Oʻzbekiston Respublikasi bilan Hindiston Respublikasi oʻrtasida
Shartnoma
JINOIY IShLAR YuZASIDAN OʻZARO HUQUQIY YoRDAM TOʻGʻRISIDA
2000-yil 2-may, Dehli
 LexUZ sharhi
Mazkur Shartnoma Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2000-yil 31-avgustdagi 126-II-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi bilan Hindiston Respublikasi oʻrtasida jinoiy ishlar yuzasidan oʻzaro huquqiy yordam toʻgʻrisidagi shartnomani ratifikatsiya qilish haqida”gi Qarori bilan ratifikatsiya qilingan.
(2001-yil 17-apreldan kuchga kirgan)
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Hindiston Respublikasi, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
hamkorlikni kuchaytirish va jinoiy ishlar boʻyicha oʻzaro huquqiy yordamni rivojlantirish orqali jinoyatlarni, bunga terrorizm ham kiradi, tekshirish, jinoiy taʼqib qilish va oldini olishda ikkala Tomonning faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
I QISM
UMUMIY QOIDALAR
1-modda
Oʻzaro huquqiy yordamlashish boʻyicha majburiyatlar
1. Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Shartnomaga muvofiq bir-birlariga jinoiy ishlar yuzasidan keng koʻlamda oʻzaro yordamlashadilar.
2. Ushbu moddaning 1-bandida tilga olingan oʻzaro huquqiy yordam deganda, soʻralayotgan Tomon tarafidan soʻrayotgan Tomon yurisdiksiyasi doirasida, bunday huquqiy yordam sud yoki boshqa biron-bir organ tarafidan soʻralayotgan yoinki berilishi-berilmasligidan qatʼi nazar, jinoiy ishlar boʻyicha tekshirish va protsessual faoliyat yuzasidan koʻmaklashish tushuniladi.
3. Ushbu modda 1-bandida tilga olingan jinoiy ishlar deganda Oʻzbekiston Respublikasi uchun Oʻzbekiston Respublikasi jinoiy qonunlarida koʻzda tutilgan har qanday huquqbuzarlikka oid tekshirish yoki protsessual faoliyat, Hindiston Respublikasi uchun — Parlament chiqargan qonunlarda, shuningdek shtatlarning qonunlarida koʻzda tutilgan har qanday huquqbuzarlikka oid tekshirish yoki protsessual faoliyat tushuniladi.
4. Jinoiy ishlar, shuningdek soliq, bojxona bojlari va toʻlovlariga oid, sarmoya va toʻlovlarni xalqaro oʻtkazishga aloqador, bunga terrorizmga madad berish uchun foydalaniladigan oʻtkazishlar ham kiradi, jinoiy huquqbuzarliklarga oid tekshirish yoki protsessual faoliyatni ham oʻz ichiga oladi.
5. Jinoiy ishlar, shuningdek terrorizm, yaʼni siyosiy maqsadlarda yoxud aholini qoʻrqitish uchun zoʻravonlik qilishga aloqador jinoiy huquqbuzarliklarga oid tekshirish yoki protsessual faoliyatni ham oʻz ichiga oladi.
6. Huquqiy yordam deganda quyidagilar tushuniladi:
6.1 shaxslar va narsalarning joyini aniqlash va tayin qilish;
6.2 hujjatlarni, jumladan shaxslarning kelib-ketishlari talab etiladigan hujjatlarni topshirish;
6.3 axborot, hujjatlar va boshqa materiallarni, bunga jinoiy va sudlov materiallari ham kiradi, taqdim etish;
6.4 mol-mulkni berish;
6.5 ashyoviy dalillarni vaqtincha berib turish;
6.6 shaxslarning guvohlik koʻrsatmalarini va arizalarini olish
6.7 tintuv oʻtkazish va ashyolarni olib qoʻyish toʻgʻrisidagi soʻrovlarni bajarish;
6.8 guvohlar, shuningdek boshqa shaxslarning, jumladan ekspertlarning guvohlik koʻrsatmalari berishi va hibsda saqlanayotgan shaxslar ustidan tekshiruv ishlari olib borilishiga koʻmaklashishini taʼminlash;
6.9 jinoyat orqali qoʻlga kiritilgan mol-mulk turgan joyni aniqlash, uni hibsga olish, tortib olish va musodara qilish tadbirlarini koʻrish;
6.10 terrorizm maqsadlari uchun moʻljallangan vositalarning joyini aniqlash, ularni hibsga olish, tortib olish va musodara qilish boʻyicha tadbirlarini koʻrish; hamda
6.11 ushbu Shartnomaga muvofiq boʻlgan boshqa turdagi yordamlarni berish.
2-modda
Soʻrovlarni bajarish
1. Huquqiy yordam berish toʻgʻrisidagi soʻrovlar soʻralayotgan Tomonning qonunlariga muvofiq oshigʻich ravishda va taqiqlanmagan boʻlsa, soʻrayotgan Tomon koʻrsatgan tarzda bajariladi.
2. Agar soʻrayotgan Tomon oʻz soʻrovida bu toʻgʻrida maxsus qayd qilgan boʻlsa, soʻralayotgan Tomon soʻrovni bajarish vaqti hamda joyini unga xabar qiladi.
3. Soʻralayotgan Tomon bank sirlarining asoslari toʻgʻrisida soʻrovni bajarishni rad etmaydi.
3-modda
Huquqiy yordam berishni rad etish yoki kechiktirish
1. Agar soʻralayotgan Tomon soʻrovni bajarish uning suvereniteti, xavfsizligi, jamoat tartibi va jamiyatning boshqa muhim manfaatlariga ziyon yetkazadi, deb hisoblasa, soʻrovni bajarish rad etilishi mumkin.
2. Soʻrovni bajarish oʻtkazilayotgan tekshirish yoki soʻralayotgan Tomon yurisdiksiyasi doirasida jinoiy taʼqibni amalga oshirishga xalaqit beradigan boʻlsa, Soʻralayotgan Tomon huquqiy yordam berish toʻgʻrisidagi soʻrovni bajarishni kechiktirishi mumkin.
3. Soʻralayotgan Tomon soʻrayotgan Tomonni sababini koʻrsatgan holda, soʻrovni bajarishni toʻla yoki qisman rad etish yoinki uni bajarishni kechiktirish toʻgʻrisidagi qaroridan xabardor qiladi.
4. Soʻralayotgan Tomon yordam berish toʻgʻrisidagi soʻrovni bajarishni rad etish yoki uni kechiktirish haqida qaror qabul qilishdan avval huquqiy yordam qanday shart-sharoitda berilishi mumkinligini ham koʻrib chiqadi. Agar soʻrayotgan Tomon shu sharoitda huquqiy yordamni qabul qilishga rozi boʻlsa, u bunga amal qiladi.
II QISM
MAXSUS QOIDALAR
4-modda
Shaxslar va narsalarning joyini aniqlash va tayin belgilash
Soʻralayotgan Tomonning vakolatli organlari soʻrovda koʻrsatilgan shaxslar va narsalarning joyini aniqlash va tayin belgilash uchun barcha choralarni koʻradilar.
5-modda
Hujjatlarni topshirish
1. Soʻralayotgan Tomon unga soʻrov maqsadlarida berilgan hujjatlarni topshiradi.
2. Soʻrayotgan Tomon javob berilishi kerak boʻlgan yoki soʻrayotgan Tomonning yurisdiksiyasi doirasida qatnashishi kutilayotgan hujjatning bunday javob yoki hozir boʻlishi zarur hujjat uchun tayinlangan maqbul muddat ichida topshirilishi toʻgʻrisida soʻrov beradi. Qanchalik vaqtni “maqbul” muddat deb belgilashda soʻrayotgan Tomon soʻralayotgan Tomonning yurisdiksiyasi doirasidagi imkoniyatlarni hisobga oladi.
3. Soʻralayotgan Tomon hujjatlar soʻrayotgan Tomon koʻrsatgan tarzda topshirilganini tasdiqlaydi. Hujjatni topshirish orqaga surilsa yoki qoldirilsa, buning sabablari soʻrayotgan Tomonga xabar qilinadi.
6-modda
Hujjatlar va narsalarni berib yuborish
1. Huquqiy yordam berish toʻgʻrisidagi soʻrov material va hujjatlarga taalluqli boʻlsa, soʻralayotgan Tomon agar soʻrayotgan Tomon asl nusxalarning oʻzini talab etmayotgan boʻlsa, ularning lozim tartibda tasdiqlangan nusxalarini berib yuborishi mumkin, asl nusxalar soʻralgan holda esa soʻralayotgan Tomon bunday soʻrovni bajarish uchun barcha lozim choralarni koʻradi.
2. Soʻrayotgan Tomonga berib yuborilgan materiallar, hujjatlar yoki narsalarning asl nusxalari soʻralayotgan Tomonning soʻroviga koʻra, iloji boricha darhol qaytarilishi lozim.
3. Soʻralayotgan Tomonning qonunlari yoʻl bersa, materiallar, hujjatlar yoki narsalar soʻrayotgan Tomonning qonunlariga muvofiq kelishi uchun soʻrayotgan Tomon talab qilishi mumkin boʻlgan tartibda tasdiqlab yuboriladi.
7-modda
Jarayonda ishtirok etadigan shaxslarning soʻralayotgan Tomon yurisdiksiyasi doirasida qatnashishlari
1. Soʻralayotgan Tomon yurisdiksiyasi doirasida koʻrsatma berish yoki hujjatlar, materiallar yoxud ashyolarni taqdim etishi, shuningdek soʻralayotgan Tomon qonunlari talabiga muvofiq boʻlgan hujjatlar, materiallar yoxud ashyolarni taqdim etishi talab etilayotgan shaxs, zaruratga koʻra, chaqiruv qogʻozi berish orqali yoki boshqa biron tartibda qatnashish va koʻrsatma berish uchun chorlanadi.
2. Soʻralayotgan Tomon oʻz qonunlari talabiga koʻra soʻrovni bajarishda unda koʻrsatilgan shaxslarning hozir boʻlishi va soʻroq qilinayotgan shaxsga beriladigan savollarini etishlariga yoʻl qoʻyishi mumkin.
3. Soʻrovni bajarishda hozir boʻladigan shaxslarning protsessual xatti-harakatlar chogʻida soʻzma-soʻz yozib olishlariga yoʻl qoʻyiladi. Soʻralayotgan Tomonning qonunlarida taqiqlanmagan boʻlsa, bunday yozib olishni amalga oshirish uchun texnikaviy vositalarni qoʻllashga ruxsat beriladi.
8-modda
Koʻrsatmalar berishni tashkil etish yoki soʻralayotgan Tomonning yurisdiksiyasi doirasida shaxslar ustidan tekshirish oʻtkazishga koʻmaklashish
1. Soʻrayotgan Tomon soʻralayotgan Tomondan tekshirish oʻtkazishda shaxsning koʻrgazma berishi yoki yordamlashishini soʻrashi mumkin.
2. Soʻralayotgan Tomon shaxsni ixtiyoriy ravishda u tekshirish oʻtkazishda yordamlashish uchun yoki guvohlik koʻrsatmasi berishi uchun taklif etishi mumkin. Ushbu shaxs barcha xarajatlar qoplanishi va toʻlanadigan mablagʻlar xususida xabardor etilishi lozim. Soʻralayotgan Tomon ushbu shaxsning javobi toʻgʻrisida soʻrayotgan Tomonga xabar qiladi.
9-modda
Tintuv va olib qoʻyish
1. Tintuv oʻtkazish va olib qoʻyish toʻgʻrisidagi soʻrovni bajarayotgan vakolatli organ soʻrayotgan Tomon soʻrab qolishi mumkin boʻlgan, olib qoʻyilgan hujjatlar, materiallar yoki ashyolarning aniqligi, holati, tugalligi, davomiyligi kabi jihatlar hamda olib qoʻyish tafsilotlarini oʻz ichiga olgan axborotni taqdim etadi.
2. Soʻrayotgan Tomon olib qoʻyilgan hujjatlar, materiallar yoki ashyolar oʻziga berilishida soʻralayotgan Tomon oʻrtaga qoʻygan shartlarga amal qiladi.
10-modda
Hibsda saqlanayotgan shaxslarning guvohlik koʻrsatmalarini berishi yoki tekshirish oʻtkazishga koʻmaklashishini tashkil etish
1. Soʻralayotgan Tomonning yurisdiksiyasi doirasida boʻlgan hibsda saqlanayotgan shaxs soʻrayotgan Tomonning soʻroviga koʻra tekshirish oʻtkazishga koʻmaklashish yoki jarayonda guvohlik koʻrsatmasi berish uchun, ushbu shaxsning roziligiga koʻra hamda bunday shaxsni berishga toʻsqinlik qiladigan asos boʻlmagan hollarda soʻrayotgan Tomonga vaqtincha berilishi mumkin. Soʻrayotgan Tomon ushbu shaxsni hibsda saqlaydi va uni soʻrovni bajarish yakunlanishi bilanoq soʻralayotgan Tomonga qaytaradi.
2. Chiqarilgan hukm muddatining oʻtganligi yoki soʻralayotgan Tomon soʻrayotgan Tomonga berilgan shaxsni hibsda saqlash ehtiyoji barham topganligini xabar qilsa, ushbu shaxs ozod etilishi lozim va bu holda unga nisbatan ushbu Shartnomaning 8-moddasi qoidalari qoʻllanadi.
11-modda
Xavfsizlik kafolatlari
1. Soʻrayotgan Tomonning yurisdiksiyasi doirasida turgan shaxs uning hozir boʻlishini taqozo etgan soʻrovga muvofiq, ushbu Shartnoma 10-moddasining 1-bandi koʻzda tutilgan holatlardan tashqari hollarda hibsga olinmaydi yoki boshqa har qanday cheklovga duchor qilinmaydi, shuningdek ushbu shaxs uning soʻralayotgan Tomon yurisdiksiyasi hududidan chiqishidan avval qilgan yoki qilmagan xatti-harakati uchun jinoiy javobgarlikka tortilmaydi. Bunday shaxs ushbu soʻrov mansub boʻlgan jarayondan boʻlak har qanday jarayon boʻyicha koʻrsatma berishga majbur emas.
2. Shaxs uning hozir boʻlishi ortiq shart emas ekanligi toʻgʻrisida rasman xabardor qilinganidan keyin oʻttiz kun mobaynida soʻrayotgan Tomon yurisdiksiyasi hududini ixtiyoriy ravishda tark etmasa yoki uning yurisdiksiyasi hududini tark etib, yana oʻz xohishi bilan unga qaytib kelsa, unga nisbatan ushbu moddaning 1-bandi qoʻllanmaydi.
3. Soʻrayotgan Tomon yurisdiksiyasi hududiga kelmagan har qanday shaxs buning uchun soʻralayotgan Tomonning hech qanday sanksiyalari yoki majburlash choralariga duchor qilinmaydi.
12-modda
Jinoyat orqali qoʻlga kiritilgan mol-mulk
1. Soʻralayotgan Tomon soʻrovga koʻra oʻzining yurisdiksiyasi doirasida jinoyat orqali topilgan har qanday mol-mulk, jumladan terrorizm maqsadida sarflanadigan mablagʻ bor-yoʻqligini aniqlash uchun barcha chora-tadbirlarni koʻradi va tekshirish natijalari toʻgʻrisida soʻrayotgan Tomonga xabar qiladi.
2. Soʻrov jinoyat orqasida topilgan mol-mulk, jumladan terrorizm maqsadida sarflanadigan mablagʻni hibsga olish yoki musodara etishni taʼminlash maqsadida berilishi mumkin. Bunday yordam soʻralayotgan Tomonning qonunlariga muvofiq ravishda, istalgan maqbul usulda beriladi. Bu soʻrayotgan Tomonning sudi yoki boshqa vakolatli organining qarorini kuchlantirish yoxud soʻralayotgan Tomonda mol-mulkni hibsga olish yoinki musodara qilish maqsadida soʻralayotgan Tomonning vakolatli organiga soʻrov yuborishni oʻz ichiga olishi mumkin.
3. Soʻrov jinoyat orqasida topilgan mol-mulkni qaytarib berish toʻgʻrisida qaror ijrosini taʼminlash maqsadida hibsga olishda yordam soʻrab berilishi mumkin.
4. Jinoyat orqasida topilgan va ushbu Shartnomaga muvofiq hibsga olingan yoki musodara etilgan mol-mulk, agar har bir alohida holatda boshqacha ahdlashuvga erishilmagan boʻlsa, soʻralayotgan Tomonga tegishli boʻladi.
5. Ushbu moddaning 1- va 2-bandlariga muvofiq yordam soʻrab berilgan soʻrovga binoan soʻralayotgan Tomonda choralar koʻrilgan boʻlsa hamda Oʻzbekiston Respublikasi va Hindiston Respublikasida mulkni hibsga olish va musodara qilish toʻgʻrisidagi buyruqnomada manfaatlari aks etgan shaxsning tavsiyasi mavjud boʻlsa, tegishli Ahdlashuvchi Tomon bu toʻgʻrisida boshqa Ahdlashuvchi Tomonga iloji boricha tezda xabar beradi hamda tez orada ushbu tavsiyani koʻrib chiqish natijalarini maʼlum qiladi.
III QISM
PROTSEDURA
13-modda
Soʻrovning mazmuni
1. Har qanday hollarda soʻrovda quyidagilar aks ettirilishi kerak:
1.1 ish yuzasidan tekshirish, jinoiy taʼqib yoki ishlab chiqarish olib boradigan, soʻrov yuborilgan vakolatli organning nomi;
1.2 ish yuzasidan tekshirish, jinoiy taʼqib yoki ishlab chiqarish mazmunining bayoni hamda ishga aloqador faktlarning nusxalari yoki qisqa tafsiloti va tegishli qonunlar matni;
1.3 soʻrovni yuborishdan maqsad va soʻralayotgan yordam turi;
1.4 soʻrovni bajarishning maqbul muddati.
2. Huquqiy yordam soʻrab berilgan soʻrovda, shuningdek quyidagi axborot ham boʻlishi lozim:
2.1 iloji boʻlsa — ish yuzasidan tekshirish yoki ishlab chiqarish olib borilayotgan shaxs yoki shaxslarning kimligi, fuqaroligi, turar joyi toʻgʻrisida maʼlumot;
2.2 zarur boʻlsa — sababini koʻrsatgan holda, soʻrayotgan Tomon uchun amal qilinishi maqbul boʻladigan istalgan alohida protsessual xatti-harakat yoki talabning mazmuni;
2.3 guvohlik koʻrsatmalari olish yoki tintuv oʻtkazish va olib qoʻyish toʻgʻrisida soʻrov yuboriladigan hollarda — shunday dalillar soʻralayotgan Tomon yurisdiksiyasi doirasida boʻlishi mumkinligi haqidagi taxmin asoslangan ariza;
2.4 shaxsdan guvohlik koʻrsatmalarini olish toʻgʻrisida soʻrov yuboriladigan hollarda — ushbu guvohlik koʻrsatmalarini guvohlik koʻrsatmalari yoki ariza beradigan shaxsdan qasam ichirib olinishi, tasdiqlanishi yoki soʻralayotgan Tomonning qonunlarida koʻzda tutilgan boshqa tarzda olinishi lozim yoki shart emasligi toʻgʻrisida axborot;
2.5 ashyoviy dalillarni vaqtincha berib turish hollarida — bu ashyoviy dallollarni saqlab turadigan shaxs yoki shaxslar guruhi, ular topshiriladigan joy, ular yuzasidan oʻtkaziladigan ekspertizalar tarzi va ular qaytarib beriladigan sana;
2.6 hibsda saqlanadigan shaxslar ishtirok etadigan hollarda — oʻtkazishning butun davrida ularning hibsda saqlanishi uchun masʼul boʻlgan shaxs va shaxslar guruhi, hibsdagi shaxsni olib borish lozim boʻlgan joy va uning qaytarilish sanasi;
2.7 shart boʻlsa — maxfiylikni saqlash zarurati va buning sabablari;
2.8 soʻrovni bajarish uchun asqotishi mumkin boʻlgan boshqa har qanday axborot.
3. Soʻralayotgan Tomon soʻrovda aks ettirilgan axborot soʻrovni bajarish uchun yetarli emas deb topsa, u qoʻshimcha axborot etilishini talab qilishi mumkin.
4. Soʻrov yozma ravishda beriladi. Kechiktirib boʻlmaydigan hollarda yoki soʻralayotgan Tomon yoʻl qoʻyadigan oʻzga hollarda soʻrov faks yoki elektron pochtaning boshqa kelishilgan vositalari orqali berilishi mumkin, ammo shundan soʻng darhol yozma asl nusxa orqali tasdiqlanishi kerak.
14-modda
Markaziy organlar
Ushbu Shartnomani bajarishda markaziy organlar barcha soʻrovlar va ularning javoblarini beradi hamda qabul qilib oladi.
Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi Markaziy Organ hisoblanadi; Hindiston Respublikasi tomonidan Hindiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Markaziy Organ hisoblanadi.
15-modda
Maxfiylik
1. Soʻralayotgan Tomon taqdim etilgan axborot yoki dalillar yoxud bunday axborot yoki dalillar manbai maxfiy saqlanishini yoinki ular oʻzi qoʻygan shartlarga amal qilinganidagina ochilishini talab qilishi mumkin. Soʻrayotgan Tomon ushbu axborot yoki dalillarni ana shu shartlar bilan qabul qilib olsa, ularga amal qilishi lozim.
2. Soʻralayotgan Tomon soʻrovga koʻra va soʻralayotgan darajada soʻrov, uning mazmuni, ilova etilgan hujjatlar hamda ushbu soʻrovga binoan koʻrilgan chora-tadbirlarning maxfiyligini saqlaydi. Soʻrovni bajarish uning maxfiyligini saqlagan holda mumkin boʻlmasa, soʻralayotgan Tomon bu toʻgʻrida soʻrayotgan Tomonni xabardor qiladi, soʻrayotgan Tomon esa, ushbu soʻrov shunday holda ham bajarilishi lozimmi-yoʻqmi, hal qiladi.
16-modda
Foydalanishni cheklash
Soʻralayotgan Tomon soʻralayotgan Tomon markaziy organining roziligini olmasdan turib taqdim etilgan axborot va dalillarni oshkor qilishi hamda ulardan soʻrovda koʻrsatilganidan boʻlak maqsadlarda foydalanishi mumkin emas.
17-modda
Tasdiqlash
Ushbu Shartnomaga muvofiq berilgan dalil va hujjatlarni ushbu Shartnomaning 6-moddasida koʻrsatilganidan boshqacha tartibda tasdiqlash shart emas.
18-modda
Tillar
Ushbu Shartnomani bajarishda Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz davlat tillaridan foydalanadilar. Uning boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlat tiliga va inglizchaga tarjimasi ham ilova qilinadi.
19-modda
Konsullik mansabdor shaxslari
1. Konsullik mansabdor shaxslari oʻzlari boʻlib turgan davlat hududida rasmiy soʻrovsiz, ixtiyoriy ravishda guvohlik koʻrsatmalari olishlari mumkin. Moʻljallanayotgan protsessual xatti-harakatlar toʻgʻrisida boʻlib turgan davlatga oldindan xabar beriladi. Bu davlat ushbu Shartnoma 3-moddasida koʻrsatilgan istalgan sababga binoan bunga oʻz roziligini bermasligi mumkin.
2. Konsullik mansabdor shaxslari konsullik binosiga ixtiyoriy ravishda kelgan shaxsga hujjatlarni topshirishlari mumkin.
20-modda
Xarajatlar
1. Soʻralayotgan Tomon oʻz hududida soʻrovni bajarishga oid xarajatlarni koʻtaradi. Soʻrayotgan Tomon koʻtaradigan quyidagi xarajatlar undan mustasno:
1.1 soʻrayotgan Tomonning soʻroviga binoan ushbu Shartnomaning 7- yoki 8-moddalariga asosan soʻralayotgan Tomon yurisdiksiyasi hududiga istalgan shaxsni olib borish va ushbu shaxsning soʻralayotgan Tomon yurisdiksiyasi doirasida boʻlgan chogʻidagi ovqatlanishi va boʻlak xarajatlari;
1.2 ham soʻralayotgan Tomon, ham soʻrayotgan Tomon yurisdiksiyasi doirasida ekspertlarning xarajatlari va ularning gonorarlari;
2. Soʻrovni bajarish haddan tashqari xarajatlarni taqozo etishi maʼlum boʻlib qolsa, Ahdlashuvchi Tomonlar soʻralayotgan yordam qanday sharoitda berilishi mumkinligi toʻgʻrisida maslahatlashib oladilar.
IV QISM
YAKUNIY QOIDALAR
21-modda
Qoʻllash sohasi
Tegishli harakat yoki harakatsizlik bu sanaga qadar yuz bergan-bermaganligidan qatʼi nazar, ushbu Shartnoma kuchga kirganidan keyingi barcha soʻrovlarga nisbatan qoʻllanadi.
22-modda
Xalqaro konvensiyalar/shartnomalar
Ushbu Shartnoma Ahdlashuvchi Tomonlarning ular ishtirok etgan boshqa xalqaro konvensiyalar/shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlariga daxl qilmaydi.
23-modda
Maslahatlashuvlar
Ahdlashuvchi Tomonlar istalgan Ahdlashuvchi Tomonning ushbu Shartnomani yaxlit yoinki undagi biron-bir konkret masala yuzasidan talqin qilish yoki qoʻllash borasidagi iltimosiga binoan darhol maslahatlashuv oʻtkazadilar.
24-modda
Kuchga kirishi va toʻxtatilishi
1. Ushbu Shartnoma ratifikatsiya qilinadi va ratifikatsiya yorliqlari almashingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon istalgan vaqtda boshqa Ahdlashuvchi Tomonga diplomatik kanallar orqali bildirishnoma yuborib ushbu Shartnoma faoliyatini toʻxtatishi mumkin; ushbu Shartnoma shunday bildirishnoma olinganidan keyin olti oy oʻtgach kuchdan qoladi.
Dehli shahrida, 2000-yil 2-mayda ikki nusxada, oʻzbek, hind va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Talqinda har xilliklar kelib chiqqan hollarda ingliz tilidagi matn qoʻllanadi.
(imzolar)