|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 10.11.2025
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Sanoatda ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish va mahsulot tannarxini pasaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Mamlakat korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshliligini yanada oshirish, mahsulot ishlab chiqarish hamda uni ichki va tashqi bozorlarda sotish hajmini ko‘paytirish va eksport salohiyatini o‘stirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xo‘jalik birlashmalari va yirik korxonalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda 2014-yilda ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirishga va mahsulot tannarxini pasaytirishga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin, ular birinchi navbatda quyidagilar hisobiga amalga oshiriladi:
energiya resurslari iste’molini qisqartirish va ishlab chiqarishning energiya samaradorligini oshirish;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish yo‘li bilan texnologik jarayonlarni va moddiy-xom ashyo resurslari sarfi, foydalanish va noishlab chiqarish xarajatlari normalarini ratsionalizatsiyalashtirish;
mehnat unumdorligini o‘stirish, boshqaruv va sanoat-ishlab chiqarish xodimlari sonini maqbullashtirish, boshqa omillar.
2. Xo‘jalik birlashmalari va yirik korxonalarning O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi hamda Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan kelishilgan xo‘jalik birlashmalarida va yirik korxonalarda ilovaga* muvofiq yig‘ma parametrlar bo‘yicha ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish va mahsulot tannarxini o‘rtacha 10 foizga pasaytirish, shu jumladan ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish hisobiga 8,3 foizga pasaytirish bo‘yicha takliflari ma’qullansin.
*Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Vazirliklar, idoralar, aksiyadorlik kompaniyalari, uyushmalar va boshqa xo‘jalik birlashmalari rahbarlari ushbu qaror bilan ma’qullangan tarmoq bo‘yicha tannarxni pasaytirishning yig‘ma parametrlaridan kelib chiqib o‘n kun muddatda o‘z tarkibiga kiradigan sanoat korxonalari uchun tannarxni pasaytirishning maqsadli parametrlarini tasdiqlasinlar.
3. Vazirlar Mahkamasi komplekslari, respublika vazirliklari, idoralari, aksiyadorlik kompaniyalari, uyushmalari va boshqa xo‘jalik birlashmalari:
korxonalarda mahsulot tannarxini pasaytirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar amalga oshirilishi yuzasidan har choraklik monitoring o‘rnatsinlar;
olib boriladigan monitoring yakunlari bo‘yicha zarurat bo‘lganda mahsulot tannarxini pasaytirish bo‘yicha parametrlarga erishishning to‘liqligi va samaradorligidan kelib chiqib korxonalarning rahbarlarini moddiy rag‘batlantirish yoki shaxsiy javobgarligini oshirish choralarini ko‘rsinlar.
4. Belgilansinki, tasdiqlangan normativ-texnik hujjatlar doirasida texnologik jarayonlarni ratsionalizatsiyalashtirish va moddiy-xom ashyo va energiya resurslari sarfi normalarini maqbullashtirish, xarid qilinadigan xom ashyo, materiallar va butlovchi buyumlar qiymatini pasaytirish, foydalanish xarajatlari va yuklama xarajatlarni qisqartirish, xodimlar sonini maqbullashtirish hisobiga mahsulot tannarxini pasaytirish natijasida mahalliylashtirish darajasining pasaytirilishi 2014-yilda Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 21-iyuldagi 154-son qarori bilan tasdiqlangan Sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulot, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni buzish deb hisoblanmaydi.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2014-yil 8-yanvar,
5-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014-y., 2-son, 23-modda)