|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.02.2023
|
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirining
buyrugʻi
Eksternat toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 11-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2670]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vazirining 2022-yil 17-noyabrdagi 8-mh-sonli ““Eksternat toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruq, shuningdek unga oʻzgartirishlar va qoʻshimchani oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2670-2, 28.11.2022-y.) asosan 2023-yil 1-fevraldan oʻz kuchini yoʻqotadi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vazirining 2018-yil 15-noyabrdagi 13-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2670-1, 12.12.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2018-y., 10/18/2670-1/2308-son)
1. Eksternat toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir U. INOYATOV
Toshkent sh.,
2015-yil 13-aprel,
9-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vazirining 2015-yil 13-apreldagi 9-mh-sonli buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Eksternat toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 13-maydagi 203-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida umumiy oʻrta taʼlimni tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, umumiy oʻrta taʼlim dasturlarini davlat taʼlim standarti doirasida mustaqil oʻzlashtirgan taʼlim oluvchilarni eksternat tartibida yakuniy davlat attestatsiyasidan (bundan buyon matnda attestatsiya deb yuritiladi) oʻtkazish tartibini belgilaydi.
1-bob
Umumiy qoidalar
Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
eksternat — umumiy oʻrta taʼlim hajmidagi oʻquv dasturlarini davlat taʼlim standartlari doirasida mustaqil oʻzlashtirish jarayoni;
ekstern — umumiy oʻrta taʼlim hajmidagi oʻquv dasturlarini davlat taʼlim standartlari doirasida mustaqil oʻzlashtirgan hamda attestatsiyadan oʻtkaziladigan shaxs.
2. Umumiy oʻrta taʼlim dasturlarini davlat taʼlim standarti doirasida mustaqil oʻzlashtirgan eksternlar mazkur Nizom asosida eksternat tartibida attestatsiyadan oʻtish huquqiga ega.
3. Eksternlarni attestatsiyadan oʻtkazish bepul amalga oshiriladi.
2-bob
Eksternlar roʻyxatini shakllantirish
Eksternlar roʻyxatini shakllantirish
4. Attestatsiya tegishli davlat taʼlim standartlari doirasida amalga oshiriladi.
5. Attestatsiyada umumiy oʻrta taʼlim dasturlarini davlat taʼlim standarti asosida 9-sinf doirasida mustaqil oʻzlashtirgan va tegishli yilda 16 yoshga toʻladigan hamda undan katta yoshdagi fuqarolar, umumiy oʻrta taʼlim dasturlarini davlat taʼlim standarti asosida 11-sinf doirasida mustaqil oʻzlashtirgan va tegishli yilda 18 yoshga toʻladigan hamda undan katta yoshdagi fuqarolar qatnashishi mumkin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vazirining 2018-yil 15-noyabrdagi 13-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2670-1, 12.12.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2018-y., 10/18/2670-1/2308-son)
51. Umumiy oʻrta maʼlumot toʻgʻrisida shahodatnomaga ega fuqarolar 11-sinf doirasida attestatsiyadan oʻtkaziladi.
Ekstern bir vaqtning oʻzida 9-sinf va 11-sinf doirasida attestatsiyadan oʻtkazilmaydi.
(51-band Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vazirining 2018-yil 15-noyabrdagi 13-mh-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2670-1, 12.12.2018-y.) asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2018-y., 10/18/2670-1/2308-son)
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi (bundan buyon matnda hududiy boshqarma deb yuritiladi) boshligʻining buyrugʻi bilan har yili 1-martga qadar attestatsiya oʻtkazish uchun tegishli hudud markazida joylashgan bitta umumiy oʻrta taʼlim muassasasi (bundan buyon matnda maktab deb yuritiladi) belgilanadi.
7. Eksternlar tegishli yilning 1-mayiga qadar (shu kuni ham) maktab direktori nomiga ariza bilan murojaat etadi.
8. Eksternning arizasiga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
baholar (oʻzlashtirish) tabeli, agar mavjud boʻlsa;
eksternning 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 4 dona rangli fotosurati;
pasport nusxasi, ekstern pasport olmagan boʻlsa, uning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi (asli koʻrsatilgan holda);
Oldingi tahrirga qarang.
(8-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vazirining 2018-yil 15-noyabrdagi 13-mh-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2670-1, 12.12.2018-y.)asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2018-y., 10/18/2670-1/2308-son)
9. Ekstern tomonidan barcha zarur hujjatlar taqdim etilganda, bu haqda Eksternlarning arizalarini roʻyxatga olish daftariga yozib qoʻyiladi.
10. Eksternlarning arizalarini roʻyxatga olish daftarida quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi lozim:
eksternning familiyasi, ismi va otasining ismi;
eksternning tugʻilgan yili, sanasi va joyi;
eksternning doimiy yashash joyi va telefon raqami;
baholar (oʻzlashtirish) tabeliga koʻra soʻnggi oʻqigan sinfi, agar oʻqigan boʻlsa;
ariza va boshqa hujjatlar topshirilgan sana va hujjatlarni qabul qilib olgan shaxsning imzosi.
11. Ariza bilan murojaat qilgan eksternlar roʻyxati hujjatlarni qabul qilish muddati tugagan kundan (1-maydan) boshlab ikki ish kuni ichida maktab direktori tomonidan tegishli hududiy boshqarmaga taqdim etiladi.
Eksternlar roʻyxati hududiy boshqarmalar tomonidan, ular maktablardan olingan kundan boshlab bir kun ichida, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiga yuboriladi.
3-bob
Eksternlarning arizalarini koʻrib chiqish hamda ularni attestatsiyadan oʻtkazish
Eksternlarning arizalarini koʻrib chiqish hamda ularni attestatsiyadan oʻtkazish
12. Eksternlarning arizalari maktab pedagogik kengashi tomonidan tegishli yilning 10-mayiga qadar koʻrib chiqiladi va eksternni attestatsiyaga qoʻyish haqida qaror qabul qilinadi. Mazkur qaror eksternlarning tanishishi uchun attestatsiya boshlanishidan kamida 10 kun oldin maktab binosining barcha uchun koʻrinarli joyiga osib qoʻyiladi.
13. Eksternlar qonunchilik hujjatlarida maktab bitiruvchilari uchun belgilangan huquqlarga ega boʻladi, yakuniy davlat attestatsiyasidan ozod boʻlish huquqi bundan mustasno.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
14. Eksternlarni attestatsiyadan oʻtkazish Umumiy oʻrta taʼlim oluvchilarning yakuniy davlat attestatsiyasi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 1778, 2008-yil 20-mart) muvofiq amalga oshiriladi.
15. Ekstern 9 va 11-sinflardagi baholar (oʻzlashtirish) tabeliga asosan attestatsiya oʻtkazilmaydigan fanlardan ijobiy baholangan boʻlsa, ushbu fanlardan attestatsiyadan ozod etiladi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vazirining 2018-yil 15-noyabrdagi 13-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2670-1, 12.12.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2018-y., 10/18/2670-1/2308-son)
16. Eksternning 9 va 11-sinflardagi baholar (oʻzlashtirish) tabeli boʻlmasa, 9 va 11-sinfda oʻqitiladigan fanlardan imtihon topshiradi, “Chizmachilik”, “Tasviriy sanʼat”, “Musiqa”, “Texnologiya”, “Jismoniy tarbiya” fanlari bundan mustasno.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vazirining 2018-yil 15-noyabrdagi 13-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2670-1, 12.12.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2018-y., 10/18/2670-1/2308-son)
17. Uzrsiz sabablarga koʻra attestatsiyaga kelmagan eksternlar, joriy oʻquv yilida ushbu fandan qayta attestatsiyadan oʻtkazilmaydi.
Uzrli sabablarga koʻra, attestatsiyada qatnasha olmagan eksternlar uzrli sababni tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni taqdim etgan taqdirda, joriy oʻquv yilida qayta attestatsiyadan oʻtkaziladi.
18. Kasalligi tufayli ekstern maktabga shaxsan oʻzi kela olmasa, uning (ota-onasining yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarning) murojaatiga asosan, maktab direktori tomonidan ushbu eksternga uy sharoitida attestatsiyadan oʻtish imkoniyati yaratiladi.
19. Eksternlarning attestatsiyasi natijalari boʻyicha bayonnoma rasmiylashtiriladi va mazkur bayonnomaning yuqori oʻng burchagiga “eksternat” soʻzi yozib qoʻyiladi.
20. Eksternlarning attestatsiyasi tamom boʻlgan kundan boshlab uch ish kuni ichida maktab direktori tomonidan yozma ravishda hisobot tayyorlanib, tegishli hududiy boshqarmaga taqdim etiladi.
21. Hududiy boshqarmalar tomonidan maktab direktorining hisoboti olingach, ikki ish kuni ichida ushbu hisobot asosida maʼlumot (oʻtkazilgan attestatsiya natijalari boʻyicha) tayyorlanib, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiga yuboriladi.
22. Eksternlarning shahodatnomalari Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 2-iyundagi 235-son qarori bilan tasdiqlangan Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi shahodatnomani bitiruvchilarga berish tartibi toʻgʻrisida nizomga muvofiq toʻldiriladi.
4-bob
Yakuniy qoidalar
Yakuniy qoidalar
23. Ekstern tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning saqlanishi uchun maktab direktori masʼul hisoblanadi.
24. Eksternlar tomonidan topshirilgan hujjatlar, Eksternlarning arizalarini roʻyxatga olish daftari, attestatsiya bayonnomalari va attestatsiya bilan bogʻliq boshqa materiallar 3 yil davomida attestatsiya oʻtkazilgan maktabda saqlanadi.
25. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
(25-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 19-son, 236-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2018-y., 10/18/2670-1/2308-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)