Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 23.07.2026
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar toʻgʻrisida
(qonun nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 17-maydagi OʻRQ-770-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son)
Qonunchilik palatasi tomonidan 2016-yil 6-oktabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2016-yil 12-oktabrda maʼqullangan
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekistan Respublikasining 2026-yil 23-iyuldagi OʻRQ-1159-sonli “Ijtimoiy ish toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar (bundan buyon matnda ijtimoiy xizmatlar deb yuritiladi) sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
(1-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 17-maydagi OʻRQ-770-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son)
2-modda. Ijtimoiy xizmatlar toʻgʻrisidagi qonunchilik
Ijtimoiy xizmatlar toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-iyundagi PF-82-sonli “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonining 1- ilovasi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy xizmatlar toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Ijtimoiy xizmatlarning asosiy prinsiplari
Ijtimoiy xizmatlarning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
inson huquqlariga rioya etish;
insonparvarlik;
erkin foydalanish;
profilaktik yoʻnaltirilganlik;
aniq yoʻnaltirilganlik va individual yondashuv;
ixtiyoriylik.
4-modda. Ijtimoiy xizmatlar sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
Ijtimoiy xizmatlar sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash;
ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxslarni aniqlash va hisobga olish hamda ularga ushbu xizmatlar koʻrsatilishini tashkil etish;
ijtimoiy xizmatlar oluvchilarning oila va jamiyat bilan aloqalarini saqlash, ularning qulay muhitda boʻlishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
davlat organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash;
ijtimoiy xizmatlar standartlariga rioya etilishini taʼminlash;
ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Qonunining 3-moddasi.
5-modda. Ijtimoiy xizmatlar
Ijtimoiy xizmatlar shaxsning turmushi sifatini oshirishga, unga jamiyat hayotida ishtirok etishning boshqa fuqarolar bilan teng boʻlgan imkoniyatlarini yaratishga va (yoki) oʻzining asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda taʼminlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan xizmatlarga muhtoj shaxsga yordam koʻrsatish boʻyicha huquqiy, iqtisodiy, psixologik, taʼlimga oid, tibbiy, reabilitatsiya chora-tadbirlari va boshqa chora-tadbirlar majmuidir.
6-modda. Aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari
Qonunchilikda belgilangan tartibda ijtimoiy xizmatlarga muhtoj deb topilgan shaxslar, shu jumladan:
(6-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 96-moddasining ikkinchi qismi.
oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar va yolgʻiz yashovchi keksalar;
I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar, nogironligi boʻlgan bolalar;
(6-moddaning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 17-maydagi OʻRQ-770-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son)
muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan fuqarolar;
ijtimoiy ahamiyatga molik kasalliklarga chalingan shaxslar;
yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalaridir.
2-bob. Ijtimoiy xizmatlar sohasidagi organlar va tashkilotlar
7-modda. Ijtimoiy xizmatlar sohasidagi organlar va tashkilotlar tizimi
Ijtimoiy xizmatlar sohasidagi organlar va tashkilotlar tizimiga quyidagilar kiradi:
davlat boshqaruvi organlari;
mahalliy davlat hokimiyati organlari;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari;
nodavlat notijorat tashkilotlari;
ijtimoiy xizmatlar koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-iyundagi PF-82-sonli “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonining 1-ilovasi.
8-modda. Davlat boshqaruvi organlarining ijtimoiy xizmatlar sohasidagi vakolatlari
Davlat boshqaruvi organlari oʻz vakolatlari doirasida:
ijtimoiy xizmatlar sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiradi;
ijtimoiy xizmatlar sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqadi va ularni amalga oshirishda ishtirok etadi;
ijtimoiy xizmatlar standartlarini ishlab chiqadi;
ijtimoiy xizmatlar monitoringi yuritilishini taʼminlaydi;
ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxslarni aniqlaydi va ularning hisobini yuritadi, ularga tegishli ijtimoiy xizmatlar koʻrsatadi;
aholini ijtimoiy xizmatlar va bunday xizmatlar koʻrsatish shartlari toʻgʻrisida xabardor qiladi;
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarining ijtimoiy xizmatlarga boʻlgan ehtiyojlari tahlilini oʻtkazadi;
ijtimoiy xizmatlar sohasidagi organlar va tashkilotlarning faoliyatini takomillashtirish boʻyicha choralar koʻradi;
ijtimoiy xizmatlar sohasida ilmiy tadqiqotlar oʻtkazilishini, mutaxassislar tayyorlanishi, qayta tayyorlanishi va ularning malakasi oshirilishini tashkil etadi;
ijtimoiy xizmatlar sohasidagi oʻziga qarashli tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
ijtimoiy xizmatlar sohasidagi boshqa organlar va tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
Davlat boshqaruvi organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(8-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
9-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining ijtimoiy xizmatlar sohasidagi vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati organlari oʻz vakolatlari doirasida:
ijtimoiy xizmatlar sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiradi;
ijtimoiy xizmatlar sohasidagi davlat dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etadi;
ijtimoiy xizmatlar sohasidagi hududiy dasturlarni ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va amalga oshiradi;
ijtimoiy xizmatlar monitoringi yuritilishini taʼminlaydi;
ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxslarni aniqlaydi va ularning hisobini yuritadi, ularga tegishli ijtimoiy xizmatlar koʻrsatadi;
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarining ijtimoiy xizmatlarga boʻlgan ehtiyojlari tahlilini oʻtkazadi;
ijtimoiy xizmatlar sohasidagi davlat boshqaruvining hududiy organlari faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
ijtimoiy xizmatlar sohasidagi boshqa organlar va tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(9-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
10-modda. Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining ijtimoiy xizmatlar sohasidagi vakolatlari
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari oʻz vakolatlari doirasida:
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini qoʻllab-quvvatlashga doir chora-tadbirlarni amalga oshiradi, ushbu maqsadlar uchun markazlashtirilgan holda ajratiladigan davlat mablagʻlaridan qonunchilikda belgilangan tartibda maqsadli va samarali foydalanilishini taʼminlaydi;
(10-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
boshqa organlar va tashkilotlar bilan birgalikda ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxslarni aniqlaydi;
ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxslarning hisobini yuritadi;
boshqa organlar va tashkilotlarni, homiylarni, boshqa shaxslarni va resurslarni ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishga jalb qilishga doir chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxslar qabulini amalga oshiradi, ularning arizalari, takliflari va shikoyatlarini koʻrib chiqadi, tegishli axborotni va zarur maʼlumotnomalarni taqdim etadi;
fuqarolar yigʻinining ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash komissiyasi faoliyatini taʼminlaydi;
ijtimoiy xizmatlar sohasidagi tegishli organlar va tashkilotlarning faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;
ijtimoiy xizmatlar sohasidagi boshqa organlar va tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 2-bobi.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(10-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
11-modda. Nodavlat notijorat tashkilotlarining ijtimoiy xizmatlar sohasidagi ishtiroki
Nodavlat notijorat tashkilotlari:
ijtimoiy xizmatlar sohasidagi davlat dasturlari va loyihalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etishi;
ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxslarni aniqlashi va ularning hisobini yuritishi;
ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishi yoki ijtimoiy xizmatlar koʻrsatilishiga koʻmaklashishi;
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarining ijtimoiy xizmatlarga boʻlgan ehtiyojlarini aniqlash yuzasidan tadqiqotlar oʻtkazishi;
ijtimoiy xizmatlar sohasidagi tegishli organlar va tashkilotlarning faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi;
ijtimoiy xizmatlar sohasidagi davlat ijtimoiy buyurtmalarini, subsidiyalarini, grantlarini olishi;
davlat xaridlari, korporativ xaridlar va boshqa xaridlar boʻyicha tenderlarda (tanlovlarda) va birja savdolarida ishtirok etishi, shuningdek qonunchilikda belgilangan tartibda ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish uchun davlat tomonidan moliyalashtirishning boshqa shakllarini olishi;
(11-modda birinchi qismining sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
ijtimoiy xizmatlar koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari bilan ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish, ijtimoiy xizmatlar sohasida boshqa ishlarni bajarish yoki loyihalarni amalga oshirish uchun shartnomalar tuzishi mumkin.
Nodavlat notijorat tashkilotlari qonunchilikka muvofiq boshqa chora-tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
(11-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
12-modda. Ijtimoiy xizmatlar koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlarining ishtiroki
Ijtimoiy xizmatlar koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari:
ijtimoiy xizmatlar sohasidagi davlat dasturlari va loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etishi;
ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxslarni aniqlashi va ularning hisobini yuritishi;
ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishi, shu jumladan internat, tibbiy-ijtimoiy va taʼlim-tarbiya muassasalarini tashkil etish yoʻli bilan ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishi, shuningdek ijtimoiy xizmatlar koʻrsatilishiga koʻmaklashishi;
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarining ijtimoiy xizmatlarga boʻlgan ehtiyojlarini aniqlash yuzasidan tadqiqotlar oʻtkazishi;
davlat xaridlari, korporativ xaridlar va boshqa xaridlar boʻyicha tenderlarda (tanlovlarda) va birja savdolarida ishtirok etishi;
ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish, ijtimoiy xizmatlar sohasida boshqa ishlarni bajarish yoki loyihalarni amalga oshirish uchun shartnomalar tuzishi mumkin.
Ijtimoiy xizmatlar koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari qonunchilikka muvofiq boshqa chora-tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
(12-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-bob. Ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish shakllari va turlari
13-modda. Ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish shakllari
Ijtimoiy xizmatlar quyidagi shakllarda koʻrsatiladi:
ijtimoiy kuzatuv va maslahat berish xizmatlari;
uyda parvarishlash boʻyicha ijtimoiy xizmatlar;
kunduzi va (yoki) qisqa muddat boʻlish muassasalaridagi ijtimoiy xizmatlar;
internat muassasalaridagi ijtimoiy xizmatlar.
14-modda. Ijtimoiy kuzatuv va maslahat berish xizmatlari
Ijtimoiy kuzatuv va maslahat berish xizmatlari quyidagi turlarni oʻz ichiga oladi:
ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish masalalari boʻyicha maslahatlar berish, ijtimoiy xizmatlar koʻrsatuvchi tegishli organlar va tashkilotlarga yuborish;
ishga joylashishda koʻmaklashish;
homiylik va vasiylikni belgilashda, farzandlikka olishda, yetim bolalarni va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni oilada tarbiyalashga (patronat), bolalar internati muassasalariga qabul qilishda koʻmaklashish;
bolalar internati muassasalari tarbiyalanuvchisini oilaga qabul qilishga ota-onalarni yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarni tayyorlash;
uy-joy-maishiy jihatdan joylashishda va moddiy yordam olishda koʻmaklashish;
protez-ortopediya buyumlarini va reabilitatsiya texnik vositalarini olishda koʻmaklashish.
Ijtimoiy kuzatuv va maslahat berish xizmatlari qonunchilikka muvofiq boshqa turlarni ham oʻz ichiga olishi mumkin.
(14-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
15-modda. Uyda parvarishlash boʻyicha ijtimoiy xizmatlar
Uyda parvarishlash boʻyicha ijtimoiy xizmatlar quyidagi turlarni oʻz ichiga oladi:
maishiy xizmat koʻrsatish, shu jumladan oziq-ovqat mahsulotlarini, gigiyena tovarlarini, dori vositalarini va tibbiy buyumlarni xarid qilish hamda uyga yetkazib berish;
(15-moddaning birinchi qismi ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 13-iyundagi OʻRQ-436-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 24-son, 487-modda)
ovqat tayyorlashda, xonalarni yigʻishtirish-tozalashda, shaxsiy gigiyena tadbirlarini amalga oshirishda koʻmaklashish;
zarur tibbiy yordam koʻrsatilishida koʻmaklashish, tibbiy koʻrsatmalarga koʻra protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan taʼminlash.
Uyda parvarishlash boʻyicha ijtimoiy xizmatlar qonunchilikka muvofiq boshqa turlarni ham oʻz ichiga olishi mumkin.
(15-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
16-modda. Kunduzi va (yoki) qisqa muddat boʻlish muassasalaridagi ijtimoiy xizmatlar
Kunduzi va (yoki) qisqa muddat boʻlish muassasalaridagi ijtimoiy xizmatlar quyidagi turlarni oʻz ichiga oladi:
ijtimoiy xizmatlar oluvchilarga oʻziga oʻzi xizmat koʻrsatish, mustaqil ravishda harakatlanish va moʻljal olish, muomala qilish, oʻz xulq-atvorini nazorat qilish koʻnikmalarini, oʻqish yoki mehnat faoliyati uchun zarur boʻlgan koʻnikmalarni oʻrgatish, shu jumladan reabilitatsiya texnik vositalaridan foydalanishni oʻrgatish;
oila aʼzolariga yoki boshqa qonuniy vakillariga sogʻligʻining holatida buzilishlar mavjud boʻlgan, nogiron shaxslarni parvarishlash, ular bilan muomalada boʻlish koʻnikmalarini va uy sharoitida ularni reabilitatsiya qilish asoslarini oʻrgatish;
ota-onalarga yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarga bolalarni, shu jumladan oilaga tarbiyaga qabul qilinadigan (patronat) yetim bolalarni va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni, farzandlikka olinadigan bolalarni parvarishlash va tarbiyalash koʻnikmalarini oʻrgatish;
ijtimoiy xizmatlarni oluvchilar uchun psixologik va ijtimoiy-pedagogik maslahatlar berish.
Kunduzi va (yoki) qisqa muddat boʻlish muassasalaridagi ijtimoiy xizmatlar qonunchilikka muvofiq boshqa turlarni ham oʻz ichiga olishi mumkin.
(16-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
17-modda. Internat muassasalaridagi ijtimoiy xizmatlar
Internat muassasalaridagi ijtimoiy xizmatlar quyidagi turlarni oʻz ichiga oladi:
muntazam ravishda parvarishlashni taʼminlash, maishiy xizmat koʻrsatish, mebeli, ashyo-anjomlari, koʻrpa-yostigʻi boʻlgan qulay xona berish, kiyim-bosh va poyabzal, boshqa eng zarur buyumlar bilan taʼminlash, yoshi va sogʻligʻining holatini inobatga olgan holda ovqatlanishni tashkil etish;
birinchi tibbiy yordam koʻrsatish, dispanser koʻrigidan oʻtkazish, zarur boʻlgan hollarda statsionarda davolanish uchun yuborish, tibbiy koʻrsatmalarga koʻra dori vositalari, protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan taʼminlash;
maxsus psixologik-pedagogik yordam koʻrsatish, hayotiy koʻnikmalarni rivojlantirish;
qiziqishlarni shakllantirish va rivojlantirish uchun boʻsh vaqtni, klub va toʻgaraklar ishini tashkil etish;
shaxslarning internat muassasalaridan chiqishi va ularning mustaqil hayot kechirishi yoki oilada yashashi uchun sharoitlar yaratish.
Internat muassasalaridagi ijtimoiy xizmatlar qonunchilikka muvofiq boshqa turlarni ham oʻz ichiga olishi mumkin.
(17-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
4-bob. Ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish
18-modda. Ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishni tashkil etish
Ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishni tashkil etish quyidagi bosqichlarni oʻz ichiga oladi:
ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxslarni aniqlash;
ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxslarning turmushi holatini baholash;
ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish (zarur boʻlgan hollarda);
ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturi monitoringi.
19-modda. Ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxslarni aniqlash
Ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxslarni aniqlash:
uyma-uy yurish chogʻida;
jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan berilgan axborot asosida;
ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxs mustaqil ravishda murojaat etganda amalga oshiriladi.
20-modda. Ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxslarning turmushi holatini baholash
Ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxslarning turmushi holatini baholash ijtimoiy xizmatlar koʻrsatuvchi tegishli organlar va tashkilotlar tomonidan oʻtkaziladi.
Ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxsning turmushi holatini baholashdan oʻtkazish uchun mazkur shaxsning yoki uning qonuniy vakilining yozma arizasi asos boʻladi.
Ijtimoiy xizmatlarni oluvchilar yoki ularning qonuniy vakillari ijtimoiy xizmatlarga muhtojligi va ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish shartlari toʻgʻrisida qaror qabul qilinishi uchun ahamiyatga ega boʻlgan axborotni taqdim etishi shart va ular taqdim etilgan axborotning toʻgʻriligi uchun javobgar boʻladi.
Ijtimoiy xizmatlar koʻrsatuvchi organlar va tashkilotlar ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxsning turmushi holatini baholash natijalariga koʻra shaxsni ijtimoiy xizmatlarga muhtoj deb topish toʻgʻrisida yoki ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishga doir arizani rad etish haqida qaror qabul qiladi.
Shaxsni ijtimoiy xizmatlarga muhtoj deb topish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda shaxs ijtimoiy xizmatlarni oluvchilar roʻyxatiga kiritiladi va unga maslahatlar beriladi, zarur boʻlgan hollarda, ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturi ishlab chiqiladi yoki tegishli hujjatlar ijtimoiy xizmatlar koʻrsatuvchi boshqa vakolatli organlar va tashkilotlarga yuboriladi.
21-modda. Ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish
Ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturini ishlab chiqish uchun ijtimoiy xizmatlarga muhtoj shaxsning turmushi holatini baholash natijalari asos boʻladi.
Ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturini ishlab chiqish ijtimoiy xizmatlar koʻrsatuvchi organlar va tashkilotlar mutaxassislari tomonidan amalga oshiriladi.
Ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturi ijtimoiy xizmatlar shakllari, turlari, ularning hajmi, davriyligini, bunday xizmatlar koʻrsatish shartlari va muddatlarini, shuningdek masʼul shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi.
Ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturi ijtimoiy xizmatlarni oluvchi yoki uning qonuniy vakili ishtirokida ishlab chiqiladi.
Ijtimoiy xizmatlarni oluvchi yoki uning qonuniy vakili ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturiga muvofiq beriladigan ijtimoiy xizmatlarni olishdan toʻliq yoki qisman voz kechishga haqli.
Ijtimoiy xizmatlarni oluvchi yoki uning qonuniy vakili ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturini bajarishdan yozma ravishda toʻliq yoki qisman voz kechgan taqdirda, ijtimoiy xizmatlar koʻrsatuvchi organlar va tashkilotlar ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturi yoki uning bir qismi bajarilmaganligi uchun javobgar boʻlmaydi.
Ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturida koʻrsatilgan axborot maxfiydir va u ijtimoiy xizmatlarni oluvchining yoki uning qonuniy vakilining yozma roziligisiz tarqatilishi mumkin emas.
22-modda. Ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturi monitoringi
Ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturi monitoringi ijtimoiy xizmatlar samaradorligini aniqlash, yakka tartibdagi dasturni qayta koʻrib chiqish yoki uni tugatish maqsadida amalga oshiriladi.
Ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturini qayta koʻrib chiqish ijtimoiy xizmatlar oluvchining turmushi holati oʻzgarishi munosabati bilan amalga oshiriladi.
Ijtimoiy xizmatlarni oluvchilar yoki ularning qonuniy vakillari ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishga ehtiyoj tugʻdiradigan turmush holatidagi oʻzgarishlar toʻgʻrisida ijtimoiy xizmatlar koʻrsatuvchi organlar va tashkilotlarni oʻz vaqtida xabardor qilishi shart.
Ijtimoiy xizmatlarning yakka tartibdagi dasturi tugatilishi uchun quyidagilar asos boʻladi:
ijtimoiy xizmatlarni oluvchining turmushi holatini yengib oʻtganligi;
ijtimoiy xizmatlarni oluvchining bunday xizmatlarni olishni rad etganligi;
ijtimoiy xizmatlarni oluvchining boshqa yashash joyiga koʻchib oʻtganligi;
ijtimoiy xizmatlarni oluvchining vafot etganligi;
notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar aniqlanganligi;
ijtimoiy xizmatlarni oluvchining qamoqqa olinganligi;
ijtimoiy xizmatlarni oluvchining oilaviy holati oʻzgarganligi oqibatida uning turmushi holati yaxshilanganligi;
ijtimoiy xizmatlarni oluvchining yashash joyida uzoq muddat boʻlmaganligi.
5-bob. Ijtimoiy xizmatlar sohasidagi monitoring, baholash, davlat va jamoatchilik nazorati
23-modda. Ijtimoiy xizmatlar monitoringi va ularni baholash
Ijtimoiy xizmatlar monitoringi davlat boshqaruvi organlari tomonidan tasdiqlangan hamda ijtimoiy xizmatlar koʻrsatuvchi boshqa organlar va tashkilotlar faoliyati samaradorligini tavsiflovchi koʻrsatkichlar asosida axborot yigʻishning doimiy va tizimli jarayonidan iboratdir.
Ijtimoiy xizmatlar monitoringi natijasida olingan ochiq maʼlumotlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga joylashtiriladi.
Ijtimoiy xizmatlarni baholash ijtimoiy xizmatlar toʻgʻrisidagi qonunchilikning ijrosini, koʻrsatilayotgan ijtimoiy xizmatlarning sifati, samaradorligi va bexatarligini ijtimoiy xizmatlarning standartlari asosida tahlil qilishdan iboratdir.
Ijtimoiy xizmatlar monitoringini va ularni baholashni davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek qonunchilikka muvofiq boshqa davlat organlari amalga oshiradi.
(23-moddaning uchinchi va toʻrtinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
24-modda. Ijtimoiy xizmatlar sohasidagi davlat nazorati
Ijtimoiy xizmatlar sohasidagi davlat nazorati qonunchilikda belgilangan tartibda davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek boshqa davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
(24-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi, “Prokuratura toʻgʻrisida”gi qonunlari.
25-modda. Ijtimoiy xizmatlar sohasidagi jamoatchilik nazorati
Ijtimoiy xizmatlar sohasidagi jamoatchilik nazoratini nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari qonunchilikka muvofiq amalga oshirishi mumkin.
(25-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasi.
Davlat organlari va tashkilotlari jamoatchilik nazorati oʻtkazilishiga koʻmaklashishi shart.
Jamoatchilik nazorati natijalari ijtimoiy xizmatlar sohasidagi tegishli davlat organlari va tashkilotlari tomonidan koʻrib chiqilishi shart.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
26-modda. Ijtimoiy xizmatlarni moliyalashtirish
Ijtimoiy xizmatlarni moliyalashtirish manbalari quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari;
qonunchilikda belgilangan tartibda ijtimoiy xizmatlar amalga oshirilishida olinadigan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(26-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
27-modda. Nizolarni hal etish
Ijtimoiy xizmatlar sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(27-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
28-modda. Ijtimoiy xizmatlar toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Ijtimoiy xizmatlar toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(28-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
29-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(29-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
30-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran olti oy oʻtgach kuchga kiradi.
 LexUZ sharhi
Ushbu Qonun “Xalq soʻzi” gazetasining 2016-yil 27-dekabrdagi 255 (6690)-sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 26-dekabr,
OʻRQ-415-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 52-son, 596-modda; 2017-y., 24-son, 487-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son)