|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.07.2022
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
VAZIRLAR MAHKAMASINING 2004 YIL 21 DEKABRDAGI 595-SON QARORI BILAN TASDIQLANGAN XALQ BANKI TOMONIDAN FUQAROLARNI JAMGʻARIB BORILADIGAN PENSIYA TIZIMIDA ShAXSAN HISOBGA OLIShNI YURITISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMGA OʻZGARTIRIShLAR KIRITISh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2011 — 2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting koʻrsatkichlariga erishishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida” 2010-yil 26-noyabrdagi PQ-1438-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 21-dekabrdagi 595-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 12-son, 110-modda) bilan tasdiqlangan Xalq banki tomonidan fuqarolarni jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida shaxsan hisobga olishni yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 24-may,
145-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 24-maydagi 145-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 21-dekabrdagi 595-son qarori bilan tasdiqlangan Xalq banki tomonidan fuqarolarni jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida shaxsan hisobga olishni yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 16-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“16. Har bir ish beruvchi hisobot oyidan keyingi oyning 15-kunigacha har oyda mazkur Nizomga 3-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha jamgʻarib boriladigan pensiya tizimining yagona maʼlumotlar elektron bazasi formatida xodimlarning shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻiga badallar reyestrini shakllantirishi hamda elektron manbalarda joylardagi Xalq banki filialiga taqdim etishi yoki uni bevosita umumiy foydalanishdagi telekommunikatsiyalar tarmogʻi orqali Xalq bankining axborot tizimiga uzatishi shart.
Koʻrsatib oʻtilgan elektron hujjat tushgan pul mablagʻlarini fuqarolarning Xalq bankidagi shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻiga oʻtkazish uchun asos hisoblanadi.
Ish beruvchi tomonidan reyestrning qogʻoz manbada tuzilgan asl nusxasi rahbar va bosh buxgalter tomonidan imzolanadi hamda ish beruvchida saqlanadi”.
2. 17-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“17. Elektron reyestrni pensiya tizimining yagona maʼlumotlar elektron bazasiga kiritish jarayonida xatolar aniqlangan taqdirda Xalq banki filiali keyingi ish kunidan kechikmasdan ish beruvchidan xatolarni tuzatish uchun qoʻshimcha maʼlumotlarni taqdim etishni yoki tafovutlarni bartaraf etishni talab qiladi. Agar ish beruvchi hisobot oyidan keyingi oyning 25-kunigacha reyestrni tuzatish chora-tadbirlarini koʻrmasa, u holda Xalq banki filiali chora koʻrish uchun davlat soliq xizmatining tegishli hududiy organini xabardor qiladi”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 20-21-son, 204-modda)