|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 19.07.2017
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mehnat organlari faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 10-iyuldagi 482-sonli “Mehnat organlari faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholining hojatmand qatlamlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2016-yil 22-fevraldagi PF-4782-son Farmonini va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2016-yil 24-fevraldagi PQ-2498-son qarorini bajarish yuzasidan, shuningdek mehnat organlari faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasining Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda O‘zbekiston Respublikasining Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish samaradorligini tubdan oshirishga yo‘naltirilgan 2017 — 2020-yillardagi qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturini ikki oy muddatda tasdiqlasin, unda quyidagi tadbirlar nazarda tutilsin:
ishsizlarni kasb-hunarga o‘qitish va qayta tayyorlash hajmlarini ko‘paytirish, ularni haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etish, shuningdek aholining, ayniqsa qishloq joylarda band bo‘lishining samarali shakllarini rivojlantirish;
tuman (shahar) bandlikka ko‘maklashish markazlarining bino va xonalarini zamonaviy talablarga muvofiq qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash.
3. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi markaziy apparati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mehnat vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy mehnat bosh boshqarmalari xodimlariga mehnat organlari tizimida uzoq muddat ishlaganlik uchun har yilgi bir yo‘la to‘lanadigan mukofot belgilansin.
Belgilab qo‘yilsinki, uzoq muddat ishlaganlik uchun har yilgi bir yo‘la to‘lanadigan mukofotni berish yil mobaynidagi ish yakunlariga ko‘ra, Xodimlarni moddiy rag‘batlantirish va mehnat organlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Mehnat vazirligi bilan birgalikda 2017-yilgi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti loyihasini ishlab chiqishda tuman (shahar) Bandlikka ko‘maklashish markazlarini saqlash xarajatlarini Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirish masalasini ko‘rib chiqsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 20-aprel,
117-son
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 20-apreldagi 117-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi (keyingi o‘rinlarda Vazirlik deb ataladi) bandlik va mehnatni muhofaza qilish sohasidagi siyosatni amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi va o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.
2. Vazirlik tizimiga quyidagilar kiradi:
Vazirlik markaziy apparati;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mehnat vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar mehnat bosh boshqarmalari, tuman (shahar) bandlikka ko‘maklashish markazlari;
Davlat mehnat huquq inspeksiyasi hamda Mehnatni muhofaza qilish va mehnat sharoitlarini ekspertizadan o‘tkazish davlat inspeksiyasi;
davlat unitar korxonasi shaklidagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi;
Bandlik va mehnatni muhofaza qilish Respublika ilmiy markazi, Odam savdosi jabrdiydalariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha Respublika reabilitatsiya markazi, band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish mintaqaviy markazlari, davlat muassasasi shaklidagi Toshkent shahrida ishsizlarni kasb-hunarga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish o‘quv markazi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mehnat vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar mehnat bosh boshqarmalari hamda tuman (shahar) bandlikka ko‘maklashish markazlari Vazirlikka hamda tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mehnat vazirligi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklariga bo‘ysunadilar va hisobot beradilar.
3. Vazirlik o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
4. Vazirlik o‘z vazifalari va funksiyalarini amalga oshirishda davlat boshqaruvining boshqa organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.
5. Vazirlikning moddiy-texnika ta’minoti va uning tizimi xodimlari mehnatiga haq to‘lash ajratiladigan mablag‘lar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti, O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi, Mehnat organlari xodimlari mehnatini rag‘batlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash jamg‘armasi mablag‘lari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
6. Vazirlik yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga ega bo‘ladi.
II. Vazirlikning asosiy vazifalari va funksiyalari
7. Quyidagilar Vazirlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
aholi bandligi darajasini mintaqalar bo‘yicha yosh-jins guruhlari bo‘yicha tizimli asosda chuqur tahlil qilish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish yillik dasturlari ishlab chiqilishini muvofiqlashtirish, aholi bandligini va mehnat resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash, ular bajarilishi doimiy monitoringini olib borish;
band bo‘lmagan aholini, birinchi navbatda yoshlar, ayollar va nogironlarni kasb-hunarga o‘qitish va qayta tayyorlashni, kasbga o‘qitish va qayta tayyorlashning samarali tizimini tashkil qilish, zamonaviy axborot-kommunikatsion texnologiyalardan keng foydalangan holda ularni ishga joylashtirishga ko‘maklashish;
mehnat va bandlik sohasida qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni ta’minlash, shuningdek mehnat munosabatlarini, mehnatni moddiy rag‘batlantirish mexanizmlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish.
8. Vazirlik o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) mehnat bozorini rivojlantirish va tartibga solish hamda aholi bandligini ta’minlash sohasida:
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda, jamiyatni isloh qilishning maqsad va ustuvorliklaridan kelib chiqqan holda, zamonaviy bozor munosabatlari mexanizmlari va vositalari asosida aholi bandligini ta’minlash va mehnat bozorini izchil rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilishini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Davlat statistika qo‘mitasi bilan birgalikda respublika va hududlarni demografik va iqtisodiy rivojlantirish prognozlari asosida mehnat resurslarining prognoz balanslarini va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha samarali chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqadi;
respublika va ma’muriy-hududiy tuzilmalarning mehnat resurslari soni hamda tarkibini o‘rganadi, uni takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqadi;
aholining bandligi darajasi va tarkibini to‘liqroq va xolisona baholashni ta’minlash, ishga joylashishga muhtoj shaxslarni aniqlash maqsadida mehnat bozorining holati monitoringini tashkil etadi, va shu asosda tarmoqlar va hududlar bo‘yicha yangi ish o‘rinlari tashkil etishning yillik buyurtmalarini shakllantiradi;
ish o‘rinlari tashkil etishning maqsadli dasturlarini ishlab chiqishni muvofiqlashtiradi va manfaatdor vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda ularni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
mehnat migratsiyasi jarayonlarini tahlil qiladi, tashqi mehnat migratsiyasini va xorijiy fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi hududidagi mehnat faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari amalga oshirilishini o‘z vakolatlari doirasida ta’minlaydi, shuningdek mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
ishsizlar va ishga joylashishga muhtoj band bo‘lmagan aholi hisobini yuritadi;
bo‘sh ish joylari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilishni tashkil etadi, belgilangan tartibda taqdim etiladigan bo‘sh ish joylari hisobini yuritadi va ular haqidagi ma’lumotlarni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda aholiga yetkazadi;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilik faoliyati bilan band bo‘lgan fuqarolarni hisobga olishni tashkil qiladi;
aholi, shu jumladan yoshlar, ayollar, imkoniyatlari cheklangan shaxslar, ishdan ozod qilingan xodimlar va aholining boshqa toifalari bandligini va ular ishga joylashtirilishi bo‘yicha ma’lumotlar shakllantirilishi va tahlil etilishini tashkil qiladi;
manfaatdor vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar bilan birgalikda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi hamda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini tadqiq qiladi hamda uning natijalari asosida ishchi kadrlarning va ta’lim muassasalarida mutaxassislarning kasb tayyorgarligi yo‘nalishlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklarida qoramol boqish bilan band bo‘lgan fuqarolarning bandligini tartibga solish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan birgalikda yoshlar va ish bilan band bo‘lmagan aholining kasb-hunarga xohishini va mehnat yo‘nalishlarini aniqlash uchun sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazadi;
bandlik va ish o‘rinlarini tashkil etish hududiy dasturlarini ishlab chiqishda mahalliy davlat hokimiyati organlariga metodik va amaliy yordam ko‘rsatadi;
iqtisodiyotni isloh qilish va tarkibiy qayta o‘zgartirish davomida, shuningdek tashkilotlar qayta tashkil etilganda, bankrot bo‘lishi va tugatilishi natijasida ishdan bo‘shatiladigan xodimlarni ish bilan ta’minlash va ijtimoiy muhofaza qilishga doir maqsadli mintaqaviy dasturlar ishlab chiqilishini muvofiqlashtiradi;
kasanachilik, oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik faoliyati va aholining o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlashining boshqa shakllari rivojlantirilishini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga va boshqa tashkilotlarga yirik korxonalar bilan fuqarolar o‘rtasida kooperatsiya asosida kasanachilikni tashkil etishni kengaytirish, shuningdek oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilikni rivojlantirish masalalarida yordam ko‘rsatadi;
nodavlat notijorat tashkilotlariga va boshqa tashkilotlarga nogironlar uchun ish o‘rinlarini tashkil etishda va ularni ishga joylashtirishda yordam ko‘rsatadi;
nogironlar mehnatidan foydalanish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tashkil etishga va rivojlantirishga, nogironlar bandligini ta’minlashda kasanachilik va boshqa faoliyat turlarini rivojlantirishga ko‘maklashadi;
haq to‘lanadigan jamoat ishlari tashkil etilishini ta’minlaydi;
ishsizlarni va ish bilan band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitishni, qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;
mehnat bozori infratuzilmasi faoliyati takomillashtirilishini ta’minlaydi;
vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta’minlash markazlarining faoliyatini tashkil etadi;
manfaatdor vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tijorat banklari bilan birgalikda o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolarni, shu jumladan o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining bitiruvchilarini iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish bo‘yicha maqsadli dasturlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘larini belgilangan tartibda tasarruf etadi va jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni ta’minlash ishlarini tashkil etadi;
ishsizlar va ularning oila a’zolarini O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga moddiy qo‘llab-quvvatlash ta’minlanishini belgilangan tartibda tashkil etadi;
tashkilotlarda ish o‘rinlarining eng kam miqdori ajratilishi va ularga ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlashishga qodir bo‘lmagan aholining ayrim toifalariga mansub shaxslarning ishga qabul qilinishi masalalarini o‘rganadi va tahlil qiladi;
dehqon va fermer xo‘jaliklarida ishlayotgan fuqarolar, shuningdek tadbirkorlar uchun belgilangan mehnat kafolatlari amalga oshirilishini tashkil etadi;
odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish va ularni himoya qilish bo‘yicha ishlarni belgilangan tartibda tashkil etadi;
b) mehnat munosabatlarini tartibga solish, moddiy rag‘batlantirish mexanizmlarini takomillashtirish va mehnatni muhofaza qilish sohasida:
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining mehnatni normalash va ishchi kasblarining hamda mutaxassislar va xizmatchilar lavozimlarining tarif-malaka tavsifnomalarini ishlab chiqish, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishchilarning asosiy kasblari bo‘yicha ishchilarga malaka razryadlari berish masalalari bo‘yicha ishlarini muvofiqlashtiradi;
manfaatdor davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan birgalikda eng muhim ijtimoiy-mehnat normalari va normativlarining ro‘yxatini aniqlaydi va ular ishlab chiqilishini muvofiqlashtiradi;
manfaatdor vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar ishtirokida mehnat va bandlik sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlarning loyihalarini ishlab chiqadi;
mehnat va bandlik sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etilishi ustidan belgilangan tartibda davlat nazoratini amalga oshiradi;
yagona texnik siyosatni amalga oshirish, tarmoqning axborot tizimlarini yaratishda yagona usul va vositalarni qo‘llash orqali mehnat va bandlik sohasida axborot tizimi shakllantirilishi va rivojlantirilishini ta’minlaydi;
mehnat va bandlik masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtiradi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 19-iyundagi 164-son qarori bilan tasdiqlangan Asosiy xizmatchilar lavozimlari va ishchi kasblarining Klassifikatorida ko‘rsatilgan ishchi kasblari va xizmatchilar lavozimlari nomlarining, ilgari normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarda ishlatilgan kasblar va lavozimlarga aynanligini va mutanosibligini belgilaydi;
tegishli kasaba uyushmalari organlarining (xodimlar boshqa vakillik organlarining) hamda ish beruvchilarning (ular birlashmalarining) takliflariga ko‘ra tarmoq bitimlari tuzishda qatnashadi;
mehnatni normalash, zamonaviy mehnat standartlarini joriy etish, mehnatga haq to‘lashni tashkil etish, ishlar, kasblar va lavozimlarning tarif-malaka ma’lumotnomalarida aks ettirilmagan lavozimlar va ishlarni tarif setkasining tegishli razryadlariga kiritish masalalarida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga va boshqa tashkilotlarga amaliy va metodik yordam beradi;
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda aholi daromadlarini davlat tomonidan tartibga solish mexanizmini takomillashtirishga doir takliflarni tayyorlashda qatnashadi;
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar bilan birgalikda ish haqi, pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalarning eng kam miqdorini, iqtisodiyotning ayrim tarmoq va sektorlari uchun xodimlar sonining va mehnatga haq to‘lashning eng kam normativlarini belgilashga doir takliflar tayyorlaydi;
manfaatdor davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan birgalikda davlat muassasalari va davlat unitar korxonalari uchun lavozimlar kiritish va xodimlar sonining normativlarini belgilash shartlarini ishlab chiqishda qatnashadi;
mehnatni moddiy rag‘batlantirish mexanizmlarini va mehnatga haq to‘lashni tartibga solish usullarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqishda qatnashadi;
mehnatga haq to‘lash tizimini, yagona tarif setkasini, ish haqini tumanlar bo‘yicha tartibga solishni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
mehnat xavfsizligini ta’minlash va sharoitlarni baholash bo‘yicha qonunchilik bazasini yaratish maqsadida manfaatdor vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar bilan birgalikda mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha texnik tartibga solish sohasida normativ-huquqiy hujjatlar hamda normativ hujjatlar ishlab chiqilishini va qayta ko‘rib chiqilishini, ularni kelishish va tasdiqlashni tashkil qiladi, mehnat sharoitlari bo‘yicha ish joylarini attestatsiyadan o‘tkazish yuzasidan metodik yordam ko‘rsatadi;
mehnatni muhofaza qilish, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish va ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalardan sug‘urtalash, shuningdek mehnat sharoitlari noqulay ishlarda ishlayotgan xodimlarga kafolatlar va kompensatsiyalar berilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni tekshirish va hisobga olishni belgilangan tartibda amalga oshiradi;
mehnat sharoitlari, ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari bo‘yicha va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish materiallari davlat ekspertizasidan o‘tkazilishini va tegishli xulosa berilishini ta’minlaydi;
ish o‘rinlarini mehnat sharoitlarining va asbob-uskunalarining jarohatlash xavfliligi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha malaka sertifikatiga ega bo‘lgan mutaxassislar reyestrini yuritadi;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining takliflariga ko‘ra imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va ko‘rsatkichlarning ro‘yxatiga o‘zgartishlar kiritish, qo‘shimcha ta’til, qisqartirilgan ish kunini belgilash bo‘yicha xulosalar beradi;
noqulay mehnat sharoitlarida ishlaganlik uchun beriladigan imtiyozlarning amaldagi ro‘yxatlariga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar tayyorlaydi;
mehnat muhofazasi bo‘yicha baholash natijalariga ko‘ra belgilangan mezonlarga muvofiq tashkilotlarni kasbiy xavflilik toifasiga kiritadi;
v) xalqaro hamkorlik sohasida:
mehnat va bandlik masalalarida xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar bilan xalqaro hamkorlik sohasida o‘zaro samarali hamkorlik mexanizmlarini rivojlantirish va takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqishda ishtirok etadi;
mehnat va bandlik masalalari yuzasidan Xalqaro mehnat tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlarda belgilangan tartibda hamkorlik qiladi va O‘zbekiston Respublikasining manfaatlari bo‘yicha ish ko‘radi;
Xalqaro mehnat tashkilotining O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan konvensiyalarining, mehnat va bandlik masalalari bo‘yicha tuzilgan boshqa xalqaro shartnomalar bajarilishi monitoringi olib borilishini tashkil etadi, belgilangan tartibda tegishli hisobot va ma’ruzalar tayyorlaydi va taqdim etadi;
manfaatdor vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar bilan birgalikda mehnat huquqlariga rioya etilishi bo‘yicha xalqaro tashkilotlar vakillarining ishini tashkil etadi;
chet ellik donorlar va kredit tashkilotlarining aholi bandligini ta’minlash va mehnat muhofazasi maqsadlariga yo‘naltirilgan mablag‘larini belgilangan tartibda jalb etish va foydalanishni tashkil etadi;
g) moliya-xo‘jalik faoliyati sohasida:
Vazirlik tizimida moliya ishlarini, idoraviy mansub tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarni, shuningdek ushbu sohadagi ilmiy tadqiqotlarni mablag‘ bilan ta’minlashni belgilangan tartibda tashkil etadi;
Vazirlik idoraviy mansub tashkilotlarining shtatlar jadvallarini kelishadi, moliya-xo‘jalik faoliyati bo‘yicha balanslar va hisobotlarni ko‘rib chiqadi;
idoraviy mansub tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash tadbirlarini amalga oshiradi;
idoraviy mansub tashkilotlarning markazlashtirilgan kapital qo‘yilmalardan samarali foydalanishini ta’minlaydi, Vazirlik tizimidagi obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha istiqbolli dasturlarning ishlab chiqilishini tashkil etadi;
d) faoliyatining boshqa sohalarida:
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqadi, shuningdek Vazirlik vakolatiga kiruvchi masalalarda qonunchilik buzilishini bartaraf etish bo‘yicha zarur harakatlarni amalga oshiradi;
vakolatli huquqni muhofaza qilish organlari bilan birgalikda, o‘zining vakolati doirasida, odam savdosi jabrdiydalarini reabilitatsiya qilish va ularga yordam ko‘rsatishga ko‘maklashadi, jabrlangan fuqarolar huquqlarini tushuntiradi;
Vazirlik va idoraviy mansub tashkilotlarning xodimlarini qayta tayyorlashni va malakasini oshirishni tashkil etadi, rahbarlari va mutaxassislarini attestatsiyasini o‘tkazadi;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini va ijtimoiy siyosatni amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishda vakolati doirasida ishtirok etadi;
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, boshqa vazirliklar, idoralar va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan birgalikda aholi turmushi darajasi va farovonligi yuzasidan tadqiqotlar o‘tkazishda va uni yanada oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishda ishtirok etadi.
9. Vazirlik o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalar bevosita o‘zi tomonidan hamda hududiy bo‘linmalar va boshqa idoraviy mansub tashkilotlar orqali bajarilishini ta’minlaydi.
III. Vazirlikning huquqlari va javobgarligi
10. Vazirlik o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi bilan bog‘liq normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini hamda boshqa hujjatlarni belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining mehnat, bandlik va mehnatni muhofaza qilish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish masalalaridagi faoliyatini belgilangan tartibda muvofiqlashtirish;
Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalarni hal etish uchun davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlaridan axborotlarni belgilangan tartibda so‘rash va olish;
Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan zarur statistik ma’lumotlarni davlat statistika organlaridan bepul olish;
tashkilotlarda mehnat, bandlik va mehnatni muhofaza qilish, mehnat sharoitlari va standartlari masalalari bo‘yicha qonunchilikka, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro konvensiyalar qoidalari va talablariga rioya etilishi yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘rganish va tekshirishlar o‘tkazish;
tashkilotlar tomonidan nogironlar uchun ijtimoiy infratuzilma obyektlariga to‘sqinliksiz kirish sharoitlarini ta’minlanishi ustidan belgilangan tartibda davlat nazoratini amalga oshirish;
ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda maxsus tekshirishlar o‘tkazish yoki tekshirishlarda ishtirok etish;
mehnat, bandlik va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mansabdor shaxslarga ma’muriy jazolar berish;
tashkilotlar faoliyatini hamda mehnat xavfsizligi talablariga javob bermaydigan va xodimlar sog‘lig‘i yoki hayotiga xavf tug‘diradigan ishlab chiqarish vositalaridan foydalanishni ular mehnat xavfsizligi talablariga muvofiqlashtirilgunga qadar o‘z vakolatlari doirasida va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda to‘xtatib turish;
o‘zining tashkiliy tuzilmasi doirasida, Vazirlikka va unga idoraviy mansub tuzilmalarga tegishli davlat mulkini bir tuzilmadan ikkinchisiga, belgilangan tartibda, bepul foydalanish huquqi bilan berish;
hududiy mehnat organlari, tuman (shahar) Bandlikka ko‘maklashish markazlari va idoraviy mansub tashkilotlarning xodimlarini, ular tomonidan faoliyatning asosiy parametrlari bajarilishini hisobga olgan holda, moddiy rag‘batlantirishning miqdorlari va shartlarini belgilash;
quyidagi buyurtmalarni tender o‘tkazmasdan joylashtirish: Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan ilmiy ishlar bajarish va tadqiqotlar o‘tkazishni — idoraviy mansub Respublika aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazida; sohaga oid axborot-kompyuter texnologiyalarini ishlab chiqish, joriy etish va saqlashni — idoraviy mansub “Axborot-kompyuter markazi “Mehnat.uz” MChJ”da, mehnat organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni — Respublika mehnat tizimi xodimlarining malakasini oshirish kurslarida;
belgilangan tartibda noshirlik faoliyatini amalga oshirish;
aholi bandligi, ishga joylashtirish va mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha ijtimoiy reklama mahsulotlariga buyurtma berish hamda ularni davlat ommaviy axborot vositalarida, stendlarda, bannerlarda va ushbu mahsulotlardan aholining keng foydalanishi imkonini ta’minlovchi boshqa usullarda bepul joylashtirish;
binolarga xizmat ko‘rsatish, inventarlar va xo‘jalik vositalari, avtotransport, aloqa vositalari, hisoblash, kompyuter va tashkiliy texnikalarni saqlab turish va foydalanish ishlarini bajarish, dasturiy mahsulotlarni sotib olish yuzasidan belgilangan tartibda shartnomalar tuzish;
Vazirlik vakolatiga tegishli masalalarni hal qilishga ilmiy tashkilotlarni, olimlar va mutaxassislarni, shu jumladan xorijiy olimlar va mutaxassislarni shartnoma asosida jalb etish;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlarning mehnat, bandlik va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilgan holda qabul qilingan buyruqlari va boshqa hujjatlarini bekor qilish yuzasidan belgilangan tartibda takliflar kiritish;
butunjahon Internet axborot tarmog‘ida va ijtimoiy tarmoqlarda belgilangan tartibda rasmiy veb-saytlar yaratish;
Vazirlik vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning tegishli tuzilmalari bilan xalqaro hamkorlikni amalga oshirish;
Hukumatning topshirig‘iga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining manfaatlarini xalqaro tashkilotlarda ifodalash hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda va xalqaro huquq normalariga muvofiq boshqa mamlakatlarning vakolatli tashkilotlari bilan bandlik va mehnatni muhofaza qilish masalalarida hamkorlik to‘g‘risida shartnomalar imzolash.
Vazirlik qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
11. Vazirlik o‘z vakolatlari doirasida davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishga haqlidir.
Vazirlik, zarur hollarda, davlat boshqaruvi boshqa organlari bilan birgalikda belgilangan tartibda qo‘shma qarorlar va boshqa hujjatlar chiqarish huquqiga ega.
12. Vazirlik o‘ziga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.
IV. Vazirlik faoliyatini tashkil etish
13. Vazirlikka O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vaziri (keyingi o‘rinlarda — Mehnat vaziri deb ataladi) boshchilik qiladi.
Mehnat vazirining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan bir nafar o‘rinbosari bo‘ladi.
14. Mehnat vaziri:
yakka boshchilik asosida Vazirlik faoliyatiga rahbarlik qiladi hamda Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
vazir o‘rinbosarining va Vazirlik tizimidagi boshqa mansabdor shaxslarning vakolatlarini, Vazirlik faoliyatining alohida yo‘nalishlari va uchastkalariga rahbarlik qilish yuzasidan hamda idoraviy mansub tashkilotlar ishi yuzasidan shaxsiy javobgarligi darajasini belgilaydi;
o‘z vakolatlari doirasida buyruqlar chiqaradi va Vazirlik tizimi xodimlari bajarishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar beradi;
Vazirlik markaziy apparatining xarajatlari smetasini va shtatlar jadvalini xodimlarning belgilangan soni doirasida tasdiqlaydi, Vazirlikning respublika budjetidan moliyalashtiriladigan idoraviy mansub tashkilotlarining xarajatlari va daromadlari smetasini, shtatlar jadvallarini hisobga oladi;
zarurat bo‘lganda xodimlarning belgilangan umumiy soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida markaziy apparatning, viloyatlar va Toshkent shahri mehnat bosh boshqarmalari, tuman (shahar) bandlikka ko‘maklashish markazlari hamda Vazirlikning idoraviy mansub tashkilotlarining tasdiqlangan tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritadi;
Markaziy apparat bo‘linmalari, Vazirlik tizimiga kiruvchi idoraviy mansub tashkilotlar to‘g‘risidagi nizomlarni, shuningdek tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari to‘g‘risidagi namunaviy nizomlarni belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
markaziy apparat xodimlarini hamda vazirlikka qarashli tashkilotlar va hududiy mehnat organlari rahbarlarini qonunchilikda belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
15. Quyidagilarni:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mehnat vazirini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish — Vazir bilan kelishgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan;
viloyatlar va Toshkent shahri mehnat bosh boshqarmalari boshliqlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish — tegishli viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari bilan kelishgan holda Vazir tomonidan;
tuman (shahar) bandlikka ko‘maklashish markazlari direktorlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish — tegishli tumanlar (shaharlar) hokimlari va Mehnat vaziri bilan kelishgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mehnat vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar mehnat bosh boshqarmalari boshliqlari tomonidan;
hududiy mehnat organlariga bo‘ysunuvchi tashkilotlar rahbarlarini hamda davlat mehnat huquq inspektorlarini, mehnat muhofazasi bo‘yicha davlat texnik inspektorlari va mehnat sharoitlari bo‘yicha davlat ekspertlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish — Vazir bilan kelishgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mehnat vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar mehnat bosh boshqarmalari boshliqlari tomonidan amalga oshiriladi.
Viloyatlar va Toshkent shahar hududiy mehnat bosh boshqarmalari boshliqlarini lavozimga tayinlash va ozod qilishning qonunchilikda belgilangan tartibdagi jarayoni yakuniga yetgunga qadar ko‘rsatib o‘tilgan tarkibiy bo‘linmalar faoliyatini ta’minlash maqsadida Mehnat vaziri rahbarning vazifasini vaqtincha bajaruvchini tayinlaydi.
16. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mehnat vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar mehnat bosh boshqarmalari to‘g‘risidagi nizomlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, tegishli viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari bilan kelishgan holda Vazirlikning buyruqlari bilan tasdiqlanadi.
Tuman (shahar) bandlikka ko‘maklashish markazlari to‘g‘risidagi namunaviy nizomlar tegishli tumanlar (shaharlar) hokimlari bilan kelishgan holda tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mehnat vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar mehnat bosh boshqarmalarining buyruqlari bilan tasdiqlanadi.
17. Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi vazirlikning tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarini boshqarish, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet eldagi va xorijiy fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasidagi mehnat faoliyatini tashkil etish bo‘yicha Vazirlikning vakolatli organi hisoblanadi.
Vazirlik Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining muassisi hisoblanadi.
18. Mehnat organlari tizimi xodimlarining malakasini oshirish Respublika kurslari mehnat organlari tizimi xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha bazaviy o‘quv-metodik markaz hisoblanadi.
Mehnat organlari tizimi xodimlarining malakasini oshirish Respublika kurslari tashkilotlarning kadrlar xizmati xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni shartnoma asosida amalga oshiradi.
19. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mehnat vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar mehnat bosh boshqarmalari hamda tuman (shahar) bandlikka ko‘maklashish markazlarining yuridik xizmatlariga kadrlar xizmatini tashkil etish funksiyasi yuklanadi.
20. Davlat mehnat huquq inspektorlari, mehnat muhofazasi bo‘yicha davlat texnik inspektorlari va mehnat sharoitlari bo‘yicha davlat ekspertlari mehnatga haq to‘lashning razryadlari va tarif stavkalari bo‘yicha, tegishlicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mehnat vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy mehnat bosh boshqarmalari, tuman (shahar) bandlikka ko‘maklashish markazlarining bosh mutaxassislariga tenglashtiriladi.
21. Vazirlikda Vazir (hay’at raisi), mehnat vazirining o‘rinbosari, shuningdek Vazirlik faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini muvofiqlashtiruvchi Vazirlik tarkibiy bo‘linmalari rahbarlaridan iborat tarkibda hay’at tashkil etiladi.
Hay’atning a’zolari soni va shaxsiy tarkibi mehnat vazirining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Hay’at quyidagilar bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqadi:
mehnat va bandlik sohasidagi siyosatni ro‘yobga chiqarishni yanada takomillashtirish bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan Vazirlik faoliyatining asosiy konseptual yo‘nalishlarini tayyorlash va amalga oshirish;
Vazirlik nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish, tayyorlash va qayta tayyorlash;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlarida va Hukumat qarorlarida belgilangan vazifalar o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash uchun ijro intizomini mustahkamlash va Vazirlik rahbarlari va xodimlarining shaxsiy javobgarligini oshirish.
Hay’at Vazirlik vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqish huquqiga ega.
Hay’at majlisiga Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha boshqa vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar rahbarlari taklif etilishi mumkin.
Hay’at uning majlisida tarkibining yarmidan ko‘pi qatnashgan taqdirda vakolatli bo‘ladi. Ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha qarorlar oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
Hay’at qarorlari Mehnat vazirining buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Mehnat vaziri va hay’at a’zolari o‘rtasida kelishmovchiliklar paydo bo‘lgan taqdirda Mehnat vaziri paydo bo‘lgan kelishmovchiliklar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot bergan holda mustaqil ravishda qaror qabul qiladi. Hay’at a’zolari ham o‘z fikr-mulohazalarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xabar qilishlari mumkin.
Hay’at faoliyati tartibi uning hay’at tasdiqlaydigan reglamentida belgilanadi.
V. Moddiy rag‘batlantirish chora-tadbirlari
22. Vazirlik xodimlarini moddiy rag‘batlantirish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
23. Vazirlik xodimlarining ish haqi lavozim maoshi, mukofotlar, qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar, amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan rag‘batlantirish to‘lovlaridan iborat bo‘ladi.
24. Vazirlik markaziy apparati va hududiy mehnat organlarining xodimlarini mehnat organlari tizimidagi belgili xizmat muddatini uzluksiz o‘taganligi uchun yillik bir yo‘la bir martalik taqdirlash quyidagi miqdorda amalga oshiriladi (rag‘batlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda lavozim maoshiga nisbatan koeffitsiyentlarda): 3 yildan 5 yilgacha — 0,5; 5 yildan 10 yilgacha — 0,8; 10 yildan 15 yilgacha — 1,0; 15 yildan ortiq — 1,5. Belgili xizmat muddatini uzluksiz o‘taganligi uchun yillik bir yo‘la bir martalik taqdirlash imtiyozini beradigan mehnat staji kasaba uyushmasi bilan kelishilgan holda Vazirlik tomonidan tasdiqlanadigan tartibda hisoblab chiqariladi.
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 20-apreldagi 117-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasining Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. O‘zbekiston Respublikasining Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Bandlik jamg‘armasi deb ataladi) bandlik va mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish, shuningdek tuman (shahar) bandlikka ko‘maklashish markazlarining samarali faoliyat ko‘rsatishi tadbirlarini moliyalashtirish uchun tashkil etilgan.
2. Bandlik jamg‘armasi maqsadli davlat jamg‘armasi hisoblanadi, yuridik shaxs tashkil etmasdan respublika va mahalliy darajalarda tashkil etiladi.
Bandlik jamg‘armasining mablag‘lari uning mustaqil balansida aks ettiriladi.
3. Respublika va mahalliy darajada tashkil etilgan Bandlik jamg‘armasi mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligi, G‘aznachilikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari tomonidan ochiladigan ularning shaxsiy hisob raqamlarida (keyingi o‘rinlarda Bandlik jamg‘armasining g‘aznachilik hisob raqamlari deb ataladi) jamlanadi.
4. Quyidagilar Bandlik jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladigan yagona ijtimoiy to‘lov ajratmalari;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan talablar buzilganligi uchun davlat mehnat huquqi inspektorlari va davlat mehnat muhofazasi texnik inspektorlari, shuningdek mehnat sharoitlari bo‘yicha davlat ekspertizasining mansabdor shaxslari tomonidan belgilangan tartibda solinadigan ma’muriy jazolar summalari;
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi tasarrufidagi davlat unitar korxonalarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga va davlat maqsadli jamg‘armalariga barcha soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘langandan so‘ng qoladigan sof foydaning muassis tomonidan belgilanadigan miqdordagi qismi;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mehnat daftarchalarini sotishdan tushadigan daromadlar;
Bandlik jamg‘armasining bo‘sh turgan mablag‘larini tijorat banklarida va boshqa moliyaviy tashkilotlarda joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik ehsonlari;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa tushumlar.
5. Bandlik jamg‘armasi mablag‘larini tegishli ravishda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mehnat vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar mehnat bosh boshqarmalari tasarruf etadilar.
II. Bandlik jamg‘armasining asosiy vazifalari va ularni amalga oshirish
6. Quyidagilar Bandlik jamg‘armasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
mehnat bozorini barqaror va muvozanatli rivojlantirishni ta’minlash, aholi bandligi darajasini oshirish va mehnat resurslaridan oqilona foydalanishga maqsadli yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishni moliyaviy ta’minlash;
ishsizlarni, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar, oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini, shuningdek ish qidirishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan va mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish va moddiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan kafolatlarni amalga oshirish;
ishsizlarga va band bo‘lmagan aholiga, birinchi navbatda, yoshlar, ayollar va nogironlarga kasb-hunarga qayta tayyorlash va ishga joylashtirish bo‘yicha sifatli xizmatlar ko‘rsatilishini tashkillashtirishga doir xarajatlarni moliyalashtirish.
7. Bandlik jamg‘armasi mablag‘laridan quyidagilar uchun foydalaniladi:
tuman (shahar) bandlikka ko‘maklashish markazlarida (keyingi o‘rinlarda bandlikka ko‘maklashish markazlari deb ataladi) ish qidiruvchi va ishsiz maqomiga ega sifatida ro‘yxatga olingan shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlarini mablag‘ bilan ta’minlash;
ishsizlik bo‘yicha nafaqalar, bandlikka ko‘maklashish markazlarining taklifiga binoan ishlash uchun boshqa joyga ixtiyoriy ravishda ko‘chib o‘tish munosabati bilan kompensatsiyalar to‘lash, ishsizlarga moddiy yordam berish, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish davrida bandlikka ko‘maklashish markazlari tomonidan beriladigan stipendiyalarni to‘lash;
ishsizlarga muddatidan oldin pensiya tayinlanganligi sababli O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi xarajatlarini qoplash;
bandlikka ko‘maklashish markazlarining ayrim bo‘linmalari, vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta’minlash markazlari, band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish mintaqaviy markazlari, ishsizlarni kasb-hunarga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish o‘quv markazlarini qonunchilikka muvofiq saqlash va moddiy-texnik ta’minlash, shuningdek mehnat organlarini joylashtirish uchun binolar, xonalar qurish va ularni rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash ishlarini mablag‘ bilan ta’minlash;
haq to‘lanadigan jamoat ishlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mablag‘ bilan ta’minlash;
nogironlar va fuqarolarning ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan boshqa toifalari mehnatidan foydalanish uchun ixtisoslashtirilgan ish o‘rinlari tashkil etish tadbirlarini mablag‘ bilan qisman ta’minlash;
axborot-ma’lumotnomalar chiqarish va reklama-noshirlik ishlarini amalga oshirish;
ish bilan ta’minlash, mehnatni muhofaza qilish, mehnat munosabatlarini tartibga solish, mehnatni normalash va unga haq to‘lash masalalari bo‘yicha normativ-uslubiy va yo‘riqnoma materiallar ishlab chiqishni mablag‘ bilan ta’minlash;
belgilangan tartibda respublika darajasida va hududiy darajada ijtimoiy kuzatuvlarni tashkil etish va o‘tkazish, ish bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha aholining ayrim guruhlari o‘rtasida anketa so‘rovlari o‘tkazish;
ish bilan band bo‘lmagan aholiga yordam ko‘rsatish, shu jumladan maslahatlar berish va kasbga yo‘naltirishni tashkillashtirish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash;
aholini ish bilan ta’minlash maqsadli hududiy dasturlarini ishlab chiqishni hamda mehnat bozorida vaziyat murakkab bo‘lgan tuman va shaharlarda ish o‘rinlari tashkil etishni, shu jumladan alohida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish konsepsiyalarini tayyorlashni, xizmatlar ko‘rsatish, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarida obyektlar tashkil etish uchun muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini loyihalashtirishni va arxitektura-rejalashtirish topshiriqlarini ishlab chiqishni mablag‘ bilan ta’minlash;
bandlik va mehnat muhofazasiga taalluqli masalalar bo‘yicha jalb etiladigan yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan xorijiy yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalarni amalga oshirishni moliyalashtirish;
aholi bandligini ta’minlash va ishga joylashtirish, bo‘sh ish o‘rinlari va band bo‘lmagan aholining hisobini yuritish sohalarida axborot-kompyuter tizimlari va texnologiyalarini yaratish, rivojlantirish va texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan ularga oid dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish va texnika vositalari sotib olish;
mehnat organlarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish;
aholi bandligi sohasida xalqaro hamkorlikni moliyalashtirish;
O‘zbekiston Respublikasining chet ellarga ishga yuborilgan fuqarolarini ishga joylashtirishni tashkil etish va ularning ijtimoiy himoyasini ta’minlash masalalari bo‘yicha xalqaro loyiha va shartnomalarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish;
Bandlik jamg‘armasining g‘aznachilikdagi shaxsiy hisob raqamiga tushadigan mablag‘larning 5 foizini yo‘naltirish orqali mehnat organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va moddiy-texnik bazani mustahkamlash jamg‘armasini shakllantirish;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa chora-tadbirlarni moliyalashtirish.
8. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mehnat vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar mehnat bosh boshqarmalari o‘zlariga yuklangan vazifa va funksiyalarni bajarish uchun quyidagilarni amalga oshiradilar:
Bandlik jamg‘armasining g‘aznachilikdagi shaxsiy raqamida yagona ijtimoiy to‘lovdan ajratmalarni jamlash;
ishsizlarga ishsizlik nafaqalarini, kompensatsiyalarni, stipendiyalarni, moddiy yordamni va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlarni o‘z vaqtida tayinlash, moliyalashtirish va to‘lash;
Bandlik jamg‘armasining moliyaviy ahvolini tahlil qilish va prognozlash hamda uning moliyaviy barqarorligini ta’minlash uchun oldini oluvchi chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
yagona ijtimoiy to‘lovdan ajratmalar miqdorlarini belgilash to‘g‘risida takliflar tayyorlash;
kelgusi davr uchun budjet buyurtmasini ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etish;
o‘z vakolatlari doirasida Bandlik jamg‘armasining samarali faoliyati uchun zarur bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni o‘z vakolatlari doirasida ishlab chiqish;
Bandlik jamg‘armasining daromadlari manbalari va ulardan foydalanish yo‘nalishlarining kelgusi yil uchun prognozi loyihasini ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etish;
Bandlik jamg‘armasi budjetining ijrosi bo‘yicha hisobotlarni, shuningdek yiliga bir marta — Bandlik jamg‘armasi daromadlari va uning mablag‘laridan foydalanishning ahvoli to‘g‘risidagi mustaqil auditorlik tekshiruvi natijalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish;
Bandlik jamg‘armasining to‘lovlar subyektlari va moliyalashtirish obyektlari bo‘yicha to‘liq hisobi va elektron ma’lumotlar bazasi yuritilishini ta’minlash.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi Bandlik jamg‘armasi vakolatiga taalluqli masalalar bo‘yicha xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan belgilangan tartibda hamkorlik qiladi.
9. Bandlik jamg‘armasining yagona ijtimoiy to‘lov va boshqa manbalar hisobiga shakllantiriladigan mablag‘larining yetmish foizi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mehnat vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar mehnat bosh boshqarmalari tasarrufida qoladi hamda ular kelgusida bandlikka ko‘maklashish markazlari o‘rtasida qayta taqsimlanadi, o‘ttiz foizi esa — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mehnat vazirligi, tegishli hududiy mehnat bosh boshqarmalari tomonidan to‘lov hujjati orqali o‘tkazilib, markazlashgan holda respublika darajasida jamlanadi.
10. Joylarda tashkil etilgan Bandlik jamg‘armasining yetishmagan mablag‘lari Bandlik jamg‘armasi mablag‘larining respublika qismi hisobiga qoplanadi.
Zarurat bo‘lganda, hisobot davrining yakuniga ko‘ra, joylarda tashkil etilgan Bandlik jamg‘armasining g‘aznachilik shaxsiy hisob raqamidagi qolgan mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining qaroriga binoan uning respublika qismiga, keyinchalik qayta taqsimlash uchun, yo‘naltirilishi mumkin.
Yil boshida Bandlik jamg‘armasining bo‘sh turgan mablag‘lari, qonun hujjatlariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining defitsitini qoplashga yo‘naltirilishi mumkin.
11. Bandlik jamg‘armasi mablag‘laridan qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan maqsadlarda foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
III. Bandlik jamg‘armasi daromadlari prognozini ko‘rib chiqish va kelishish hamda uning mablag‘laridan foydalanish tartibi
12. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatlarda har yili, lekin joriy yilning birinchi iyulidan kechikmay kelgusi yil uchun Bandlik jamg‘armasi daromadlarining tushish manbalari va uning mablag‘laridan foydalanish yo‘nalishlari bo‘yicha prognozni (keyingi o‘rinlarda Bandlik jamg‘armasi budjeti loyihasi deb ataladi) O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etadi, ushbu prognoz:
hududlar bo‘yicha Jamg‘armaga tushum manbalari bo‘yicha o‘tgan yilda haqiqatda tushgan mablag‘lar va joriy yilning birinchi yarim yilida kutilayotgan daromadlar ijrosini;
Bandlik jamg‘armasiga qonun hujjatlarida belgilangan to‘lovlar bo‘yicha moliyaviy hisobot yili oxiridagi tashkilotlarning (ish beruvchilarning) hududlar bo‘yicha kreditorlik qarzlarini;
ko‘rib chiqilayotgan davr uchun tasdiqlangan prognozlarning bajarilishidan kelib chiqib, foydalanish yo‘nalishlari va hududlar bo‘yicha, o‘tgan yilda Bandlik jamg‘armasi mablag‘laridan amalga oshirilgan xarajatlarning yakuniy ko‘rsatkichlari va xarajatlar qismining joriy yilning birinchi qismida kutilayotgan ijrosini;
o‘tgan yilgi xodimlar soni va ish haqining o‘sish sur’atlarini e’tiborga olib, hisoblangan ish haqi fondi prognozini hisobga olgan holda ishlab chiqiladi.
13. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi taqdim etilgan Bandlik jamg‘armasi budjeti loyihasini ko‘rib chiqishda Bandlik jamg‘armasiga kelgusi yil uchun yagona ijtimoiy to‘lovdan ajratmalar stavkalarining prognoz qilinadigan o‘zgarishini va makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar ta’sirini hisobga oladi.
14. Bandlik jamg‘armasining ko‘rib chiqilgan va kelishilgan budjeti loyihasi kelgusi yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti loyihasi bilan birga Budjetnoma tarkibida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
15. Kelgusi yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining asosiy parametrlari, davlat maqsadli jamg‘armalarining budjetlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlangandan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Bandlik jamg‘armasi budjetining asosiy parametrlarini o‘n ish kuni mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligiga yetkazadi.
16. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi Bandlik jamg‘armasi budjetining asosiy parametrlari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligidan olingan kundan boshlab bir hafta muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mehnat vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar mehnat bosh boshqarmalari, bandlikka ko‘maklashish markazlari uchun, kelgusida ularning ish yakunlarini ko‘rib chiqqan holda, Jamg‘arma tushumlari manbalari bo‘yicha daromadlarining va uning mablag‘laridan foydalanish yo‘nalishlari bo‘yicha xarajatlarining kelgusi yilgi asosiy parametrlarini choraklarga bo‘lgan holda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi hay’at majlisida tasdiqlaydi.
17. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mehnat vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri mehnat bosh boshqarmalari, bandlikka ko‘maklashish markazlari Bandlik jamg‘armasi budjetining tasdiqlangan ko‘rsatkichlarini bajarish uchun Bandlik jamg‘armasi daromadlari va xarajatlarining tasdiqlangan prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishini ta’minlaydilar.
IV. Bandlik jamg‘armasining ijro etuvchi organi
18. Quyidagilar Bandlik jamg‘armasining ijro etuvchi organlari hisoblanadi:
respublika darajasida — O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanish bo‘limi;
hududiy darajada — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mehnat vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri mehnat bosh boshqarmalarining Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanish hamda bandlikka ko‘maklashish markazlari faoliyatini muvofiqlashtirish shu’basi.
19. Ijro etuvchi organ:
Bandlik jamg‘armasining daromadlari va xarajatlari prognozini va hisobot balanslarini shakllantiradi;
Bandlik jamg‘armasining daromadlari va xarajatlarining bajarilishi hisobini va hisobotini yuritadi, Bandlik jamg‘armasi mablag‘larini tasarruf etuvchi tomonidan tasdiqlagandan so‘ng tegishli moliya organlariga yuboradi;
Bandlik jamg‘armasi moliyaviy hisobotlarining haqqoniyligini ta’minlaydi;
Bandlik jamg‘armasi mablag‘laridan maqsadli foydalanish bo‘yicha auditni tashkil qiladi;
Bandlik jamg‘armasi mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish masalalari bo‘yicha tushuntirishlar beradi.
V. Bandlik jamg‘armasi mablag‘larining tushishi va ulardan foydalanilishi yuzasidan javobgarlik va nazorat
20. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mehnat vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar mehnat bosh boshqarmalari, bandlikka ko‘maklashish markazlari Bandlik jamg‘armasi mablag‘laridan qat’iyan maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan javob beradilar.
21. Ishsizlarga ishsizlik nafaqalarining, kompensatsiyalar, stipendiyalar, moddiy yordam va qonun hujjatlarida belgilangan boshqa to‘lovlarning to‘g‘ri hisoblanishi va to‘lanishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi hamda hududiy mehnat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
22. Bandlik jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanilishi yuzasidan nazorat O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi va Moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 20-apreldagi 117-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z kuchini yo‘qotgan deb e’tirof etilayotgan ayrim qarorlari
RO‘YXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Ish bilan ta’minlashga ko‘maklashuvchi davlat jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2003-yil 2-apreldagi 173-son qarorining 1 va 3-bandlari (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 4-son, 28-modda), shuningdek qarorga 1-ilova.
2. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” 2004-yil 17-yanvardagi 28-son qaroriga ilovaning 34-bandi (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 1-son, 5-modda).
3. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida” 2006-yil 11-maydagi PF-3751-son Farmoni) 2006-yil 27-iyuldagi 149-son qaroriga ilovaning 2-bandi (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 7-son, 56-modda).
4. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi bandligini oshirish hamda mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2007-yil 6-apreldagi PQ-616-son qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” 2007-yil 8-maydagi 95-son qarori 3-bandining ikkinchi xatboshi (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2007-y., 5-son, 25-modda), shuningdek qarorga 2-ilovaning 11-bandi.
5. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tuzilmasini takomillashtirish choralari to‘g‘risida” 2009-yil 30-dekabrdagi PQ-1251-son qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” 2010-yil 2-fevraldagi 10-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 2-son, 3-modda).
6. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarning pensiya ta’minoti tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2009-yil 30-dekabrdagi PF-4161-son Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tuzilmasini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2009-yil 30-dekabrdagi PQ-1251-son hamda “O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tashkiliy tuzilmasini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2009-yil 30-dekabrdagi PQ-1252-son qarorlari) 2010-yil 24-martdagi 52-son qaroriga 1-ilovaning 28 va 35-bandlari (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 3-son, 12-modda).
7. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash bo‘yicha ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2010-yil 5-iyundagi 108-son qaroriga ilovaning 58-bandi (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 6-son, 27-modda).
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2016-y., 16-son, 160-modda)