OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QIShLOQ VA SUV XOʻJALIGI VAZIRINING
buyrugʻi
Naslchilik sohasida seleksiya, biotexnologiya va irsiyat-muhandislik usullarini qoʻllanish shartlarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 15-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2602]
Oʻzbekiston Respublikasining “Naslchilik toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 15-iyuldagi PQ-2003-sonli “Qonunlarning havolaki normalarini amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish rejalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Naslchilik sohasida seleksiya, biotexnologiya va irsiyat-muhandislik usullarini qoʻllanish shartlarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir Sh. TEShAYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 16-iyun,
155-son
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq va suv xoʻjaligi vazirining 2014-yil 16-iyundagi 155-sonli buyrugʻiga
ILOVA
Naslchilik sohasida seleksiya, biotexnologiya va irsiyat-muhandislik usullarini qoʻllanish shartlarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Naslchilik toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 15-iyuldagi PQ-2003-sonli “Qonunlarning havolaki normalarini amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish rejalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, naslchilik sohasida seleksiya, biotexnologiya va irsiyat-muhandislik usullarini qoʻllanish shartlarini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
naslchilik — seleksiya maqsadida nasldor hayvonlarni urchitish, naslli mahsulot (material) yetishtirish va undan foydalanish;
nasldor hayvon — kelib chiqishi hujjatlar bilan tasdiqlangan, muayyan zotni takror koʻpaytirish uchun foydalaniladigan va belgilangan tartibda roʻyxatga olingan hayvon;
naslli mahsulot (material) — nasldor hayvon, uning urugʻi va embrionlari, nasldor tuxum, ipak qurti urugʻi;
dezoksiribonuklein kislota (DNK) — tirik organizmlarda irsiy belgilarni saqlash vazifasini bajaradigan hamda asosan hujayra yadrosi, mitoxondriya va xloroplastlarda boʻladigan nuklein kislotaning bir turi;
seleksiya usuli — nasldor hayvonlarni urchitish orqali yangi nasldor hayvon zotlarini yaratish;
biotexnologiya usuli — biologik jarayonlar va biologik omillardan foydalangan holda yangi nasldor hayvon zotlarini yaratish;
irsiyat-muhandislik usuli — rekombinant DNKlar texnologiyasi hamda genetik, biokimyoviy usullar yordamida organizm yoki hujayraning biologik axborotini oʻzgartirish orqali tabiatda uchramaydigan, yangi xususiyatlarga ega boʻlgan genlar toʻplami asosida yangi nasldor hayvon zotlarini yaratish;
vektor — tashqaridan kiritilgan genni hujayraga koʻchirishda va uni hujayra genomiga biriktirishda foydalaniladigan doira shakldagi (plazma) genetik tizim;
ribonuklein kislota (RNK) — asosan hujayra tsitoplazmasida joylashgan va DNKdagi genetik axborotlarning nusxasi boʻlib, bitta polenukleotid zanjirdan tashkil topgan hamda fermentativ faollik xususiyatlariga ega boʻlgan riboza asosli nukleotidlardan tashkil topgan nuklein kislota;
gen — irsiy omil boʻlib, DNK (viruslarda RNK) molekulasining bir qismi, irsiy axborotning tizimli va funksional birligi;
donor — urugʻlangan tuxum hujayra olishda foydalaniladigan yuqori mahsuldorlik xususiyatiga ega boʻlgan ona hayvon;
retsipiyent — 6, 7 va 8 kunlik embrionni koʻchirib oʻtkazishga moʻljallangan hayvon;
transplantatsiya — hayvonlarda biror toʻqima yoki organni koʻchirib oʻtkazish;
yadro — eukariod organizmlar hujayrasidagi organoid boʻlib, hujayradagi barcha hayotiy jarayonlarda, ularning boʻlinishida ishtirok etadi va bu jarayonlarni nazorat qiladi.
2. Seleksiya, biotexnologiya va irsiyat-muhandislik usullari mazkur Nizomning ilovasida nazarda tutilgan nasldor hayvonlarga nisbatan qoʻllaniladi.
3. Naslchilik sohasida seleksiya, biotexnologiya va irsiyat-muhandislik usullarini qoʻllashdan asosiy maqsad tabiiy iqlim sharoitiga mos, yuqori mahsuldorlik xususiyatiga ega boʻlgan hayvonlarni koʻpaytirish, kasalliklarning oldini olish va yangi naslli mahsulotlardan (materiallardan) zotlar yaratish hisoblanadi.
4. “Naslchilik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 20-moddasiga asosan, nasldor hayvonlarning urugʻi va embrionlaridan, agar ular:
qishloq xoʻjalik hayvonlarini sunʼiy urugʻlantirish va embrionlarini koʻchirib oʻtkazish bilan shugʻullanuvchi tashkilotlarda olingan boʻlsa;
belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan nasldor hayvonlardan olingan boʻlsa;
identifikatsiya qilish maqsadida aniq belgi qoʻyilgan boʻlsa;
sertifikatga ega boʻlsa, foydalaniladi.
5. Nasldor hayvonlarning urugʻi va embrionlari qishloq xoʻjalik hayvonlarini sunʼiy urugʻlantirish va embrionlarini koʻchirib oʻtkazish bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar tomonidan boshqa shaxslarga realizatsiya qilinishi yoki oʻtkazilishi mumkin.
2-bob. Seleksiya va biotexnologiya usullarini qoʻllash
6. Seleksiya usullari bir turga mansub zotlarni, bir turga mansub ikki va undan koʻp zotlarni, ikki turga mansub hayvonlarni urchitish orqali, biotexnologiya usullari esa, urugʻ olish va embrion tayyorlashda qoʻllaniladi.
7. Erkak nasldor hayvonlardan quyidagi davriylikda urugʻ olinadi:
nasldor buqalardan haftada 2 — 8-marta, bunda har bir eyakulyat orasida 10 — 15 daqiqa dam berilishi lozim;
qoʻchqorlardan kuniga 3-marta, bunda tushlikgacha 2-marta va kunning ikkinchi yarmida 1-marta;
aygʻirlardan har kuni 1-marta;
erkak choʻchqalardan haftada 2-marta;
quyondan kuniga 2-marta;
xoʻrozlardan ikki kunda 1-marta;
kurka va gʻozlardan haftada 2-marta;
baliqlardan haftada 1-marta.
8. Erkak hayvonlardan olingan urugʻlar makroskopik (vizual) va mikroskopik usullarda tekshiriladi. Bunda har bir urugʻ tarkibiy qismining harakati, tirik-oʻlikligi va patologik shakllari boʻyicha baholanadi.
9. Urugʻ va uning tarkibiy qismlarini baholashda quyidagi nuqsonlar mavjud yoki mavjud emasligi tekshiriladi:
gigant;
kar;
boshchasi deformatsiyaga uchragan;
boʻyni siniq;
faqat boshchalar yoki dumsiz;
dumi buralgan yoki qiyshaygan;
tsitoplazmasida tomchilar mavjud boʻlgan yoki qalinlashgan hamda bir, ikki, uch va toʻrt dumli.
10. Nasldor erkak hayvonlarning nuqsonli spermatozoidlari quyidagi meʼyorlardan oshganda, ulardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi:
buqada — 18%;
qoʻchqorda — 14%;
erkak choʻchqada — 20%;
aygʻirda — 25%;
quyonda — 16%;
xoʻroz, kurka, gʻozlar va baliqlarda — 15%.
11. Nasldor erkak hayvonlarning 1 ml urugʻida spermatozoidlarning soni quyidagi meʼyorlardan kam boʻlganda, ulardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi:
buqada — 0,8 — 1,0 mlrd;
qoʻchqorda — 2 — 3 mlrd;
aygʻirda — 0,1 — 0,25 mlrd;
erkak choʻchqada — 0,1 — 0,2 mlrd;
quyonda — 0,1 mlrd;
xoʻroz va kurkada — 2 — 4 mlrd;
gʻozda — 0,3 — 1,0 mlrd;
baliqda — 0,1–0,3 mlrd.
12. Nasldor erkak hayvonlarning yangi olingan urugʻi baholangandan soʻng, mazkur urugʻ yigʻgichda 1:1 yoki 1:2 nisbatda suyultiriladi.
13. Nasldor erkak hayvonlarning urugʻi kuyidagi tartibda koʻp marotaba suyultiriladi:
buqalar urugʻi 10-marta 1:9 nisbatda, 15-marta 1:14 nisbatda;
qoʻchqor, erkak choʻchqa, quyon, xoʻroz, kurka, gʻoz va baliqlar urugʻi 2-marta 1:1 nisbatda, 3-marta 1:2 nisbatda, 4-marta 1:3 nisbatda.
14. Urugʻni saqlashda chuqur muzlatish texnologiyasidan foydalaniladi. Bunda urugʻ suyuq azot solingan Dʼyuar idishda —1960S haroratda 25 yildan 100 yilgacha saqlanishi mumkin.
15. Nasldor buqa urugʻini muzlatish va uzoq muddat saqlash uchun maxsus apparatlar va statsionar saqlagichlardan foydalaniladi. Bunda nasldor buqalar urugʻi ftoroplast taxtachasida granulalar, qobiqli granulalar va polipropilenli somonchalar (payettalar) shaklida muzlatiladi.
16. Donorlardan embrionlar olish va transplantatsiya qilish quyidagicha amalga oshiriladi:
nasldor hayvonlardan embrion tayyorlashda yuqori mahsuldorlik koʻrsatkichiga ega boʻlgan donorlarni tanlash;
donorlardan koʻp ovulatsiya chiqarish uchun garmonlardan foydalanish;
donorlar va retsipiyentlarning kuyikka kelishini nazorat qilib borish;
donorlarni nasldor erkak hayvonlar bilan juftlashtirish;
donorlarga mahsuldorligi past ona hayvonlarni retsipiyent qilib belgilash;
donorlar va retsipiyentlarning jinsiy siklini sinxronlashtirish (moslashtirish);
donordan 6, 7 va 8 kunlik embrionlarni yuvib olish;
yuvib olingan embrionlarni belgilangan usulda baholash, koʻchirib oʻtkazish va saqlash;
donordan yuvib olingan embrionni retsipiyentga koʻchirib oʻtkazish;
retsipiyentlarni bugʻozlik davrida alohida parvarishlash.
17. Embrionlar nasldor hayvonlardan yuvib olinganda ularning tashqi koʻrinishi, yoshiga muvofiqligi va koʻchirib oʻtkazilgandan soʻng yashab ketishi oʻrganiladi.
3-bob. Irsiyat-muhandislik usulini qoʻllash
18. Nasldor hayvonning geni maxsus laboratoriya sharoitida ajratib olinadi va uning DNKsi ketma-ketligi oʻrganiladi.
19. Ajratib olingan gen DNKni koʻchiruvchi vektorga ulanadi. Ulangan vektor hujayraga yoki organizmga oʻtkaziladi va transformatsiyalangan hujayra sunʼiy muhitda oʻstiriladi.
20. Dastlabki hujayra mitoz usulida (hujayralarning asosiy boʻlinish usuli boʻlib, bunda bitta ona hujayradan shu hujayraga oʻxshash ikkita bir xil qiz hujayra hosil boʻladi) boʻlinadi va genetik jihatdan bir xil hujayralar olinadi (klonlashtiriladi).
21. Sunʼiy muhitda oʻstirilgan hujayralar somatik embriogenez bosqichigacha oʻstiriladi va ularning embrion toʻqimalari olinadi hamda embrion bachadonga implantatsiya qilinadi.
22. Jinssiz yoʻl bilan koʻpayadigan nasldor hayvonlar klonlashtirilganda, tuxum hujayrasidan yadrosi olib tashlanib, unga boshqa hujayradan olingan yadro kiritiladi va gibrid tuxum hujayralar paydo boʻladi.
Naslchilik sohasida seleksiya, biotexnologiya va irsiyat-muhandislik usullarini qoʻllanish shartlarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Nasldor hayvonlarning
ROʻYXATI
1. Nasldor qoramollar:
sut-goʻsht yoʻnalishidagi zotlar;
qora-ola zotlar;
qizil zotlar;
bushuyev zoti;
boshqa zotlar;
goʻsht-sut yoʻnalishidagi zotlar;
shvits zotlari;
simmental (flekfi) zotlari;
boshqa zotlar;
goʻsht yoʻnalishidagi zotlar;
santa-gertruda zoti;
aberdin-angus zoti;
qozoqi oqbosh zoti;
boshqa zotlar.
2. Nasldor qoʻylar:
goʻsht-yogʻ beruvchi dumbali zotlar;
hisori zoti;
jaydari zotlar;
boshqa zotlar;
qorakoʻl teri beruvchi zot;
qora rangli;
koʻk rangli;
kulrang;
zarmalla rangli;
kumush rangli;
bronza rangli;
nasldor qoʻchqorning urugʻlari;
boshqa ranglar.
3. Nasldor echkilar:
sut yoʻnalishidagi echkilar;
dagʻal jun beruvchi echkilar;
jaydari echkilar;
tivit beruvchi echki zotlari;
mahalliy tivit beruvchi zot.
4. Otlar:
qorabayir zoti;
axalteka zoti;
budyonniy zoti;
gannover;
poni otlar;
mahalliy otlar;
boshqa zotlar.
5. Tuyalar:
bir oʻrkachli;
ikki oʻrkachli;
6. Choʻchqalar.
7. Quyonlar.
8. Parrandalar:
tovuq;
kurka;
gʻoz;
oʻrdak;
bedana;
tsesarka;
tuyaqush.
9. Asalarilar:
mahalliy zot;
karpat zoti;
boshqa asalari zotlari.
10. Baliqlar:
sazan zoti;
karp zoti;
doʻngpeshona;
oq amur;
ilonbaliq;
boshqa baliqlar.
11. Tut ipak qurti tuxumlari.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 29-son, 363-modda)