Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 14.01.2019
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI XALQ TAʼLIMI VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI DAVLAT TEST MARKAZINING
Qarori
FUTBOL BOʻYIChA DAVLAT IXTISOSLAShTIRILGAN MAKTAB-INTERNATLARIGA OʻQUVChILAR QABUL QILISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 30-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2001]
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining 2018-yil 27-dekabrdagi 19-mh, 12/qq-sonli “Futbol boʻyicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlariga oʻquvchilar qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2001-1, 11.01.2019-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 7-avgustdagi “Ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasalari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 173-son qarorining 5-bandiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi qaror qiladi:
1. Futbol boʻyicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlariga oʻquvchilar qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan oʻn kundan soʻng kuchga kiradi.
Xalq taʼlimi vaziri Gʻ. ShOUMAROV
Toshkent sh.,
2009-yil 19-avgust,
31-son
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktori B. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2009-yil 19-avgust,
25/QQ-son
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Davlat test markazining 2009-yil 19-avgustdagi 31, 25/QQ-sonli qoʻshma qaroriga
ILOVA
Futbol boʻyicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlariga oʻquvchilar qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 13-maydagi 203-son “Oʻzbekiston Respublikasida umumiy oʻrta taʼlimni tashkil etish toʻgʻrisida”gi va 2008-yil 7-avgustdagi 173-son “Ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasalari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq futbol boʻyicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlariga (keyingi oʻrinlarda maktab-internat deb yuritiladi) oʻquvchilarni qabul qilish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Maktab-internatga jismoniy jihatdan tayyorlangan, futbolga qobiliyati boʻlgan, umumtaʼlim maktabining 4-sinfini tugatgan (10-11 yosh) futbol bilan shugʻullangan, tanlov imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan oʻquvchilar tanlov natijalari asosida qabul qilinadi.
2. Maktab-internatning asosiy vazifasi isteʼdodli va iqtidorli bolalarni aniqlash, qoʻllab-quvvatlash, oʻqitish, tarbiyalash va ularning individual xususiyatlarini rivojlantirish, futbol sohasida sport qobiliyatini shakllantirishga va eng toʻliq darajada amalga oshirishga koʻmaklashuvchi muhit yaratish, futbol boʻyicha respublikamizda faoliyat koʻrsatayotgan jamoalar uchun munosib sportchilar tayyorlashdan iborat.
II. Hujjatlarni qabul qilish tartibi
3. Maktab-internatga oʻquvchilarning hujjatlarini qabul qilish va tanlov imtihonlarida ishtirok etuvchi oʻquvchilar roʻyxatini shakllantirish uchun maktab-internatlarida qabul hayʼati tuziladi.
4. Qabul hayʼati tarkibi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri, viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi boshliqlari tomonidan tasdiqlanadi va ular ayni vaqtda qabul hayʼati raisi hisoblanadilar. Qabul hayʼati tarkibini Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Oʻzbekiston futbol Federatsiyasi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligining hududiy organlari vakillari tashkil etadi.
5. Maktab-internat direktori hayʼatning masʼul kotibi hisoblanadi.
6. Maktab-internatga joriy oʻquv yilida 4-sinfni tugatgan oʻquvchilar 5-sinfga tanlov asosida qabul qilinadi.
7. Maktab-internatga kirish uchun 25-iyundan 8-avgustgacha (shu kun ham) quyidagi hujjatlar qabul qilinadi:
taʼlim yoʻnalishi va oʻquv tili koʻrsatilgan holdagi ota-onasining arizasi;
oʻzlashtirish baholari tabeli;
№ 086-U shakl boʻyicha tibbiy maʼlumotnoma;
turar joydan maʼlumotnoma;
3,5 x 4,5 sm. hajmdagi 6 ta fotosurat;
tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma va nusxasi;
futbolchi pasporti — Bolalar va oʻsmirlar sport maktablarida shugʻullanganlar uchun.
III. Tanlov imtihonlarini oʻtkazishni tashkil etish
8. Tanlov imtihonlarini oʻtkazish uchun imtihonlarni oʻtkazish hayʼati tashkil etiladi. Imtihonlarni oʻtkazish hayʼati tarkibi qabul hayʼati raisi tomonidan tasdiqlanadi.
9. Tanlov imtihonlarida ishtirok etgan oʻquvchilarning bilimi ixtisoslik imtihonlari va umumtaʼlim fanlari boʻyicha test sinovlari asosida baholanadi.
Maktab-internatga sinovlardan yuqori ball toʻplagan oʻquvchilar qabul qilish kvotasiga muvofiq oʻqishga qabul qilinadi.
10. Tanlov imtihonlarning natijalari boʻyicha qaydnomalar toʻldirilib, qaydnomalar qabul hayʼati raisi va aʼzolari tomonidan imzolanadi.
IV. Ixtisoslik imtihonlari sinovlarini oʻtkazish tartibi
11. Ixtisoslik boʻyicha imtihonlari 11-avgustdan 16-avgustgacha (shu kun ham) oʻtkaziladi va har bir sinov natijalari oʻtkazilgan kunning ertasidan kechiktirmay oʻquvchilarga eʼlon qilinadi.
12. Antropometrik (ogʻirligi va boʻyi) maʼlumotlar, funksional imkoniyatlar va salomatlikdagi nuqsonlarni aniqlash boʻyicha shifokor nazoratidan oʻtgan oʻquvchilarga ixtisoslik imtihonlarini topshirish uchun ruxsat etiladi. Ixtisoslik imtihonlari oʻquvchining antropometrik (ogʻirligi va boʻyi) koʻrsatgichlari, funksional imkoniyatlari va sogʻligʻidagi kamchiliklarni aniqlash maqsadida 9-10-avgust kunlari viloyat, tuman, shahar jismoniy tarbiya, tibbiyot dispanseri bilan maktab-internatning murabbiy-oʻqituvchilari tomonidan amalga oshiriladi.
13. Oʻquvchining jismoniy rivojlanganligi va funksional tayyorgarlik koʻrsatgichlari mazkur Nizomning 1-ilovasida belgilangan ballar asosida baholanadi.
Oʻquvchining ixtisoslik imtihonlari umumiy jismoniy tayyorgarlik, maxsus jismoniy tayyorgarlik, oʻyin faoliyati boʻyicha oʻtkaziladi.
14. Oʻquvchilar topshiradigan imtihonlari hamda umumiy, maxsus jismoniy tayyorgarlik va oʻyin faoliyatini baholashning yagona meʼyorlari Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda Oʻzbekiston futbol Federatsiyasi tomonidan 2-ilovaga muvofiq ishlab chiqilib tasdiqlanadi.
15. Oʻquvchilar tanlov natijalarida toʻplagan umumiy ballari asosida baholanadi.
V. Umumtaʼlim fanlari boʻyicha test sinovlarini oʻtkazish tartibi
16. Oʻquvchilarni umumtaʼlim fanlari boʻyicha (matematika va ona tili) bilimini baholash test sinovlaridan iborat. Test savollari boshlangʻich taʼlim dasturi asosida har bir fandan 30 ta savoldan, qabul hayʼati tomonidan ishlab chiqiladi. Har bir toʻgʻri javob 3 ball bilan baholanadi. Umumtaʼlim fanlari boʻyicha test sinovlariga har bir fan uchun 90 daqiqa vaqt ajratiladi.
17. Umumtaʼlim fanlari boʻyicha test sinovlari 17-18-avgust kunlari oʻtkaziladi. Umumtaʼlim fanlari boʻyicha test sinov natijalari oʻtkazilgan kunning ertasidan kechiktirmay maxsus joylarga osib qoʻyiladi.
VI. Oʻquvchilarni tanlov imtihonlari natijalarini oʻtkazish va qabul qilish
18. Ixtisoslik imtihon natijalari va umumtaʼlim fanlari boʻyicha test sinov natijalari 20-avgustdan kechiktirmasdan maxsus joylarga osib qoʻyiladi.
19. Maktab-internat tomonidan 25-avgustdan kechiktirmay qabul qilingan oʻquvchilar toʻgʻrisida buyruq chiqariladi.
20. Tanlov imtihonlari natijalariga koʻra, oʻquvchilar yoki ularning ota-onalari norozilik arizasini berish huquqiga egalar.
VII. Oʻquvchining jismoniy va maxsus tayyorgarligini oʻrganish va boʻsh qolgan oʻrinlarga oʻquvchilarni qabul qilish
21. Oʻquvchilarning jismoniy va maxsus tayyorgarligini oʻrganish oʻquv yili davomida bir marta oʻzlashtirolmayotgan oʻquvchilarni aniqlash maqsadida oʻtkaziladi.
22. Oʻquvchilarning jismoniy va maxsus tayyorgarligini oʻrganish Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining buyrugʻi bilan tasdiqlangan maxsus hayʼat aʼzolari tomonidan amalga oshiriladi.
23. Maxsus hayʼat oʻquvchilarning jismoniy va maxsus tayyorgarligini oʻrganishda oʻquvchilarning jismoniy va maxsus tayyorgarlik meʼyorlarini bajara olishlariga eʼtibor qaratadi.
Maxsus hayʼat tomonidan oʻrganish natijasiga koʻra jismoniy va maxsus tayyorgarlik meʼyorlarini oʻzlashtiraolmagan deb topilgan oʻquvchilar pedagogik kengash qarori asosida chetlashtiriladi va avval oʻqigan maktabiga qaytarib yuboriladi (oʻquvchining yashash joyi oʻzgargan sharoitda tegishli hududdagi boshqa maktabga). Bunda, istisno tariqasida, 5 sinf va 9 sinf oʻquvchilari chetlatilmaydi.
24. Boʻshab qolgan oʻrinlarga oʻquvchilarni qabul qilish mazkur Nizomda belgilangan tartibda oʻquv yilining 1-yarim yilligidagina amalga oshiriladi.
25. Oʻquvchilarning sinov normativlari Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Oʻzbekiston futbol Federatsiyasi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
VIII. Yakuniy qoidalar
26. Mazkur Nizom talablarini buzishda aybdor boʻlgan shaxs qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
27. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Futbol federatsiyasi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan.
Madaniyat va sport ishlari vaziri A. JABBOROV
Toshkent sh.,
2009-yil 5-avgust
Futbol federatsiyasi prezidenti M. USMONOV
Toshkent sh.,
2009-yil 5-avgust
Sogʻliqni saqlash vaziri A. IKROMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 5-avgust
Futbol boʻyicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlariga oʻquvchilar qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Nazorat sinovlarini baholash taxminiy
MEZONLARI
1. 5-sinfga kirish uchun oʻquvchilarning umumiy jismoniy tayyorgarligini baholash mezoni.
Umumiy jismoniy tayyorgarlikni baholashning taxminiy mezonlari:
T/r Nazorat sinovlari 10 yosh 11 yosh
30 b.‎ 25 b.‎ 20 b.‎ 15 b.‎ 10 b.‎ 30 b.‎ 25 b. 20 b.‎ 15 b.‎ 10 b.‎
1.‎ 30 m ga yugurish (sek)‎ 5,3‎ 5,4‎ 5,5‎ 5,6‎ 5,7‎ 5,1‎ 5,2 5,3‎ 5,4‎ 5,5‎
2.‎ 300 m ga yugurish (sek)‎ 60,0‎ 61,0‎ 62,0‎ 63,0‎ 64,0‎ 59,0 60,0‎ 61,0‎ 62,0‎ 63,0‎
3.‎ Joyidan uzunlikka sakrash (sm)‎ 160‎ 150‎ 140‎ 130‎ 120‎ 170‎ 160‎ 150‎ 140‎ 130‎
Oʻquvchilarning umumiy jismoniy tayyorgarligini baholash uchun maksimal ball — 90 ballga teng.
Nazorat sinovlarini bajarish tartibi:
300 m ga yugurish — mashq yengil atletika boʻyicha musobaqa qoidalariga asosan bajariladi. Yugurish yuqori startdan amalga oshiriladi. Bitta urinishga yoʻl qoʻyiladi;
30 m ga yugurish yuqori startdan — ikki daʼvogar “startga”, “Diqqat”, “Marsh” signali bilan startni boshlaydilar. Ikki urinish bajariladi, yaxshi natija hisobga olinadi;
joyidan uzunlikka sakrash — daʼvogar nazorat chizigʻi ortida turadi. Uning yon tomoniga (polga) 3 m li boʻlinmagan shkala chiziladi. Oʻlchash sakrash uzunligini hisoblashning umum qabul qilingan qoidalar asosida oʻtkaziladi. Ikki urinish bajariladi, yaxshi natija hisobga olinadi.
2. 5-sinfga kirish uchun oʻquvchilarning maxsus jismoniy tayyorgarligini baholash mezonlari.
Maxsus jismoniy tayyorgarlikni baholashning taxminiy meʼyorlari:
T/r Nazorat sinovlari 10 yosh 11 yosh
25b.‎ 20 b.‎ 15 b.‎ 10 b.‎ 5b.‎ 25 b.‎ 20 b. 15 b.‎ 10 b.‎ 5b.‎
1.‎ Toʻpni bosh ortidan otish (AUT) (m) 13 12 11 10 9 14 13 12 11 10
2.‎ Janglirovka (marta) 15 13 11 9 7 17 15 13 11 9
3.‎ “Sakkizlik” (sek) 18,5 19,5 20,5 21,5 22,5 17,5 18,5 19,5 20,5 21,5
4.‎ “Slalom” (sek)‎ 9,0‎ 10,0‎ 11,0‎ 12,0‎ 13,5‎ 7,5‎ 8,5‎ 9,5‎ 10,5‎ 11,5‎
Oʻquvchilarni maxsus jismoniy tayyorgarligini baholash uchun maksimal ball — 100 ballga teng.
Nazorat sinovlarini bajarish tartibi:
toʻpni bosh ortidan otish — futbol oʻyiniga muvofiq 2 metrli yoʻlak (koridor) boʻylab bajariladi. Yoʻlak tashqarisiga tushgan toʻp hisobga olinmaydi. Ikki urinish uchun imkon beriladi, yaxshi natija qayd etiladi:
toʻpni erga tushirmasdan oyoqda oʻynatish (Janglirovka) — oʻng va chap oyoqlar (kaft ustining oʻrtasi, ichki, tashqi qismi), son, bosh bilan zarbalar beriladi. Zarbalar istalgan tartibda, bir xil zarbani ketma-ket ikki martadan ortiq takrorlamagan holda bajariladi.
“Sakkizlik” testi — beshta futbol ustuni bir-biridan 10 m masofada kvadrat shaklida oʻrnatiladi, bitta ustun oʻrtada boʻladi. Dastlabki “Diqqat” buyrugʻi beriladi. Keyin “Marsh” buyrugʻi bilan daʼvogar toʻp bilan 1-sonli ustundan 2-sonli ustunga tezlik bilan yuguradi, ularni aylanib oʻtib, 3 va 4-sonli ustunlar tomon yoʻnaladi, 4-sonli ustunni aylanib oʻtib, oʻyinchi toʻpni 2-sonli ustunga olib boradi, keyin 5-sonli ustundan oʻtib 1-sonli ustun yonida toʻxtaydi. Mashqni bajarish uchun sarflangan vaqti hisobga olinadi. Ikkita urinishga imkon beriladi, yaxshi natija qayd etiladi.
“Slalom” testi — toʻpni har 5 metrga oʻrnatilgan uchta ustun orasidan avval u tomonga, keyin bu tomonga olib yurish:
3. 5-sinfga kirish uchun oʻquvchilarning oʻyin faoliyatini baholash mezonlari.
Oʻquvchi-sportchining oʻyin faoliyatiga baho berish uning bajargan samarali harakatlarini hisobga olish bilan belgilanadi.
Oʻyin faoliyatidagi texnik-taktik harakatlarni baholashda oʻquvchining sheriklari bilan oʻzaro munosabati, darvozaga zarba berishi, raqibni aldash kabi qobiliyatlariga alohida eʼtibor beriladi.
Oʻyin faoliyatini baholash taxminiy mezonlari:
T/r‎ Oʻyin faoliyati koʻrsatkichlari‎ 50 b.‎ 40 b.‎ 30 b.‎ 20 b.‎ 10 b.‎
1.‎ Texnik-taktik harakatlar miqdori‎ 30 ta‎ 25 ta‎ 20 ta‎ 15 ta‎ 10 ta‎
2.‎ Texnik-taktik harakatlar samaradorligi‎ 50‎ 40‎ 35‎ 30‎ 25‎
Oʻquvchilar oʻyin faoliyatini baholash uchun maksimal ball — 100 ball.
Futbol boʻyicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlariga oʻquvchilar qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Oʻquvchining jismoniy rivojlanganligi va funksional tayyorgarligini baholash
MEZONLARI
T/r‎ Koʻrsatkichlar 25 b.‎ 20 b.‎ 15b.‎ 10 b.‎ 5b.‎
1.‎ Boʻyi (sm) 152 149 146 143 140‎
2.‎ Ogʻirligi (kg) 40 38 36 34 32
3.‎ Ogʻirlik-boʻy indeksi Kesma g/sm 263‎ 255‎ 246‎ 238‎ 228‎
Oʻquvchining jismoniy rivojlanganligi va funksional tayyorgarligini baholash uchun maksimal ball — 75 ball. Ogʻirlikni (kg) grammga aylantiramiz, boʻyiga boʻlamiz (sm).
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 36-son, 397-modda)