|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 10.11.2025
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“FUQAROLARNING BANKLARDAGI OMONATLARINI HIMOYALASH KAFOLATLARI TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNINI AMALGA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi tashkil etilsin.
Belgilab qoʻyilsinki:
Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi yuridik shaxs hisoblanadi va banklar bilan tuzilgan yozma bitimlar asosida faoliyat koʻrsatadi;
Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondining mol-mulki banklarning majburiy badallari, mablagʻlarni joylashtirishdan olingan daromadlar, shuningdek qonunchilikka muvofiq boshqa tushumlar hisobiga shakllantiriladi.
(1-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
2. Quyidagilar:
Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;
Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi kuzatuv kengashining shaxsiy tarkibi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*2-ilova berilmaydi.
Belgilansinki, Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondining kuzatuv kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda ularning lavozimiga yangidan tayinlangan shaxslar uning tarkibiga kiritiladi.
3. Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi ijro etuvchi organining tuzilmasi shtatdagi xodimlarining cheklangan soni 5 nafardan iborat boʻlgan holda (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari) 3-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
4. Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi ikki oy muddatda tijorat banklari bilan tegishli yozma bitimlar tuzilishini taʼminlasin.
Belgilansinki, yangidan tashkil etiladigan tijorat banklari Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi bilan bank operatsiyalari oʻtkazish huquqini beruvchi litsenziya olingan kundan boshlab bir oydan kechikmay yozma bitimlar tuzishlari shart.
5. Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondining kuzatuv kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan birgalikda bir oy muddatda:
tijorat banklari tomonidan Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondiga majburiy badallar toʻlash va maʼlumotlar taqdim etish tartibini tasdiqlasin;
Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi ijro etuvchi organini joylashtirish, uni oʻz funksiyalarini bajarish uchun zarur texnika va aloqa vositalari bilan jihozlash chora-tadbirlarini koʻrsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 19-sentabr,
326-son
Vazirlar Mahkamasining
2002-yil 19-sentabrdagi 326-son qaroriga
1-ILOVA
2002-yil 19-sentabrdagi 326-son qaroriga
1-ILOVA
Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi (bundan buyon matnda “Fond” deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet ellik fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning (bundan buyon matnda “fuqarolar” deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi banklaridagi omonatlarini himoyalashni taʼminlash maqsadida “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq tashkil etilgan.
2. Fond oʻz faoliyatida “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”, “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, boshqa qonunchilik hujjatlariga, shuningdek mazkur Nizomga amal qiladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
3. Fond yuridik shaxs hisoblanadi, oʻz balansiga, oʻz ramzi tasviri tushirilgan va nomi yozilgan muhrga, shtamplarga, blankalarga egadir.
4. Fondning ustav sarmoyasi tijorat banklarining bir yoʻla toʻlanadigan majburiy badallari hisobiga shakllantiriladi.
5. Fond oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻzining butun mol-mulki bilan javob beradi.
II. Fond mol-mulkini shakllantirish manbalari
6. Fondning mol-mulki banklarning majburiy badallari, mablagʻlar qoʻyishdan olingan daromadlar, shuningdek qonunchilikka muvofiq boshqa tushumlar hisobiga shakllantiriladi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
7. Bir yoʻla toʻlanadigan va kalendar badallar banklarning Fondga toʻlaydigan majburiy badallari hisoblanadi.
Bankning Fondga bir yoʻla toʻlaydigan badali bankning amalda shakllangan ustav sarmoyasi miqdorining 0,1 foizini tashkil etadi.
Kalendar badal banklar tomonidan yilning har choragida Fondga oʻtkaziladigan pul mablagʻlaridan iborat boʻladi. Kalendar badallarning miqdori “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq kafolatlanishi lozim boʻlgan fuqarolar omonatlarining amaldagi qoldigʻiga qarab yil choragi uchun Fondning kuzatuv kengashi tomonidan belgilangan miqdorda belgilanadi, biroq u omonatlar umumiy summasining 0,5 foizidan koʻp boʻlmasligi kerak.
8. Toʻlangan kalendar badallar summasi bankdagi omonatlar qoldiqlari umumiy summasining 5 foiziga yetganda banklar tomonidan kalendar badallarni toʻlash toʻxtatiladi. Fuqarolarning bankdagi omonatlari qoldiqlari umumiy summasi oʻzgarganda, Fondga toʻlangan kalendar badallarining summasi qayta hisoblab chiqilishi kerak.
9. Fondning pul mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida saqlanadi.
III. Fondning maqsadi va faoliyatining asosiy yoʻnalishlari
10. “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan shartlarda va hajmda bank operatsiyalarini amalga oshirish huquqi uchun bank litsenziyasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan chaqirib olingan taqdirda fuqarolarning banklardagi omonatlari boʻyicha kafolatli haq toʻlash Fond faoliyatining maqsadi hisoblanadi.
11. Fuqarolarning banklardagi omonatlari boʻyicha Fond tomonidan kafolatli haq toʻlanishi bank qayta tashkil etilishi munosabati bilan litsenziya chaqirib olingan taqdirda joriy etilmaydi.
12. Quyidagilar Fond faoliyatining asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
fuqarolarning omonatlari boʻyicha haq toʻlanishini taʼminlash uchun banklarning majburiy badallarini jamlash;
jamlangan mablagʻlardan mazkur Nizomda belgilangan maqsadlar va tartibda foydalanish.
IV. Fondning huquq va majburiyatlari
13. Fond quyidagilarga haqli:
banklardan fuqarolarning banklardagi kafolatlanadigan omonatlarining soni va miqdorlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish;
oʻz mablagʻlarini davlat qimmatbaho qogʻozlariga va boshqa aktivlarga joylashtirish.
Fond qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi mumkin.
14. Fond mablagʻlarini joylashtirish boʻyicha barcha operatsiyalar Fondning kuzatuv kengashi qarori boʻyicha, u har yili tasdiqlaydigan Fond budjeti doirasida amalga oshiriladi.
15. Fondning moliyaviy yordam koʻrsatish va xayriya faoliyati bilan shugʻullanishi, shuningdek yuridik shaxslarning muassisi boʻlishi mumkin emas.
16. Fond quyidagilarga majbur:
oʻz mablagʻlaridan samarali foydalanishni taʼminlash;
Fond mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
qatnashchi banklar roʻyxatini ommaviy axborot vositalarida muntazam ravishda eʼlon qilish.
V. Fondni boshqarish
17. Fondni boshqarish Fondning kuzatuv kengashi va Fondning ijro etuvchi organi tomonidan amalga oshiriladi.
18. Fondning kuzatuv kengashi Fond faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi.
Fond kuzatuv kengashining shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
19. Fondning kuzatuv kengashi vakolatiga quyidagilar kiradi:
banklarning kalendar badallari stavkalarini, ularni toʻlash hisob-kitobi tartibi va muddatlarini tasdiqlash;
fuqarolarning banklardagi omonatlari boʻyicha haq toʻlash toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan kelishgan holda agent bankni tanlash;
Fond mablagʻlarini davlat qimmatbaho qogʻozlariga va boshqa aktivlarga joylashtirish boʻyicha qarorlar qabul qilish;
Fond mablagʻlaridan foydalanish tartibini, shu jumladan joriy faoliyat uchun xarajatlar smetasini tasdiqlash;
Fondning ijro etuvchi organini shakllantirish va uning faoliyatini nazorat qilish;
auditor tashkilotni belgilash;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
(19-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
20. Fond kuzatuv kengashi majlislari uning raisi yoki kuzatuv kengashi aʼzolarining kamida uchdan bir qismi tomonidan zaruratga qarab, lekin har chorakda kamida bir marta chaqiriladi.
21. Fondning kuzatuv kengashi agar majlisda aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashsa qaror qabul qilishga haqli. Fond kuzatuv kengashi qarorlari ular uchun qatnashganlarning kamida uchdan ikki qismi yoqlab ovoz bergan taqdirda qabul qilinadi. Ovozlar soni teng boʻlgan taqdirda Fond kuzatuv kengashi raisining ovozi hal qiluvchi hisoblandi.
22. Fond direksiyasi Fondning ijro etuvchi organi hisoblanadi, u joriy rahbarlikni amalga oshiradi va Fond faoliyati uchun javob beradi. Fond direksiyasi tarkibiga direktor, direktor oʻrinbosari va bosh buxgalter kiradi.
23. Fond direksiyasi:
banklar tomonidan bir yoʻla va kalendar badallarning oʻz vaqtida toʻliq oʻtkazilishini nazorat qiladi;
fuqarolarning omonatlari boʻyicha haq toʻlash tadbirlarini amalga oshiradi;
joriy faoliyat uchun xarajatlar smetasi toʻgʻrisidagi takliflarni Fond kuzatuv kengashiga tasdiqlash uchun kiritadi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
(23-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
24. Fond direktori:
Fondning joriy faoliyatini tashkil qiladi va unga yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun javob beradi;
Fond xodimlarini ishga qabul qiladi va ishdan boʻshatadi;
davlat organlarida,boshqa muassasalarda, shu jumladan xorijiy davlatlar muassasalarida, shuningdek xalqaro tashkilotlarda Fond nomidan vakillik qiladi;
ishonchnomasiz Fond nomidan ish koʻradi;
lavozim yoʻriqnomalarini va Fondning boshqa ichki hujjatlarini tasdiqlaydi;
Fond nomidan daʼvolar bildiradi;
Fond xodimlarining bajarishi majburiy boʻlgan buyruqlar va farmoyishlar chiqaradi;
ushbu Nizomga va amaldagi qonunchilikka muvofiq boshqa masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi.
(24-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Fond direktori Fondning kuzatuv kengashi majlislarida maslahat ovozi bilan qatnashadi.
VI. Banklarning Fond bilan yozma bitimlar tuzish tartibi
25. Bank Fond bilan yozma bitim tuzish uchun fuqarolarning bankdagi kafolatlanishi lozim boʻlgan omonatlarining soni va qoldiqlari miqdorlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni koʻrsatgan holda Fondning kuzatuv kengashiga murojaat qiladi.
(25-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-sentabrdagi 562-sonli qarori tahririda)
26. Fond kafolatnomasi bank Fond bilan yozma bitim tuzgan vaqtdan boshlab kuchga kiradi.
27. Bank yozma bitim tuzilgandan keyin uch kalendar kundan kechikmay bir yoʻla toʻlanadigan badalni Fondga oʻtkazishi shart.
28.Fond Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankini tuzilgan yozma bitimlar va bir yoʻla toʻlanadigan badallar banklar tomonidan Fondga toʻlangani toʻgʻrisida xabardor qiladi.
29. Fond bilan yozma bitimlar tuzgan banklar reyestri ommaviy axborot vositalarida muntazam ravishda eʼlon qilib boriladi.
30. Banklar:
bank nomiga oʻzgartirishlar kiritilganda;
bank qayta tashkil etilganda Fondni yozma ravishda xabardor qilishi shart.
31. Fond bilan yozma bitim tuzgan bank nomi oʻzgargan taqdirda bankdan qayta roʻyxatdan oʻtkazilganini va litsenziyaning qayta rasmiylashtirilganini tasdiqlovchi hujjatlar olingan vaqtdan boshlab oʻn ish kuni mobaynida reyestrga tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi.
32. Qayta tashkil etish natijasida yangi paydo boʻlgan bank Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida roʻyxatdan oʻtkazilgan kunidan boshlab uch ish kuni mobaynida Fond bilan yozma bitim tuzishi shart.
VII. Bankni Fonddan chiqarish tartibi
33. Bank qayta tashkil etilganda yoki belgilangan tartibda tugatilganda Fond oldidagi barcha majburiyatlarini bajargandan keyin Fond bilan yozma bitim tuzgan banklar reyestridan chiqariladi.
34. Bankni Fond bilan yozma bitim tuzgan banklar reyestridan chiqarish Fondning kuzatuv kengashi qarori boʻyicha amalga oshiriladi.
35. Bankning Fond bilan yozma bitim tuzgan banklar reyestridan chiqarilganligi toʻgʻrisidagi xabarnoma u reyestrdan chiqarilgan vaqtdan boshlab uch kun mobaynida matbuotda eʼlon qilinadi.
36. Fondni tugatish va qayta tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
(36-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Qarang: Oʻzbekiston respublikasi Fuqarolik kodeksining 49, 55-moddalari.
Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi ijro etuvchi organi
TUZILMASI
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 17-18-son, 137-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)