Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 03.12.2021
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VA AHOLINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISh VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MILLIY XAVFSIZLIK XIZMATINING
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini jihozlash ishlariga jalb qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 11-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2682]
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 2-dekabrdagi 21-mh-sonli “Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3340, 03.12.2021-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini jihozlash ishlarini tezlashtirish va optimallashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Milliy xavfsizlik xizmati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini jihozlash ishlariga jalb qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini jihozlash ishlariga jalb qilish tartibiga rioya qilinishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatsin.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A. ABDUHAKIMOV
Toshkent sh.,
2015-yil 6-may,
30-SP-son
Milliy xavfsizlik xizmati raisi R. INOYATOV
Toshkent sh.,
2015-yil 6-may,
53-son
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Milliy xavfsizlik xizmatining 2015-yil 6-maydagi 30-SP va 53-sonli qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini jihozlash ishlariga jalb qilish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini jihozlash ishlariga mahalliy aholi orasidan fuqarolarni jalb qilish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasini jihozlash ishlariga (bundan buyon matnda jihozlash ishlari deb yuritiladi) mahalliy aholi orasidan fuqarolarni (ishchilarni) (bundan buyon matnda fuqarolar deb yuritiladi) jalb qilish mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda mehnat shartnomasi asosida amalga oshiriladi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qoʻmitasining Davlat chegarasini muhandislik jihozlash boʻyicha tegishli tarkibiy boʻlinmasi (bundan buyon matnda ish beruvchi deb yuritiladi) mehnat shartnomasi boʻyicha ish beruvchi hisoblanadi.
2-bob. Jihozlash ishlariga jalb qilish
3. Jihozlash ishlariga jalb qilish ish beruvchi tomonidan mustaqil ravishda tuman (shahar) bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari (bundan buyon matnda markaz deb yuritiladi) orqali amalga oshiriladi.
4. Jihozlash ishlariga fuqarolarni ommaviy ravishda jalb qilishni tashkil etish uchun ish beruvchi markazga talab qilinadigan fuqarolar soni, ularning malakasi (mutaxassisligi, koʻnikmalari) hamda jihozlash ishlari olib boriladigan joy haqidagi maʼlumotni oldindan taqdim etadi.
Markazga tegishli maʼlumotlar kelib tushgandan soʻng ishsiz deb eʼtirof etilgan shaxslar orasidan tegishli malakaga (mutaxassislikka, koʻnikmaga) ega boʻlgan va jihozlash ishlari olib borilayotgan hududda yashaydigan shaxslarga besh kun ichida ishga joylashish uchun yoʻllanmalar beriladi va bir vaqtning oʻzida ish beruvchiga ishga joylashuvchilarning roʻyxati taqdim etiladi.
5. Jihozlash ishlariga qabul qilingan fuqarolar bilan mehnat shartnomasi, qoida tariqasida, muayyan ishni bajarish vaqtiga moʻljallab tuziladi.
6. Mahalliy aholi orasidan jihozlash ishlariga jalb qilingan fuqarolar ish beruvchining shtat birligidan tashqari qabul qilinadi.
7. Jihozlash ishlarini amalga oshirishda ish beruvchi maxsus rejimni (xavfsizlikni) taʼminlash maqsadida ayrim fuqarolarni ishga qabul qilishni rad etishi mumkin.
8. Fuqarolarning mehnat daftarchalari Mehnat daftarchalarini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga (roʻyxat raqami 402, 1998-yil 29-yanvar) muvofiq yuritiladi.
9. Fuqarolarning bajargan ishi uchun ish haqini toʻlash Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 21-iyuldagi 206-sonli qarori bilan tasdiqlangan Mehnatga haq toʻlashning yagona tarif setkasi asosida va jihozlash ishlari uchun belgilangan miqdorda hisobga olingan davrda bajarilgan ishlar hajmiga koʻra mehnatga haq toʻlashning ishbay shaklida amalga oshiriladi.
Jihozlash ishlarining ayrim turlari uchun ish haqini toʻlash mehnatga haq toʻlashning vaqtbay shaklida amalga oshirilishi mumkin.
Hisobga olinadigan davr ish beruvchi tomonidan ish kunlarida belgilanadi.
10. Agar jihozlash ishlari rayon koeffitsiyentlari va ustamalar joriy qilingan tabiiy-iqlim va turmush sharoitlari noqulay boʻlgan joylarda olib borilayotgan boʻlsa, fuqarolarning mehnat haqini hisoblashda qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan rayon koeffitsiyentlari va ustamalar qoʻllaniladi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
11. Ish haftasining turi va ish vaqti rejimi (kundalik ish vaqtining (smenaning) muddati, ishning boshlanish va tugash vaqti, ishdagi tanaffuslar vaqti, sutka davomidagi smenalar soni, ish kunlari hamda ishlanmaydigan kunlarning navbat bilan almashinishi, fuqarolarning smenadan smenaga oʻtish tartibi) ish beruvchi tomonidan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
Ish vaqti va bajarilgan ish hajmining hisobi ish beruvchi tomonidan kundalik ravishda yuritiladi.
12. Zarur boʻlgan hollarda va fuqarolarning roziligi bilan jihozlash ishlari olib borilayotgan obyektdagi ish vaxta usulida amalga oshirilishi mumkin. Bunda mazkur ishlar Uzoq masofada joylashgan va muhim ahamiyatga ega boʻlgan obyektlarda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishning vaxta uslubi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 551, 1998-yil 28-noyabr) muvofiq amalga oshiriladi.
13. Jihozlash ishlarini moliyalashtirish, jumladan fuqarolarning ish haqi va yagona ijtimoiy toʻlov budjetdan ajratiladigan mablagʻlar doirasida loyiha-smeta hujjatlariga asosan amalga oshiriladi.
14. Ish haqi ish beruvchining moliyaviy hujjatlarida alohida satrda aks ettiriladi.
Fuqarolarning olgan daromadlariga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda soliq solinadi.
(14-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
3-bob. Yakuniy qoidalar
15. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
16. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Moliya vaziri R. AZIMOV
2015-yil 6-may
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi B. ZAKIROV
2015-yil 6-may
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 23-son, 311-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)