Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 10.06.2022
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
POChTA ALOQASI TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekistan Respublikasining 2022-yil 9-iyundagi O‘RQ-777-sonli “ Pochta aloqasi to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasining 2009-yil 22-apreldagi O‘RQ 211-sonli “Pochta aloqasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonuniga muvofiq yangi tahrirda tasdiqlangan.
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi pochta aloqasini tashkil etish, uning faoliyati va rivojlanishi sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir.
2-modda. Pochta aloqasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
Pochta aloqasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining pochta aloqasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
abonentlik pochta javoni — turar joy binosining kirish yo‘lagi (vestibyuli)da, shuningdek xat-xabarlar va davriy nashrlar yetkaziladigan uchastkada adresatlarning yozma xat-xabarlar va davriy nashrlarni olishlari uchun o‘rnatiladigan, qulflanadigan qutichalardan iborat maxsus javon;
adresat — pochta jo‘natmasi, pul mablag‘larining pochta o‘tkazmasi, telegraf xabarlari va boshqa xabarlar yo‘llangan yuridik yoki jismoniy shaxs;
yozma xat-xabarlar — oddiy, buyurtma va qimmatli xatlar, banderollar, oddiy va buyurtma pochta varaqchalari hamda sekogrammalari (ko‘zi ojizlar uchun), shuningdek mayda paketlar;
milliy operator — pochta aloqasi milliy operatori, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan zimmasiga O‘zbekiston Respublikasining butun hududida universal xizmatlarni majburiy ravishda ko‘rsatish vazifasi yuklatilgan operator;
nomli buyum — hujjatlar va pochta jo‘natmalariga pochta aloqasi obyektining nomi, pochta jo‘natmasi qabul qilingan va yetkazilgan sana hamda boshqa ma’lumotlardan iborat tamg‘a tushiruvchi qurilma;
operator — pochta aloqasi operatori, ya’ni mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida pochta aloqasi tarmog‘iga egalik qiluvchi va pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
pochta aloqasi — pochta jo‘natmalarini, shuningdek pul mablag‘larining pochta o‘tkazmalarini jo‘natish (qabul qilish, ishlov berish, tashish, o‘tkazish)ni va yetkazib berish (topshirish)ni ta’minlovchi texnik va transport vositalarining yagona ishlab chiqarish-texnologiya majmuini o‘zida mujassamlashtirgan aloqa turi;
pochta aloqasi vositalari — pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish uchun foydalaniladigan asbob-uskunalar, texnika va transport vositalari, shuningdek, pochta konvertlari, varaqchalari va idishlar;
pochta aloqasi obyektlari — pochta aloqasi operatorlarining alohida bo‘linmalari, ya’ni pochtamtlar, pochta aloqasi uzellari, bo‘limlari va punktlari, shuningdek, temir yo‘l stansiyalari va aeroportlar qoshidagi pochta almashish punktlari;
pochta aloqasi tarmog‘i — pochta aloqasi obyektlari va pochta yo‘nalishlari majmui;
pochta aloqasi xizmatlari — operator yoki provayderning pochta jo‘natmalarini, shuningdek pul mablag‘larining pochta o‘tkazmalarini jo‘natish bo‘yicha faoliyati;
pochta jo‘natmalari — manzili ko‘rsatilgan yozma xat-xabarlar, posilkalar, to‘g‘ri jo‘natiluvchi pochta konteynerlari va tegishlicha o‘rovdagi bosma nashrlar;
pochta indeksi — pochta aloqasi obyekti manzilining shartli belgisi;
pochta to‘lovining davlat belgilari — pochta jo‘natmalaridagi pochta aloqasi xizmatlari haqi to‘langanligini tasdiqlovchi pochta markasi va frankirlash mashinasining tamg‘a izi;
pochta qutisi — oddiy xatlar va pochta varaqchalarini yig‘ishga mo‘ljallangan, belgilangan shakl va o‘lchamdagi, operator yoki provayderning qulflanadigan maxsus qutisi;
provayder — pochta aloqasi xizmatlari provayderi, ya’ni foydalanuvchilarga pochta aloqasi xizmatlarini tijorat asosida pochta aloqasi operatorining tarmog‘i orqali ko‘rsatuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;
pul mablag‘larining pochta o‘tkazmasi — pochta aloqasi operatori yoki provayderining pochta aloqasi va telekommunikatsiya tarmoqlaridan foydalangan holda pul mablag‘larini jo‘natishdan iborat xizmati;
tayanch punktining pochta javoni — pochta jo‘natmalarini yetkazish uchastkasida pochta jo‘natmalarini vaqtincha saqlash yoki adresat pochta jo‘natmalarini olishi uchun mo‘ljallangan, qulflanadigan maxsus javon;
umumiy foydalanishdagi pochta aloqasi — barcha yuridik va jismoniy shaxslar foydalanishi uchun ommaviy shartnoma shartlari asosida ochiq bo‘lgan pochta aloqasining turi;
universal xizmatlar — pochta aloqasining universal xizmatlari, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi hududida umumiy foydalanishdagi pochta aloqasining yozma xat-xabarlarni jo‘natish bo‘yicha barcha foydalanuvchilarga ko‘rsatiladigan xizmatlari;
foydalanuvchi — pochta aloqasi xizmatidan foydalanuvchi, ya’ni pochta aloqasi xizmatlarining iste’molchisi hisoblangan yuridik yoki jismoniy shaxs;
frankirlash mashinasi — yozma xat-xabarlarga pochta aloqasi xizmatlari uchun haq to‘langanligini tasdiqlovchi pochta to‘lovining davlat belgilarini, ushbu xat-xabarlarni qabul qilish sanasini va boshqa ma’lumotlarni tushirishga mo‘ljallangan mashina;
qimmatli pochta jo‘natmalari — foydalanuvchi tomonidan jo‘natish vaqtida joylanma qiymati e’lon qilingan pochta jo‘natmalari.
4-modda. Pochta aloqasi faoliyatining asosiy prinsiplari
Pochta aloqasi sohasidagi asosiy prinsiplar quyidagilardan iborat:
hamma foydalanuvchilar uchun ochiqligi;
O‘zbekiston Respublikasining butun hududida pochta jo‘natmalari tranzitining erkinligi;
umumiy foydalanishdagi pochta aloqasi faoliyatida ishtirok etishda yuridik va jismoniy shaxslarning teng huquqliligi;
har bir shaxsning yozishmalari va pochta jo‘natmalari sir tutilishi huquqini ta’minlash;
pochta aloqasi sohasida standartlar, qoidalar va normalarning yagonaligi.
5-modda. Pochta aloqasi mulki
Pochta aloqasining mol-mulki ommaviy yoki xususiy bo‘lishi mumkin.
Pochta aloqasining mulqdorlari qonun bilan kafolatlangan teng huquqlarga egadir.
6-modda. Pochta aloqasi turlari
O‘zbekiston Respublikasida pochta aloqasi umumiy foydalanishdagi pochta aloqasi va maxsus mo‘ljallangan pochta aloqasiga bo‘linadi.
Umumiy foydalanishdagi pochta aloqasi operator va provayderlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida pochta aloqasi faoliyatining yagona prinsiplari asosida amalga oshiriladi.
Maxsus mo‘ljallangan pochta aloqasi quyidagilarga bo‘linadi:
pochta aloqasi sohasida maxsus vakolatli organning maxsus aloqasi;
davlat feldyegerlik aloqasi;
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining feldyegerlik-pochta aloqasi.
Maxsus mo‘ljallangan pochta aloqasining faoliyati qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
7-modda. Pochta aloqasi sohasini davlat tomonidan tartibga solish va boshqarish
Pochta aloqasi sohasini davlat tomonidan tartibga solish yagona ilmiy-texnikaviy siyosatni shakllantirish, litsenziyalash, sertifikatlashtirish, soliq solish yo‘li bilan, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vositalar bilan amalga oshiriladi.
Pochta aloqasi sohasidagi davlat boshqaruvi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan maxsus vakolatli organ (bundan buyon — maxsus vakolatli organ deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
8-modda. Maxsus vakolatli organ
Maxsus vakolatli organ:
pochta aloqasini rivojlantirish milliy dasturlarini amalga oshiradi;
umumiy foydalanishdagi pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarini (bundan buyon — pochta qoidalari deb yuritiladi) tasdiqlaydi;
universal xizmatlar tarifini tartibga soladi;
pochta aloqasining texnik vositalarini belgilangan talablarga muvofiqligiga doir sertifikatlashtirish ishlarini tashkil etadi;
davlat pochta to‘lov belgilarining namunalarini tasdiqlaydi va ularni nashr etish, muomalaga kiritish va muomaladan chiqarish tartibini belgilaydi;
operatorlar va provayderlar uchun majburiy bo‘lgan pochta indekslarini, yozma xat-xabarlarning olib ketish davriyligi normativlarini, shuningdek, pochta jo‘natmalari o‘tishining nazorat muddatlarini tasdiqlaydi;
pochta aloqasi tarmoqlari va xizmatlarini rivojlantirish, shuningdek, pochta va axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha operator va provayderlarning faoliyatini muvofiqlashtirib turadi;
ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini nazorat qiladi, foydalanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qiladi, operatorlar, provayderlar va foydalanuvchilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar masalalarini qarab chiqadi;
kadrlarni o‘qitish va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;
xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
9-modda. Universal xizmatlar
O‘zbekiston Respublikasi hududida universal xizmatlar milliy operator tomonidan ko‘rsatiladi.
Universal xizmatlarni ko‘rsatish qoidalari va ularning sifatiga bo‘lgan talablar maxsus vakolatli organ tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
10-modda. Pochta aloqasi xizmatlari uchun to‘lov
Pochta aloqasi xizmatlari uchun to‘lov, operator yoki provayder tomonidan shartnoma asosida belgilab qo‘yiladigan tariflar bo‘yicha aniqlanadi, universal xizmatlar bundan mustasno.
Universal xizmatlar uchun to‘lov qonun hujjatlarida belgilangan tartibda maxsus vakolatli organ tomonidan tasdiqlanuvchi tarif asosida aniqlanadi.
Yozma xat-xabar jo‘natganlik uchun to‘lov yozma xat-xabarga pochta to‘lovining davlat belgisini tushirish orqali tasdiqlanadi.
11-modda. Yozishmalar va pochta jo‘natmalari siri
Yozishmalar va pochta jo‘natmalari sirini saqlash maqsadida operator va provayderlarga, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno, quyidagilar taqiqlanadi:
jo‘natuvchining yoki adresatning qonuniy vakilidan boshqa uchinchi shaxsga pochta jo‘natmalari va foydalanuvchilarning manzillari haqidagi ma’lumotlarni oshkor etish;
pochta jo‘natmasini ochish yoki ochmasdan uning joylanmasiga doir ma’lumotlarni bilib olish;
pochta jo‘natmalarining joylanmasidan boshqa shaxsni xabardor qilish.
12-modda. Operator va provayderlarning huquqlari
Operator va provayderlar quyidagi huquqlarga ega:
foydalanuvchilarga pochta aloqasi xizmatlarini va shartnoma asosidagi boshqa xizmatlarni ko‘rsatish;
foydalanuvchi pochta qoidalarida belgilangan talablarni buzgan taqdirda unga pochta aloqasi xizmatlari ko‘rsatishni to‘xtatib qo‘yish;
xalqaro pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun chet el mamlakatlarining pochta ma’murlari va operatorlari bilan o‘zaro hisob-kitoblarni yuritish;
o‘z belgisiga ega bo‘lish va undan qonun hujjatlariga muvofiq o‘z faoliyatida foydalanish.
Operatorlar va provayderlar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishlari mumkin.
13-modda. Milliy operatorning mutlaq huquqlari
Milliy operator quyidagi mutlaq huquqlarga ega:
pochta vagonlari va pochta qutilariga O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirini tushirish;
boshqa davlatlarning pochta ma’murlari bilan pochta aloqasi sohasidagi o‘zaro munosabatlarda va xalqaro tashkilotlarda o‘z vakolatlari doirasida O‘zbekiston Respublikasining manfaatlarini ifodalash va himoya qilish;
oddiy xatlar va pochta varaqchalarini jo‘natish, davlat pensiya va nafaqalarini yetkazib berish (topshirish) bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish.
14-modda. Operator va provayderlarning majburiyatlari
Operator va provayderlar quyidagilarga majburdir:
pochta aloqasi sohasidagi faoliyatni pochta qoidalariga muvofiq amalga oshirish;
foydalanuvchilarning pochta aloqasi xizmatlaridan erkin foydalana olishini ta’minlash;
pochta aloqasi ko‘rsatayotgan xizmatlar sifatli bo‘lishini ta’minlash;
pochta jo‘natmalari va pul mablag‘larining butligini ta’minlash;
pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan texnologik uskunalar, mexanizatsiyalashtirish, avtomatlashtirish va axborotlashtirish vositalariga ega bo‘lish;
foydalanuvchilarga pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish shartlari va tartibi to‘g‘risidagi, shuningdek pochta aloqasi xizmatlari tariflarining o‘zgarganligi haqidagi axborotni taqdim etish;
pochta aloqasi xizmatlarining bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi uchun foydalanuvchilarga yetkazilgan zararlarni qonun hujjatlariga muvofiq qoplash.
Operator va provayderlar zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
15-modda. Operator va provayderlarning o‘z majburiyatlarini buzganlik uchun javobgarligi
Operator va provayderlar pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlik yoxud lozim darajada bajarmaganlik uchun foydalanuvchilar oldida qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladilar. Operator va provayderlarning javobgarligi pochta jo‘natmalarini yo‘qotish, buzish (shikastlash), joylanmalarning kam chiqishi, pochta jo‘natmalarini yetkazib bermaslik (topshirmaslik) yoki pul mablag‘larining pochta o‘tkazmalarini amalga oshirishning nazorat muddatlarini buzish hamda pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatishning belgilangan talablari boshqacha tarzda buzilgan hollarda yuzaga keladi.
Pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatishda foydalanuvchilarga yetkazilgan zararlar operator yoki provayder tomonidan quyidagi miqdorlarda to‘lanadi:
pochta jo‘natmalari: buyurtma xat, buyurtma pochta varaqchasi, buyurtma banderol yoki pochta jo‘natmasini topshirganlik to‘g‘risidagi buyurtma xabar qog‘ozi yo‘qotilgan hollarda — pochta aloqasi xizmatlariga to‘langan summa miqdorida neustoyka; posilka, qimmatli banderol yoki qimmatli xat uchun — e’lon qilingan qiymatning ikki barobari va pochta aloqasi xizmati uchun to‘langan summa miqdorida neustoyka (e’lon qilingan qiymat uchun tarif to‘lovi bundan mustasno);
qimmatli pochta jo‘natmasini joylanma ro‘yxati bilan jo‘natganda joylanmaning bir qismi yetishmagan yoki buzilgan (shikastlangan) hollarda — jo‘natuvchi ro‘yxatda ko‘rsatgan joylanmaning yetishmayotgan yoki buzilgan (shikastlangan) qismi e’lon qilingan qiymatining ikki barobari miqdorida;
qimmatli pochta jo‘natmasini joylanma ro‘yxatisiz jo‘natganda joylanmaning bir qismi yo‘qolgan yoki buzilgan (shikastlangan) hollarda — joylanmaning yetishmayotgan yoki buzilgan (shikastlangan) qismining yuborilgan joylanma og‘irligiga (pochta jo‘natmasi ustki o‘ramini istisno etganda) nisbati bilan mutanosib tarzda aniqlanadigan pochta jo‘natmasi qiymati e’lon qilingan qismining ikki barobari miqdorida;
adresatga pul mablag‘larining pochta yoki telegraf o‘tkazmasi to‘lanmaganda yoki noto‘g‘ri to‘langanda, agar o‘tkazilgan pullarni adresatga berishning imkoni bo‘lmay, u jo‘natuvchiga ham to‘lanmagan bo‘lsa — o‘tkazmaning to‘lanmagan yoki yetarlicha to‘lanmagan qismi summasi miqdorida hamda pochta aloqasi xizmatlariga to‘langan summa miqdorida neustoyka;
adresatdan ustama to‘lov miqdorini yetarlicha olmagan yoki ustama to‘lovni noto‘g‘ri to‘laganda — kam olingan yoki noto‘g‘ri to‘langan ustama to‘lov summasi miqdorida;
posilkalar, qimmatli xatlar, qimmatli banderollar, shuningdek, pul mablag‘larining pochta va telegraf o‘tkazmalarini belgilangan muddatlardan ko‘proq ushlab qolgan hollarda — ushlanib qolingan har bir kun uchun pochta xizmatlariga to‘langan summaning bir foizi miqdorida, lekin ushbu xizmatga to‘langan summadan ko‘p bo‘lmagan miqdorda neustoyka. Zararlar jo‘natuvchilarning yoki adresatlarning talabiga binoan to‘lanadi;
aviajo‘natmalarni (banderol, posilkalarni) jo‘natish yoki yetkazib berish (topshirish)ning belgilangan muddatlaridan ko‘proq ushlab qolgan hollarda — avia- va yer usti transportida jo‘natish o‘rtasidagi to‘lov farqi miqdorida va bundan tashqari yer usti transporti orqali jo‘natishning belgilangan muddatlaridan ko‘proq ushlanganlik uchun har bir kechiktirilgan kun uchun — ushbu modda ikkinchi qismining yettinchi xatboshisiga muvofiq;
sog‘lomlashtirish muassasalariga yo‘llanmalar, avia- va yer usti transporti yo‘l chiptalari solingan qimmatli xatlarni jo‘natish yoki yetkazib berish (topshirish)ning belgilangan muddatlaridan kechikkanligi tufayli ulardan foydalanish muddatlari o‘tib ketgan hollarda — yetkazilgan zararning ikki barobari miqdorida, lekin joylanma ro‘yxatida e’lon qilingan qiymatning ikki barobaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda hamda pochta aloqasi xizmati uchun to‘langan summa miqdorida neustoyka.
Pochta jo‘natmalarining yo‘qolishi, buzilishi (shikastlanishi), yetkazib berilmagani (topshirilmagani) yoki ularning jo‘natilishi nazorat muddatidan kechikkani yengib bo‘lmas kuch yoki pochta jo‘natmasi joylanmasining xususiyatlari tufayli sodir bo‘lganligi isbotlansa, operator va provayderlar javobgar bo‘lmaydilar.
16-modda. Foydalanuvchilarning huquqlari
Foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
O‘zbekiston Respublikasining butun hududida umumiy foydalanishdagi pochta aloqasi xizmatlaridan foydalanish;
o‘z huquq va majburiyatlari, pochta qoidalari, ko‘rsatilayotgan xizmatlar va ularga doir tariflar haqidagi axborotlardan erkin foydalana olish;
o‘z pochta manzili bo‘yicha, yo‘qlab olish tarzida yoki abonentlik pochta javoni qutilaridan foydalangan holda pochta jo‘natmalarini va pul mablag‘larining pochta o‘tkazmalarini olish;
kelgan pochta jo‘natmalari yoki pul mablag‘larining pochta o‘tkazmalarini olishdan bosh tortish;
qiymati e’lon qilingan pochta jo‘natmasi joylanmasining bahosini mustaqil ravishda belgilash;
operator va provayderlar tomonidan o‘z vaqtida hamda sifatli xizmat ko‘rsatilishi;
xizmat ko‘rsatilmaganligi yoki lozim darajada sifatli xizmat ko‘rsatilmaganligi natijasida yetkazilgan zararlarning to‘lanishi, ma’naviy ziyonning qoplanishiga erishish;
o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan taqdirda vakolatli davlat organlariga yoki sudga murojaat qilish.
Foydalanuvchilar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishlari mumkin.
17-modda. Foydalanuvchilarning majburiyatlari
Foydalanuvchilar quyidagilarga majburdir:
pochta qoidalari talablariga rioya etish;
o‘zlariga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun haq to‘lash;
operator va provayderlarning ish sifati pasayishiga qaratilgan xatti-harakatlar qilmaslik.
Foydalanuvchilar zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
18-modda. Da’volarni taqdim etish tartibi va muddati
Pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan hollarda foydalanuvchi operator yoki provayderga da’vo taqdim etishi, shu jumladan yetkazilgan zarar qoplanishini talab qilishga haqli.
Pochta jo‘natmasini yetkazmaganlik (topshirmaganlik), o‘z vaqtida yetkazmaganlik yoki yo‘qotganlik (shikastlaganlik) yoxud o‘tkazilgan pul mablag‘larini to‘lamaganlik to‘g‘risidagi da’volar pochta jo‘natmasi yoki pul mablag‘larining pochta o‘tkazmasi topshirilgan kundan e’tiboran o‘n ikki oy davomida taqdim etiladi.
Da’volar yozma tarzda bayon etiladi va belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart.
Da’volarga yozma javoblar quyidagi muddatlarda berilishi kerak:
bir aholi punkti doirasida yuborilgan (o‘tkazilgan) pochta jo‘natmalari va pul mablag‘larining pochta o‘tkazmasiga doir da’volarga — besh kun davomida;
boshqa barcha pochta jo‘natmalari va pul mablag‘larining pochta o‘tkazmasiga doir da’volarga — bir oy davomida.
Operator yoki provayderlarga pochta jo‘natmasi qabul qilingan manzil bo‘yicha ham, pochta jo‘natmasi yuborilishi belgilangan manzil bo‘yicha ham da’volar taqdim etilishi mumkin.
Xalqaro pochta jo‘natmalarini qidirib topish bo‘yicha da’volar O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari hamda xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan tartib va muddatlarda qabul qilinadi va ko‘rib chiqiladi.
19-modda. Pochta aloqasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash
Pochta aloqasi davlat tomonidan quyidagi yo‘llar bilan qo‘llab-quvvatlanishi mumkin:
pochta aloqasi va uning infratuzilmasini rivojlantirishga investitsiyalar jalb qilish;
pochta aloqasining barqaror faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash uchun moliyaviy va moddiy-texnikaviy yordam berish;
belgilangan tartibda soliqqa doir va boshqa imtiyozlar berish.
20-modda. Pochta aloqasi tarmoqlari va vositalarini rivojlantirish hamda qayta ta’mirlash
Pochta aloqasi tarmoqlari va vositalarini rivojlantirish hamda qayta ta’mirlash ularning mulkdorlari (egalari) tomonidan o‘z mablag‘lari, manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarning mablag‘lari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Shaharlar, shaharchalar va boshqa aholi punktlari, turar joy dahalari va majmualari, alohida binolar va inshootlar loyihalashtirilayotgan hamda rivojlantirilayotganda mahalliy davlat hokimiyati organlari belgilangan normativlarga muvofiq pochta aloqasi obyektlarini joylashtirish uchun binolar qurilishini yoki alohida xonalar bo‘lishini nazarda tutishlari kerak.
Pochta aloqasi obyektlarini avtomobil va temir yo‘l vokzallari, aeroportlar, bozorlar va mehmonxonalarda joylashtirish belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Avtomobil, temir yo‘l vokzallari, aeroportlar qoshida pochta aloqasi obyektlarining binolari va inshootlari qurilishi uchun yer uchastkalari bevosita ularga yaqin joylardan ajratilishi, shaharlarda pochtamtlar qurilishi uchun esa — shaharning markaziy qismidan, pochta almashinuvi uchun sharoitlar ta’minlangan holda ajratilishi kerak.
Aholi punktlari va ayrim binolarni yangidan qurish, kengaytirish, qayta ta’mirlash, foydali qazilmalarni qazib olish tufayli pochta aloqasi obyektlarini ko‘chirish (qayta qurish) buyurtmachi tomonidan o‘z mablag‘lari hisobiga, operator yoki provayderlarning texnik shartlari bo‘yicha amalga oshiriladi.
Pochta qutilari foydalanuvchilar uchun hamda xat va pochta varaqchalarini olib ketish uchun qulay bo‘lgan yerlarga joylashtirilishi lozim.
Abonentlik pochta javonlari qurilish tashkilotlari tomonidan ko‘p qavatli binolarning birinchi qavatlariga o‘rnatiladi. Abonentlik pochta javonlarini xarid qilish va o‘rnatish xarajatlari ushbu uylarning qurilish smetalariga kiritiladi. Abonentlik pochta javonlarini soz holda saqlab turish ta’mirlash-foydalanish korxonalari tomonidan, uylarning egalari yoki mulkdorlari bilan tuzilgan shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
Ko‘p qavatli binolarda joylashgan tashkilotlarga pochta jo‘natmalari shu tashkilotlar tomonidan binolarning birinchi qavatlariga o‘rnatilgan tayanch punktlarining pochta javonlari orqali yetkazib beriladi. Javonlarni o‘rnatish va soz holda saqlab turish pochta jo‘natmalarini oluvchilar tomonidan amalga oshiriladi.
21-modda. Pochta aloqasining transport vositalaridan foydalanish
Operator va provayderlar pochta jo‘natmalari va pul mablag‘larini tashish uchun o‘zlariga tegishli bo‘lgan transport — pochta vagonlari, avtomobillardan, shuningdek shartnoma asosida yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan transportdan foydalanadi.
Operator va provayderlar pochta jo‘natmalari va pul mablag‘larini tashish uchun foydalanadigan transport vositalari qonun hujjatlariga muvofiq maxsus farqlash belgilariga ega bo‘lishi mumkin.
Operator va provayderlarning pochta jo‘natmalari va pul mablag‘larini tashish uchun foydalanadigan transport vositalari ularning roziligisiz boshqa ishlarni bajarish uchun foydalanilishi va olib qo‘yilishi mumkin emas.
Shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlarda yo‘lovchi hamda yuklarni muntazam tashuvchi temir yo‘l, havo va avtomobil transportining xo‘jalik yurituvchi subyektlari operator va provayderlar bilan pochta jo‘natmalari va pul mablag‘larini tashish yuzasidan shartnomalar tuzishni rad etishga haqli emaslar.
Operator va provayderlarning pochta jo‘natmalari va pul mablag‘larini tashish uchun foydalanadigan transport vositalari shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va boshqa aholi punktlarining barcha ko‘chalari bo‘ylab, avtomobil yo‘llarida hech qanday cheklanishsiz yurish hamda avtomobil, temir yo‘l vokzallari va aeroportlar qoshida joylashgan pochta aloqasi obyektlariga, yuk (bagaj) majmualariga kirish huquqiga ega.
22-modda. Pochta jo‘natmalari va pul mablag‘lari butligini ta’minlash
Operator va provayderlar pochta jo‘natmalari va pul mablag‘larining butligini ta’minlaydilar.
Operatorlar bilan provayderlar o‘rtasidagi pochta jo‘natmalari va pul mablag‘larini qabul qilish va topshirish pochta qoidalarida belgilangan tartibda, beriladigan va qabul qilinadigan pochta jo‘natmalari hamda pul mablag‘larining hujjatlashtirib qayd etilishi ta’minlangan holda amalga oshiriladi.
Pochta jo‘natmalari va pul mablag‘lari tashiladigan transport vositalari belgilangan norma va qoidalarga muvofiq jihozlangan bo‘lishi kerak.
Pochta jo‘natmalariga ishlov beriladigan va pul mablag‘lari saqlanadigan binolar, xonalar zarur asbob-uskunalar, qo‘riqlash-yong‘inga qarshi signalizatsiya vositalari bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
Qimmatli pochta jo‘natmalari sug‘urtalanishi shart. Qimmatli pochta jo‘natmalarini sug‘urtalash tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
23-modda. Pochta aloqasi xizmatlari ko‘rsatishning alohida shartlari
Pochta jo‘natmasini yoki o‘tkazilgan pul mablag‘larini foydalanuvchining manziliga doir zarur ma’lumotlar aniq emasligi yoki yo‘qligi, adresatning ko‘chib ketganligi tufayli yetkazish (topshirish) imkoni bo‘lmasa yoki operator va provayderlar pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish shartnomasidagi o‘z majburiyatlarini bajara olish imkoniyatini istisno etadigan boshqa holatlarda ular jo‘natuvchiga pochta qoidalarida belgilangan muddatlarda qaytariladi. Jo‘natuvchi qaytarilgan pochta jo‘natmasi yoki qaytarilgan mablag‘larini olishdan bosh tortgan taqdirda, ular operator yoki provayder tomonidan vaqtinchalik saqlash uchun qabul qilinadi.
Agar foydalanuvchining manziliga doir zarur ma’lumotlarning yo‘qligi tufayli yetkazilmagan (topshirilmagan) pochta jo‘natmalari yoki pul mablag‘larini jo‘natuvchiga qaytarishning ham imkoni bo‘lmay qolsa, ular operator yoki provayder tomonidan vaqtinchalik saqlash uchun qabul qilinadi.
Tarqatilmay qolgan pochta jo‘natmalari va talab qilib olinmagan pul mablag‘lari bilan ishlash tartibi pochta qoidalari bilan belgilanadi.
24-modda. Topshirilmay qolgan pochta jo‘natmalaridan foydalanish tartibi
Topshirilmay qolgan pochta jo‘natmalarini vaqtinchalik saqlash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda operator yoki provayder tomonidan olti oy davomida amalga oshiriladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan muddat o‘tganidan so‘ng:
pullar davlat budjeti foydasiga o‘tkaziladi;
qimmatli qog‘ozlar fond birjasi orqali, qimmatbaho metallar, boshqa buyumlar savdo tarmoqlari orqali sotiladi, tushgan mablag‘lar esa operator yoki provayderlarning xarajatlari qoplanganidan so‘ng davlat budjeti foydasiga o‘tkaziladi;
hujjatlar (pasport, diplom, shahodatnoma, guvohnoma va boshqalar) kim tomonidan berilgan bo‘lsa, shu korxona, muassasa va tashkilotlarga topshiriladi;
xatlar tegishli dalolatnoma tuzilib, yo‘q qilib tashlanadi.
Oluvchisini, jo‘natuvchisini qidirishning iloji bo‘lmaganda, topshirilmay qolgan pul mablag‘larining pochta o‘tkazmalari pochta aloqasi operatori tomonidan o‘n sakkiz oy davomida saqlanadi, shundan so‘ng pul mablag‘lari mahalliy budjet foydasiga o‘tkaziladi.
25-modda. Umumiy foydalanishdagi pochta aloqasi tarmog‘i orqali pochta jo‘natmalarini yuborishdagi cheklovlar
Umumiy foydalanishdagi pochta aloqasi tarmog‘i orqali pochta jo‘natmalari yuborishda cheklovlar belgilanishi mumkin bo‘lib, ularning ro‘yxati qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Operator va provayderlar jo‘natilishi taqiqlangan joylanmasi bor pochta jo‘natmalarini ushlab qolish, shuningdek, joylanmasi boshqa pochta jo‘natmalarining buzilishi (shikastlanishi)ga olib keluvchi, operator va provayderlarning xizmatchilari yoki uchinchi shaxslarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf soladigan (bu xavfni boshqa yo‘l bilan bartaraf etib bo‘lmaydigan) hollarda, pochta jo‘natmalarini yo‘q qilib tashlash yoki yo‘q qilib tashlashga ruxsat berish huquqiga egadir.
Umumiy foydalanishdagi pochta aloqasi tarmoqlari orqali jo‘natish taqiqlangan buyum, ashyo va materiallarni O‘zbekiston Respublikasi hududi doirasida yuborilayotgan pochta jo‘natmalaridan olib qo‘yish, shuningdek ularni yo‘q qilib tashlash tartibi maxsus vakolatli organ tomonidan belgilanadi.
Qonun hujjatlarida belgilangan vakolat doirasida faoliyat yuritadigan yuridik shaxslardan joylanmasi davlat siriga taalluqli bo‘lgan ma’lumotlar va buyumlar, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar, ulardan yasalgan buyumlar, O‘zbekiston Respublikasi pul belgilari, chet el valyutasidan iborat pochta jo‘natmalarini qabul qilish, shuningdek ularni tashish va yetkazib berish maxsus mo‘ljallangan pochta aloqasi korxonasi tomonidan amalga oshiriladi.
26-modda. Favqulodda holatlarda pochta aloqasi xizmatlari ko‘rsatish
Favqulodda holatlarda (harbiy harakatlar, zilzilalar, suv toshqinlari, yong‘inlar, epidemiyalar va boshqalarda) pochta aloqasi xizmatlari ko‘rsatish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
27-modda. Pochta obyektlarida ro‘y bergan hodisalar, avariyalar oqibatlarini bartaraf etish
Pochta aloqasi obyektlarida ro‘y bergan hodisalar, avariyalar oqibatlarini bartaraf qilish ularning mulkdorlari (egalari) tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari pochta aloqasi obyektlarida ro‘y bergan hodisalar, avariyalar oqibatlarini bartaraf etishda operatorlarga ko‘maklashadilar.
Pochta aloqasi obyektlarida yuridik va jismoniy shaxslarning aybi bilan ro‘y bergan hodisalar oqibatida operator yoki provayderlarga yetkazilgan zararlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanadi.
28-modda. Milliy operator xizmatchisining formali kiyimi va ko‘krak nishoni
Milliy operator xizmatchisi o‘z xizmat vazifalarini bajarishi uchun formali kiyim va ko‘krak nishoni bilan ta’minlanadi.
Formali kiyim va ko‘krak nishonini tasdiqlash hamda ulardan foydalanish tartibi maxsus vakolatli organ tomonidan belgilanadi.
29-modda. Pochta aloqasi xizmatlaridan foydalanishdagi imtiyozlar
Qonun hujjatlarida foydalanuvchilarning ayrim toifalari uchun pochta aloqasi xizmatlaridan foydalanishda imtiyozlar belgilanishi mumkin.
Foydalanuvchilarning ayrim toifalariga pochta aloqasi xizmatlaridan foydalanishda belgilangan imtiyozlar berilishi munosabati bilan operator yoki provayderlarning mablag‘larini qoplash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Foydalanuvchilarning ayrim toifalariga pochta aloqasi xizmatlaridan foydalanishda ustunliklar belgilanishi mumkin. Pochta aloqasi xizmatlaridan foydalanishda ustunliklar beriladigan foydalanuvchilar ayrim toifalarining ro‘yxati hamda bu xizmatlarni ko‘rsatish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
30-modda. Nizolarni hal etish
Operatorlar, provayderlar va foydalanuvchilar o‘rtasida yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
31-modda. Pochta aloqasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Pochta aloqasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishida aybdor shaxslar qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
Pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish Qoidalari bilan tanishib chiqish uchun O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining 2003-yil 3-iyundagi 151-son buyrug‘iga qarang (ro‘yxat raqami 1256, 2003-yil 16-iyul).
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 31-avgust,
118-II-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 7-8 son, 210-modda)