Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 17.08.2015
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
YoQILGʻI-ENERGETIKA RESURSLARINI TEJASh KOMISSIYASI TARKIBINI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 13-avgustdagi 238-sonli “Energiya samaradorligi va energiyaning tiklanadigan manbalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha respublika komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Vazirlar Mahkamasining Umumiqtisodiyot kompleksi ishlari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2000-yil 29-dekabrdagi 517-son qaroriga qoʻshimchalar kiritish haqida” 2003-yil 5-sentabrdagi 386-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Yoqilgʻi-energetika resurslarini tejash komissiyasining yangilangan tarkibi 1-ilovaga* muvofiq;
*1-ilova berilmaydi.
Yoqilgʻi-energetika resurslarini tejash komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar Komissiya faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
iqtisodiyot tarmoqlarida va ijtimoiy sohada energetika resurslaridan samarali foydalanish boʻyicha doimiy monitoringni amalga oshirish, energetika resurslaridan samarasiz va noqonuniy foydalanish hollarini aniqlash hamda ularga barham berish yuzasidan tezkor va qatʼiy chora-tadbirlar koʻrish;
iqtisodiyot tarmoqlarida energiyani tejovchi texnologiyalar va mexanizmlarning joriy etilishini taʼminlovchi dasturlar va tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, energiyani tejovchi loyihalarni, shu jumladan xorijiy investitsiyalar hamda xalqaro tashkilotlar ishtirokida amalga oshirish;
energetikada energiya yaratuvchi quvvatlarni rivojlantirish va rekonstruksiya qilish dasturlari amalga oshirilishini nazorat qilish, iqtisodiyot tarmoqlarini va ijtimoiy sohani energetika resurslaridan oqilona va tejamli foydalanishni taʼminlovchi, resurslarni ehtiyotlovchi zamonaviy texnologiyalarga bosqichma-bosqich oʻtkazish;
yoqilgʻi-energetika kompleksini rivojlantirish istiqbollaridan kelib chiqqan holda respublikani iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning qisqa muddatli, oʻrta muddatli va uzoq muddatli prognozlarini shakllantirishda qatnashish;
yoqilgʻi-enegetika resurslaridan samarali foydalanish ustidan nazoratni amalga oshiruvchi organlar, shuningdek yoqilgʻi-energetika resurslarini tejash boʻyicha hududiy komissiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 4-ilovaga muvofiq qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 18-noyabr,
518-son
Vazirlar Mahkamasining
2003-yil 18-noyabrdagi
518-son qaroriga
2-ILOVA
Yoqilgʻi-energetika resurslarini tejash komissiyasi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Yoqilgʻi-energetika resurslarini tejash komicsiyasi (keyingi oʻrinlarda “Komissiya” deb yuritiladi) davlat boshqaruvi organlari va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning yoqilgʻi, energiya va energiya manbalarini qazib olish, hosil qilish, qayta ishlash, saqlash, tashish va sarflash (keyingi oʻrinlarda “hosil qilish va sarflash deb yuritiladi) sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiruvchi organ hisoblanadi.
2. Komissiya oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlariga va boshqa hujjatlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga hamda mazkur Nizomga amal qiladi.
3. Komissiya oʻz faoliyati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.
Komissiyaning shaxsiy tarkibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
II. Komissiyaning vazifalari
4. Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari hisoblanadi:
“Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni soʻzsiz amalga oshirilishini taʼminlovchi chora-tadbirlarni roʻyobga chiqarish;
iqtisodiyot tarmoqlarida va ijtimoiy sohada energetika resurslaridan samarali foydalanishini doimiy monitoring qilish, energiya resurslaridan samarasiz va noqonuniy foydalanish hollarini aniqlash va ularga barham berish yuzasidan tezkor va qatʼiy chora-tadbirlar koʻrish;
iqtisodiyot tarmoqlarida energiyani tejaydigan texnologiyalar va mexanizmlar joriy etilishini taʼminlovchi dasturlar va chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, energiyani tejaydigan loyihalarni, shu jumladan xorijiy investitsiyalar va xalqaro tashkilotlar ishtirokida amalga oshirish;
energetikada quvvatlar hosil qiluvchi ishlab chiqarishni rivojlantirish va rekonstruksiya qilish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani energetika resurslaridan oqilona va tejamli foydalanishni taʼminlaydigan zamonaviy resurslarni tejaydigan texnologiyalarga bosqichma-bosqich oʻtkazish dasturlari amalga oshirilishini nazorat qilish;
yoqilgʻi-energetika kompleksini rivojlantirish istiqbollaridan kelib chiqib respublikani iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning qisqa muddatli, oʻrta muddatli va uzoq muddatli prognozlarini shakllantirishda qatnashish;
yoqilgʻi-energetika resurslaridan samarali foydalanishni nazorat qiluvchi organlar, shuningdek yoqilgʻi-energetika resurslarini tejash hududiy komissiyalari faoliyatini muvofiqlashtirish;
yoqilgʻi va energiyani hosil qilish va ulardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlari va normativ baza shakllantirilishida faol ishtirok etish.
III. Komissiyaning huquqlari
5. Komissiya quyidagi huquqlarga ega:
normativ-texnik hujjatlarni, energiya sarfi hamda yoqilgʻi va elektr energiyasining texnik nobudgarchiligi normativlari ishlab chiqilishini tashkil etish, ishlab chiqilgan normativ hujjatlarni ekspertizadan oʻtkazish va kelishish;
vazirliklarda, idoralarda, ularning tarkibiy boʻlinmalarida, muassasalar, tashkilotlar va xoʻjalik yurituvchi subyektlarda yoqilgʻi va energiyadan oqilona foydalanish masalalari oʻrganib chiqilishini belgilangan tartibda tashkil etish;
energiya resurslaridan oqilona foydalanish masalalari boʻyicha amaldagi qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish masalalarida “Oʻzdavneftgazinspeksiya” va “Oʻzdavenergonazorat” agentligining, shuningdek yoqilgʻi-energetika resurslarini tejash boʻyicha hududiy komissiyalarning faoliyatini muvofiqlashtirish;
oʻz majlislarida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar, idoralar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalar rahbarlarining yoqilgʻi va energiyadan oqilona foydalanish, mahsulotlar, ishlar va xizmatlarga energiya sarfini kamaytirish masalalari boʻyicha hisobotlarini eshitish, resurslardan samarasiz foydalanish hollarini bartaraf etishga qaratilgan tegishli qarorlar qabul qilish;
harakati yoki harakatsizligi yoqilgʻi va energiyadan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlari buzilishiga olib kelgan rahbarlar va mansabdor shaxslarga nisbatan chora koʻrish toʻgʻrisida tavsiyalar berish;
davlat boshqaruvi organlari, korxonalar, tashkilotlar va muassasalardan Komissiya vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha axborot olish.
Komissiyaning oʻz vakolati doirasida qabul qilgan qarorlari joylardagi davlat hokimiyati organlari, vazirliklar, idoralar, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, korxonalar va tashkilotlar, xoʻjalik yurituvchi subyektlar, shu jumladan xorijiy korxonalar va tashkilotlar, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning bajarishi uchun majburiydir.
Energiya ishlab chiqarish va isteʼmol qilish sohasida normativ hujjatlar qabul qilish zarur boʻlganda Komissiya tegishli davlat organlariga takliflar kiritadi.
IV. Komissiyaning funksiyalari
6. Komissiya oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq:
energiya tejash davlat dasturini ishlab chiqish va ekspertizadan oʻtkazishni, shuningdek uning bajarilishi monitoringini tashkil etadi;
energiyani tejash tadbirlarini, iqtisodiyot tarmoqlarida va ijtimoiy sohada energiyadan oqilona foydalanishga koʻmaklashuvchi energiya hosil qilish va uni sarflashning energetika jihatidan samaradorligi, ilgʻor ilmiy-tadqiqotlar yutuqlarini joriy etish boʻyicha tarmoq dasturlari va loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan vazirliklar, idoralar, muassasalar, tashkilotlar va xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini muvofiqlashtiradi;
energetika faoliyatining atrof muhitga salbiy taʼsirini kamaytirish chora-tadbirlari tashkil etilishi va amalga oshirilishiga, energiyadan samarali foydalanuvchi va ekologik sof texnologiyalar, mahsulotlar va materiallar joriy etilishi, ikkilamchi energiya resurslari, shu jumladan xorijiy investitsiyalar va xalqaro tashkilotlar ishtirokida ishlatilishi boʻyicha loyihalar amalga oshirilishiga, xalqaro bitimlarda nazarda tutilgan chora-tadbirlar roʻyobga chiqarilishiga koʻmaklashadi;
energetika jihatidan samaradorlik masalalarini oʻrganish uchun vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlarning mutaxassislarini ularning rahbarlari roziligi bilan, shuningdek mustaqil ekspertlarni jalb etadi, Komissiya vakolatiga kiruvchi masalalarni chuqur tahliliy ishlab chiqish uchun ulardan ekspert guruhlar tashkil etadi;
qayta tiklanadigan va anʼanaviy boʻlmagan energiya manbalaridan foydalanilgan texnologiyalar joriy etilishiga koʻmaklashadi, energiyadan, shu jumladan qayta tiklanadigan, anʼanaviy boʻlmagan, ekologik xavfsiz energiya manbalaridan foydalaniladigan texnologiyalardan oqilona foydalanishga doir chet el tajribasini oʻrganadi, ularni amalga oshirish yuzasidan tavsiyalar tayyorlaydi;
energiyani hisobga olish, nazorat qilish va boshqarish priborlari, energetika jihatidan samarali va ekologik xavfsiz energetika qurilmalarini ishlab chiqarish boʻyicha sanoat bazasini rivojlantirishga koʻmaklashadi;
davlat boshqaruvi organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning energiya hosil qilish va uni sarflashda energiyadan oqilona foydalanish, energetika tadqiqotlarini tashkil etish va oʻtkazish masalalari boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtiradi;
vazirliklar, idoralar, ularning tarkibiy boʻlinmalari, muassasalar, tashkilotlar va xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan yoqilgʻi va energiyadan oqilona foydalanish masalalarini belgilangan tartibda oʻrganib chiqish ishlarini tashkil etadi;
yuridik shaxslarning yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanish buzilganligi uchun nazorat organlari tomonidan ularga nisbatan iqtisodiy jazolar qoʻllanilganligi holatlari boʻyicha arizalarini koʻrib chiqadi;
energetika jihatidan samarali va ekologik xavfsiz texnologiyalarni joriy etish tadbirlarini mablagʻ bilan taʼminlash, ushbu sohada ilmiy tadqiqotlarni faollashtirish, energiyaning qayta tiklanadigan va anʼanaviy boʻlmagan manbalarini qoʻllash, energiyadan samarasiz foydalanilganligi uchun iqtisodiy jazolar qoʻllashdan tushgan mablagʻlar hisobiga tashkil etilgan respublika tarmoqlararo energiyani tejash hisob raqamidagi mablagʻlardan maqsadli foydalanishga doir qarorlar qabul qiladi.
V. Komissiya ishlarini tashkil etish
7. Komissiya oʻz ishlarini Komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadigan yillik reja asosida tashkil qiladi.
Komissiya majlislari yil choragida kamida bir marta oʻtkaziladi.
8. Komissiyaning ish rejasiga muvofiq energiya hosil qilish va uni sarflashning energetika jihatidan samaradorligini va energiyadan oqilona foydalanishni, energiya taʼminotining yoqilgʻi va energiya ishlab chiqaruvchi, hosil qiluvchi va sarflash asbob-uskunalari, tizimlari va tarmoqlarining texnik holatini oʻrganish masalalari, shuningdek Komissiya funksiyalariga muvofiq boshqa masalalar belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
Masalalarni oʻrganib chiqish Komissiya aʼzolaridan biri boshchilik qiladigan ishchi guruh tomonidan tashkil etiladi. Ishchi guruh tarkibi Komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi. Ishchi guruhlar energetika jihatidan samaradorlik masalasini joylarga borib oʻrganib chiqadi va uning natijalari boʻyicha Komissiyaga ushbu masala yuzasidan Komissiyaning kelishilgan qarori loyihasi bilan birgalikda umumlashtirilgan maʼlumotnoma loyihasini taqdim etadi.
9. Masalalar Komissiya majlisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar, idoralar, ularning tarkibiy boʻlinmalari, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va xoʻjalik yurituvchi subyektlar rahbarlari taklif etilgan holda koʻrib chiqiladi.
10. Qabul qilingan qarorlar Komissiya majlisi protokoli bilan rasmiylashtiriladi va tegishli ijrochilarga yetkaziladi.
11. Energiyani tejaydigan tadbirlar, dasturlar va loyihalarni mablagʻ bilan taʼminlash uchun maxsus respublika energiyani tejaydigan tarmoqlararo hisob raqamidan mablagʻ ajratiladigan vazirliklar, idoralar, muassasalar, tashkilotlar va xoʻjalik yurituvchi subyektlar har yili mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi toʻgʻrisida Komissiyaga va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga hisobot taqdim etadilar.
12. Komissiya kotibi:
Komissiyaning ish rejasi ishlab chiqilishini, uning bajarilishi nazorat qilinishini, shuningdek tasdiqlangan rejaga muvofiq Komissiyaning joriy ishlari tashkil etilishini;
joylarda energetika jihatidan samaradorlik toʻgʻrisidagi masalani oʻrganuvchi ishchi guruhlar bilan birgalikda Komissiya majlisiga materiallar tayyorlanishini;
vazirliklar, idoralar, joylardagi hokimiyat organlari bilan birgalikda Komissiya tomonidan qabul qilingan qarorlar bajarilishi nazorat qilinishini, Komissiya raisiga tegishli axborot va takliflar kiritilishini;
tushadigan xat-xabarlar koʻrib chiqilishini va Komissiya vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha qarorlar tayyorlanishini;
energetika resurslaridan oqilona foydalanilishini taʼminlash boʻyicha takliflar tayyorlanishini va Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini taʼminlaydi.
Komissiya kotibi oʻz funksiyalarini amalga oshirish uchun:
vazirliklar, idoralar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalardan Komissiya faoliyati bilan bogʻliq energetika samadorligi masalalari yuzasidan axborotni soʻrab olish;
vazirliklar, idoralar, korxonalar, muassasalar, hokimliklarda Komissiya vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha materiallar bilan tanishish, shuningdek ulardan Komissiya faoliyatini amalga oshirish, energetika samaradorligi boʻyicha koʻrib chiqilayotgan masalalar uchun zarur boʻlgan axborot va materiallarni olish huquqiga egadir.
Vazirlar Mahkamasining
2003-yil 18-noyabrdagi
518-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi komplekslari rahbariyati tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2000-yil 5-avgustdagi 310-son qaroriga 2-ilovada:
a) ilova nomidagi “Makroiqtisodiyot va statistika” soʻzlari “Iqtisodiyot” soʻzi bilan almashtirilsin;
b) I boʻlimda:
“Makroiqtisodiyot va statistika” soʻzlari “Iqtisodiyot” soʻzi bilan almashtirilsin;
“Mehnat vazirligi” va “Ijtimoiy taʼminot vazirligi” soʻzlari chiqarib tashlansin;
“Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi” soʻzlari qoʻshilsin;
v) II boʻlim quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Davlat mulkini xorijiy investorlarga sotish boʻyicha tender savdolari oʻtkazuvchi Davlat komissiyasi;
“Sogʻlom avlod, ayollar sogʻligʻini mustahkamlash va oilaning tibbiy madaniyatini oshirish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi;
“Yoqilgʻi-energetika resurslarini tejash komissiyasi”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 19-yanvardagi 42-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT., 2001-y., 1-son, 4-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Birlashgan hayʼat toʻgʻrisida nizomning (qarorga 2-ilova) 3.1-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“3.1. Koʻrsatib oʻtilgan vazifalarga muvofiq Birlashgan hayʼatga quyidagi funksiyalar yuklanadi:
iqtisodiyotni rivojlantirish va isloh qilishning ustuvorliklari va strategik vazifalari yuzasidan qabul qilinayotgan qarorlarning kollegialligini taʼminlash;
balanslar tizimi, maqsadli kompleks dasturlar, jahon iqtisodiy rivojlanishining vujudga kelayotgan tendensiyalari asosida hamda yoqilgʻi-energetika kompleksini rivojlantirish istiqbollaridan kelib chiqqan holda respublikani iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning qisqa muddatli, oʻrta muddatli va uzoq muddatli prognozlarini ishlab chiqish, shakllantirish, ekspert baholash, shuningdek ularni kelishilgan holda Hukumatning koʻrib chiqishi uchun kiritish;
yoqilgʻi-enegetika kompleksi tarmoqlarini, respublika iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish va eksport potensialini kengaytirish uchun baza sifatida uning roli va ahamiyatini hisobga olgan holda istiqbolli, strategik rivojlantirish muammolarini hal etish boʻyicha aniq chora-tadbirlar va amaliy tavsiyanomalar ishlab chiqish;
respublika iqtisodiyotining barcha tarmoqlari va sektorlari bilan yoqilgʻi-enegetika kompleksini rivojlantirishning mutanosibligini taʼminlash boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
geologiya qidiruv ishlari dasturlarini amalga oshirish, yoqilgʻi-energetika kompleksi tarmoqlarini rivojlantirish, kompleks korxonalarini zamonaviylashtirish, rekonstruksiya qilish va texnika bilan qayta jihozlash uchun xorijiy investitsiyalarni, ayniqsa toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalarni jalb etishga yordam koʻrsatish;
yoqilgʻi-energetika kompleksi tarmoqlari va korxonalarining moliyaviy barqarorligi ustidan doimiy monitoring olib borish, moliyaviy oqimlarning mutanosibligini va korxonalar ishlarining barqarorligini taʼminlovchi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, jalb qilinayotgan kredit resurslarini qaytarish boʻyicha majburiyatlarni oʻz vaqtida bajarish;
Umumiqtisodiyot kompleksi vazirliklari va idoralari tomonidan iqtisodiyotni erkinlashtirish va isloh qilish boʻyicha ustuvor vazifalarni amalga oshirish yuzasidan ularga yuklangan vazifalar va funksiyalarning, shuningdek Birlashgan hayʼat tomonidan qabul qilingan qarorlarning bajarilishini muntazam nazorat qilish va monitoringini olib borish;
iqtisodiy idoralar faoliyati samaradorligi va ularning iqtisodiyotni rivojlantirish va isloh qilish vazifalarini amalga oshirishdagi hissasini tahlil qilish va baholash”.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 22-fevraldagi 73-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 8-9-son , 67-modda)
Vazirlar Mahkamasining
2003-yil 18-noyabrdagi
518-son qaroriga
4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan qarorlari
roʻyxati
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari bilan tashkil etilgan Respublika komissiyalari tarkibiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 1999-yil 5-martdagi 101-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va Bosh vaziri oʻrinbosarlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlash toʻgʻrisida” 1999-yil 11-martdagi 109-son qarori.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari bilan tashkil etilgan Respublika komissiyalari tarkibiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 1999-yil 5-martdagi 101-son hamda “Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va Bosh vaziri oʻrinbosarlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlash toʻgʻrisida” 1999-yil 11-martdagi 109-son qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish haqida” 1999-yil 4-avgustdagi 375-son qarori.
4. Vazirlar Mahkamasining “Yoqilgʻi-energetika resurslarini tejash komissiyasining yangi tarkibini va Komissiya toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2000-yil 20-apreldagi 157-son qarori.
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tashkil etilgan Respublika komissiyalari va kengashlari rahbarlari tarkibi toʻgʻrisida” 2000-yil 5-avgustdagi 308-son qaroriga 1-ilovaning “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari V.Y.Otayev boshchilik qiladigan komissiyalar” boʻlimi.
6. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari bilan tashkil etilgan Komissiyalar va Kengashlar tarkiblarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2000-yil 30-sentabrdagi 374-son qaroriga 27-ilova.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 22-son, 222-modda; 2004-y., 30-son, 344-modda; 2005-y., 8-9-son, 67-modda)