Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Akademik litseylarda oʻquv jarayoni sifati va samaradorligini tubdan oshirish, akademik litseylarda umumtaʼlim maktablarining eng qobiliyatli bitiruvchilarini jamlash, umumtaʼlim maktablari bitiruvchilarining tanlangan kasblar va mutaxassisliklarni egallab olishga boʻlgan ehtiyojini qondirish uchun shart-sharoitlarni yanada kengaytirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Madaniyat vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazining respublikada faoliyat koʻrsatayotgan akademik litseylar sonini optimallashtirishni, akademik litseylarda oʻquv jarayoni sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari amalga oshirilishini nazarda tutuvchi, jumladan:
moddiy-texnik va oʻquv-pedagogik bazasi nisbatan past darajali 1-ilovaga muvofiq toʻrtta akademik litseyni tugatish, tugatilayotgan akademik litseylarning 1-bosqichlariga oʻquvchilarni qabul qilishni 2017/2018 oʻquv yilidan boshlab toʻxtatish;
faoliyati koʻrsatkichlari eng past boʻlgan 2-ilovaga muvofiq 54 ta akademik litseyni bosqichma-bosqich kasb-hunar kollejlariga aylantirish;
kasb-hunar kollejlariga aylantirilayotgan akademik litseylarning 2 va 3-bosqichlari oʻquvchilari kontingentini kasb-hunar kollejlariga aylantirilayotgan akademik litseylarning binolarida amaldagi oʻquv dasturlari va oʻqitish shartlari boʻyicha belgilangan tartibda oʻqitishni tugallash;
3-ilovaga muvofiq oʻquv jarayoni samaradorligini yanada oshirish va akademik litseylar bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi koʻrsatkichlarini oshirish chora-tadbirlari dasturi haqidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Oldin bayon qilinganlar bilan birgalikda quyidagilar akademik litseylarning muhim vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari etib belgilansin:
umumtaʼlim maktablarining eng isteʼdodli oʻquvchilarini tanlash, ularning intellektual qobiliyatlarini yanada rivojlantirish va oʻqishni oliy taʼlim muassasalarida davom ettirishga maqsadli chuqur tayyorlash;
oʻquvchilarning ijodiy salohiyati namoyon boʻlishi va faollashishiga koʻmaklashuvchi, individual isteʼdodlarni va har bir oʻquvchining qobiliyatlari hamda xususiyatlarini hisobga olgan holda bilimlarni egallab olish jarayonida mustaqil faoliyat koʻnikmalarini shakllantiruvchi va rivojlantiruvchi taʼlim muhitini yaratish;
ilgʻor mahalliy va xorijiy taʼlim muassasalarining tajribasini hisobga olgan holda taʼlim jarayonini tashkil etishning zamonaviy shakllarini joriy etish va uning mazmunini doimiy ravishda yangilab borish.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
kasb-hunar kollejlariga aylantirilayotgan akademik litseylarning 2 va 3-bosqichlari oʻquvchilari taʼlim yakunlangach yaqinda joylashgan taʼlim yoʻnalishi oʻxshash boʻlgan akademik litseylarda yakuniy davlat attestatsiyasini topshiradilar va davlat namunasidagi akademik litsey bitiruvchisi diplomini oladilar;
akademik litseylarda oʻquv guruhlari tarkibi 26 nafar oʻquvchidan ortiq boʻlmagan tarzda shakllantiriladi;
chuqurlashtirilib oʻrganiladigan fanlar (taʼlim yoʻnalishlari) boʻyicha akademik litseylarda amaliy, laboratoriya va seminar mashgʻulotlari guruhlarni ikki kichik guruhga boʻlish yoʻli bilan tashkil etiladigan kichik guruhlarda oʻtkaziladi;
akademik litseylarda xodimlarni pedagogik faoliyatga jalb etish oliy maʼlumotli va kamida 5 yil uzluksiz pedagogik ish stajiga ega boʻlgan shaxslar orasidan tanlov asosida amalga oshiriladi;
akademik litseylar direktorlarining boʻsh lavozimlarini egallashga tanlovda ishtirok etish uchun nomzodlar boʻyicha takliflar Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimining boshqaruv organlari rahbar kadrlarini tanlash, tayinlash va attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha respublika komissiyasiga akademik litseylar biriktirilgan oliy taʼlim muassasalari rektorlari tomonidan kiritiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
2017/2018 oʻquv yilidan boshlab akademik litseylar va kasb-hunar maktablari oʻquvchilarini umumiy oʻrta taʼlim muassasalari uchun moʻljallangan umumtaʼlim fanlari boʻyicha darsliklar bilan taʼminlash qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasining aylanma mablagʻlari hamda Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
(3-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi PQ-241-son qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2022-y., 07/22/241/0408-son)
akademik litseylarning bitiruvchilariga 4-ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha maxsus chuqurlashtirilgan tayyorgarlikni talab etmaydigan alohida mutaxassisliklar beriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi manfaatdor vazirliklar va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda:
bir oy muddatda akademik litseylar bitiruvchilariga mutaxassisliklar berish tartibini, shuningdek, akademik litseylar bitiruvchilariga mutaxassisliklar berish toʻgʻrisidagi davlat namunasidagi sertifikat namunasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ikki oy muddatda akademik litseylarga oʻqituvchilarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni, shuningdek, akademik litseylar oʻquvchilarini darsliklar bilan taʼminlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
uch oy muddatda toʻplangan ijobiy tajribani hisobga olgan holda akademik litseylarning oʻquv rejalari va dasturlarini tanqidiy qayta ishlab chiqib, belgilangan tartibda tasdiqlasin, bunda oʻqitishning 3-bosqichidan boshlab chuqurlashtirilib oʻrganiladigan fanlar boʻyicha oʻqitish soatlari sonini koʻpaytirgan holda qayta taqsimlashni nazarda tutsin;
oʻquvchilar kontingentini qayta taqsimlashni, ularni yuqori malakali oʻqituvchi kadrlar bilan taʼminlashni, kadrlar tayyorlash yoʻnalishlariga muvofiq zarur oʻquv-laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasi, oʻquv-normativ hujjatlar, oʻquv va metodik adabiyotlar bilan jihozlashni hisobga olgan holda oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimining qayta tashkil etilayotgan muassasalarida oʻquv-tarbiya jarayoni sifatli tashkil etilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, tasarrufida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan manfaatdor vazirliklar va idoralar taʼlim-tarbiya jarayoni sifatini oshirishda, shuningdek, akademik litseylarning oʻqituvchilar tarkibi malakasini oshirishda biriktirilgan akademik litseylarga tizimli asosda har tomonlama metodik va amaliy yordam koʻrsatilishini taʼminlasinlar.
6. Oliy taʼlim muassasalari rahbariyatiga oliy taʼlim muassasalarining budjetdan tashqari mablagʻlari (pullik-kontrakt asosida oʻqitish uchun tushumlar bundan mustasno) hisobiga biriktirilgan akademik litseylar uchun oʻquv-laboratoriya uskunasi, sarflash materiallari, kompyuter texnikasi va boshqa tashkiliy texnika, darsliklar va oʻquv qoʻllanmalari sotib olish huquqi berilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda akademik litseylarni ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasalariga biriktirish hamda taʼlimning uzluksizligi va uzviyligi tamoyillariga rioya qilgan holda iqtidorli oʻquvchilar bilan ish olib borish doirasida ular oʻrtasida oʻzaro amaliy hamkorlik mexanizmini nazarda tutuvchi Nizomni uch oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasining har yilgi Investitsiya dasturi loyihasini va qurilishlarning manzilli roʻyxatlarini shakllantirishda akademik litseylar negizida tashkil etiladigan kasb-hunar kollejlari uchun yangi oʻquv ustaxonalari qurishga mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi tomonidan har yili shakllantiriladigan prognoz kvotalarni hisobga olgan, shu jumladan, darsliklar chakana tarmoq orqali erkin sotilishini nazarda tutgan holda zarur tirajda va nomlarda sifatli zamonaviy darsliklar ishlab chiqilishi va bosib chiqarilishi samarali tashkil etilishini taʼminlasinlar.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-dekabrdagi PF-5892-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)
10. Moliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazining oliy taʼlim muassasalarining akademik litseylarga oʻqituvchilik faoliyatiga mehnatga soatbay haq toʻlash shartlarida jalb etiladigan professor-oʻqituvchilar tarkibi mehnatiga soatbay haq toʻlash miqdorlarini oliy taʼlim muassasalari talabalari bilan oʻquv mashgʻulotlari olib borilganligi uchun mehnatga soatbay haq toʻlash miqdorlariga tenglashtirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetini shakllantirishda uning parametrlarida ushbu qarorni bajarish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplashga “Maorif” tarmogʻi boʻyicha ajratiladigan mablagʻlar doirasida zarur mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar ushbu qaror qoidalariga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxodjayev zimmalariga yuklansin.
 LexUZ sharhi
Ushbu qaror “Xalq soʻzi” gazetasining 2017-yil 16-martdagi 53 (6747)-sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 14-mart,
PQ-2829-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-martdagi PQ-2829-son qaroriga
1-ILOVA
2017/2018 oʻquv yilidan boshlab tugatilayotgan moddiy-texnika va oʻquv-pedagogik bazasi nisbatan past darajali akademik litseylar
ROʻYXATI

T/r

Tugatilayotgan akademik litseylar nomi

Tashkil etilgan yili

Oʻquvchilar kontingenti

1.

Andijon tibbiyot instituti huzuridagi 2-son akademik litsey

2006-yil

547

2.

Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti huzuridagi 2-son akademik litsey

2006-yil

173

3.

Samarqand qishloq xoʻjaligi instituti huzuridagi 2-son akademik litsey

2006-yil

300

4.

Toshkent avtomobil yoʻllarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti huzuridagi akademik litsey

1999-yil

307

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-martdagi PQ-2829-son qaroriga
2-ILOVA
Bosqichma-bosqich kasb-hunar kollejlariga aylantiriladigan akademik litseylar
soni

T/r

Hududlar

Kasb-hunar kollejlariga aylantiriladigan akademik litseylar soni

Shu jumladan oʻquv yillari boʻyicha

2017/2018

2018/2019

2019/2020

1.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi

5

1

2

2

2.

Andijon viloyati

6

2

2

2

3.

Buxoro viloyati

4

2

1

1

4.

Jizzax viloyati

2

1

0

1

5.

Qashqadaryo viloyati

4

1

1

2

6.

Namangan viloyati

5

1

2

2

7.

Samarqand viloyati

3

1

1

1

8.

Sirdaryo viloyati

2

1

1

0

9.

Surxondaryo viloyati

4

1

1

2

10.

Toshkent viloyati

5

2

2

1

11.

Fargʻona viloyati

7

3

2

2

12.

Xorazm viloyati

3

1

1

1

13.

Toshkent shahri

4

1

2

1

Jami

54

18

18

18

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-martdagi PQ-2829-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻquv jarayoni samaradorligini yanada oshirish va akademik litseylar bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi koʻrsatkichini oshirish
CHORA-TADBIRLARI DASTURI
Oldingi tahrirga qarang.

T/r

Tadbirning nomi

Bajarish muddatlari

Masʼul ijrochi

1.

Akademik litseylarga biriktirilgan oliy taʼlim muassasalarida ish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tayyorlash va belgilangan tartibda tasdiqlash. Nizom quyidagilar boʻyicha oliy taʼlim muassasalarining funksiyalarini qayta koʻrib chiqish va kuchaytirishni nazarda tutadi:

akademik litseylar oʻquvchilari va oʻqituvchilarining biriktirilgan oliy taʼlim muassasalarining moddiy va axborot resurslaridan keng foydalanishini taʼminlash (aniq mexanizmi);

oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilar tarkibini akademik litseylarda oʻquv-tarbiya jarayonini tashkil etishga keng jalb etish;

akademik litseylardagi oʻquv jarayonini ilmiy-metodik olib borish;

har bir akademik litseyda oʻquvchilarning ijodiy salohiyatini namoyon qilish va faollashtirishga koʻmaklashuvchi, har bir oʻquvchining individual xususiyatlarini hisobga olgan holda bilimlar olish boʻyicha mustaqil faoliyat koʻnikmasini shakllantiruvchi va rivojlantiruvchi taʼlim sifatini tubdan yaxshilashni, ilgʻor pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, elektron taʼlim resurslarini va multimedia oʻqitish tizimlarini keng joriy etishni nazarda tutuvchi taʼlim muhitini yaratish;

akademik litseylar oʻqituvchilarini oliy taʼlim muassasalarining kafedralariga va tajribali oʻqituvchilariga biriktirish yoʻli bilan ular ustidan patronajni tashkil etish;

oliy taʼlim muassasalari Kengashlari majlislarida oʻquvchilarning oʻzlashtirishi masalalarini tanqidiy tahlil qilish va akademik litseylarda taʼlim jarayonini takomillashtirish.

2017-yil aprel

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar, Oʻrta maxsus,
kasb-hunar taʼlimi markazi, oliy taʼlim muassasalari

2.

Oʻquv jarayonini tashkil etishda oliy taʼlim muassasalarining akademik litseylarga koʻmaklashishi samaradorligi monitoringini olib borish va baholash mezonlari tartibini quyidagilarni hisobga olgan holda ishlab chiqish hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining buyrugʻi bilan tasdiqlash, bunda:

biriktirilgan oliy taʼlim muassasalari moddiy va axborot resurslarining akademik litseylar taʼlim jarayoniga jalb etilganligi darajasi;

oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilar tarkibining akademik litseylarning oʻquv jarayonida ishtiroki darajasi;

akademik litseylar oʻqituvchilarining sifat tarkibini takomillashtirish;

taʼlim jarayonining sifatini oshirish;

oʻquvchilarning joriy oʻzlashtirishi hamda pirovard natijalari (olimpiadalar, tanlovlarda qatnashish natijalari, bitiruvchilarning oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi koʻrsatkichi va shu kabilar).

2017-yil aprel

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar, Oʻrta maxsus,
kasb-hunar taʼlimi markazi, oliy taʼlim muassasalari

3.

Akademik litseylar oʻqituvchilarining professional va pedagogik mahoratini oshirish va ularning faoliyatini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari kompleksini ishlab chiqish hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining buyrugʻi bilan tasdiqlash, bunda:

taʼlim jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, xorijiy tillarni qoʻllash asoslari boʻyicha trening va seminarlar oʻtkazish;

oliy taʼlim muassasalarining yetakchi professor-oʻqituvchilar tarkibi tomonidan mahorat darslari oʻtkazilishi;

akademik litseylarning oʻqituvchilariga amaliy ilmiy-metodik yordam berish;

yuqori natijalarga erishgan oʻqituvchilarni ragʻbatlantirish tizimini ishlab chiqish.

Kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish — 2017-yil may

Amalga oshirish 2017 — 2021-yillar

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar, Oʻrta maxsus,
kasb-hunar taʼlimi markazi, oliy taʼlim muassasalari

4.

Akademik litseylarda taʼlimning maʼnaviy-axloqiy mazmunini takomillashtirishga va oʻquvchi yoshlar orasida olib boriladigan tarbiyaviy tadbirlarning natijalarini oshirishga yoʻnaltirilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining buyrugʻi bilan tasdiqlash.

Kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish — 2017 may

Amalga oshirish 2017 — 2021-yillar

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻrta maxsus,
kasb-hunar taʼlimi markazi
, manfaatdor vazirlik va idoralar, Yoshlar ittifoqi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi

5.

Hududlarni va iqtisodiyot tarmoqlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning istiqbolli ustuvor yoʻnalishlarini hisobga olgan holda 54 ta akademik litseyni bosqichma-bosqich kasb-hunar kollejlariga aylantirish boʻyicha takliflar kiritish:

2017/2018 oʻquv yilida 18 ta akademik litsey;

2018/2019 oʻquv yilida 18 ta akademik litsey;

2019/2020 oʻquv yilida 18 ta akademik litsey.

Har yili 10-martgacha

Mehnat vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar, Oʻrta maxsus,
kasb-hunar taʼlimi markazi,
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari

6.

Akademik litseylarni oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida qayta taqsimlash va akademik litseylarni nomlashni (raqamlashni) har yili ularning bir qismini kasb-hunar kollejiga aylantirgandan keyin muvofiq holatga keltirish.

Har yili 1-sentabrgacha

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻrta maxsus,
kasb-hunar taʼlimi markazi

7.

Tugatilayotgan 4 ta akademik litseyning binolari, inshootlari va yer uchastkalaridan keyinchalik oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimi ehtiyojlari uchun foydalanish yuzasidan takliflar kiritish.

Har yili 1-avgustgacha

Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi, manfaatdor vazirlik va idoralar, Andijon, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahri hokimliklari

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-sentabrdagi PF-5194-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2017-y., 06/17/5194/0032-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-martdagi PQ-2829-son qaroriga
4-ILOVA
Akademik litseylar bitiruvchilariga beriladigan ayrim mutaxassisliklar
ROʻYXATI

Taʼlim yoʻnalishi

Mutaxassisliklar nomi

Aniq fanlar

1. Maʼlumotlar bazasi operatori

2. Elektron hujjatlarni qayta ishlash, raqamlash va saqlash boʻyicha mutaxassis

3. Xorijiy matn bilan ishlovchi mashinistka

4. Texnik-dasturchi

5. Texnik-tizimli maʼmur

6. Ruxsatnomalar byurosi inspektori

Tabiiy fanlar

1. Laborant (yoʻnalishlar boʻyicha)

2. Ofis-menejer

3. Texnik-kimyogar

4. Dezinfektor

5. Ruxsatnomalar byurosi inspektori

6. Ish yurituvchi kotiba

Ijtimoiy-gumanitar fanlar

1. Arxivarius

2. Ish yurituvchi

3. Ofis-menejer

4. Kutubxonachi (oʻrta malakali)

5. Navbatchi maʼmur

6. Ruxsatnomalar byurosi inspektori

7. Kotiba

8. Ish yurituvchi kotiba

Xorijiy tillar

1. Turagent (turizm boʻyicha mutaxassis)

2. Xorijiy matn bilan ishlovchi mashinistka

3. Ofis-menejer

4. Ish yurituvchi

5. Navbatchi maʼmur

6. Ruxsatnomalar byurosi inspektori

7. Kotiba

8. Ish yurituvchi kotiba

Madaniyat va sanʼat

1. Orkestr artisti

2. Xor artisti

3. Akkompaniator

4. Duxovoy orkestr artisti

5. Xalq cholgʻu asboblari orkestri artisti

6. Simfonik orkestr artisti

7. Vokal-instrumental ansambl artisti

Oldingi tahrirga qarang.
Izoh: Akademik litseylar bitiruvchilariga beriladigan ayrim mutaxassisliklar roʻyxatiga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishgan holda Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim markazi tomonidan tuzatish kiritilishi mumkin.
(izoh Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-oktabrdagi PF-5204-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2017-y., 06/17/5204/0114-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga
SHARH

Mamlakatimizda istiqlolning dastlabki yillaridan boshlab taʼlim-tarbiya tizimini rivojlantirish davlat siyosati darajasiga koʻtarilib, farzandlarimizning jahon andozalariga mos sharoitlarda zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashlari, jismoniy va maʼnaviy jihatdan yetuk insonlar boʻlib voyaga yetishlarini taʼminlash, ularning qobiliyat va isteʼdodi, intellektual salohiyatini roʻyobga chiqarish, yoshlarimiz qalbida ona yurtga sadoqat va fidoyilik tuygʻularini kamol toptirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuni va Kadrlar tayyorlash milliy dasturining maqsad va vazifalari hayotga izchil joriy etilishi natijasida yurtimizda 1 ming 500 dan ziyod oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari barpo etildi.

Mamlakatimizdagi 1411 ta kasb-hunar kollejlarida yoshlarimiz bir nechta ixtisoslik boʻyicha zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallab kelmoqda.

Shuningdek, oliy taʼlim muassasalari qoshida 144 ta akademik litsey tashkil etilgan boʻlib, ularda aniq, tabiiy, ijtimoiy-gumanitar fanlar, xorijiy tillar hamda madaniyat va sanʼat yoʻnalishlari boʻyicha, yangi pedagogik va informatsion texnologiyalar asosida zamonaviy oʻquv-laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlangan kabinetlarda yosh avlodga puxta bilim berilmoqda. Ushbu maskanlarni har yili oʻrtacha 35 ming nafar yigit-qiz bitirib chiqmoqda.

Akademik litseylarning faoliyatini ular joylashgan hududning demografik, iqtisodiy va boshqa omillarini hamda bitiruvchilarning oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish natijalari nuqtai nazaridan olib borilgan tahlillar bu sohadagi ishlarning qoniqarli emasligini koʻrsatmoqda. Hozirgi paytga kelib akademik litseylar sonini optimallashtirish, ulardagi taʼlim sifatini oshirish va mazmunini yangilash, ularni bitirib chiqayotgan yoshlarning oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish koʻrsatkichlarini tubdan yaxshilash boʻyicha qator chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurati paydo boʻlmoqda.

Mazkur sohadagi mavjud muammolarni hal etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror akademik litseylarda oʻquv jarayonining sifati va samaradorligini oshirish, bu maskanlarda taʼlim berish uchun umumtaʼlim maktablarining eng qobiliyatli bitiruvchilarini saralab olish, yoshlarning oʻzlari tanlagan kasb va mutaxassisliklarni egallashga boʻlgan orzu-intilishlariga erishmogʻi uchun yanada keng sharoitlar yaratish kabi aniq maqsadlarga yoʻnaltirilgan boʻlib, unda quyidagi aniq vazifalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan:

bugungi kunda moddiy-texnik va oʻquv-metodik bazasi zamonaviy talablarga javob bermaydigan 4 ta akademik litsey faoliyati tugatiladi hamda oliy taʼlim muassasalaridan uzoqda joylashgan, taʼlim sifati va bitiruvchilarining institut va universitetlarga oʻqishga kirish koʻrsatkichlari past boʻlgan 54 ta akademik litsey bosqichma-bosqich kasb-hunar kollejlariga aylantiriladi;

investitsiya dasturi loyihasi va qurilishlarning manzilli roʻyxatlarini shakllantirishda akademik litseylar negizida tashkil etiladigan kasb-hunar kollejlari uchun yangi oʻquv ustaxonalari qurish uchun mablagʻlar ajratishga alohida eʼtibor qaratiladi;

kasb-hunar kollejlariga aylantirilayotgan akademik litseylarning 2 va 3-bosqich oʻquvchilari oʻqishni tugatgach, yaqin hududda joylashgan, taʼlim yoʻnalishi oʻxshash boʻlgan akademik litseylarda yakuniy davlat attestatsiyasini topshiradi va davlat namunasidagi akademik litsey bitiruvchisi diplomini oladi;

oliy taʼlim muassasalarining yuqori malakali professor-oʻqituvchilarini akademik litseylarda dars berishga kengroq jalb qilish maqsadida akademik litseylardagi oʻqituvchilik faoliyatiga soatbay haq toʻlash miqdori oliy taʼlim muassasalarida mehnatga soatbay haq toʻlash miqdoriga tenglashtiriladi;

taʼlimning uzluksizlik va uzviylik tamoyillariga rioya qilgan holda iqtidorli oʻquvchilar bilan ish olib borish doirasida ayrim fanlar chuqur oʻqitiladigan ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktablari bilan akademik litseylar oʻrtasida oʻzaro taʼsirchan hamkorlik mexanizmi yoʻlga qoʻyiladi.

Akademik litseylarda taʼlim sifatini oshirish, taʼlim jarayoniga ilgʻor pedagogik usullar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, elektron taʼlim resurslari va multimedia taqdimotlarini keng tatbiq qilish va buning uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida:

oʻquv guruhlari tarkibi 26 nafar oʻquvchidan ortiq boʻlmagan tarzda shakllantiriladi;

chuqurlashtirib oʻqitiladigan fanlar (taʼlim yoʻnalishlari) boʻyicha amaliy, laboratoriya va seminar mashgʻulotlari guruhlarga boʻlingan tarzda, yaʼni ikkita kichik guruhda oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyiladi;

pedagoglar tarkibi oliy maʼlumotli va kamida 5 yillik uzluksiz pedagogik ish stajiga ega boʻlgan malakali oʻqituvchilar orasidan tanlov asosida shakllantiriladi.

Yana bir muhim yangilik shundan iboratki, akademik litseylar direktorligi uchun nomzodlar akademik litseylar biriktirilgan oliy taʼlim muassasalari rektorlari tomonidan tavsiya etilishi belgilanmoqda.

2017/2018 oʻquv yilidan boshlab akademik litseylar oʻquvchilarini umumtaʼlim fanlari boʻyicha darsliklar bilan taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasining mablagʻlari hisobidan ijara tizimi asosida amalga oshiriladi. Kam taʼminlangan oilalar farzandlari umumtaʼlim fanlari boʻyicha darsliklar bilan budjet mablagʻlari hisobidan bepul taʼminlanadi.

Yana bir muhim jihati shundaki, qarorda akademik litseylar bitiruvchilariga aniq mutaxassisliklar boʻyicha bilim va koʻnikmalar berish koʻzda tutilgan boʻlib, taʼlim jarayoni yakuniga yetganidan soʻng ularga davlat namunasidagi sertifikat beriladi.

Qarorda taʼlim jarayoni sifatini oshirish va akademik litseylar bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasalarida oʻqishni davom ettirishi uchun alohida chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Unda:

akademik litsey oʻquvchilarining biriktirilgan oliy taʼlim muassasalari axborot-resurs markazlari va boshqa moddiy-texnik bazasidan foydalanish imkoniyatini kengaytirish;

har bir akademik litseyda oʻquvchilarning individual qobiliyatidan kelib chiqib, ilgʻor pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, elektron taʼlim resurslari, oʻquvchilarning ijodiy va mustaqil izlanishlariga yoʻnaltirilgan dasturlarni ishlab chiqish;

oliy taʼlim muassasalarining tajribali professor-oʻqituvchilarini akademik litseylarning pedagog kadrlariga patronaj sifatida biriktirish;

oliy taʼlim muassasalari faoliyatiga baho berishda ular tomonidan taʼlim samaradorligini oshirish boʻyicha akademik litseylar bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlarga alohida eʼtibor qaratish nazarda tutilgan. Bu borada seminar-treninglar tashkil etish, taʼlim jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish, xorijiy tillarni oʻzlashtirish, tajribali professor-oʻqituvchilar ishtirokida doimiy mahorat darslarini oʻtkazish, akademik litsey oʻqituvchilariga ilmiy-uslubiy yordam koʻrsatish boʻyicha olib borilayotgan ishlarni baholash mezonlarini ishlab chiqish kabi masalalar qamrab olingan.

Bundan tashqari, qarorda akademik litseylar negizida bosqichma-bosqich tashkil etilayotgan kasb-hunar kollejlari uchun zarur ustaxonalarni barpo etish va jihozlash, shuningdek, soatbay asosida akademik litseylarda faoliyat koʻrsatuvchi professor-oʻqituvchilarning oylik maoshini oshirish uchun Davlat budjetidan zarur mablagʻlar ajratilishi koʻzda tutilgan.

Bir soʻz bilan aytganda, qarorda koʻzda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida akademik litseylarda oʻqitish sifati va samaradorligini yanada oshirish, iqtidorli yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va maqsadli taʼlimga yoʻnaltirish, farzandlarimizning tanlangan mutaxa?sisliklarni puxta egallashlari uchun zarur sharoitlarni yaratishga keng imkoniyatlar ochiladi.

(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 11-son, 156-modda, 37-son, 982-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2017-y., 06/17/5194/0032-son; 16.10.2017-y., 06/17/5204/0114-son, 05.07.2019-y., 06/19/5759/3385-son, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2022-y., 07/22/241/0408-son)