O‘zbekiston Respublikasining qonuni
Xo‘jalik shirkatlari to‘g‘risida
I BOB. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi xo‘jalik shirkatlarining tuzilishi, faoliyati, qayta tashkil etilishi va tugatilishi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Xo‘jalik shirkatlari to‘g‘risidagi qonunchilik
Xo‘jalik shirkatlari to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan maxsus huquqiy rejim o‘rnatilgan hududda xo‘jalik shirkatlarining tashkil etilishi, faoliyati, qayta tashkil etilishi va tugatilishi sohasidagi munosabatlar ushbu Qonunda belgilanganidan boshqacha qoidalar bilan tartibga solinadi.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 13-iyuldagi O‘RQ-1158-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qismi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.07.2026-y., 03/26/1158/0727-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 25-iyul)
3-modda. Xo‘jalik shirkati
Muassislarning (ishtirokchilarning) ulushlariga (hissalariga) bo‘lingan ustav fondiga (ustav kapitaliga) ega bo‘lgan tijorat tashkiloti xo‘jalik shirkati hisoblanadi, bunday shirkatda muassislar (ishtirokchilar) yoki ulardan ayrimlari shirkat nomidan tadbirkorlik faoliyati yuritishda shaxsan ishtirok etadilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksining 40, 58 va 59-moddalar.
Xo‘jalik shirkati to‘liq shirkat yoki kommandit shirkat shaklida tuziladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksining 60 va 61-moddalari.
Xo‘jalik shirkati, agar uning ta’sis shartnomasida boshqacha qoida belgilangan bo‘lmasa, nomuayyan muddatga tuziladi.
Xo‘jalik shirkati o‘zining mustaqil balansida hisobga olinadigan alohida mol-mulkiga ega bo‘ladi, o‘z nomidan huquqlarni olishi, majburiyatlarga ega bo‘lishi, sudda da’vogar va javobgar bo‘lishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 40-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
Xo‘jalik shirkati qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday turdagi faoliyatni amalga oshirishi mumkin.
(3-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Ro‘yxati qonun hujjatlarida belgilanadigan faoliyatning ayrim turlari bilan xo‘jalik shirkati faqat litsenziya asosida shug‘ullanishi mumkin.
(3-moddaning oltinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Xo‘jalik shirkati qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa yuridik shaxslarning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishi, vakolatxonalar va filiallar tashkil etishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 47-moddasi.
Xo‘jalik shirkati qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran yuridik shaxs sifatida tuzilgan deb hisoblanadi.
(3-moddaning yettinchi va sakkizinchi qismlari O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 44-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
Oldingi tahrirga qarang.
Xo‘jalik shirkati o‘zining to‘liq firma nomi davlat tilida ifodalangan va xo‘jalik shirkatining joylashgan yeri ko‘rsatilgan dumaloq muhrga ega bo‘lishga haqli. Xo‘jalik shirkatining muhrida uning firma nomi xo‘jalik shirkatining tanloviga ko‘ra boshqa tillarda ham ifodalanishi mumkin.
(3-moddaning to‘qqizinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 20-martdagi O‘RQ-531-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.03.2019-y., 03/19/531/2799-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Xo‘jalik shirkati o‘zining firma nomi yozilgan shtamplariga va blankalariga, o‘z emblemasiga, shuningdek belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan tovar belgisiga hamda fuqarolik muomalasi ishtirokchilarini, tovarlar, ishlar va xizmatlarni individuallashtiruvchi o‘zga vositalarga ega bo‘lishga haqli.
(3-moddaning o‘ninchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 20-martdagi O‘RQ-531-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.03.2019-y., 03/19/531/2799-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 65-bobi, “Firma nomlari to‘g‘risida”gi Qonuni 7-moddasi birinchi qismining birinchi, ikkinchi xatboshilari, “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi gi Qonunining 3-moddasi.
4-modda. Xo‘jalik shirkatining ta’sis shartnomasi
Ta’sis shartnomasi xo‘jalik shirkatining ta’sis etish hujjati hisoblanadi.
Ta’sis shartnomasida quyidagi ma’lumotlar bo‘ladi:
ta’sis etilayotgan xo‘jalik shirkatining turi, uning faoliyat sohasi, maqsadlari va muddatlari;
muassislarning (ishtirokchilarning) tarkibi;
ta’sis etilayotgan xo‘jalik shirkatining firma nomi va pochta manzili;
ustav fondining (ustav kapitalining) miqdori va uni hosil qilish tartibi;
xo‘jalik shirkati har bir ishtirokchisi ulushining miqdori va nominal qiymati;
xo‘jalik shirkati ishtirokchilari hissalarining tarkibi, ularni kiritish muddatlari va tartibi;
xo‘jalik shirkatining ustav fondini (ustav kapitalini) ko‘paytirish va kamaytirish tartibi;
xo‘jalik shirkatining faoliyatini boshqarish tartibi;
foydani taqsimlash va zararni qoplash tartibi;
xo‘jalik shirkatini qayta tashkil etish va tugatish tartibi;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa shartlar.
(4-modda ikkinchi qismining o‘n ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Xo‘jalik shirkatining ta’sis shartnomasida, shuningdek uning vakolatxonalari va filiallari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak. Xo‘jalik shirkatining ta’sis shartnomasidagi uning vakolatxonalari va filiallariga oid ma’lumotlar o‘zgarganligi haqidagi axborotlar yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organga bildirish tariqasida taqdim etiladi. Ta’sis shartnomasidagi mazkur o‘zgartishlar yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ bunday o‘zgartishlardan xabardor qilingan paytdan e’tiboran uchinchi shaxslar uchun kuchga kiradi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 43-moddasi.
5-modda. Xo‘jalik shirkatining ishtirokchilari
Yakka tadbirkorlar va tijoratchi tashkilotlar to‘liq shirkatning ishtirokchilari hamda kommandit shirkatda to‘liq sheriklar bo‘lishlari mumkin.
Yuridik va jismoniy shaxslar kommandit shirkatda hissa qo‘shuvchilar bo‘lishlari mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, agar qonunchilikda boshqacha qoida belgilangan bo‘lmasa, to‘liq shirkatning ishtirokchilari va kommandit shirkatning to‘liq sheriklari, shuningdek kommandit shirkatda hissa qo‘shuvchilar bo‘lishga haqli emaslar.
(5-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
6-modda. Xo‘jalik shirkati ishtirokchilarining huquqlari
Xo‘jalik shirkati ishtirokchilari quyidagilarga haqlidirlar:
xo‘jalik shirkatining ishlarini boshqarishda qatnashish, ushbu Qonun 29-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
xo‘jalik shirkatining faoliyati to‘g‘risida axborot olish, ta’sis shartnomasida belgilangan tartibda buxgalteriya daftarlari va boshqa hujjatlar bilan tanishish;
foydani taqsimlashda ishtirok etish;
Oldingi tahrirga qarang.
xo‘jalik shirkati tugatilgan taqdirda, kreditorlar bilan hisob-kitob qilinganidan keyin qolgan mol-mulkning bir qismini yoki uning qiymatini qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda olish.
(6-modda birinchi qismining beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 55-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
Xo‘jalik shirkatining ishtirokchilari qonunchilikda va shirkatning ta’sis shartnomasida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishlari mumkin.
(6-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
7-modda. Xo‘jalik shirkati ishtirokchilarining majburiyatlari
Xo‘jalik shirkatining ishtirokchilari:
ushbu Qonun va ta’sis shartnomasida nazarda tutilgan tartibda, miqdorlarda, usullarda va muddatlarda hissa qo‘shishlari;
 LexUZ sharhi
Batafsil ma’lumot uchun mazkur Qonunning 9 va 10-moddalariga qarang.
xo‘jalik shirkatining faoliyati to‘g‘risidagi sir tutilgan axborotni oshkor qilmasliklari shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Xo‘jalik shirkatining ishtirokchilari zimmasida qonunchilikda va shirkatning ta’sis shartnomasida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
(7-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Xo‘jalik shirkati ishtirokchisi ushbu Qonunda va ta’sis shartnomasida nazarda tutilgan o‘z majburiyatlarini bajarmagani oqibatida shirkatga yoki uning ishtirokchilariga zarar yetkazgan taqdirda boshqa ishtirokchilar zararning o‘rni qoplanishini talab qilishga haqlidirlar.
II BOB. TO‘LIQ SHIRKAT
8-modda. To‘liq shirkat tushunchasi
Ishtirokchilari (to‘liq sheriklari) o‘z o‘rtalarida tuzilgan shartnomaga muvofiq shirkat nomidan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadigan hamda uning majburiyatlari bo‘yicha o‘zlariga qarashli butun mol-mulk bilan javob beradigan shirkat to‘liq shirkat deb hisoblanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 60-moddasi.
Shaxs faqat bitta to‘liq shirkatning ishtirokchisi bo‘lishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 60-moddasining ikkinchi qismi.
To‘liq shirkatning (bundan buyon matnda shirkat deb yuritiladi) firma nomi yo uning barcha ishtirokchilari nomini (nomlanishini), shuningdek “to‘liq shirkat” degan so‘zlarni yoxud bir yoki bir necha ishtirokchining “va kompaniya” degan so‘zlar qo‘shilgan nomini (nomlanishini), shuningdek “to‘liq shirkat” degan so‘zlarni o‘z ichiga olishi kerak.
9-modda. Shirkatning ustav fondi (ustav kapitali)
Shirkatning ustav fondi (ustav kapitali) uning ishtirokchilari ulushlarining nominal qiymatidan tarkib topadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Shirkat ustav fondining (ustav kapitalining) miqdori shirkatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun hujjatlarni taqdim etish sanasidagi holatga ko‘ra qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan kam bo‘lmasligi kerak.
(9-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Shirkat ishtirokchisining shirkat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushining miqdori foizlarda yoki kasr ko‘rinishida belgilanadi. Shirkat ishtirokchisi ulushining miqdori uning ulushining nominal qiymati bilan shirkat ustav fondining (ustav kapitalining) o‘zaro nisbatiga muvofiq bo‘lishi kerak.
Shirkat ishtirokchisi ulushining haqiqiy qiymati shirkat sof aktivlari qiymatining uning shirkat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushi miqdoriga mutanosib bo‘lgan bir qismiga mos bo‘ladi.
Shirkat davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan paytga qadar uning har bir ishtirokchisi o‘z hissasining kamida o‘ttiz foizini shirkatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) kiritishi shart. Hissaning qolgan qismi ta’sis shartnomasida ko‘rsatilgan muddatda kiritilishi lozim bo‘lib, bu muddat shirkat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran bir yildan oshmasligi kerak.
10-modda. Shirkatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) qo‘shiladigan hissalar
Pul, qimmatli qog‘ozlar, boshqa ashyolar yoki mulkiy huquqlar yoxud pul bahosiga ega bo‘lgan boshqa shaxsga o‘tkaziladigan o‘zga huquqlar ishtirokchilarning shirkat ustav fondiga (ustav kapitaliga) qo‘shadigan hamda shirkatga qabul qilinadigan uchinchi shaxslarning hissalari bo‘lishi mumkin.
Shirkatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) pulsiz hissasining pul hisobidagi bahosi shirkatning barcha ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qabul qilinadigan shirkat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishining qarori bilan tasdiqlanadi.
Shirkatga tegishli mol-mulk unga ustav fondiga (ustav kapitaliga) hissa sifatida foydalanishga berilgan muddat o‘tguniga qadar mol-mulkdan foydalanish huquqi tugatilgan taqdirda, shirkatning mol-mulkni bergan ishtirokchisi shirkatning talabiga binoan unga shunday mol-mulkdan shunga o‘xshash sharoitlarda qolgan muddat mobaynida foydalanganlik uchun to‘lanadigan haqqa teng pul tovoni to‘lashi shart. Pul tovoni shirkat tomonidan uni berish talabnomasi taqdim etilganidan e’tiboran, agar shirkat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishining qarori bilan tovon to‘lashning boshqacha tartibi belgilangan bo‘lmasa, bir oy ichida bir yo‘la to‘lanishi kerak. Bunday qaror shirkatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) hissa sifatida mol-mulkdan foydalanish huquqini bergan va bu huquq muddatidan ilgari tugatilgan shirkat ishtirokchisining ovozini hisobga olmagan holda shirkat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishi tomonidan qabul qilinadi.
Shirkat ishtirokchisi ustav fondiga (ustav kapitaliga) hissa sifatida shirkatga foydalanish uchun berib qo‘ygan mol-mulkdan foydalanish huquqining muddatidan ilgari tugatilganligi uchun shirkat ishtirokchisi tomonidan tovon to‘lashning boshqacha tartibi ta’sis shartnomasida nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin.
Shirkatdan chiqarilgan yoki undan chiqib ketgan ishtirokchi tomonidan shirkatga ustav fondiga (ustav kapitaliga) hissa sifatida foydalanishga berilgan mol-mulk, agar ta’sis shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, u qancha muddatga berilgan bo‘lsa, shuncha muddat davomida shirkatning foydalanishida qolaveradi.
O‘z hissasini to‘liq kiritgan shirkat ishtirokchisiga guvohnoma beriladi.
11-modda. Shirkat ustav fondining (ustav kapitalining) ko‘paytirilishi
Shirkat ustav fondini (ustav kapitalini) ko‘paytirishga u to‘liq to‘langanidan keyingina yo‘l qo‘yiladi.
Shirkat ustav fondining (ustav kapitalining) ko‘paytirilishi shirkat mol-mulki hisobiga va (yoki) shirkat ishtirokchilarining qo‘shimcha hissalari hisobiga va (yoki) agar bu shirkatning ta’sis shartnomasida taqiqlangan bo‘lmasa, shirkatga qabul qilinadigan uchinchi shaxslarning hissalari hisobiga ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda amalga oshirilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Batafsil ma’lumot uchun mazkur Qonunning 13-moddasiga qarang.
Ustav fondining (ustav kapitalining) ko‘paytirilishi shirkat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishining bir ovozdan qabul qilingan qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.
12-modda. Shirkat ustav fondini (ustav kapitalini) uning mol-mulki hisobiga ko‘paytirish
Shirkat ustav fondini (ustav kapitalini) shirkatning mol-mulki hisobiga ko‘paytirish to‘g‘risidagi qaror shunday qaror qabul qilingan yildan oldingi yil uchun shirkatning buxgalteriya hisoboti ma’lumotlari asosidagina qabul qilinishi mumkin.
Shirkat ustav fondi (ustav kapitali) shirkatning mol-mulki hisobiga ko‘paytiriladigan summa shirkat sof aktivlarining qiymati bilan ustav fondi (ustav kapitali) summasi o‘rtasidagi farqdan ortiq bo‘lmasligi kerak.
Shirkatning ustav fondi (ustav kapitali) ushbu moddaga muvofiq ko‘paytirilganda shirkat barcha ishtirokchilari ulushlarining miqdorlari o‘zgarmagan holda ular ulushlarining nominal qiymati mutanosib ravishda ko‘payadi.
13-modda. Shirkat ustav fondini (ustav kapitalini) uning ishtirokchilarining qo‘shimcha hissalari va shirkatga qabul qilinadigan uchinchi shaxslarning hissalari hisobiga ko‘paytirish
Shirkat barcha ishtirokchilari tomonidan qo‘shimcha hissalar qo‘shish hisobiga shirkatning ustav fondini (ustav kapitalini) ko‘paytirish ishtirokchilarning umumiy yig‘ilishi qaroriga binoan amalga oshiriladi, qarorda qo‘shimcha hissalarning umumiy qiymati, shirkat har bir ishtirokchisining qo‘shimcha hissasi qiymatining miqdori, ishtirokchilar tomonidan qo‘shimcha hissalarni qo‘shish muddati belgilanishi kerak.
Shirkat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishi shirkat ishtirokchisining qo‘shimcha hissa qo‘shish to‘g‘risidagi arizasi (shirkat ishtirokchilarining arizalari) va (yoki) agar bu shirkatning ta’sis shartnomasida taqiqlangan bo‘lmasa, uchinchi shaxsning (uchinchi shaxslarning) uni (ularni) shirkatga qabul qilish va hissa qo‘shish to‘g‘risidagi arizasi (arizalari) asosida shirkatning ustav fondini (ustav kapitalini) ko‘paytirish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.
Shirkat ishtirokchisining arizasida va uchinchi shaxsning arizasida hissaning miqdori va tarkibi, uni qo‘shish tartibi va muddati, shuningdek shirkat ishtirokchisi yoki uchinchi shaxs shirkatning ustav fondida (ustav kapitalida) ega bo‘lishni xohlagan ulush miqdori ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. Arizada hissalarni qo‘shish va shirkatga a’zo bo‘lib kirishning boshqa shartlari ham ko‘rsatilishi mumkin.
Shirkatning ustav fondini (ustav kapitalini) ko‘paytirish to‘g‘risidagi qaror bilan bir vaqtda uning ta’sis shartnomasiga shirkat barcha yoki ayrim ishtirokchilarining (ayrim ishtirokchining) qo‘shimcha hissalarini qo‘shish hisobiga va (yoki) shirkatga uchinchi shaxsning (uchinchi shaxslarning) qabul qilinishi, shirkat ishtirokchilari ulushining nominal qiymati tegishlicha ko‘paytirilishi va (yoki) uchinchi shaxs (uchinchi shaxslar) ulushining nominal qiymati va miqdori aniqlanishi munosabati bilan o‘zgartishlar, zarur hollarda, shuningdek shirkat ishtirokchilari ulushining miqdorlari o‘zgarishi bilan bog‘liq o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi kerak. Bunda shirkat ishtirokchisi ulushining nominal qiymati uning qo‘shimcha hissasi qiymatidan ko‘proq summaga ko‘paytirilishi mumkin emas, shirkatga qabul qilinadigan har bir uchinchi shaxs tomonidan olinadigan ulushning nominal qiymati uning hissasi qiymatidan ortiq bo‘lishi mumkin emas.
Qo‘shimcha hissalarni qo‘shishning muddati tugagan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay shirkat ishtirokchilarining qo‘shimcha hissalarini va (yoki) uchinchi shaxslarning hissalarini qo‘shish yakunlarini tasdiqlash haqida, shuningdek shirkat ustav fondi (ustav kapitali) miqdorini ko‘paytirish, qo‘shimcha hissalar qo‘shgan shirkat ishtirokchilari ulushlarining nominal qiymatini ko‘paytirish va (yoki) uchinchi shaxsning (uchinchi shaxslarning) ulushining nominal qiymati va miqdorini aniqlash, zarur hollarda, shuningdek shirkat ishtirokchilari ulushlarining miqdori o‘zgarishi bilan bog‘liq o‘zgartishlarni shirkatning ta’sis shartnomasiga kiritish to‘g‘risida shirkat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishi tomonidan bir ovozdan qaror qabul qilinishi kerak.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan hollarda, agar hissalar qo‘shishning shirkat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishi tomonidan belgilangan muddati o‘tganidan keyin, belgilangan qo‘shimcha hissa bir yoki bir necha ishtirokchi tomonidan to‘liq yoki qisman qo‘shilgan bo‘lmasa, umumiy yig‘ilish:
qo‘shimcha hissalar umumiy qiymatining dastlabki belgilangan miqdorini shirkat ishtirokchilarining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushini tegishlicha o‘zgartirgan holda amalda qo‘shilgan hissasi miqdoriga qadar ular amalda qo‘shgan qo‘shimcha hissalarni hisobga olgan holda kamaytirish to‘g‘risida;
qo‘shimcha hissalar umumiy qiymatining dastlabki belgilangan miqdorini shirkat ishtirokchilarining shirkat ustav fondini (ustav kapitalini) ko‘paytirish to‘g‘risidagi oldingi yig‘ilishi qarori bilan belgilangan ulushini saqlab qolish imkoniyatini beradigan miqdorgacha kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqli. Bu holda shirkat o‘n kunlik muddat ichida oldingi yig‘ilish qarori bilan belgilangan ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) shirkat ishtirokchilarining ulushlari oshib ketishiga olib kelgan o‘sha qo‘shgan pul hissalarini shirkat ishtirokchilariga qaytarishi shart.
Ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan shirkatning ta’sis shartnomasidagi o‘zgartishlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun hujjatlar, shuningdek shirkat ishtirokchilari tomonidan qo‘shimcha hissalar va uchinchi shaxslar tomonidan hissalar to‘liq miqdorda qo‘shilganligini tasdiqlovchi hujjatlar yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organga ta’sis shartnomasiga o‘zgartishlar shirkat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishida tasdiqlangan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay taqdim etilmog‘i lozim. Ta’sis shartnomasidagi mazkur o‘zgartishlar shirkat ishtirokchilari va uchinchi shaxslar uchun o‘zgartishlar yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Ushbu moddaning beshinchi va yettinchi qismlarida nazarda tutilgan muddatlarga rioya etilmagan taqdirda yoxud ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qo‘shimcha hissalar barcha ishtirokchilar tomonidan to‘liq qo‘shilmagan yoxud ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan qo‘shimcha hissalar umumiy qiymatining dastlabki belgilangan miqdorini kamaytirish to‘g‘risida bir ovozdan qabul qilinadigan qarorga erishilmagan taqdirda, shirkat ustav fondining (ustav kapitalining) ko‘paytirilishi amalga oshmagan deb e’tirof etiladi. Bu holda shirkat o‘n kunlik muddat ichida shirkat ishtirokchilariga ular tomonidan kiritilgan qo‘shimcha pul hissalarini qaytarishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Qo‘shimcha hissalar (hissalarning bir qismi) ushbu modda oltinchi qismining uchinchi xatboshisida, shuningdek sakkizinchi qismida ko‘rsatilgan muddatda o‘z vaqtida qaytarilmagan taqdirda, shirkat qonunchilikda belgilangan tartibda va muddatlarda foizlar to‘lashi ham shart.
(13-moddaning to‘qqizinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Pulsiz hissalar qo‘shgan shirkat ishtirokchilariga shirkat, ushbu modda oltinchi qismining uchinchi xatboshisida, shuningdek sakkizinchi qismida ko‘rsatib o‘tilgan hollarda, uch oylik muddatda ularning hissalarini qo‘shilgan shaklida yoki ularning roziligi bilan pul shaklida qaytarishi, hissalar ko‘rsatilgan muddatda qaytarilmagan taqdirda esa, hissa sifatida kiritilgan mulkdan foydalana olmaganligi oqibatida boy berilgan foydani ham qoplashi shart.
14-modda. Shirkatning ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish
Shirkat o‘z ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirishga haqli, ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda esa kamaytirishga majburdir.
Shirkat ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish shirkat ishtirokchilarining shirkat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarining nominal qiymatini kamaytirish va (yoki) shirkatga tegishli ulushlarning haqini to‘lash orqali amalga oshirilishi mumkin.
Shirkat, agar bunday kamaytirish natijasida ustav fondining (ustav kapitalining) miqdori shirkatning ta’sis shartnomasidagi tegishli o‘zgartishlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun hujjatlarni taqdim etish sanasida ushbu Qonunga muvofiq belgilangan ustav fondi (ustav kapitalining) minimal miqdoridan kam bo‘lib qolsa, ushbu Qonunga muvofiq shirkat o‘z ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirishga majbur hollarda esa shirkat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadagi holatga ko‘ra ushbu Qonunga muvofiq belgilangan ustav fondining (ustav kapitalining) minimal miqdoridan kam bo‘lib qolsa, shirkat o‘zining ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirishga haqli emas.
Shirkat ishtirokchilari ulushlarining nominal qiymatini kamaytirish yo‘li bilan shirkatning ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish shirkat barcha ishtirokchilari ulushlarining miqdorlari saqlab qolingan holda amalga oshirilmog‘i lozim.
Shirkat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran bir yil mobaynida uning ustav fondi (ustav kapitali) to‘liq to‘lanmagan taqdirda, shirkat o‘zining ustav fondini (ustav kapitalini) amalda to‘langan miqdorgacha kamaytirishini e’lon qilishi va uning kamaytirilganligini belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazishi yoki shirkatni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilishi lozim.
Agar ikkinchi va har bir keyingi moliya yili tugaganidan keyin shirkat sof aktivlarining qiymati uning ustav fondidan (ustav kapitalidan) kam bo‘lib qolsa, shirkat o‘zining ustav fondini (ustav kapitalini) o‘zining sof aktivlari qiymatidan oshmaydigan miqdorgacha kamaytirilishini e’lon qilishi va bunday kamaytirishni belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazishi shart.
Agar ikkinchi va har bir keyingi moliya yili tugaganidan keyin shirkat sof aktivlarining qiymati shirkatning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi sanasidagi holatiga ko‘ra ushbu Qonunda belgilangan ustav fondining (ustav kapitalining) minimal miqdoridan kam bo‘lib qolsa, shirkat tugatilishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Shirkat sof aktivlarining qiymati qonunchilikda belgilangan tartibda aniqlanadi.
(14-moddaning sakkizinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Shirkat kreditorlari shirkatning ustav fondi (ustav kapitali) kamaytirilganligidan xabar topgan sanadan e’tiboran o‘ttiz kun ichida shirkatdan shirkatning tegishli majburiyatlari muddatidan ilgari tugatishini yoki ijro etishini hamda o‘zlari ko‘rgan zararning o‘rnini qoplashni yozma ravishda talab qilishga haqlidirlar.
(14-moddaning to‘qqizinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 20-fevraldagi O‘RQ-910-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.02.2024-y., 03/24/910/0140-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Shirkatning ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish bilan bog‘liq ta’sis shartnomasidagi o‘zgartirishlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
(14-moddaning o‘ninchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 20-fevraldagi O‘RQ-910-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.02.2024-y., 03/24/910/0140-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 20-moddasi, “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi Qonunining 19-moddasi.
Ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish bilan bog‘liq ta’sis shartnomasidagi o‘zgartishlar yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan e’tiboran shirkat ishtirokchilari va uchinchi shaxslar uchun kuchga kiradi.
Ushbu moddada nazarda tutilgan hollarda shirkat ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish yoki o‘zining tugatilishi to‘g‘risida uch oylik muddatda qaror qabul qilmasa, kreditorlar shirkat majburiyatlarini muddatidan oldin tugatishini yoki ijro etishini va o‘zlari ko‘rgan zararning o‘rnini qoplashni talab qilishga haqlidir. Yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ bunday hollarda shirkatni tugatish to‘g‘risida sudga talabnoma taqdim etishga haqlidir.
15-modda. Ishtirokchining shirkat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushining o‘zga shaxsga berilishi
Shirkat ishtirokchisi qolgan ishtirokchilarning roziligi bilan ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) o‘z ulushini yoki uning bir qismini shirkatning boshqa ishtirokchisiga yoxud uchinchi shaxsga berishga haqli.
Ulush (ulushning bir qismi) boshqa shaxsga berilganda ulushni (ulushning bir qismini) bergan ishtirokchining huquqi to‘laligicha yoki huquqning tegishli qismi unga o‘tadi. Ulush (ulushning bir qismi) berilgan shaxs shirkatning majburiyatlari bo‘yicha ushbu Qonun 21-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
16-modda. Shirkat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushning (ulush bir qismining) shirkat tomonidan olinishi
Shirkat o‘zining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushni (ulushning bir qismini) olishga haqli emas, ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Shirkatning ta’sis shartnomasida shirkat ishtirokchisining ulushidan (ulushining bir qismidan) uchinchi shaxslar foydasiga voz kechish taqiqlangan, shirkatning boshqa ishtirokchilari uni olishdan voz kechgan taqdirda, shuningdek ulushdan (ulushning bir qismidan) shirkatning ishtirokchisi yoki uchinchi shaxs foydasiga voz kechishga rozilik berilmagan taqdirda, agar bunday rozilik olish zarurligi ta’sis shartnomasida nazarda tutilgan bo‘lsa, shirkat ishtirokchisining talabiga binoan unga qarashli ulushni (ulushning bir qismini) shirkat olishga majburdir. Bunda shirkat shirkatning ishtirokchisiga bu ulushning (ulush bir qismining) shirkat ishtirokchisining shunday talab bilan murojaat etgan kundan oldingi hisobot davri uchun shirkatning buxgalteriya hisobotlari ma’lumotlari asosida aniqlanadigan haqiqiy qiymatini to‘lashga yoki shirkat ishtirokchisining roziligi bilan unga xuddi shunday qiymatdagi mol-mulkni berishga majburdir.
Ulush (ulushning bir qismi) shirkat ishtirokchisi uni shirkat olsin deb talab qo‘ygan paytdan e’tiboran shirkatga o‘tadi.
Shirkat ulushning (ulush bir qismining) haqiqiy qiymatini to‘lashga yoki, agar shirkatning ta’sis shartnomasida kamroq muddat nazarda tutilgan bo‘lmasa, xuddi shunday qiymatdagi mol-mulkni ulush (ulushning bir qismi) shirkatga o‘tgan paytdan e’tiboran bir yil ichida berishga majburdir.
Ulushning (ulush bir qismining) haqiqiy qiymati shirkat sof aktivlarining qiymati bilan shirkat ustav fondining (ustav kapitalining) miqdori o‘rtasidagi farq hisobiga to‘lanadi. Agar bunday farq yetarli bo‘lmasa, shirkat o‘z ustav fondini (ustav kapitalini) yetishmayotgan summaga kamaytirishi shart.
Shirkatga qarashli ulushlar shirkat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishidagi ovoz berish natijalarini aniqlashda, shuningdek shirkat tugatilgan taqdirda uning foydasi va mol-mulki taqsimlanayotganda hisobga olinmaydi.
Shirkatga qarashli ulush shirkatga o‘tgan kundan e’tiboran bir yil ichida shirkat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishining qaroriga binoan shirkatning barcha ishtirokchilari o‘rtasida ularning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlariga mutanosib ravishda taqsimlanishi yoxud shirkatning barcha yoki ayrim ishtirokchilariga va (yoki), agar bu shirkatning ta’sis shartnomasida taqiqlangan bo‘lmasa, uchinchi shaxslarga sotilishi va haqi to‘liq to‘lanishi lozim. Ulushning taqsimlanmagan yoki sotilmagan qismining haqi shirkatning ustav fondi (ustav kapitali) tegishlicha kamaytirilgan holda to‘lanishi kerak. Ulushni shirkat ishtirokchilari ulushlari miqdorlari o‘zgaradigan tarzda jamiyat ishtirokchilariga sotish, ulushni uchinchi shaxslarga sotish, shuningdek ulushni sotish bilan bog‘liq o‘zgarishlarni shirkatning ta’sis shartnomasiga kiritish shirkat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishining shirkatning barcha ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qabul qilingan qaroriga binoan amalga oshiriladi.
17-modda. Undiruvni ishtirokchining shirkat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushiga qaratish
Ishtirokchining o‘z qarzlari bo‘yicha undiruvni uning shirkat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushiga qaratishga ishtirokchining boshqa mol-mulki qarzlarini qoplash uchun yetishmagan taqdirda faqat sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi. Bunday ishtirokchining kreditorlari shirkat mol-mulkining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) qarzdorning ulushiga to‘g‘ri keladigan qismini, undiruvni ana shu mol-mulkka qaratish maqsadida, ajratishni talab qilishga haqlidirlar. Shirkat mol-mulkning ajratilishi lozim bo‘lgan qismi yoki uning qiymati kreditorlar tomonidan ajratish to‘g‘risidagi talabnoma taqdim etilgan paytdagi holatga ko‘ra tuzilgan balans bo‘yicha aniqlanadi.
Shirkat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ishtirokchining ulushiga to‘g‘ri keladigan mol-mulkka undiruvni qaratish uning shirkatdagi ishtirokini tugatadi va ushbu Qonun 21-moddasining to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan oqibatlarni keltirib chiqaradi.
18-modda. Shirkatda boshqaruv
Ishtirokchilarning umumiy yig‘ilishi shirkatning oliy boshqaruv organi hisoblanadi. Shirkat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishining vakolatlariga quyidagilar kiradi:
shirkat faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash;
shirkatni qayta tashkil etish va tugatish;
ta’sis shartnomasiga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish;
shirkat foydasini (zararlarini) uning ishtirokchilari o‘rtasida taqsimlash to‘g‘risida qaror qabul qilish;
shirkat ustav fondini (ustav kapitalini) ko‘paytirish va kamaytirish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish;
yillik hisobotlarni va yillik buxgalteriya balanslarini tasdiqlash;
shirkatning ta’sis shartnomasida nazarda tutilgan boshqa masalalarni hal qilish.
Shirkat faoliyatini boshqarish uning barcha ishtirokchilarining umumiy kelishuviga binoan amalga oshiriladi. Shirkatning ta’sis shartnomasida qaror ishtirokchilarning ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadigan hollar nazarda tutilishi mumkin.
Shirkatning har bir ishtirokchisi, agar ta’sis shartnomasida ishtirokchilar ovozining sonini aniqlashning boshqacha tartibi nazarda tutilgan bo‘lmasa, bir ovozga ega bo‘ladi.
Shirkatning har bir ishtirokchisi, u shirkatning ishlarini yuritishga vakolatli yoki vakolatli emasligidan qat’i nazar, ishlarni yuritishga doir barcha hujjatlar bilan tanishishga haqlidir. Bunday huquqdan voz kechish yoki uni cheklab qo‘yish, shu jumladan shirkat ishtirokchilarining kelishuviga binoan cheklab qo‘yish haqiqiy emas.
Shirkatning joriy faoliyatini boshqarish maqsadida ta’sis shartnomasida shirkatning ijro etuvchi organini tuzish nazarda tutilishi mumkin. Ijro etuvchi organni tuzish va uning vakolatlari, uning a’zolariga haq to‘lash tartibi shirkatning ta’sis shartnomasi hamda boshqa hujjatlari bilan belgilanadi.
19-modda. Shirkatning ishlarini yuritish
Agar ta’sis shartnomasida shirkat ishlari uning barcha ishtirokchilari tomonidan birgalikda yuritishi belgilab qo‘yilmagan yoxud ishlarni yuritish ayrim ishtirokchilarga topshirilmagan bo‘lsa, shirkatning har bir ishtirokchisi shirkat nomidan ish yuritishga haqlidir.
Shirkat ishlari uning ishtirokchilari tomonidan birgalikda yuritilayotganda har bir bitimni amalga oshirish uchun shirkat barcha ishtirokchilarining roziligi talab qilinadi.
Agar shirkat ishlarini yuritish uning ishtirokchilari tomonidan ulardan biri yoki ayrimlariga topshirilsa, qolgan ishtirokchilar shirkat nomidan bitimlarni amalga oshirish uchun shirkat ishlarini yuritish zimmasiga yuklatilgan ishtirokchidan (ishtirokchilardan) ishonchnoma olishlari kerak.
Shirkat uchinchi shaxslar bilan munosabatlarda ta’sis shartnomasining shirkat ishtirokchilari vakolatlarini cheklab qo‘yuvchi qoidalariga havola qilishga haqli emas, uchinchi shaxs bitimni amalga oshirish paytida shirkat ishtirokchisining shirkat nomidan ish yuritishga haqqi yo‘qligini bilganligini yoki bilishi lozimligini shirkat isbotlab beradigan hollar bundan mustasno.
Shirkat ishlarini yuritish bo‘yicha bir yoki bir necha ishtirokchiga berilgan vakolatlar asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, xususan vakolatli shaxs (shaxslar) o‘z vakolatlarini qo‘pol ravishda buzgan hollarda yoki uning (ularning) shirkat ishlarini yuritishga qobiliyatsizligi aniqlanganda, shirkatning bir yoki bir necha boshqa ishtirokchilarining talabiga binoan sud tomonidan to‘xtatilishi mumkin. Sudning qarori asosida shirkatning ta’sis shartnomasiga zarur o‘zgartishlar kiritiladi.
20-modda. Shirkat foydasi va zararlarini taqsimlash
Shirkat foydasi va zararlari uning ishtirokchilari o‘rtasida, agar ta’sis shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, ularning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlariga mutanosib ravishda taqsimlanadi. Shirkatning biror-bir ishtirokchisini foyda yoki zararlarni taqsimlashda ishtirok etishdan chetlatish to‘g‘risidagi kelishuv haqiqiy emas.
Agar shirkat tomonidan ko‘rilgan zararlar oqibatida shirkat sof aktivlarining qiymati uning ustav fondi (ustav kapitali) miqdoridan kamayib ketsa, sof aktivlar qiymati ustav fondi (ustav kapitali) miqdoridan oshmagunga qadar shirkat tomonidan olingan foyda ishtirokchilar o‘rtasida taqsimlanmaydi.
21-modda. Shirkat ishtirokchilarining uning majburiyatlari yuzasidan javobgarligi
Shirkat ishtirokchilari shirkatning majburiyatlari yuzasidan o‘z mol-mulklari bilan solidar tarzda subsidiar javobgar bo‘ladilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi 48-moddasining to‘rtinchi qismi va 329-moddasi.
Shirkat ta’sis etilganidan keyin ulushning o‘tkazilishi yoki huquqiy vorislik tartibida unga a’zo bo‘lib kirgan shirkat ishtirokchisi u shirkatga a’zo bo‘lib kirgunga qadar yuzaga kelgan majburiyatlar yuzasidan boshqa ishtirokchilar bilan teng ravishda javobgar bo‘ladi.
Shirkat ta’sis etilganidan keyin yangi ishtirokchini qabul qilish tartibida shirkatga a’zo bo‘lib kirgan shirkat ishtirokchisi u shirkatga a’zo bo‘lib kirgandan keyin yuzaga kelgan majburiyatlar bo‘yichagina javobgar bo‘ladi.
Shirkatdan chiqib ketgan ishtirokchi shirkatning u chiqib ketgan paytga qadar yuzaga kelgan majburiyatlari yuzasidan, u shirkatdan chiqib ketgan yil uchun shirkatning faoliyati to‘g‘risidagi hisobot tasdiqlangan kundan e’tiboran ikki yil mobaynida, qolgan ishtirokchilar bilan teng ravishda javobgar bo‘ladi.
Shirkat ishtirokchilarining ushbu moddada nazarda tutilgan javobgarlikni cheklash yoki bartaraf etish to‘g‘risidagi kelishuvi haqiqiy emas.
22-modda. Shirkat ishtirokchilarining tarkibini o‘zgartirish
Shirkat ishtirokchilaridan biri undan chiqib ketgan yoki vafot etgan, ulardan birortasi bedarak yo‘qolgan, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan yoxud bankrot deb topilgan, ishtirokchilardan biriga nisbatan sudning qaroriga ko‘ra qayta tashkil etish tadbirlari boshlangan, shirkatda ishtirok etayotgan yuridik shaxs tugatilgan yoxud ishtirokchilardan birining kreditori undirishni mol-mulkning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) uning ulushiga to‘g‘ri keladigan qismiga qaratgan hollarda, agar bu shirkatning ta’sis shartnomasida yoki qolgan ishtirokchilarning kelishuvida nazarda tutilgan bo‘lsa, shirkat o‘z faoliyatini davom ettirishi mumkin.
Shirkat ishtirokchilari biror-bir ishtirokchini qolgan ishtirokchilarning bir ovozdan qabul qilgan qaroriga ko‘ra va bunga asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, xususan ana shu ishtirokchi o‘z majburiyatlarini qo‘pol ravishda buzgan hollarda yoki uning shirkat ishlarini yuritishga qobiliyatsizligi aniqlanganda, shirkatdan sud tartibida chiqarib yuborishni talab qilishga haqlidirlar.
Ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq shirkat o‘z faoliyatini davom ettirgan taqdirda, shuningdek ishtirokchining shirkat mol-mulkidagi ulushi boshqa ishtirokchilarga yoki uchinchi shaxslarga o‘tgan, ishtirokchi shirkatdan chiqarib yuborilgan yoxud shirkatga yangi ishtirokchilar qabul qilingan hollardagina shirkat ta’sis shartnomasiga tegishli o‘zgartishlar kiritilgan holda qayta ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim bo‘ladi.
23-modda. Ishtirokchining shirkatdan chiqib ketishi
Shirkatning ishtirokchisi shirkatda ishtirok etishdan voz kechishini bildirib, undan chiqib ketishga haqli.
Nomuayyan muddatga ta’sis etilgan shirkatda ishtirok etishdan voz kechishini ishtirokchi shirkatdan amalda chiqib ketishdan kamida uch oy oldin bildirishi kerak. Muayyan muddatga ta’sis etilgan shirkatda ishtirok etishdan, shirkatning ta’sis shartnomasida belgilab qo‘yiladigan uzrli sababga ko‘ragina, muddatidan ilgari voz kechish mumkin.
Shirkatdan chiqish huquqidan voz kechish to‘g‘risidagi shirkat ishtirokchilari o‘rtasidagi kelishuv haqiqiy emas.
24-modda. Shirkatga yangi ishtirokchilarni qabul qilish
Shirkatga yangi ishtirokchilar shirkat barcha ishtirokchilarining roziligi bilangina qabul qilinishi mumkin.
Yangi ishtirokchilar qabul qilinganda shirkatning ta’sis shartnomasiga:
ishtirokchilarning shirkat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlari yangi miqdoriga;
shirkatni boshqarish tartibiga;
shirkatning yangi ishtirokchisi tomonidan qo‘shiladigan hissa miqdori, uni qo‘shish tartibi, muddatlari va usuliga oid o‘zgartishlar kiritiladi.
Yangi ishtirokchi qabul qilinishi munosabati bilan shirkatning ta’sis shartnomasiga boshqa o‘zgartishlar ham kiritilishi mumkin.
25-modda. Ishtirokchining shirkatdan chiqib ketishi oqibatlari
Shirkatdan chiqib ketgan ishtirokchiga, agar ta’sis shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, shirkat mol-mulkining shu ishtirokchining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushiga to‘g‘ri keladigan qismining qiymati to‘lanadi. Chiqib ketayotgan ishtirokchining qolgan ishtirokchilar bilan kelishuviga binoan mol-mulkning qiymatini to‘lash mol-mulkni asli holida berish bilan almashtirilishi mumkin.
Shirkat mol-mulkining chiqib ketayotgan ishtirokchiga tegishli qismi yoki uning qiymati chiqib ketish paytidagi holatga ko‘ra tuziladigan balans bo‘yicha aniqlanadi, ushbu Qonun 17-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan hol bundan mustasno.
Chiqib ketayotgan ishtirokchiga shirkat shu yili olgan foydaning unga tegishli qismi to‘lanadi.
Shirkat ishtirokchisi vafot etgan taqdirda, uning merosxo‘ri faqat boshqa ishtirokchilarning roziligi bilan shirkatga kirishi mumkin.
Shirkatda ishtirok etgan qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning huquqiy vorisi bo‘lgan yuridik shaxs, agar shirkatning ta’sis shartnomasida o‘zgacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, boshqa ishtirokchilarning roziligi bilan shirkatga kirishga haqli.
Shirkatga kirmagan merosxo‘r (huquqiy voris) bilan hisob-kitoblar ushbu moddaning birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlariga muvofiq amalga oshiriladi. O‘ziga tegishli mol-mulkni olgan, lekin shirkatga kirmagan merosxo‘r (huquqiy voris) shirkatning majburiyatlari yuzasidan ushbu Qonun 21-moddasining to‘rtinchi qismiga muvofiq javobgar bo‘ladi.
Ishtirokchilardan biri shirkatdan chiqib ketgan taqdirda, agar ta’sis shartnomasida yoki ishtirokchilarning o‘zga kelishuvida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, qolgan ishtirokchilarning shirkat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushi tegishincha ko‘payadi.
26-modda. Shirkat taftish komissiyasi (taftishchisi)
Shirkatning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini nazorat qilib borish uchun shirkatning ta’sis shartnomasida shirkatning taftish komissiyasini tuzish (taftishchini saylash) nazarda tutilishi mumkin. Taftish komissiyasini tuzish tartibi va uning (taftishchining) vakolati shirkatning umumiy yig‘ilishi tomonidan tasdiqlanadi.
O‘n besh nafardan ortiq ishtirokchisi bo‘lgan shirkatlarda shirkatning taftish komissiyasini tuzish (taftishchini saylash) shart. Shirkat ishtirokchisi bo‘lmagan shaxs ham uning taftish komissiyasi a’zosi (taftishchisi) bo‘lishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Shirkat taftish komissiyasining (taftishchisining) vazifalarini, agar bu shirkatning ta’sis shartnomasida nazarda tutilgan bo‘lsa, shirkat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishida aniqlangan, shirkat va uning ishtirokchilari bilan mulkiy manfaatlar bo‘yicha bog‘liq bo‘lmagan auditorlik tashkiloti amalga oshirishi mumkin.
(26-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 24-dekabrdagi O‘RQ-597-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son)
Shirkatning ijro etuvchi organi tarkibiga kiruvchi shaxslar shirkat taftish komissiyasining a’zolari (taftishchisi) bo‘lishlari mumkin emas.
27-modda. Shirkatni qayta tashkil etish va tugatish
Oldingi tahrirga qarang.
Shirkatni qayta tashkil etish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 49 — 52-moddalariga qarang.
Shirkat qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra, shuningdek shirkatda yagona ishtirokchi qolgan taqdirda tugatiladi. Bunday ishtirokchi shirkatning yagona ishtirokchisiga aylangan paytdan e’tiboran olti oy ichida yangi ishtirokchilarni qabul qilishga va shirkatni saqlab qolishga, shirkat tomonidan amalga oshirilayotgan faoliyatni moliyalashtirish to‘g‘risida hissa qo‘shuvchilar bilan shartnoma tuzishga va kommandit shirkat tuzishga, shirkatni qayta tuzish yoki tugatishga haqlidir.
(27-moddaning birinchi va ikkinchi qismlari O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Agar shirkatning ta’sis shartnomasida yoki qolgan ishtirokchilarning kelishuvida shirkat o‘z faoliyatini davom ettirishi nazarda tutilgan bo‘lmasa, shirkat ushbu Qonun 22-moddasining birinchi qismida ko‘rsatilgan hollarda ham tugatiladi.
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 53 — 57-moddalariga qarang.
III BOB. KOMMANDIT SHIRKAT
28-modda. Kommandit shirkat tushunchasi
Shirkat nomidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradigan hamda shirkatning majburiyatlari bo‘yicha o‘zlarining butun mol-mulklari bilan javob beradigan ishtirokchilar (to‘liq sheriklar) bilan bir qatorda shirkat faoliyati bilan bog‘liq zararlar uchun o‘zlari qo‘shgan hissalar doirasida javobgar bo‘ladigan hamda shirkat tomonidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda ishtirok etmaydigan bir yoki bir necha ishtirokchi (hissa qo‘shuvchi, kommanditchi) mavjud bo‘lsa, bunday shirkat kommandit shirkat deb hisoblanadi.
Kommandit shirkatda ishtirok etayotgan to‘liq sheriklarning huquqlari va ularning shirkat majburiyatlari bo‘yicha javobgarligi ushbu Qonunning to‘liq shirkat ishtirokchilari to‘g‘risidagi qoidalari bilan belgilanadi.
Shaxs faqat bitta kommandit shirkatda to‘liq sherik bo‘lishi mumkin.
To‘liq shirkat ishtirokchisi kommandit shirkatda to‘liq sherik bo‘la olmaydi.
Kommandit shirkatdagi to‘liq sherik o‘sha shirkatning o‘zida hissa qo‘shuvchi va boshqa to‘liq shirkatda ishtirokchi bo‘lishi mumkin emas.
Kommandit shirkatning firma nomi yo barcha to‘liq sheriklarning nomlarini (nomlanishini) va “kommandit shirkat” degan so‘zlarni yoxud kamida bitta to‘liq sherikning “va kompaniya” degan so‘zlar qo‘shilgan holdagi nomini (nomlanishini), shuningdek “kommandit shirkat” degan so‘zlarni o‘z ichiga olishi kerak.
Agar kommandit shirkatning firma nomiga hissa qo‘shuvchining nomi kiritilgan bo‘lsa, bunday hissa qo‘shuvchi to‘liq sherikka aylanadi.
Agar ushbu Qonunning kommandit shirkat to‘g‘risidagi qoidalarida boshqacha hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, kommandit shirkatga nisbatan ushbu Qonunning to‘liq shirkat to‘g‘risidagi qoidalari qo‘llaniladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 61-moddasi.
29-modda. Kommandit shirkatda boshqaruv va uning ishlarini yuritish
Kommandit shirkat faoliyatini boshqarish to‘liq sheriklar tomonidan amalga oshiriladi. Bunday shirkatni uning to‘liq sheriklari tomonidan boshqarish va uning ishlarini yuritish tartibi ular tomonidan ushbu Qonunning to‘liq shirkat to‘g‘risidagi qoidalariga ko‘ra belgilanadi.
Hissa qo‘shuvchilar kommandit shirkatni boshqarishda va uning ishlarini yuritishda ishtirok etishga ishonchnomasiz boshqa har qanday tarzda uning nomidan ish ko‘rishga haqli emaslar. Hissa qo‘shuvchilar shirkatni boshqarish va uning ishlarini yuritish bo‘yicha to‘liq sheriklarning xatti-harakatlari xususida bahslashishga haqli emaslar.
30-modda. Kommandit shirkat hissa qo‘shuvchisining huquq va majburiyatlari
Kommandit shirkat hissa qo‘shuvchisi quyidagi huquqlarga ega:
ta’sis shartnomasida nazarda tutilgan tartibda shirkatning foydasidan ustav fondiga (ustav kapitaliga) qo‘shgan hissasiga mutanosib qismini olish;
shirkatning yillik hisobotlari va balanslari bilan tanishish;
moliya yili tugaganidan keyin shirkatdan chiqish va ta’sis shartnomasida nazarda tutilgan tartibda o‘z hissasini olish;
ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) o‘z ulushini yoki uning bir qismini boshqa hissa qo‘shuvchiga yoki uchinchi shaxsga berish. Hissa qo‘shuvchilar ulushni (uning bir qismini) uchinchi shaxsga taklif qilingan bahoda sotib olishda uchinchi shaxslar oldida imtiyozli huquqdan foydalanadilar. Hissa qo‘shuvchi tomonidan butun ulushining o‘zga shaxsga o‘tkazilishi uning shirkatdagi ishtirokini tugatadi.
Kommandit shirkatning ta’sis shartnomasida hissa qo‘shuvchining boshqa huquqlari ham nazarda tutilishi mumkin.
Kommandit shirkatning hissa qo‘shuvchisi shirkatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) hissani shirkatning ta’sis shartnomasida belgilangan muddatda qo‘shishi shart. Hissaning qo‘shilganligi hissa qo‘shuvchiga shirkat tomonidan beriladigan ishtirok etish to‘g‘risidagi guvohnoma bilan tasdiqlanadi.
31-modda. Kommandit shirkatni qayta tashkil etish va tugatish
Oldingi tahrirga qarang.
Kommandit shirkatni qayta tashkil etish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
(31-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 49 — 52, 55-moddalari qarang.
Kommandit shirkat unda ishtirok etgan barcha hissa qo‘shuvchilar shirkatdan chiqqan taqdirda, shuningdek ushbu Qonun 27-moddasida nazarda tutilgan to‘liq shirkatni tugatish asoslari bo‘yicha tugatiladi.
Barcha hissa qo‘shuvchilar shirkatdan chiqqan taqdirda to‘liq sheriklar kommandit shirkatni tugatish o‘rniga uni to‘liq shirkatga aylantirishga haqlidirlar.
Kommandit shirkat tugatilgan taqdirda, shu jumladan u bankrot bo‘lgan taqdirda, hissa qo‘shuvchilar shirkatning kreditorlarning talablari qondirilganidan keyin qoladigan mol-mulkidan hissalar olishda to‘liq sheriklar oldida imtiyozli huquqqa egadirlar. Shirkatning shundan keyin qolgan mol-mulki to‘liq sheriklar o‘rtasida, agar ta’sis shartnomasida yoki to‘liq sheriklar va hissa qo‘shuvchilarning kelishuvida boshqacha qoida belgilangan bo‘lmasa, ularning shirkat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlariga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 6-dekabr,
308-II-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 1-son, 8-modda; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2007-y., 29-30-son, 297-modda; 2014-y., 4-son, 45-modda, 20-son, 222-modda; 2015-y., 33-son, 439-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.01.2018-y., 03/18/456/0512-son; 21.03.2019-y., 03/19/531/2799-son, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son, 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 21.02.2024-y., 03/24/910/0140-son; 14.07.2026-y., 03/26/1158/0727-son)