Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
IShBILARMONLIK MUHITINI YANADA TUBDAN YaXShILASh VA TADBIRKORLIKKA YANADA KENG ERKINLIK BERISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Qayd etilsinki, keyingi yillarda Oʻzbekistonda bozor islohotlarini chuqurlashtirish va iqtisodiyotni liberallashtirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, raqobatni rivojlantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirishni ragʻbatlantirish yoʻlidan izchil olgʻa siljish borasida keng koʻlamdagi chora-tadbirlar kompleksi qabul qilindi.
2011 — 2015-yillar davrida Oʻzbekiston iqtisodiyotida islohotlar miqyosini kengaytirish va chuqurlashtirish boʻyicha tasdiqlangan chora-tadbirlar Dasturini amalga oshirish doirasida faqatgina soʻnggi yilning oʻzida tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish, xususiy mulk ustuvorligini taʼminlash va uning huquqiy muhofazasini kuchaytirish, korxonalarning moliya-xoʻjalik faoliyatiga davlat va nazorat qiluvchi idoralar aralashuvini kamaytirishga oid aniq chora-tadbirlar roʻyobga chiqarildi.
Tadbirkorlik subyektlarining davlat, huquqni muhofaza etuvchi va nazorat qiluvchi organlar bilan oʻzaro munosabatlarida tadbirkorlar huquqlarining ustuvorligi tamoyili qonun darajasida joriy etildi.
Tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatga olish, ularni muhandislik- kommunikatsiya tarmoqlariga ulash, eksport tovarlarini bojxonada rasmiylashtirish tartib-taomillari sezilarli darajada soddalashtirildi va arzonlashtirildi. Kichik biznes subyektlarida ular roʻyxatga olingan paytdan boshlab uch yil mobaynida soliqqa oid rejali tekshirishlar oʻtkazilishini taqiqlovchi tartib joriy etildi. Davlat tomonidan xarid qilishning yangi, yanada takomillashtirilgan, ochiq va oshkora mexanizmi oʻrnatilganki, bunda kichik biznes subyektlariga afzallik beriladi. Barcha kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini soliq va moliyaviy hisobotlarni topshirishning elektron tizimiga bosqichma-bosqich oʻtkazish boshlandi.
Respublika va mintaqalar boʻyicha iqtisodiyotni liberallashtirish va modernizatsiya qilish koʻlamlarini, mamlakatda ishbilarmonlik muhitini shakllantirish darajasini har chorakda baholash koʻrsatkichlari tizimi joriy etilgan.
Natijada 2000-yil bilan taqqoslaganda, kichik biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 31 foizdan 54 foizgacha koʻpaydi, ushbu sohada mehnat bilan band boʻlganlar soni shu davr ichida 2 barobardan koʻproq oshdi va iqtisodiyot tarmoqlarida mehnat bilan band boʻlganlarning 75,1 foizidan koʻprogʻi uning ulushiga toʻgʻri keladi. Hozirgi vaqtda yalpi ichki mahsulotning 82,5 foizi, sanoat mahsulotining 91 foizi va qishloq xoʻjaligining deyarli barcha mahsuloti nodavlat sektorida ishlab chiqarilmoqda.
Shu bilan birga, ishbilarmonlik muhitining hozirgi holati, biznesni yuritish shart-sharoitlari erkin bozor iqtisodiyoti talablari va tamoyillariga, umumqabul qilingan xalqaro meʼyor va standartlarga hali toʻliq darajada mos kelayotgani yoʻq. Tadbirkorlik faoliyatini ortiqcha reglamentlar bilan cheklab qoʻyish hollari hali ham bartaraf etilmagan, iqtisodiyot tarmoqlari va sektorlarida katta, serxarajat, nooshkora maʼmuriy tartib-taomillar hamon amal qilib kelmoqda, byurokratik toʻsiq va gʻovlarga barham berilmagan.
Hozirgi xalqaro amaliyotda qabul qilinganidek, reglamentga soluvchi tartibtaomillarni yanada soddalashtirish, arzonlashtirish va qisqartirish, davlat va nazorat qiluvchi organlar bilan tadbirkorlik subyektlari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarning bevosita muloqotsiz elektron shakllarini hamma joyda keng tatbiq etish talab qilinadi.
Ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratish, korxonalarning faoliyati bilan bogʻliq tartib-taomillarning barcha turlarini qisqartirish, soddalashtirish va ochiq-oydinlik darajasini oshirish, biznesni yuritish shart-sharoitlarini baholash mezonlarining jahon amaliyotida hamma tomonidan qabul qilingan tizimini joriy etish va shu asosda mamlakatimiz ishbilarmonlik va investitsiya muhiti darajasining xalqaro reytingini yanada oshirish maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirliklari, Markaziy banki tomonidan manfaatdor idoralar va tuzilmalar bilan birgalikda Jahon banki hamda uning boʻlinmasi boʻlgan Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan qabul qilingan “Biznesni yuritish” hisobotini shakllantirish metodikasiga muvofiq ishbilarmonlik muhiti holatini omillar asosida tahlil qilish hamda mamlakat reytingini belgilab beradigan baholash mezonlari va koʻrsatkichlarini tatbiq etish boʻyicha katta ishlar amalga oshirildi.
2. Quyidagilar bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish va iqtisodiyotni liberallashtirishning gʻoyat muhim vazifalari etib belgilansin:
tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish, byurokratik gʻovlarni tugatib borish, roʻyxatga olish va ruxsat berish tartib-taomillarini qisqartirish hamda soddalashtirish, soliq va bojxona maʼmuriyatchiligini, hisob-kitob va hisobot tizimini takomillashtirishga yoʻnaltirilgan qonun hujjatlarini mukammallashtirish evaziga mamlakatda ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirish uchun yanada qulayroq shart-sharoitlarni yaratish, xususiy mulkchilikning iqtisodiyotni rivojlantirishdagi hissasini oshirish;
biznesni yuritish shart-sharoitlarini baholashning jahon amaliyotida umumqabul qilingan xalqaro mezonlarini keng joriy etish hamda yetakchi xalqaro moliyaviy-iqtisodiy va reyting tashkilotlarining yuqori baho koʻrsatkichlariga erishish;
ichki bozorda raqobatni yanada chuqurlashtirish, mulkchilik va faoliyatni tashkil qilish shakllaridan qatʼi nazar, barcha tadbirkorlik subyektlari uchun biznesni yuritishda teng sharoitlar yaratish, bozor tamoyillari asosida moddiy-xomashyo va kredit resurslaridan foydalanishga, davlat xaridlarida hamda mahsulotlarni sotish va pudrat ishlarini amalga oshirish borasidagi tanlov savdolarida ishtirok etishga keng imkoniyatlar yaratib berish;
statistik, moliyaviy va soliq hisobotlarini taqdim etishda, soliqlar va majburiy toʻlovlarni toʻlashda, roʻyxatga olish va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirishda, yer maydonlarini ajratish va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishda, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarini kreditlashda davlat, nazorat qiluvchi organlar bilan tadbirkorlik subyektlari oʻrtasidagi bevosita muloqotni, byurokratik sansalorlik va korrupsiyani istisno etuvchi elektron tizimga, shu jumladan, internet tarmogʻiga keng miqyosda oʻtishni taʼminlash.
3. 2012-yil 1-avgustdan boshlab, 1-ilovaga* muvofiq, tadbirkorlik faoliyati uchun shart-sharoitlarni yanada yaxshilashga yoʻnaltirilgan aniq meʼyor va chora-tadbirlar joriy qilinsin.
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Vazirlar Mahkamasi, Vazirlar Mahkamasining komplekslari, 1-ilovada koʻrsatilgan masʼul ijrochilar — vazirliklar va idoralarning rahbarlari 2012-yilning 1-avgustigacha boʻlgan muddatda meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni Farmonning ushbu bandiga muvofiq holga keltirsinlar.
4. Qonunchilikni takomillashtirish va ishbilarmonlik muhitini yanada tubdan yaxshilashga hamda tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berishga yoʻnaltirilgan tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha 2013 — 2014-yillarda joriy etiladigan kompleks chora-tadbirlar Dasturi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Masʼul ijrochilar — vazirliklar, idoralar, banklar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Dasturda nazarda tutilgan aniq chora-tadbirlarni belgilangan muddatlarda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar. Tegishli vazirliklar, idoralarning, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rahbarlari zimmasiga chora-tadbirlar Dasturiga kiritilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasi 2-ilovada nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan qattiq tizimli nazorat oʻrnatsin, ularning ijrosini har chorakda oʻz majlislarida koʻrib chiqsin va chora-tadbirlarning soʻzsiz bajarilishi boʻyicha zarur choralarni koʻrsin.
5. 2013-yilning 1-yanvaridan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq tadbirkorlik subyektlari tegishli davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarida quyidagi tartib-taomillarni oʻz xohishlariga koʻra elektron shaklda amalga oshirish huquqiga ega boʻladilar:
bank hisobvaraqlariga masofadan turib xizmat koʻrsatish tizimi, shu jumladan, “Internet-banking” tizimi orqali soliqlarni va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Markaziy banki, tijorat banklari;
yuklarni bojxonada rasmiylashtirishda tadbirkorlik subyektlari tomonidan tovarlarni deklaratsiya qilish — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi;
“bir oyna” tamoyili boʻyicha yuridik shaxslarning koʻchmas mulkka boʻlgan egalik huquqlarini roʻyxatga olish — Oʻzbekiston Respublikasi “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi;
tadbirkorlik subyektlarining daʼvo arizalari va iltimosnomalarini xoʻjalik sudlariga berish — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi.
Oldingi tahrirga qarang.
Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasiga boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda tadbirkorlik tuzilmalariga xizmat koʻrsatishning elektron shakllari va tizimlarini joriy etishda yuqorida koʻrsatilgan sud va davlat boshqaruvi organlariga, tijorat banklariga amaliy yordam koʻrsatsin.
(5-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 30-oktabrdagi PF-4578-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 45-son, 584-modda)
Tijorat banklariga, toʻlovlarni elektron shaklda amalga oshiruvchi kichik tadbirkorlik subyektlarining hisobvaraqlariga xizmat koʻrsatganlik uchun undiriladigan toʻlov miqdorini kamida 20 foizga kamaytirish tavsiya etilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy banki, Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Milliy teleradiokompaniyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda boshqa manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash va xususiy tadbirkorlik uchun yanada keng erkinlik berish borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan keng koʻlamdagi tushuntirish ishlari muntazam ravishda oʻtkazilishini taʼminlasin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Markaziy banki hamda boshqa manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishini taʼminlasin.
8. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 18-iyul,
PF-4455-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 29-son, 328-modda; 2013-y., 36-son, 477-modda, 45-son, 584-modda; 2017-y., 2-son, 25-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.06.2018-y., 06/18/5456/1316-son; 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)