Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Tijorat siri toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2014-yil 18-iyunda qabul qilingan
Senat tomonidan 2014-yil 28-avgustda maʼqullangan
Senat tomonidan 2014-yil 28-avgustda maʼqullangan
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi tijorat sirini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Tijorat siri toʻgʻrisidagi qonunchilik
Tijorat siri toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining tijorat siri toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
tijorat siri — uchinchi shaxslarga nomaʼlumligi sababli fan-texnika, texnologiya, ishlab chiqarish, moliya-iqtisodiyot sohalarida hamda boshqa sohalarda tijorat qimmatiga ega boʻlgan, qonuniy asosda erkin foydalanilmaydigan axborot boʻlib, ushbu axborot mulkdori uning maxfiyligini muhofaza qilish boʻyicha chora-tadbirlarni koʻradi;
Shuningdek qarang: Oʻzbeksiton Respublikasi Fuqarolik kodeksining 98-moddasi.
tijorat sirining maxfiyligi — tijorat sirining tarqalib ketishi, oshkor etilishi va undan ruxsatsiz foydalanilishi xavfsizligi taʼminlanganligi holati;
tijorat sirining mulkdori — tijorat siriga egalik qilish, undan foydalanish hamda uni tasarruf etishni amalga oshiruvchi va unga nisbatan tijorat siri rejimini oʻrnatgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
konfident — tijorat sirini uning mulkdori bilan tuzilgan shartnoma asosida egalik qilishga va foydalanishga olgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
tijorat sirini oshkor etish — tijorat sirini tashkil etuvchi axborotning uchinchi shaxslarga bunday axborot mulkdorining yoki konfidentning roziligisiz yoxud mehnat shartnomasi (kontrakt) yoki fuqarolik-huquqiy shartnomaga xilof ravishda, mumkin boʻlgan har qanday shaklda (ogʻzaki, yozma, boshqa shaklda, shu jumladan texnika vositalaridan foydalangan holda) maʼlum boʻlib qolishiga olib keladigan harakat yoki harakatsizlik;
tijorat siri rejimi — tijorat siridan foydalanishni cheklaydigan huquqiy, tashkiliy, texnik va boshqa chora-tadbirlar tizimi.
4-modda. Tijorat siriga doir talablar
Tijorat siri quyidagi talablarga muvofiq boʻlishi kerak:
uchinchi shaxslarga nomaʼlumligi sababli oʻz mulkdori uchun haqiqiy yoki potensial tijorat qiymatiga ega boʻlishi;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikka muvofiq hammaga maʼlum yoki hamma uchun ochiq boʻlmasligi;
(4-moddaning birinchi qismi uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
uning maxfiyligi muhofaza qilish chora-tadbirlari bilan taʼminlangan boʻlishi;
Qarang: ushbu Qonunning 10-moddasi.
davlat sirlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sir belgilariga ega boʻlmasligi.
Xususan, qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat sirlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 4-moddasi, Oʻzbeksiton Respublikasi Fuqarolik kodeksining 786, 933-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasi “Bank siri toʻgʻrisida”gi Qonunining 3-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 62-moddasi.
Tijorat sirining mazmuni va hajmi uning mulkdori tomonidan belgilanadi.
5-modda. Tijorat sirini tashkil etishi mumkin boʻlmagan maʼlumotlar
Quyidagi maʼlumotlar tijorat sirini tashkil etishi mumkin emas:
davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan mol-mulkka doir huquqlar va bu huquqlar boʻyicha bitimlar toʻgʻrisidagi;
yuridik shaxsning taʼsis hujjatlaridagi, yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxs tashkil etmagan dehqon xoʻjaliklari haqidagi yozuvlar tegishli davlat reyestrlariga kiritilganligi faktini tasdiqlaydigan hujjatlardagi;
tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi hujjatlardagi;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat muassasasining mol-mulki tarkibi toʻgʻrisidagi va ular tomonidan tegishli budjet mablagʻlaridan foydalanilishi haqidagi;
(5-modda birinchi qismining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
atrof muhitning ifloslanishi, yongʻin xavfsizligining holati, sanitariya-epidemiologik va radiatsiyaviy vaziyat, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi hamda ishlab chiqarish obyektlarining xavfsiz faoliyat koʻrsatishini, har bir fuqaroning va butun aholining xavfsizligini taʼminlashga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi boshqa omillar haqidagi;
xodimlarning soni va tarkibi, mehnatga haq toʻlash tizimi va mehnat sharoitlari toʻgʻrisidagi, shu jumladan mehnatni muhofaza qilish, ishlab chiqarishdagi jarohatlanishlar va kasb kasalliklari koʻrsatkichlari, shuningdek boʻsh ish oʻrinlari bor-yoʻqligi haqidagi;
ish beruvchilarning ish haqi toʻlash va ijtimoiy toʻlovlar boʻyicha qarzdorligi toʻgʻrisidagi;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik buzilishlari va bunday buzilishlarni sodir etganlik uchun javobgarlikka tortish faktlari toʻgʻrisidagi;
(5-moddaning birinchi qismi toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
davlat mulkini xususiylashtirish shartlari haqidagi;
(5-modda birinchi qismining oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 17 martdagi OʻRQ-1122-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2026-y., 03/26/1122/0250-son)
notijorat tashkilotlar daromadlarining miqdorlari va tuzilishi, ushbu tashkilotlarning mol-mulki miqdorlari va tarkibi haqidagi, ularning xarajatlari, bu tashkilotlar xodimlarining (aʼzolarining) soni va mehnatiga haq toʻlash, notijorat tashkilotning faoliyatida fuqarolarning tekin mehnatidan foydalanilishi toʻgʻrisidagi;
yuridik shaxs nomidan ishonchnomasiz ish yuritish huquqiga ega boʻlgan shaxslarning roʻyxati haqidagi;
davlat statistika hisoboti sifatida taqdim etilishi lozim boʻlgan maʼlumotlar.
Shuningdek, qarang: Oʻzbeksiton Respublikasining Fuqarolik kodeksi 1095-moddasining uchinchi qismi..
Oshkor etilishi shartligi yoki foydalanishni cheklashga yoʻl qoʻyilmasligi boshqa qonunda belgilangan maʼlumotlar tijorat sirini tashkil etishi mumkin emas.
Masalan, qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi “Axborot olish kafolatlari va erkinligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 7-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuni 18-moddasining ikkinchi qismi, Oʻzbekiston Respublikasi “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-bobi (“Qimmatli qogʻozlar bozorida axborotni oshkor qilish”).
6-modda. Tijorat siri mulkdorining huquqlari
Tijorat siri mulkdorining huquqlari mulkdor tomonidan axborotga nisbatan tijorat siri rejimi oʻrnatilgan paytdan eʼtiboran vujudga keladi.
Tijorat sirining mulkdori quyidagi huquqlarga ega:
tijorat siri rejimini yozma shaklda belgilash, oʻzgartirish va bekor qilish;
tijorat siridan foydalanish tartibi va shartlarini belgilash;
mehnat munosabatlari jarayonida tijorat siridan foydalanishga ijozat berish yoki ijozat berishni taqiqlash;
Qarang: mazkur Qonunning 11-moddasi.
tijorat siridan oʻz ehtiyojlari uchun foydalanish;
tijorat sirini uning maxfiyligini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi shartlar kiritilishini nazarda tutadigan shartnomalar asosida fuqarolik muomalasiga kiritish;
tasodifan va (yoki) yanglishib amalga oshirilgan harakatlar natijasida tijorat sirini qoʻlga kiritgan shaxslardan uning maxfiyligi muhofaza qilinishini talab qilish;
tijorat siri uchinchi shaxslar tomonidan oshkor etilgan, qonunga xilof ravishda olingan yoki undan qonunga xilof ravishda foydalanilgan hollarda oʻz huquqlarini qonunda belgilangan tartibda himoya qilish, shu jumladan oʻz huquqlari buzilishi natijasida yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishini talab qilish.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi II boʻlimning 2-kichik boʻlimi (“Daʼvo ishini yuritish”), Oʻzbeksiton Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1096-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
Tijorat sirining mulkdori qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
(6-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
7-modda. Tijorat sirini muhofaza qilish muddati
Tijorat sirini muhofaza qilish tijorat sirining maxfiyligi yoʻqoladigan paytga qadar uning mulkdori va (yoki) konfident tomonidan amalga oshiriladi.
Shuningdek, qarang:Oʻzbeksiton Respublikasining Fuqarolik kodeksi 1095-moddasining toʻrtinchi qismi.
8-modda. Tijorat siri rejimini oʻrnatish
Tijorat siri rejimi tijorat sirining mulkdori tomonidan oʻrnatiladi. Tijorat siri rejimini oʻrnatish shartnoma asosida konfident zimmasiga ham yuklatilishi mumkin.
Tijorat sirining mulkdori “tijorat siri” grifini qoʻyish va olib tashlashni, tijorat sirini qoʻlga kiritish, undan foydalanish va uni oshkor etish shartlarini, muhofaza qilish usullarini, tijorat sirini topshirish vositalarini tanlashni mustaqil ravishda belgilaydi.
Tijorat siri rejimi tijorat sirining mulkdori yoki konfident tomonidan ushbu Qonunning 10-moddasida nazarda tutilgan chora-tadbirlar koʻrilganidan keyin oʻrnatilgan deb hisoblanadi.
Tijorat siri rejimidan mamlakat konstitutsiyaviy tuzumi asoslarini himoya qilish, davlat mudofaasi va xavfsizligini, fuqarolarning axloqini, sogʻligʻini, boshqa shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash talablariga zid maqsadlarda foydalanilishi mumkin emas.
Maxfiylik haqidagi qoidalarni fuqarolik-huquqiy shartnomalarga kiritish tijorat siri rejimini oʻrnatishning zaruriy shartidir.
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: “Xodimlari tijorat siridan foydalanadigan korxonalar va tashkilotlar uchun tijorat siri rejimiga rioya etilishi boʻyicha” namunaviy nizom (roʻyxat raqami 2818, 28.07.2016-y.).
9-modda. Tijorat siri rejimini oʻzgartirish yoki bekor qilish
Tijorat sirining mulkdori, konfident oʻzlari tuzgan shartnomalarda qabul qilingan majburiyatlarni buzmagan holda tijorat siri rejimini oʻzgartirish yoki bekor qilish huquqiga ega. Tijorat siri rejimi oʻzgartirilganda yoki bekor qilinganda tijorat sirining mulkdori bu haqda konfidentni shartnomada nazarda tutilgan muddatda yozma shaklda xabardor qilishi shart.
10-modda. Tijorat sirini muhofaza qilish chora-tadbirlari
Tijorat sirini muhofaza qilish chora-tadbirlari quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
tijorat sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarning roʻyxati va hajmini belgilash;
tijorat siri bilan muomalada boʻlish tartibini belgilash va bunday tartibga rioya etilishi ustidan nazorat oʻrnatish;
tijorat siridan foydalanishga ijozat olgan shaxslarni hisobga olish;
tijorat siri aks etgan moddiy jismlarga yoki tijorat sirini oʻz ichiga olgan hujjatlarning rekvizitlari tarkibiga uning mulkdorini koʻrsatgan holda “tijorat siri” grifini qoʻyish.
Oldingi tahrirga qarang.
Tijorat sirining mulkdori, konfident tijorat sirini muhofaza qilish boʻyicha qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa chora-tadbirlarni ham qoʻllashga haqli.
(10-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Tijorat sirini muhofaza qilish boʻyicha chora-tadbirlarni tashkil etish hamda ularning bajarilishini nazorat qilish tijorat sirining mulkdori va (yoki) konfident zimmasiga yuklatiladi.
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: “Xodimlari tijorat siridan foydalanadigan korxonalar va tashkilotlar uchun tijorat siri rejimiga rioya etilishi boʻyicha” namunaviy nizom (roʻyxat raqami 2818, 28.07.2016-y.), Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 04-son “Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini taʼminlash toʻgʻrisida” qarori 12-bandi.
11-modda. Tijorat sirini mehnat munosabatlari jarayonida muhofaza qilish
Tijorat sirining muhofaza qilinishini taʼminlash maqsadida ish beruvchi (tijorat sirining mulkdori, konfident):
oʻz mehnat vazifalarini bajarish uchun tijorat siridan foydalanishi zarur boʻlgan xodimni tijorat sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar roʻyxati bilan tilxat olgan holda tanishtirishi;
xodimni ish beruvchi tomonidan oʻrnatilgan tijorat siri rejimi va uni buzganlik uchun javobgarlik choralari bilan tilxat olgan holda tanishtirishi;
ish beruvchi tomonidan oʻrnatilgan tijorat siri rejimiga rioya etishi uchun xodimga zarur shart-sharoitlarni yaratishi shart.
Xodimning tijorat siridan foydalanishi, agar bu uning mehnat vazifalarida nazarda tutilmagan boʻlsa, oʻzining roziligi bilan amalga oshiriladi.
Tijorat sirining muhofaza qilinishini taʼminlash maqsadida xodim:
ish beruvchi tomonidan oʻrnatilgan tijorat siri rejimiga rioya etishi;
ish beruvchining roziligisiz tijorat sirini oshkor etmasligi va undan shaxsiy maqsadlarda foydalanmasligi;
mehnat shartnomasi (kontrakt) bekor qilinganda oʻz foydalanishida boʻlgan, tijorat siri aks etgan moddiy jismlarni ish beruvchiga topshirishi yoki uni mazkur jismlardan ish beruvchining nazorati ostida yoʻq qilib yoxud oʻchirib tashlashi shart.
Tijorat sirining muhofaza qilinishini taʼminlash maqsadida mehnat shartnomasi (kontrakt) yoki fuqarolik-huquqiy shartnomada quyidagilar nazarda tutilishi kerak:
xodimning va tijorat siri mulkdori yoki konfident boʻlgan ish beruvchining tijorat siri muhofaza qilinishini taʼminlash boʻyicha majburiyatlari;
mehnat shartnomasi (kontrakt) yoki fuqarolik-huquqiy shartnoma bekor qilingandan keyin sobiq xodim tijorat sirini oshkor etmasligi shart boʻlgan muddat.
Xodim mehnat shartnomasi (kontrakt) yoki fuqarolik-huquqiy shartnomada nazarda tutilgan vazifalarni bajarishi munosabati bilan foydalanishga ijozat olgan tijorat siriga qonunga xilof ravishda tijorat siri rejimi oʻrnatilganligi ustidan sud tartibida shikoyat qilish huquqiga ega.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi II boʻlimning 2-kichik boʻlimi (“Daʼvo ishini yuritish”).
12-modda. Mehnat munosabatlari jarayonida tijorat siridan foydalanishni bekor qilish uchun asoslar
Mehnat munosabatlari jarayonida tijorat siridan foydalanishni bekor qilish uchun quyidagilar asos boʻladi:
mehnat shartnomasining (kontraktning) yoki fuqarolik-huquqiy shartnomaning bekor qilinishi;
tijorat sirini oshkor etmaslik boʻyicha olingan majburiyatlarning buzilishi.
Oldingi tahrirga qarang.
Qonunchilikka yoki shartnomaga muvofiq boshqa holatlar ham mehnat munosabatlari jarayonida tijorat siridan foydalanishni bekor qilish uchun asos boʻlishi mumkin.
(12-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Mehnat munosabatlari jarayonida tijorat siridan foydalanishning bekor qilinishi xodimni tijorat sirini oshkor etmaslik boʻyicha oʻz zimmasiga olgan majburiyatlardan ozod etmaydi.
13-modda. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning oʻzaro munosabatlarida tijorat sirining muhofaza qilinishi
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan savdo-iqtisodiy, fan-texnika, valyuta-moliyaviy va boshqa munosabatlar amalga oshirilayotganda kelishuvchi taraflar tijorat sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarning tavsifini va roʻyxatini, shuningdek uning muhofaza qilinishini taʼminlash boʻyicha oʻzaro majburiyatlarni alohida shartlashib oladi.
14-modda. Tijorat siri uning mulkdori tomonidan konfidentga topshirilganda tijorat sirini muhofaza qilish
Tijorat sirining mulkdori shartnomaga muvofiq oʻzi tomonidan konfidentga topshirilgan tijorat sirini oshkor etmasligi shart.
Konfident oʻzi shartnoma boʻyicha olgan tijorat sirining maxfiyligini saqlashi shart.
15-modda. Tijorat sirini taqdim etish
Oldingi tahrirga qarang.
Agar tijorat sirini talab qilib olish qonunchilikka muvofiq davlat organining vakolatiga kirsa, tijorat sirini taqdim etish mazkur davlat organining asoslantirilgan talabiga koʻra tijorat sirining mulkdori yoki konfident tomonidan tekin amalga oshiriladi.
(15-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Tijorat sirini taqdim etish toʻgʻrisidagi asoslantirilgan talab, agar qonunda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, davlat organining vakolatli mansabdor shaxsi tomonidan imzolangan boʻlishi, unda tijorat sirini talab qilib olishning maqsadi va huquqiy asosi, uni taqdim etish muddati koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Tijorat sirini taqdim etish tijorat sirining mulkdori yoki konfident tomonidan rad etilgan taqdirda, davlat organi uni sud tartibida talab qilib olishga haqli.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi II boʻlimning 2-kichik boʻlimi (“Daʼvo ishini yuritish”).
16-modda. Tijorat sirini taqdim etishda uning maxfiyligini taʼminlash
Davlat organlari oʻzlariga tijorat sirining mulkdori yoki konfident tomonidan taqdim etilgan tijorat sirining maxfiyligini taʼminlovchi shart-sharoitlar yaratishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat organlarining xodimlari xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan oʻzlariga maʼlum boʻlib qolgan tijorat sirini oshkor etishga yoki boshqa shaxslarga, shu jumladan davlat organlariga topshirishga, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno, shuningdek undan gʻarazli yoki boshqa shaxsiy maqsadlarda foydalanishga haqli emas.
(16-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
17-modda. Tijorat siri bilan sudda tanishtirish chegaralari
Sud muhokamasi chogʻida sudni va ishda ishtirok etuvchi shaxslarni tijorat siri bilan tanishtirishga tijorat sirining mulkdori yoki konfident daʼvogar yoki javobgar sifatida ishtirok etayotgan nizoning mazmuniga bevosita taalluqli boʻlgan qismi boʻyicha yoʻl qoʻyiladi.
Sudning tijorat siridan cheklanmagan holda foydalanishiga faqat quyidagi hollarda ruxsat beriladi:
tijorat siri mulkdorining yoki konfidentning davlat organlari bilan nizolarida;
Oldingi tahrirga qarang.
tijorat siri mulkdorining toʻlovga qobiliyatsizligi toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatilganda, tijorat sirining mulkdori tugatilganda yoxud uning faoliyati tugatilganda;
(17-modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 21-fevraldagi OʻRQ-911-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.02.2024-y., 03/24/911/0142-son)
tijorat siri vorislik obyekti boʻlganda vorislik huquqi xususidagi nizolarda;
er-xotin yoki ulardan biri tijorat sirining mulkdori boʻlganda ularning umumiy mol-mulki boʻlinishi xususidagi nizolarda;
tijorat sirining mulkdori va konfident oʻrtasidagi nizolarda;
tijorat siri mulkdorining va (yoki) konfidentning muassislari oʻrtasidagi nizolarda.
18-modda. Nizolarni hal etish
Oldingi tahrirga qarang.
Tijorat sirini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(18-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi II boʻlimning 2-kichik boʻlimi (“Daʼvo ishini yuritish”).
Oldingi tahrirga qarang.
19-modda. Tijorat siri toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Tijorat siri toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(19-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 46-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 191-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
20-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(20-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
21-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonun “Xalq soʻzi” gazetasining 2014-yil 12-sentabrdagi 177 (6107)-sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2014-yil 11-sentabr,
OʻRQ-374-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 37-son, 463-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 22.02.2024-y., 03/24/911/0142-son; 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son; 17.03.2026-y., 03/26/1122/0250-son)