Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumi
Qarori
Oldingi tahrirga qarang.
Iqtisodiy sudlar tomonidan videokonferensaloqa rejimida sud majlislarini oʻtkazishda protsessual qonun normalarini qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Iqtisodiy sudlarning videokonferensaloqa rejimidagi majlisini oʻtkazishda iqtisodiy sudlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi normalarida belgilangan qoidalarning toʻgʻri va bir xilda qoʻllanilishini hamda ishda ishtirok etuvchi shaxslarning oʻz protsessual huquqlaridan toʻlaqonli foydalanishlarini taʼminlash maqsadida “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 47-moddasiga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumi qaror qiladi:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
1. Sudlarga tushuntirilsinki, ular sud majlislarini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazishda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) normalariga, boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Rayosatining 2014-yil 21-avgustdagi R№ 83-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi Vaqtinchalik nizomga (bundan buyon matnda Nizom deb yuritiladi) amal qilishlari lozim.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
2. Sudlar nazarda tutishlari lozimki, videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisi deganda, real vaqt rejimida telekommunikatsiya texnologiyalari yordamida audio- va video- axborotlar almashinuvi imkoniyatlaridan foydalangan holda ishni koʻrayotgan sud va sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashayotgan sud oʻrtasidagi interaktiv oʻzaro taʼsir qilish yoʻli bilan masofadan sud majlisini oʻtkazish tushuniladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ishni koʻrayotgan iqtisodiy sud deganda, iqtisodiy ish ish yurituvida boʻlgan iqtisodiy sud tushuniladi. Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashadigan sud deganda, videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazish uchun texnik va boshqa sharoitlarni taʼminlayotgan va ishni koʻrayotgan iqtisodiy sud hududidan tashqarida joylashgan Oʻzbekiston Respublikasi sudi tushuniladi.
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazishda ish IPKning umumiy qoidalariga muvofiq, IPKning 11, 112, 165, 166 va 171-moddalarida va nazarda tutilgan xususiyatlar inobatga olingan holda koʻriladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 20-apreldagi 18-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishini taʼminlash uchun koʻrsatilgan shaxslarning yashash joyi, joylashgan yeri yoki turgan joyi boʻyicha tegishli sudlarning videokonferensaloqa tizimlaridan yoxud ishni koʻrayotgan sudning mobil videokonferensaloqa tizimidan foydalaniladi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etish huquqi birinchi instansiya sudidagi kabi, apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyalari sud majlislarida ham amalga oshirilishi mumkin.
Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishda ishtirok etuvchi shaxslar va odil sudlovni amalga oshirishga koʻmaklashuvchi shaxslar sud majlisida IPKning 167-moddasida belgilangan tartibga rioya etmaganlarida raislik qiluvchi sud majlisi vaqtida sud tartibni buzgan shaxsni ogohlantirishga, tartibni takroran buzgan shaxsni sud majlisi zalidan chiqarib yuborishga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 180-moddasida koʻrsatilgan asoslar mavjud boʻlganda sud mansabdor shaxs yoki fuqaroni sudga hurmatsizlik qilganlik uchun maʼmuriy javobgarlikka tortishga haqli (IPK 200-moddasining oltinchi qismi).
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
5. Sudlarga tushuntirilsinki, videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisi IPKning 10-moddasiga asosan oʻzbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi koʻpchilik aholi soʻzlashadigan tilda olib boriladi.
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Sud ishlari olib borilayotgan tilni bilmaydigan sud ishtirokchilarining tarjimon yordamida sud ishlarida ishtirok etish hamda oʻz ona tilida soʻzlash huquqi taʼminlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda tarjimon bilan taʼminlash videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashuvchi yoki ish ish yurituvida boʻlgan iqtisodiy sud tomonidan amalga oshiriladi. Tarjimon bilan taʼminlash videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashuvchi iqtisodiy sud tomonidan amalga oshirilganda, ushbu sud tarjimonga IPK 59-moddasida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlarni tushuntirganligi haqida tilxat oladi va ishni koʻrayotgan sudga yuboradi.
(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
6. IPK 166-moddasiga muvofiq, ishda ishtirok etuvchi shaxslar va iqtisodiy sudlov ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishlari mumkin.
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Sudlar eʼtiborga olishlari kerakki, ishda ishtirok etuvchi shaxslar va iqtisodiy sudlov ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilarining videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishlari ularning majburiyati emas, balki huquqi hisoblanadi.
(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
6.1. Sudlarga tushuntirilsinki, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning barchasi bitta maʼmuriy-hududiy birlik (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahri, tuman, shahar), yaʼni ishni koʻrayotgan iqtisodiy sud joylashgan hududda joylashgan boʻlsa-da, boshqa sud binosidan turib videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etish uchun sudga iltimosnoma bilan murojaat qilishga haqli.
(6.1-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
6.2. IPK 166-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarning videokonferensaloqa rejimida iqtisodiy sud majlisida ishtirok etish huquqi ishni sudda koʻrishga tayyorlash yoki ishni koʻrishni boshqa kunga qoldirish haqidagi ajrimda koʻrsatiladi.
(6.2-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
6.3. Ishni sudda koʻrishga tayyorlash yoki ishni koʻrishni boshqa kunga qoldirish toʻgʻrisidagi ajrimda ishni koʻrayotgan sud joylashgan hududdan tashqarida boʻlgan ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ishni koʻrayotgan sudga hozir boʻlish yoʻli bilan sud majlisida bevosita ishtirok etish huquqi hamda ular joylashgan hududdagi iqtisodiy sudga hozir boʻlish yoʻli bilan videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etish huquqi tushuntiriladi.
(6.3-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
6.4. Ishni sudda koʻrishga tayyorlash yoki ishni koʻrishni boshqa kunga qoldirish haqidagi ajrim nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslardan tashqari videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashadigan tegishli iqtisodiy sud(lar)ga yuboriladi.
(6.4-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
6.5. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar ishni sudda koʻrishga tayyorlash yoki ishni koʻrishni boshqa kunga qoldirish haqidagi ajrimni olgandan soʻng, ishni koʻrayotgan yoki videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashadigan sud(lar)ga videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishga xohishi haqida ogʻzaki yoki yozma shaklda maʼlum qilishga haqli. Biroq, ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan bunday maʼlumotning taqdim etilmasligi ularni videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etish huquqidan mahrum qilmaydi.
6.6. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning biri tomonidan videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazishga eʼtiroz bildirilishi ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarni videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etish huquqidan mahrum qilmaydi, IPK 11-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Oldingi tahrirga qarang.
7. IPK 165-moddasining birinchi qismiga muvofiq, ish iqtisodiy sudning majlisida koʻriladi. Iqtisodiy sudning majlisi videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilishi mumkin.
(7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Ish muhokamasi IPKning 165-moddasi qoidalariga asosan, ushbu bandda nazarda tutilgan xususiyatlar inobatga olingan holda amalga oshiriladi.
(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
7.1. Ishni koʻrayotgan sud ishda ishtirok etuvchi shaxslar va iqtisodiy sudlov ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilarining ishni koʻrayotgan sudda va sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashadigan sudga hozir boʻlganliklarini hamda ularning vakolatlarini tekshiradi. Bunda ishni koʻrayotgan sud mazkur shaxslarning videokonferensaloqa rejimida sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashadigan sudda hozir boʻlganliklarini va ularning vakolatlarini ushbu sudga taqdim qilingan va belgilangan tartibda aloqa vositalari orqali uzatilgan hujjatlarni oʻrganish va baholash yoʻli bilan tekshiradi.
(7.1-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
7.2. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar va iqtisodiy sudlov ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari videokonferensaloqa rejimida sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashadigan sudga kelmagan hollarda, ishni koʻrayotgan sud, protsess ishtirokchilari sud majlisi vaqti va joyi haqida tegishli tartibda xabardor qilingan taqdirda, sud majlisini oddiy rejimda oʻtkazadi yoxud ish koʻrishni boshqa kunga qoldirish haqida ajrim chiqaradi.
(7.2-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
7.3. Majlisga raislik qiluvchi sudya ishda ishtirok etuvchi shaxslarga va iqtisodiy sudlov ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilariga ularning protsessual huquq va majburiyatlarini, shuningdek Nizomda nazarda tutilgan videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazish bilan bogʻliq texnik xususiyatlarni tushuntiradi.
(7.3-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
7.4. IPK 168-moddasining birinchi qismiga koʻra, iqtisodiy sud ishni koʻrishda ish boʻyicha dalillarni tekshiradi, xususan yozma dalillar bilan tanishadi, ashyoviy dalillarni koʻzdan kechiradi.
(7.4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Shu sababli videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisi davomida taqdim etilgan yozma dalillar, yozma shaklda berilgan iltimosnomalar videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashadigan sudning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha xodimi tomonidan skaner uskunasi va aloqa vositalari orqali ishni koʻrayotgan sudga darhol yuboriladi.
7.5. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan sud muhokamasi davomida taqdim etilgan va ishni koʻrayotgan sud tomonidan qabul qilingan ashyoviy dalillar (videoyozuv, audioyozuv, fotografiya va boshqalar)ni texnik vositalar yordamida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha xodim namoyish etadi.
7.6. Sud muhokamasi davomida ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashadigan sudga taqdim etilgan yozma, ashyoviy va boshqa dalillar keyingi ish kunidan kechiktirilmasdan ilova qilinayotgan hujjatlar yoki boshqa dalillarning roʻyxati koʻrsatilgan holda kuzatuv xati bilan Davlat feldyegerlik xizmati orqali ishni koʻrayotgan sudga yuboriladi.
7.7. Sud muhokamasi davomida videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashadigan sudga taqdim etilgan yozma, ashyoviy va boshqa dalillar ishni koʻrayotgan sudga kelib tushgandan soʻng sud majlisi kotibi tomonidan belgilangan tartibda ish hujjatlariga qoʻshib qoʻyiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
8. IPK 11-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq, davlat sirlarini yoki tijorat sirini saqlash zarur boʻlgan taqdirda, ishni yopiq majlisda koʻrishga yoʻl qoʻyiladi. Shu munosabat bilan sudlar inobatga olishlari kerakki, taraflar tomonidan ishni yopiq sud majlisida koʻrish haqida iltimosnoma berilgan va u sud tomonidan qanoatlantirilgan holda yoki ishni yopiq sud majlisida koʻrish uchun boshqa zaruriyat tugʻilganda sud majlisi faqat oddiy rejimda oʻtkazilishi mumkin, chunki videokonferensaloqa rejimida yopiq sud majlisini oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
10. IPK 171-moddasining birinchi qismiga muvofiq, iqtisodiy sud ishni shu majlisda koʻrish mumkin boʻlmagan taqdirda, shu jumladan ishda ishtirok etuvchi shaxslar, guvohlar, ekspertlar va tarjimonlardan biri kelmaganligi yoki qoʻshimcha dalillar taqdim etish zarurligi sababli yoxud videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazish vaqtida videokonferensaloqa oʻrnatishning imkoni boʻlmagan taqdirda ishni koʻrishni keyinga qoldirishga haqli.
(10-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Videokonferensaloqa oʻrnatishning imkoni boʻlmaganligi deganda, ishni koʻrish jarayonida texnik nosozliklar, shuningdek elektr energiyasi yetkazib berilishidagi uzilishlarning yuzaga kelishi tushunilishi lozim.
Videokonferensaloqa oʻrnatishning imkonini yoʻqotishga olib kelgan texnik nosozliklar va elektr energiyasini yetkazib berishdagi uzilishlar yuzaga kelganda, ishni koʻrayotgan sud ishni koʻrishni boshqa kunga qoldirishi lozim.
Sud majlisi videokonferensaloqa oʻrnatish imkonining boʻlmaganligi sababli qoldirilganda, ishni koʻrayotgan sud boshqa aloqa vositasi orqali videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashadigan sudning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha xodimini, bu xodim esa, oʻz navbatida, sud majlisiga kelgan ishda ishtirok etuvchi shaxslarni yangi sud majlisining kuni va vaqti haqida tilxat orqali xabardor qiladi.
11. Sudlar shuni hisobga olishlari kerakki, ishda ishtirok etuvchi taraflardan biri sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazishga koʻmaklashadigan sudga kelgan boʻlib, lekin ishni koʻrayotgan sud nizoni videokonferensaloqa oʻrnatishning imkoni boʻlmaganligi sababli oddiy rejimda mazmunan hal qilgan boʻlsa, bu holat ishni taraflardan birining ishtirokisiz koʻrishda ifodalangan protsessual huquq normalarining buzilishi sifatida baholanadi va sud hujjatini bekor qilishga asos boʻladi.
Shu bilan birga, videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashadigan sudga kelgan ishda ishtirok etuvchi shaxslarning ishni ularning ishtirokisiz koʻrishga yozma roziligi boʻlsa, sud ishni oddiy rejimda mazmunan koʻrishga haqli.
Oldingi tahrirga qarang.
12. Ishni videokonferensaloqa rejimida koʻrish natijalari boʻyicha iqtisodiy sudning sud hujjati IPKning 21 va 22-boblari qoidalari boʻyicha, ushbu bandda nazarda tutilgan xususiyatlar inobatga olingan holda qabul qilinadi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
12.1. Ish boʻyicha dalillarni tekshirish tugaganidan keyin, sud hal qiluv qarori qabul qilish uchun, videokonferensaloqa rejimidagi sud muhokamasi oʻtkazilgan xonadagi protsess ishtirokchilari chiqib ketmagan holda, alohida xonaga chiqib ketadi. Maslahatdan soʻng sud hujjati IPKda belgilangan tartibda eʼlon qilinadi.
(12.1-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
12.2. Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazish natijalari boʻyicha qabul qilingan sud hujjatining kirish qismida sud muhokamasi videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilganligi haqidagi maʼlumot koʻrsatiladi.
13. Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashadigan sud, sud majlisi uchun belgilangan vaqtda ishda ishtirok etuvchi shaxslarga videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishi uchun sharoit yaratishga, shu jumladan:
aloqa vositalarining uzluksiz ishlashini;
Oldingi tahrirga qarang.
sud muhokamasi davomida ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan IPKning 167-moddasida belgilangan talablarga rioya etilishini;
(13-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
ishni koʻrayotgan sudga ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning nusxalarini oʻz vaqtida uzatilishini;
ish boʻyicha dalillarning oʻz vaqtida (sud majlisining keyingi kunidan kechiktirmay) ishni koʻrayotgan sudga yuborilishini taʼminlashi shart.
Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazish bilan bogʻliq texnik harakatlar Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
14. Sud majlisi videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilgan taqdirda, sud majlisi bayonnomasida IPK 201-moddasining ikkinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan maʼlumotlar koʻrsatiladi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
15. IPKning 116-moddasiga muvofiq sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar sud xarajatlari tarkibiga kiradi va faqat ishni koʻrish natijalari boʻyicha undirilishi lozim. Sudlar shuni inobatga olishlari lozimki, ushbu xarajatlarning toʻlanmaganligi daʼvo arizasini qaytarish uchun asos boʻlmaydi. Sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar taraflar oʻrtasida IPK 118-moddasining birinchi qismiga asosan taqsimlanadi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oliy xoʻjalik sudi raisi K.KAMILOV
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining kotibi, sudya K. DAVLETOVA
Toshkent sh.,
2014-yil 28-noyabr,
270-son