Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 20.10.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi direktorining
buyrugʻi
TOVAR BELGISI VA XIZMAT KOʻRSATISh BELGISINI ROʻYXATDAN OʻTKAZISh UChUN TALABNOMA TUZISh, TOPShIRISh VA KOʻRIB ChIQISh QOIDALARINI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 29-iyulda 1988-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
 LexUZ sharhi
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2023-yil 19-oktabrdagi 13-mh-sonli ““Tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma tuzish, topshirish va koʻrib chiqish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyruq, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1988-7, 19.10.2023-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida” Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 19-sentabrdagi OʻRQ–111-son Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 37-38-son, 379-modda) muvofiq buyuraman:
1. Tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma tuzish, topshirish va koʻrib chiqish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi direktorining 2002-yil 11-oktabrdagi 51-sonli “Tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma tuzish, topshirish va koʻrib chiqish qoidalarini tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1184, 2002-yil 1-noyabr) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2002-yil, 21-son) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Ushbu buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan keyin oʻn kun oʻtgach kuchga kiradi.
Direktor B.A. AMONOV
Toshkent sh.,
2009-yil 24-iyun,
72-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi direktorining 2009-yil 24-iyundagi 72-son buyrugʻiga
ILOVA
Tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma tuzish, topshirish va koʻrib chiqish
qoidalari
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma tuzish, topshirish va koʻrib chiqish tartibini belgilaydi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 7-oktabrdagi 17-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1988-4, 08.10.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.10.2021-y., 10/21/1988-4/0941-son)
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalarda quyidagi qisqartmalar qoʻllaniladi:
Qonun— Oʻzbekiston Respublikasining “Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi Qonuni;
Vazirlik — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi;
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
Davlat muassasasi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi;
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
Tovar belgisi— tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisi;
Talabnoma— tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma;
Parij konvensiyasi — Sanoat mulkini muhofaza qilish boʻyicha Parij konvensiyasining Oʻzbekiston Respublikasi uchun amal qilayotgan tahriri;
TXXK — tovar va xizmatlarning xalqaro klassifikatsiyasi;
BIMT XB — Butunjahon intellektual mulk tashkiloti Xalqaro byurosi;
Xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish — Belgilarni xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi Madrid bitimiga doir Bayonnomaga muvofiq amalga oshirilgan tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish;
Xalqaro reyestr — belgilarni xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish haqidagi maʼlumotlarning BIMT XB olib boradigan rasmiy toʻplami;
Bayonnoma — Belgilarni xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi Madrid bitimiga doir Bayonnoma (Madrid, 1989-yil 27-iyun).
II. Tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma tuzish va topshirish.
Talabnoma topshirish huquqiga ega boʻlgan shaxslar
1-§. Tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazishga talabnoma
2. Qonunning 3-moddasiga muvofiq tovar belgisi — bu bir yuridik va jismoniy shaxslar tovarlari va xizmatlarining boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning shu turdagi tovarlaridan farqlash uchun xizmat qiladigan belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan belgidir.
Yuridik va (yoki) jismoniy shaxslar birlashmasining ular tomonidan ishlab chiqariladigan va (yoki) realizatsiya qilinadigan bir xil sifatga yoki boshqa umumiy tavsiflarga ega boʻlgan tovarlarini belgilash uchun moʻljallangan tovar belgisi jamoaviy belgi hisoblanadi.
3. Qonunning 3-moddasi beshinchi qismiga muvofiq tasvirlar, soʻzlar, muayyan shakl tarzidagi belgilar va boshqa belgilar yoki ularning istalgan bir rangdagi yoki turli rangdagi jamlama ifodasi tovar belgilari sifatida roʻyxatdan oʻtkazilishi mumkin.
Soʻzli belgilarga soʻzlar, soʻz koʻrinishiga ega boʻlgan harfiy birikmalar (xususan, har qanday ketma-ketlikdagi unlilar va undosh tovushlarning boʻgʻin hosil qiluvchi birikmalari), soʻz birikmalari, gaplar, shuningdek ularning birikmalari kiradi.
Tasviriy belgilarga jonli mavjudotlar, predmetlar, tabiiy va boshqa obyektlar tasvirlari, va shuningdek chiziqlar, dogʻlar, har qanday figuralarning tekislikdagi kompozitsiyalari (hajmlilaridan tashqari) kiradi.
Hajmli belgilarga fazoviy joylashgan uch oʻlchamli obyektlar, figuralar va chiziqlar va figuralarning kombinatsiyalari kiradi.
Jamlama belgilarga turli xarakterdagi yaʼni tasviriy, soʻzli, muayyan shakldagi hajmli va boshqa elementlar kombinatsiyasi kiradi.
Boshqa belgilarga tovushli, yorugʻlikdan iborat boʻlgan, golografik, hidli kabi belgilar kiradi.
4. Quyidagilar tovar belgisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazilmaydi:
a) davlat gerblari, bayroqlari va davlat mukofotlarining tasviri tushirilgan belgilar;
b) davlatlarning rasmiy nomlari, xalqaro yoki hukumatlararo tashkilotlarning qisqartirilgan yoki toʻliq nomlari;
v) rasmiy nazorat, kafolat tamgʻalari va namuna yoʻsinidagi tamgʻalar, muhrlar;
g) davlat xizmatlarining Oʻzbekiston Respublikasida qoʻllaniladigan ajratish va farqlash belgilari tasvirlari.
Yuqoridagi “a”—“g” kichik bandlarda koʻrsatilgan belgilar, agar bunga tegishli davlat organining yoki belgi egasining roziligi boʻlsa, tovar belgisiga muhofaza qilinmaydigan qismlar sifatida kiritilishi mumkin.
d) xususan farqlash xususiyatiga ega boʻlmagan belgilar, xususan:
oʻziga xos grafik tasvirga ega boʻlmagan alohida harflar, raqamlardan iborat boʻlgan belgilar, soʻz koʻrinishiga ega boʻlmagan harflar birikmalari;
chiziqlar, oddiy geometrik figuralar va ularning tarkibiga kirgan alohida elementlaridan farqli, sifat jihatdan boshqa qabul qilish darajasini beradigan kompozitsiyalar hosil qilmaydigan birikmalari;
tovar belgisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazishga topshirilgan talabnomadagi tovarlarni belgilash uchun ularning haqiqiy yoki sxematik tasvirlari;
shakli faqat funksional vazifasidan kelib chiqadigan uch oʻlchamli obyektlar;
tovarlarning umum eʼtirof etilgan oddiy nomlari shu tovarlarni belgilash uchun;
korxona, tashkilot, muassasa va sohalarning umumqabul qilingan qisqartirilgan nomlari va abbreviaturalari;
e) muayyan turdagi tovarlarning belgisi sifatida umumfoydalanishda boʻlgan belgilar. Bunday belgilar deb maʼlum bir tovar yoki turli ishlab chiqaruvchilarning shunga oʻxshash tovarlari uchun uzoq vaqt ishlatilganligi tufayli tushuncha boʻlib qolgan belgilar tushuniladi;
j) umumeʼtirof etilgan ramzlar va atamalar hisoblangan belgilar.
Umumeʼtirof etilgan ramzlarga odatda, tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish soʻralayotgan tovarlar roʻyxatidagi tovarlarga oid boʻlgan xoʻjalik yoki faoliyat sohasini aks ettiruvchi belgilar, shuningdek fan va texnikada qoʻllaniladigan shartli belgilar kiradi. Umum eʼtirof etilgan atamalarga fan va texnikaning aniq bir sohasiga xos boʻlgan soʻz birliklari kiradi;
z) tovarlarni, shu jumladan ularning turi, sifati, soni, xususiyati, qanday maqsadga moʻljallanganligi va qiymatini, shuningdek ularning ishlab chiqariladigan yoki oʻtkaziladigan joyi va vaqtini tavsiflash uchun foydalaniladigan belgilar.
Mazkur “z” kichik bandda koʻrsatilgan belgilarga tovarlarning oddiy nomlari, tovarlar sifat toifasining belgisi, tovarlarning xususiyatini koʻrsatuvchi (shu jumladan, maqtov xarakteriga ega boʻlgan) belgilar, xomashyo materialini va tarkibini koʻrsatuvchi belgilar, tovarlarning ogʻirligi, hajmi, narxini, ishlab chiqarilgan sanasini koʻrsatuvchi belgilar, umumiy nomlar, ishlab chiqarishni yaratish tarixidan maʼlumotlar, korxonalarning nomlari, tovar tayyorlovchilarning va vositachi firmalarning manzilgohlari, qisman yoki toʻliq jugʻrofiy nomdan iborat boʻlib, tovar tayyorlovchining joylashgan joyi sifatida qabul qilinishi mumkin boʻlgan belgilar.
Yuqoridagi “d” — “z” kichik bandlarda koʻrsatilgan belgilarni roʻyxatdan oʻtkazishga, basharti bu belgilar amalda ulardan aniq tovarlar uchun foydalanish natijasida farqlanish xususiyatiga ega boʻlganligi isbotlangan taqdirdagina yoʻl qoʻyilishi mumkin.
Isbot sifatida talabnoma topshirilgan sanagacha talabnomada koʻrsatilgan belgidan foydalanilganligi natijasida farqlanish xususiyatiga ega ekanligini tasdiqlaydigan quyidagi maʼlumotlar taqdim etiladi:
talabnomada koʻrsatilgan belgi bilan belgilangan tovarlarni ishlab chiqarish va sotish hajmi;
talabnomada koʻrsatilgan belgi bilan belgilangan tovarlarning sotilish hududlari;
talabnomada koʻrsatilgan tovar(xizmat)larni belgilash uchun berilgan belgidan foydalanish muddati;
talabnomada koʻrsatilgan belgi bilan belgilangan tovar(xizmat)larning reklamasi uchun sarflanadigan xarajatlar hajmi;
talabnomada koʻrsatilgan belgi va shu belgi bilan belgilangan tovarlarning ishlab chiqaruvchilari haqida isteʼmolchilarning xabardorlik darajasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shu jumladan ijtimoiy soʻrovlarning natijalari;
talabnomada koʻrsatilgan belgi bilan belgilangan tovarlar haqidagi axborot ochiq matbuotda nashr qilinganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar;
talabnomada koʻrsatilgan belgi bilan belgilangan tovarlar Oʻzbekiston Respublikasi yoki chet mamlakatlardagi koʻrgazmalarda namoyish qilinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va boshqa maʼlumotlar.
i) tovar yoki uning tayyorlovchisi xususidagi yolgʻon yoki isteʼmolchini chalgʻitishi mumkin boʻlgan belgilar, ularga xususan, isteʼmolchining ongida tovarning haqiqatga toʻgʻri kelmagan maʼlum bir sifati, uning tayyorlovchisi yoki kelib chiqqan joyi haqida tasavvur hosil qiladigan belgilar kiradi. Belgining kamida bitta elementi yolgʻon yoki isteʼmolchini chalgʻitishi mumkin boʻlsa, belgi yolgʻon yoki isteʼmolchini chalgʻitishi mumkin deb eʼtirof etiladi;
k) tovar kelib chiqqan haqiqiy joyni rasman koʻrsatuvchi, lekin tovar boshqa hududda chiqarilayotganligi haqida yanglish tasavvur beruvchi belgilar;
l) maʼdanli suvlar, vino yoki kuchli spirtli ichimliklarning asliyatini aks ettiruvchi jugʻrofiy nomlar boʻlgan yoki shunday nomlarni ifodalovchi belgilar, mazkur joyda chiqarilmagan tovarlarni belgilash uchun ishlatilgan belgilar, shuningdek basharti ular tarjima qilib yoki “koʻrinishdagi”, “turdagi”, “usuldagi” va boshqa shunga oʻxshash soʻzlar bilan qoʻshilgan holda qoʻllanilsa;
m) jamiyat manfaatlariga, odamiylik va axloq qoidalariga zid boʻlgan belgilar, ularga xususan, diniy nishon va ramzlar, axloqsiz mazmundagi soʻz va tasvirlar, inson qadrini, diniy hissiyotlarni haqorat qiladigan insonparvarlikka zid xarakterdagi shiorlar va boshqalar;
n) quyidagi belgilar bilan adashtirib yuborish darajasida bir xil yoki ularga aynan oʻxshash boʻlgan belgilar:
ilgari Oʻzbekiston Respublikasida boshqa shaxs nomiga roʻyxatdan oʻtkazilgan yoki roʻyxatdan oʻtkazish soʻrab talabnoma berilgan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq roʻyxatdan oʻtkazilmay ham muhofaza qilinadigan yoki shu turdagi tovarlarga nisbatan ancha ilgariroq ustuvorlikka ega boʻlgan tovar belgilari bilan adashtirib yuborish darajasida bir xil yoki ularga aynan oʻxshash boʻlgan belgilar;
har qanday tovarlarga nisbatan boshqa shaxslarning belgilangan tartibda umum eʼtirof etilgan tovar belgilari bilan adashtirib yuborish darajasida bir xil yoki ularga aynan oʻxshash boʻlgan belgilar;
Qonunga muvofiq muhofaza qilinadigan geografik koʻrsatkichlar va tovar kelib chiqqan joy nomlari boʻlgan belgilar bilan adashtirib yuborish darajasida bir xil yoki ularga aynan oʻxshash boʻlgan belgilar, bu belgilar har qanday tovarlarga nisbatan shunday koʻrsatkichdan yoki nomdan foydalanish huquqiga ega boʻlgan shaxs nomiga roʻyxatdan oʻtkazilayotgan tovar belgisiga muhofaza qilinmaydigan qism sifatida kiritilgan hollar bundan mustasno;
(4-bandning “n” kichik bandi toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 11-apreldagi 10-mh-son boʻyrugʻi (roʻyxat raqami 1988-6, 11.04.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.04.2022-y., 10/22/1988-6/0295-son)
belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan sertifikatlash belgilari.
Ushbu “n” kichik bandning ikkinchi, uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan tovar belgilari bilan adashtirib yuborish darajasida bir xil yoki ularga aynan oʻxshash boʻlgan belgilarni roʻyxatdan oʻtkazishga tovar belgisi egasining bu belgini roʻyxatga olish uchun roziligi boʻlgan taqdirdagina yoʻl qoʻyilishi mumkin. Bu holda rozilik xatining asli taqdim qilinadi. Rozilik xati “katta” belgi egasi boʻlgan korxonaning firma blankasida rasmiylashtiriladi va quyidagi bandlardan iborat boʻladi:
rozilik bergan tovar belgisi egasining toʻliq nomi va manzilgohi;
rozilik olgan shaxsning toʻliq nomi va manzilgohi;
oʻxshash tovar belgisi egasining imzosi, lavozimi va familiyasi;
egasi rozilik bergan tovar belgisining tasviri;
rozilik olib talabnoma topshirilayotgan belgining tasviri;
rozilik berilgan tovarlar va/yoki xizmatlar roʻyxati;
rozilik xati berilgan sana, ushbu sanasiz xat haqiqiy emas deb hisoblanadi;
o) quyidagi belgilar:
oʻzga shaxslarga tegishli va Oʻzbekiston Respublikasi hududida taniqli boʻlgan firma nomlarini (yoki ularning bir qismini), agar bu nomga boʻlgan huquq bir turdagi tovarlarni belgilash uchun tovar belgisiga doir talabnoma kelib tushish sanasidan avvalroq olingan boʻlsa, takrorlovchi belgilar;
sanoat namunalarini takrorlovchi belgilar, agar ularga boʻlgan huquq Oʻzbekiston Respublikasida oʻzga shaxslarga tegishli boʻlsa;
Oʻzbekiston Respublikasida mashhur boʻlgan ilmiy asarlar, adabiyot va sanʼat asarlarining nomlarini, ularning qahramonlarini yoki iboralarini, sanʼat asarlarini yoki ulardan koʻrinishlarni mualliflik huquqiga ega boʻlgan shaxs yoki uning huquqiy vorislari (merosxoʻrlari) roziligini olmagan tarzda takrorlovchi belgilar;
atoqli shaxslarning familiyalari, ismlari, taxalluslari va ulardan yasalgan soʻzlarini, bunday shaxslarning portretlarini hamda dastxatlarini, basharti bular Oʻzbekiston Respublikasining tarixiy va madaniy boyligi boʻlsa, ana shu atoqli shaxslar, ularning merosxoʻrlari yoki davlat organi roziligini olmagan tarzda takrorlovchi belgilar.
Ushbu bandning “o” kichik bandida koʻrsatilgan maʼlum va mashhurlik tovar belgisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazishga taqdim etilgan belgining ustuvorlik sanasiga nisbatan aniqlanadi.
5. Qonunning 9-moddasi birinchi qismiga muvofiq tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun beriladigan talabnoma bir tovar belgisiga taalluqli boʻlishi lozim.
6. Talabnomada quyidagilar boʻlishi kerak:
a) tovar belgisi sifatida belgini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma beruvchining uning joylashgan joyi yoki yashash manzili koʻrsatilgan arizasi (bundan keyingi oʻrinlarda ariza deb yuritiladi);
b) talabnomada koʻrsatilgan belgining tasviri;
v) belgilarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun tovarlar va (yoki) xizmatlarning xalqaro tasnifiga muvofiq guruhlangan, tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish soʻralayotgan tovarlarning roʻyxati.
7. Talabnomaga talabnomani topshirish uchun belgilangan tartibda patent boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinishi lozim.
8. Agar talabnoma jamoaviy belgiga oid boʻlsa, bunday holda talabnomaga huquqiy va (yoki) jismoniy shaxslar birlashmasi qatnashchilarining jamoaviy belgidan foydalanish toʻgʻrisidagi kelishuvi (bundan keyingi oʻrinlarda Kelishuv deb yuritiladi) ilova qilinadi.
Kelishuvda quyidagi maʼlumotlar boʻlishi lozim:
a) jamoaviy belgini oʻzining nomiga roʻyxatdan oʻtkazishga vakolat berilgan shaxsning nomi;
b) ushbu belgidan foydalanish huquqiga ega boʻlgan shaxslar roʻyxati (toʻliq rasmiy nomi va manzilgohini koʻrsatgan holda);
v) jamoaviy belgini roʻyxatdan oʻtkazish maqsadi;
g) jamoaviy belgi bilan belgilanadigan tovarlarning roʻyxati va yagona sifat yoki boshqa umumiy koʻrsatkichlari;
d) jamoaviy belgidan foydalanish shartlari;
e) jamoaviy belgidan foydalanishni nazorat qilish tartibi haqidagi nizom;
j) kelishuvni buzganlik uchun javobgarlik haqidagi nizom.
Kelishuv ushbu belgidan foydalanish huquqiga ega boʻlgan shaxslar tomonidan imzolanadi (huquqiy shaxslar uchun muhr bilan tasdiqlanadi). Imzo chekkan shaxslarning familiyasi, ismi va otasining ismi koʻrsatiladi.
9. Talabnoma patent vakili orqali berilgan boʻlsa, qonunchilik hujjatlariga muvofiq rasmiylashtirilgan va uning vakolatlarini tasdiqlovchi ishonchnoma ilova qilinadi.
(9-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
Ishonchnoma talabnoma bilan bir vaqtning oʻzida yoki talabnoma topshirilgan sanadan ikki oydan kechiktirilmay topshiriladi.
10. Konvensiya ustuvorligi soʻrab berilgan talabnomaga (bundan buyon matnda — konvensiya talabnomasi deb yuritiladi) talabnoma beruvchi tomonidan sanoat mulkini muhofaza qilish boʻyicha Parij konvensiyasi qatnashchisi boʻlgan davlatda berilgan birinchi talabnomaning tasdiqlangan nusxasi va uning oʻzbek yoki rus tiliga qilingan tarjimasi ilova qilinadi, ular konvensiya talabnomasi Vazirlikka kelib tushgan sanadan boshlab uch oy muddatdan kechiktirilmay topshiriladi. Birinchi talabnoma nusxasining tarjimasi talabnoma beruvchi yoki patent vakili tomonidan imzolanadi.
(10-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
Konvensiya ustuvorligini belgilash toʻgʻrisidagi iltimosnoma, talabnoma berish paytida (guvohnoma berish toʻgʻrisidagi arizaning tegishli grafasida keltiriladi) yoki Patent idorasiga talabnoma kelib tushgan sanadan boshlab ikki oy muddat davomida topshirilishi mumkin.
11. Koʻrgazmaga oid ustuvorlik soʻrab berilgan talabnomaga, bunday ustuvorlik soʻrashning qonuniyligini tasdiqlovchi hujjat ilova etiladi, u Vazirlikka talabnoma kelib tushgan sanadan boshlab uch oydan kechiktirilmay topshiriladi.
(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
Talabnoma beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjat, sanoat mulkini muhofaza qilish boʻyicha Parij konvensiyasining qatnashchisi boʻlgan davlatlardan birining hududida tashkil etilgan koʻrgazmaning maqomini, yaʼni rasmiy xalqaro koʻrgazma yoki xalqaro deb rasman tan olingan koʻrgazmaligini tasdiqlashi va tovarlarni namoyish etgan shaxsning nomini, belgini, shu belgi qoʻyilgan tovarlar roʻyxatini, shuningdek eksponatlarni ochiq namoyish etish boshlangan sanani oʻz ichiga olishi lozim. Hujjat tegishli koʻrgazma maʼmuriyatining vakolatli shaxsi tomonidan tasdiqlangan boʻlishi lozim.
Koʻrgazmaviy ustuvorlikni belgilash haqidagi iltimosnoma talabnomani topshirishda (arizaning tegishli grafasida keltiriladi) yoki talabnoma Patent idorasiga kelib tushgan sanadan soʻng ikki oy mobaynida taqdim etilishi mumkin.
12. Talabnomada koʻrsatilgan belgini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza oʻzbek yoki rus tilida topshiriladi. Talabnomaning boshqa hujjatlari oʻzbek, rus yoki boshqa tilda topshiriladi.
Agar talabnoma hujjatlari boshqa tilda topshirilgan boʻlsa, talabnomaga ularning oʻzbek yoki rus tiliga talabnoma beruvchi yoki patent vakilining imzosi bilan tasdiqlangan tarjimasi ilova qilinadi.
Boshqa tilda topshirilgan hujjatlar, agar ularning tarjimalari boshqa tilda topshirilgan hujjatlar kelib tushgan sanadan boshlab ikki oy muddat ichida topshirilsa Vazirlikka kelib tushgan sanadan boshlab topshirilgan deb hisoblanadi, aks holda hujjatlar, ularning tarjimalari kelib tushgan sanadan boshlab topshirilgan deb hisoblanadi.
(12-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
13. Talabnoma (belgini roʻyxatdan oʻtkazishga talab etilayotgan tasvirdan tashqari) ikki nusxada topshiriladi.
Belgining roʻyxatdan oʻtkazish uchun talab etilayotgan tasviri 5 nusxada topshiriladi.
Talabnomaga ilova etilayotgan hujjatlar bir nusxada topshiriladi.
2-§. Talabnomaning tarkibi
14. Talabnoma Qoidalarning 1-ilovasiga muvofiq shaklda topshiriladi.
Agar baʼzi maʼlumotlarni tegishli grafalarda toʻliq joylashtirish mumkin boʻlmasa, ular oʻsha shakl boʻyicha qoʻshimcha varaqda keltiriladi, talabnomaning tegishli grafasida “davomini qoʻshimcha varaqda qarang” deb koʻrsatiladi.
15. “Yozishmalar uchun manzilgoh” grafasida xat oluvchining pochta indeksi koʻrsatilgan yozishma olib borish uchun manzilgohi, ismi yoki nomi va telefon, faks raqamlari, elektron pochta manzili (agar ular mavjud boʻlsa) koʻrsatiladi.
Yozishma uchun manzilgoh sifatida talabnoma beruvchi yuridik shaxsning Oʻzbekiston Respublikasida joylashgan joyi yoki Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan talabnoma beruvchi jismoniy shaxsning manzilgohi yoxud Vazirlikda roʻyxatdan oʻtkazilgan patent vakilining manzilgohi yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi boshqa manzilgoh koʻrsatilgan boʻlishi mumkin.
(15-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
16. “Talabnoma beruvchi” grafasida talabnoma beruvchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar keltiriladi. Yuridik shaxsning rasmiy nomi yoki jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi (agar u mavjud boʻlsa) koʻrsatiladi. Talabnoma beruvchining nomi oʻzbek va rus tillarida koʻrsatiladi. Shuningdek, talabnoma beruvchining pochta indeksi koʻrsatilgan, mamlakatning rasmiy nomini ham oʻz ichiga olgan, telefon, faks raqamlari va elektron pochta manzili (agar ular mavjud boʻlsa) koʻrsatilgan toʻliq pochta manzilgohi keltiriladi.
17. Nomlariga tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish soʻralayotgan Oʻzbekiston Respublikasi korxonalari, tashkilotlari, muassasalari uchun agar u belgilangan boʻlsa, KTUT kodi koʻrsatiladi. Agar KTUT kodi belgilangan boʻlmasa, tegishli joyda “belgilanmagan” deb koʻrsatiladi.
Nomlariga tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish soʻralayotgan, Oʻzbekiston Respublikasining chegarasidan tashqarida yashovchi chet el yuridik yoki jismoniy shaxslari uchun BIMTning ST.3 standarti boʻyicha mamlakat kodi koʻrsatiladi (agar u belgilangan boʻlsa).
18. Ustuvorlikni belgilash toʻgʻrisidagi iltimosnoma koʻrsatilgan grafa, Vazirlikka talabnoma kelib tushgan sanadan oldinroq ustuvorlik soʻralayotgan holdagina toʻldiriladi. Bu holda tegishli kataklarga “X” belgisi qoʻyib chiqiladi.
(18-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
“Birinchi talabnoma raqami” grafasida konvensiya ustuvorligini soʻrashga asos boʻlayotgan birinchi talabnomaning raqami koʻrsatiladi.
“Dastlabki talabnoma raqami” grafasida ushbu talabnoma ajratib olingan dastlabki talabnoma raqami koʻrsatiladi.
“Xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish raqami” grafasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida avval muhofaza qilingan tovar belgisining xalqaro roʻyxatdan oʻtkazilish raqami koʻrsatiladi.
“Soʻralayotgan ustuvorlik sanasi” grafasida soʻralayotgan ustuvorlik sanasi koʻrsatiladi.
“Talabnoma berilgan mamlakatning BIMTning ST.3 standarti boʻyicha kodi” grafasida talabnoma berilgan mamlakatning BIMTning ST.3 standarti boʻyicha kodi koʻrsatiladi.
19. Talabnoma beruvchi tomonidan ish olib borish patent vakili orqali amalga oshirilgan holda toʻldiriladigan “Patent vakili” grafasida u toʻgʻrisidagi quyidagi maʼlumotlar keltiriladi: familiyasi, ismi otasining ismi (agar u mavjud boʻlsa), Vazirlikda roʻyxatdan oʻtkazilgan raqami, joylashgan joyi, telefon, faks raqami va elektron pochta manzili (agar ular mavjud boʻlsa).
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
20. “Talabnomada koʻrsatilgan belgining tasviri” grafasida talabnoma berilgan belgining fotosurati, tipografiya ottiskasi qalin, uzoq muddatga chidamli, formati 8x8 sm boʻlgan qogʻozdagi tasviri yopishtirib qoʻyiladi (belgining turiga qarab, uning fotosurati yoki ottiskasining kengligi 8x16 sm ni tashkil etishi mumkin).
Agar roʻyxatdan oʻtkazish uchun tovar belgisi sifatida etiketka koʻrinishidagi belgiga talabnoma berilayotgan boʻlsa, u holda talabnoma berilayotgan belgining tasviri sifatida etiketkaning oʻzi topshirilishi mumkin. Agar etiketkaning formati 8x16 sm dan ortiq boʻlsa, u holda talabnoma berilayotgan belgining tasviri kichraytirilgan oʻlchamda topshiriladi.
Agar roʻyxatdan oʻtkazish uchun tovar belgisi sifatida muayyan shaklga ega boʻlgan (uch oʻlchamli) belgiga talabnoma berilayotgan boʻlsa, u holda “Talabnomada koʻrsatilgan belgining tasviri” grafasida shu belgining umumiy koʻrinishining tasviri joylashtiriladi. Shu bilan birga, talabnomada koʻrsatilgan belgi toʻgʻrisida toʻliq tasavvur hosil qiluvchi barcha zarur proyeksiyalarning tasviri ham keltiriladi.
Talabnomada koʻrsatilgan belgining tasviri tovar belgisini qaysi rang yoki ranglar birikmasida roʻyxatdan oʻtkazish soʻralayotgan boʻlsa, oʻsha rang va ranglar birikmasida topshiriladi.
Belgining tasviri undan istalgan miqdorda nusxa olishga imkon beradigan qilib, grafik jihatdan sifatli bajarilgan boʻlishi lozim.
21. Agar talabnoma berilayotgan belgining tasvirini “Talabnomada koʻrsatilgan belgining tasviri” grafasida keltirish imkoni boʻlmasa, bu holda ushbu grafada “X” belgisi qoʻyilib, talabnoma berilayotgan belgi alohida elektron tashuvchida taqdim etilayotgani aytiladi hamda ushbu tashuvchi turi koʻrsatiladi (kompyuter diski, disketa, audiotasma, videotasma va h.k.).
22. “Belgining turiga taalluqli koʻrsatmalar” grafasi tegishli kataklar “X” belgisini qoʻyib chiqish yoʻli bilan toʻldiriladi.
23. Agar soʻz bilan ifodalangan belgi oʻzbek tilida ham rus tilida ham taqdim etilmagan boʻlsa, bu holda “Belgi yoki uning qismlarining transliteratsiyasi” grafasida uning oʻzbek yoki rus alifbosi harflaridagi transliteratsiyasi va agar belgi maʼno ifodalasa, uning oʻzbek yoki rus tillariga tarjimasi keltiriladi.
24. “Talabnoma berilayotgan belgining tavsifi” grafasida talabnomada koʻrsatilgan belgining tavsifi keltiriladi: uning koʻrinishi (soʻzli, tasviriy, hajmiy, harakatlanuvchi, hidli, tovushli, va/yoki aralash belgi), tarkibiy elementlari, umuman belgining yoki uning ayrim elementlari (qismlari)ning maʼnosi.
Agar soʻzli belgi yoki uning bir qismi maʼnoga ega boʻlmasa, u holda uning vujudga kelish usuli koʻrsatiladi: bir necha soʻzlarning boshlangʻich boʻgʻinlari, abbreviatura, toʻqib chiqarilgan soʻz va boshqalar.
Agar soʻzli belgi oʻzbek yoki rus tillarida kam ishlatiladigan boʻlsa, (maxsus atama, tarixiy nom, eskirgan soʻz) u holda uning maʼnosi koʻrsatiladi.
Agar belgi yoki uning bir qismi tasviriy boʻlsa, u holda unga kiruvchi barcha elementlarning tavsifi keltiriladi va agar uning maʼnosi bor boʻlsa, u ham koʻrsatiladi.
Yorugʻlik, tovushli, hidli yoki boshqa belgilar grafik koʻrinishida topshiriladi.
Agar tovar belgisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish uchun yorugʻlik belgisiga talabnoma topshirilgan boʻlsa, u holda yorugʻlik ramzlarining (signallarining) xarakteristikasi, ularning ketma-ketligi, yoritish vaqtining uzunligi va boshqa oʻziga xos xususiyati keltiriladi.
Agar tovar belgisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish uchun tovushli belgiga talabnoma topshirilgan boʻlsa, bu holda u tarkib topgan tovush (tovushlar) tavsifi, shuningdek nota yozuvi yoki chastotalar diagrammasi keltiriladi.
Agar tovar belgisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish uchun hidli belgiga talabnoma topshirilgan boʻlsa, kompozitsiya tarkibi va hidni tavsiflovchi kimyoviy birikma formulasi keltiriladi.
25. Agar rangli belgini roʻyxatdan oʻtkazish soʻralayotgan boʻlsa, u holda “Rangi yoki ranglar uygʻunligi” grafasida uning rangi yoki ranglar birikmasi koʻrsatiladi.
Ranglarning tavsifi belgida foydalaniladigan va koʻchirma nusxada mavjud ranglarga mos kelishi lozim. Agar oq-qora rangdagi belgini roʻyxatdan oʻtkazish soʻralayotgan boʻlsa, koʻrsatilgan grafani toʻldirish talab etilmaydi.
26. Tovarlar va xizmatlarning roʻyxati tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish soʻralayotgan tovarlar va xizmatlarni aniqlash uchun moʻljallanadi.
“Sinfi” va “Tovarlar va (yoki) xizmatlar nomi” grafalarida TXXK sinflarining raqamlari va tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish soʻralayotgan tovarlar va (yoki) xizmatlarning nomlari koʻrsatiladi.
TXXK sinflari boʻyicha guruhlarga ajratilgan tovarlar va (yoki) xizmatlar, mahsulot (xizmat)ni birxillashtirish imkonini beruvchi amaldagi TXXK tahririga kiritilgan nomlarga mos boʻlishi lozim.
27. “Ilova qilingan hujjatlar roʻyxati” grafasi tegishli kataklarga “X” belgisini qoʻyib chiqish va ilova qilinadigan hujjatlarning har bir namunasida nusxalar va varaqlar sonini koʻrsatish yoʻli bilan toʻldiriladi. Turi talabnomaning shaklida koʻzda tutilmagan ilova qilinadigan hujjatlar uchun (“boshqa hujjat”) ularning moʻljallanganligi aniq koʻrsatiladi.
Agar talab qilinayotgan belgi Qonunning 10-moddasi, birinchi qismi 1—4-bandlarida sanab oʻtilgan elementlarga ega boʻlsa, talabnomaga tegishli vakolatli organning tovar belgisida quyidagi tasvirlardan foydalanishga roziligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi:
a) davlat gerblari, bayroqlari va emblemalar;
b) davlatlarning rasmiy nomlari, xalqaro yoki hukumatlararo tashkilotlarning qisqartirilgan yoki toʻliq nomlari;
v) davlat mukofotlari va boshqa farqlash belgilari;
g) rasmiy nazorat, kafolat yoki namuna tamgʻalari va muhrlar.
28. Agar belgi tarkibida ishlab chiqarishga asos solingan sana, talabnoma beruvchi tomonidan ishlab chiqilayotgan tovarlar yoki koʻrsatilayotgan xizmatlarga berilgan mukofotlar tasviriga oid koʻrsatmalar boʻlsa, talabnomaga asos solingan sana va talabnoma beruvchining mukofotlarga boʻlgan huquqini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
29. Talabnomaning oxirgi “Imzo” grafasini imzo qoʻyilgan sanasi koʻrsatilgan holda toʻldirish barcha hollarda majburiydir.
Talabnoma talabnoma beruvchi tomonidan imzolanadi. Yuridik shaxs nomidan tashkilot rahbari tomonidan uning lavozimi koʻrsatilgan holda imzolanadi. Imzo muhr bilan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlanadi.
(29-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi Bosh direktorining 2017-yil 6-noyabrdagi 20-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1988-3 16.11.2017-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.11.2017-y., 10/17/1988-3/0269-son)
Talabnoma patent vakili orqali berilganda, talabnoma patent vakili tomonidan imzolanadi.
Imzo imzo qoʻyuvchi shaxsning familiyasi va ismi, otasi ismining bosh harflari koʻrsatilgan holda izohlanadi. Talabnomada qoʻshimcha varaqlar mavjud boʻlsa, ular ham xuddi shu tartibda imzolanadi.
3-§. Hujjatlarni rasmiylashtirish
30. Barcha hujjatlardan istalgan tarzda nusxalar olish uchun qulay rasmiylashtirilishi lozim.
31. Talabnomaning hujjatlari oq, silliq, yaltiramaydigan qogʻozda amalga oshiriladi.
32. Talabnomaning har bir hujjati alohida varaqdan boshlanadi. 210x297 mm formatga ega boʻlgan varaqlar hoshiyalarining oʻlchami:
yuqorisi — 20 mm;
oʻng va pastdagi — 20 mm;
chapdagi — 25 mmdan iborat boʻlishi lozim.
33. Talabnomani har bir hujjatining ikkinchi va undan keyingi varaqlari arab raqamlari bilan raqamlanadi.
34. Hujjatlar qora rangli shriftlarda bosib chiqariladi. Matn 1,5 interval oraligʻida bosh harflarining balandligi 2,1 mmdan kam boʻlmagan holda bosmadan chiqariladi.
4-§. Talabnomani topshirish
35. Qonunning 4-moddasi ikkinchi qismi va 8-moddasi birinchi qismiga muvofiq tovar belgisiga talabnoma topshirish huquqiga yuridik yoki jismoniy shaxs (bundan keyingi oʻrinlarda talabnoma beruvchi deb yuritiladi) egadir.
(35-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 7-martdagi 5-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1988-5, 07.03.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.03.2022-y., 10/22/1988-5/0192-son)
36. Talabnoma Vazirlikka bevosita topshiriladi yoki pochta orqali yuboriladi.
(36-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
37. Talabnoma bevosita talabnoma beruvchi tomonidan yoki Vazirlikka roʻyxatdan oʻtgan patent vakili orqali topshirilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida doimiy yashovchi jismoniy shaxslar yoki chet el yuridik shaxslari yoxud ularning patent vakillari tovar belgilarini roʻyxatdan oʻtkazish ishlarini yuritishni Vazirlikka roʻyxatdan oʻtgan patent vakillari orqali amalga oshiradilar.
(37-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
III. Vazirlik va Davlat muassasasi bilan tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazishda talabnoma boʻyicha ishlarni olib borish
(III-bobning nomi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
1-§. Vakil tayinlash
38. Tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha ishlarni olib borish va talabnomani koʻrib chiqish davomida oʻz manfaatlarini himoya qilish uchun talabnoma beruvchi qonunchilik hujjatlariga muvofiq rasmiylashtirilgan ishonchnoma berib patent vakili tayinlashi mumkin.
(38-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
Oʻzbekiston Respublikasida rasmiylashtiriladigan Vazirlik va Davlat muassasasi oldidagi vakillikka ishonchnoma oddiy yozma shaklda tuziladi va notarial tasdiqlanishi shart emas.
(38-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
39. Vakilning ishonchnomasi talabnomani topshirish vaqtida yoki ish yuritish davomida taqdim etilishi mumkin. Ishonchnoma talabnoma materiallariga qoʻshib qoʻyiladi.
40. Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida istiqomat qiluvchi jismoniy shaxs yoki chet el yuridik shaxsining manfaatlarini himoya qilish uchun patent vakiliga beriladigan ishonchnoma ushbu shaxsning oʻzi tomonidan ham talabnoma beruvchi tomonidan berilgan tegishli ishonchnomaga ega patent vakili tomonidan ham berilishi mumkin.
Agar ishonchnoma Vazirlikda roʻyxatdan oʻtkazilgan bir nechta patent vakilining nomiga berilgan boʻlsa, bu holda tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha ishlar toʻgʻri kelgan patent vakili tomonidan olib boriladi.
(40-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
41. Ishonchnoma topshirilgunga qadar vakilning olib borgan harakatlari haqiqiy emas deb hisoblanadi va ekspertiza tomonidan inobatga olinmaydi. Vakilning unga taqdim etilgan vakolatlari doirasidagi har bir harakati yoki Vazirlik va Davlat muassasasining unga nisbatan har bir harakati talabnoma beruvchining harakati yoki talabnoma beruvchiga nisbatan harakat kabi oqibatlarga olib keladi.
(41-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
42. Vakillik ishonchnomada koʻrsatilgan vakolatlar yoki ularning amal qilish muddati tugaguncha amal qiladi. Ishonchnomada koʻrsatilgan vakolatlarni muddatidan avval toʻxtatish talabnoma beruvchi yoki uning huquqiy vorisi tomonidan Vazirlikka tegishli ariza (ishonchnomani chaqirib olish) berish yoʻli bilan amalga oshirilishi mumkin.
(42-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
2-§. Vazirlik va Davlat muassasasi bilan yozishmalar olib borish
(2-paragrafning nomi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
43. Yozishmalar talabnoma beruvchi yoki uning patent vakili tomonidan har bir talabnoma uchun alohida olib boriladi. Talabnoma topshirilgandan keyin yuboriladigan materialda talabnoma raqami koʻrsatilishi va talabnoma beruvchi yoki uning patent vakilining imzosi boʻlishi shart. Talabnoma raqami koʻrsatilmagan materiallar koʻrib chiqilmasdan qaytarib yuboriladi.
44. Vazirlik va Davlat muassasasi bilan yozishmalar oʻzbek yoki rus tillarida olib boriladi. Talabnoma beruvchi tomonidan boshqa tilda berilgan materiallarga ularning oʻzbek yoki rus tillarida talabnoma beruvchi yoki uning patent vakili imzosi bilan tasdiqlangan tarjimasi ilova qilinishi lozim.
(44-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
3-§. Muddatlar
45. Yillar bilan hisoblanadigan muddat uning oxirgi yilidagi tegishli oy va kunda tamom boʻladi.
46. Oylar bilan hisoblanadigan muddat shu muddatning oxirgi oyidagi tegishli kunda tugaydi.
Agar oylar bilan hisoblanadigan muddatning tamom boʻlishi tegishli raqam boʻlmagan oyga toʻgʻri kelsa, u holda muddat shu oyning oxirgi kunida tugaydi.
47. Haftalar bilan oʻlchanadigan muddat shu muddatning oxirgi haftasidagi tegishli kunda tugaydi.
48. Agar xat yoki patent boji Vazirlik va Davlat muassasasiga kelib tushishi lozim boʻlgan muddatning oxirgi kuni Vazirlik va Davlat muassasasining dam olish kuniga toʻgʻri kelsa, ushbu muddat keyingi ish kunigacha uzaytiriladi.
(48-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
4-§. Talabnoma hujjatlariga qoʻshimchalar, aniqliklar va tuzatishlar kiritish
49. Qonunning 13-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq talabnoma beruvchi oʻz tashabbusiga koʻra talabnoma materiallarini talabnoma mohiyatini oʻzgartirmagan holda tuzatishi, aniqlashtirishi va qoʻshimchalar kiritishi mumkin.
50. Talabnoma beruvchi talabnomaga quyidagi oʻzgartirishlarni kiritishi mumkin:
a) talabnoma beruvchining, patent vakilining nomini, nomlanishini oʻzgartirishi;
b) talabnoma beruvchining, patent vakilining manzilgohini, yozishmalar olib boriladigan manzilni oʻzgartirishi;
v) talabnoma beruvchini oʻzgartirishi;
g) kelishuvga oʻzgartirish kiritishi;
d) xatolarni tuzatishi;
e) tovarlar roʻyxatini qisqartirishi.
51. Talabnoma materiallarini tuzatish, aniqlik va qoʻshimchalar kiritish talabnoma beruvchi tomonidan Qoidalarning 2, 3-ilovalariga muvofiq ariza topshirish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Ariza Vazirlikka kelib tushganligi va uni koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisida talabnoma beruvchiga xabar beriladi.
(51-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
Arizaga talabnoma materiallariga oʻzgartirishlar kiritishi uchun patent boji toʻlanganligi toʻgʻrisidagi hujjat ilova qilinadi. Patent boji toʻlanganligi toʻgʻrisidagi hujjat ilova qilinmasa yoki toʻlangan patent bojining miqdori belgilangan miqdordan kam boʻlsa, qoʻshimcha materiallar koʻrib chiqishga qabul qilinmaydi va bu haqda talabnoma beruvchiga xabar beriladi.
52. Vazirlik talabnoma hujjatlaridagi xatolarni tuzatish haqidagi arizani qabul qiladi. Arizada talabnoma raqami va tuzatilishi lozim boʻlgan xato koʻrsatilgan boʻlib talabnoma beruvchi yoki uning patent vakili tomonidan imzolangan boʻlishi kerak. Ariza Qoidalarning 3-ilovasiga muvofiq toʻldiriladi.
(52-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
53. Talabnoma beruvchi — yuridik shaxs nomi yoki talabnoma beruvchi jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi oʻzgarganda, ushbu oʻzgartirishni tasdiqlaydigan hujjat taqdim etiladi.
54. Talabnoma beruvchi talabnomaga boʻlgan huquqini oʻzga shaxsga oʻtkazsa, Vazirlikka talabnoma beruvchi oʻzgarganligi toʻgʻrisidagi qaydni kiritish haqida ariza topshiriladi. Ariza Qoidalarning 4-ilovasiga muvofiq toʻldiriladi.
(54-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
Arizada huquq oʻzga shaxs yaʼni huquqiy vorisga oʻtkazilishining koʻrsatilishi, ushbu Qoidalarning 15, 16-bandlarida koʻzda tutilgan shaxs haqidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak. Ariza talabnoma beruvchi va uning huquqiy vorisi tomonidan ushbu Qoidalarning 29-bandida koʻzda tutilgan tartibda imzolanadi.
Agar ariza faqat talabnoma beruvchi tomonidan imzolangan boʻlsa, arizaga talabnoma beruvchi va uning huquqiy vorisi tomonidan imzolangan huquq oʻtkazilganligini tasdiqlaydigan hujjat ilova qilinadi. Ariza Qoidalarning 5-ilovasiga muvofiq toʻldiriladi.
Belgilangan talablarga rioya qilingan boʻlsa, talabnoma beruvchi va uning huquqiy vorisiga talabnoma materiallariga talabnoma beruvchining oʻzgartirilganligi toʻgʻrisida qayd kiritilganligi haqida xabar beriladi. Keyingi barcha yozishmalar yangi talabnoma beruvchi bilan olib boriladi.
Talabnoma beruvchi va uning huquqiy vorisiga talabnoma materiallariga oʻzgartirish kiritilganligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma yuborilgan sana huquq oʻtgan sana deb hisoblanadi.
Belgilangan talablarga rioya qilinmagan holda, talabnoma beruvchi va uning huquqiy vorisi taqdim etilgan hujjatlarga aniqliklar va (yoki) tuzatishlar kiritish zarurligi yoki talabnoma materiallariga talabnoma beruvchining oʻzgartirish haqidagi qaydni kiritish mumkin emasligi toʻgʻrisida, tegishli sabablar koʻrsatilgan holda bildirishnoma yuboriladi.
55. Bir nechta tovar va (yoki) xizmatlar keltirilgan talabnomani talabnoma beruvchining yozma iltimosnomasiga koʻra ikkita yoki bir nechta talabnomaga ajratish mumkin (bundan keyingi oʻrinlarda ajratilgan talabnoma deb yuritiladi).
Bunda dastlabki talabnoma koʻrib chiqishga qabul qilingan va chaqirib olinmagan boʻlishi kerak, ajratilgan talabnoma talabnoma beruvchi tomonidan birinchi talabnoma boʻyicha qaror qabul qilingunga qadar topshirilishi lozim, ajratilgan talabnomada koʻrsatilgan tovarlar va xizmatlar birinchi talabnomada qoldirilgan tovarlar va xizmatlar bilan bir xil boʻlmasligi kerak.
Iltimosnomaga mazkur Qoidalarning 6—13-bandlariga muvofiq rasmiylashtirilgan hujjatlar va talabnomani ajratish uchun belgilangan miqdorda boj toʻlanganligini tasdiqlaydigan hujjat ilova qilinadi.
Koʻrsatib oʻtilgan shartlarga rioya qilingan taqdirda talabnomani ajratish toʻgʻrisidagi iltimosnoma qondiriladi va talabnoma beruvchiga bu haqda xabar qilinadi.
Talabnoma qondirilganda birinchi talabnomada koʻrsatilgan tovarlar va xizmatlar roʻyxatiga ajratilgan talabnomaga kiritilgan tovarlar va xizmatlar birinchi talabnomadan chiqarib tashlanganligi haqida oʻzgartishlar kiritiladi.
56. Talabnoma beruvchi tomonidan taqdim etilgan qoʻshimcha materiallar mazkur Qoidalarning 119, 120-bandlariga muvofiq koʻrib chiqiladi.
5-§. Talabnoma materiallari bilan tanishish
57. Talabnoma beruvchi (uning vakili) topshirilgan talabnoma va unga oid hujjatlar bilan oldindan kuni va soatini kelishib bevosita Vazirlik yoki Davlat muassasasid yoki talabnoma hujjatlarining yoxud ularning biror qismining nusxasini soʻrash yoʻli bilan tanishishi mumkin. Soʻralgan hujjatlarning nusxalari tarif boʻyicha xizmatlarga tegishli haq toʻlangan taqdirda talabnoma beruvchiga yuboriladi.
(57-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
Talabnoma beruvchi ekspertiza qarorida koʻrsatilgan materiallar bilan ushbu materiallarning nusxalarini soʻrab olish yoʻli bilan tanishishga haqlidir.
Materiallarning soʻrab olingan nusxalari tarif boʻyicha tegishli haq toʻlanganlik sharti bilan yuboriladi.
6-§. Talabnoma beruvchi ishtirokida talabnomani koʻrib chiqish
58. Talabnoma bilan bogʻliq savollarni talabnoma beruvchi (uning vakili) ishtirokida koʻrib chiqish odatda, ekspertiza tomonidan talabnoma berilgan belgi, tovarlar va xizmatlar roʻyxati boʻyicha qoʻshimcha tushuntirishlar olish zaruriyati paydo boʻlgan holda va belgining roʻyxatdan oʻtkazish shartlariga muvofiqligi toʻgʻrisida ekspertizaning va talabnoma beruvchining pozitsiyasini aniqlash uchun oʻtkaziladi.
Bunday koʻrib chiqish ikkala tomon ushbu savollar bilan tanishib chiqqandan soʻng, Davlat muassasasining taklifiga yoki talabnoma beruvchining iltimosiga koʻra oʻtkazilishi mumkin. Ekspertizaning savollari qoʻshimcha ravishda uchrashuvning maqsadga muvofiqligi xabar qilingan soʻrovnomada, talabnoma beruvchining savollari bunday koʻrib chiqishni oʻtkazish haqidagi iltimosnomada bayon etiladi.
(58-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
Soʻrovnoma yuborilgan holda talabnoma beruvchi talabnomani koʻrib chiqishda qatnashish niyatidan qatʼiy nazar soʻrovnomaga Qonunda belgilangan muddatda javob berishi lozim.
59. Talabnoma beruvchi ishtirokida talabnomani koʻrib chiqish sanasi va vaqti oldindan kelishib olinadi. Tomonlardan biri vaziyat oʻzgargan hollarda, belgilangan vaqtda talabnomani koʻrib chiqishda qatnashish imkoniga ega boʻlmasa, bu haqda ikkinchi tomonni darhol xabardor qiladi.
Agar Davlat muassasasi yoki talabnoma beruvchi talabnomani birga koʻrib chiqish vaqti kelmagan yoki maqsadga muvofiq emas deb hisoblasa, Davlat muassasasining taklifi yoki talabnoma beruvchining iltimosi rad etilishi mumkin. Ushbu Qoidalarning 40—43-bandlaridagi shartlar bajarilgan holda ekspert muhokamasida talabnoma beruvchining vakili qatnashishi mumkin.
(59-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
60. Talabnomani koʻrib chiqishda talabnoma beruvchining patent vakili ushbu Qoidalarning 38—42-bandlaridagi shartlarga rioya qilingan holda ishtirok etishi mumkin.
61. Talabnoma beruvchi ishtirokida talabnomani koʻrib chiqish muzokaralar yoʻli bilan yoki ekspert kengashida amalga oshiriladi.
Agar savollar bevosita ekspert va talabnoma beruvchi tomonidan hal qilinishi mumkin boʻlsa, muzokaralar olib boriladi, agar savollarni hal qilish uchun mutaxassislar ekspertizasining ishtiroki talab qilinsa, ekspert kengashi oʻtkaziladi.
Muzokaralar yoki ekspert kengashi natijalari boʻyicha ikki nusxada belgilangan shakldagi bayonnoma tuziladi va unda qatnashchilar, tomonlar keltirgan dalil va takliflar haqidagi maʼlumotlar hamda keyingi ish yuritish haqida xulosalar keltiriladi.
Bayonnomada tovarlar va xizmatlarning toʻgʻrilangan roʻyxati, talabnomani chaqirib olish haqida ariza, yozma izohlarni talab qiluvchi ekspertiza savollari va boshqalar keltiriladi.
Talabnomani koʻrib chiqishda qatnashuvchilarning barchasi bayonnomani imzolaydi. Bayonnomaning bir nusxasi talabnoma materiallariga qoʻshib qoʻyiladi, ikkinchisi talabnoma beruvchiga (yoki patent vakiliga) topshiriladi.
Muhokama qilinayotgan masalalar boʻyicha bir bitimga kelinmagan boʻlsa, koʻrib chiqishda qatnashuvchilarning alohida fikrlari bayonnomada qayd etiladi. Talabnoma beruvchiga (yoki patent vakiliga) topshiriladigan, tegishli xulosalarni oʻz ichiga olgan bayonnoma nusxasi ish yuritish toʻxtatilganligi toʻgʻrisidagi xabarnomaning (talabnoma chaqirib olingan taqdirda) yoki ekspertiza soʻrovnomasining oʻrnini bosishi mumkin, bu esa bayonnomada tegishli yozuv bilan rasmiylashtiriladi.
62. Bayonnoma talabnoma beruvchining ekspertiza soʻrovnomasiga javobi oʻrnini bosishi mumkin (agar bunda javob berishning belgilangan muddatlari buzilmagan boʻlsa). Bunday holda bayonnomaga tegishli yozuv kiritiladi.
7-§. Soʻralgan materiallarni taqdim etish muddatini uzaytirish
63. Qonunning 13-moddasi beshinchi qismiga muvofiq talabnoma beruvchining yozma iltimosiga koʻra soʻralgan materiallarni taqdim etish muddati uzaytirilishi mumkin. Iltimosnoma bilan birgalikda muddatni uzaytirish uchun belgilangan miqdorda boj toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat topshiriladi.
64. Muddatni uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma talabnoma beruvchiga soʻrovnoma yuborilgan sanadan uch oy oʻtmagan muddatda topshiriladi.
65. Talabnoma beruvchiga soʻralgan materiallarni taqdim etish muddati uzaytirilganligi toʻgʻrisida bildirishnoma yuboriladi.
66. Agar iltimosnoma belgilangan muddat oʻtgandan soʻng berilgan boʻlsa, shuningdek patent boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilmagan boʻlsa yoki toʻlangan boj summasi belgilangan miqdorga toʻgʻri kelmasa, soʻralgan materiallarni taqdim etish muddati uzaytirilmaydi. Bu holda talabnoma beruvchiga uning iltimosini rad etilganligi haqida bildirishnoma yuboriladi.
8-§. Oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash
67. Qonunning 13-moddasi oltinchi qismiga muvofiq talabnoma beruvchi tomonidan ekspertiza soʻrovi boʻyicha qoʻshimcha materiallarni taqdim etishning oʻtkazib yuborilgan muddatlari tiklanishi mumkin.
68. Oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash toʻgʻrisidagi rasmiy iltimosnoma talabnoma beruvchi tomonidan muddat oʻtib ketgan kundan boshlab ikki oy ichida muddatni oʻtkazib yuborishga uzrli sabablarni koʻrsatgan holda topshiriladi.
Iltimosnoma talabnoma beruvchi tomonidan ekspertiza soʻragan qoʻshimcha materiallar bilan yoki ushbu materiallarni yuborish muddatlarini uzaytirish haqidagi iltimosnoma bilan birgalikda taqdim etiladi.
69. Rasmiy iltimosnoma bilan birgalikda tegishli patent boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etiladi. Agar shunday hujjat taqdim etilmagan boʻlsa, rasmiy iltimosnoma topshirilmagan deb hisoblanadi va bu haqda talabnoma beruvchiga bildirishnoma yuboriladi.
70. Oʻtkazib yuborilgan muddat tiklanganligi toʻgʻrisida talabnoma beruvchiga bildirishnoma yuboriladi.
71. Qoidalarning 68-bandida koʻrsatilgan talablar bajarilmagan holda rasmiy iltimosnoma talablari qondirilmaydi va bu haqda talabnoma beruvchiga bildirishnoma yuboriladi.
9-§. Talabnoma beruvchi tomonidan talabnomani chaqirib olish
72. Qonunning 17-moddasiga muvofiq talabnoma beruvchi talabnomani chaqirib olish huquqiga ega.
Talabnomani chaqirib olish toʻgʻrisidagi ariza, talabnomani koʻrib chiqishning istalgan bosqichida, lekin, tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish sanasiga qadar topshirilishi mumkin. Talabnoma beruvchiga talabnomani chaqirib olish toʻgʻrisidagi ariza inobatga olinganligi toʻgʻrisida bildirishnoma yuborilgan sanadan boshlab talabnoma chaqirib olingan deb hisoblanadi.
73. Jamoaviy tovar belgisiga talabnoma ushbu belgidan foydalanish huquqiga ega boʻlgan barcha yuridik va jismoniy shaxslarning roziligi boʻlgan holda chaqirib olinishi mumkin.
74. Chaqirib olingan talabnoma boʻyicha huquqiy ahamiyatga molik amallar bajarilmaydi (bunday talabnoma ekspertizasi oʻtkazilmaydi, tovar belgisi roʻyxatdan oʻtkazilmaydi). Boshqa talabnomalarning ekspertizasini oʻtkazishda chaqirib olingan talabnoma eʼtiborga olinmaydi.
IV. Talabnomani koʻrib chiqish
1-§. Kelib tushgan talabnomani roʻyxatga olish
75. Oʻzbek yoki rus tilida Vazirlikka berilgan talabnomada tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza va talabnomani topshirish uchun patent boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat boʻlsa, talabnoma kelib tushish sanasi koʻrsatilgan holda roʻyxatga olinadi.
(75-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
Oʻzbek yoki rus tilidan boshqa tilda topshirilgan talabnoma roʻyxatga olinmaydi va topshirgan shaxsga qaytarib yuboriladi.
Talabnomaga patent boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinmagan taqdirda, u roʻyxatga olinmaydi va topshirgan shaxsga qaytarib yuboriladi.
(75-band Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi bosh direktorining 2013-yil 8-avgustdagi 107-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1988-2, 12.09.2013-y.) asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 489-modda)
76. Talabnomaga uchta harfli va sakkiz xonali roʻyxat raqami beriladi, bunda birinchi harf (M) sanoat mulki obyekti — tovar belgisini, keyingi ikki harf (GU) muhofaza hujjati turi — tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi guvohnomani bildiradi, talabnoma raqamidagi birinchi toʻrtta son (katta razryaddagi toʻrtta son) talabnoma topshirilgan yilni, keyingi toʻrtta son (kichik razryaddagi toʻrtta son) shu yildagi har yili birdan boshlanadigan tartib raqamini bildiradi.
77. Roʻyxatga olingan talabnoma qaytarilmaydi.
2-§. Rasmiy ekspertiza
78. Rasmiy ekspertizaning vazifasi talabnoma materiallari tarkibini, zarur hujjatlar mavjudligini va ularning belgilangan talablarga muvofiqligini tekshirishdir. Rasmiy ekspertiza natijalari boʻyicha talabnoma beruvchiga Davlat muassasasining talabnoma koʻrib chiqishga qabul qilinganligi yoki qabul qilinmaganligi haqidagi qarori yuboriladi.
(78-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
79. Rasmiy ekspertiza muddati talabnoma Vazirlikka kelib tushgan sanadan boshlab 30 kunni tashkil qiladi.
(79-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
Talabnoma beruvchiga soʻrovnoma yuborilgan holda rasmiy ekspertizani oʻtkazish muddati toʻxtatib turiladi.
(79-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi bosh direktorining 2013-yil 8-avgustdagi 107-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1988-2, 12.09.2013-y.) tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 489-modda)
80. Rasmiy ekspertizaning borishida zarur hujjatlarning mavjudligi, shuningdek ularning belgilangan talablarga muvofiqligi tekshiriladi.
Tekshirish quyidagi hujjatlar va maʼlumotlarga nisbatan oʻtkaziladi:
a) belgini tovar belgisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazishga ariza;
b) talabnoma beruvchining nomi, manzilgohining koʻrsatilganligi;
v) patent vakilining familiyasi, ismi, otasining ismi (agar mavjud boʻlsa).
g) talabnomada roʻyxatdan oʻtkazish soʻralayotgan belgining tasviri;
d) roʻyxatdan oʻtkazish soʻralayotgan tovarlar va xizmatlar roʻyxati;
e) konvensiya ustuvorligi soʻralgan boʻlsa, birinchi talabnoma nusxasi;
j) koʻrgazma ustuvorligini soʻrash qonuniyligini tasdiqlaydigan hujjat;
z) tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazishda TXXKning bir sinfi uchun patent bojini belgilangan miqdorga muvofiqligi;
(80-bandning “z” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi bosh direktorining 2013-yil 8-avgustdagi 107-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1988-2, 12.09.2013-y.) tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 489-modda)
i) talabnoma jamoaviy belgiga oid boʻlsa, kelishuv;
k) patent vakiliga berilgan ishonchnoma;
l) talabnomaga ilova qilingan oʻzbek yoki rus tilidan boshqa tilda topshirilgan hujjatlarning tarjimasi;
m) agar ajratilgan talabnoma topshirilgan boʻlsa, talabnomani tovar belgisiga topshirilgan raqami koʻrsatilgan dastlabki talabnomadan ajratish toʻgʻrisidagi iltimosnoma.
81. Tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma berilgan sana mazkur talabnoma Vazirlikka kelib tushgan sanaga qarab belgilanadi.
(81-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(82-band Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi bosh direktorining 2013-yil 8-avgustdagi 107-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1988-2, 12.09.2013-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 489-modda)
83. Talabnoma materiallarida 80-bandning “v”, “e”, “j”, “i” kichik bandlarida koʻrsatilgan maʼlumotlarning va (yoki) hujjatlarning mavjud emasligi yoki ularning ushbu Qoidalardagi talablarga muvofiq emasligi talabnomani koʻrib chiqishga qabul qilinganligi haqida qaror chiqarish va talabnoma kelib tushgan sanani belgilash uchun toʻsiq boʻla olmaydi.
84. Roʻyxatga olingan talabnoma toʻlangan patent bojining belgilangan miqdorga mos ekanligi boʻyicha tekshiriladi.
Agar talabnoma beruvchi tomonidan patent boji davlat ekspertizasini oʻtkazish uchun belgilangan miqdordan kam miqdorda toʻlangan taqdirda, davlat ekspertizasini oʻtkazish talabnomada birinchi boʻlib koʻrsatilgan va patent boji yetarli miqdorda toʻlangan TXXKning sinflariga nisbatan belgini roʻyxatdan oʻtkazish uchun amalga oshiriladi.
(84-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi bosh direktorining 2013-yil 8-avgustdagi 107-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1988-2, 12.09.2013-y.) tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 489-modda)
Talabnoma beruvchi Davlat muassasasi tomonidan yetishmayotgan patent bojini qoʻshimcha ravishda toʻlanishi toʻgʻrisida bildirishnoma yuborilgan sanadan boshlab uch oy mobaynida zarur summani toʻlash huquqiga ega.
(84-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
85. Agar rasmiy ekspertiza oʻtkazish jarayonida talabnoma hujjatlari ushbu Qoidalarda belgilangan talablarga rioya qilinmagan holda rasmiylashtirilganligi aniqlansa, talabnoma beruvchiga soʻrovnoma yuboriladi, soʻrovnomada aniqlangan kamchiliklar koʻrsatiladi va ushbu soʻrovnoma talabnoma beruvchiga joʻnatilgan sanadan eʼtiboran uch oy ichida yetishmagan yoki tuzatilgan maʼlumotlar yoki hujjatlarni taqdim etish taklif qilinadi.
Bunda patent vakiliga berilgan ishonchnoma yuzasidan yuborilgan soʻrovnomaga javob, talabnoma Vazirlikka kelib tushgan kundan eʼtiboran ikki oy muddat ichida taqdim etilishi lozim.
(85-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
86. Taqdim etilgan hujjatlar Qoidalarning 12 — 26 va 29-bandlaridagi talablarni buzgan holda rasmiylashtirilganligi hamda 80-bandida nazarda tutilgan hujjatlar va maʼlumotlarning mavjud emasligi rasmiy ekspertiza bosqichida soʻrovnoma yuborish uchun asos boʻladi.
(86-band Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi bosh direktorining 2013-yil 8-avgustdagi 107-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1988-2, 12.09.2013-y.) tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 489-modda)
87. Agar talabnoma beruvchi taqdim etgan javobda soʻralgan barcha maʼlumotlar va (yoki) hujjatlar boʻlmasa yana qayta soʻrovnoma yuboriladi.
88. Rasmiy ekspertiza soʻroviga javob olinmasa, javob berish uchun belgilangan muddat buzilgan boʻlsa va bu muddat ichida uni uzaytirish haqida iltimosnoma yuborilmasa, talabnoma chaqirib olingan hisoblanadi. Talabnoma boʻyicha ish yuritish toʻxtatiladi va bu haqda talabnoma beruvchiga xabarnoma yuboriladi.
Talabnoma beruvchining iltimosnomasi boʻyicha oʻtkazib yuborilgan muddat Davlat muassasasi tomonidan tiklangan holda ish yuritish davom ettirilishi mumkin.
(88-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
89. Talabnoma materiallari belgilangan talablarga muvofiq boʻlgan, shuningdek soʻralgan hujjatlar va (yoki) maʼlumotlar talabnoma beruvchi tomonidan oʻz vaqtida taqdim etilgan holda talabnoma topshirilgan sana belgilanadi va talabnoma koʻrib chiqishga qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi qaror talabnoma beruvchiga yuboriladi.
90. Agar talabnoma beruvchi tomonidan taqdim etilgan javobda rasmiy ekspertizaning soʻrovnomasida soʻralgan maʼlumotlar va (yoki) hujjatlar boʻlmasa, talabnomani koʻrib chiqishga qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror chiqariladi.
Talabnomani koʻrib chiqishga qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi qarorda bunday qaror chiqarish uchun asoslar koʻrsatiladi.
3-§. Talabnomada koʻrsatilgan belgi ekspertizasi
91. Qonunning 15-moddasiga muvofiq talabnomada koʻrsatilgan belgi ekspertizasining vazifasi talabnoma berilgan belgining Qonunning 3 va 10-moddalari qoidalariga muvofiqligini tekshirish (Qonunning 10-moddasi birinchi qismining 14-bandi bundan mustasno) va tovar belgisining ustuvorligini belgilashdan iborat.
92. Talabnomada koʻrsatilgan belgi ekspertizasi davomida quyidagilar amalga oshiriladi:
a) talabnoma materiallarining va unga ilova qilingan hujjatlarning ushbu Qoidalarning 5—29-bandlarida koʻzda tutilgan talabnoma mazmuni va rasmiylashtirilishiga boʻlgan talablarga muvofiqligini qayta tekshirish;
b) tovarlar va (yoki) xizmatlar roʻyxatini va ularning TXXK sinflari boʻyicha guruhlanishi toʻgʻriligini tekshirish;
v) Qonunning 12-moddasiga koʻra tovar belgisi ustuvorligini belgilash;
g) talabnomada koʻrsatilgan belgining Qonunning 3, 10-moddalariga va ushbu Qoidalarning 4-bandiga muvofiqligini tekshirish (10-modda birinchi qismining 14-bandi bundan mustasno);
921. Talabnoma beruvchining xohishiga koʻra talabnomaning ekspertizasi vakolatli organ tomonidan tezkor tartibda, yaʼni talabnoma koʻrib chiqishga qabul qilinganligi toʻgʻrisida qaror chiqarilgan kundan eʼtiboran bir oy mobaynida oʻtkaziladi.
Talabnomaning ekspertizasini tezkor tartibda oʻtkazish talabnoma beruvchining bu haqidagi iltimosnomasiga asosan amalga oshiriladi. Bunda ekspertizani tezkor tartibda oʻtkazish haqidagi iltimosnoma vakolatli organga talabnoma bilan bir paytda yoki u topshirilgan sanadan eʼtiboran uch oy davomida taqdim qilinishi kerak.
922. Talabnomaning ekspertizasini tezkor tartibda oʻtkazishda axborotni izlash tovar belgisining huquqiy muhofazaga layoqatliligini tekshirishdan oldin amalga oshiriladi.
Axborotni izlash talabnoma beruvchi va vakolatli organ oʻrtasida tuziladigan shartnoma asosida vakolatli organ tomonidan oʻtkaziladi.
923. Axborotni izlash rasmiy ekspertiza yakunlangan kundan boshlab oʻn kun ichida amalga oshiriladi va uning natijalari boʻyicha hisobot tuziladi.
Axborotni izlash natijalari boʻyicha hisobotda quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
izlash oʻtkazilgan talabnoma raqami;
talabnoma topshirilgan sana;
talabnomada koʻrsatilgan belgining TXXK boʻyicha sinflari;
axborotni izlash oʻtkazilgan belgining tasviri;
maʼlumotlar bazalari, lugʻatlar, maxsus adabiyotlar roʻyxati;
bibliografik maʼlumotlar koʻrinishidagi axborotni izlashga aloqador hujjatlar, muayyan sinflarga havolalar. Agar talabnoma boʻyicha ilgariroq ustuvorlik soʻralayotgan boʻlsa, talabnoma topshirilgan sanadan avval, lekin ustuvorlik belgilangan sanadan keyin eʼlon qilingan belgilar alohida qayd qilinadi;
axborotni izlash yakunlangan sana.
Ommaga maʼlum boʻlgan har qanday maʼlumotlar axborot izlashning hajmiga kiritilishi mumkin.
(921 — 923-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 7-oktabrdagi 17-mh-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1988-4, 08.10.2021-y.) asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.10.2021-y., 10/21/1988-4/0941-son)
93. Tovarlar va (yoki) xizmatlar roʻyxatini tekshirish davomida quyidagilar aniqlanadi:
a) talabnoma beruvchi tomonidan tovar va xizmatlarni belgilash uchun foydalanilgan atamalarning TXXKning biron bir sinfidagi aniq tovar yoki xizmat bilan bir xil identifikatsiya qilish imkoniyati;
b) talabnoma beruvchi tomonidan tovar va xizmatlarning TXXK sinflari boʻyicha toʻgʻri guruhlanganligi.
Talabnomada koʻrsatilgan tovarlar va xizmatlar roʻyxatini tuzatish zaruriyati tugʻilsa, ekspertiza talabnoma beruvchidan tegishli aniqliklar kiritishni soʻrashga haqlidir.
Agar TXXKning talabnoma beruvchi tomonidan sanab oʻtilgan tovarlarga mos sinflari soni talabnomani topshirish uchun patent boji toʻlangan sinflar sonidan ortiq boʻlsa, talabnoma beruvchiga bojning yetishmagan qismini toʻlash yoki huquq hajmini cheklash (talabnomada keltirilgan belgini roʻyxatdan oʻtkazish soʻralayotgan TXXK sinflari sonini qisqartirish) toʻgʻrisida bildirishnoma yuboriladi.
Talabnoma beruvchi patent bojining yetishmagan qismini toʻlashdan yoki huquq hajmini kamaytirishdan bosh tortsa, talabnomada keltirilgan belgi ekspertizasi TXXKning birinchi boʻlib keltirilgan sinflariga nisbatan oʻtkaziladi.
94. Ajratilgan talabnoma boʻyicha tovarlar va xizmatlar roʻyxatini tekshirish davomida quyidagilar aniqlanadi:
a) ajratilgan talabnomada koʻrsatilgan tovarlar va (yoki) xizmatlarning tovar belgisiga topshirilgan dastlabki talabnomada mavjudligi;
b) ajratilgan talabnomada koʻrsatilgan tovarlar va (yoki) xizmatlarning tovar belgisiga topshirilgan dastlabki talabnomada qolganlari bilan bir turda emasligi.
95. Talabnomada koʻrsatilgan belgining ekspertizasi davomida talabnoma beruvchiga ushbu belgining Qonunning 15-moddasi ikkinchi qismi va ushbu Qoidalarning 92-bandida bayon etilgan qoidalarga muvofiqligini tekshirish natijalari boʻyicha soʻrovnoma yuborilishi mumkin. Soʻrovnomada keltirilgan sabablarga asoslangan javob berish taklif etiladi.
Soʻrovnomada talabnomada koʻrsatilgan belgini tovar belgisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish uchun Qonun va ushbu Qoidalarga asoslangan sabablar keltiriladi. Soʻrovnoma yuborilgan sanadan eʼtiboran uch oy ichida soʻrovnomaga javob yoki javob muddatini uzaytirish haqidagi iltimosnoma taqdim etilishi kerak.
Talabnoma beruvchiga soʻrovnoma yuborilgan holda talabnomada koʻrsatilgan belgini ekspertizadan oʻtkazish muddati toʻxtatib turiladi.
(95-band Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi bosh direktorining 2013-yil 8-avgustdagi 107-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1988-2, 12.09.2013-y.) asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 489-modda)
96. Talabnomada koʻrsatilgan belgi ekspertizasi soʻroviga javoban olinmagan yoki talabnoma beruvchi javob berish muddatini buzgan va shu muddatni uzaytirish haqida iltimosnoma bermagan holda talabnoma chaqirib olingan hisoblanadi. Talabnoma boʻyicha ish yuritish toʻxtatiladi.
Talabnoma beruvchining iltimosnomasi boʻyicha oʻtkazib yuborilgan muddat Davlat muassasasi tomonidan tiklangan holda ish yuritish davom ettirilishi mumkin.
(96-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
4-§. Tovar belgisi ustuvorligini belgilash
97. Tovar belgisining ustuvorligi tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun Vazirlikka talabnoma berilgan sanaga qarab belgilanadi.
(97-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(97-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi bosh direktorining 2013-yil 8-avgustdagi 107-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1988-2, 12.09.2013-y.) asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 489-modda)
Tovar belgisining ustuvorligi, shuningdek Parij konvensiyasiga aʼzo davlatda berilgan birinchi talabnoma sanasi boʻyicha yoki Parij konvensiyasiga aʼzo davlatlardan birining hududida tashkil qilingan rasmiy yoki rasmiy tan olingan xalqaro koʻrgazmada ushbu belgi bilan belgilangan eksponatlarning ochiq namoyish qilingan sanasi boʻyicha belgilanishi mumkin, agar Qonunning 12-moddasi ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismida koʻzda tutilgan talablarga rioya qilingan boʻlib, talabnoma beruvchi tomonidan soʻralayotgan ustuvorlikni tasdiqlaydigan zarur hujjatlar taqdim etilgan boʻlsa.
98. Qonunning 12-moddasi ikkinchi va toʻrtinchi qismiga muvofiq konvensiya ustuvorligi soʻralgan holda quyidagilar tekshiriladi:
a) talabnoma beruvchi tomonidan Parij konvensiyasiga aʼzo davlatda topshirilgan birinchi talabnomaning nusxasi mavjudligi;
Agar koʻrsatilgan nusxa talabnoma Vazirlikka kelib tushgan sanadan keyin taqdim etilsa, talabnoma nusxasi taqdim etilishi lozim boʻlgan uch oylik muddatga rioya qilinganligi;
(98-bandning “a” kichik bandi ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
b) birinchi talabnoma topshirilgan sanadan hisoblanadigan konvensiya ustuvorligi soʻralgan talabnoma topshirilishi lozim boʻlgan olti oylik muddatga talabnoma beruvchi tomonidan rioya qilinganligi;
v) konvensiya ustuvorligini belgilash haqidagi iltimosnoma Vazirlikka talabnoma topshirilgan sanadan boshlab ikki oy ichida berilganligi;
(98-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
g) talabnomada koʻrsatilgan belgini tovar va xizmatlar roʻyxatining birinchi talabnomadagi belgi va tovar va xizmatlar roʻyxatiga muvofiqligi.
Bunda belgi taqdim etilayotgan tovarlar va (yoki) xizmatlar roʻyxati dastlabki talabnomada koʻrsatilgan tovarlar va (yoki) xizmatlarning hammasini ham oʻz ichiga olmagan boʻlishi mumkin.
99. Koʻrgazma ustuvorligi soʻralgan holda Qonunning 12-moddasi uchinchi va toʻrtinchi qismiga muvofiq quyidagilar tekshiriladi:
a) koʻrgazma ustuvorligini tasdiqlaydigan hujjat mavjudligi va ushbu Qoidalarning 11-bandida koʻzda tutilgan talablarga muvofiqligi;
b) koʻrgazma ustuvorligi soʻralgan talabnoma Vazirlikka topshirilishi lozim boʻlgan eksponat koʻrgazmasida ochiq koʻrsata boshlangan sanadan boshlanadigan olti oylik muddatga talabnoma beruvchi tomonidan rioya qilinganligi;
(99-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
v) koʻrgazma ustuvorligini belgilash toʻgʻrisidagi iltimosni Vazirlikka talabnoma kelib tushgan sanadan ikki oydan oshmagan muddatda taqdim etilishi;
(99-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
g) koʻrgazma ustuvorligini belgilash soʻralgan belgi bilan belgilangan tovar koʻrgazmada namoyish qilingan boʻlsa, talabnomada koʻrsatilgan belgi namoyish etilgan tovarlardagi belgilarga muvofiqligi.
100. Talabnoma beruvchi tomonidan ushbu Qoidalarning 98 va 99-bandlarida koʻrsatilgan talablarning birortasi bajarilmasa, tovar belgisining ustuvorligi ushbu Qoidalarning 97-bandining birinchi, ikkinchi xatboshilariga muvofiq belgilanadi va bu haqda talabnoma beruvchiga bildirishnoma yuboriladi.
101. Talabnoma beruvchining xuddi shu belgiga boshqa talabnoma (dastlabki talabnoma) asosida ajratilgan talabnoma boʻyicha tovar belgisining ustuvorligi Vazirlikka dastlabki talabnoma topshirilgan sana boʻyicha belgilanadi, dastlabki talabnoma boʻyicha avvalroq ustuvorlik belgilash huquqi mavjud boʻlganda, agar ajratilgan talabnoma berilgan sanaga kelib, dastlabki talabnoma chaqirib olinmagan boʻlsa va ajratilgan talabnoma dastlabki talabnoma boʻyicha qaror qabul qilinishidan avval topshirilgan boʻlsa, ustuvorlik ushbu ustuvorlik sanasi boʻyicha belgilanadi.
(101-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
102. Ajratilgan talabnoma boʻyicha ustuvorlik belgilashda Qonunning 12-moddasi beshinchi qismiga muvofiq quyidagi shartlarga rioya qilinganlik tekshiriladi:
a) xuddi oʻsha talabnoma beruvchining tovar belgisiga topshirilgan dastlabki talabnomani ajratish toʻgʻrisida iltimosnomaning mavjudligi;
b) dastlabki talabnoma chaqirib olinmaganligi;
v) ajratilgan talabnomaning dastlabki talabnoma boʻyicha qaror qabul qilinmay turib amalga oshirilganligi;
g) talabnoma berilayotgan belgining dastlabki talabnomadagi belgiga muvofiqligi;
d) ajratilgan talabnomada koʻrsatilgan tovarlar va (yoki) xizmatlar dastlabki talabnomada koʻrsatilganligi.
5-§. Talabnomada koʻrsatilgan belgining muhofazaga layoqatliligini tekshirish
103. Talabnomada koʻrsatilgan belgi Qonunning 3 va 10-moddalarida (10-modda birinchi qismining 14-bandi bundan mustasno) va Qoidalarning 4-bandida belgilangan talablarga muvofiq tekshiriladi.
Agar talabnomada koʻrsatilgan belgi faqat ushbu Qoidalarning 4-bandi “a”—“z” kichik bandlarida koʻrsatilgan belgilardan iborat boʻlsa yoki uning elementlari sifatida Qoidalarning 4-bandi “i”—“m” kichik bandlarida koʻrsatilgan belgilardan birini oʻz ichiga olsa, shu belgini tovar belgisi sifatida roʻyxatga olish mumkin emasligi haqida xulosa qilinadi.
Agar talabnomada koʻrsatilgan belgi faqat Qoidalarning 4-bandi “a”—“z” kichik bandlarida koʻzda tutilgan muhofazaga layoqatli boʻlmagan belgilardan iborat boʻlmasa, lekin ulardan birini oʻz ichiga olgan boʻlsa, bu holda:
a) Qoidalarning 4-bandi “a”—“g” kichik bandlarida koʻrsatilgan belgilar mavjud boʻlgan holda tegishli vakolatli organ yoki ularning egalarining roziligi tasdiqlangan hujjat mavjudligi tekshiriladi. Bunday roziliksiz tovar belgisi roʻyxatdan oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi;
b) ushbu Qoidalarning 4-bandi “d”, “e”, “j”, “z” kichik bandlarida koʻrsatilgan belgilar mavjud boʻlgan holda ular tovar belgisida ustun mavqega egaligi tekshiriladi.
104. Barcha elementlarda belgi boshqa belgi bilan mos tushsa, aynan bir xil deb hisoblanadi.
Agar belgi belgiga umuman olganda oʻxshash boʻlsa, alohida farqlariga qaramasdan boshqa belgi bilan aralashtirib yuborish darajasida oʻxshash deb hisoblanadi.
Belgilarning oʻxshashligini baholash belgilarning har qanday xususiyatlari, shu jumladan soʻzli yoki grafik elementlar, ularning kompozitsion va rang-grafik yechimi va boshqalar taʼsiri ostida shakllanadigan umumiy tasavvur asosida amalga oshiriladi.
Aynan bir xillik va oʻxshashlikni tekshirishda quyidagi amallar bajariladi:
a) aynan bir xil va oʻxshash belgilar qidiruvi oʻtkaziladi.
b) talabnomada koʻrsatilgan va qidiruvda topilgan belgilarning oʻxshashlik darajasi aniqlanadi.
v) talabnomada koʻrsatilgan tovarlarning bir xil yoki oʻxshash tovar belgilari avval aniqlanib roʻyxatdan oʻtkazilgan (talabnoma berilgan) tovarlar belgilari bilan bir xilligi aniqlanadi.
105. Qonunning 10-moddasi oʻn uchinchi bandida sanab oʻtilgan belgilar orasida aynan bir xillik va aralashtirib yuborish darajasida oʻxshashlikka qidiruv oʻtkaziladi.
106. Soʻzli belgilarning oʻxshashligini aniqlash uchun ular quyidagilar bilan taqqoslanadi:
a) soʻzli belgilar bilan;
b) tarkibiga soʻzli belgilar kirgan jamlama belgilar bilan.
Soʻzli belgilar oʻxshashligi tovushli (fonetik), grafik (koʻz bilan koʻradigan) va mazmunan (semantik) boʻlishi mumkin.
107. Tovushli oʻxshashlik quyidagi alomatlar asosida aniqlanadi:
a) taqqoslanayotgan belgilarda yaqin va mos tushadigan tovushlar mavjudligi;
b) belgilarni tashkil qiluvchi tovushlarning yaqinligi;
v) yaqin tovushlar va tovush birikmalarining bir-biriga nisbatan joylashishi;
g) mos boʻgʻinlar mavjudligi va ularning joylashishi;
d) belgilardagi boʻgʻinlar soni;
e) mos tovush birikmalarining belgi tarkibidagi oʻrni;
j) unli tovushlar tarkibining yaqinligi;
z) undosh tovushlar tarkibining yaqinligi;
i) belgilari bir-biriga mos qismlarining xarakteri;
k) bir belgining ikkinchisiga kirishi;
l) urgʻu.
108. Grafik oʻxshashlik quyidagi alomatlar asosida aniqlanadi:
a) umumiy koʻrish taassuroti;
b) shrift turi;
v) harflar xarakterini hisobga olgan holda grafik yozilishi (bosma yoki yozma, bosh yoki kichik harf);
g) harflarning bir-biriga nisbatan joylashishi;
d) soʻz harflari yozilgan alifbo;
e) rang yoki ranglar uygʻunligi;
109. Mazmunan oʻxshashlik quyidagi alomatlar asosida aniqlanadi:
a) belgilarda ifodalangan tushunchalar, gʻoyalarning oʻxshashligi xususan, belgi mazmunining turli tillarda mos kelishi;
b) belgining mantiqiy urgʻu berilgan va mustaqil ahamiyatga ega boʻlgan birorta elementning mos tushishi;
v) belgida ifodalangan tushunchalar, gʻoyalardagi qarama-qarshilik.
110. Ushbu Qoidalarning 107—109-bandlarida sanab oʻtilgan alomatlar har biri alohida va turli birliklarda hisobga olinishi mumkin.
111. Tasviriy va muayyan shakldagi hajmli belgilarning oʻxshashligini aniqlash uchun ular quyidagilar bilan taqqoslanadi:
a) tasviriy belgilar bilan;
b) hajmli belgilar bilan;
v) tarkibiga tasviriy yoki hajmli elementlar kirgan jamlama belgilar bilan.
112. Tasviriy va muayyan shakldagi hajmli belgilarning oʻxshashligi quyidagi alomatlar asosida aniqlanadi:
a) tashqi shakli;
b) simmetriya mavjudligi va mavjud emasligi;
v) mazmuni;
g) tasvir koʻrinishi va xarakteri (tabiiy, oʻziga xosligi, hajviy va h.k.);
d) ranglar va tuslar uygʻunligi.
Sanab oʻtilgan alomatlar har biri alohida va turli birikmalarda hisobga olinishi mumkin.
113. Jamlama belgining oʻxshashligini aniqlash uchun quyidagilar bilan taqqoslanadi:
a) jamlama belgilar bilan;
b) tekshirilayotgan jamlama belgi tarkibiga uning elementi sifatida kiradigan belgilar turi bilan.
Jamlama belgilarning oʻxshashligini aniqlashda ushbu Qoidalarning 106—112-bandlarida keltirilgan alomatlardan foydalaniladi va aynan oʻxshash yoki oʻxshash elementning talabnomada koʻrsatilgan belgidagi holatining ahamiyati tekshiriladi.
114. Tovarlarning bir xil jinsliligini belgilashda isteʼmolchida shu tovarlar bitta ishlab chiqaruvchiga qarashli degan qatʼiy tasavvur paydo boʻlish imkoniyati aniqlanadi.
Tovarlarning bir jinsliligini belgilashda tovarlarning turi, bajaradigan vazifasi, ular tayyorlangan material turi, tovarlarning oʻzaro bir-birini toʻldirishi yoki oʻzaro bir-birining oʻrnini bosa olishi, tovarlarni sotish sharti, isteʼmolchilar doirasi va boshqa alomatlar.
6-§. Qoʻshimcha materiallarni soʻrab olish
115. Agar qoʻshimcha materiallarsiz talabnomada koʻrsatilgan belgining ekspertizasini oʻtkazish mumkin boʻlmasa Qonunning 13-moddasi uchinchi qismiga muvofiq talabnoma beruvchiga soʻrovnoma yuboriladi.
Soʻrovnoma yuborish uchun quyidagi holatlar asos boʻlishi mumkin:
a) Qoidalarning 8 — 11, 27 va 28-bandlarida koʻrsatilgan hujjatlarni taqdim etish zarurligi;
(115-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi bosh direktorining 2013-yil 8-avgustdagi 107-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1988-2, 12.09.2013-y.) tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 489-modda)
b) tovar va (yoki) xizmatlar tasnifi va roʻyxatini, shu jumladan, ajratilgan talabnomada koʻrsatilgan tovarlar va (yoki) xizmatlar roʻyxati ushbu Qoidalarning 55-bandi ikkinchi qismi talablariga mos kelmagan hollarda, aniqlashtirish zarurligi;
v) talabnomada koʻrsatilgan tovar va xizmatlar roʻyxati tasnifini aniqlashtirish natijasida toʻlangan patent boji TXXK sinflari soniga toʻgʻri kelmasligi aniqlansa, bojning yetishmagan qismini toʻlash zarurligi. Bu holda talabnoma beruvchiga agar patent boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilmagan yoki oʻz huquqlar hajmini kamaytirish rad etilgan taqdirda talabnomada koʻrsatilgan belgi ekspertizasi talabnomada birinchi koʻrsatilgan sinflarga nisbatan oʻtkaziladi;
g) talabnomada koʻrsatilgan belgi tasviriga aniqlik kiritish zarurligi;
d) barcha tovarlar va (yoki) xizmatlar yoki ularning bir qismi uchun roʻyxatdan oʻtkazishga avvalroq topshirilgan oʻxshash tovar belgilari yoki belgilar aniqlanganligi sababli yuzaga kelgan savollarni hal qilish zarurligi.
Yuqorida keltirilgan asoslar boʻyicha tuzilgan soʻrovnomaga talabnomani koʻrib chiqishda kelib chiqqan boshqa xarakterdagi savollar va shuningdek, ustuvorlikni belgilash bilan bogʻliq savollar kiritilishi mumkin.
116. Taqdim etilgan hujjat yoki maʼlumotlar istalgan birorta haqiqiyligi (ishonchli) boʻyicha ekspertizada asosli shubha tugʻilsa, ekspertiza talabnoma beruvchidan tasdiqlovchi isbot maʼlumotlarini soʻrashga haqli.
117. Ekspertizaning soʻrovnomada keltirilgan fikri xususan, Qonun moddalariga, ushbu Qoida va boshqa meʼyoriy hujjatlarga izoh berilgan holda asoslangan boʻlishi kerak.
118. Talabnoma beruvchi tomonidan ekspertiza soʻrovnomasi boʻyicha taqdim etilgan qoʻshimcha materiallar ushbu Qoidalarning 119 va 120-bandlariga muvofiq koʻrib chiqiladi.
7-§. Qoʻshimcha materiallarni tekshirish
119. Davlat muassasasining soʻrovnomasi boʻyicha talabnoma beruvchi tomonidan qoʻshimcha material taqdim etilgan holda ularning taqdim etishga belgilangan muddatlarga rioya qilinganligi tekshiriladi.
(119-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
120. Talabnoma beruvchi tomonidan Davlat muassasasining soʻrovnomasi boʻyicha yoki oʻz tashabbusiga koʻra qoʻshimcha materiallar kelib tushgan va koʻrib chiqishga qabul qilingan holda, ularning talabnoma mohiyatini oʻzgartirmasligi tekshiriladi. Quyidagi hollarda qoʻshimcha materiallar talabnoma mohiyatini oʻzgartiradi deb eʼtirof etiladi, agar:
(120-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
a) qoʻshimcha materiallar talabnomada koʻrsatilgan belgiga oʻzgartirish kiritsa;
b) qoʻshimcha materiallar tovar va (yoki) xizmatlar roʻyxatiga talabnomada koʻrsatilmagan tovarlar va xizmatlardan iborat boʻlsa.
8-§. Tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror
121. Talabnomada koʻrsatilgan belgi talabnoma beruvchi tomonidan taqdim etilgan tovarlar va (yoki) xizmatlar roʻyxatidagi barcha tovar va (yoki) xizmatlar uchun Qonunning 3 va 10-moddalarida (10-modda birinchi qismining 14-bandi bundan mustasno) belgilangan talablarga javob berishi aniqlansa, shu roʻyxatda berilgan tovar va (yoki) xizmatlar uchun tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
122. Agar talabnomada koʻrsatilgan belgi ushbu Qoidalarning 121-bandida koʻrsatilgan talablarga tovarlar va (yoki) xizmatlarning bir qismi uchun javob bersa, tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror tovarlar va (yoki) xizmatlarning shu qismiga nisbatan qabul qilinadi.
123. Tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorda tovar belgisida muhofaza qilinmaydigan elementlar koʻrsatiladi.
Agar roʻyxatdan oʻtkazishga talabnoma berilgan belgi rangli tasvirda berilsa, tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorda belgidagi rang yoki ranglar uygʻunligi koʻrsatiladi.
124. Tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror roʻyxatdan oʻtkazish sanasiga qadar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida avvalroq ustuvorlikka ega boʻlgan aynan oʻxshash yoki aralashtirib yuborish darajasida oʻxshash tovar belgisiga talabnoma kelib tushish munosabati bilan qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
9-§. Tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror
125. Agar Qonunning 15-moddasi birinchi va ikkinchi qismlariga muvofiq oʻtkazilgan talabnomada koʻrsatilgan belgi ekspertizasini oʻtkazish natijasida belgi tovar va (yoki) xizmatlar roʻyxatining hammasi uchun ushbu Qoidalarning 4-bandida (10-modda birinchi qismining 14-bandi bundan mustasno) keltirilgan talablarga muvofiq kelmasa, talabnoma beruvchiga tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror yuboriladi.
10-§. Xalqaro roʻyxatdan oʻtkazilgan tovar belgisiga huquqiy muhofaza taqdim etish
126. Qonunning 4-moddasi qoidalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hududida tovar belgisiga huquqiy muhofaza Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida taqdim etiladi.
127. Bayonnomaning 3(4)-moddasiga muvofiq BIMT XBdan kelgan tovar belgisini xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi xabarnoma, shu jumladan xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish natijasida yuzaga keladigan muhofazaning Oʻzbekiston Respublikasiga taalluqli ekani toʻgʻrisidagi Bayonnomaning 3ter-moddasida koʻzda tutilgan ariza bilan bogʻliq holda kelib tushgan BIMT XBning xabarnomasi (bundan keyingi oʻrinlarda BIMT XBning xabarnomasi deb yuritiladi) xalqaro roʻyxatdan oʻtkazilgan tovar belgisini davlat ekspertizasidan oʻtkazish uchun asos boʻladi.
128. BIMT XBning xabarnomalarida keltirilgan xalqaro roʻyxatdan oʻtkazilgan tovar belgilari boʻyicha Qonunning 3-moddasining birinchi qismi va 10-moddasi qoidalariga (10-modda birinchi qismining 14-bandi bundan mustasno) muvofiqligi tekshiriladi.
129. Agar xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish belgilangan qoidalarga mos kelsa, unga Oʻzbekiston Respublikasi hududida huquqiy muhofaza taqdim etiladi.
130. Agar xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish belgilangan talablarni qanoatlantirmasa, bu holda Bayonnomaning 5-moddasiga muvofiq BIMT XBga Oʻzbekiston Respublikasi hududida unga huquqiy muhofaza taqdim etish dastlabki rad etilgani toʻgʻrisida (bundan keyingi oʻrinlarda dastlabki raddiya deb yuritiladi) rad etish sabablari koʻrsatilgan xabarnoma yuboriladi.
Xabarnomada, shuningdek, xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish egasi ushbu Qoidalarning 38-bandida belgilangan talablarga rioya qilgan holda xabarnomada koʻrsatilgan muddat ichida xabarnomada keltirilgan sabablar boʻyicha oʻz mulohazalarini taqdim etishga haqli ekani taʼkidlanadi.
131. Agar xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish egasi dastlabki raddiyada keltirilgan sabablar boʻyicha oʻz dalillarini belgilangan muddatda taqdim etmasa, bu holda BIMT XBga dastlabki raddiyani tasdiqlash haqida xabarnoma (uzil-kesil raddiya) yuboriladi.
132. Agar xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish egasi dastlabki raddiyada keltirilgan sabablar boʻyicha oʻz dalillarini belgilangan muddatda taqdim etsa, bu holda BIMT XBga ularni koʻrib chiqish natijalari haqida xabarnoma yuboriladi.
11-§. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasiga binoan avval muhofaza qilingan tovar belgisiga talabnoma
133. Qonunning 8-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining shartnomasiga binoan avval muhofaza qilingan va xalqaro reyestrdan chiqarilgan tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish haqidagi talabnoma Vazirlikka avval ushbu belgini xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish egasi boʻlgan shaxs tomonidan topshiriladi.
(133-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
Talabnoma ushbu Qoidalarning 37-bandida belgilangan talablar hisobga olingan holda topshiriladi.
134. Tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnomani topshirish sanasi va tovar belgisining ustuvorligi sanasi xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish sanasi va xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish ustuvorligi sanasi boʻyicha quyidagi shartlarga rioya qilingan holda belgilanadi:
a) talabnoma xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish xalqaro reyestrdan chiqarilgan sanadan boshlab uch oy mobaynida topshirilsa;
b) tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish soʻralayotgan tovarlar va xizmatlar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish amal qilgan tovarlar va xizmatlar roʻyxatiga kirgan boʻlsa;
v) talabnoma Qonunning 9-moddasida va ushbu Qoidalarda koʻzda tutilgan talablarga binoan rasmiylashtirilgan boʻlsa.
135. Talabnoma kelib tushgan kundan eʼtiboran bir oy mobaynida uning ushbu Qoidalarning 134-bandida koʻrsatilgan shartlarga rioya qilinganligi tekshiriladi.
136. Koʻrsatilgan shartlarga rioya qilingan holda xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish sanasi yoki xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish ustuvorligi sanasi boʻyicha talabnoma berilgan sana va tovar belgisining ustuvorligi belgilanadi va tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish haqida qaror qabul qilinadi.
137. Qoidalarning 134-bandida koʻrsatilgan shartlarga rioya qilinmagan holda talabnoma beruvchiga soʻrovnoma yuborilib, unda soʻrovnoma yuborilgan sanadan eʼtiboran uch oy muddat ichida yetishmagan yoki toʻgʻrilangan hujjatlarni taqdim etish taklif qilinadi.
138. Agar talabnoma beruvchi belgilangan muddatda soʻrovnomada koʻrsatilgan hujjatlarni taqdim etsa, bu holda ushbu Qoidalarning 136-bandiga muvofiq talabnomani koʻrib chiqish davom etadi.
139. Agar talabnoma beruvchi soʻralgan hujjatlarni belgilangan muddatda taqdim etmasa, bu holda talabnomani topshirish sanasi va tovar belgisining ustuvorligi ushbu Qoidalarning 97-bandiga muvofiq belgilanadi.
Talabnomani keyinchalik koʻrib chiqish ushbu Qoidalarning 78—125-bandlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma tuzish, topshirish va koʻrib chiqish qoidalariga 1-
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida tovar belgisi (xizmat koʻrsatish belgisi)ni roʻyxatdan oʻtkazish uchun
TALABNOMA
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
Tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma tuzish, topshirish va koʻrib chiqish qoidalariga
2-ILOVA
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
Tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma tuzish, topshirish va koʻrib chiqish qoidalariga
3-ILOVA
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
Tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma tuzish, topshirish va koʻrib chiqish qoidalariga
4- ILOVA
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
Tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma tuzish, topshirish va koʻrib chiqish qoidalariga
5- ILOVA
(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3392, 17.10.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 30-31-son, 353-modda; 2011-y., 40-son, 417-modda; 2013-y., 37-son, 489-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.11.2017-y., 10/17/1988-3/0269-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son, 08.10.2021-y., 10/21/1988-4/0941-son; 07.03.2022-y., 10/22/1988-5/0192-son, Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.04.2022-y., 10/22/1988-6/0295-son; 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son)