;
xususiylashtirilgan korxonalarni tiklash va faoliyat samaradorligini oshirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkil etish, shuningdek, “yoʻl xaritalari”ni amalga oshirish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha vazirliklar, idoralar, mahalliy hokimiyat organlari, tijorat banklari va boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish;
biznes-rejalar ishlab chiqish, tadbirkorlik faoliyati sohasidagi qonunchilik, menejment, moliya boshqaruvi masalalari va boshqa fanlar boʻyicha xususiylashtirilgan korxonalar rahbarlari va ishlab chiqarish-texnik xodimlari uchun doimiy faoliyat yuritadigan oʻquv kurslarini tashkil etishga yoʻnaltirilgan Tadbirkorlik faoliyati asoslarini oʻqitish respublika markazi va uning hududiy filiallarini barpo etish hamda ular faoliyatini samarali tashkillashtirishni taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining kadrlar salohiyatini mustahkamlash, qoʻmita kadrlarini tizimli ravishda tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasi oshirilishini tashkil etish.
3. Komissiya (A.N. Aripov):
bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining rahbarlari, markaziy apparati bosh boshqarmalari, boshqarmalari va boʻlimlarining boshliqlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududiy boshqarmalari boshliqlari, shuningdek, boʻysunuvchi tuzilmalarning boshliqlari attestatsiyadan oʻtkazilishini tashkil etsin;
attestatsiya natijalariga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasini qoʻmitaga yuklatilgan vazifalarni oʻz vaqtida va samarali amalga oshira oladigan yuqori malakali, tashabbuskor va vijdonan ishlaydigan rahbar kadrlar bilan taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududiy boshqarmalari rahbarlarining oʻz zimmalariga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarish, xususiylashtirilgan korxonalarni qayta tiklash va faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha qabul qilinayotgan aniq chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi hisobotlari muntazam tinglab turilishini taʼminlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
LexUZ sharhi
Ushbu qaror “Xalq soʻzi” gazetasining 2017-yil 19-apreldagi 77 (6771)-sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 18-aprel,
PQ-2895-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-apreldagi PQ-2895-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi faoliyatini takomillashtirish va samaradorligini oshirish boʻyicha Komissiya
TARKIBI
A.N. Aripov
—
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, komissiya raisi
G.K. Saidova
—
iqtisodiyot vaziri
B.A. Xodjayev
—
moliya vaziri
A.A. Abduhakimov
—
bandlik va mehnat munosabatlari vaziri
M.M. Ikramov
—
adliya vaziri
Sh.X. Shermatov
—
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri vazifasini bajaruvchi
B.R. Parpiyev
—
Davlat soliq qoʻmitasi raisi
A.X. Abdullayev
—
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi
lavozimi boʻyicha
—
Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi
U.J. Sunnatov
—
Bosh prokuror oʻrinbosari
S.S. Xodjayev
—
Markaziy bank raisining birinchi oʻrinbosari
B.M. Mirusmonov
—
Davlat statistika qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari
U.Z. Salimov
—
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari, Kasb-hunar taʼlimi markazi direktori
A.E. Shayxov
—
Savdo-sanoat palatasi raisi
lavozimi boʻyicha
—
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri apparatining bosh mutaxassisi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari.
LexUZ sharhi
Ilova norasmiy tarjima.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 16-son, 270-modda;Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2018-y., 06/18/5329/0846-son)