Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi plenumining
Qarori
Oldingi tahrirga qarang.
Iqtisodiy sudlar tomonidan qurilish pudrati shartnomasidan kelib chiqadigan nizolarni hal etishda qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Iqtisodiy sudlar tomonidan qurilish pudrati shartnomasidan kelib chiqadigan munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlarini toʻgʻri va bir xilda qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 47-moddasiga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudining Plenumi qaror qiladi:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
1. Qurilish pudrati shartnomasidan kelib chiqadigan nizolarni hal etishda iqtisodiy sudlar (bundan buyon matnda sudlar deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda FK deb yuritiladi), Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi), “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni va boshqa qonun hujjatlari, shuningdek shaharsozlik normalari va qoidalarini qoʻllashi lozim.
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Sudlarning eʼtibori qaratilsinki, buyurtmachining maqomidan yoki moliyalashtirish shartlaridan kelib chiqib (masalan, markazlashtirilgan manbalar, davlat boshqaruv organlari va davlat korxonalari mablagʻlari, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan obyektlarning qurilishida), qurilish pudrati shartnomasidan kelib chiqadigan nizolarni hal etishda alohida normativ-huquqiy hujjatlarning qoidalari ham qoʻllaniladi.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qarori tahririda)
2. Qurilish pudrati shartnomasi buyurtmachi va pudratchi oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy hujjat hisoblanadi.
2.1. Qurilish pudrati shartnomasining shartlarini baholashda sudlar FK 364-moddasining birinchi qismiga muvofiq, agar taraflar oʻrtasida shartnomaning barcha muhim shartlari yuzasidan shunday hollarda talab qilinadigan shaklda kelishuvga erishilgan boʻlsa, shartnoma tuzilgan deb hisoblanishini inobatga olishlari lozim. Shu munosabat bilan, agar qurilish pudrati shartnomasida muhim shartlar nazarda tutilmagan boʻlsa hamda ushbu shartlarni belgilash imkoniyati boʻlmasa, bunday shartnoma tuzilmagan deb hisoblanadi. Bu holatda sudlar nizoni hal etishda shartnomadan tashqari majburiyatlarni tartibga soluvchi qoidalarni qoʻllashlari lozim.
Sudlarning eʼtibori tuzilmagan shartnomaning haqiqiy boʻlmagan bitimdan farqlanishiga va tuzilmagan shartnoma haqiqiy boʻlmagan bitimning oqibatlarini keltirib chiqarmasligiga qaratilsin.
2.2. Shartnomada muhim shartlarning mavjudligi yoki mavjud emasligi sud tomonidan qurilish pudrati shartnomasidan kelib chiqadigan nizolarni hal etishda aniqlanadi. Bunda, shartnomada muhim shartlar mavjud emasligi haqidagi oʻzining vajlarini nizoning tarafi daʼvo arizasida yoki daʼvo arizasi yuzasidan bildirilgan yozma fikrida keltirishi mumkin.
Agar ishni koʻrish jarayonida shartnomada bunday shartlarning mavjud emasligi aniqlansa, sud nizo yuzasidan qurilish ishlarini bajarishda rasmiylashtirilgan hujjatlar asosida qaror qabul qiladi va uning asoslantiruvchi qismida qurilish pudrati shartnomasi tuzilmaganligini koʻrsatib oʻtadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Sudlar shuni eʼtiborga olishi kerakki, shartnoma tuzilmaganligi toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qilinmaydi, faqat bu haqda hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida koʻrsatiladi. Shunga koʻra, shartnomani tuzilmagan deb topish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qilinsa, bunday daʼvo arizasini qabul qilish IPK 154-moddasi birinchi qismining 1-bandiga mos holda rad etiladi, agar daʼvo arizasi ish yuritishga qabul qilingan boʻlsa, ish yuritish IPK 110-moddasining 1-bandiga asosan tugatiladi.
(2.2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
2.3. Sudlarning eʼtibori, qurilish pudrati shartnomasida muhim shartlarning mavjud boʻlmaganligi va shunga koʻra shartnoma tuzilmagan deb hisoblanishi, agar bunday ishlarning bajarilganligi holati taqdim etilgan dalillar bilan isbotlansa, bajarilgan ishlar qiymatini undirish toʻgʻrisidagi talabni rad etishga asos boʻlmasligiga qaratilsin. Biroq, bunday qurilish pudrati shartnomasi shartlari va (yoki) qonun hujjatlarida nazarda tutilgan javobgarlik chorasini (neustoyka, foizlar undirish, zararni qoplash) qoʻllash toʻgʻrisidagi talabni qanoatlantirish rad etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu qoida davlat xaridi tartib-taomillariga zid tuzilgan shartnomalarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
(2.3-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksi 122-moddasining uchinchi qismiga muvofiq, budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning budjetdan ajratiladigan mablagʻlar boʻyicha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchilar bilan tuzgan shartnomalari, shuningdek ularga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar ular gʻaznachilik boʻlinmalarida roʻyxatdan oʻtkazilganidan keyin kuchga kiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Agar qonun hujjatlarida qurilish pudrati shartnomasi faqat elektron doʻkon, tanlov, tender, yagona yetkazib beruvchi bilan amalga oshiriladigan davlat xaridlari natijalari asosida tuzilishi nazarda tutilgan boʻlib, shartnoma savdolar oʻtkazilmasdan tuzilgan boʻlsa, bunday bitim FKning 116-moddasiga asosan oʻz-oʻzidan haqiqiy emasdir.
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
Sudlar shuni inobatga olishlari lozimki, agar qonun hujjatlarida qurilish pudrati shartnomasini tuzishning majburiy sharti sifatida tanlov (tender) savdolari oʻtkazilishi nazarda tutilgan boʻlsa, bunday shartnoma shartlarini oʻzgartirish yuzasidan qoʻshimcha kelishuv tuzish uchun pudrat tashkilotini gʻolib deb topgan tanlov (tender) komissiyasining belgilangan tartibda koʻrib chiqilgan va rasmiylashtirilgan bayonnomasi asos boʻladi.
Agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, tanlov (tender) savdolari natijalari boʻyicha tuzilgan shartnoma shartlarini taraflarning kelishuvi bilan oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Tanlov (tender) savdolari natijalari yuzasidan tuzilgan shartnomaga taraflarning kelishuviga asosan kiritilgan oʻzgartirishlar oʻz-oʻzidan haqiqiy emas.
5. FKning 108 va 109-moddalari mazmuniga koʻra, qurilish pudrati shartnomasi oddiy yozma shaklda tuziladi va ushbu shaklga rioya qilmaslik uning haqiqiy emasligiga olib kelmaydi, biroq taraflarni bitimning tuzilganligini, mazmunini yoki bajarilganligini guvohlarning koʻrsatuvlari bilan tasdiqlash huquqidan mahrum qiladi. Bunda, agar qurilish pudrati shartnomasi yozma shaklda tuzilmagan boʻlsa, taraflar bitimning tuzilganligini, mazmunini yoki bajarilganligini yozma yoxud boshqa dalillar bilan tasdiqlashlari mumkin.
Shunga koʻra, qurilish ishlarini bajarish bilan bogʻliq nizoni hal etishda taraflar qurilish pudrati shartnomasini oddiy yozma shaklda tuzmagan holda huquqiy munosabatga kirishganligi aniqlansa, sudlar mazkur qarorning 2.3-bandida belgilangan qoidalarni qoʻllashlari lozim.
6. FK 670-moddasining toʻrtinchi qismiga muvofiq, pudratchi qurilish davomida loyiha-smeta hujjatlarida hisobga olinmagan ishlarni va shu munosabat bilan qoʻshimcha ishlarni bajarish va qurilishning smeta qiymatini oshirish zarurligini aniqlasa, bu toʻgʻrida buyurtmachiga xabar berishi shart.
6.1. Agar texnik hujjatlarga oʻzgartishlar kiritish tufayli bajarilishi kerak boʻladigan qoʻshimcha ishlar qiymati smetada koʻrsatilgan qurilish umumiy qiymatining oʻn foizidan oshib ketmasa va qurilish pudrati shartnomasida nazarda tutilgan ishlarning xususiyatini oʻzgartirmasa, pudratchining qoʻshimcha ishlar bajarilishi lozimligi toʻgʻrisidagi xabarini olgan va unga rozilik bergan buyurtmachi FK 671-moddasining birinchi qismiga muvofiq mustaqil ravishda loyiha-smeta hujjatlariga oʻzgartishlar kiritishga haqli. Bunday holatda pudratchining xabarnomasi va buyurtmachining loyiha-smeta hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha harakatlari taraflarning qoʻshimcha ishlar bajarilishi zarurligi boʻyicha kelishuvini anglatadi hamda bu masala boʻyicha qoʻshimcha kelishuv tuzilishi majburiy emas.
6.2. Agar qoʻshimcha ishlar qiymati smetada koʻrsatilgan qurilish umumiy qiymatining oʻn foizidan oshsa va buyurtmachi bunday ishlarni bajarishga rozi boʻlsa, loyiha-smeta hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish kelishuvga koʻra amalga oshiriladi va bu haqda taraflar tomonidan kelishuv rasmiylashtiriladi.
6.3. Agar pudratchi buyurtmachidan oʻn kun ichida (agar qonunda yoki qurilish pudrati shartnomasida buning uchun boshqa muddat nazarda tutilgan boʻlmasa) qoʻshimcha ishlar bajarish va qurilish smeta qiymatini oshirish zarurligi toʻgʻrisidagi oʻz xabariga javob olmagan taqdirda, u tegishli ishlarni toʻxtatishi shart. Mazkur holda, agar buyurtmachi qoʻshimcha ish bajarish zarurati yoʻqligini isbotlamasa, bekor turib qolish natijasida koʻrilgan zarar buyurtmachining zimmasiga yuklanadi.
Sudlar eʼtiborga olishlari lozimki, agar qoʻshimcha ishlar qiymati smetada koʻrsatilgan qurilish umumiy qiymatining oʻn foizidan oshmasa va buyurtmachi loyiha-smeta hujjatlariga tegishli oʻzgartish kiritishga qarshi boʻlsa, pudratchi shartnomadan bosh tortishga va bajargan ishlariga mutanosib ravishda shartnoma bahosini toʻlashni talab qilishga haqli.
Agar qoʻshimcha ishlar qiymati smetada koʻrsatilgan qurilish umumiy qiymatining oʻn foizidan oshsa va buyurtmachi loyiha-smeta hujjatlariga oʻzgartish kiritishga qarshi boʻlsa, pudratchi shartnomadan bosh tortishga va bajargan ishlariga mutanosib ravishda shartnoma bahosini toʻlashni yoxud FK 382-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan tartibda shartnoma bahosini qayta koʻrib chiqishni talab qilish huquqiga ega boʻladi. Bunda, qurilish pudrati shartnomasi tender savdosi natijasi boʻyicha tuzilgan boʻlsa va tender komissiyasi shartnomaga oʻzgartishlar kiritishni rad etsa, pudratchi shartnomadan voz kechish va buyurtmachidan yetkazilgan zararni talab qilish huquqiga ega boʻladi. Bu qoida buyurtmachi tomonidan tender komissiyasiga tegishli hujjatlar taqdim etilmagan hollarda ham qoʻllaniladi.
6.4. FK 670-moddasining oltinchi qismiga koʻra, agar pudratchi qurilish davomida loyiha-smeta hujjatlarida hisobga olinmagan aniqlangan ishlar toʻgʻrisida buyurtmachini xabardor qilmasa yoki tegishli ishlar bajarilishini toʻxtatmasa, u bajargan qoʻshimcha ishlar uchun buyurtmachidan haq toʻlashni va shu tufayli koʻrilgan zararni qoplashni talab qilish huquqidan mahrum boʻladi.
Shunga koʻra, agar sud tomonidan nizoni hal etishda pudratchi tomonidan FK 670-moddasining oltinchi qismida belgilangan talablarga rioya qilinmaganligi aniqlansa, pudratchining bajargan qoʻshimcha ishlar uchun haq toʻlash va shu tufayli koʻrilgan zararni qoplash haqidagi talablarini qanoatlantirish rad etiladi.
Sudlar eʼtiborga olishlari kerakki, agar pudratchi buyurtmachining manfaatini koʻzlab, xususan ishning toʻxtatilishi qurilish obyektining nobud boʻlishiga yoki shikastlanishiga olib kelishi mumkin boʻlganligi munosabati bilan darhol harakatlar qilish zarur boʻlganligini isbotlasa, pudratchining bajargan qoʻshimcha ishlar uchun haq toʻlash va shu tufayli koʻrilgan zararni qoplash haqidagi talablari qanoatlantiriladi. Bunda, buyurtmachining manfaatini koʻzlab darhol harakatlar qilish zarur boʻlganligini isbotlash majburiyati pudratchi zimmasida boʻladi.
Sudlarning eʼtibori qaratilsinki, agar pudratchi buyurtmachini qoʻshimcha ishlarni bajarish va qurilishning smeta qiymatini oshirish zarurligi toʻgʻrisida oldindan ogohlantirmagan, ammo buyurtmachi pudratchi tomonidan qoʻshimcha bajarilgan ishlarni qabul qilgan boʻlsa, bu holat buyurtmachining bunday ishlar haqini toʻlashga roziligini anglatmaydi.
6.5. Sudlar inobatga olishlari kerakki, FK 671-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan pudratchining loyiha-smeta hujjatlaridagi kamchiliklarni aniqlash va yoʻqotish bilan bogʻliq oqilona xarajatlarni qoplashni talab qilish huquqi loyiha-smeta hujjatlari faqat buyurtmachi tomonidan ishlab chiqilgandagina vujudga keladi.
7. Fuqarolik qonun hujjatlariga koʻra, pudratchi tomonidan shartnomaviy majburiyatlar bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda (FK 642-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlari, 650-moddasining uchinchi qismi) yoxud bunday holatdan qatʼi nazar (FK 642-moddasining toʻrtinchi qismi), buyurtmachi shartnomadan voz kechishga haqli.
Buyurtmachi shartnomadan voz kechganda u bu haqda pudratchini yozma shaklda xabardor qilishi shart.
Sudlarning eʼtibori FK 636-moddasining oltinchi qismida nazarda tutilgan buyurtmachining shartnomadan voz kechish huquqi qurilish pudrati shartnomasi ijro etilishida qoʻllanilmasligiga qaratilsin, chunki loyiha-smeta hujjatlarida hisobga olinmagan ishlar va buning natijasida qoʻshimcha ishlarni bajarish zaruriyati aniqlanganda, qurilish pudrati shartnomasi taraflarning oʻzaro munosabatlari bunday munosabatlarni tartibga soluvchi maxsus norma boʻlgan FKning 670 va 671-moddalari bilan tartibga solinadi.
7.1. FK 642-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq, agar pudratchi pudrat shartnomasini bajarishga oʻz vaqtida kirishmasa yoki ishni sust bajarishi natijasida uni belgilangan muddatda tugatish mumkin emasligi aniq boʻlib qolsa, buyurtmachi shartnomadan voz kechib, yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.
Sudlar eʼtiborga olishlari kerakki, buyurtmachining bunday asoslar bilan qurilish pudrati shartnomasidan voz kechishida, agar ish kechiktirib bajariladigan boʻlsa, buyurtmachi shartnomaga nisbatan oʻz qiziqishini yoʻqotganligini isbot qilishi lozim. Agarda buyurtmachi shartnomaga nisbatan oʻz qiziqishini yoʻqotganligini isbotlab berolmasa, yetkazilgan zararni qoplash haqidagi talabni qanoatlantirish rad etiladi.
7.2. FK 642-moddasi uchinchi qismining mazmuniga koʻra, agar ishni bajarish vaqtida uning tegishli darajada bajarilmasligi aniq boʻlib qolsa, buyurtmachi shartnomadan voz kechish va yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.
Bu holatda buyurtmachi pudratchiga kamchiliklarni yoʻqotish uchun oqilona muddat belgilanganligi va pudratchi belgilangan muddatda kamchiliklarni bartaraf etmaganligini isbotlashi lozim.
FK 650-moddasining uchinchi qismiga muvofiq, agar ishdagi pudrat shartnomasi shartlaridan chetga chiqishlar yoki boshqa xil kamchiliklar jiddiy va bartaraf etib boʻlmaydigan darajada boʻlsa yoxud aniqlangan kamchiliklar buyurtmachi tomonidan belgilangan oqilona muddatda bartaraf etilmagan boʻlsa, buyurtmachi shartnomani bajarishdan bosh tortishga va keltirilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.
Sudlarga tushuntirilsinki, agar ishdagi pudrat shartnomasi shartlaridan chetga chiqishlar yoki boshqa xil kamchiliklar jiddiy va bartaraf etib boʻlmaydigan darajada boʻlsa, buyurtmachi shartnomani bajarishdan bosh tortishga va keltirilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli. Agar ishdagi pudrat shartnomasi shartlaridan chetga chiqishlar yoki boshqa xil kamchiliklarni bartaraf etish mumkin boʻlsa va buyurtmachi pudratchidan belgilangan oqilona muddatda ularni bartaraf etishni talab qilgan boʻlsa, biroq ular pudratchi tomonidan bartaraf etilmagan hollardagina buyurtmachi shartnomani bajarishdan bosh tortishga va keltirilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.
7.3. Buyurtmachining zararni qoplash toʻgʻrisidagi talabini koʻrishda sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, zararga shartnoma majburiyatlari bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi munosabati bilan tarafning qilgan xarajatlari, mol-mulk yoʻqolishi yoki shikastlanishi, shuningdek agar ikkinchi taraf shartnoma majburiyatlarini bajarganda taraf olishi mumkin boʻlgan, lekin uning ololmay qolgan daromadlari, huquqi buzilgan shaxsning huquqini tiklash uchun qilgan yoki qilishi lozim boʻlgan xarajatlari ham kiradi (FK 14-moddasining ikkinchi qismi). Bunday xarajatlarning zaruriyligi va ularning taxminiy miqdori asoslantirilgan hisob-kitob va dalillar (ishdagi kamchiliklarni bartaraf etish xarajatlari smetasi yoki kalkulyatsiyasi, majburiyatlarni buzilganligi uchun javobgarlik darajasini belgilovchi shartnoma va h.k.) bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
Ololmay qolgan daromadning miqdori (boy berilgan foyda), agar majburiyat bajarilganida, buyurtmachi qilishi lozim boʻlgan oqilona xarajatlarni hisobga olib aniqlanishi lozim.
7.4. FK 642-moddasi toʻrtinchi qismining mazmuniga koʻra, buyurtmachi ish natijasi oʻziga topshirilgunga qadar istagan vaqtda shartnomadan voz kechishi mumkin.
Sudlarning eʼtibori, buyurtmachi bunday huquqdan, pudrat shartnomasida bu taqiqlanmagan boʻlsagina, foydalanishi mumkinligiga qaratilsin.
Buyurtmachi ushbu huquqdan foydalanganida, u pudratchiga shartnomadan voz kechganligi toʻgʻrisidagi ogohlantirish olingunga qadar bajarilgan ish haqini toʻlashi hamda pudratchiga shartnomaning bekor qilinishi tufayli yetkazilgan zararni qoplashi shart.
Bunda, zarar miqdori pudratchi tomonidan shartnomani bajarilishiga tayyorlanishida qilingan xarajatlar hamda shartnoma bekor qilinmaganida olishi mumkin boʻlgan, lekin ololmay qolgan daromadlari summasidan kelib chiqib aniqlanadi. Biroq, har qanday holatda ham, pudratchining zarari bajarilgan ishning bahosi bilan hamma ish uchun belgilangan baho oʻrtasidagi farq doirasida qoplanadi.
8. FKda pudratchining ham pudrat shartnomasidan bosh tortish huquqi nazarda tutilgan. Bunda, buyurtmachidan farqli ravishda pudratchi hech bir asossiz shartnomadan bosh tortishga haqli boʻlmay, u faqat qurilish pudrati shartnomasi shartlarining buyurtmachi tomonidan bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi holatlaridagina bunga haqlidir (FK 644-moddasining ikkinchi qismi va 672-moddasining uchinchi qismi).
Sudlarning eʼtibori pudratchining FK 643-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan shartnomadan voz kechish huquqi qurilish pudrati shartnomasini bajarilishida qoʻllanilmasligiga qaratilsin, chunki buyurtmachi tomonidan yetkazib berilgan materiallar (detallar, konstruksiyalar) yoki uskunalarning yaroqsizligi aniqlanganligi sababli vujudga kelgan oʻzaro munosabatlarni tartibga soluvchi qoidalar maxsus norma hisoblanadigan FKning 672-moddasida nazarda tutilgan.
8.1. FKning 256 va 644-moddalariga koʻra, agar buyurtmachi pudrat shartnomasi boʻyicha oʻzining muqobil majburiyatlarini bajarmasa (pudrat obyekti, materiallar va (yoki) texnik hujjatlarni bermaganligi yoxud ushbu majburiyatlarning belgilangan muddatda bajarilmasligini yaqqol koʻrsatib turganligi) yoki shartnomani bajarishiga toʻsqinlik qilsa, pudratchi shartnomani bajarishdan bosh tortishga va zararning qoplanishini talab qilishga haqli.
Sudlarga tushuntirilsinki, pudratchi mazkur huquqdan faqat pudrat shartnomasida bu taqiqlanmagan boʻlsagina, foydalanishi mumkin.
Sudlar inobatga olishlari kerakki, pudratchining zararni qoplash toʻgʻrisidagi talabini qanoatlantirishda zarar miqdori pudratchi tomonidan shartnomani bajarilishiga tayyorlanishida qilingan xarajatlar hamda shartnoma bekor qilinmaganida olishi mumkin boʻlgan, lekin ololmay qolgan daromadlari summasidan kelib chiqib aniqlanadi.
8.2. FKning 672-moddasida ham, agar qurilishni materiallar (detallar, konstruksiyalar) bilan taʼminlash majburiyatini buyurtmachi zimmasiga olgan va u topshirgan materiallardan, uskunalardan bajarilayotgan ishlar sifatini yomonlashtirmagan holda foydalanib boʻlmasa, pudratchi qurilish pudrati shartnomasidan voz kechish va buyurtmachidan ishning bajarilgan qismiga mutanosib ravishda shartnoma narxini toʻlashni talab qilishga haqli ekanligi nazarda tutilgan.
Pudratchining koʻrsatilgan asos boʻyicha shartnomadan voz kechishi bilan bogʻliq nizolarni koʻrishda, sudlar pudratchining buyurtmachiga u tomonidan taqdim etilgan material va uskunalarni almashtirish boʻyicha talab bildirilgan-bildirilmaganligini aniqlashlari lozim.
Sudlar eʼtiborga olishlari kerakki, bunday asos bilan shartnomadan voz kechganda pudratchi buyurtmachidan faqat ishning bajarilgan qismiga mutanosib ravishda shartnoma narxini toʻlashni talab qilishga haqli.
9. FKning 646 va 680-moddalariga koʻra, buyurtmachi bajarilgan ishni (uning natijasini) pudrat shartnomasida nazarda tutilgan muddatda va tartibda pudratchi ishtirokida koʻrib chiqishi va qabul qilishi shart boʻlib, bu haqda ikkala taraf tomonidan imzolanadigan dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
Taraflardan biri dalolatnomani imzolashdan bosh tortsa, bu toʻgʻrida ushbu dalolatnomaga yozib qoʻyiladi va dalolatnomani ikkinchi taraf imzolaydi. Sud dalolatnomani imzolashdan bosh tortish sabablarini asosli deb topsagina, ishlar natijasini topshirish yoki qabul qilishning bir taraflama dalolatnomasini haqiqiy emas deb topishi mumkin. Dalolatnomani imzolashdan bosh tortish asosli hisoblanadi, agar bosh tortishga quyidagilar sabab boʻlgan boʻlsa:
bajarilgan ishdan qurilish pudrati shartnomasida koʻrsatilgan maqsadda foydalanish imkoniyatini bermaydigan kamchiliklar borligi buyurtmachi tomonidan aniqlangan va ularni pudratchi, buyurtmachi yoki uchinchi shaxs bartaraf etishi mumkin boʻlmagan taqdirda;
qonunda yoki qurilish pudrati shartnomasida nazarda tutilgan yoki shartnoma yuzasidan bajariladigan ishning xususiyatidan kelib chiqqan hollarda pudratchi dastlabki sinovdan bosh tortgan taqdirda.
Oldingi tahrirga qarang.
Sudlar shuni eʼtiborga olishi kerakki, bir tomonlama topshirish yoki ishlar natijasini qabul qilish dalolatnomasini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qilinmaydi, faqat hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida bu haqda koʻrsatiladi. Shunga koʻra, pudrat shartnomasining taraflaridan biri sudga bir tomonlama dalolatnomani haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi bilan murojaat qilsa, bunday daʼvo arizasini qabul qilish IPK 154-moddasi birinchi qismining 1-bandiga mos holda rad etiladi, agar daʼvo arizasi ish yuritishga qabul qilingan boʻlsa, ish yuritish IPK 110-moddasining 1-bandiga asosan tugatiladi.
(9-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Taraflardan biri ishlar natijasini topshirish yoki qabul qilish dalolatnomasini imzolash majburiyatini yuklash haqidagi daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qilganda, bunday daʼvoni qanoatlantirish rad etiladi, chunki bir taraflama dalolatnoma ishlar bajarilganligini tasdiqlovchi dalil sifatida xizmat qilishi mumkin, agar sud ikkinchi tarafni dalolatnomani imzolashdan bosh tortishini asossiz deb topsa.
9.1. FK 646-moddasining qoidalariga koʻra, ishni qabul qilish vaqtida uning kamchiliklarini aniqlagan buyurtmachi bu kamchiliklar yoxud ularni tuzatish toʻgʻrisida keyinchalik talab qoʻyish mumkinligi dalolatnoma yoki qabul qilishni tasdiqlovchi boshqa hujjatda koʻrsatilgan hollardagina ularni vaj qilib keltirishga haqli. Pudrat shartnomasidan chekinishlar yoki ishni qabul qilishning oddiy usulida aniqlanishi mumkin boʻlmagan boshqa xil kamchiliklar (yashirin kamchiliklar), shu jumladan, pudratchi qasddan yashirgan kamchiliklar aniqlangan holatlar bundan mustasno.
Shu bois, dalolatnomada koʻrsatilmagan bajarilgan ishlarning kamchiligi boʻyicha nizo kelib chiqqan taqdirda, sudlar pudrat shartnomasidan chekinishlar yoki boshqa kamchiliklar ishni qabul qilishning oddiy usulida aniqlanishi mumkinligini, bu kamchiliklar pudratchi tomonidan qasddan yashirilmaganligini aniqlashlari lozim.
Agar bunday kamchiliklarni ishni qabul qilish paytida aniqlash mumkin boʻlganligi yoki ishlar buyurtmachi tomonidan tekshirmasdan qabul qilinganligi aniqlansa, buyurtmachining ishdagi bunday kamchiliklarga havola qilishi pudratchining bajarilgan ishlar haqini undirib berish toʻgʻrisidagi talabini qanoatlantirishni rad etish yoxud buyurtmachining ushbu kamchiliklar bilan bogʻliq talablarini qanoatlantirish uchun asos boʻlmaydi.
9.2. FK 646-moddasining toʻrtinchi qismiga muvofiq, buyurtmachi ish qabul qilib olinganidan soʻng unda pudrat shartnomasidan chekinishlar yoki ishni qabul qilishning oddiy usulida aniqlanishi mumkin boʻlmagan boshqa xil kamchiliklar (yashirin kamchiliklar)ni, shu jumladan, pudratchi qasddan yashirgan kamchiliklarni aniqlasa, ular aniqlanganidan soʻng oʻn kunlik muddat ichida bu toʻgʻrida pudratchiga xabar qilishi shart.
Shunga koʻra, bunday kamchiliklar yuzasidan nizo kelib chiqqan taqdirda, sudlar ushbu kamchiliklar buyurtmachi tomonidan qachon aniqlanganligini va pudratchi bu toʻgʻrida koʻrsatilgan muddatda xabardor qilinganligini aniqlashlari lozim.
Agar pudratchi oʻz vaqtida xabardor qilinmagan boʻlsa va koʻrsatilgan muddatning oʻtkazib yuborilganlik sababi sud tomonidan uzrsiz deb topilsa, buyurtmachining ishdagi bunday kamchiliklarga havola qilishi pudratchining bajarilgan ishlar haqini undirib berish talabini qanoatlantirishni rad etish yoxud buyurtmachining ushbu kamchiliklar bilan bogʻliq talablarini qanoatlantirish uchun asos boʻlmaydi.
Agar pudratchi ishdagi kamchiliklar toʻgʻrisida oʻz vaqtida xabardor qilingan boʻlsa hamda buyurtmachi va pudratchi oʻrtasida bunday kamchiliklar yuzasidan nizo kelib chiqsa, sud istagan tarafning talabi boʻyicha ekspertiza tayinlashi shart.
Bunda, sudlar eʼtiborga olishlari kerakki, agar ishdagi pudrat shartnomasidan chekinishlar yoki boshqa xil kamchiliklar ishni qabul qilishning oddiy usulida aniqlanishi mumkin boʻlib, bu kamchiliklar ishni qabul qilish dalolatnomasi yoki qabul qilinganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatda aks ettirilmagan yoxud ish buyurtmachi tomonidan tekshirmasdan qabul qilingan boʻlsa, FK 646-moddasi beshinchi qismining qoidalar qoʻllanilmaydi.
9.3. Qonunda yoki qurilish pudrati shartnomasida ish natijasini qabul qilib olishdan oldin dastlabki sinov oʻtkazilishi kerakligi nazarda tutilgan boʻlsa yoki shartnoma yuzasidan bajariladigan ishning xususiyatidan bu kelib chiqsa, ishlar natijasini topshirish va qabul qilish bunday sinov oʻtkazilmasdan amalga oshirilgan boʻlsa, pudratchining bajarilgan ishlar qiymatini undirish toʻgʻrisidagi talabini qanoatlantirish rad etiladi.
Agar buyurtmachi ish natijasi boʻyicha dastlabki sinov oʻtkazilishidan bosh tortsa, pudratchi tegishli tashkilotlar mutaxassislarini jalb etgan holda sinov oʻtkazishga haqli. Bu holda, sinov dalolatnomasida buyurtmachi sinov oʻtkazishdan bosh tortganligi toʻgʻrisida yozib qoʻyiladi.
10. Sudlarning eʼtibori qaratilsinki, FK 646-moddasining beshinchi qismida nazarda tutilgan ishlarning sifati yuzasidan nizo kelib chiqqan taqdirda, sud ekspertiza tayinlashi shartligidan farqli ravishda, fuqarolik qonun hujjatlari bajarilgan ishlarning hajmi boʻyicha kelib chiqqan nizolar boʻyicha sudning ekspertiza tayinlashga majbur ekanligini nazarda tutmaydi.
Shunga koʻra, agar ishlar natijasi buyurtmachi tomonidan qabul qilingan boʻlib, bu toʻgʻrisida tegishli topshirish va qabul qilish dalolatnomasi bilan rasmiylashtirilgan boʻlib, biroq keyinchalik bajarilgan ishlarning hajmidan norozi boʻlganligi sababli buyurtmachi tomonidan ishlar qiymati toʻlanmagan boʻlsa, sud manfaatdor tarafning arizasiga koʻra bajarilgan ishlarning hajmini aniqlash uchun ekspertiza tayinlashga haqlidir, agar buyurtmachi bajarilgan ishlarning hajmiga oid oʻz vajlarini tasdiqlovchi tegishli dalillarni taqdim etsa.
Agar bajarilgan ishlar va ularni qabul qilish holati tegishli hujjatlar bilan tasdiqlanmagan boʻlsa va buyurtmachi ularni qabul qilishni rad etish uchun bajarilgan ishlarning hajmidan norozi boʻlganligini vaj qilib keltirsa, sud manfaatdor tarafning arizasiga koʻra bajarilgan ishlarning hajmini aniqlash uchun ekspertiza tayinlashi shart.
Pudratchi tomonidan qoʻllanilgan baho yuzasidan nizo kelib chiqqanda, sudlar bajarilgan ishlar natijasini qabul qilish va topshirish dalolatnomasi mavjud yoki mavjud emasligidan qatʼi nazar, mazkur bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida belgilangan qoidalarga rioya qilishlari lozim.
11. Shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq, buyurtmachi qurilish ishlar bajarilishi ustidan texnik nazoratni amalga oshirish uchun oʻz vakilini tayinlashga haqli.
Buyurtmachi vakilligini tasdiqlovchi hujjat shartnomaga ilova qilinishi yoki alohida hujjat shaklida taqdim etilishi mumkin. Bunday hujjatda vakilning vakolatlari koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Sudlar inobatga olishlari kerakki, agar bajarilgan ishlar (qilingan xarajatlar) dalolatnomasi bunday hujjatni imzolashga vakolati mavjud boʻlmagan buyurtmachining vakili tomonidan imzolangan boʻlsa, ushbu dalolatnoma ishlar natijasi buyurtmachi tomonidan qabul qilinganligini anglatmaydi. Biroq, buyurtmachi ishlar natijasini topshirish va qabul qilish dalolatnomasini imzolashdan bosh tortsa va sud dalolatnomani imzolashdan bosh tortish sabablarini asossiz deb topsa, buyurtmachining vakili tomonidan imzolangan dalolatnoma pudratchi tomonidan bajarilgan ishlar (qilingan xarajatlar)ni tasdiqlovchi dalillardan biri sifatida qabul qilinishi mumkin.
12. FKning 667-moddasiga muvofiq, agar pudrat obyekti nobud boʻlsa yoki shikastlansa, obyekt qabul qilib olingunga qadar uning tasodifan nobud boʻlish yoki tasodifan shikastlanish xavfi pudratchi zimmasida boʻladi.
Biroq, sudlar inobatga olishlari kerakki, agar buyurtmachining obyektni (bajarilgan ishni) qabul qilishdan asossiz bosh tortishi obyektni (ishni) topshirishni kechiktirilishiga olib kelsa va obyektning tasodifan nobud boʻlishi yoki tasodifan shikastlanishi obyektni (ishni) qabul qilishi lozim boʻlgan paytdan keyin sodir etilgan boʻlsa, bu qoida qoʻllanilmaydi.
13. FK 682-moddasining birinchi qismiga koʻra, agar qonunda yoki shartnomada boshqacha kafolat muddati nazarda tutilgan boʻlmasa, kafolat muddati obyekt buyurtmachi tomonidan qabul qilingan kundan boshlab oʻn yilni tashkil etadi.
Sudlar kafolat muddatini hisoblashda shartnomada nazarda tutilgan kafolat muddati shaharsozlik normalari va qoidalarida belgilangan muddatdan kam boʻlmasligiga eʼtibor qaratishlari lozim.
Buyurtmachi kafolat muddati oʻtganidan keyin ham ishning kamchiliklari yuzasidan talab bildirishi mumkin, agar bunday kamchiliklar ishni bajarish paytida pudratchi tomonidan shaharsozlik normalari va qoidalari buzilishi natijasida roʻy berganligini isbotlasa.
14. Agar qurilish pudrati shartnomasida bajarilgan ish haqining bir qismini kafolat muddati tugaganidan keyin toʻlab berilishi nazarda tutilgan boʻlsa, pudratchi ushbu muddat tugagunga qadar bajarilgan ish haqini toʻliq hajmda toʻlab berishni talab qilish huquqiga ega emas.
Shunga koʻra, kafolat muddati tugaguniga qadar bajarilgan ishlarning haqini toʻliq undirish soʻralgan holda, sudlar pudratchining talabini kafolat muddati tugaganidan keyin toʻlanishi lozim boʻlgan summani chegirib tashlagan holda qanoatlantirishlari lozim.
15. Sudlar pudratchining tejami bilan bogʻliq nizolarni hal etishda, FKning 637-moddasiga koʻra, pudratchining amaldagi xarajatlari ish bahosini aniqlash vaqtida (smeta tuzilayotganda) nazarda tutilgan xarajatlardan kam boʻlgan hollarda, agar shartnomada taqsimlashning boshqa tartibi nazarda tutilmagan boʻlsa, basharti buyurtmachi pudratchining tejami bajarilgan ish sifatiga (shu jumladan, foydalanilgan qurilish materiallarining sifati, ishlarning shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiqligi) taʼsir etganligini isbotlay olmasa, pudratchi ishlar uchun pudrat shartnomasida koʻrsatilgan baho boʻyicha haq olish huquqini saqlab qolishiga eʼtibor qaratishlari lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 26-martdagi 135-sonli qarori bilan tasdiqlangan Obyekt muddatidan ilgari foydalanishga topshirilganligi va shartnoma qiymatiga nisbatan mablagʻlar tejalganligi uchun pudratchi tashkilotni buyurtmachi tomonidan mukofotlash tartibining 1.4-bandiga koʻra, shartnoma qiymatiga nisbatan mablagʻlar tejalishi tender savdolar asosida belgilangan shartnoma narxi bilan amaldagi xarajatlar oʻrtasidagi tafovut sifatida aniqlanadi. Ushbu mablagʻlar mukofot sifatida pudratchi tashkilot ixtiyorida qoladi.
Ushbu Tartibning 2.5-bandida qabul qilish komissiyasining obyekt muddatidan ilgari foydalanishga topshirilganligini belgilangan tartibda tasdiqlovchi dalolatnomasi obyekt muddatidan ilgari foydalanishga topshirilganligi uchun mukofotlashga mablagʻ oʻtkazish uchun asos hisoblanishi, 2.6-bandida esa - obyekt muddatidan ilgari foydalanishga topshirilganligi uchun ishlarni bajaruvchilarga mukofotlash mablagʻlarini oʻtkazish pudrat shartnomasida belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi belgilangan.
Shu bois, sudlar pudratchining tejami shartnomada nazarda tutilgan barcha pudrat ishlari bajarilganligidan soʻng aniqlanishi mumkinligi, pudratchining tejami bilan bogʻliq mablagʻlarni undirish toʻgʻrisidagi talab shartnomada nazarda tutilgan barcha pudrat ishlari bajarilgandan keyin qoʻyilishi mumkinligini inobatga olishlari lozim. Bunda, buyurtmachi pudratchining tejami bajarilgan ish sifatiga taʼsir etganligini isbotlay olmasa, bunday talab qanoatlantirilishi mumkin.
16. Agar pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, buyurtmachi tomonidan berilgan materiallar va uskunalar qoldigʻi pudratchi tomonidan qaytarilmaganda, buyurtmachi pudratchida qolgan material va uskunalarning qiymatini inobatga olgan holda bajarilgan ishlar uchun toʻlanadigan haq miqdorini kamaytirishga haqli.
17. Shartnomada buyurtmachining pudratchi tomonidan bajarilgan ishlarning qiymatidan neustoykani ushlab qolish huquqi nazarda tutilgan boʻlishi mumkin.
Agar shartnomada bunday shart mavjud boʻlib va buyurtmachi tomonidan bajarilgan ishlarning qiymatidan neustoyka ushlab qolingan boʻlsa, pudratchi buyurtmachi tomonidan neustoyka asossiz ushlab qolingan deb hisoblagan taqdirda, u ushlab qolingan pul mablagʻini undirish haqidagi talab bilan sudga murojaat qilish huquqiga ega.
18. Agar pudrat shartnomasi boʻyicha pudratchi majburiyatni bajarish muddatini kechiktirilishiga yoʻl qoʻysa, buyurtmachi kechiktirilgan har bir kun uchun penya undirish talabi bilan birga, majburiyatning bajarilmagan qismini bajarishni pudratchining zimmasiga yuklashni talab qilishga haqli.
Pudratchi qurilish pudrati shartnomasi boʻyicha oʻz majburiyatini kechiktirib bajarganligi uchun javob bermaydi, agar bunday kechiktirish buyurtmachining oʻz muqobil majburiyatlarini bajarilmagani natijasida yuzaga kelgan boʻlsa.
19. FKning 234 va 354-moddalariga koʻra, majburiyatlarning kelib chiqish asoslaridan biri shartnoma boʻlib, uning shartlari taraflarning xohishi bilan belgilanadi, tegishli shartning mazmuni qonun hujjatlarida koʻrsatib qoʻyilgan hollar bundan mustasno.
FK 673-moddasining birinchi qismiga muvofiq, buyurtmachi pudratchining bajargan ishi uchun smetada nazarda tutilgan miqdorda, qonun yoki qurilish pudrati shartnomasida belgilangan muddatda va tartibda haq toʻlaydi.
Shunga koʻra, sudlar eʼtiborga olishlari lozimki, yordamchi pudratchining bosh pudratchiga nisbatan bajarilgan ishlar haqini undirish toʻgʻrisidagi daʼvosi boʻyicha ishni koʻrish jarayonida, subpudrat shartnomasida bajarilgan ishlar haqi buyurtmachi tomonidan bosh pudratchiga pul mablagʻlari oʻtkazilganidan soʻng toʻlab berilishi belgilangan boʻlib, lekin pul mablagʻlari buyurtmachidan kelib tushmaganligi aniqlangan holda, bunday daʼvoni qanoatlantirish rad etiladi.
Agar shartnomada bunday shart nazarda tutilmagan hamda yordamchi pudratchi tomonidan bajarilgan ishlar haqini toʻlash muddati belgilanmagan boʻlsa, buyurtmachi tomonidan obyektni moliyalashtirish amalga oshirilmaganligi yordamchi pudratchining bosh pudratchidan bajarilgan ishlar haqini undirish talabini qanoatlantirishni rad qilish uchun asos boʻlmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
20. “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 9-moddasining 17-bandiga koʻra, davlat ehtiyojlari uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib berish shartnomalari boʻyicha sotib oluvchi hisoblangan davlat organlari va tashkilotlari yetkazib beruvchilar (pudratchilar) tomonidan shartnoma majburiyatlarining bajarilmaganligi bilan bogʻliq daʼvolar yuzasidan iqtisodiy sudlarda davlat boji toʻlovidan ozod qilingan.
(20-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
FK 457-moddasining birinchi qismiga muvofiq, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlanadigan, davlat budjeti va moliyalashning budjetdan tashqari manbalari hisobiga taʼminlanadigan Oʻzbekiston Respublikasining ehtiyojlari davlat ehtiyojlari deyiladi.
Sudlarning eʼtibori qaratilsinki, qurilish obyektini moliyalashtirish davlat budjeti va budjetdan tashqari manbalar hisobiga amalga oshirilishi yoki buyurtmachi boʻlib budjet tashkilotining hisoblanishi qurilish pudrati shartnomasining davlat ehtiyojlari uchun tuzilganligini anglatmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Shunga koʻra, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 9-moddasining 17-bandida nazarda tutilgan davlat boji toʻlashdan ozod qilish boʻyicha imtiyozni qoʻllashda sudlar qurilish pudrati shartnomasi boʻyicha bajarilgan ishlar Oʻzbekiston Respublikasining ehtiyoji ekanligini yoki bunday shartnoma buyurtmachining shaxsiy ehtiyoji uchun yoxud oddiy xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish jarayonida tuzilganligini aniqlashlari lozim. Xususan, davlat dasturi doirasida yoki davlatning mudofaa manfaatida bajarilgan qurilish ishlari davlat ehtiyojlari uchun qurilish pudrati shartnomasi boʻyicha bajarilgan ishlar deb hisoblanadi, aksincha davlat organlari va tashkilotlari buyurtmalari boʻyicha ularning oddiy xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish jarayonida foydalanishi uchun bino va inshootlar qurilishi (yoki ularni taʼmirlanishi) boʻyicha bajarilgan ishlar (masalan, u yoki bu vazirlik yoxud idora hududiy boshqarmasi binosining qurilishi) bunday ishlar deb hisoblanmaydi.
(20-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
21. Qurilish pudrati shartnomalaridan kelib chiqadigan nizolarni koʻrish vaqtida tashkilotlar, davlat organlari va boshqa organlar, mansabdor shaxslar yoki masʼul xodimlar faoliyatida qonun hujjatlari buzilgan yoxud tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga toʻsqinlik qilingan holatlar mavjudligi aniqlangan taqdirda, sudlar qonuniylikni mustahkamlash va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan choralarni koʻrishlari lozim.
Oliy xoʻjalik sudi raisi K. KAMILOV
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining kotibi, sudya I. ALIMOV
Toshkent sh.,
2016-yil 23-dekabr,
306-son