Norasmiy tarjima
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Davlat ulushi ustuvor boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruvni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Iqtisodiyot raqobatbardoshligining yanada oʻsishini taʼminlash, davlat ulushiga ega aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruvning iqtisodiy samarali mexanizmlarini kengaytirish, ular faoliyatini tashkil etish va boshqarishning xalqaro standartlari asosida ularning shaffofligi va hisobdorligini taʼminlash maqsadida, shuningdek, respublikada amalga oshirilayotgan Iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy oʻzgartirish va diversifikatsiyalash dasturining asosiy yoʻnalishlaridan kelib chiqib:
1. Iqtisodiyot va infratuzilmani rivojlantirishda strategik oʻringa va ahamiyatga ega davlat ulushi ishtirokidagi korxonalar aksiyadorlik jamiyati shaklida saqlab qolinsin va ularning faoliyati korporativ boshqaruvning xalqaro standartlariga, shu jumladan faoliyatining shaffofligi, ijro organining qatʼiy hisobdorligi va boshqaruv tizimining samaradorligiga qoʻyiladigan talablarga qatʼiy muvofiq holda taʼminlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyaga qarshi kurash va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining:
oddiy aksiyalari toʻliq holda davlatga tegishli boʻlgan strategik aksiyadorlik jamiyatlari roʻyxatini 1-ilovaga muvofiq tasdiqlash;
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi va “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasini 2016-2017-yillarda aksiyadorlik jamiyatlariga aylantirish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.
3. Quyidagilar davlat ulushi ustuvor boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruvning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
barcha jamiyatlarda Korporativ boshqaruv kodeksining meʼyorlari va qoidalarini, birinchi navbatda, faoliyatning shaffofligi va ijro organining hisobdorligi boʻyicha talablarni jamiyat faoliyatining oʻziga xosligi va sohaviy ixtisoslashuvini hisobga olgan holda joriy etish;
ishlab chiqarishni doimiy ravishda modernizatsiya qilish va yangilash, yuqori texnologiyali, tashqi bozorda raqobatbardosh, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega tovarlar va xizmatlarni ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan zamonaviy texnologik va investitsiyaviy siyosatni ishlab chiqish va yuritish;
yillik moliyaviy, shu jumladan nufuzli xalqaro kompaniyalar tomonidan mustaqil tashqi auditdan majburiy tartibda oʻtkazilishi lozim boʻlgan jamlangan hisobotlarni moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlariga muvofiq tuzish;
xalqaro standartlarga muvofiq, ijro organi faoliyatining samaradorligi ustidan ichki va tashqi nazoratni, Kuzatuv kengashi va aksiyadorlar oldida uning hisobdorligini taʼminlash;
investitsiyalar, bozor samaradorligiga erishish, foydalilik va yuqori dividend daromadliligining aniq maqsadli moʻljallarini tasdiqlash;
yillik hisobotlarni, xalqaro amaliyotga muvofiq majburiy oshkor etilishi lozim boʻlgan muhim voqealar toʻgʻrisidagi va boshqa axborotlarni majburiy tartibda, shu jumladan Internet tarmogʻida eʼlon qilish, zarur hollarda, davlat sirlarini va belgilangan tartibda qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirlarning saqlanishini taʼminlash;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat sirlari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
aksiyadorlik jamiyatlari rahbar va boshqaruv xodimlarining, kuzatuv kengashlari aʼzolarining, menejerlari va mutaxassislarning kasbiy darajasini doimiy oshirib borish.
4. “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi va “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasini aksiyadorlik jamiyatlariga aylantirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi komissiya 2-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
5. Belgilansinki:
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat unitar korxonalari va davlat muassasalari, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasiga tegishli boʻlgan aksiyalar aksiyadorlik jamiyatlari ustav kapitalidagi davlat ulushi hisoblanadi;
xoʻjalik boshqaruvi organlariga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan aksiyalar aksiyadorlik jamiyatlari ustav kapitalidagi davlat ulushi hisoblanmaydi, shuningdek, qonunchilik bilan ularni tasarruf etish va boshqa shaxsga oʻtkazish mexanizmi boʻyicha qoʻshimcha talablar oʻrnatilishi mumkin.
1-ilovada koʻrsatilgan aksiyadorlik jamiyatlariga davlatga tegishli boʻlmagan oddiy aksiyalarni imtiyozli aksiyalarga aylantirishga ruxsat berilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyaga qarshi kurash va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Adliya vazirligi:
davlat unitar korxonalari faqat Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida tashkil etilishi boʻyicha talablarga qatʼiy rioya etilishini taʼminlasin;
boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari, moliya vaziri R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 17-oktabr,
PQ-2635-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 17-oktabrdagi PQ-2635-son qaroriga
1-ILOVA
Oddiy aksiyalari toʻliq holda davlatga tegishli boʻlgan
STRATEGIK AKSIYADORLIK JAMIYATLARI ROʻYXATI
1. “Oʻzbekneftgaz” MXK
2. “Oʻzbekenergo” AJ
3. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ
4. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” AJ
6. “Oʻzbektelekom” AJ
7. “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ
8. “Olmaliq kon metallurgiya kombinati” AJ
9. “Xalq banki” ATB
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 17-oktabrdagi PQ-2635-son qaroriga
2-ILOVA
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi va “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasini aksiyadorlik jamiyatlariga aylantirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi komissiya
TARKIBI

R.S. Azimov

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari, moliya vaziri, Komissiya rahbari

G.K. Saidova

iqtisodiyot vaziri, Komissiya rahbarining oʻrinbosari

D.A. Xidoyatov

Davlat raqobat qoʻmitasi raisi, Komissiya rahbarining oʻrinbosari

U.J. Sunnatov

Bosh prokuror oʻrinbosari

kelishuv boʻyicha

Milliy xavfsizlik xizmati raisining oʻrinbosari

F.X. Bakiyev

Vazirlar Mahkamasining Makroiqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy oʻzgartirishlar, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va hududlarni kompleks rivojlantirish masalalari yigʻma ATD mudiri

N.E. Maksumov

Vazirlar Mahkamasining Kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari ATD mudiri

R.M. Mamadaliyev

Vazirlar Mahkamasining Geologiya, yoqilgʻi-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari ATD mudiri

M.M. Ikramov

adliya vaziri

S.A. Arabov

“Davergeodezkadastr” qoʻmitasi raisi

I.B. Turamuratov

Davlat geologiya qoʻmitasi raisi

M.M. Mirzayev

moliya vazirining oʻrinbosari

A.A. Yuldashev

Davlat soliq qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari

A.R. Toxtayev

Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari

S.S. Xodjayev

Markaziy bank raisining birinchi oʻrinbosari

K.S. Sanakulov

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” bosh direktori

V.N. Tyan

“Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK bosh direktori

S.X. Gafarov

Davlat raqobat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari, Komissiya raisi.