Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining boshqaruv kadrlari zaxirasini maqsadli oʻqitishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari xizmatlari nomenklaturasiga kiruvchi lavozimlarga nomzodlarni tanlash va tavsiya qilishda ayrim rahbarlar tomonidan yoʻl qoʻyilayotgan masʼuliyatsizlik toʻgʻrisida” 2015-yil 6-noyabrdagi 321-son qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, shuningdek oʻquv-tarbiya jarayonini tashkil etishga qoʻyiladigan zamonaviy talablar sharoitida taʼlim muassasalarini boshqarish boʻyicha kasbiy mahorat va malakani rivojlantirish asosida oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari boshqaruv kadrlarining zaxirasini shakllantirish jarayonini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, tasarrufida oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralarning oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining boshqaruv kadrlari zaxirasini maqsadli oʻqitish kurslarini (keyingi oʻrinlarda maqsadli oʻqitish kurslari deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar:
Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining boshqaruv kadrlari zaxirasini maqsadli oʻqitish kurslarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari boshqaruv kadrlari zaxirasini maqsadli oʻqitish kurslarini tamomlaganlik toʻgʻrisidagi sertifikat namunasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki, maqsadli oʻqitish kurslari:
oliy taʼlim muassasalari boshqaruv kadrlarining sifatli zaxirasini shakllantirish uchun — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Oliy taʼlim tizimining pedagog va rahbar kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish Bosh ilmiy-metodik markazida (keyingi oʻrinlarda Bosh ilmiy-metodik markaz deb ataladi);
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari boshqaruv kadrlarining sifatli zaxirasini shakllantirish uchun — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi huzuridagi Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimi kadrlarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash institutida (keyingi oʻrinlarda Institut deb ataladi) tashkil etiladi.
4. Belgilansinki:
ishdan ajralgan holda maqsadli oʻqitish kurslariga yuboriladigan tinglovchilar uchun oʻqitishning butun davrida egallab turgan lavozim va asosiy ish joyi boʻyicha oʻrtacha ish haqi saqlanadi;
Oldingi tahrirga qarang.
ishdan ajralgan holda maqsadli oʻqitish kurslariga yuboriladigan boshqa hududlardan kelgan tinglovchilar tegishli ravishda Bosh ilmiy-metodik markazda va Institutda yashash joylari bilan taʼminlanadilar, shuningdek ularga qonunchilikda belgilangan tartibda asosiy ish joyi boʻyicha oʻqitish joyiga borish va kelish uchun bir martalik yoʻlkira xarajatlari qoplanadi;
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
maqsadli oʻqitish kurslarini oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining “Taʼlim” sohasi boʻyicha ajratiladigan mablagʻlari doirasida Bosh ilmiy-metodik markaz va Institut taʼminoti uchun nazarda tutiladigan mablagʻlar hisobiga moliyalashtiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi, tasarrufida oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralar:
bir oy muddatda — maqsadli oʻqitish kurslarini yuqori tashkiliy va kasbiy darajada oʻtkazish uchun zarur normativ, oʻquv, metodik va moddiy-texnik baza yaratish chora-tadbirlarini koʻrsinlar;
maqsadli oʻqitish kurslari doirasida taʼlim jarayoni sifatli tashkil etilishi va natijalar yuzasidan tizimli tahlil, monitoring olib borilishini, shuningdek rahbarlik lavozimlarida ishlash uchun kadrlar tayyorlashning talab etiladigan darajasini taʼminlash uchun zarur boʻlgan kasbiy koʻnikma va layoqatlarning rivojlanish dinamikasini baholashni doimiy asosda amalga oshirsinlar;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda zaxiraga tanlashda hamda nomzodlarni oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining rahbarlik lavozimlariga tavsiya etishda maqsadli oʻqitish kurslarini muvaffaqiyatli tamomlaganlar tarkibidan eng malakali, tashabbuskor va istiqbolli shaxslarning tavsiya qilinadigan kadrlarning tegishli roʻyxatlariga kiritilishini taʼminlasinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.Y. Xodiyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 3-dekabr,
351-son
Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 3-dekabrdagi 351-son qaroriga
1-ILOVA
Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining boshqaruv kadrlari zaxirasini maqsadli oʻqitish kurslarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining boshqaruv kadrlari zaxirasini maqsadli oʻqitish kurslarini (keyingi oʻrinlarda maqsadli oʻqitish kurslari deb ataladi) tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari boshqaruv kadrlarining istiqbolli zaxirasini (keyingi oʻrinlarda boshqaruv kadrlari zaxirasi deb ataladi) shakllantirish, kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish, oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining boshqaruv kadrlariga boʻlgan ehtiyojini oʻz vaqtida qondirish, boshqaruv lavozimlariga tayinlashda moslashish davrini qisqartirish, kadrlarning kasbiy va ishbilarmonlik faolligi samaradorligini oshirish boʻyicha faoliyatni takomillashtirishga yoʻnaltirilgan.
3. Maqsadli oʻqitish kurslariga ushbu Nizomda belgilangan talablardan kelib chiqib oliy taʼlim muassasalarining boshqaruv lavozimlari kadrlar zaxirasiga — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining boshqaruv lavozimlari kadrlari zaxirasiga — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi tomonidan tanlanadigan shaxslar qabul qilinadilar.
4. Boshqaruv kadrlari zaxirasi oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining boshqaruv lavozimlariga tayinlash uchun nomzodlarni tanlashning manbai hisoblanadi.
5. Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining boshqaruv kadrlari zaxirasiga tanlanadigan shaxslar maqsadli oʻqitish kurslariga ular zaxira sifatida tanlanadigan tegishli lavozim boʻyicha bir marta yuboriladilar.
6. Maqsadli oʻqitish kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan shaxslar maqsadli lavozimlar uchun boshqaruv kadrlari zaxirasiga 3 yil muddatga kiritiladilar va taʼlim muassasasining tegishli turi boʻyicha rahbarlik lavozimlariga nomzodlarni tavsiya etishda muayyan ustunlikka ega boʻladilar.
7. Asosiy ishdan ajralgan holda oʻqishda maqsadli oʻqitish kurslarining jami davomiyligi 8 haftani (352 soatni) tashkil etadi. Bunda auditoriya mashgʻulotlari va mustaqil ishlashning eng yuqori hajmi haftasiga 44 soat etib belgilanadi.
Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari boshqaruv kadrlari zaxirasini bevosita, shu jumladan masofadan oʻqitish shakllarining davomiyligi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan belgilanadi.
8. Umumiy tashkiliy-metodik rahbarlik hamda oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari boshqaruv kadrlarining istiqbolli zaxirasi bilan ishlashni muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining kadrlar masalalari boshqarmasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi, tasarrufida oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralar tomonidan amalga oshiriladi.
II. Maqsadli oʻqitish kurslarining maqsadlari va vazifalari
9. Ilgʻor taʼlim texnologiyalariga asoslangan oʻqitishning samarali tizimini shakllantirish yoʻli bilan oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining boshqaruv kadrlari zaxirasiga tanlanadigan shaxslarning kasbiy bilimlari, mahorati va malakasini, ishbilarmonlik sifatlarini takomillashtirish maqsadli oʻqitish kurslarining maqsadi hisoblanadi.
10. Oʻquv-tarbiya jarayonini tashkil etishning normativ-huquqiy asoslari tinglovchilar tomonidan oʻzlashtirib olinishi, taʼlim muassasalarini boshqarishning tashkiliy, ijtimoiy-huquqiy, axborot, moliya-iqtisodiy, pedagogik-psixologik asoslari boʻyicha bilimlar, mahorat va amaliy koʻnikmalarni rivojlantirish maqsadli oʻqitish kurslarining vazifasi hisoblanadi.
11. Maqsadli oʻqitish kurslarini tashkil etish mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish istiqbollaridan, oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining boshqaruv kadrlariga boʻlgan ehtiyojlaridan kelib chiqib, shuningdek boshqaruv sohasida jahonda erishilgan yutuqlar va boshqaruv vakolatlarini shakllantirishga qoʻyiladigan talablar hisobga olingan holda amalga oshiriladi.
Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining boshqaruv kadrlari zaxirasini maqsadli oʻqitish kurslarini tashkil etish 1-ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
III. Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari boshqaruv kadrlari zaxirasining tayyorgarligiga qoʻyiladigan umumiy talablar
12. Quyidagilar taʼlim muassasalarida boshqaruv faoliyatiga kadrlar zaxirasi tayyorgarligining zarur va yetarli darajasini taʼminlaydigan umumiy talablar hisoblanadi:
boshqaruv faoliyatining mohiyatini, asosiy vazifalari va usullarini, boshqaruv qarorlarini ishlab chiqish va qabul qilish texnologiyasini bilish;
kasbiy faoliyat tegishli boʻlgan tizim ishlashining qonunchilik va iqtisodiy asoslarini, maʼmuriy va mehnat huquqi asoslarini, fuqarolik va mehnat nizolarini hal etish tartibini bilish;
taʼlim muassasasiga samarali rahbarlik qilish usullarini, turli toifali xodimlarning mehnatini ragʻbatlantirish tizimini bilish;
oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimining tarixini, zamonaviy tuzilmasini va uni rivojlantirish istiqbollarini, davlat taʼlim siyosatining asosiy yoʻnalishlarini va ushbu sohadagi xorijiy tajribani bilish;
moliya-xoʻjalik faoliyati asoslarini va kasbiy sohada tadbirkorlik xususiyatlarini bilish;
milliy gʻoya asosida yoshlar va xodimlar oʻrtasida maʼnaviy-axloqiy va tarbiyaviy ishlar olib borish tamoyillarini bilish;
taʼlim muassasalari faoliyatining holati va dinamikasini xolisona tahlil qilish qobiliyatiga ega boʻlish;
maʼnaviy-axloqiy jihatlarni hisobga olgan holda taʼlim muassasasining (boʻlinmaning) faoliyati maqsad va vazifalarini toʻgʻri shakllantirish mahoratiga ega boʻlish;
taʼlim muassasasi va uning boʻlinmasini rivojlantirish loyihalari va rejalarini ishlab chiqish va baholash, rejalar va qarorlarni amalga oshirishning oqibatlarini prognozlashtirish va baholash mahoratiga ega boʻlish;
taʼlim va ilmiy-tadqiqot faoliyatini takomillashtirishga yoʻnaltirilgan innovatsiyalarni oʻzlashtirishni samarali tashkil etish mahoratiga ega boʻlish;
taʼlim muassasasi va uning boʻlinmalari faoliyatini tartibga soluvchi tashkiliy hujjatlarni tuzish mahoratiga ega boʻlish;
intellektual mulkni muhofaza qilish va ishlab chiqarish axborotini himoya qilishning zamonaviy usullarini jalb etgan holda elektron texnologiyalardan foydalanish asosida sifatli ish yuritilishini tashkil etish va uni qoʻllab-quvvatlash mahoratiga ega boʻlish;
maqsad va vazifalarni aniq shakllantirish mahoratiga ega boʻlish;
ishchan jamoani va jamoada uygʻunlik muhitini shakllantirish mahoratiga ega boʻlish;
kompyuter texnikasida va Internetning butunjahon tarmogʻida ishlash koʻnikmasiga, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallaganlikning sifat darajasi, shuningdek “Elektron hukumat” tizimini qoʻllash koʻnikmasiga ega boʻlish;
rejalashtirishning, muammolarni hal etishning muqobil variantlarini ishlab chiqishning zamonaviy usullarini oʻzlashtirish, ularni tahlil va sintez qilish, maqbul yechimlar topish qobiliyatiga ega boʻlish;
taʼlim muassasasi (boʻlinma) faoliyatini nazorat qilish, ichki va tashqi baholash usullarini oʻzlashtirish;
oʻz faoliyati va hamkasblar bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan faoliyat jarayonida taʼlim olish va mustaqil oʻqish usullarini, kommunikativ vazifalarni hal etish texnikalarini, ishbilarmonlik layoqati koʻnikmalarini, kasbiy leksikani, ishbilarmonlik suhbatlari, yigʻilishlar va muzokaralarni yuritish usullarini, mehnat jamoalaridagi nizolarning oldini olish va hal etish vositalarini oʻzlashtirish;
har xil tashkilotlarda kasbiy vazifalarni hal etish boʻyicha amaliy faoliyat qobiliyatlarining mavjudligi;
oʻzini oʻzi kamol toptirishga (oʻzini oʻzi nazorat qilish, oʻzini oʻzi baholash va oʻzini oʻzi rivojlantirish), oʻzini ijodiy namoyon qilishga barqaror intilishni egallash;
taʼlim muassasasi faoliyatiga taʼsir qiluvchi tashqi shart-sharoitlarning oʻzgarishini prognoz qilish va baholash mahorati;
taʼlim muassasasining ichki imkoniyatlarini tahlil qilish, yashirin zaxiralarni aniqlash, muammolarni qismlarga ajratish va ularni hal etishning samarali yoʻllarini topish mahoratiga ega boʻlish;
har xil jamoat va davlat tuzilmalari oʻrtasida vositachilik qilish mahoratiga ega boʻlish;
maqsadga yoʻnaltirilganlik, fikrlash nazokati, ishchanlik, intizomlilik;
fahm-idrok, intellektual yetuklik va muammolarni, vaziyatlarni ekspert baholash qobiliyati, moslashuvchanlik;
sogʻlom turmush tarzi toʻgʻrisida ilmiy tasavvurga ega boʻlish, jismoniy kamol topish uquvi va koʻnikmasini egallash;
oʻz fikrlarini yozma va ogʻzaki tarzda (shu jumladan katta auditoriyada) ravon bayon qilish qobiliyatlarini egallash;
chet tillardan birida soʻzlashishning asoslarini oʻzlashtirish.
IV. Maqsadli oʻqitish kurslari mazmuniga qoʻyiladigan talablar
13. Maqsadli oʻqitish kurslarining mazmuni boshqaruv kadrlari tomonidan yangi bilim, malaka va koʻnikmalarni oʻzlashtirishga yoʻnaltirilgan boʻlib tegishli taʼlim dasturlari bilan belgilanadi.
Oʻqitish sifati tinglovchilar tayyorgarligining zarur va yetarli darajasi, ularning bilimlari va amaliy koʻnikmalarining boshqaruv kadrlariga qoʻyiladigan talablarga muvofiqligi bilan belgilanadi.
14. Quyidagilar maqsadli oʻqitish kurslarining taʼlim dasturlari mazmuniga qoʻyiladigan bazaviy talablar hisoblanadi:
kasblar va lavozimlarga qoʻyiladigan kasbiy malaka talablariga muvofiqlik;
zamonaviy boshqaruv texnologiyalariga yoʻnaltirilganlik;
dasturlar mazmunining belgilangan oʻqitish turlari va shakllariga muvofiqligi.
V. Maqsadli oʻqitish kurslarini tashkil etish boʻyicha vakolatli organlarning funksiyalari va vazifalari
15. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
maqsadli oʻqitish kurslariga umumiy rahbarlik qiladi, ularning oʻquv rejalari va dasturlarini tasdiqlaydi, oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining boshqaruv kadrlari zaxirasini maqsadli oʻqitish jarayonlarini takomillashtirish mexanizmlari va usullarini belgilaydi;
har yili 1-sentabrgacha — oliy taʼlim muassasalarining boshqaruv kadrlari zaxirasi tarkibiga kiritish uchun nomzodlarni tanlaydi va maqsadli oʻqitish kurslariga yuboriladigan tinglovchilarning dastlabki kontingentini aniqlaydi;
har yili 1-oktabrgacha — tinglovchilarning aniq sonini va oʻqitish muddatlarini koʻrsatgan holda oliy taʼlim muassasalarining boshqaruv kadrlari zaxirasini maqsadli oʻqitish kurslarini oʻtkazishning reja-jadvalini tasdiqlaydi;
oliy taʼlim muassasalari boshqaruv kadrlari zaxirasining talab etiladigan malakasini taʼminlash boʻyicha maqsadli topshiriqlarni tasdiqlaydi;
oliy taʼlim muassasalarining boshqaruv kadrlari zaxirasini oʻqitish sifati yuzasidan umumiy nazorat oʻrnatadi;
maqsadli oʻqitish kurslari bitiruvchilarining kasbiy oʻsishi monitoringi olib borilishini tashkil etadi.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi:
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining boshqaruv kadrlari zaxirasini maqsadli oʻqitishga umumiy rahbarlik qiladi, oʻqitish jarayonlarini takomillashtirish mexanizmlari va usullarini belgilaydi;
har yili 1-sentabrgacha — oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining boshqaruv kadrlari zaxirasi tarkibiga kiritish uchun nomzodlarni tanlaydi va maqsadli oʻqitish kurslariga yuboriladigan tinglovchilarining dastlabki kontingentini aniqlaydi;
har yili 1-oktabrgacha — tinglovchilarning aniq sonini va oʻqitish muddatlarini koʻrsatgan holda oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining boshqaruv kadrlari zaxirasini maqsadli oʻqitish kurslarini oʻtkazish reja-jadvalini tasdiqlaydi;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari boshqaruv kadrlari zaxirasining talab etiladigan malakasini taʼminlash boʻyicha maqsadli topshiriqlarni tasdiqlaydi;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining boshqaruv kadrlari zaxirasini oʻqitish sifati yuzasidan umumiy nazorat oʻrnatadi;
maqsadli oʻqitish kurslari bitiruvchilarining kasbiy oʻsishi monitoringi olib borilishini tashkil etadi.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Oliy taʼlim tizimining pedagog va rahbar kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish Bosh ilmiy-metodik markazi (keyingi oʻrinlarda Bosh ilmiy-metodik markaz deb ataladi):
idoraviy boʻysunishidan qatʼi nazar, oliy taʼlim muassasalarining boshqaruv kadrlari zaxirasini maqsadli oʻqitish boʻyicha oʻquv rejalari va dasturlarni taʼlim dasturlarining uzluksizligi va uzviyligini hisobga olgan holda ishlab chiqadi;
oliy taʼlim muassasalarining boshqaruv kadrlari zaxirasini maqsadli oʻqitish kurslari uchun oʻquv, metodik, axborot-tahlil adabiyotlarini ishlab chiqadi;
har yili 1-noyabrdan boshlab tasdiqlangan reja-jadvalga muvofiq oʻqitishning modul tizimini qoʻllagan holda, umumiy eʼtirof etilgan xalqaro taʼlim standartlari va talablarini hisobga olgan, shuningdek oʻqitishning zamonaviy shakllari va usullaridan, ilgʻor pedagogik, axborot-kommunikatsiya va innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda tayyorlangan taʼlim dasturlari asosida oʻquv jarayonini tashkil etadi;
nazariy oʻqitishning boshqaruv faoliyati amaliyoti bilan mustahkam aloqasini, oʻquv jarayoni davomida egallangan nazariy bilimlarni, shuningdek oʻqitish yakunlari boʻyicha tayyorlangan bitiruv malaka ishlarining asosiy qoidalari va xulosalarini amaliyotda chuqurlashtirish uchun tinglovchilarning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining tegishli boshqarmalari va boʻlimlarida, boʻlinmalarida, bazaviy oliy taʼlim muassasalarida, taʼlimni boshqarish davlat organlarida majburiy stajirovkalari tashkil etilishini taʼminlaydi;
tasdiqlangan reja-jadvalga muvofiq oliy taʼlim muassasalarining boshqaruv kadrlari zaxirasini ishdan ajralgan holda oʻqitadi;
oliy taʼlim muassasalarining boshqaruv kadrlari zaxirasini maqsadli oʻqitish kurslarining zarur sifat darajasida tashkil etilishi va oʻtkazilishi uchun javob beradi;
boshqaruv kadrlari tayyorlash boʻyicha samarali xorijiy tajribani va eng yaxshi taʼlim muassasalarining yutuqlarini tahlil qiladi va umumlashtiradi.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi huzuridagi Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimi kadrlarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash instituti (keyingi oʻrinlarda Institut deb ataladi):
idoraviy boʻysunishidan qatʼi nazar, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining boshqaruv kadrlari zaxirasini maqsadli oʻqitish boʻyicha oʻquv rejalari va dasturlarini taʼlim dasturlarining uzluksizligi va uzviyligini hisobga olgan holda ishlab chiqadi;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining boshqaruv kadrlari zaxirasini maqsadli oʻqitish kurslari uchun oʻquv, metodik, axborot-tahlil adabiyotlarini ishlab chiqadi;
har yili 1-noyabrdan boshlab tasdiqlangan reja-jadvalga muvofiq oʻqitishning modulli tizimini qoʻllagan holda, umumiy eʼtirof etilgan xalqaro taʼlim standartlari va talablarini hisobga olgan, shuningdek oʻqitishning zamonaviy shakllari va usullaridan, ilgʻor pedagogik, axborot-kommunikatsiya va innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda tayyorlangan taʼlim dasturlari asosida oʻquv jarayonini tashkil etadi;
nazariy oʻqitishning boshqaruv faoliyati amaliyoti bilan mustahkam aloqasini, oʻquv jarayoni davomida egallangan nazariy bilimlarni, shuningdek oʻqitish yakunlari boʻyicha tayyorlangan bitiruv malaka ishlarining asosiy qoidalari va xulosalarini amaliyotda chuqurlashtirish uchun tinglovchilarning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazining tegishli boshqarmalari va boʻlimlarida, boʻlinmalarida, taʼlimni boshqarish davlat organlarida majburiy stajirovkalari tashkil etilishini taʼminlaydi;
tasdiqlangan reja-jadvalga muvofiq oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining boshqaruv kadrlari zaxirasini ishdan ajralgan holda oʻqitadi;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining boshqaruv kadrlari zaxirasini maqsadli oʻqitish kurslarining zarur sifat darajasida tashkil etilishi va oʻtkazilishi uchun javob beradi;
boshqaruv kadrlari tayyorlash boʻyicha samarali xorijiy tajribani va eng yaxshi taʼlim muassasalarining yutuqlarini tahlil qiladi va umumlashtiradi.
19. Oliy taʼlim muassasalari:
har yili 1-avgustgacha kontingentni shakllantiradi hamda tanlangan shaxslarni koʻrib chiqish va keyinchalik oliy taʼlim muassasalarining boshqaruv kadrlari zaxirasi tarkibiga kiritish uchun boʻysunish boʻyicha tegishli vazirliklar va idoralarga tavsiya qiladilar;
maqsadli oʻqitish kurslari bitiruvchilarining kasbiy oʻsishi uchun shart-sharoitlar yaratadilar va ularning kasbiy faoliyati monitoringini olib boradilar.
20. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazining hududiy boshqarmalari:
har yili 1-avgustgacha kontingentni shakllantiradilar hamda koʻrib chiqish va tanlangan shaxslarni keyinchalik oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining boshqaruv kadrlari zaxirasi tarkibiga kiritish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga tavsiyalarni taqdim etadilar;
maqsadli oʻqitish kurslari bitiruvchilarining kasbiy oʻsishi uchun shart-sharoitlar yaratadilar va ularning kasbiy faoliyati monitoringini olib boradilar.
21. Tasarrufida oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari har yili 15-avgustgacha boshqaruv kadrlari zaxirasiga kiritish taklif etilayotgan shaxslar toʻgʻrisida taʼlim muassasalaridan olingan maʼlumotlarni koʻrib chiqadilar va umumlashtiradilar hamda nomzodlar boʻyicha oʻz tavsiyalarini tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markaziga yuboradilar.
VI. Boshqaruv kadrlari zaxirasini maqsadli oʻqitish kurslari tinglovchilarining kontingentini shakllantirish
22. Boshqaruv kadrlarining istiqbolli zaxirasi — bu barcha mezonlar boʻyicha oʻzlarini ijobiy jihatdan koʻrsatgan, yakka tartibda tanlash va ular faoliyatini kompleks baholash asosida shakllantirilgan zarur kasbiy va shaxsiy sifatlarga ega boʻlgan kadrlar kontingentidir.
Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari boshqaruv kadrlarining istiqbolli zaxirasiga nomzodlarni tanlash tartibi 2-ilovada keltirilgan.
23. Boshqaruv kadrlarining istiqbolli zaxirasi quyidagi lavozimlarga shakllantiriladi:
oliy taʼlim muassasasining rektori (filial direktori);
oliy taʼlim muassasasining prorektori (filial direktorining oʻrinbosari);
oliy taʼlim muassasasining dekani;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasi direktori;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasi direktorining oʻrinbosari.
24. Boshqaruv kadrlarining istiqbolli zaxirasi tarkibiga kiritish uchun shaxslarni tanlash, qoidaga koʻra, lavozimlarning quyidagi toifalari boʻyicha kontingent orasidan amalga oshiriladi:
oliy taʼlim muassasasi rektori (filial direktori) lavozimiga — boshqaruv ishida kamida 10 yil tajribaga ega boʻlgan prorektorlar (filiallar direktorlari oʻrinbosarlari) va fakultetlar dekanlari kontingentidan tayinlanadi;
oliy taʼlim muassasasining prorektori (filial direktori oʻrinbosari) lavozimiga — boshqaruv ishida kamida 5 yil tajribaga ega boʻlgan fakultetlar dekanlari va kafedralar mudirlari kontingentidan tayinlanadi. Bunda moliyaviy-iqtisodiy masalalar boʻyicha prorektor (filial direktori oʻrinbosari) lavozimidagi zaxiraga faqat iqtisodiyot yoki muhandis-texnik sohada bazaviy maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar kiritiladi;
oliy taʼlim muassasasi dekani lavozimiga — boshqaruv ishida kamida 3 yil tajribaga ega boʻlgan fakultetlar dekanlari oʻrinbosarlari va kafedralar mudirlari kontingentidan, ilmiy-pedagogik ishda kamida 5 yil tajribaga ega boʻlgan ilmiy darajali professor-oʻqituvchilar tarkibidan;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasi direktori lavozimiga — boshqaruv ishida kamida 5 yil tajribaga ega boʻlgan akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari direktorlari oʻrinbosarlari, tegishli iqtisodiyot va ijtimoiy soha tarmoqlarining yetakchi mutaxassislari, shuningdek oliy taʼlim muassasalari fakultetlarining dekanlari va ularning oʻrinbosarlari, kafedralarning mudirlari kontingentidan;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasi direktorining oʻrinbosari lavozimiga — tegishli iqtisodiyot va ijtimoiy soha tarmoqlarining yetakchi pedagog va mutaxassislari, shuningdek oliy taʼlim muassasalari fakultetlarining boshqaruv ishida kamida 3 yil tajribaga ega boʻlgan dekanlari va ularning oʻrinbosarlari, kafedra mudirlari kontingentidan tayinlanadi. Bunda direktorning moliyaviy-iqtisodiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari lavozimi zaxirasiga faqat iqtisodiyot yoki muhandis-texnik sohada bazaviy maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar kiritiladi.
25. Boshqaruv kadrlarining istiqbolli zaxirasi tarkibiga kiritiladigan shaxslarning yoshi, odatda:
oliy taʼlim muassasalarining rektorlari, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining direktorlari lavozimiga tayinlanadiganlar — 45 yoshdan oshmagan;
oliy taʼlim muassasalarining prorektorlari, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining direktorlari lavozimlariga — 40 yoshdan oshmagan;
oliy taʼlim muassasalarining dekanlari lavozimiga — 35 yoshdan oshmagan boʻlishi kerak.
26. Boshqaruv kadrlarining istiqbolli zaxirasi tarkibiga nomzodlarni tanlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligida hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim markazida tegishli ravishda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari (oʻrinbosari) hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari — Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim markazi direktori raisligida komissiyalar (keyingi oʻrinlarda komissiyalar deb ataladi) tashkil etiladi.
Komissiyalarning raislari hamda aʼzolari oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari boshqaruv kadrlarining istiqbolli zaxirasi tarkibiga shaxslarni tanlashda nomzodlarning ishchanligi va shaxsiy sifatlarini baholashning ishonchliligi va xolisonaligi uchun javob beradilar.
27. Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari boshqaruv kadrlarining istiqbolli zaxirasi tarkibiga kiritish uchun nomzodlarni tasdiqlash tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi tomonidan, komissiyalarning bayonnomalari bilan rasmiylashtirilgan tegishli qarorlari asosida amalga oshiriladi.
Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari boshqaruv kadrlarining istiqbolli zaxirasiga nomzodlarni tanlash tartibi, ularni tanlash uchun taqdim etiladigan maʼlumotlar va hujjatlarning roʻyxati, shuningdek tashkil etiladigan komissiyalarning ish tartibi va tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
28. Maqsadli oʻqitish kurslariga yuboriladigan shaxslarning har yilgi kontingenti oliy taʼlim muassasalaridagi tegishli lavozimlar boʻyicha amaldagi rahbar kadrlar umumiy sonining 15 foizigacha hamda oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalaridagi tegishli lavozimlar boʻyicha amaldagi rahbar kadrlar umumiy sonining 5 foizigacha hisobidan shakllantiriladi.
29. Maqsadli oʻqitish kurslari tasdiqlangan reja-jadvallarga muvofiq:
oliy taʼlim muassasalarining boshqaruv kadrlari zaxirasi uchun — Bosh ilmiy-metodik markazda;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining boshqaruv kadrlari zaxirasi uchun — Institutda tashkil etiladi.
30. Maqsadli oʻqitish kurslariga tinglovchilarni qabul qilish tegishli ravishda Bosh ilmiy-metodik markaz direktori hamda Institut direktori buyruqlari bilan, tasdiqlangan reja-jadvallar va asosiy ish joyi boʻyicha buyruqlar asosida rasmiylashtiriladi.
Maqsadli oʻqitish kurslariga tinglovchilarni qabul qilish toʻgʻrisidagi buyruq kurslar boshlanadigan sanadan eʼtiboran 3 kun muddatda rasmiylashtiriladi.
31. Maqsadli oʻqitish kurslari boshlangach ikki kun mobaynida oʻqishga kelmagan tinglovchi, kelmaganligi sabablaridan qatʼi nazar, kurslarga qoʻyilmaydi.
Maqsadli oʻqitish kurslariga uzrsiz sababga koʻra kelmagan taqdirda tinglovchi oʻqitishdan oʻtmagan deb eʼtirof etiladi hamda oliy va oʻrta maxsus oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari boshqaruv kadrlarining istiqbolli zaxirasi tarkibiga kiritilmaydi.
Tinglovchilarning maqsadli oʻqitish kurslariga oʻz vaqtida kelmaganligining barcha holatlari toʻgʻrisida Bosh ilmiy-metodik markaz va Institut tinglovchilarning asosiy ish joyidagi maʼmuriyatni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligini tegishli choralar koʻrish uchun xabardor qiladilar.
32. Tinglovchida maqsadli oʻqitish kurslariga oʻz vaqtida kelmaganligining hujjatlar bilan tasdiqlangan uzrli sabablari mavjud boʻlgan taqdirda ularning maqsadli oʻqitish kurslaridan oʻtish muddati, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishgan holda, tasdiqlangan reja-jadvalga muvofiq keyingi muddatlarga koʻchiriladi.
33. Tinglovchi 30 soatdan ortiq hajmdagi mashgʻulotlarni uzrsiz sabablar bilan oʻtkazib yuborganligi uchun direktorning buyrugʻi bilan maqsadli oʻqitish kurslari tinglovchilari safidan chiqariladi hamda bu toʻgʻridagi axborot Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga va tinglovchining asosiy ish joyiga yuboriladi.
VII. Maqsadli oʻqitish kurslarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi
34. Maqsadli oʻqitish kurslari oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining boshqaruv kadrlari zaxirasi shakllantiriladigan lavozimlari toifalarining har biri uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan tasdiqlangan oʻquv rejalari, dasturlari asosida tashkil etiladi.
35. Maqsadli oʻqitish kurslarida oʻquv jarayoni har yili 1-noyabrdan boshlab, tasdiqlangan reja-jadval asosida tashkil etiladi hamda tasdiqlangan oʻquv rejalari va dasturlari, mashgʻulotlar jadvali bilan tartibga solinadi.
36. Maqsadli oʻqitish kurslarida oʻquv mashgʻulotlarining quyidagi asosiy turlari qoʻllanadi: maʼruza, seminar, amaliy mashgʻulot, koʻchma mashgʻulot, tajriba almashish, mustaqil ravishda oʻqish, stajirovka, malaka ishini himoya qilish.
37. Auditoriya mashgʻulotlari barcha turlarining davom etishi 80 daqiqani, oʻquv mashgʻulotlari oraligʻidagi tanaffus — kamida 10 daqiqani tashkil qiladi.
38. Maqsadli oʻqitish kurslarida oʻquv jarayoni, odatda, kamida 25 nafar tinglovchidan iborat boʻlgan akademik guruhlarda tashkil etiladi.
39. Maqsadli oʻqitish kurslaridan oʻtish davrida tinglovchilar tomonidan ularni kasbiy rivojlantirishning yakka tartibdagi rejalari tayyorlanadi, ularda tinglovchilarning boshqaruv va maxsus bilimlarga, amaliy mahorat va rahbarlik koʻnikmalariga ega boʻlishi tadbirlari nazarda tutiladi.
40. Tinglovchilarni kasbiy rivojlantirishning yakka tartibdagi rejalarida quyidagi boʻlimlar nazarda tutiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti asarlaridagi jamiyatni, taʼlim va tarbiyani rivojlantirish, taʼlim toʻgʻrisidagi qonunchilik masalalari, milliy gʻoya asoslari, taʼlimda menejment asoslari, ish yuritish asoslari oʻz ichiga oladigan nazariy tayyorgarlik;
rahbarlik va tashkilotchilik sifatlarini rivojlantirish boʻyicha treninglar, xorijiy til kurslari, taʼlimda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, taʼlimni boshqarishning respublika va mahalliy organlarida, taʼlim muassasalaridagi stajirovkalarni oʻz ichiga oladigan amaliy tayyorgarlik.
41. Taʼlimni va mustaqil ravishda taʼlim olishni uygʻunlashtirish boshqaruv kadrlari zaxirasini maqsadli oʻqitish samaradorligining muhim sharti hisoblanadi. Tinglovchilarni kasbiy rivojlantirishning yakka tartibdagi rejalarida ularning dastlabki malakasi, mahorati, koʻnikmalari va psixologik xususiyatlari hisobga olinishi kerak.
Tinglovchilar tomonidan kasbiy rivojlantirishning bajarilgan yakka tartibdagi rejalari natijalari boʻyicha hisobotlar tuziladi, ular Bosh ilmiy-metodik markazda va Institutda tashkil etiladigan attestatsiya komissiyalariga taqdim etiladi.
42. Maqsadli oʻqitish kurslarida majburiy element sifatida tinglovchilarning stajirovkadan oʻtishi nazarda tutiladi, stajirovkalar tinglovchilarni kasbiy oʻqitishning mustaqil shakli hisoblanadi. Tinglovchilarning stajirovkasi vazirliklar, idoralar, oliy taʼlim muassasalari, iqtisodiyot va ijtimoiy soha tegishli tarmoqlarining tegishli tashkilotlarida tashkil etiladi.
43. Maqsadli oʻqitish kurslarida mashgʻulotlarni oʻtkazish uchun Bosh ilmiy-metodik markazning, Institutning yetakchi pedagog kadrlari, oliy taʼlim muassasalarining rahbar va professor-oʻqituvchilar tarkibi, doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilish boʻyicha ilmiy kengashlarning aʼzolari, vazirliklar, idoralar, iqtisodiyot va ijtimoiy soha tarmoqlari tashkilotlarining yuqori malakali boshqaruv kadrlari va amaliyotchi mutaxassislari jalb etiladi.
44. Tinglovchilarni soatbay ish haqi toʻlash shartlarida oʻqitadigan pedagoglar tarkibining oʻquv yuklamasi hajmlari oʻquv yili mobaynida oʻquv ishlarining belgilangan normativlari boʻyicha oʻqituvchilar tomonidan amalda bajariladigan oʻquv ishlaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
45. Oʻqish davrida har haftada oʻtilgan materiallar boʻyicha maqsadli oʻqitish kurslari tinglovchilari oʻrtasida assismentlar (joriy nazorat ishlari) oʻtkaziladi, uning natijalari tinglovchilarning shaxsiy elektron roʻyxatga olish kartasiga kiritiladi.
46. Maqsadli oʻqitish kurslari tinglovchilarining oʻquv jarayoni reyting tizimi asosida nazorat qilinadi. Reyting balini toʻplashda quyidagilar hisobga olinadi:
har haftadagi assismentlarning natijalari;
har bir modul tugagandan keyin oʻtkaziladigan test sinovlarining natijalari;
tinglovchilarni kasbiy rivojlantirish yakka tartibdagi rejasini bajarish natijalari.
47. Malaka ishlarini himoya qilishga har haftadagi assismentlar, kasbiy rivojlantirishning yakka tartibdagi rejasini bajarish va har bir moduldan keyin oʻtkaziladigan test sinovlari yakunlari boʻyicha ijobiy natijalarga erishgan tinglovchilar qoʻyiladi.
48. Oʻqitish tugagach kurslarning tinglovchilari tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi direktori rahbarligida tashkil etiladigan tegishli vazirliklar va idoralarning rahbarlaridan, oʻquv-uslubiy ishlar sohasidagi yetakchi mutaxassislardan iborat tarkibdagi attestatsiya komissiyalari oʻtkazadigan attestatsiyadan oʻtishlari kerak.
Attestatsiya komissiyalarining qarorlari tinglovchilarga oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari boshqaruv kadrlarining istiqbolli zaxirasini maqsadli oʻqitish kurslarini tamomlaganlik toʻgʻrisida belgilangan namunadagi sertifikat berish haqida buyruq chiqarish uchun asos hisoblanadi.
49. Maqsadli oʻqitish kurslaridagi oʻqish yakunlari boʻyicha attestatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtgan tinglovchilar taʼlim muassasasining tegishli turi boʻyicha maqsadli lavozimlar zaxirasiga kiritiladi.
50. Maqsadli oʻqitish kurslaridagi oʻqish yakunlari boʻyicha attestatsiyadan oʻtmagan tinglovchi boshqaruv kadrlari zaxirasidan chiqariladi.
Tavsiya etilayotgan shaxslarni muayyan lavozimga tayinlash vakolatiga ega boʻlgan boshqaruv organlari mazkur shaxsni egallab turgan lavozimida bundan buyon qoldirishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida qaror qabul qiladilar.
Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari boshqaruv kadrlarining zaxirasini maqsadli oʻqitish kurslarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari boshqaruv kadrlarining zaxirasini maqsadli oʻqitish kurslarini tashkil etish
sxemasi
Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari boshqaruv kadrlarining zaxirasini maqsadli oʻqitish kurslarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari boshqaruv kadrlarining istiqbolli zaxirasiga nomzodlarni tanlash
tartibi
Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 3-dekabrdagi 351-son qaroriga
2-ILOVA
Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari boshqaruv kadrlarini maqsadli oʻqitish kurslarini tamomlaganlik toʻgʻrisida
sertifikat namunasi
Maqsadli oʻqitish kurslarini tamomlaganlik toʻgʻrisidagi sertifikat ofset usulida A4 formatdagi oq rangli qogʻozda bosiladi, unda matn uchun — qora, rasmlarni tasvirlash uchun — yashil, havorang, qizil, fon uchun — och kulrang tusdagi beshta rangdan foydalaniladi.
Varaqning chap qismida, chet qismidan 10 mm masofada Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi tasvirlangan eni 32 mm boʻlgan lenta joylashtiriladi. Lentaning yuqori qismida 30 mm diametrli Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri, quyi qismida esa — 35 mm oʻlchamdagi ikkita tutash kvadratlardan iborat boʻlgan sakkizta uchli yulduzning markazida — muhr uchun 25 mm diametrli oq tusdagi doira joylashtiriladi.
Varaqning qolgan qismiga davlat tilidagi lotin grafikasida quyidagi soʻzlar yoziladi:
“O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA OʼRTA MAXSUS TAʼLIM VAZIRLIGI
Boshqaruv kadrlari zaxirasini maqsadli oʼqitish kurslarini tugatganlik haqida
SERTIFIKAT”.
Sertifikat ikkita “ZK” lotin harflaridan va oltita raqamdan iborat boʻlgan tartib raqamiga ega. Matnning hammasi bezakli rastrdan iborat boʻlgan och kulrang fonda yoziladi.
Sertifikat oltita himoyaga ega boʻladi, unda quyidagilardan foydalaniladi:
ikkita bosma usul — ofset va yuqori bosma usullari;
yorugʻlik vositasidan nusxa olishni murakkablashtirish uchun och tusli ranglar;
bezakli rastr;
turli rangdagi rastlar setkalaridan foydalanish yoʻli bilan turli ranglar hosil qilish;
maxsus qogʻoz;
oʻzgaradigan raqamlardan iborat boʻlgan tartib raqami.


‎(Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri)

‎O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI

‎O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA OʼRTA MAXSUS TAʼLIM VAZIRLIGI

‎Boshqaruv kadrlari zaxirasini maqsadli oʼqitish kurslarini tugatganlik haqida
‎SERTIFIKAT

‎‎ZK № 000000

‎_________________________________________________________
‎(Tinglovchining familiyasi, ismi, otasining ismi)
‎20__yil _______________________dan
‎20__yil________________________gacha

‎_________________________________________________________
‎(oʼqitish kurslari olib borilgan muassasa nomi)

‎jami ______________________soatli

‎_________________________________________________________
‎(oʼqitish kursining nomi)

‎‎bo'yicha oʼqitish kursini muvaffaqiyatli tugatdi.

‎Muhr o`rni
Direktor ‎

‎‎_______________
‎(imzo)

‎‎_______________________________
‎(familiyasi, ismi, otasining ismi)‎

Sana _______________ Qayd raqami______
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 48-son, 608-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)