|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 25.11.2021
|
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasi va tamg‘alanishi to‘g‘risida
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasi 2021-yil 23-avgustdagi O‘RQ-710-sonli “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan 2021-yil 25-noyabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi realizatsiya qilishga mo‘ljallangan qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasini (probasini) aniqlash va tamg‘alash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasi va tamg‘alanishi to‘g‘risidagi qonunchilik
Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasi va tamg‘alanishi to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasi va tamg‘alanishi to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Qimmatbaho metallardan yasalgan, tamg‘alanishi lozim bo‘lgan buyumlar
Zargarlik buyumlari, oltin zarvaraq, kumush zarvaraq va tish yasashga mo‘ljallangan oltin quymalar qimmatbaho metallardan yasalgan, tamg‘alanishi lozim bo‘lgan buyumlardir.
4-modda. Qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik buyumlari
Oltin, kumush, platina va platina guruhiga kiruvchi metallardan (palladiy, iridiy, rodiy, ruteniy va osmiydan) yasalgan, asillik darajasiga ega bo‘lgan va qonunchilikda belgilangan tartibda tamg‘alanishi lozim bo‘lgan buyumlar qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik buyumlari deb hisoblanadi.
(4-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
5-modda. Oltin zarvaraq va kumush zarvaraq
Oltin zarvaraq qalinligi 0,12 mikron bo‘lgan oltin varaqlardan iborat bo‘ladi.
Kumush zarvaraq qalinligi 0,32 mikron bo‘lgan kumush varaqlardan iborat bo‘ladi.
Oltin zarvaraq va kumush zarvaraq asillik darajasiga ega bo‘ladi va qonunchilikda belgilangan tartibda tamg‘alanadi.
(5-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oltin zarvaraq va kumush zarvaraq turli predmetlarni bezash-pardozlash va boshqa maqsadlar uchun ishlatiladi.
6-modda. Tish yasashga mo‘ljallangan oltin quymalar
Asillik darajasiga ega bo‘lgan va qonunchilikda belgilangan tartibda tamg‘alanishi lozim bo‘lgan tegishli shakldagi plastinalar tish yasashga mo‘ljallangan oltin quymalar deb hisoblanadi.
(6-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
7-modda. Vakolatli davlat organi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligining Davlat asillik darajasini belgilash palatasi (bundan buyon matnda Asillik darajasini belgilash palatasi deb yuritiladi) qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasini aniqlash va tamg‘alash sohasidagi vakolatli davlat organidir.
Asillik darajasini belgilash palatasi to‘g‘risidagi nizom O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tasdiqlanadi.
(7-modda O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi 621-II-son Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 25-son, 287-modda)
8-modda. Asillik darajasini belgilash palatasining vakolatlari
Asillik darajasini belgilash palatasi:
O‘zbekiston Respublikasida tayyorlanadigan hamda sotish uchun chet ellardan olib kirilayotgan, qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasini aniqlash, tekshirish va ularga davlat asillik darajasi tamg‘alarini bosishni ta’minlaydi;
davlat asillik darajasi tamg‘alarining, tayyorlovchilarga tegishli shaxsiy tamg‘alarning izlarini texnik ekspertizadan o‘tkazadi va ular yuzasidan xulosalar beradi;
qimmatbaho metallar bilan ishlash uchun ro‘yxatdan o‘tganlik guvohnomalarini beradi;
(8-moddaning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 4-sentabrdagi O‘RQ-373-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 36-son, 452-modda)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-maydagi 399-son qarori bilan tasdiqlangan Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan ishlash uchun ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasini berish tartibi to‘g‘risida nizom.
qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning ushbu Qonunda belgilangan asillik darajasiga muvofiqligi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajalari mazkur Qonunda belgilangan asillik darajasiga mos kelsa, ularga davlat asillik darajasi tamg‘alari izlarini tushiradi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
(8-moddaning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
9-modda. Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasi
Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlardagi asillik darajasi qotishmaning ming og‘irlik birligida qancha birlikdagi qimmatbaho metall miqdori mavjudligini belgilaydi va bu arab raqamlari bilan ifodalanadi.
O‘zbekiston Respublikasida asillik darajasining metrik tizimi qo‘llaniladi:
1) zargarlik buyumlari uchun:
oltin — 375 (uch yuz yetmish beshinchi), 500 (besh yuzinchi), 583 (besh yuz sakson uchinchi), 585 (besh yuz sakson beshinchi), 750 (yetti yuz elliginchi), 916 (to‘qqiz yuz o‘n oltinchi), 958 (to‘qqiz yuz ellik sakkizinchi), 999 (to‘qqiz yuz to‘qson to‘qqizinchi);
kumush — 800 (sakkiz yuzinchi), 875 (sakkiz yuz yetmish beshinchi), 916 (to‘qqiz yuz o‘n oltinchi), 925 (to‘qqiz yuz yigirma beshinchi), 960 (to‘qqiz yuz oltmishinchi), 999 (to‘qqiz yuz to‘qson to‘qqizinchi);
platina — 950 (to‘qqiz yuz elliginchi), 999 (to‘qqiz yuz to‘qson to‘qqizinchi);
palladiy — 500 (besh yuzinchi), 850 (sakkiz yuz elliginchi), 999 (to‘qqiz yuz to‘qson to‘qqizinchi);
2) oltin zarvaraq va kumush zarvaraq uchun — 910 (to‘qqiz yuz o‘ninchi), 920 (to‘qqiz yuz yigirmanchi), 930 (to‘qqiz yuz o‘ttizinchi), 940 (to‘qqiz yuz qirqinchi), 950 (to‘qqiz yuz elliginchi), 960 (to‘qqiz yuz oltmishinchi), 970 (to‘qqiz yuz yetmishinchi), 980 (to‘qqiz yuz saksoninchi), 990 (to‘qqiz yuz to‘qsoninchi), 1000 (minginchi);
3) tish yasashga mo‘ljallangan mahsulotlar uchun:
oltin quymalar — 900 (to‘qqiz yuzinchi) va 916 (to‘qqiz yuz o‘n oltinchi).
Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlar quyidagi asillik darajasidan past bo‘lishi mumkin emas:
oltin — 375 (uch yuz yetmish beshinchi);
kumush — 800 (sakkiz yuzinchi);
platina — 950 (to‘qqiz yuz elliginchi);
palladiy — 500 (besh yuzinchi).
Ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan asillik darajasidan past darajaga ega bo‘lgan buyumlar qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlar deb hisoblanmaydi va qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlar sifatida realizatsiya qilinishi mumkin emas.
10-modda. Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarni tamg‘alash
O‘zbekiston Respublikasida tayyorlangan, qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlar ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq davlat asillik darajasi tamg‘asi bilan tamg‘alanishi lozim.
(10-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlar ularning bildirilgan asillik darajasini tasdiqlab berish maqsadidagina, nazorat tekshiruvidan o‘tkazilgandan keyin tamg‘alanadi.
Tamg‘alash, boshqa ishlarni amalga oshirish tartibi, shuningdek asillik darajalarini va tekshiruvlarni tanlash usullari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarni tamg‘alash qoidalariga muvofiq belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qimmatbaho metallar xarid qilish, saqlash va sotish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 2003-yil 31-oktabrdagi PF-3346-sonli Farmoniga asosan Davlat asillik darajasini belgilash palatasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligi ixtiyoriga o‘tkazilgan.
11-modda. Davlat asillik darajasi tamg‘alari
Davlat asillik darajasi tamg‘alari qimmatbaho metallning har bir turi uchun belgilangan shakldagi tamg‘alar bo‘lib, Asillik darajasini belgilash palatasining tasdiq belgisi hamda buyum tayyorlangan qimmatbaho metallning asillik darajasini ko‘rsatuvchi raqamlardan iborat bo‘ladi.
Davlat asillik darajasi tamg‘alarining shakllari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
12-modda. Davlat asillik darajasi tamg‘alarini saqlash va ulardan foydalanish
Asillik darajasini belgilash palatasi davlat asillik darajasi tamg‘alarining saqlovchisi va foydalanuvchisi hisoblanadi.
13-modda. Tayyorlovchining shaxsiy tamg‘asi
Asillik darajasini belgilash palatasiga tamg‘alash uchun taqdim etilgan, O‘zbekiston Respublikasida tayyorlangan, qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarda tayyorlovchining shaxsiy tamg‘asi qo‘yilgan bo‘lishi kerak.
Tayyorlovchining shaxsiy tamg‘asi harf yoki harflar birikmasidan yoxud uni o‘zga tayyorlovchilarning tamg‘asidan farqlovchi boshqa belgidan iborat bo‘ladi. Tayyorlovchining shaxsiy tamg‘asida buyum tayyorlangan yil ko‘rsatiladi.
Tayyorlovchining shaxsiy tamg‘asi qonunchilikda belgilangan tartibda Asillik darajasini belgilash palatasida ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim.
(13-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
14-modda. Qimmatbaho metallardan yasalgan, tamg‘alanmaydigan buyumlar
Quyidagilar davlat asillik darajasi tamg‘asi bilan tamg‘alanmaydi:
ushbu Qonun 9-moddasining uchinchi qismida belgilanganidan past asillik darajasiga ega bo‘lgan oltin, kumush, platina va palladiydan yasalgan buyumlar;
tarixiy yoki arxeologik ahamiyatga ega yoxud O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining belgilangan tartibda tuzilgan ekspert xulosasi mavjud bo‘lgan yuksak badiiy qimmatga molik, qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlar;
(14-moddaning birinchi qismi uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 13-iyundagi O‘RQ-436-son Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 24-son, 487-modda)
qurollar, vazalar, idishlar va boshqa ashyolar sirtidagi qimmatbaho metalli mayda o‘yma naqshlar (qadama naqshlar);
ilmiy, texnik va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan, qimmatbaho metallardan yasalgan asbob-anjomlar, laboratoriya idishlari va boshqa buyumlar;
qimmatbaho metallardan yasalgan xomaki mahsulotlar va quymalar;
O‘zbekiston Respublikasining va boshqa davlatlarning tangalari;
yasama tishlar;
belgilar, farqlash belgilari va medallar, sport mukofotlari;
zarqog‘ozlar.
Qonunchilikda tamg‘alanmaydigan, qimmatbaho metallardan yasalgan boshqa buyumlar ham nazarda tutilishi mumkin.
(14-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
15-modda. Qimmatbaho metallardan yasalgan, qayta tiklangan buyumlar
Qimmatbaho metallardan yasalgan, qayta tiklangan, realizatsiya qilishga mo‘ljallangan buyumlar asillik darajasi tamg‘asining izlari mavjudligidan va sifatidan qat’i nazar Asillik darajasini belgilash palatasida ularning bildirilgan asillik darajasiga mosligini aniqlash uchun nazorat tekshiruvidan o‘tishi lozim.
Agar qimmatbaho metalldan yasalgan, qayta tiklangan buyumning asillik darajasi mavjud tamg‘adagi asillik darajasiga mos kelsa, davlat asillik darajasining tamg‘asi bosiladi.
Agar qimmatbaho metalldan yasalgan, qayta tiklangan buyumning asillik darajasi mavjud tamg‘adagi asillik darajasiga mos kelmasa, bosilgan tamg‘a yo‘q qilinadi va buyumga belgilangan tartibda qayta tamg‘a bosilishi lozim.
Agar qimmatbaho metalldan yasalgan, qayta tiklangan buyumga tamg‘a bosilmagan bo‘lsa, uning asillik darajasi belgilanganidan so‘ng davlat asillik darajasining tegishli tamg‘asi bosiladi.
16-modda. Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning bildirilgan asillik darajasiga muvofiqligi
Qimmatbaho metallardan yasalgan buyum, agar uning tarkibidagi sof oltin, kumush, platina yoki palladiyning miqdori bildirilganidan kam bo‘lmasa, bildirilgan asillik darajasiga muvofiq deb hisoblanadi.
Asillik darajasi ushbu Qonun 9-moddasining uchinchi qismida belgilanganidan past bo‘lgan qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlar tayyorlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
17-modda. Olib kiriladigan va olib chiqiladigan qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarni tamg‘alash tartibi
Realizatsiya qilish uchun olib kiriladigan va olib chiqiladigan qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarga davlat asillik darajasi tamg‘asi bosilishi kerak.
Qimmatbaho metallardan yasalgan, olib kirilayotgan, bildirilganidan boshqacha asillik darajasiga ega bo‘lgan buyumlardagi tamg‘a egasining roziligiga ko‘ra yo‘q qilinadi. Ushbu buyumlarga qonunchilikka muvofiq belgilangan asillik darajasiga eng yaqin asillik darajasi tamg‘asi qayta bosilishi lozim. Egasi rozi bo‘lmagan taqdirda ushbu buyumlarni u O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqib ketishga majburdir.
(17-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Olib kirilayotgan buyumlarni tamg‘alash bilan bog‘liq xarajatlar ularning egalari tomonidan qoplanadi.
Tranzit tarzida olib o‘tilayotgan qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlar tamg‘alanmaydi.
18-modda. Asillik darajasi to‘lovi
Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasini belgilash va tamg‘alash bilan bog‘liq yuridik ahamiyatga ega harakatlarni amalga oshirganlik uchun Asillik darajasini belgilash palatasi tomonidan asillik darajasi to‘lovi undiriladi.
Asillik darajasi to‘lovining miqdori va uni to‘lash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-oktabrdagi 819-son qarori bilan tasdiqlangan “Qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik va boshqa buyumlarning asillik darajasini belgilash va tamg‘alash bilan bog‘liq yuridik ahamiyatga ega harakatlarni amalga oshirganlik uchun asillik darajasi to‘lovini undirish tartibi to‘g‘risida nizom”.
19-modda. Nizolarni hal etish
Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasi va tamg‘alanishi bilan bog‘liq nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(19-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
20-modda. Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasi va tamg‘alanishi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasi va tamg‘alanishi to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishida aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
(20-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Tashkent sh.,
2001-yil 7-dekabr,
317-II-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 1-son, 17-modda; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 25-son, 287-modda; 2005-y., 37-38-son, 277-modda; 2014-y., 36-son, 452-modda; 2017-y., 24-son, 487-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)