Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 13.06.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi rayosatining
Qarori
Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 25-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2440]
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2016-yil 28-apreldagi 224/7-son “Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2796, 08.06.2016-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 24-iyuldagi PF-4456-son “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan oʻtkazish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 30-son, 346-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 28-dekabrdagi 365-son “Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 1-son, 5-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosati qaror qiladi:
1. Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 1996-yil 25-yanvardagi 34/2-son qarori bilan tasdiqlangan Ixtisoslashgan kengash haqida nizom (roʻyxat raqami 260, 1996-yil 10-iyul);
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2003-yil 17-iyuldagi 96/3-son “Ixtisoslashgan kengash haqida nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” qarori (roʻyxat 260-1, 2003-yil 12-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2003-y., 15-son);
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2009-yil 24-dekabrdagi 160/11-son “Ixtisoslashgan kengash haqidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida” qarori (roʻyxat raqami 260-2, 2010-yil 20-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 3-4-son, 23-modda).
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais G. BAXADIROV
Toshkent sh.,
2013-yil 31-yanvar,
195/3-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2013-yil 31-yanvardagi 195/3-son qaroriga
ILOVA
Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 225-modda), “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 11-12-son, 295-modda) qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 24-iyuldagi PF–4456-son “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan oʻtkazish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 30-son, 346-modda) va Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 28-dekabrdagi 365-son “Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 1-son, 5-modda) muvofiq fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash (keyingi oʻrinlarda Kengash deb yuritiladi) faoliyatini tartibga soladi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
talabgor — fan doktori ilmiy darajasini olish uchun ilmiy izlanishlar olib borayotgan shaxs;
attestatsiya — oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash jarayoni bosqichlarida tegishli chora-tadbirlarni oʻtkazish, jumladan malakaviy imtihonlarni qabul qilish, seminarlar va davra suhbatlarida dissertatsiyani aprobatsiyadan (muhokamadan) oʻtkazish, fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashda (keyingi oʻrinlarda Kengash deb yuritiladi) dissertatsiya himoyasini oʻtkazish va dissertatsiyani Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasida (keyingi oʻrinlarda OAK deb yuritiladi) ekspertizadan oʻtkazish asosida talabgorlarning ilmiy saviyasini hamda dissertatsiya natijalarining yangiligi va sifatini baholash;
attestatsiya ishi — talabgorning attestatsiyaga oid hujjatlari toʻplami;
dissertatsiya — talabgorning eʼlon qilingan ilmiy ishlari asosida tayyorlangan qoʻlyozma shaklidagi yuqori malakaviy ilmiy asar;
dissertatsiya avtoreferati — dissertatsiyaning asosiy gʻoyasi, xulosalari, oʻtkazilgan tadqiqotlarga talabgorning qoʻshgan hissasi, tadqiqot natijalarining yangiligi, ilmiy va amaliy ahamiyati hamda tatbigʻi bayon qilingan qoʻlyozma;
ish bajarilgan tashkilot — talabgorning dissertatsiya tadqiqotlari oʻtkazilgan va ishlanmalari bajarilgan tashkilot;
ekspertiza — dissertatsiya ilmiy natijalarining qay darajada toʻgʻriligi, yangiligi, dissertatsiyaning nazariy va amaliy ahamiyati, uni dissertatsiyalarni baholash mezonlariga mos kelishini baholash;
dastlabki ekspertiza — dissertatsiyaning himoyadan oldin oʻtkaziladigan ekspertizasi;
Bir martalik kengash — fan doktori ilmiy darajasini beruvchi vaqtinchalik ilmiy kengash;
Kengash qoshidagi ilmiy seminar — dissertatsiyani yakuniy dastlabki ekspertizadan oʻtkazadigan seminar (keyingi oʻrinlarda Ilmiy seminar deb yuritiladi);
dissertatsiya himoyasi — tadqiqot natijalarining ilmiy yangiligi, xulosalari, tavsiyalarining toʻgʻriligi va asoslanganligi, dissertatsiyaning nazariy va amaliy ahamiyati, talabgorning fanga qoʻshgan hissasi boʻyicha ilmiy jamoatchilik oldida oʻtkaziladigan muhokama;
ilmiy maslahatchi — dissertatsiya mavzusini tanlashda talabgorga koʻmaklashgan, tadqiqot maqsadi va vazifalarini belgilab beradigan va tadqiqotni oʻtkazishda maslahat beradigan masʼul shaxs;
jamoaviy taqriz — OAK tomonidan yuborilgan dissertatsiyani koʻrib chiqish yuzasidan Kengashning qoʻshimcha xulosasi;
hisob komissiyasi — Kengash majlisida yopiq ovoz berishni oʻtkazish uchun tuziladigan bir martalik komissiya;
apellyatsiya — fan doktori ilmiy darajasini berish yoki undan mahrum etish yoxud uni tiklash toʻgʻrisidagi qarorlar yuzasidan berilgan shikoyat arizasi.
2. Kengash dissertatsiyalarning ekspertizasi sifati, xolisligi, tayyorlangan dissertatsiya himoyasi uchun zarur sharoit yaratilishi va qabul qilgan qarorlarining asosliligi uchun masʼuldir.
II bob. Kengashni tuzish
3. Huzurida Kengash tuzish uchun muassasalar quyidagi talablarga javob berishi lozim:
fundamental va amaliy fanning tegishli sohalaridagi tan olingan yutuqlarga, ilmiy tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etishning yuqori darajasiga erishgan, tegishli yoʻnalishlar boʻyicha yetarli ilmiy salohiyatga – kamida ikki nafar fan doktori hamda sifatli oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tarkibiga;
tegishli fan sohalari boʻyicha davlat grantlari va xalqaro grantlarda, ilmiy loyihalarni (xoʻjalik shartnomalari asosidagi ilmiy-tadqiqot loyihalari va boshqalar) ishlab chiqishda ishtirok etayotgan hamda ilmiy ishlari, jumladan xorijda nashr qilingan ilmiy ishlari mavjud boʻlgan xodimlarga;
tegishli yoʻnalishlar boʻyicha doimiy ishlab turgan ilmiy seminarlarga, respublika va xalqaro miqyosdagi konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarni tashkil qilish va oʻtkazish tajribasiga ega boʻlishi.
4. Kengash oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlimni amalga oshiruvchi yetakchi oliy taʼlim, ilmiy-tadqiqot muassasalari huzurida mazkur muassasalar boʻysunuvchi vazirliklar, idoralar va Fanlar akademiyasining murojaatnomalariga asosan, OAK tomonidan tuziladi.
Muassasalar Kengash tuzish uchun mazkur Nizomning 3-bandida nazarda tutilgan talablarning barchasiga javob bermagan taqdirda, vazirliklar, idoralar va Fanlar akademiyasining murojaatnomalariga asosan, OAK tomonidan oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari huzurida, istisno tariqasida, tashkilotlararo Kengash tuzilishi mumkin.
Kengash hamda tashkilotlararo Kengash rahbariyati va tarkibi OAK tomonidan tasdiqlanadi.
5. Vazirliklar, idoralar va Fanlar akademiyasining murojaatnomasida Kengash tuzish zarurati va uni tashkil etishning maqsadga muvofiqligi asoslab berilishi hamda murojaatnomaga mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq Kengash aʼzoligiga tavsiya etilayotgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumot, obyektiv-maʼlumotnoma, ularning yozma roziligi va oxirgi uch yil ichida nashr etilgan ilmiy ishlari roʻyxati ilova qilinadi.
6. Kengash tomonidan koʻpi bilan toʻrtta ixtisoslik yoki fan sohasi boʻyicha dissertatsiyalar himoyaga qabul qilinishi mumkin.
7. Kengash aʼzolari kamida oʻn bir nafar va koʻpi bilan yigirma bir nafar fan doktorlaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.
8. Kengash tarkibiga, istisno tariqasida, tegishli ixtisoslik yoki fan sohasi boʻyicha faol ilmiy faoliyat olib borayotgan va katta ilmiy-amaliy tajribaga ega boʻlgan fan nomzodlari ham kiritilishi mumkin, bunda fan doktorlari soni Kengash aʼzolarining 80 foizidan kam boʻlmasligi kerak.
Kengash tarkibida Kengash ixtisosligining tegishli fan sohasi boʻyicha kamida besh nafar fan doktori boʻlishi lozim. Kengash tarkibiga fan nomzodlari kiritilgan taqdirda, kamida toʻrt nafar fan doktori boʻlishi lozim.
9. Zarur hollarda, Kengash tarkibiga Kengash ixtisosliklariga yaqin fan sohalari boʻyicha ilmiy darajaga ega boʻlgan shaxslar ham kiritilishi mumkin.
Bir shaxs faqat bitta fan sohasining bitta ixtisosligi boʻyicha Kengashga kiritiladi hamda koʻpi bilan ikkita Kengash aʼzosi boʻlishi mumkin.
Kengash aʼzoligiga tavsiya etilayotgan shaxslar oxirgi uch yil ichida kamida beshta ilmiy ish (ilmiy maqolalar, monografiyalar, ixtiro uchun patentlar) nashr ettirgan boʻlishi shart.
10. Kengash tarkibiga OAK Rayosati va OAK ekspert kengashlarining aʼzolari kiritilmaydi.
Kengash ixtisosliklari boʻyicha yetakchi mutaxassis-olimlar — fan doktorlari vazirliklar, idoralar va Fanlar akademiyasining murojaatnomasiga asosan, OAK tomonidan Kengash raisi va oʻrinbosar(lar)i etib tasdiqlanadi.
Kengash raisi turli sabablarga koʻra Kengash faoliyatida ishtirok etaolmagan taqdirda, uning vazifasini rais oʻrinbosari yoki oʻrinbosarlardan biri bajaradi.
Kengash ixtisosligi boʻyicha ilmiy darajaga ega boʻlgan hamda Kengash tuzilayotgan yetakchi oliy taʼlim yoki ilmiy-tadqiqot muassasasida shtat asosida ishlaydigan shaxs OAK tomonidan Kengash ilmiy kotibi etib tasdiqlanadi.
11. Kengash tarkibi har yili uning kamida 15 foizini yangilash sharti bilan uch yil muddatga tasdiqlanadi. Kengash tarkibida surunkasiga ikki muddatdan ortiq ishlash mumkin emas. Kengash tarkibidan chiqqan aʼzolar Kengash tarkibiga uch yil oʻtgandan keyin qayta kiritilishi mumkin.
Kengash raisi, rais oʻrinbosar(lar)i va ilmiy kotibi vazifasini bajarish muddati uch yildan oshmasligi lozim hamda keyingi uch yil ichida ushbu vazifalarga qayta tasdiqlanishi mumkin emas.
12. OAK tomonidan Kengash ixtisosliklari roʻyxati va Kengash raisi tegishli vazirliklar, idoralar va Fanlar akademiyasining murojaatnomasiga yoki OAK ekspert kengashining tavsiyasiga asosan oʻzgartirilishi mumkin.
13. Kengash tarkibiga oʻzgartirishlar Kengash tuzilgan oliy taʼlim yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi rahbarining yoki Kengash raisining murojaatnomasi asosida OAK tomonidan kiritilishi mumkin. Bunda oʻzgartirishlar aniq koʻrsatilishi hamda asoslab berilishi lozim.
14. Dissertatsiya ixtisosligi yoki tegishli fan sohasi boʻyicha Kengash boʻlmagan taqdirda, ish bajarilgan tashkilot dissertatsiyani dastlabki ekspertizadan oʻtkazib, dissertatsiya ixtisosligiga mos yoki yaqin keluvchi Kengashga, bunday Kengash boʻlmagan taqdirda, OAKga Bir martalik kengash tuzishni soʻrab murojaat qiladi.
15. Ish bajarilgan tashkilot Bir martalik kengash tuzish boʻyicha Kengashga murojaat qilganda, dissertatsiya Kengash tomonidan dastlabki ekspertizadan oʻtkaziladi. Ekspertiza natijalari boʻyicha xulosa ijobiy boʻlgan taqdirda, Kengash bir martalik himoya oʻtkazish zarurligi asoslangan taqdimnoma bilan OAKga murojaat qiladi.
16. Mazkur taqdimnomaga Kengash tarkibiga qoʻshimcha aʼzolarni kiritish boʻyicha takliflar ilova qilinadi.
Kengash tarkibiga qoʻshimcha aʼzolarni kiritish boʻyicha taklifda tegishli ixtisoslik yoki fan sohasi boʻyicha hal qiluvchi ovoz berish huquqi bilan kamida besh nafar fan doktori kiritilishi nazarda tutilishi lozim.
17. Ish bajarilgan tashkilot yoki Kengash Bir martalik kengash tuzish boʻyicha OAKga murojaat qilganda, OAKga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
Bir martalik kengash tuzish haqidagi murojaatnoma;
Kengash tarkibiga kiritilayotgan qoʻshimcha aʼzolar, ish bajarilgan tashkilotda Kengash tuzilayotganda, barcha Kengash aʼzoligiga tavsiya etilayotgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumot va obyektiv-maʼlumotnomalar, ularning yozma roziligi va oxirgi uch yil ichida nashr etilgan ilmiy ishlari roʻyxati;
talabgor toʻgʻrisidagi obyektiv-maʼlumotnoma;
talabgorning oliy taʼlim muassasasini bitirganligi haqidagi diplomi nusxasi;
talabgorning ilmiy-tadqiqot va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishga layoqatini aniqlash boʻyicha test sinovlaridan oʻtganligi haqidagi guvohnoma yoki fan nomzodi, xorijiy davlatlarda berilgan falsafa doktori (Ph.D) yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalari diplomi nusxasi;
malakaviy imtihonlarni topshirganligi haqidagi guvohnomalar;
ish bajarilgan tashkilotning xulosasi;
dissertatsiya muhokama qilingan tashkilotlarning xulosalari;
hammualliflikdagi ilmiy ishlarini dissertatsiyaga toʻla yoki qisman kiritish uchun talabgorning hammualliflarining yozma roziligi;
dissertatsiya va dissertatsiya avtoreferatining qoʻlyozmalari;
talabgorning asosiy ilmiy ishlari nusxalari.
18. Kengashning taqdimnomasi yoki ish bajarilgan tashkilotning murojaatnomasi asosida taqdim etilgan hujjatlar OAK tomonidan ekspertizadan oʻtkaziladi. Ekspertiza natijalari boʻyicha xulosa ijobiy boʻlgan taqdirda, mazkur Nizomning 7—10-bandlariga muvofiq Bir martalik kengash va uning qoshidagi ilmiy seminar tarkibini tuzadi va tasdiqlaydi.
Zarur hollarda, Bir martalik kengash tarkibi dissertatsiya ixtisosligiga yaqin fan sohalari boʻyicha ilmiy darajaga ega boʻlgan shaxslardan iborat tarkibda tuzilishi mumkin.
Dissertatsiya boʻyicha yetakchi tashkilot va rasmiy opponentlar OAK tomonidan tavsiya etilishi mumkin.
19. Dissertatsiya boʻyicha ekspert kengashining xulosasi salbiy boʻlgan taqdirda, Kengash taqdimnomasi yoki ish bajarilgan tashkilotning murojaatnomasiga nisbatan rad javobi beriladi hamda dissertatsiya yuzasidan ekspert kengashi tomonidan koʻrsatilgan kamchiliklar tegishli Kengash yoki tashkilotga yuboriladi.
Talabgor kamchiliklarni bartaraf etgandan soʻng, ish tegishli Kengash yoki tashkilot tomonidan qayta ekspertizadan oʻtkazilib, Kengashga yoki OAKga Bir martalik kengash tuzishni soʻrab murojaat qiladi.
20. Bir martalik kengash tuzish boʻyicha OAKning salbiy qarori chiqqan kundan eʼtiboran olti oy oʻtgandan keyin, qayta murojaat qilish mumkin.
21. Bir martalik kengash faoliyati mazkur Nizom talablari asosida amalga oshiriladi.
III bob. Kengash ishini tashkil qilish
22. Kengash xolislik, ochiqlik, shaffoflik va tezkorlik prinsiplari asosida OAK rahbarligida faoliyat olib boradi. Kengash faoliyati tashkilotning veb-sayti orqali yoritib boriladi.
23. Talabgor dissertatsiyasi himoyasiga oid barcha hujjatlar bilan tanishish va Kengash rahbariyatidan barcha masalalar xususida malakali yordam olish huquqiga ega.
24. Kengash majlisida bitta dissertatsiya himoyasi yoki bitta jamoaviy taqriz muhokamasi, kun davomida esa, ikkita majlis oʻtkazilishi mumkin. Dissertatsiya himoyalari sessiya tarzida OAK ruxsati bilan oʻtkaziladi.
25. Kengash dissertatsiya himoyasini oʻtkazish navbatini rejalashtirishda, birinchi navbatda, boshqa tashkilotlardan kelgan talabgorlarning dissertatsiyalarini himoyaga qabul qilish va OAK tomonidan qoʻshimcha xulosa olish uchun yuborilgan dissertatsiyalarni koʻrib chiqishga eʼtibor qaratishi lozim.
26. Kengash oʻzi faoliyat yuritayotgan tashkilotning rasmiy blanki va Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhridan foydalanadi. Tashkilot rahbariyati Kengash faoliyat olib borishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berishga masʼuldir.
27. Quyidagi hollarda Kengash faoliyati OAK tomonidan toʻxtatib qoʻyilishi yoki tugatilishi mumkin:
Kengash tomonidan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan oʻtkazish sohasidagi qonun hujjatlari talablariga javob bermaydigan hamda ilmiy saviyasi past dissertatsiya himoyalari oʻtkazilganda;
Kengash faoliyati davomida himoya qilingan ikkita dissertatsiyaga OAK tomonidan rad javobi berilgan boʻlsa;
dissertatsiya himoya qilish tartibi Kengash tomonidan muntazam ravishda buzilganda.
28. Kengash raisi har yili 31-dekabrga qadar Kengash faoliyati boʻyicha tegishli tashkilotga hamda mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda OAKga hisobot beradi.
29. Kengash tomonidan quyidagi asosiy masalalar yuzasidan majlislar oʻtkaziladi:
dissertatsiyani himoyaga qabul qilish;
dissertatsiyani himoya qilish;
OAK tomonidan yuborilgan dissertatsiyani koʻrib chiqish;
ilmiy darajalardan mahrum etish yoki uni tiklash masalalarini koʻrib chiqish;
apellyatsiyalarni koʻrib chiqish.
IV bob. Dissertatsiyani himoyaga qabul qilish yuzasidan Kengash majlisini oʻtkazish
30. Dissertatsiyani Kengashda dastlabki ekspertizadan oʻtkazish hamda Ilmiy seminarning ishlash tartibi fan doktori ilmiy darajasini berish sohasidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
31. Ilmiy seminar tomonidan dissertatsiya boʻyicha ijobiy xulosa berilgandan soʻng, dissertatsiya ixtisosligi boʻyicha Kengashning uch nafar aʼzosidan iborat tarkibda ekspert komissiyasi tuziladi. Ekspert komissiyasi tarkibiga ilmiy seminar aʼzosi boʻlgan Kengash aʼzolari ham kiritilishi mumkin.
32. Ekspert komissiyasi zimmasiga quyidagilar yuklatiladi:
koʻrilayotgan dissertatsiya va unga tegishli hujjatlarning OAK talablariga mosligini tekshirish;
dissertatsiya bilan tanishib chiqish va uning tegishli ixtisosliklarga qay darajada muvofiq kelishi va talabgor tomonidan eʼlon qilingan ishlarda dissertatsiya materiallari qanchalik toʻliq bayon etilganligi boʻyicha xulosa berish;
dissertatsiya boʻyicha yetakchi tashkilot va rasmiy opponentlar tayinlash, zarur hollarda, Kengash tarkibiga qoʻshimcha aʼzolar kiritish yuzasidan takliflar berish.
33. Kengash ish bajarilgan tashkilot, Ilmiy seminar va Kengash ekspert komissiyasining xulosalariga asosan, dissertatsiyani himoyaga qabul qiladi.
Ish bajarilgan tashkilot huzurida Kengash faoliyat koʻrsatayotgan boʻlsa, dissertatsiya tegishli laboratoriya, boʻlim, kafedra yoki kafedralararo, laboratoriyalararo birlashgan ilmiy seminarning hamda Ilmiy seminar va Kengash ekspert komissiyasining xulosalariga asosan, himoyaga qabul qilinadi.
34. Kengash majlisi mazkur Nizomning 42-bandida belgilangan talablarga muvofiq vakolatli hisoblanadi. Kengashning ekspert komissiyasining ijobiy xulosasiga asosan dissertatsiyani himoyaga qabul qilish toʻgʻrisidagi qarori ochiq ovoz berish yoʻli bilan majlisda ishtirok etayotgan Kengash aʼzolarining koʻpchiligi tomonidan yoqlab ovoz berilganda, qabul qilingan hisoblanadi.
Etakchi tashkilot va rasmiy opponentlar Kengash tomonidan dissertatsiyani himoyaga qabul qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan keyin tasdiqlanadi hamda tegishli hujjatlar dissertatsiya himoyasi toʻgʻrisida OAK veb-saytida eʼlon berish uchun OAKga taqdim etiladi. Dissertatsiya himoyasi toʻgʻrisidagi eʼlon “OAK Byulleteni” jurnalida ham chop etiladi.
35. Dissertatsiya himoyasi toʻgʻrisida OAK veb-saytida eʼlon berilgandan soʻng, Kengash raisi tomonidan qoʻlyozma huquqida dissertatsiya avtoreferatini chop etishga ruxsat beriladi va dissertatsiya himoyasi kuni tayinlanadi. Dissertatsiya avtoreferatining toʻliq matni huzurida Kengash faoliyat yuritayotgan tashkilotning veb-sayti va “ZiyoNET” axborot-resurs portaliga joylashtiriladi hamda uning elektron shakli rivojlangan xorijiy mamlakatlarning yirik axborot-resurs markazlari va ilmiy tashkilotlariga yuboriladi.
36. Dissertatsiya himoyasi OAK veb-saytida eʼlon berilgandan soʻng, uch oy ichida oʻtkazilishi shart. Mazkur talab Kengash tomonidan bajarilmagan taqdirda, dissertatsiya himoyasini oʻtkazishga ruxsat berish masalasi OAK Rayosati tomonidan hal etiladi.
37. Dissertatsiya himoyasini oʻtkazish manzili, kuni va soati himoyadan kamida bir oy oldin dissertatsiya avtoreferatini mazkur Nizomning 3-ilovasida nazarda tutilgan dissertatsiya avtoreferati tarqatilishi shart boʻlgan tashkilotlarga va Kengash tasdiqlagan qoʻshimcha roʻyxatga asosan tarqatish hamda respublika ahamiyatidagi gazetalardan birida eʼlon berish va huzurida Kengash faoliyat yuritayotgan tashkilotning veb-sayti orqali maʼlum qilinadi.
38. Dissertatsiya avtoreferati Kengash aʼzolari va OAKga reyestr asosida Kengash ilmiy kotibi tomonidan topshiriladi, rasmiy opponentlar va yetakchi tashkilotga kuzatuv xati orqali yetkaziladi. Dissertatsiya avtoreferati tarqatilishi shart boʻlgan tashkilotlar hamda Kengash tasdiqlagan roʻyxat boʻyicha qolgan shaxslarga pochta aloqasi boʻlimi orqali yuboriladi.
Kengashning har bir aʼzosi dissertatsiya avtoreferati va Kengash faoliyat yuritayotgan tashkilotning Axborot-resurs markazida saqlanayotgan dissertatsiya bilan batafsil tanishib chiqishi shart. Kengash aʼzolari tomonidan ham dissertatsiya avtoreferati boʻyicha dissertatsiya yuzasidan taqriz berilishi mumkin.
39. Dissertatsiya oʻz mohiyatiga koʻra Kengash ixtisosliklariga toʻgʻri kelmagan hamda talabgor tomonidan fan doktori ilmiy darajasini berish sohasidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq bajarilmagan taqdirda, dissertatsiya Kengash tomonidan himoyaga qabul qilinmaydi. Bunda talabgorga dissertatsiyani Kengash tomonidan himoyaga qabul qilmaslik sabablari koʻrsatilgan majlis bayonnomasidan koʻchirma hamda talabgor topshirgan barcha hujjatlar qaytarib beriladi.
V bob. Dissertatsiyani himoya qilish yuzasidan Kengash majlisini oʻtkazish
40. Kengash majlislari Kengash raisi rahbarligida oʻtkaziladi. Kengash raisi, rais oʻrinbosari va ilmiy kotibi oʻzi ilmiy maslahatchi boʻlgan dissertatsiya himoyasi koʻrib chiqilayotganda, Kengash majlisida raislik qilishi yoki ilmiy kotiblik vazifalarini bajarishi mumkin emas. Bunda ularning vazifasini bajarish huzurida Kengash faoliyat yuritayotgan tashkilot rahbarining buyrugʻi bilan Kengash aʼzolaridan birining zimmasiga yuklatiladi.
Bir vaqtning oʻzida rais, rais oʻrinbosari va ilmiy kotib ham boʻlmasa, Kengash majlisi oʻtkazilmaydi.
41. Kengash majlisi ochilishidan oldin Kengashning ekspert komissiyasi tomonidan tayyorlangan Kengash xulosasi loyihasi aʼzolarga tarqatiladi.
42. Kengash majlisi uning ishida aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi va unda himoya qilinayotgan dissertatsiya ixtisosligi boʻyicha kamida uchta fan doktori ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi.
Kengash aʼzolarining majlisda ishtirok etayotganligi hamda ularning Kengashdagi ixtisosligi va ilmiy darajalari majlis stenogrammasida qayd etiladi.
43. Kengash majlisi ochilgandan soʻng, rais dissertatsiya himoyasi oʻtkazilishini, dissertatsiya mavzusini, rasmiy opponentlarning ism va familiyalarini hamda yetakchi tashkilot nomini eʼlon qiladi. Shundan soʻng, ilmiy kotib tomonidan talabgor topshirgan hujjatlarning asosiy mazmuni va ularning belgilangan talablarga qay darajada muvofiq kelishi haqida maʼlumot beriladi.
44. Ilmiy kotibdan soʻng, talabgorga dissertatsiyaning mohiyati va asosiy holatlarini bayon etish hamda savollarga javob berish uchun soʻz beriladi. Ilmiy maslahatchi talabgordan keyin soʻzga chiqadi. Ilmiy maslahatchi oʻz fikrini yakunlagach, ilmiy kotib tomonidan ish bajarilgan tashkilotning va Ilmiy seminarning xulosalari, yetakchi tashkilot taqrizi, dissertatsiya va dissertatsiya avtoreferati boʻyicha Kengashga kelib tushgan boshqa taqrizlar oʻqib eshittiriladi.
Kengashga dissertatsiya va dissertatsiya avtoreferati boʻyicha ijobiy taqrizlar koʻp kelib tushgan taqdirda, Kengash aʼzolarining roziligi bilan ilmiy kotib tomonidan taqrizlarda qayd etilgan fikrlar qisqacha bayon qilinadi, salbiy taqrizlar esa, toʻliq oʻqib eshittiriladi. Taqrizlar oʻqib eshittirilgach, talabgorga soʻz beriladi.
45. Shundan soʻng, dissertatsiya boʻyicha rasmiy opponentlar soʻzga chiqadi. Har bir rasmiy opponentning nutqidan soʻng, javob berish uchun talabgorga soʻz beriladi.
46. Kengash aʼzolari va majlisda hozir boʻlganlarning barchasi ilmiy munozarada ishtirok etish huquqiga ega. Munozara tugagach, fan doktori ilmiy darajasini berish boʻyicha yashirin ovoz berish oʻtkaziladi. Yashirin ovoz berish mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq shakldagi byulleten (keyingi oʻrinlarda byulleten deb yuritiladi) asosida hisob komissiyasi tomonidan oʻtkaziladi.
47. Hisob komissiyasi uch kishidan iborat tarkibda Kengash majlisida ishtirok etayotgan va hal qiluvchi ovozga ega boʻlgan Kengash aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan ochiq ovoz berish orqali saylanadi.
48. Yashirin ovoz berishda Kengash majlisida ishtirok etayotgan va hal qiluvchi ovozga ega boʻlgan Kengash aʼzolari ishtirok etadi va ularga hisob komissiyasi tomonidan qaydnoma asosida byulleten beriladi.
Dissertatsiya himoyasiga kechikib kelgan yoki himoya tugamasdan ketib qolgan Kengash aʼzolari kvorumni aniqlashda hisobga olinmaydi va yashirin ovoz berishda ishtirok etmaydi.
Oʻzi aʼzo boʻlgan Kengashda dissertatsiya himoya qilayotgan talabgor ovoz berishda ishtirok etmaydi va majlisdagi Kengash aʼzolarining roʻyxatida hisobga olinmaydi.
49. Ovoz berish yakunlangach, hisob komissiyasi aʼzolari tomonidan quticha ochilib, byulletenlar sanaladi va ovoz berish natijalari yuzasidan mazkur Nizomning 5-ilovasiga muvofiq shakldagi Hisob komissiyasi majlisining bayonnomasi (keyingi oʻrinlarda bayonnoma deb yuritiladi) tuziladi.
50. Tarqatilmagan byulletenlar yashirin ovoz berish boshlanishidan oldin tegishli belgi qoʻyilib, hisob komissiyasida qoldiriladi va qolgan byulletenlar haqida bayonnomada qayd qilinadi. Fikrni aniqlash imkonini bermaydigan byulletenlar, yaroqsiz deb topiladi va bu haqda bayonnomada qayd qilinadi.
Bayonnoma rasmiylashtirilgandan soʻng, hisob komissiyasi tomonidan barcha byulletenlar konvertga solib muhrlanadi va bayonnomaga ilova qilinadi. Bayonnoma yashirin ovoz berishda ishtirok etgan Kengash aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan ochiq ovoz berish orqali tasdiqlanadi.
Bayonnoma tasdiqlanmagan taqdirda, dissertatsiya muhokamasi davom ettiriladi. Bunda hisob komissiyasi tomonidan yangi byulletenlar tayyorlanadi va belgilangan tartibda yashirin ovoz berish qayta oʻtkaziladi.
Bayonnomani tasdiqlamaslik masalasi dissertatsiyani himoya qilish yoki hisob komissiyasining ishlash tartibi buzilgan taqdirda, Kengash tomonidan koʻrib chiqilishi mumkin.
51. Bayonnoma tasdiqlangandan soʻng, fan doktori ilmiy darajasini berish masalasida ijobiy qaror qabul qilinganda, Kengash xulosasi loyihasi muhokamaga qoʻyiladi.
52. Dissertatsiya yuzasidan xulosada quyidagilar aks ettiriladi:
talabgorning eng muhim ilmiy natijalari;
ilmiy natijalarning toʻgʻriligi va yangiligiga berilgan baho;
dissertatsiyaning nazariy va amaliy ahamiyati;
dissertatsiya natijalaridan foydalanilganligi va foydalanish boʻyicha tavsiyalar;
dissertatsiya unga qoʻyiladigan talablarning qay biriga mosligi.
Xulosa ochiq ovoz berish asosida majlisda ishtirok etgan Kengash aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Fan doktori ilmiy darajasini berish masalasida salbiy qaror qabul qilinganda, xulosa muhokamaga qoʻyilmaydi.
53. Dissertatsiyaning natijalarini amaliyotga (fan, texnika, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy-gumanitar va iqtisodiyot tarmoqlarining boshqa sohalariga) tatbigʻini tasdiqlovchi hujjatlar asosida talabgor tomonidan ishlab chiqilgan tavsiyalar muhokama qilinadi va tasdiqlanadi.
54. Fan doktori ilmiy darajasini berish masalasi unga majlisda ishtirok etgan va ovoz berish huquqiga ega boʻlgan Kengash aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi tomonidan yoqlab ovoz berilganda, ijobiy qaror qabul qilingan hisoblanadi.
55. Kengashning fan doktori ilmiy darajasini berish toʻgʻrisidagi qarori oʻqib eshittirilgandan soʻng, talabgorga yakunlovchi soʻz beriladi.
56. Attestatsiya ishi dissertatsiya himoyasidan keyin bir oy ichida OAKga yuboriladi.
VI bob. OAK tomonidan yuborilgan dissertatsiyani koʻrib chiqish yuzasidan Kengash majlisini oʻtkazish
57. Qoʻshimcha xulosa olish uchun OAK tomonidan yuborilgan dissertatsiya ikki oy ichida Kengash tomonidan koʻrib chiqiladi. Ushbu masala Kengash majlisida koʻrib chiqilishidan oldin Kengash aʼzolaridan iborat boʻlgan uch kishilik komissiyaga talabgorning dissertatsiyasi, ekspertizaning oldingi bosqichlarida bildirilgan tanqidiy fikrlarni oʻrganib chiqish va tegishli xulosa loyihasini Kengashga taqdim etish topshiriladi.
58. Talabgor dissertatsiyasi koʻrib chiqilayotgan Kengash majlisiga taklif etiladi. Talabgor komissiyaning xulosasi bilan oldindan tanishtirilgan boʻlishi kerak. Majlisda talabgorning rasmiy opponentlari, yetakchi tashkilot vakillari, zarur hollarda, Kengash tomonidan taklif etiladigan boshqa shaxslar ishtirok etishlari mumkin.
Kengash aʼzolarining majlisda ishtirok etayotganligi hamda ularning Kengashdagi ixtisosligi va ilmiy darajalari majlis stenogrammasida qayd etiladi.
59. Kengash majlisini ochish vaqtida rais mazkur Nizomning 6-ilovasiga muvofiq shakldagi Kengash aʼzolarining qayd varaqasi asosida majlisning vakolatliligi haqida Kengash aʼzolarini xabardor qiladi.
Rais majlisni ochgandan soʻng, majlisda qoʻshimcha xulosa olish uchun yuborilgan dissertatsiya koʻrib chiqilishini eʼlon qiladi, dissertatsiyaning mavzusini, dissertatsiya himoyasi oʻtgan Kengashni, rasmiy opponentlarning ism va familiyalari hamda yetakchi tashkilotni koʻrsatib oʻtadi.
Kengashning ilmiy kotibi tomonidan dissertatsiya boʻyicha ekspertizaning oldingi bosqichlarida aytilgan tanqidiy fikrlar haqida maʼlumot beriladi.
Talabgor tomonidan dissertatsiyaning mohiyati va asosiy holatlari bayon etiladi. Bunda talabgorga savollar berilishi mumkin.
60. Muhokama komissiya aʼzolaridan birining soʻzga chiqishi bilan boshlanadi. Kengash majlisida ishtirok etayotgan har bir shaxs soʻz olish huquqiga ega. Muhokamadan soʻng, talabgorga yakunlovchi soʻz beriladi va Kengash tomonidan mazkur Nizomning 47—50-bandlariga muvofiq yashirin ovoz berish oʻtkaziladi.
Kengash tomonidan majlisda ishtirok etgan va ovoz berish huquqiga ega boʻlgan Kengash aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi tomonidan yoqlab ovoz berilganda, ijobiy qaror qabul qilingan hisoblanadi.
61. Bayonnoma tasdiqlangach, Kengash ochiq ovoz berish orqali majlisda ishtirok etgan Kengash aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qoʻshimcha xulosa matnini qabul qiladi. Xulosada dissertatsiya unga qoʻyiladigan talablarning qay biriga javob berishi yoki javob bermasligi koʻrsatiladi. Talabgorga xulosa nusxasi, u tasdiqlangandan keyin beriladi.
62. Yashirin ovoz berish natijalari koʻrsatilgan hamda Kengash raisi va ilmiy kotibi imzolagan stenogramma va xulosaning matni talabgorning dissertatsiyasi bilan birga uch hafta ichida OAKga yuboriladi.
VII bob. Ilmiy darajalardan mahrum etish yoki ularni tiklash masalalarini koʻrib chiqish yuzasidan Kengash majlisini oʻtkazish
63. Kengash majlisiga shaxsni ilmiy darajadan mahrum etish yoki uni tiklash masalasini qoʻyish uchun asos boʻladigan materiallar tushgan taqdirda, ushbu materiallarning asosliligini oʻrganish kamida besh kishidan iborat tarkibda Kengash aʼzolari orasidan tuziladigan komissiyaga topshiriladi. Ushbu masala yuzasidan, zarur hollarda, Kengash tomonidan tegishli oliy taʼlim yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi rahbariyati orqali soʻrovlar yuboriladi.
Oʻrganish natijalariga asosan komissiya tomonidan xulosa chiqariladi va xulosa Kengashda koʻrib chiqish uchun topshiriladi. Komissiya tayyorlagan materiallar Kengash tomonidan bir oy ichida koʻrib chiqilishi lozim.
64. Kengash majlisi ilmiy darajadan mahrum etish yoki uni tiklash masalasi qoʻyilgan shaxs ishtirokida oʻtkaziladi. Shaxs bu haqda majlis oʻtkazilishidan kamida oʻn kun oldin ogohlantirilishi shart. Agar shaxs majlisga uzrsiz sabablarga koʻra kelmasa yoki majlisga kelishdan bosh tortsa, Kengash tomonidan uning ishtirokisiz majlis oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi. Mazkur shaxs uzrli sabablarga koʻra majlisga kelaolmasligi haqida oldindan xabar qilganda, Kengash majlisi boshqa kunga yoki boshqa vaqtga qoldiriladi.
65. Kengash raisi majlisni ochish vaqtida majlisning vakolatliligi toʻgʻrisida xabardor qiladi hamda majlisda ilmiy darajadan mahrum etish yoki uni tiklash haqidagi masala koʻrib chiqilishini eʼlon qiladi. Mazkur masala yuzasidan komissiya aʼzolaridan biri maʼruza qiladi. Maʼruza tugagach, ilmiy darajadan mahrum etish yoki uni tiklash masalasi qoʻyilgan shaxsga soʻz beriladi. Kengash majlisida hozir boʻlganlarning barchasi soʻzga chiqish huquqiga ega.
66. Muhokamadan soʻng Kengash tomonidan mazkur Nizomning 47—50-bandlariga muvofiq ilmiy darajadan mahrum etish yoki uni tiklash yuzasidan yashirin ovoz berish oʻtkaziladi. Kengashning ilmiy darajadan mahrum etish yoki uni tiklash haqidagi qarori majlisda ishtirok etgan va ovoz berish huquqiga ega boʻlgan Kengash aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi tomonidan yoqlab ovoz berilganda, qabul qilingan hisoblanadi.
67. Kengash tomonidan bayonnoma tasdiqlangach, yashirin ovoz berish natijalariga asoslangan holda ochiq ovoz berish yoʻli bilan majlisda ishtirok etgan Kengash aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qaror qabul qilinadi, unda koʻrib chiqilgan materiallarning mohiyati va natijalari aniq-ravshan koʻrsatilishi hamda OAKdan ilmiy darajadan mahrum etish yoki uni tiklashni soʻrash uchun yetarli asos bor yoki yoʻqligi toʻgʻrisida xulosa boʻlishi lozim.
Yashirin ovoz berish natijalari hamda Kengash qarori ilmiy darajadan mahrum etish yoki uni tiklash masalasi qoʻyilgan shaxsga darhol maʼlum qilinishi lozim.
68. Kengash tomonidan shaxsni ilmiy darajadan mahrum etish yoki uni tiklash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, Kengash raisi va ilmiy kotibi tomonidan imzolangan Kengash majlisining stenogrammasi va yashirin ovoz berish natijalari koʻrsatilgan qaror uch hafta ichida OAKga yuboriladi. Ilmiy darajadan mahrum etish masalasini koʻrib chiqish OAK tomonidan yuborilgan hollarda, Kengashda belgilangan tartibda koʻrib chiqilib, OAKga yuboriladi.
VIII bob. Apellyatsiyani koʻrib chiqish yuzasidan Kengash majlisini oʻtkazish
69. Manfaatdor shaxslar Kengash qarori yuzasidan apellyatsiya berganda, Kengash raisi tomonidan Kengash aʼzolari orasidan kamida besh kishidan iborat tarkibda tuziladigan komissiyaga zarur materiallarni oʻrganib chiqish hamda apellyatsiya yuzasidan Kengash xulosasi loyihasini tayyorlash topshiriladi.
Agar apellyatsiya ilmiy daraja berish boʻyicha Kengash qarori yuzasidan berilgan boʻlsa, Kengash raisi bir hafta ichida bu haqda OAKni xabardor qiladi.
Apellyatsiya “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonunida belgilangan tartibda va muddatlarda koʻrib chiqiladi.
(69-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi rayosatining 2014-yil 26-dekabrdagi 211/1-sonli qarori (roʻyxat raqami 2440-1, 30.12.2014-y.) tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 52(I)-son, 649-modda)
70. Apellyatsiya bergan shaxs yoki talabgor hamda boshqa manfaatdor shaxslar majlisdan kamida besh kun oldin xabardor qilinib, Kengash majlisiga taklif etiladi. Apellyatsiya bergan shaxs uzrli sabablarga koʻra kelmagan taqdirda, Kengash majlisi boshqa vaqtga yoki boshqa kunga koʻchiriladi. Apellyatsiya bergan shaxs uzrsiz sabablarga koʻra Kengash majlisiga kelmagan taqdirda, majlis uning ishtirokisiz oʻtkaziladi.
71. Kengash raisi tomonidan majlisni ochish vaqtida majlisning vakolatliligi haqida maʼlum qilinadi.
Kengash aʼzolarining majlisda ishtirok etayotganligi hamda ularning Kengashdagi ixtisosligi va ilmiy darajalari majlis stenogrammasida qayd etiladi.
Kengash raisi majlis ochilgandan soʻng, apellyatsiya koʻrib chiqilishini eʼlon qiladi va uni oʻqib eshittirish uchun ilmiy kotibga soʻz beradi. Komissiya aʼzolaridan biri komissiyaning ishi natijalarini hamda apellyatsiya yuzasidan Kengash xulosasi loyihasini oʻqib eshittiradi.
Kengash majlisida hozir boʻlganlarning barchasi muhokamada ishtirok etish huquqiga ega.
72. Muhokama tugagandan soʻng, Kengash yopiq ovoz berish asosida majlisda ishtirok etgan va ovoz berish huquqiga ega boʻlgan Kengash aʼzolarining kamida uchdan ikki qismining ovozi bilan apellyatsiya yuzasidan xulosa qabul qiladi.
Kengash raisi va ilmiy kotibi tomonidan imzolangan stenogramma va apellyatsiya yuzasidan xulosa hamda koʻrib chiqilgan apellyatsiya oʻn kun ichida OAKga yuboriladi.
IX bob. Yakuniy qoida
73. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Fanlar akademiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Madaniyat va sport ishlari vaziri T. KUZIYEV
2013-yil 14-yanvar
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri B. XODIYEV
2013-yil 28-yanvar
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2013-yil 17-yanvar
Xalq taʼlimi vaziri T. ShIRINOV
2013-yil 18-yanvar
Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Z. RUZIYEV
2013-yil 23-yanvar
Tashqi ishlar vaziri A. KOMILOV
2013-yil 22-yanvar
Fanlar akademiyasi prezidenti Sh. SALIXOV
2013-yil 15-yanvar
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi ijroiya apparati rahbari O. PARPIYEV
2013-yil 16-yanvar
Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA

‎‎Kengash aʼzolari toʻgʻrisida

‎‎M A ʼ L U M O T

‎‎‎
‎‎______________________________________________________________________ huzurida

‎‎tashkilot nomi, manzili

‎‎____________________________________________________________________

‎‎shifrlar, ixtisosliklar va fan sohalarining nomi

‎‎ixtisosligi boʻyicha fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash aʼzolari haqida.

T/r‎

F.I.O‎.

Tugʻilgan yili, millati, fuqaroligi‎

Asosiy ish joyi, lavozimi‎

Ilmiy darajasi (dissertatsiya himoya qilingan ixtisoslik shifri koʻrsatiladi)‎

Ilmiy unvoni (ixtisoslik yoki kafedra boʻyicha)‎

Kengashdagi ixtisoslik shifri va fan sohasi‎

Oxirgi uch yil ichidagi asosiy ilmiy ishlari‎

1‎

2‎

3‎

4‎

5‎

6‎

7‎

8‎

‎‎
Asosiy ish joyi kengash tuzilayotgan tashkilot boʻlgan ilmiy kengash aʼzolari ____ta, boshqa muassasalardan taklif etilgan ilmiy darajaga ega boʻlgan mutaxassislar ___ ta.
‎‎

‎‎Direktor (rektor)

‎‎

‎‎(imzo, F.I.O)

‎‎Sana

‎‎

‎‎Gerbli muhr

Izoh:
1. Roʻyxat boshida fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash raisi, rais oʻrinbosari, ilmiy kotibi (F.I.O.dan keyin qavs ichida bu lavozimlar koʻrsatiladi) haqida maʼlumot beriladi, soʻngra alifbo tartibida aʼzolar haqida maʼlumot beriladi.
2. 8-ustunda fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash aʼzolarining oxirgi uch yil ichidagi ilmiy ishlaridan 3-5 ta bibliografik namunalar keltirilganda uning 7-ustunda koʻrsatilgan ixtisoslik boʻyicha malakasi borligini koʻrsatishi lozim.
3. Mazkur maʼlumot Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasiga ikki nusxada topshiriladi.
Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA

‎‎Kengashning 20___yildagi faoliyati haqida

‎‎HISOBOT

‎‎
‎‎____________________________________________________________________ huzuridagi

‎‎tashkilot, shahar nomi

‎‎_________________________ raqamli fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash
‎‎OAKning 20_____ y._________________dagi ________-son qarori bilan tasdiqlangan.

‎‎kengash shifri

‎‎
‎‎Kengashga _________________________________________________________ixtisosligidan

‎‎ixtisoslik shifri va nomi

________________________________________________________________fanlari boʻyicha

‎‎fan sohasi

‎‎_________________________________________________________________ixtisosligidan

ixtisoslik shifri va nomi‎‎

‎‎________________________________________________________________ fanlari boʻyicha

‎‎fan sohasi

‎‎dissertatsiyalarni himoyaga qabul qilib olishga ruxsat etilgan.
Hisobotda quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
1. Oʻtkazilgan majlislar soni.
2. Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash aʼzolarining majlislarda ishtirok etish faolligi:

T/r‎

Kengash aʼzosining F.I.O. (ixtisoslik shifri)‎

Ishtirok etgan majlislar soni‎

Majlislarning umumiy soniga nisbatan % hisobida‎

Muhokamalarda ishtirok etgan majlislar soni‎

Rasmiy opponent boʻlgan dissertatsiyalar soni‎

Faollik darajasi (faol yoki nofaol)‎

3. Hisobot yili fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash koʻrib chiqqan dissertatsiyalarning qisqacha tahlili hamda quyidagilar alohida koʻrsatilishi lozim:
koʻrib chiqilgan ishlar mavzusining tahlili va mavzularning iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish dasturlariga bogʻliqligi va ilmiy-tadqiqot ishlarining istiqbolli yoʻnalishlarini aniqlashga doir takliflar;
koʻrib chiqilgan ishlarning ilmiy natijalaridan iqtisodiyot tarmoqlarida qay darajada foydalanilayotganligi toʻgʻrisida maʼlumot.
4. Fan doktori ilmiy darajasini olish uchun topshirilgan va koʻrib chiqilgan dissertatsiyalar haqida maʼlumot:
‎‏ Ixtisoslik shifri‎‎ Ixtisoslik shifri‎ Ixtisoslik shifri
‎‎
fan sohasi‎ fan sohasi‎ fan sohasi‎ fan sohasi‎ fan sohasi‎ fan sohasi‎
1 2‎ 3‎ 4‎ 5‎ 6‎ 7‎
Dastlabki bosqichda muhokamadan olingan ishlar‎
Dissertatsiya himoyasi yakunlari boʻyicha ijobiy qaror chiqarilgan ishlar‎
Shu jumladan, boshqa tashkilotlardan ‎
Xorijiy mamlakatlardan ‎
Dissertatsiya himoyasi yakunlari boʻyicha salbiy qaror chiqarilgan ishlar ‎
Shu jumladan, boshqa tashkilotlardan ‎
Xorijiy mamlakatlardan‎

Qoʻshimcha xulosalar berilgan ishlar‎

Kengash muhokamasiga berilgan ishlar soni (20__yil 31-dekabr holatiga)‎

Izoh:
1. Maʼlumotlar kasr shaklida beriladi, uning suratida koʻrib chiqilgan dissertatsiyalar soni, maxrajida esa – katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutida (bitirgan vaqtidan qatʼi nazar) tayyorgarlikdan oʻtgan talabgorlar dissertatsiyalarining soni koʻrsatiladi.
2. Ixtisosliklar tutash kelgan mavzuda bajarilgan dissertatsiyalar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi qaroriga asosan, fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashga qaysi ixtisosliklar boʻyicha dissertatsiya himoyasini oʻtkazish huquqi berilgan boʻlsa, faqat shu ixtisosliklargina koʻrsatiladi.
5. Ilmiy maʼruza shaklida himoya qilingan doktorlik dissertatsiyalari himoyasi toʻgʻrisida maʼlumot:
T/r‎ F.I.O.‎

Ixtisoslik shifri‎

Fan sohasi‎

6. Tutash ixtisosliklarda bajarilgan dissertatsiyalar boʻyicha himoyalar toʻgʻrisida maʼlumot:
T/r‎ F.I.O.‎ Kengashdagi ixtisoslik shifri‎ Ixtisoslik shifri‎ Fan sohasi‎
7. Kengash asosida tashkil etilgan Bir martalik kengashlarda himoya qilingan dissertatsiyalar haqida maʼlumot:
T/r‎ F.I.O.‎ Kengashdagi ixtisoslik shifri‎ Ixtisoslik shifri‎ Fan sohasi‎
8. Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashning veb-sayti boʻyicha toʻliq maʼlumotlar.
9. Dissertatsiya himoyalari toʻgʻrisida respublika gazetalarida berilgan eʼlonlar toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot.
10. Attestatsiya ishini takomillashtirish boʻyicha taklif va mulohazalar.
Kengash raisi ‎‎(imzo, F.I.O.)
‎‎Kengash ilmiy kotibi ‎ ‎‎(imzo, F.I.O.)
Gerbli muhr
‎ (sana)
Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
Dissertatsiya avtoreferati yuborilishi shart boʻlgan tashkilotlar
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (yuridik fanlar boʻyicha bajarilgan ishlar uchun)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti (ijtimoiy-gumanitar fanlar boʻyicha bajarilgan ishlar uchun)
7. Sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish hamda sud tizimi mustaqilligini taʼminlash boʻyicha tadqiqot markazi (yuridik fanlar boʻyicha bajarilgan ishlar uchun)
8. Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy markazi (yuridik fanlar boʻyicha bajarilgan ishlar uchun)
9. Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi – axborot-resurs markazi
10. Oʻzbekiston Respublikasi ilmiy-pedagogik kutubxonasi (pedagogika va psixologiya fanlari boʻyicha bajarilgan ishlar uchun)
11. Oʻzbekiston Respublikasi davlat ilmiy tibbiyot kutubxonasi (tibbiyot va farmatsevtika fanlari boʻyicha bajarilgan ishlar uchun)
12. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining asosiy kutubxonasi
13. Oʻzbekiston Milliy universiteti Axborot-resurs markazi
14. Samarqand davlat universiteti ilmiy kutubxonasi
15. Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasi
16. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy kitob palatasi
17. Rossiya davlat kutubxonasi
18. Ukraina Milliy Parlament kutubxonasi
19. Belorus Respublikasi Milliy kutubxonasi
20. Qozogʻiston Respublikasi Milliy kutubxonasi
21. Qirgʻiziston Respublikasi Milliy kutubxonasi
22. Ozarbayjon Respublikasi Davlat kutubxonasi
23. Armaniston Milliy kutubxonasi
Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash toʻgʻrisidagi nizomga
4-ILOVA

B Yu L L E T E N ‎‎

‎‎_________________

‎‎kengash shifri

‎‎fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashning 20 __ yil _________________ dagi
‎‎majlisining_____________- son bayonnomasiga oid.
‎‎

Talabgorning F.I.O. ‎

Fan doktori ilmiy darajasiga munosib‎

Ovoz berish natijalari‎

Roziman
‎ Rozi emasman ‎

Izoh:
1. Fan doktori ilmiy darajasiga munosib ustunida fan sohasi koʻrsatiladi.
2. Byulletenlarga imzo chekilmaydi. Ovoz berish natijalari ustunida keraksizi oʻchirib tashlanadi.
Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash toʻgʻrisidagi nizomga
5-ILOVA

‎‎Hisob komissiyasi majlisining

‎‎B A Y O N N O M A S I

‎‎___________________________

‎‎kengash shifri

‎‎20____yil_____________________
‎‎Saylangan komissiya tarkibi ______________________________________________________
‎‎____________________________________________________________________

‎‎F.I.O.

Komissiya _________________________________________________________________ning‎‎

‎‎F.I.O.

‎‎_________________________________ fanlari doktori ilmiy darajasini olishga qoʻyilgan

‎‎fan sohasi

‎‎dissertatsiyasi yuzasidan yashirin berilgan ovozlarni sanash uchun saylangan.
‎‎
‎‎Kengash tarkibi ____ kishidan iborat etib tasdiqlangan.
‎‎Fan doktori ilmiy darajasi beruvchi ilmiy kengash tarkibiga hal qiluvchi ovoz huquqi bilan qoʻshimcha ravishda _______ kishi kiritilgan.
‎‎
Majlisda kengash aʼzolaridan _____ kishi, shu jumladan koʻrib chiqilayotgan dissertatsiya ixtisosligi boʻyicha _____ nafar fan doktori ishtirok etdi.

‎‎_____ ta byulleten tarqatildi.

‎‎_____ ta byulleten tarqatilmay qoldi.
‎‎Qutichada ______ ta byulleten borligi aniqlandi.
‎‎Ovoz berish natijalari:
‎‎____________________________________________________________________________ ga

‎‎F.I.O.

‎‎_______________________________________________ fanlari doktori ilmiy darajasini

‎‎fan sohasi

‎‎berish boʻyicha quyidagicha ovoz berildi:
‎‎tarafdorlar ________ta;
‎‎qarshilar ___________ta;
‎‎yaroqsiz deb topilgan byulletenlar ______ ta.

‎‎Hisob komissiyasi raisi _____________________________________________________

‎‎F.I.O. ‎‎

‎‎Komissiya aʼzolari _________________________________________________________

‎‎F.I.O. ‎‎

‎‎__________________________________________________

‎‎F.I.O. ‎‎ ‎‎

Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash toʻgʻrisidagi nizomga
6-ILOVA

‎‎Kengash aʼzolarining

‎‎

‎‎QAYD VARAQASI

‎‎_____________________________________________________________ixtisosligi boʻyicha
ixtisoslik shifri va nomi ‎‎
‎‎_____________________________________________________dissertatsiya himoyasi yuzasidan

‎‎F.I.O.

‎‎
‎‎20 ____ yil _______________ dagi kengash majlisining ____________- son bayonnomasiga oid

F.I.O.‎

Ilmiy darajasi, kengashdagi ixtisoslik shifri‎

Majlisga keldi (imzo)‎

Byulleten oldi (imzo)‎


‎‎
‎‎
‎‎Kengash ilmiy kotibi

‎‎(imzo, F.I.O.)

(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 13-son, 166-modda; 2014-y., 52(I)-son, 649-modda)