Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qoʻmitalari huzuridagi ekspert guruhlarni shakllantirish va ularning faoliyati tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Qonunlar va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qarorlari loyihalarini ishlab chiqish hamda muhokama qilishga jalb etiladigan ekspertlar — yetakchi mutaxassislar, olimlar, tegishli sohalarning amaliyotchilari, fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari huzuridagi ekspert guruhlarini shakllantirish va ularning faoliyati tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlansin (ilova qilinadi).
2. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qoʻmitalarining raislari zimmasiga yuklatilsin.
3. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2015-yil 15-sentabr,
219-III-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining 2015-yil 15-sentabrdagi 219-III-sonli Qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari huzuridagi ekspert guruhlarini shakllantirish va ularning faoliyati tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari huzuridagi ekspert guruhlari (bundan buyon matnda Ekspert guruhi deb yuritiladi) faoliyatini tartibga soladi.
2. Ekspert guruhi Qonunchilik palatasi qoʻmitalarining faoliyatini ilmiy-huquqiy, ekspert va axborot-maslahat jihatidan taʼminlash, qonun loyihalarini ishlab chiqish va muhokama qilishga, Qonunchilik palatasi qoʻmitalarining nazorat-tahlil tadbirlarini tayyorlash va oʻtkazishga koʻmaklashish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) vakolatlari muddatiga tuzilgan maslahat organdir.
3. Ekspert guruhi oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, Qonunchilik palatasining qarorlari hamda boshqa qonun hujjatlari, shuningdek ushbu Nizom asosida amalga oshiradi.
2-bob. Ekspert guruhining asosiy vazifalari
4. Ekspert guruhining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
qonun ijodkorligi faoliyatini takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlariga doir takliflarni ishlab chiqish;
qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir takliflar tayyorlash;
qonunlar va Qonunchilik palatasi qarorlarining loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
qonun loyihalarining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalariga, qonunchilik texnikasi qoidalariga muvofiqligi nuqtai nazaridan, shuningdek qonun loyihalarini tayyorlash va ularni Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari normalariga rioya etilishi nuqtai nazaridan huquqiy ekspertizasini oʻtkazish;
qonun loyihalarini ularda korrupsiyaga, boshqa huquqbuzarliklarni sodir etishga shart-sharoit yaratuvchi, shuningdek tadbirkorlik subyektlari uchun ortiqcha maʼmuriy va boshqa cheklovlarni joriy etuvchi, tadbirkorlik subyektlarini asossiz xarajatlar qilishga olib keluvchi qoidalar va normalarni aniqlash nuqtai nazaridan tahlil etish;
huquqiy jihatdan tartibga solishning tizimliligi va bir butunligini taʼminlashga, qonunlardagi “oq dogʻlarni” (echilmagan masalalarni) bartaraf etishga doir takliflar ishlab chiqish;
xalqaro tajribani oʻrganish va xalqaro-huquqiy normalarni Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga tatbiq etishga doir takliflar tayyorlash;
Qonunchilik palatasi qoʻmitasining sohasi boʻyicha axborot-tahliliy materiallar tayyorlash;
nazorat-tahlil tadbirlarini tayyorlash va oʻtkazishda Qonunchilik palatasining qoʻmitasiga koʻmaklashish.
5. Ekspert guruhi aʼzolari Qonunchilik palatasi qoʻmitasining qonun loyihalarini ishlab chiqish, ularni Qonunchilik palatasi majlisida koʻrib chiqishga tayyorlash, shuningdek nazorat-tahlil tadbirlarini oʻtkazish boʻyicha ishchi guruhlari tarkibiga kiritilishi mumkin.
3-bob. Ekspert guruhi aʼzosining huquq va majburiyatlari
6. Ekspert guruhining aʼzosi quyidagi huquqlarga ega:
Qonunchilik palatasining qoʻmitasidan oʻz faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur boʻlgan axborotni olish;
Ekspert guruhi majlisining kun tartibiga, uni oʻtkazish tartibiga doir takliflar kiritish;
Ekspert guruhi tasarrufiga kiruvchi masalalarga, Ekspert guruhi qabul qiladigan hujjatlar loyihalariga doir takliflar kiritish;
raislik qiluvchining ruxsati bilan Qonunchilik palatasi qoʻmitasining majlislarida hozir boʻlish;
tayyorlanishida oʻzi ishtirok etgan masalalar muhokama qilinayotganda raislik qiluvchining ruxsati bilan Qonunchilik palatasining majlislarida hozir boʻlish;
qonun loyihalari boʻyicha xulosalar va tavsiyalar tayyorlashda, shuningdek qonun loyihalarining ekspertizalarini oʻtkazishda ishtirok etish;
Qonunchilik palatasi qoʻmitasining ishchi guruhlari tarkibida davlat organlari va boshqa tashkilotlarga borish;
Qonunchilik palatasi qoʻmitasi raisining ruxsati bilan ommaviy axborot vositalarida Ekspert guruhi nomidan chiqishlar qilish.
7. Ekspert guruhining aʼzosi:
ushbu Nizomga, Ekspert guruhi majlisining kun tartibiga rioya etishi;
ekspert ishi toʻgʻrisidagi axborotning (qonun loyihalari toʻgʻrisidagi, ekspertiza oʻtishining barcha bosqichlari va natijalari haqidagi maʼlumotlarni) maxfiyligini saqlashi;
Ekspert guruhining ishida faol ishtirok etishi;
ekspertizaga taqdim etilgan materialni har tomonlama, toʻliq, xolisona tahlil qilishi;
oʻz xulosalarining toʻliqligi va asosliligini taʼminlashi;
Qonunchilik palatasi qoʻmitasi raisining Ekspert guruhining faoliyati masalalariga doir topshiriqlarini bajarishi;
Ekspert guruhining aʼzosi sifatidagi faoliyati doirasida tayyorlangan axborot-tahliliy materiallardan oʻzining ilmiy-amaliy ishida foydalangan taqdirda Qonunchilik palatasi qoʻmitasi raisining yozma roziligini olishi shart.
4-bob. Ekspert guruhini shakllantirish va uning faoliyatini tashkil etish
8. Ekspert guruhi Qonunchilik palatasining tegishli qoʻmitasi tomonidan davlat organlari, ilmiy va taʼlim muassasalarining malakali mutaxassislari, fuqarolik jamiyati institutlarining ilmiy, qonun ijodkorligi va (yoki) amaliy ish tajribasiga ega boʻlgan vakillari jumlasidan tuziladi.
Ekspert guruhining son tarkibi, qoida tariqasida, oʻttiz kishidan oshmasligi lozim.
Ekspert guruhi aʼzoligiga nomzodlar uchun taqdim etiladigan materiallarda, Qonunchilik palatasi qoʻmitasi faoliyatining yoʻnalishlariga muvofiq, ularning ixtisoslashuvi, malakasi albatta koʻrsatilgan holda xizmat va ilmiy faoliyati toʻgʻrisidagi, qoida tariqasida, mavjud ilmiy unvonlari va darajalari haqidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Ekspert guruhining tarkibi Qonunchilik palatasi qoʻmitasining qarori bilan tasdiqlanadi.
Ekspert guruhining tarkibida Qonunchilik palatasi faoliyatining ayrim yoʻnalishlari boʻyicha kichik guruhlar tuzilishi mumkin.
9. Qonunchilik palatasi qoʻmitasining ekspert guruhini shakllantirish, uning tarkibi, shuningdek tarkibning oʻzgartirilishi toʻgʻrisidagi qaroridan koʻchirma tegishli qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kunlik muddatda Qonunchilik palatasining Kengashiga yuboriladi.
10. Ekspert guruhining faoliyatiga rahbarlikni Qonunchilik palatasi qoʻmitasining raisi, uning yoʻqligida esa — qoʻmita raisining oʻrinbosari amalga oshiradi.
11. Qonunchilik palatasi qoʻmitasining raisi deputatlar — qoʻmita aʼzolari jumlasidan Ekspert guruhining masʼul kotibini tayinlaydi.
12. Qonunchilik palatasi qoʻmitasining raisi:
Ekspert guruhining faoliyatini tashkil etadi;
Ekspert guruhining aʼzolari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi;
Ekspert guruhi majlisining kun tartibini shakllantiradi;
Ekspert guruhining majlislarida raislik qiladi;
Ekspert guruhining qarorlarini imzolaydi.
13. Ekspert guruhining masʼul kotibi:
Ekspert guruhining navbatdagi majlisiga barcha zarur boʻlgan materiallar oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi;
Ekspert guruhining majlislarini oʻtkazish muddatlari va joyini, shuningdek taklif etiladiganlar tarkibini Qonunchilik palatasi qoʻmitasining raisi bilan kelishib oladi;
majlis oʻtkaziladigan sana, vaqt, joy toʻgʻrisida Ekspert guruhi aʼzolarini va taklif etilganlarni xabardor qiladi;
Ekspert guruhi yakuniy hujjatlarining loyihalarini tayyorlaydi;
Ekspert guruhi aʼzolarining fikr-mulohazalari, takliflarini toʻplaydi va umumlashtiradi;
Ekspert guruhi majlislarining bayonlarini rasmiylashtiradi.
14. Ekspert guruhining majlislari zaruratga qarab bir yilda kamida toʻrt marta oʻtkaziladi. Ekspert guruhi aʼzolari Ekspert guruhining majlisi oʻtkaziladigan sana, vaqt va joy hamda koʻrib chiqiladigan masalalar toʻgʻrisida oldindan, kamida besh kun oldin (yozma ravishda, telefon orqali yoki elektron pochta yordamida) xabardor qilinadi, shuningdek oldindan tegishli materiallar bilan taʼminlanadi.
15. Ekspert guruhi aʼzosining Ekspert guruhi majlisiga yetib kelish imkoniyati boʻlmagan taqdirda bu haqda oldindan Ekspert guruhining masʼul kotibiga xabar qiladi. Bunda Ekspert guruhining aʼzosi kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan oʻz fikrini yoʻllashga haqli. Mazkur fikr Ekspert guruhining majlisida koʻrib chiqiladi.
16. Ekspert guruhining majlislarida Qonunchilik palatasi deputatlari, Qonunchilik palatasi Devoni xodimlari, shuningdek raislik qiluvchining ruxsati bilan Ekspert guruhining tarkibiga kirmaydigan boshqa shaxslar hozir boʻlishi mumkin.
17. Ekspert guruhining qarorlari majlisda ishtirok etayotgan Ekspert guruhi aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan ochiq ovoz berish orqali qabul qilinadi.
18. Ekspert guruhining qarorlari majlis bayoni bilan rasmiylashtirilishi mumkin. Bu holda Ekspert guruhining har bir aʼzosi alohida fikrini bildirishga haqli boʻlib, bu fikr yozma shaklda taqdim etiladi va majlis bayonnomasiga ilova hisoblanadi.
19. Ekspert guruhining qarorlari xulosalar, takliflar, tavsiyalar, tuzatishlar, murojaatlar va hokazo tarzida qabul qilinib, ular tavsiya xususiyatiga ega boʻladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2015-y., 9-son, 348-modda)