Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.06.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan taʼminlashni yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-iyundagi 394-sonli “2021-2023-yillarda yoshlar uylarini qurishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2014-yil 6-fevraldagi PQ-2124-son qaroriga muvofiq, shuningdek mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni yanada ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularning uy-joy va maishiy sharoitlarini yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qayd etilsinki, mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib, alohida namuna koʻrsatayotgan yosh oilalarga uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari berishning quyidagi shartlari belgilanadi:
a) davlat dasturlarida 2019-yilda qurilishi belgilangan uylar boʻyicha:
shaharlarda koʻp kvartirali arzon uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish uchun — 3 yillik imtiyozli davr va dastlabki 5 yil mobaynida yillik 7 foiz miqdoridagi foiz stavkasi bilan va keyingi davrda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida 20 yil muddatga beriladi, bunda dastlabki badal kvartira qiymatining 25 foizini tashkil etadi;
qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish uchun — 3 yillik imtiyozli davr va dastlabki 5 yil mobaynida yillik 7 foiz miqdoridagi foiz stavkasi bilan va keyingi davrda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida 15 yil muddatga beriladi, bunda dastlabki badal quyidagicha miqdorni tashkil etadi:
ikki, uch qavatli koʻp kvartirali (2 va 3 xonali) uylar va 2, 3 xonali bir qavatli uylar uchun — 10 foiz;
ikki qavatli 4 xonali birlashtirilgan uylar uchun — 25 foiz;
b) 2020-yil va keyingi yillarga moʻljallangan davlat dasturlari doirasida shaharlarda va qishloq joylarda bir yillik imtiyozli davr bilan hamda dastlabki 5 yil davomida har yili foiz stavkasi qatʼiy belgilangan 7 foizdan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi darajasigacha bir meʼyorda oshib boradigan stavkada va keyingi davrda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasida 20 yil muddatga beriladi, bunda kvartiraning dastlabki badali:
shaharlarda — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 23-oktabrdagi PQ-3350-son qarori bilan tasdiqlangan kvartiralarni yosh oilalarga, eskirgan uylarda yashovchilarga va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan boshqa toifadagi fuqarolarga sotish shartlariga muvofiq;
qishloq joylarda — sotib olinadigan kvartira qiymatining 10 foizidan kam boʻlmagan miqdorda belgilanadi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 27-avgustdagi 521-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2020-y., 09/20/521/1232-son)
2. Belgilansinki:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi Yagona buyurtmachi xizmati Yoshlar uylarini qurish va rekonstruksiya qilishning buyurtmachilari hisoblanadi;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 712-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 996-modda)
kvartiralar qiymatini maqbullashtirish maqsadida uylarni qurish, qoidaga koʻra, mavjud qurilishi tugallanmagan binolar va boshqa obyektlarni, uy-joylarni tegishli infratuzilma bilan taʼminlashni hisobga olgan holda tashkil etish uchun eng qulay loyihalar boʻyicha rekonstruksiya qilish shaklida amalga oshiriladi;
Yoshlar uylarini joylashtirish uchun moʻljallangan obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish doirasida buyurtmachi yoki pudrat tashkilotlari Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan oshmaydigan foizli stavka bilan 5 yilgacha muddatga beriladigan tijorat banklari kreditlarini jalb etishlari mumkin.
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 712-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 996-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-sentabrdagi 760-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.09.2019-y., 09/19/760/3731-son)
3. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqiga quriladigan Yoshlar uylarining sifati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish tavsiya etilsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 712-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 996-modda)
4. Yoshlar uylaridan yosh oilalarga kvartiralar berish masalalarini koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-sentabrdagi 760-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.09.2019-y., 09/19/760/3731-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-sentabrdagi 760-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.09.2019-y., 09/19/760/3731-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-sentabrdagi 760-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.09.2019-y., 09/19/760/3731-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-fevraldagi 56-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.02.2021-y., 09/21/56/0091-son)
8. Vazirliklar va idoralar oʻzlarining idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari B.I. Zakirov va A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 8-sentabr,
250-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 8-sentabrdagi 250-son qaroriga
1-ILOVA
Yoshlar uylaridan yosh oilalarga kvartiralar berish masalalarini koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisida
(1-ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-sentabrdagi 760-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.09.2019-y., 09/19/760/3731-son)
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2014-yil 6-fevraldagi PQ-2124-son qaroriga muvofiq Yoshlar uylaridan yosh oilalarga kvartiralar (keyingi oʻrinlarda kvartiralar deb ataladi) berish masalalarini koʻrib chiqish tartibini belgilaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-sentabrdagi 760-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.09.2019-y., 09/19/760/3731-son)
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
yosh oilalar — ushbu Nizomga muvofiq Yoshlar uylaridan ipoteka krediti asosida kvartiralarni sotib olish uchun hisobga qoʻyish toʻgʻrisida ariza berilgan paytda er-xotinning ikkisi ham oʻttiz yoshdan oshmagan oila yoxud farzand (bola) tarbiyalab voyaga yetkazayotgan oʻttiz yoshdan oshmagan yolgʻiz otadan yoki yolgʻiz onadan iborat boʻlgan oila, shu jumladan nikohdan ajralgan, beva erkak (beva ayol).
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-sentabrdagi 760-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.09.2019-y., 09/19/760/3731-son)
hududiy komissiya — ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq tarkibda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tashkil etiladigan hamda tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan tasdiqlanadigan Yoshlar uylaridan yosh oilalarga kvartiralarni ipoteka krediti asosida sotib olish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha komissiya;
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-sentabrdagi 760-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.09.2019-y., 09/19/760/3731-son)
tavsiyanoma — Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi tomonidan berilgan tavsiyanoma imtiyozli ipoteka kreditini oluvchi bilan kredit oluvchi doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan joyda joylashgan tijorat banki oʻrtasida ipoteka krediti berish toʻgʻrisida shartnoma tuzish uchun asos hisoblanadi.
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi 593-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)
3. Qayd etilsinki, mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib, alohida namuna koʻrsatayotgan yosh oilalarga uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari berishning quyidagi shartlari belgilanadi:
a) davlat dasturlarida 2019-yilda qurilishi belgilangan uylar boʻyicha:
shaharlarda koʻp kvartirali arzon uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish uchun — 3 yillik imtiyozli davr va dastlabki 5 yil mobaynida yillik 7 foiz miqdoridagi foiz stavkasi bilan va keyingi davrda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida 20 yil muddatga beriladi, bunda dastlabki badal kvartira qiymatining 25 foizini tashkil etadi;
qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish uchun — 3 yillik imtiyozli davr va dastlabki 5 yil mobaynida yillik 7 foiz miqdoridagi foiz stavkasi bilan va keyingi davrda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida 15 yil muddatga beriladi, bunda dastlabki badal quyidagi miqdorni tashkil etadi:
ikki, uch qavatli koʻp kvartirali (2 va 3 xonali) uylar va 2, 3 xonali bir qavatli uylar uchun — 10 foiz;
ikki qavatli 4 xonali birlashtirilgan uylar uchun — 25 foiz;
b) 2020-yil va keyingi yillarga moʻljallangan davlat dasturlari doirasida shaharlarda va qishloq joylarda bir yillik imtiyozli davr bilan hamda dastlabki 5 yil davomida har yili foiz stavkasi qatʼiy belgilangan 7 foizdan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi darajasigacha bir meʼyorda oshib boradigan stavkada va keyingi davrda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasida 20 yil muddatga beriladi, bunda kvartiraning dastlabki badali:
shaharlarda — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 23-oktabrdagi PQ-3350-son qarori bilan tasdiqlangan kvartiralarni yosh oilalarga, eskirgan uylarda yashovchilarga va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan boshqa toifadagi fuqarolarga sotish shartlariga muvofiq;
qishloq joylarda — sotib olinadigan kvartira qiymatining 10 foizidan kam boʻlmagan miqdorda belgilanadi.
Yosh oilalarning kvartira sotib olish toʻgʻrisidagi murojaatlari ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq sxemaga binoan koʻrib chiqiladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 27-avgustdagi 521-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2020-y., 09/20/521/1232-son)
II. Kvartira berish uchun yosh oilalarni hisobga olish
4. Quyidagilar kvartiralarni ipoteka krediti asosida sotib olish huquqiga egadir:
a) turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtojlar sifatida hisobda turgan hamda fan, sanʼat, adabiyot, sport sohasida va boshqa sohalarda yuksak natijalarga erishgan yosh oilalar (qoidaga koʻra, davlat mukofotlari, “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni sohiblari, nufuzli xalqaro va respublika musobaqalari, tanlovlar va olimpiadalar sovrindorlari);
b) Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tizimida kamida uch yil mobaynida faoliyat olib borayotgan ijtimoiy faol yosh oilalar — Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi taqdimnomasi asosida;
v) faoliyat yuritayotgan mehnat jamoasida alohida namuna va xizmat koʻrsatgan yosh oilalarga — davlat hokimiyati organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlarining rahbarlari tavsiyasiga koʻra Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi taqdimnomasi asosida.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 712-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 996-modda)
5. Turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtojlar sifatida yosh oilalarni hisobga qoʻyish quyidagi shartlardan biri mavjud boʻlgan taqdirda:
a) er-xotinlar doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan joyi boʻyicha yosh oila ijara shartlarida yoki yashash uchun yaroqsiz binolardagi turar joyda yashasa yoxud doimiy yashash manzili boʻyicha uy-joy mulkdori boʻlmasa;
(5-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi 593-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)
b) oila aʼzolari orasida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatga muvofiq surunkali kasalliklarning oʻtkir shakllaridan azob chekuvchi va alohida kvartirada yashashga muhtoj boʻlgan shaxslar bor boʻlsa Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
(5-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 712-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 996-modda)
6. Ushbu Nizomning 5-bandida koʻrsatilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda er-xotinlarning xohishi boʻyicha yosh oila bir yoki bir vaqtning oʻzida barcha asoslar boʻyicha hisobga qoʻyilishi mumkin.
7. Turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtojlar sifatida yosh oilani hisobga qoʻyish uchun er-xotindan biri doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan joyi boʻyicha Yoshlar ittifoqi tuman (shahar) kengashiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
(7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi 593-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)
a) Yoshlar ittifoqi tuman (shahar) kengashi raisi nomiga ariza;
(7-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 712-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 996-modda)
b) nikoh toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi, farzand (bola) tarbiyalab voyaga yetkazayotgan yolgʻiz ota yoki yolgʻiz onaning ilgari nikohda boʻlmaganligi yoxud nikohdan ajralganligi, beva erkak (beva ayol) toʻgʻrisida FHDY organidan berilgan maʼlumotnoma;
(7-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 712-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 996-modda)
v) oilaning tarkibi toʻgʻrisida yashash joyidan berilgan maʼlumotnoma va oila aʼzolarining pasportlari (tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomalar) nusxalari;
g) yashash joyi boʻyicha fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan berilgan yosh oilaning turar joy sharoitlari ushbu Nizomning 5-bandida nazarda tutilgan shartlarga muvofiqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma;
d) ish beruvchining muhri bilan tasdiqlangan (tadbirkorlik subyektlaridan muhr bilan tasdiqlash talab qilinmaydi) mehnat daftarchasi nusxasi;
(7-bandning “d” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 10-avgustdagi 661-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.08.2019-y., 09/19/661/3571-son)
e) doimiy ish joyidan berilgan ariza beruvchining (oila aʼzolarining) oxirgi 12 oydagi daromadlari toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar yoki ularning yashash joyi boʻyicha davlat soliq xizmati organi tomonidan tasdiqlangan ariza beruvchining (oila aʼzolari — er va xotinning) oxirgi 12 oydagi daromadlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyalarning nusxalari;
j) Davlat xizmatlari markazi tomonidan berilgan er-xotinda mulk huquqi bilan turar joy yoʻqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma;
(7-bandning “j” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-sentabrdagi 760-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.09.2019-y., 09/19/760/3731-son)
z) yosh oila ushbu Nizomning 4-bandi talablariga muvofiqligini tasdiqlaydigan hujjatlar.
8. Hujjatlar Yoshlar ittifoqi tuman (shahar) kengashining masʼul shaxsi tomonidan roʻyxat boʻyicha qabul qilinadi, ularning nusxalari tilxat ostida hujjatlar qabul qilingan sana toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan holda ariza beruvchiga topshiriladi.
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 712-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 996-modda)
Ariza turar joy berishga arizalarni roʻyxatga olishning alohida jurnalida roʻyxatdan oʻtkaziladi.
9. Yoshlar ittifoqining tuman (shahar) kengashi olingan hujjatlarni ular qabul qilib olingan kundan boshlab ikki kun muddatda koʻrib chiqish uchun Hududiy komissiyaga yuboradi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 712-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 996-modda)
10. Hududiy komissiya hujjatlar Yoshlar ittifoqining tuman (shahar) kengashiga taqdim etilgan kundan boshlab 10 ish kuni mobaynida taqdim etilgan hujjatlarning belgilangan talablarga muvofiqligini har tomonlama oʻrganadi, barcha hujjatlarning haqiqiyligini tekshiradi. Bunda, hujjatlarning belgilangan talablarga muvofiqligini tekshirish, shuningdek uning haqiqiyligi uchun hududiy komissiya javob beradi.
(10-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 712-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 996-modda)
Hududiy komissiya joyning oʻziga chiqib ariza beruvchining turar joy sharoitlarini, kreditga layoqatliligini (ariza beruvchi va oila aʼzolarining daromadini) oʻrganadi. Oʻrganish natijalari boʻyicha tekshirish dalolatnomasini tuzadi.
Koʻrib chiqish natijalari boʻyicha hududiy komissiya yosh oilani turar joy sharoitlarini yaxshilash uchun muhtoj sifatida hisobga qoʻyish yoki hisobga qoʻyishni rad etish toʻgʻrisida xulosa tuzadi.
Hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi xulosa, tekshirish dalolatnomasi taqdim etilgan hujjatlar ilova qilingan holda uch kun muddatda Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashiga yuboriladi.
(10-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 712-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 996-modda)
11. Hisobga qoʻyishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda hududiy komissiya ikki kun muddatda hujjatlar va xulosani rad etish sabablari koʻrsatilgan holda Yoshlar ittifoqi tuman (shahar) kengashiga yuboradi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 712-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 996-modda)
Yoshlar ittifoqi tuman (shahar) kengashi ikki kun muddatda ariza beruvchilar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni qaytargan holda rad etish sabablari toʻgʻrisida ularni yozma ravishda xabardor qiladi.
(11-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 712-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 996-modda)
12. Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi hududiy komissiyalar tomonidan taqdim etilgan xulosa va hujjatlarni koʻrib chiqib yosh oilani uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj sifatida hisobga qoʻyish yoki hisobga qoʻyishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 712-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 996-modda)
Bunda Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi har yili davlat dasturlarida mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalar uchun belgilanadigan uy-joylar sonidan kelib chiqqan holda, yosh oilani uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj sifatida hisobga qoʻyadi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 27-avgustdagi 521-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2020-y., 09/20/521/1232-son)
Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi hujjatlarni har tomonlama aniq va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqish uchun Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi aʼzolari va xodimlaridan iborat tarkibda alohida komissiya yoki ishchi guruh tashkil etishi mumkin.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-sentabrdagi 760-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.09.2019-y., 09/19/760/3731-son)
13. Hisobga qoʻyish yoki hisobga qoʻyishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi tomonidan hujjatlar tegishli hududiy komissiya tomonidan taqdim etilgan kundan boshlab 5 ish kunidan kechikmay qabul qilinadi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 712-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 996-modda)
14. Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi hisobga qoʻyish yoki hisobga qoʻyishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan boshlab 5 ish kunidan kechikmay qarorni tegishli hududiy komissiyaga yuboradi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 712-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 996-modda)
15. Hududiy komissiya 5 ish kuni mobaynida Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi tomonidan qabul qilingan qaror toʻgʻrisida ariza beruvchini va Yoshlar ittifoqi tuman (shahar) kengashini yozma ravishda xabardor qiladi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 712-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 996-modda)
Ushbu Nizomning 4 va 5-bandlarida keltirilgan asoslar mavjud boʻlmagan hollarda, shuningdek agar taqdim etilgan hujjatlar ushbu Nizomning 7-bandi talablariga muvofiq boʻlmagan taqdirda hisobga qoʻyish rad etilishi mumkin.
III. Yosh oilalarga ipoteka krediti asosida kvartiralar berish
16. Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashining tavsiyanomasi (ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha) hisobda turgan yosh oilalarga ular uchun zarur boʻlgan turar joy maydoni mavjudligidan kelib chiqib ketma-ketlik tartibida taqdim etiladi.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 712-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 996-modda)
Hisobga qoʻyish sanasi, agar holatlar teng boʻlgan hollarda — uy-joy bilan taʼminlanganlik darajasidan kelib chiqish kvartirani ipoteka krediti asosida sotib olish izchilligini aniqlashning asosiy sharti hisoblanadi.
17. Agar:
er-xotinning har ikkisi yetimlar — “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari boʻlsa;
imtiyozli ipoteka krediti oluvchi oila aʼzolarining biri yoki bir nechtasi ushbu Nizomning 5-bandiga muvofiq surunkali kasalliklarning oʻtkir shakllaridan azob cheksa.
(17-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 712-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 996-modda)
imtiyozli ipoteka krediti oluvchi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tizimida kamida uch yil mobaynida faoliyat olib borayotgan ijtimoiy faol yoshlardan boʻlsa, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining tavsiyanomasi navbatdan tashqari beriladi.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 712-sonli qaroriga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 996-modda)
18. Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi tavsiyanoma berish bilan bir vaqtda tegishli pudrat qurilish tashkilotlariga belgilangan tartibda kvartiralarga oldi-sotdi shartnomalarini tuzish uchun tavsiyanoma olgan shaxslar roʻyxatini yuboradi.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 712-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 996-modda)
Pudrat qurilish tashkilotlari roʻyxatlar olingan kundan boshlab oʻn ish kuni mobaynida ular asosida kvartiralarning oldi-sotdi shartnomalari tuzilishini taʼminlaydi.
IV. Yakunlovchi qoida
19. Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi yilning har choragida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga imtiyozli ipoteka kreditlarini olish uchun berilgan hujjatlar koʻrib chiqilishi va kvartiralar ajratilishi toʻgʻrisidagi axborotni kiritadi.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 712-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 996-modda)
“Kamolot”ning koʻp kvartirali uylaridan yosh oilalarga kvartiralar berish masalalarini koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Yoshlar uylaridagi kvartiralarni ipoteka krediti asosida sotib olish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha hududiy komissiyalarning
(1-ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-sentabrdagi 760-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.09.2019-y., 09/19/760/3731-son)
namunaviy tarkibi
1. Yoshlar ittifoqi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari raislari — komissiya raisi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 712-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 996-modda)
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyat va Toshkent shahri hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari — komissiya raisining oʻrinbosari.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 27-fevraldagi 107-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 9-son, 132-modda)
3. Tumanlar (shaharlar) hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 27-fevraldagi 107-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 9-son, 132-modda)
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vaziri hamda viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari rahbarlari.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining hududiy boshqarmasi rahbari.
6. “Mahalla” xayriya jamoat fondining hududiy, tuman (shahar) boʻlinmalari rahbarlari.
7. Moliyalashtiruvchi tijorat banklarining mintaqaviy va tuman filiallari rahbarlari.
“Kamolot”ning koʻp kvartirali uylaridan yosh oilalarga kvartiralar berish masalalarini koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Yoshlar uylaridagi kvartiralarni ipoteka krediti asosida sotib olish toʻgʻrisida shartnomalar tuzish uchun tavsiyalarni yosh oilalarga taqdim etish
(2-ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-sentabrdagi 760-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.09.2019-y., 09/19/760/3731-son)
SXEMASI
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 712-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 996-modda)
“Kamolot”ning koʻp kvartirali uylaridan yosh oilalarga kvartiralar berish masalalarini koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
Tegishli tijorat bankiga taqdim etish uchun Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashining uy-joyga muhtojlar sifatida hisobga qoʻyilgan yosh oilalarga
(3-ilova nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 712-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 996-modda)
tavsiyanomasi shakli


TAVSIYANOMA DK 000000

19__ yilda tugʻilgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi__________________________
‎______________________________________________________________________ga

‎‎(F.I.O., pasportidagi maʼlumotlar)

_____________________________________________ manzili boʻyicha Yoshlar

‎‎(Yoshlar uyi manzili)‎‎

uylaridan kvartira sotib olish toʻgʻrisida ___________________________
‎ ________________________________________ bilan shartnoma tuzish uchun berildi.
‎Tavsiyanoma Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashining 201_ yil “__”_______dagi ___-son qaroriga muvofiq berildi. _____________________________________________________________________

‎‎(tavsiyanomani olgan ariza beruvchi yoki ishonchli shaxsning F.I.O.)

201_ yil “__”________

‎‎___________________

(berilgan sana)

‎‎(oluvchining imzosi)

‎Orqa tomoni

Ushbu tavsiya Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatning ijtimoiy hayotida faol ishtirok etuvchi yosh oilalarni turar joy bilan taʼminlashni yanada qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida” 2014-yil 8-sentabrdagi 250-son qaroriga muvofiq berilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ittifoqi Markaziy
‎kengashi raisi
_________________
Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ittifoqi Markaziy
‎kengashi raisining oʻrinbosari
‎‎_________________
Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ittifoqi
‎Markaziy kengashi aʼzolari
‎(roʻyxat boʻyicha)
_________________‎
‎‎
‎_________________
(3-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-sentabrdagi 760-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.09.2019-y., 09/19/760/3731-son)
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-fevraldagi 56-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.02.2021-y., 09/21/56/0091-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 37-son, 468-modda; 2016-y., 18-son, 198-modda; 2017-y., 7-son, 94-modda; 9-son, 132-modda, 37-son, 996-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.08.2019-y., 09/19/661/3571-son, 12.09.2019-y., 09/19/760/3731-son; 28.08.2020-y., 09/20/521/1232-son; 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son; 06.02.2021-y., 09/21/56/0091-son)