Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi boshligʻining
buyrugʻi
ENERGETIKA OBYEKTLARIDA OLOVLI IShLARNI OʻTKAZIShDA YoNGʻIN XAVFSIZLIGI ChORALARI HAQIDAGI YOʻRIQNOMANI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan, 2010-yil 18-iyun 6-24/13-7676/6-son]
Oʻzbekiston Respublikasining “Yongʻin xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-yil, 40-son, 432-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 1-martdagi 96-sonli qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 9-son, 105-modda) bilan tasdiqlangan Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi Nizomiga asosan buyuraman:
1. Energetika obyektlarida olovli ishlarni oʻtkazishda yongʻin xavfsizligi choralari haqidagi yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Inspeksiya boshligʻi A. NIMATULLAYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 3-avgust,
147-son
“Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi boshligʻining 2010-yil 3-avgustdagi 147- sonli buyrugʻiga
ILOVA
Energetika obyektlarida olovli ishlarni oʻtkazishda yongʻin xavfsizligi choralari haqida
YOʻRIQNOMA
Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasining “Yongʻin xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-yil, 40-son, 432-modda) asosan va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 29-apreldagi 210-sonli “Sobiq SSR Ittifoqi qonun osti hujjatlarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha ishlarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga, hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududida amal qiluvchi normativ hujjatlarga muvofiq energetika obyektlarida olovli ishlarni oʻtkazishda yongʻin xavfsizligini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan.
1-§. UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur Yoʻriqnomada quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllanilgan:
vaqtinchalik ish joyi — sharoiti boʻyicha detallarni doimiy olovli ish joylariga olib chiqish imkoniyati boʻlmaganda, xonalarda va uskunalarda bevosita ish joylarida tashkil qilinadigan ish joyi;
vaqtinchalik olovli ishlar — bunday ishlarga taʼmirlash va avariya-tiklash ishlarida, xonalarda, uskunalarda va boshqa inshootlarda, agar sharoiti boʻyicha ularni doimiy olovli ishlar bajariladigan ish joyga olib chiqish imkoniyati boʻlmaganda, qisqa muddatda oʻtkaziladigan ishlar kiradi.
doimiy ish joyi — sexlarda, ustaxonalarda va ochiq maydonchalarda maxsus ajratilgan va jihozlangan joylarda tashkil qilinadigan ish joyi ;
yongʻin — odamlarning hayoti va (yoki) sogʻligʻiga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga, shuningdek atrof tabiiy muhitga zarar yetkazadigan, nazorat qilib boʻlmaydigan yonish;
yongʻin xavfsizligi — odamlarning, yuridik shaxslar va jismoniy shaxslar mol-mulkining, shuningdek atrof tabiiy muhitning yongʻinlardan himoyalanganligi, holati;
yongʻin-texnik mahsuloti — yongʻin xavfsizligini taʼminlashga moʻljallangan maxsus texnik va intellektual mahsulotlar, shu jumladan yongʻinni oʻchirish texnikasi va asbob-uskunalari, yongʻinni oʻchirish aslaha-anjomlari, olovni oʻchirish va olovdan himoya qilish moddalari hamda materiallari, maxsus aloqa va boshqarish vositalari, elektron hujjatlar, elektron hisoblash mashinalari uchun dasturiy mahsulotlar va maʼlumotlar bazalari, shuningdek yongʻinlarning oldini olish hamda ularni oʻchirishning boshqa vositalari;
olovli ishlar — barcha turdagi elektr payvandlash, gaz bilan payvandlash, benzo-kerosinli va kavsharlash, bitum va saqichni eritish, shuningdek ochiq olovni qoʻllaydigan boshqa ishlar yoki materiallar va konstruksiyalarning detallarini alanga olish haroratigacha qizdirish ishlari.
2. Mazkur Yoʻriqnomaning talablari “Oʻzbekenergo” Davlat aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiruvchi. hamda mustaqil xoʻjalik yurituvchi ishlab turgan issiqlik, gidroelektrostansiyalar va elektr va issiqlik tarmoqlari korxonalarining omborxonalar, ishlab chiqarish, va boshqa xonalarida elektr payvandlash, gaz bilan payvandlash, kavsharlash va boshqa ochiq olovli ishlarni oʻtkazishda bajarilishi shart.
3. Yoʻriqnoma “Energetika korxonalari uchun yongʻin xavfsizligi qoidalari” (roʻyxat raqami 1341, 2004-yil 22-aprel) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 16-son, 194-modda) (bundan keyin — YoHQ) asosida Oʻzbekiston Respublikasi energetika xoʻjaliklarida ishlab chiqarish xususiyatlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.
4. Ishlash vaqtida ishdan chiqqan asboblar: elektr ushlagich, kesgich, goryelka, ventil va shunga oʻxshashlar olovli ishlar oʻtkazilayotgan joylarda emas, balki maxsus ustaxonalarda taʼmirlanishi lozim.
2-§. DOIMIY ISh JOYLARIDA OLOVLI IShLARNI BAJARISh
5. Olovli ishlarni bajarish uchun doimiy ish joylarini jihozlashda quyidagilar koʻzda tutiladi:
alohida xonani ajratish yoki sexning yoki boshqa xonalarning ishlab chiqarish maydonlarini balandligi 1,8 m dan kam boʻlmagan yonmaydigan toʻsiqlar bilan toʻsib qoʻyish;
payvandlash apparaturasini: elektr payvandlash transformatorini; elektr taʼminoti kirish shchitini; sutkalik sarflanadigan gaz ballonlarini oʻrnatish uchun rampalar yoki boshqa qurilmalarni; asboblar uchun metall shkaf yoki stellajlarni; yongʻin-texnik mahsulotlarini va boshqalarni oʻrnatish;
alohida xonalarda (zarur boʻlganda toʻsib olingan uchastkada ham) havoni almashtirish ventilatsiyasini, jumladan mahalliy soʻrib oluvchi ventilatsiyani oʻrnatish;
maxsus zaminlash konturini oʻrnatish.
6. Doimiy ravishda olovli ishlarni oʻtkazish uchun ajratilgan xonada yoki uchastkada quyidagilar boʻlishi shart:
ruxsat etilgan olovli ishlar turlarining roʻyxati (bosh muhandis tomonidan tasdiqlanadi);
yongʻin xavfsizligi choralari haqida yoʻriqnoma (sex boshligʻi tomonidan tasdiqlanadi);
olovli ishlarni bajarish texnologiyasi boʻyicha zarur sxemalar va plakatlar;
yongʻin-texnik mahsulotlar, shu jumladan kamida ikkita karbonat kislotli oʻtoʻchirgich, shulardan biri kukunli, asbestli mato yoki namat va suvli sigʻim (chelak);
olovli ishlarni bajarishga ijozat etilgan xodimlar roʻyxati.
Doimiy ish joylarini obyektdagi mavjud yongʻinga qarshi suv quvuri kranining yaqinida jihozlash tavsiya etiladi.
7. Olovli ishlar bajariladigan ish joylarida gazli ballonlarni doimiy saqlanishini tashkil etishga ruxsat berilmaydi.
8. Xonalarda oʻrnatiladigan gazli ballonlar quyosh nurlari va boshqa issiqlik manbalari taʼsiridan himoyalangan boʻlishi shart.
Xonalarda ishlarni bajarishda oʻrnatiladigan ballonlar yoʻllardan chetda, isitish asboblaridan kamida 1 m va ochiq olov manbalaridan (goryelka, payvandlash lampasi va shunga oʻxshashlardan) kamida 5 m masofada joylashtirilishi kerak.
9. Zaxira va boʻsh ballonlar binolarga taqab solingan yonmaydigan shamollatiladigan binolarning yoniga qurilgan imoratlarda yoki quyosh nurlaridan himoyalangan maxsus shiyponlarda saqlanishi shart.
10. Doimiy ravishda olovli ishlar oʻtkaziladigan joylarda payvandlash ishlarini olib borish uchun sinmaydigan sigʻimlarda va metall shkaflarda yonuvchan suyuqlikning zarur boʻlgan sutkalik zaxirasini saqlashga ruxsat etiladi.
Kislorod ballonlari va yonuvchan gaz ballonlari turgan xonalarda karbid, kalsiy, boʻyoqlar, moylar va yogʻlarni ular bilan birga saqlash man etiladi.
11. Olovli ishlar doimiy oʻtkaziladigan oʻnta postdan ortiq (payvandlash ustaxonalari) joylarni tashkil etishda payvandlash uchun markaziy elektr taʼminoti va gaz taʼminoti oʻrnatilishi shart.
Chetga sachramasligi va uchqunlar uchishining oldini olish uchun har bir post yonmaydigan materiallardan tayyorlangan doimiy yoki koʻchma toʻsiqlar bilan ajratilishi shart.
12. Payvandlash ustaxonasiga gaz berish uchun kislorodli va atsetilenli ballonlar alohida, bir-biridan izolatsiya qilingan, tashqariga alohida chiqishga ega boʻlgan xonalarda oʻrnatilishi shart. Bu xonalardagi payvandlash ustaxonasiga qaragan devorga yongʻinga qarshi ishlov berilgan boʻlishi shart.
13. Payvandlash ustaxonasida avtomatik payvandlash qurilmalari oʻrnatilganda, barcha tomonlardagi oʻtish yoʻllari 2 m dan kam boʻlmasligi shart.
14. Ish tamom boʻlgandan keyin yoki tanaffus vaqtida doimiy ish joylaridagi apparatura oʻchirilishi, shlanglar esa uzilishi va yonuvchan suyuqliklar va gazlardan boʻshatilishi shart.
3-§. VAQTINChALIK OLOVLI IShLARNI BAJARISh
15. Gazli ballonlarni olovli ishlarni bajarish uchun kabel inshootlarida, shuningdek portlash xavfi boʻlgan xonalarda (elektroliz xonasi, gaz taqsimlash punktlari, akkumulyator xonalari va shunga oʻxshashlar) oʻrnatish man qilinadi
16. Atsetilen generatorlar qoʻllanilganda, ularni ekspluatatsiya qilish “Olovli ishlarni olib borishda yongʻin xavfsizligi qoidalari”ning talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
17. Ishdagi tanaffus 10 min dan ortiq boʻlganda, shuningdek ish smenasi oxirida apparatura oʻchirilishi shart, payvandlash agregati elektr tarmogʻidan uzib qoʻyilishi, shlanglar uzilishi va yonuvchan suyuqlik va gazlardan boʻshatilishi, kavsharlash lampasidagi bosim butunlay kamaytirilishi shart. Naryad boʻyicha olovli ishlar tugagandan keyin barcha apparatura va uskunalar yigʻishtirib qoʻyilishi shart.
18. Olovli ishlar tugagandan soʻng ish joyi, ayniqsa agar teshiklar yoki oʻyiqlar boʻlsa yoki ishlar balandlikda, shuningdek katta miqdorda yonuvchan materiallar bor boʻlgan xonalarda bajarilgan boʻlsa (omborlar, yonilgʻini uzatish berish, kabel inshootlari va shunga oʻxshashlar), diqqat bilan koʻrib chiqilishi shart.
Zarur hollarda ish uchastkalariga suv quyilishi mumkin.
4-§. OLOVLI IShLARNI BAJARISh BOʻYIChA TEXNIK TADBIRLAR
19. Barcha olovli ishlar faqat ish joylari va apparatura (payvandlash agregatlari, shlanglar, kavsharlash lampalari va shunga oʻxshashlar) diqqat bilan tayyorlangandan keyin, shuningdek qurilmalar, sigʻimlar va quvurlar yengil alangalanadigan va yonuvchan suyuqliklardan, turli moddalarning bugʻi va changlaridan, shuningdek 5 metrdan kam boʻlmagan radiusda yonuvchan materiallardan tozalangandan keyin oʻtkazilishi shart.
20. Engil alangalanuvchi va yonuvchan materiallar, suyuqliklar va gazlar solingan sigʻimlarning (sisternalar, baklar, resiverlar va shunga oʻxshashlar) ustida yoki ularning ichida va quvurlarda olovli ishlarni bajarishdan oldin, ular barcha kommunikatsiyalardan uzib (oʻchirib) qoʻyilishi va quyidagi tadbirlar bajarilishi shart:
eng yaqin joylashgan surilma qopqoqlar yoki shiberlarni yopish, qulflab berkitish va plakatlarni osish;
tiqinlarni oʻrnatish (zarur boʻlganda);
barcha lyuklar va tuynuklarni ochish. Zarur boʻlgan hollarda vaqtinchalik mahalliy ventilatsiyani (ayniqsa sigʻimlarda) oʻrnatish koʻzda tutilishi shart.
21. Olovli ishlarni olib borganda quyidagilar man qilinadi:
nosoz apparatura bilan ish boshlash;
5 metrdan yaqinda, shuningdek yangi boʻyalgan konstruksiyalarda va boshqa buyumlarda boʻyoq butunlay qurugunga qadar ishlarni olib borish;
payvandlash simlarining ulanishlari izolatsiya qilinmaganda ishlarni boshlash;
payvandlangan simlarni umumiy oqimlarda oʻtkazish yoki kabel trassalarini, shuningdek yonuvchan gaz va suyuqliklar bor boʻlgan quvurlarni kesib oʻtish. Kabel trassalarini yoki koʻrsatilgan quvurlarni kesib oʻtish zarur boʻlganda, payvandlangan simlarning izolatsiyasi kuchaytirilishi va ular izolatsiya qilingan materialda oʻtkazilishi shart;
yonuvchan hamda zaharli moddalar bilan, shuningdek bosim ostidagi yonmaydigan, suyuqlik va gazlar, bugʻlar va havo bilan toʻldirilgan apparatlarni va quvurlarni (gaz quvurlaridan tashqari), shu jumladan kuchlanish ostidagi elektr uskunalarni payvandlash, kesish, kavsharlash yoki qizdirish;
moy, yogʻlar va boshqa yonuvchan suyuqlik yuqi boʻlgan kiyim va qoʻlqoplardan foydalanish;
maxsus kiyim va poyafzalsiz, shuningdek himoya koʻzoynaklarisiz (yoki himoya niqobisiz) elektr va gaz bilan payvandlash ishlarini bajarishga kirishish.
22. Yonuvchan suyuqlikni toʻkish estakadalaridan 5 m dan yaqin masofada bajariladigan olovli ishlar, yongʻin-texnik mahsulotlarini tayyorlanishi, zarur boʻlgan yongʻinga qarshi va texnik tadbirlarni bajarilishi, hamda tegishli ijozat rasmiylashtirilishidan keyin olib borilishi shart. Ishlash zonasida toʻkish estakadasi suyuqlik, yonuvchan material qoldiqlardan tozalangan va uchqun uchishiga qarshi choralar koʻrilgan boʻlishi shart.
23. Engil alangalanuvchi va yonuvchan suyuqlik (masalan, mazutli rezervuarlarda) saqlanadigan sigʻimlardan 10 m yaqinida yoki bevosita sigʻimlarni oʻzida payvandlash va boshqa olovli ishlarni bajarishga, ishlash uchun ijozat rasmiylashtirilishi; yongʻinga qarshi tadbirlar bajarilishi; ishlash zonasida yoʻl qoʻyilishiga ruxsat etilgan konsentratsiyani aniqlash uchun havo muhiti tahlil qilinishi; texnologik qurilmalarning lyuklari va boshqa teshiklari uchqun tushishi va suyuqlik bugʻlaridan (koʻrsatilgan masofa chegarasida) himoyalanishidan keyin ruxsat beriladi.
Joyning ishlarga tayyorligi haqida tuzulmaviy boʻlinmaning tezkor jurnaliga yozuv kiritiladi.
24. Elektr stansiyalarning yonilgʻi uzatish traktlarida ishlashga ijozat berish va olovli ishlar, uskunalar toʻxtatilishi, yongʻin-texnik mahsulotlarini tayyorlanishi, qurilish konstruksiyalari, uskunalar, pol yonilgʻi kukuni va changidan tozalanishidan keyin amalga oshiriladi. Barcha teshik va tuynuklar berkitilgan boʻlishi, shuningdek qiya galereya, konveyer tasmasi boʻylab va pastdagi belgilarda uchqunning har tomonga uchishiga qarshi choralar koʻrilgan boʻlishi shart.
Payvandlashdan oldin va keyin radius boʻylab 10 m dan kam boʻlmagan ish zonasi (qurilish konstruksiyalari, pol va namdan himoyalangan uskunalar ham) katta miqdordagi suv bilan yuvilishi shart.
25. Elektr payvandlash simlarining (kabellari) kesimlari va izolatsiyasi tok va kuchlanishning maksimal kattaligiga mos ravishda qoʻllanishi kerak.
Kamaytirilgan kesim va pasaytirilgan izolatsiya sinfini qoʻllashga ruxsat berilmaydi.
Bikir boʻlgan keluvchi elektr simlaridan foydalanilganda, ushlagichga ulanish uzunligi 3 m dan kam boʻlmagan egiluvchan shlangli sim orqali amalga oshiriladi.
26. Kesimi maksimal payvandlash tokiga toʻgʻri kelishi sharti bilan, poʻlat tasmalar, payvandlash plitalari, payvandlash konstruksiyasining oʻzi qaytuvchi sim sifatida xizmat qilishi mumkin.
Bu shartni bajarish mumkin boʻlmaganda — payvandlash bir xil kesimli va izolatsiyali ikkita simlarni (keluvchi va qaytuvchi) qoʻllab amalga oshirilishi shart.
Qaytuvchi sim sifatida ichki temir yoʻllari, nollash tarmogʻi, texnologik qurilmalar va quvurlardan foydalanish man qilinadi.
27. Payvandlash agregatlarining alohida qismlarini (transformatorlar, podshipniklar, chetkalar, ikkilamchi zanjir kontaktlari va shunga oʻxshashlar) qizish harorati 75 °S dan oshmasligi shart. Yuqori harorat aniqlanganda, agregat darhol toʻxtatilishi (oʻchirilishi) shart va qizish sabablari aniqlanadi.
Payvandlash agregatlari (transformatorlar) notoʻgʻri ekspluatatsiya qilinganda, ularning oʻzlari yongʻinga sabab boʻlishlari mumkin.
28. Elektr stansiyalarning yonilgʻi uzatish traktlarida payvandlash agregatlarini (transformatorlarni) ochiq holda oʻrnatish man qilinadi. Taʼmirlash ishlari olib borilayotganda payvandlash agregatlarini (transformatorlarni) yonmaydigan, zich berkitiladigan shkaflarda oʻrnatishga ruxsat beriladi.
Moʻljallangan ishlar tamom boʻlishi bilan payvandlash apparatlari doimiy saqlash joylariga olib chiqiladi.
29. Payvandlash agregatlarini (transformatorlar) zaminlash kesimi 6 mm2 dan kam boʻlmagan sim yordamida bajarilishi shart.
30. Yonuvchan suyuqlikni qoʻllab kavsharlash va boshqa olovli ishlar olib borilganda, yonilgʻining faqat sutkalik zaxirasini yopiq va sinmaydigan idishlarda, ish joyidan 10 m dan kam boʻlmagan masofada saqlashga ruxsat beriladi.
Kavsharlash lampalariga, yonuvchan materiallar va qurilish konstruksiyalaridan 3 m dan kam boʻlmagan masofada, yonuvchan suyuqlikni quyishda xavfsizlik choralariga rioya qilgan holda, shuningdek ishchi bochkalarning nominal bosimida yonilgʻi quyish va olov yoqish mumkin.
3 litrdan ortiq boʻlgan sigʻimlar (kichkina baklar) manometrga ega boʻlishi shart.
31. Har bir kavsharlash lampasi va suyuq yonilgʻi bilan olovli ishlar olib boriladigan boshqa apparatlar tartib raqamiga va pasportga ega boʻlishi, har yili texnik shartlarga muvofiq bosim ostida sinovlardan oʻtkazilishi shart.
32. Suyuq yonilgʻida ishlaydigan apparatlar portlab ketishiining oldini olish uchun quyidagilar man qilinadi:
kichkina baklarda va keltiruvchi shlanglarda bosimni koʻpaytirish va ruxsat etilgan qiymatdan yuqori bosimda ishlash;
kichkina ishchi baklarning hajmni 3/4 qismidan koʻprogʻini suyuq yonilgʻi bilan toʻldirish;
texnologik sharoit boʻyicha ishlash uchun moʻljallanmagan yonuvchan suyuqliklarni qoʻllash;
apparatlar ishlab turganda yoki sovumagan goryelkada yonilgʻi toʻldirish yoki mayda taʼmirlash operatsiyalarini bajarish;
keltiruvchi shlanglarni qisish, aylantirish yoki bukish;
ochiq olov yonida apparaturaga yonilgʻi toʻldirish, taʼmirlash va tozalash yoki chekishga ruxsat berish.
33. Texnologik quvurlarni va qurilmalarni ochiq olovni qoʻllab isitish qatʼiyan man qilinadi.
Atsetilendan foydalanib metallni gaz alangasi bilan qayta ishlashda “Atsetilen, kislorod ishlab chiqarishda, metallni changlatish va gaz alangasi bilan qayta ishlash jarayonida mehnat muhofazasi boʻyicha tarmoqlararo qoidalar” talablariga rioya qilish zarur.
34. Gaz ballonlari, shuningdek yonuvchan suyuqlik solingan apparatlar isitish asboblaridan, hamda issiqlikni tarqatish manbai va ochiq olovli oʻchoqlardan 5 m dan yaqin boʻlmagan masofada oʻrnatilishi shart.
35. Gaz ballonlarini uzoq masofaga tashish va saqlash uchun faqat ularning boʻyniga saqlash qopqoqlari burab kirgazilishi sharti bilan ruxsat beriladi.
Ballonlar payvandlash joylariga maxsus aravachalar, zambillar, chanalar va boshqa qurilmalarda olib kelinadi.
Ballonlarni yelkada va qoʻllarda tashish man qilinadi.
36. Ballonlarga, ularni shikastlanishga olib keladigan zarbalar berish va mexanik taʼsir koʻrsatish man qilinadi.
37. Bitumni isitish uchun qurilma (qozonlar) maxsus jihozlangan maydonchalarda, yonuvchan materiallar, binolar va inshootlardan kamida 50 m masofada chetda oʻrnatilishi kerak.
38. Binolarning yonuvchan tomida bitumli qozonlarni oʻrnatish qatʼiyan man qilinadi.
39. Bitumli qozonlar ishlaganda uning atrofida kamida 2 m masofada yonuvchan chiqindilar va quruq bitum boʻlmasligi shart.
40. Bitumni isitish uchun gazsimon yonilgʻidan foydalanilganda, yonilgʻili ballonlarni shamollatiladigan metall shkaflarda ikkitadan koʻp boʻlmagan miqdorda, qozondan kamida 20 m masofada joylashtirish kerak.
41. Bitumni isitish ishlari olib borilganda qozon oldida qumli quti (0,5 m3 dan koʻp emas), belkurak, ikkita karbonit kislotali oʻtoʻchirgich va suvli chelak boʻlishi kerak.
42. Ishlayotgan bitumli qozonlarni nazoratsiz qoldirish, shuningdek issiq bitum massasiga suvning tushushi man qilinadi.
Ish smenasi tugagach, qozonning oʻchoqlari oʻchirilishi va unga suv sepilishi shart.
5- §. YAKUNIY QOIDA
43. Mazkur “Energetika obyektlarida olovli ishlarni oʻtkazishda yongʻin xavfsizligi choralari haqida yoʻriqnoma” Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, “Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasi, “Oʻzbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri MATLYUBOV B.A.
“Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasi boshligʻi XOLMATOV I.M.
“Oʻzbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasi Boshqaruvi raisi TEShABOYEV B.M.