Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON IQTISODIYOTIDA XUSUSIY SEKTORNING ULUSHI VA AHAMIYATINI TUBDAN OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Xususiy sektorni jadal rivojlantirishni ragʻbatlantirish, mamlakat iqtisodiyotida uning roli va ahamiyatini tubdan oshirish, xususiylashtirilgan korxonalarni korporativ boshqarish tizimini takomillashtirish maqsadida:
1. Xususiy tadbirkorlikni keng koʻlamda rivojlantirish, xususiy mulkchilikka asoslangan, shu jumladan davlat mulkini xususiylashtirish natijasida, korxonalarni tashkil qilish va shu asosda iqtisodiyot tarkibida xususiy sektorning ulushini sezilarli darajada oshirish mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar va bozor oʻzgartirishlarining gʻoyat muhim ustuvor yoʻnalishlari deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda “Xususiy korxona toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqib, belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining muhokamasiga taqdim etsin, unda xususiy korxonalarni tashkil qilish hamda uning faoliyati tartibi, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasida xususiy mulkchilikning ustuvor darajada oʻsishini ragʻbatlantirishga qaratilgan imtiyoz va preferensiyalar tizimi koʻzda tutilsin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Xususiy korxona toʻgʻrisida”gi Qonuni.
2. Aksiyadorlik jamiyatlarining ustav jamgʻarmasidagi davlat ulushi 25 foiz va undan kam miqdorda boʻlishi maqsadga muvofiq emas deb hisoblansin hamda uni asosan xususiy mulk sifatida sotish amalga oshirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi:
2003—2004-yillarda ustav jamgʻarmasidagi davlat ulushi 25 foiz va undan kamroq boʻlgan xususiylashtirilgan korxonalar aksiyalarining davlat paketlarini fond bozorida bosqichma-bosqich sotsin;
ikki hafta muddatda mazkur Farmonning qoidalarini hisobga olgan holda 2003-2005-yillarga moʻljallangan mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish Dasturi loyihasini Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
3. Quyidagilar belgilansin:
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 18noyabrdagi PF-4053-sonli Farmoni bilan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2008-y., 47-son, 461-modda)
masʼuliyati cheklangan va qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyat qatnashchilarining soni 50 ta yuridik va jismoniy shaxslardan oshishi mumkin emas.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 18-noyabrdagi PF-4053-sonli Farmoni bilan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2008-y., 47-son, 461-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.08.2024-y., 06/24/111/0623-son)
Oldingi tahrirga qarang.
5. Kuzatuvchi kengash qarorini davlatga tegishli aksiyalar paketining ishonchli boshqaruvchisi roziligisiz qabul qilish mumkin boʻlmaydigan;
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-martdagi PF-5968-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2020-y., 06/20/5968/0331-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-martdagi PF-5968-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2020-y., 06/20/5968/0331-son)
aksiyalarning davlat paketlarini xoʻjalik birlashmalarining ustav jamgʻarmasiga ishonchli boshqarish huquqi bilan topshirishga yoʻl qoʻyiladigan tartib bekor qilinsin.
6. Belgilab qoʻyilsinki, tegishli tarmoqlarda yagona texnikaviy siyosatni amalga oshirish uyushmalar, kompaniyalar, korporatsiyalar va konsernlarning eng muhim vazifasi hisoblanadi hamda ular oʻz tarkibiga kiruvchi korxonalarning tezkor faoliyatiga aralashish huquqiga ega emaslar.
7. Xususiylashtirilgan korxonalarni boshqarishni takomillashtirish masalalari boʻyicha maxsus komissiya Vazirlar Mahkamasining Komplekslari bilan birgalikda 2003-yilning birinchi yarmida ustav jamgʻarmalari tegishli tarmoqlar korxonalarining davlat aktivlari hisobiga tuzilgan xoʻjalik birlashmalarining faoliyatini chuqur oʻrgansin.
Oʻtkazilgan tahlil natijalari boʻyicha quyidagilarni koʻzda tutuvchi takliflar Vazirlar Mahkamasiga kiritilsin:
uyushmalar, xoldinglar, kompaniyalar, korporatsiyalar, konsernlar va boshqa xoʻjalik birlashmalarining oʻz tarkibiga kiruvchi korxonalarning tezkor faoliyatiga asossiz aralashuviga yoʻl qoʻymaslik chora-tadbirlari tizimini ishlab chiqib, amalga oshirishni taʼminlash;
korxonalarni xom ashyo va tovar-moddiy resurslar bilan taʼminlashning bozor mexanizmlarini toʻla miqyosda joriy etish, ularning uyushmalar, kompaniyalar, korporatsiyalar, konsernlar va boshqa xoʻjalik birlashmalari orqali taqsimlanishiga yoʻl qoʻymaslik;
2003-2004-yillarda aksiyalar (ulushlar, paylar)ning davlat paketlarini tanlov asosida professional boshqaruv kompaniyalarning ishonchli boshqaruviga bosqichma-bosqich topshirish.
8. Aksiyadorlik jamiyatlari ijrochi organlarining, avvalo direktorlar korpusining aksiyadorlar oldidagi masʼuliyatini oshirish hamda ular faoliyatining samaradorligini koʻtarish maqsadida shunday tartib oʻrnatilsinki, bunda:
direktorni (boshqaruv raisini) tayinlash toʻgʻrisidagi qaror aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida, asosan tanlov yoʻli bilan qabul qilinadi;
direktor (boshqaruv raisi) bilan ishga yollash shartnomasi bir yil muddatga tuziladi va har yili aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi, ayrim hollarda esa kuzatuvchi kengash tomonidan ana shu muddatni uzaytirish yoki toʻxtatish mumkinligi toʻgʻrisida qaror qabul qilib turiladi;
ijrochi organ tomonidan kelgusi yilga ishlab chiqiladigan korxona biznes-rejasi aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi tomonidan yoki uning topshirigʻi boʻyicha kuzatuvchi kengash tomonidan tasdiqlanishi lozim. Ishlab chiqarishni oʻstirish, foyda olishni koʻpaytirish va dividendlarni toʻlash ana shu biznes-rejaning eng muhim koʻrsatkichlari boʻlishi kerak;
direktor (aksiyadorlik jamiyatining ijrochi organi) yillik biznes-reja qanday bajarilayotgani toʻgʻrisida har chorakda kuzatuvchi kengash oldida hisobot beradi. Kuzatuvchi kengash yillik biznes-reja qoʻpol ravishda buzilgan yoki uning tasdiqlangan parametrlarini bajarish barbod etilgan hollarda direktor (boshqaruv raisi) bilan ishga yollash shartnomasini muddatidan ilgari toʻxtatish huquqiga ega;
ijrochi direktorlarni va kuzatuvchi kengash raislarini moddiy ragʻbatlantirish aksiyadorlik jamiyati faoliyatining samaradorligiga toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliq boʻladi.
9. Belgilansinki, kuzatuvchi kengashlar aʼzolarining faoliyatini ularning mazkur aksiyadorlik jamiyatlaridagi yollanma mehnat faoliyati bilan qoʻshib olib borilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda ushbu Farmon talablarini hisobga olgan holda Aksiyadorlik jamiyatining kuzatuvchi kengashi toʻgʻrisidagi Namunaviy nizomni qayta koʻrib chiqsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 19-apreldagi 189-son qarori bilan tasdiqlangan Aksiyadorlik jamiyatining Kuzatuvchi kengashi toʻgʻrisida Namunaviy nizomga qarang.
10. Aksiyadorlik jamiyatlari uchun rahbar kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabi tarkibida Korporativ boshqaruv markazi tashkil qilinsin hamda uning zimmasiga kuzatuv kengashlarining aʼzolari va direktorlar korpusi uchun korporativ boshqaruv, moliyaviy hisobot, samarali menejment boʻyicha oʻquv kurslarini tashkil etish vazifalari yuklansin.
11. “Qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirish va respublikaning fond bozorida xorijiy investorlar ishtirokini kengaytirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respulikasi Prezidentining 1997-yil 31-martdagi PF–1740-son Farmoni oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda amaldagi qonunchilikka ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda ushbu Farmonni ijro etish yuzasidan qaror qabul qilsin.
14. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Oʻ. T. Sultonov zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 24-yanvar,
PF-3202-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-y., 1-son, 13-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 47-son, 461-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2020-y., 06/20/5968/0331-son; 16.08.2024-y., 06/24/111/0623-son)