Norasmiy tarjima
Qiynoqlarga hamda muomala va jazolashning boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlariga qarshi
Konvensiya
1984-yil 10-dekabr, Nyu-York
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi mazkur Konvensiyaga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995-yil 31-avgustdagi 130-I-sonli “1984-yil 10-dekabrdagi Qiynoqlarga solishga va muomalada boʻlish va jazolashning boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni tahqirlovchi turlariga qarshi konvetsiyaga qoʻshilish haqida”gi qaroriga muvofiq qoʻshilgan.
(Oʻzbekiston Respublikasi uchun 1995-yil 28-oktabrdan kuchga kirgan)
Ushbu konvensiyaning ishtirokchi davlatlari,
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomida eʼlon qilingan prinsiplarga muvofiq, insonlar oilasi hamma aʼzolarining teng va ajralmas huquqlarini tan olish erkinlik, adolat va umumiy tinchlikning asosi deb tan olinganini nazarda tutib,
bu huquqlar insonlar shaxsiyatiga mos qadr-qimmatdan kelib chiqishini tan olib,
davlatlarning Nizomga, jumladan, 55-moddaga muvofiq, inson huquqlari va asosiy erkinliklarining yalpi hurmat qilinishi va ularga rioya etilishiga koʻmaklashish majburiyatlarini eʼtiborga olib,
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 5-moddasini hamda Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisida xalqaro paktning 7-moddasini, ularning ikkalasi hech kimga qiynoq yoki uning qadr-qimmatini kamsituvchi shafqatsiz muomala qilinmasligini va jazo berilmasligini koʻzda tutganini hisobga olib,
shuningdek hamma shaxslarni qiynoqlardan, boshqa qattiq, shafqatsiz yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazo turlaridan muhofaza qilish toʻgʻrisida 1975-yil 9-dekabrda Bosh Assambleya tomonidan qabul qilingan deklaratsiyani hisobga olib,
butun dunyoda qiynoqlarga va qattiq, shafqatsiz yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazo turlariga qarshi kurash samaradorligini oshirishni istab,
quyidagilarga kelishib oldilar:
I QISM
1-modda
1. Ushbu Konvensiyaning maqsadlari uchun qiynoqning taʼrifi shunday istalgan harakatni anglatadiki, u bilan qandaydir shaxsga undan yoki uchinchi shaxsdan maʼlumotlar yoki eʼtirof olish, uni u yoki uchinchi shaxs sodir etgan yoki sodir etishda u gumon qilinadigan harakat uchun jazolash, shuningdek uni yoki uchinchi shaxsni qoʻrqitish yoki zoʻrlash maqsadida, yoki bunday ogʻriq yoki azob davlatning mansabdor shaxsi yoki rasmiy sifatdagi boshqa shaxs, yoki ularning gijgijlashi bilan, yoki ularning xabardorligida yoki indamay roziligi bilan har qanday tusdagi kamsitish asoslangan istalgan sabab boʻyicha ataylab kuchli ogʻriq va azob beriladi. Bu taʼrifga qonuniy sanksiyalar natijasida paydo boʻladigan shu sanksiyalardan ajralmas yoki ulardan tasodifan chiqqan ogʻriq yoki azoblar kirmaydi.
2. Bu modda yanada kengroq qoʻllash toʻgʻrisida qoidalari boʻlgan yoki boʻlishi mumkin boʻlgan qandaydir xalqaro shartnomaga yoki qandaydir milliy qonunchilikka zarar yetkazmaydi.
2-modda
1. Har bir ishtirokchi davlat uning yurisdiksiyasidagi istalgan hududda qiynoq harakatlarining oldini olish uchun samarali qonun chiqarish, maʼmuriy, sudlov va boshqa choralarni koʻradi.
2. Hech qanday favqulodda holatlar, ular qanday boʻlmasin: xoh, urush holatimi yoki urush xavfimi, ichki siyosiy beqarorlikmi yoki boshqa istalgan favqulodda holatmi ekanligidan qatʼi nazar, qiynoqni oqlashga xizmat qilolmaydi.
3. Yuqori turgan boshliq yoki davlat hokimiyatining buyrugʻi qiynoqni oqlashga xizmat qilolmaydi.
3-modda
1. Hech qaysi ishtirokchi davlat qaysidir shaxsni boshqa davlatga agar unga u yerda qiynoq qoʻllanilishi mumkin deb oʻylashga jiddiy asoslar mavjud boʻlsa, uni joʻnatmasligi, qaytarmasligi (refouler) yoki bermasligi kerak.
2. Shunday asoslar mavjudligini aniqlash uchun vakolatli hukumatlar ishga taalluqli barcha holatlarni tegishli hollarda mazkur davlatda inson huquqlarini amalda doim qoʻpol, jiddiy va ommaviy ravishda buzishlar mavjudligini qoʻshib eʼtiborga oladilar.
4-modda
1. Har bir ishtirokchi davlat hamma qiynoq harakatlari uning jinoyat qonunchiligiga muvofiq ravishda koʻrib chiqilishini taʼminlaydi. Ayni shu narsa qiynoqqa va istalgan shaxsning azoblashda sherikligi yoki qatnashuvidan iborat harakatlariga ham tegishlidir.
2. Har bir ishtirokchi davlat bunday jinoyatlar uchun ularning ogʻirlik xususiyatini hisobga olgan holda tegishlicha jazolar tayinlaydi.
5-modda
1. Har bir ishtirokchi davlat quyidagi hollarda uning 4-moddada koʻrsatilgan jinoyatlarga nisbatan sud qilish huquqini belgilash uchun zarurligi mumkin boʻlgan tadbirlar belgilaydi:
a) jinoyatlar uning huquqiy tobeligidagi istalgan hududda yoki shu davlatda roʻyxatga olingan dengiz yoki havo kemasi bortida sodir qilingan boʻlsa;
b) taxmin qilingan jinoyatchi shu davlatning fuqarosi boʻlsa;
s) qurbon shu davlatning fuqarosi boʻlsa va agar mazkur davlat buni maqsadga muvofiq deb bilsa;
2. Har bir ishtirokchi davlat shunga oʻxshab shunday tadbirlar qabul qiladiki, ular taxmin qilingan jinoyatchi uning huquqiy tobeligidagi istalgan hududda boʻladigan hollarda shunday jinoyatlarga nisbatan oʻzining sud qilish huquqini oʻrnatish uchun zarur boʻlib chiqishi mumkin va u 8-moddaga binoan uni ushbu moddaning birinchi bandida eslatilgan davlatlardan hech qaysisiga bermaydi.
3. Ushbu Konvensiya ichki qonunlarga muvofiq istalgan jinoyatni sud qilish huquqini amalga oshirishni istisno etmaydi.
6-modda
1. Uning ixtiyoridagi axborotni koʻrib chiqqandan keyin vaziyatlar shuni taqozo etishiga ishonch hosil qilgach, 4-moddada koʻrsatilgan jinoyatlardan istalganini sodir etishda ayblanadigan shaxs hududida boʻlgan istalgan ishtirokchi davlat uni hibsga oladi yoki uning shu yerda boʻlishini taʼminlaydigan boshqa hukuqiy choralar koʻradi. Hibsga olish va boshqa huquqiy tadbirlar mazkur davlatning qonunlari boʻyicha amalga oshiriladi, ammo bu faqat jinoiy-protsessual harakatlar yoki berish boʻyicha harakat qilish uchun zarur boʻlgan vaqt mobaynida davom etishi mumkin.
2. Bunday davlat darhol faktlar boʻyicha oldindan tekshiruv oʻtkazadi.
3. Ushbu moddaning birinchi bandiga asosan hibsda boʻlgan istalgan shaxsga u fuqarosi boʻlgan davlatning eng yaqin tegishli vakili bilan yoki u fuqaroligi yoʻq shaxs boʻlsa, odatda yashab turgan davlatning vakili bilan kechiktirmay aloqa oʻrnatishida yordam koʻrsatiladi.
4. Davlat ushbu moddaga binoan qaysidir shaxsni hibsga olsa, 5-moddaning birinchi bandida eslatilgan davlatlarga bunday shaxsning hibsdaligi fakti toʻgʻrisida va uni ushlashga sabab boʻlib xizmat qilgan vaziyatlar haqida kechiktirmay xabar beradi. Ushbu moddaning ikkinchi bandida koʻzda tutilgan oldindan tekshiruv oʻtkazadigan davlat olgan maʼlumotlari toʻgʻrisida kechiktirmay yuqorida eslatilgan davlatlarga xabar qiladi va oʻzining sud qilish huquqini amalga oshiradimi yoki yoʻqmi ekanligini koʻrsatadi.
7-modda
1. Ishtirokchi davlat, agar uning huquqiy tobeligidagi hududda 4-moddada koʻrsatilgan jinoyatlardan istalganini sodir etishda gumon qilingan shaxs topilsa va u 5-moddada koʻzda tutilgan hollarda jinoyatchini bermasa mazkur ishni oʻzining vakolatli hukumatlariga sudda tekshirish uchun beradi.
2. Bu hukumatlar jiddiy tusdagi oddiy jinoyat holatida boʻlganidek, shu davlat qonuniga muvofiq tarzda qaror qabul qiladilar. 5-moddaning ikkinchi bandida sanab oʻtilgan hollarda sudda tekshirish va qoralash uchun zarur isbotlarga qoʻyiladigan talablar hech bir holda 5-moddaning birinchi bandida koʻrsatilgan hollarda qoʻllaniladiganiga nisbatan kamroq jiddiy boʻlmaydi.
3. 4-moddada koʻrsatilgan jinoyatlardan har qaysisi munosabati bilan tekshiriladigan har qaysi shaxsga ishni koʻrishning hamma bosqichlarida adolatli muomala qilish kafolatlanadi.
8-modda
1. 4-moddada koʻrsatilgan jinoyatlar ishtirokchi davlatlar oʻrtasida mavjud boʻlgan berish toʻgʻrisidagi har qanday shartnomaga kiritiladigan jinoyatlar sifatida kiritilishi kerak deb hisoblanadi. Ishtirokchi davlatlar bunday jinoyatlarni ular oʻrtasida tuziladigan berish toʻgʻrisidagi istalgan shartnomaga kiritiladigan jinoyatlar sifatida kiritish majburiyatini oladilar.
2. Agar berishni shartnoma mavjudligi bilan shart qilib qoʻyadigan ishtirokchi davlat u berish toʻgʻrisida hech qanday shartnomaga ega boʻlmagan boshqa ishtirokchi davlatdan berish iltimosini olsa, u bunday jinoyatlarga nisbatan ushbu Konvensiyani berish uchun huquqiy asos sifatida koʻrib chiqishi mumkin. Berish shu hakda iltimos bilan murojaat qilingan davlatning qonunchiligida koʻzda tutilgan boshqa shartlarda amalga oshiriladi.
3. Berishni shartnoma mavjudligi bilan shart qilib qoʻymaydigan ishtirokchi davlatlar oʻzaro munosabat bunday jinoyatlarni berish toʻgʻrisida murojaat qilingan Davlatning qonunchiligida koʻzda tutilgan shartlarga muvofiq berishga olib keladigan jinoyatlar sifatida koʻrib chiqadilar.
4. Ishtirokchi davlatlar oʻrtasida bunday jinoyatlar nafaqat sodir qilinadigan joyda, balki shu 5-moddaning birinchi bandiga binoan oʻzining sud qilishni belgilashi lozim boʻlgan davlatlar hududida ham sodir qilingan jinoyatlardek koʻriladi.
9-modda
1. Ishtirokchi davlatlar 4-moddada sanab oʻtilgan jinoyatlardan har biriga nisbatan amalga oshirilgan jinoiy-protsessual harakatlar munosabati bilan bir-birlariga sud tekshiruvi uchun ular ixtiyoridagi barcha mavjud dalillar berilishini qamrab oluvchi eng toʻliq yordam koʻrsatadilar.
2. Ishtirokchi davlatlar oʻz majburiyatlarini shu moddaning birinchi bandiga binoan ular oʻrtasida oʻzaro huquqiy yordam toʻgʻrisidagi har qanday shartnomalar boʻyicha bajaradilar.
10-modda
1. Har bir ishtirokchi davlat qiynoqni taqiqlashga tegishli oʻquv materiallari va axborotlar huquqni tatbiq etuvchi organlarning xodimlarini, fuqarolarga oid yoki harbiy, tibbiy xodimlarni, davlatning mansabdor shaxslarini hamda har qanday shaklda hibsga olingan, ushlangan yoki qamoqqa olingan shaxslarni ushlab turib, soʻroq qilishga yoki ular bilan muomala qilishga munosabat bildirishi mumkin boʻlgan shaxslarni tayyorlash dasturlariga toʻliq ravishda kiritilishini taʼminlaydi.
2. Har bir ishtirokchi davlat bu taqiqni har qaysi shunday shaxslarning vazifa va funksiyalariga oid qoida yoki yoʻriqnomaga kiritadi.
11-modda
Har bir ishtirokchi davlat qandaydir qiynoq hollariga yoʻl qoʻymaslik uchun uning huquqiy tobeligida boʻlgan har bir hududda har qanday shaklda ushlangan, hibs qilingan yoki qamoqqa olingan shaxslarni soʻroq qilish, shuningdek qamoqda ushlab turish va muomala qilishga taalluqli qoida, yoʻriqnoma, usul va amaliyotlarni muntazam koʻrib chiqadi.
12–modda
Har bir ishtirokchi davlat uning huquqiy tobeligida boʻlgan har qaysi hududda qiynoq qoʻllangan deb oʻylashga yetarlicha asos boʻlganda uning organlari tez va xolis tekshiruv oʻtkazishlarini taʼminlaydi.
13-modda
Har bir ishtirokchi davlat uning huquqiy tobeligida boʻlgan istalgan hududda qiynoq qoʻllanildi deb tasdiqlaydigan har bir shaxsga shu davlatning vakolatli hukumatlariga shikoyat qilish huquqini hamda ular tomonidan bunday jinoyat tez va xolis koʻrib chiqilishini taʼminlaydi. Daʼvogar va guvohlarni har qanday shakllardagi yoki uning shikoyati yoki har qanday guvohlik koʻrsatmalari munosabati bilan qoʻrqitishdan himoya qilishni taʼminlash choralari koʻriladi.
14-modda
1. Har bir ishtirokchi davlat oʻzining hukuqiy tizimida qiynoqlarning qurboni tovon olishini va iloji boricha toʻlaroq tiklanish uchun mablagʻlarni qamrab oluvchi, huquqiy sanksiya bilan toʻldiriladigan adolatli va muqobil tovon olish huquqiga ega boʻlish huquqini taʼminlaydi. Qiynoq natijasida qurbon vafot etsa tovon olish huquqi uning qaramogʻidagilarga beriladi.
2. Ushbu moddada hech narsa qurbon yoki boshqa shaxslarning milliy qonunchilikka koʻra mavjudligi mumkin boʻlgan har qanday tovon olish hukuqiga daxl qilmaydi.
15-modda
Har bir ishtirokchi davlat har qanday ariza, agar belgilanganidek, qiynoq ostida berilgan boʻlsa, istalgan sud tekshiruvi davomida dalil sifatida foydalanmasligini taʼminlaydi, u qiynoq sodir etishda ayblanadigan shaxsga qarshi ariza berilganining isboti sifatida foydalaniladigan hollar bundan mustasnodir.
16-modda
1. Har bir ishtirokchi davlat uning huquqiy tobeligida boʻlgan istalgan hududda bunday harakatlar davlatning mansabdor shaxsi yoki rasmiy sifatida, yoxud ularning gijgijlashi yoki kuzatuvi yo indamay rozilik berishi bilan chiqadigan boshqa shaxs tomonidan sodir etiladigan 1-moddada boʻlgan qiynoq taʼrifiga kirmaydigan muomala berishning boshqa qattiq, shafqatsiz yoki qadr-qimmatni kamsituvchi boshqa harakatlarning oldini olish majburiyatini oladi. Xususan, 10, 11, 12 va 13-moddalarda boʻlgan majburiyatlar qiynoq toʻgʻrisidagi eslatmalar muomala va jazoning boshqa qattiq, shafqatsiz yoki qadr-qimmatni kamsituvchi shakllari toʻgʻrisidagi eslatmalar bilan almashtirilgan holda tatbiq etiladi.
2. Ushbu Konvensiyaning qoidalari qattiq, shafqatsiz yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazoni taqiqlovchi yoki berish yoki chiqarib yuborishga tegishli istalgan xalqaro shartnomalar yoki milliy qonunchilikning qoidalariga zarar keltirmaydi.
II QISM
17-modda
1. Qiynoqlarga qarshi qoʻmita (bundan keyin Qoʻmita deyiladi) tuziladi, u quyida nazarda tutilgan vazifalarni bajaradi. Qoʻmita yuksak maʼnaviy fazilatlarga ega va inson huquqlari sohasida vakolatli deb tan olingan hamda shaxs sifatida chiqadigan oʻnta ekspertdan iborat. Ekspertlar ishtirokchi davlatlar tomonidan saylanadi, bunda joʻgʻrofiy taqsimlanishga hamda huquqiy tajribasi boʻlgan bir nechta shaxsning ishtiroki maqsadga muvofiqligiga eʼtibor beriladi.
2. Qoʻmita aʼzolari ishtirokchi davlatlar tomonidan koʻrsatiladigan shaxslar roʻyxati hisobidan yashirin ovoz berish bilan saylanadi. Har bir ishtirokchi davlat oʻz fuqarolari hisobidan bitta nomzod koʻrsata oladi. Ishtirokchi davlatlar shuningdek Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisida xalqaro paktga binoan taʼsis etilgan Inson huquqlari qoʻmitasining aʼzolari boʻlgan hamda Qiynoqlarga qarshi qoʻmitada ishlash istagini bildirgan shaxslarni koʻrsatish maqsadga muvofiqligini ham hisobga oladilar.
3. Qoʻmita aʼzolari saylovi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tomonidan ikki yilda bir marta chaqiriladigan ishtirokchi davlatlar kengashida oʻtkaziladi. Kvorumini ishtirokchi davlatlarning uchdan ikki qismi tashkil etadigan ana shu kengashlarda eng koʻp ovoz hamda Konvensiya ishtirokchi davlatlari vakillaridan ishtirok etgan va ovoz berishda qatnashganlarining mutloq koʻpchilik ovozini olganlar Qoʻmitaga saylangan nomzodlar boʻladi.
4. Dastlabki saylovlar ushbu Konvensiya amalga kiritilgan sanadan boshlab olti oydan kechikmay oʻtkaziladi. Navbatdagi saylovlar sanasidan hech boʻlmaganda toʻrt oy avval Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi ishtirokchi davlatlarga uch oylik muddatda ularning nomzodlarini takdim etish taklif qilingan xat joʻnatadi. Bosh kotib tayyorlaydigan roʻyxatga alifbo tartibida shu tarzda koʻrsatilgan shaxslar ularni koʻrsatgan ishtirokchi davlatlarni koʻrsatgan holda kiritiladi, Bosh kotib bu roʻyxatni ishtirokchi davlatlarga taqdim etadi.
5. Qoʻmita aʼzolari toʻrt yil muddatga saylanadi. Ular takror koʻrsatilgan taqdirda qayta saylanish huquqiga egadir. Ammo dastlabki saylovda saylangan besh aʼzoning vakolat muddati ikki yillik davr oxirida tugaydi, dastlabki saylovdan keyin darhol shu besh aʼzoning nomlari, kengash raisi tomonidan qurʼa tashlab aniqlanadi, bu hakda ushbu moddaning uchinchi bandida bayon etiladi.
6. Qoʻmita aʼzosi vafot etgan yoki isteʼfoga chiqqan taqdirda yoki qandaydir boshqa sabablarga koʻra Qoʻmitadagi vazifalarini bajarish imkoni boʻlmaganda uning nomzodini taklif qilgan ishtirokchi davlat qolgan muddatga ishtirokchi davlatlar aksariyatining maʼqullashi bilan boshqa ekspertni tayinlaydi. Agar ishtirokchi davlatlarning yarmi yoki koʻprogʻi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibidan tavsiya qilinadigan tayinlov toʻgʻrisida axborot olgandan keyin olti hafta ichida salbiy javob bermasa, nomzod maʼqullangan deb hisoblanadi.
7. Ishtirokchi davlatlar Qoʻmita aʼzolarining ular tomonidan Qoʻmitada vazifalari bajarilgan davrdagi xarajatlarini qoplashni oʻz zimmalariga oladilar.
18-modda
1. Koʻmita oʻzining mansabdor shaxslarini ikki yil muddatga saylaydi. Ular qayta saylanishlari mumkin.
2. Qoʻmita oʻzining xususiy tartib-qoidalarini belgilaydi, lekin bu qoidalarda, jumladan, quyidagilar koʻzda tutilmogʻi lozim:
a) olti aʼzo kvorumni hosil qiladi;
b) Qoʻmita qarorlari qatnashayotgan aʼzolarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
3. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Qoʻmita oʻz vazifalarini ushbu Konvensiyaga muvofiq ravishda samarali olib borishi uchun zarur xodimlar, shart-sharoit bilan taʼminlaydi.
4. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Qoʻmitaning birinchi kengashini chaqiradi. Oʻzining birinchi kengashidan keyin Qoʻmita tartib-qoidalarda koʻzda tutilgan vaqt oraligʻida toʻplanishi lozim.
5. Ishtirokchi davlatlar ularning va Qoʻmitaning kengashlarini oʻtkazish munosabati bilan yuzaga keladigan xarajatlarni qoplashni ushbu moddaning uchinchi bandiga binoan Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan taʼminlanadigan xodimlarga haq toʻlash va shart-sharoitlarni taʼminlash kabi har qanday xarajatlar qoplanishini qoʻshib oʻz zimmasiga oladi.
19-modda
1. Ishtirokchi davlatlar Qoʻmitaga ushbu Konvensiyaga binoan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi orqali ular tomonidan ularning vazifalarini amalga oshirish yuzasidan ushbu Konvensiya tegishli ishtirokchi davlat uchun amalga kiritilgandan keyin bir yil mobaynida qabul qilingan tadbirlar toʻgʻrisida maʼruzalar takdim qiladi. Shundan keyin ishtirokchi davlatlar toʻrt yilda bir marta har qanday qabul qilingan yangi tadbirlar toʻgʻrisida qoʻshimcha maʼruzalarni, shuningdek soʻrashi mumkin boʻlgan boshqa maʼruzalarni taqdim qiladi.
2. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi shu maʼruzalarni barcha ishtirokchi davlatlarga joʻnatadi.
3. Har bir maʼruza Qoʻmita tomonidan koʻrib chiqiladi, u oʻzi maqsadga muvofiq deb hisoblaydigan maʼruza yuzasidan umumiy tartibda mulohazalar qilishi mumkin, keyin ularni tegishli ishtirokchi davlatga joʻnatadi.
Mazkur ishtirokchi davlat Qoʻmitaga javob tariqasida oʻrinli deb hisoblaydigan istalgan mulohazalarni berishi mumkin.
4. Qoʻmita oʻz xohishicha, 24-moddaga binoan tayyorlanadigan oʻzining yillik maʼruzasiga uning tomonidan ushbu moddaning uchinchi bandiga binoan qilingan istalgan mulohazalarni ular boʻyicha tegishli ishtirokchi davlatdan olingan mulohazalar bilan kiritishi mumkin. Tegishli ishtirokchi davlat iltimosiga koʻra Qoʻmita shuningdek ushbu moddaning birinchi bandiga muvofiq takdim qilingan maʼruza nusxasini ham kiritishi mumkin.
20-modda
1. Agar Qoʻmita olgan toʻgʻri axborotda, uning fikricha, qaysidir ishtirokchi davlat hududida qiynoqlar muntazam qoʻllanilgani toʻgʻrisida toʻliq asosli maʼlumotlar boʻlsa, unda u ushbu ishtirokchi davlatga shu axborotni koʻrib chiqishda hamkorlik qilishni hamda shu maqsadda oʻzining mazkur axborotga nisbatan mulohazalarini bildirishni taklif qiladi.
2. Tegishli ishtirokchi davlat taqdim etadigan har xil mulohazalarni, shuningdek uning ixtiyoridagi ishga aloqador boshqa istalgan axborotlarni hisobga olgan holda Qoʻmita, agar u shuni maqsadga muvofiq deb topsa, maxfiy ravishda tekshirish oʻtkazish va Qoʻmitaga shoshilinch ravishda tegishli maʼruzani berish uchun oʻzining bir yoki bir necha aʼzolarini tayinlashi mumkin.
3. Agar ushbu moddaning ikkinchi bandiga binoan tekshiruv oʻtkazilsa, Qoʻmita tegishli ishtirokchi davlat bilan hamkorlik oʻrnatishga intiladi. Shu ishtirokchi davlat roziligi bilan bunday tekshiruv uning hududiga borib koʻrishni nazarda tutishi mumkin.
4. Shu moddaning ikkinchi bandiga muvofiq ana shu tekshiruv aʼzosi yoki aʼzolari tomonidan taqdim qilingan tekshiruv natijalari koʻrib chiqilgandan keyin Qoʻmita tegishli ishtirokchi davlatga bu natijalarni shu vaziyatda maqsadga muvofiq deb topiladigan istalgan mulohazalar yoki takliflar bilan qoʻshib joʻnatadi.
5. Qoʻmitaning ushbu moddaning birinchi — toʻrtinchi bandlarida eslatilgan butun ishi maxfiy tusdadir va bu ishning hamma bosqichlarida ishtirokchi davlat bilan hamkorlik qilishga intilish lozim. ikkinchi bandga binoan oʻtkazilgan tekshiruv nisbatan bu ish tugagach Qoʻmita tegishli ishtirokchi davlat bilan maslahatlashgandan keyin shu ish natijalari toʻgʻrisida qisqacha hisobotni 24-moddaga asosan tayyorlanadigan oʻzining har yilgi maʼlumotiga kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
21-modda
1. Ushbu moddaga muvofiq mazkur Konvensiyaning har qanday ishtirokchi davlati istalgan vaqtda u Qoʻmitaning bir ishtirokchi davlatning boshqa ishtirokchi davlat oʻzining ushbu Konvensiya boʻyicha vazifalarini bajarmayotganligi toʻgʻrisidagi xabarlarini olish va koʻrib chiqish vakolatini tan olishini bildirishi mumkin. Bunday xabarlar ushbu moddada bayon qilingan tartib-qoidalarga muvofiq faqatgina ular oʻziga nisbatan Qoʻmita vakolatini tan olgani toʻgʻrisida ariza bergan ishtirokchi davlat tomonidan taqdim etilgan holdagina qabul qilinishi va koʻrib chiqilishi mumkin. Qoʻmita ushbu modda boʻyicha axborotlarni, agar ular bunday ariza bermagan ishtirokchi davlatga tegishli boʻlsa, koʻrib chiqmaydi. Ushbu moddaga koʻra olingan xabarlar quyidagi tartibga muvofiq koʻrib chiqiladi:
a) agar qaysidir ishtirokchi davlat boshqa ishtirokchi davlat ushbu Konvensiya qoidalarini bajarmayotir, deb hisoblasa, unda bu hakda shu masala haqida koʻrsatilgan ishtirokchi davlatga yozma xabar qilishi mumkin. Shu xabarni olgandan keyin uch oy mobaynida uni olgan davlat yozma ravishda shunday xabar joʻnatgan davlatga tushuntirish yoki boshqa ariza taqdim qiladiki, unda qanchalik mumkin va maqsadga muvofiq boʻlsa, shu masala yuzasidan qabul qilingan, qabul qilinadigan yoki qabul qilinishi mumkin boʻlgan ichki tartib va tadbirlar koʻrsatilmogʻi lozim;
b) agar dastlabki xabar oladigan davlat tomonidan olingandan keyin olti oy mobaynida masala ikkala tegishli ishtirokchi davlatni qondirish sari hal etilmasa shu davlatlardan har qaysisi bu masalani Qoʻmitaga berib, bu haqda Qoʻmita va boshqa davlatga bildirib qoʻyishi mumkin;
s) Qoʻmita unga ushbu moddaga binoan berilgan masalani faqatgina u hamma iloji bor ichki choralar koʻrilgani hamda mazkur holda umum tomonidan tan olingan xalqaro huquq prinsiplariga muvofiq tugagani haqida ishonch hosil qilganidan soʻng qarab chiqadi. Bu qoida shu tadbirlarni koʻllash asossiz choʻzilib ketgan yoki ushbu Konvensiya buzilishining qurboni boʻlgan shaxsga samarali yordam koʻrsatishi dargumon boʻlgan hollarda harakat qilmaydi;
d) ushbu modda boʻyicha axborotlarni koʻrib chiqishda Qoʻmita yopiq majlislar oʻtkazadi;
e) Qoʻmita “s” banddagi qoidalarga rioya etgan holda tegishli ishtirokchi davlatlarga masalani ushbu Konvensiyada koʻzda tutilgan majburiyatlarini hurmat qilish asosida doʻstona hal etish maqsadida yaxshi xizmatlar koʻrsatadi. Shu maqsadda Qoʻmita zarurat boʻlganda maxsus kelishuv komissiyasini taʼsis qilishi mumkin:
f) ushbu moddaga muvofiq oʻziga berilgan har kanday masala boʻyicha Qoʻmita “b” bandda eslatilgan tegishli ishtirokchi davlatlardan ishga taalluqli istalgan axborotni berishlarini soʻrashi mumkin;
g) “b” bandda eslatilgan tegishli ishtirokchi davlatlar Qoʻmitada masalani koʻrib chiqishda vakil orqali qatnashishlari va ogʻzaki va (yoki) yozma ravishda fikr bildirishlari mumkin.
h) Qoʻmita bildirishnoma olgan kundan oʻn ikki oy mobaynida “b” bandga muvofiq quyidagi hollarda axborotnoma taqdim etadi:
i) agar “e” band qoidalari doirasida yechimga erishilsa, unda Qoʻmita oʻz axborotida faktlarni va erishilgan yechimni qisqacha bayon etish bilan chegaralanadi;
j) agar “e” band qoidalari doirasida yechimga erishilmasa, Qoʻmita oʻz axborotida faktlarni qisqacha bayon etish bilan chegaralanadi; tegishli ishtirokchi davlatlar tomonidan takdim etilgan yozma taqdimotlar va ogʻzaki arizalarning qaydi axborotga ilova qilinadi.
Har bir masala boʻyicha axborot tegishli ishtirokchi davlatlarga joʻnatiladi.
2. Ushbu moddaning qoidalari mazkur Konvensiyaning beshta ishtirokchi davlati shu moddaning birinchi bandiga muvofiq ariza berganida amalga kiritiladi. Bunday arizalar ishtirokchi davlatlar tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga saqlash uchun beriladi, Bosh kotib ularning nusxalarini qolgan ishtirokchi davlatlarga joʻnatadi. Ariza Bosh kotib nomiga bildirishnoma joʻnatish orqali istalgan vaqtda chaqirib olinishi mumkin. Arizani bunday chaqirib olish ushbu moddaga muvofiq avval oʻtkazib boʻlingan axborot mavzui boʻlgan har qanday masalani koʻrib chiqishga zarar yetkazmasligi kerak; ushbu moddaga muvofiq har qanday ishtirokchi davlatning xech qanday keyingi axborotlari, agar tegishli ishtirokchi davlat yangi ariza bermagan boʻlsa Bosh kotibga arizaning chaqirib olinishi toʻgʻrisida bildirilgandan keyin qabul qilinmaydi.
22-modda
1. Ushbu Konvensiyaning ishtirokchi davlati istalgan vaqtda ushbu moddaga muvofiq uning huquqiy tobeligida boʻlgan shaxslarning ishtirokchi davlat tomonidan Konvensiya qoidalarini buzish qurbonlari boʻlganliklarini yoki ular nomidan tushadigan shunday tusdagi axborotlarni tasdiqlaydigan xabarlarini olish va koʻrib chiqishga Qoʻmita vakolatini tan olishi toʻgʻrisida bayonot berishi mumkin. Shunday bayonot bermagan ishtirokchi davlatga taaluqli boʻlgan har qanday axborotlarni Qoʻmita qabul qilmaydi.
2. Qoʻmita ushbu moddaga binoan anonim boʻlgan yoki uning fikricha, shunday xabarlarni berish huquqini suiisteʼmol qilgan yoki ushbu Konvensiya qoidalariga toʻgʻri kelmaydigan har qanday axborotni nomaqbul deb hisoblaydi.
3. Qoʻmita ikkinchi bandni hisobga olgan holda ushbu moddaga Muvofiq ravishda unga berilgan axborotni birinchi bandga koʻra bayonot bergan va goʻyoki Konvensiyaning u yoki bu qoidalarini buzayotgan ushbu Konvensiyaning ishtirokchi davlatiga maʼlum qiladi. Axborotni olgan davlat olti oy mobaynida Qoʻmitaga masalani va shu davlat tomonidan qabul qilinadigan har qanday tadbirlarni aniqlashtiradigan yozma tushuntirish yoki ariza taqdim etadi.
4. Qoʻmita ushbu moddaga muvofiq olingan xabarlarni unga mazkur shaxs tomonidan yoki uning nomidan va tegishli ishtirokchi davlat tomonidan taqdim etilgan butun axborotlar asosida koʻrib chiqadi.
5. Qoʻmita agar u quyidagilarga amin boʻlmasa, ushbu moddaga koʻra qandaydir shaxsdan olingan hech bir axborotni koʻrib chiqmaydi:
a) xuddi shu masala xalqaro tergov yoki bartaraf etish boʻyicha qaysidir boshqa marosimda koʻrib chiqilmagan va koʻrib chiqilmayapti;
b) mazkur shaxs mavjud ichki huquq himoyasining barcha choralarini tugatgan; bu qoida shu tadbirlarni qoʻllash asossiz choʻziladigan yoki shu Konvensiyani buzish qurboni boʻlgan shaxsga samarali yordam berishi gumon sanalgan hollarda harakat qilmaydi.
6. Ushbu modda boʻyicha axborotlarni koʻrib chiqishda Qoʻmita yopiq majlislar oʻtkazadi.
7. Qoʻmita tegishli ishtirokchi davlat va mazkur shaxsga oʻz fikrlarini bildiradi.
8. Ushbu moddaning qoidalari ushbu Konvensiyaning beshta ishtirokchi davlati mazkur moddaning birinchi bandiga muvofiq ariza berganda amalga kiritiladi. Bunday arizalar ishtirokchi davlatlar tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga saqlash uchun beriladi, u ularning nusxalarini qolgan ishtirokchi davlatlarga joʻnatadi. Ariza istalgan vaqtda Bosh kotib nomiga bildirishnoma joʻnatish vositasida chaqirib olinishi mumkin. Arizani bunday chaqirib olish ushbu moddaga binoan berilib boʻlingan axborot mavzui sanalgan istalgan masalani koʻrib chiqishga zarar keltirmasligi lozim; har qanday shaxs tomonidan yoki uning nomidan joʻnatiladigan hech qanday keyingi xabarlar ushbu moddaga muvofiq, Bosh kotib tomonidan arizani chaqirib olish toʻgʻrisida bildirishnoma olingandan keyin, agar tegishli ishtirokchi davlat yangi ariza bermasa, qabul qilinmaydi.
23-modda
Qoʻmita va 21-modda birinchi bandining “e” kichik bandiga binoan tayinlanishi mumkin boʻlgan kelishuv komissiyalarining aʼzolari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Imtiyozlar va immunitetlar toʻgʻrisida Konvensiyasining tegishli boʻlimlarida koʻzda tutilganidek Birlashgan Millatlar Tashkiloti topshirigʻi boʻyicha ishlaydigan ekspertlarning imtiyozlari va immunitetlari huquqiga egadirlar.
24-modda
Qoʻmita ishtirokchi davlatlarga va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasiga ushbu Konvensiyaga binoan oʻz ishi toʻgʻrisida yillik maʼruza taqdim qiladi.
Sh QISM
25-modda
1.Ushbu Konvensiya hamma davlatlar tomonidan imzolanishga ochiqdir.
2. Ushbu Konvensiya ratifikatsiya qilinishi kerak. Ratifikatsiya yorliqlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga saqlash uchun beriladi.
26-modda
Ushbu Konvensiya hamma davlatlarning qoʻshilishi uchun ochiqdir. Qoʻshilish qoʻshilganlik toʻgʻrisida hujjatni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga saqlash uchun topshirish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
27-modda
1. Ushbu Konvensiya yigirmanchi ratifikatsiya yorligʻi yoki qoʻshilish toʻgʻrisidagi hujjat Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga saqlash uchun topshirilganining oʻttizinchi kuni amalga kiritiladi.
2. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qiladigan yoki oʻnta yigirmanchi ratifikatsiya yorligʻi yoki koʻshilish toʻgʻrisida hujjat topshirilgandan keyin koʻshiladigan har bir davlat uchun ushbu Konvensiya uning oʻzining ratifikatsiya yorligʻi yoki qoʻshilish toʻgʻrisida hujjati saqlash uchun topshirilgan sanadan keyin oʻttizinchi kuni amalga kiritiladi.
28-modda
1. Har bir davlat ushbu Konvensiyani imzolash yoki ratifikatsiya qilish yoki qoʻshilish paytida u yigirmanchi moddada belgilangan Qoʻmita vakolatini tan olmasligi mumkin.
2. Ushbu moddaning birinchi bandiga muvofiq izoh bergan har qanday ishtirokchi davlat bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibini xabardor qilib istalgan vaqtda oʻz izohini olib tashlashi mumkin.
29-modda
1. Ushbu Konvensiya ishtirokchisi boʻlgan har qaysi davlat tuzatish taklif qilishi va uni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga taqdim qilishi mumkin. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi keyin taklif qilingan tuzatishni ishtirokchi davlatlarga shu taklifni koʻrib chiqish hamda u boʻyicha ovoz berish oʻtkazish maqsadida ishtirokchi davlatlar konferensiyasini chaqirishga ular tarafdor yoki tarafdor emasligini unga bildirishni iltimos qilib joʻnatadi. Agar bunday xat joʻnatilgan sanadan soʻng toʻrt oy davomida ishtirokchi davlatlarning kamida uchdan bir qismi shunday konferensiyaga tarafdorligini bildirsa, Bosh kotib Birlashgan Millatlar Tashkiloti homiyligida konferensiya chaqiradi. Shu konferensiyada hozir boʻlgan va ovoz berishda ishtirok etgan ishtirokchi davlatlarning aksariyati tomonidan qabul qilingan har qanday tuzatish Bosh kotib tomonidan hamma ishtirokchi davlatlarga tasdiqlash uchun beriladi.
2. Ushbu moddaning birinchi bandi boʻyicha qabul qilingan tuzatish ushbu Konvensiyaning ishtirokchi davlatlaridan uchdan ikki qismi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibini oʻzining konstitutsion tartiblariga muvofiq ular tomonidan mazkur tuzatish qabul qilinganligi toʻgʻrisida xabardor qilgandan keyin amalga kiritiladi.
3. Tuzatishlar amalga kiritilgach, ular oʻshalarni qabul qilgan ishtirokchi davlatlar uchun majburiy boʻlib boshqa ishtirokchi davlatlar uchun esa ushbu Konvensiya qoidalari va ular tomonidan qabul qilingan tuzatishlar majburiy boʻlib qoladi.
30-modda
1. Ushbu Konvensiyani sharhlash yoki qoʻllanish hususidagi ikki yoki koʻproq ishtirokchi davlatlar oʻrtasidagi muzokaralar yoʻli bilan bartaraf etilishi mumkin boʻlmagan har qanday bahs ulardan birining iltimosi boʻyicha arbitrajga beriladi. Agar arbitraj toʻgʻrisida iltimos qilingandan soʻng oʻtgan olti oy mobaynida tomonlar arbitraj tashkil etish toʻgʻrisida bitimga kelish holatida boʻlmasalar, tomonlardan birining iltimosi boʻyicha bahs Xalqaro sud maqomiga binoan Xalqaro sudga oʻtkazilishi mumkin.
2. Har bir davlat ushbu Konvensiyani imzolaganda, ratifikatsiya qilganda yoki unga qoʻshilganda u oʻzini ushbu moddaning birinchi bandi qoidalari bilan bogʻlanib qolmagan deb hisoblagani toʻgʻrisida maʼlum qilishi mumkin. Boshqa ishtirokchi davlatlar shunday izoh bergan har qanday ishtirokchi davlatga nisbatan ushbu moddaning birinchi bandi qoidalari bilan bogʻlanib qolmaydilar.
3. Ushbu moddaning ikkinchi bandiga muvofiq izoh bergan har qanday ishtirokchi davlat bu hakda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga bildirib qoʻyib, istalgan paytda oʻz sharhini olib tashlashi mumkin.
31-modda
1. Har qaysi ishtirokchi davlat ushbu Konvensiyani Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga yozma ravishda xabar berish yoʻli bilan bekor qilishi mumkin. Bekor qilish Bosh kotib tomonidan bildirishnoma olingandan keyin bir yil oʻtgach amalga kiradi.
2. Bunday bekor qilish ishtirokchi davlatni ushbu Konvensiya boʻyicha uning bekor qilish amalga kiritilgan sanaga mavjud boʻlgan har qanday harakat yoki nuqson uchun javobgarliklardan ozod qilmaydi va bekor qilish Qoʻmita tomonidan bekor qilish amalga kiritilgan sanagacha koʻrib chiqilgan istalgan savolning davom etayotgan koʻrib chiqishiga hech qanaqa zarar yetkazmaydi.
3. Qaysidir ishtirokchi davlat uchun bekor qilish kuchga kiritilgan sanadan keyin Qoʻmita mazkur davlatga tegishli yangi masalalarni koʻrib chiqishga kirishmaydi.
32-modda
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Birlashgan Millatlar Tashkiloti aʼzolari boʻlgan barcha davlatlarga, ushbu Konvensiyani imzolagan yoki unga qoʻshilgan barcha davlatlarga quyidagi maʼlumotlarni xabar qiladi:
a) 25 va 26-moddalarga binoan imzolash, ratifikatsiya qilish va qoʻshilish toʻgʻrisida;
b) 27-moddaga binoan ushbu Konvensiyani amalga kiritish va 9-moddaga binoan istalgan tuzatishlarni amalga kiritish sanasi toʻgʻrisida;
s) 31-moddaga binoan bekor qilish toʻgʻrisida.
33-modda
1. Inglizcha, arabcha, ispancha, xitoycha, ruscha va fransuzcha matnlari bir xil autentik boʻlgan ushbu Konvensiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga saqlash uchun topshiriladi.
2. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi ushbu Konvensiyaning tasdiqlangan nusxalarini barcha davlatlarga joʻnatadi.
(imzolar)