Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining
buyrugʻi
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI BUXGALTERIYA HISOBINING MILLIY STANDARTI (6-SONLI BHMS) “IJARA HISOBI”NI TASDIQLASH TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 24-aprelda 1946-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuniga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-martdagi PQ-2847-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq buyuraman:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2017-yil 9-iyundagi 71-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1946-1, 16.06.2017-y.) tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 24-son, 512-modda)
1. Oʻzbekiston Respublikasi Buxgalteriya hisobining milliy standarti (6 - sonli BHMS) “Ijara hisobi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining 2004-yil 12-maydagi 75-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Buxgalteriya hisobining milliy standarti (6-sonli BHMS) “Ijara hisobi”ni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1374, 2004-yil 22-iyun, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 25-son, 292-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 6-aprel,
41-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining 2009-yil 6-apreldagi 41- sonli buyrugʻi bilan
TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (6-sonli BHMS) “Ijara hisobi”
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Buxgalteriya hisobining milliy standarti (BHMS) Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi, “Lizing toʻgʻrisida”gi Qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga asosan ishlab chiqilgan va Oʻzbekiston Respublikasida buxgalteriya hisobini meʼyoriy tartibga solish tizimining elementi hisoblanadi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2017-yil 9-iyundagi 71-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1946-1, 16.06.2017-y.) tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 24-son, 512-modda)
§ 1. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Mazkur BHMSning maqsadi xoʻjalik yurituvchi subyektlarda (bundan budjet tashkilotlari, banklar va nobank kredit tashkilotlari mustasno) ijara operatsiyalarini buxgalteriya hisobida va moliyaviy hisobotlarda aks ettirishning yagona uslubiy asosini belgilash hisoblanadi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2025-yil 26-avgustdagi 281-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1946-2, 24.09.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.09.2025-y., 10/25/1946-2/0870-son)
Oldingi tahrirga qarang.
11. Ijara operatsiyalarini buxgalteriya hisobining hisobvaraqlarida aks ettirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (21-sonli BHMS) “Xoʻjalik yurituvchi subyektlarda buxgalteriya hisobining hisobvaraqlar rejasi va uni qoʻllash boʻyicha yoʻriqnoma”ga (roʻyxat raqami 3593, 2024-yil 27-dekabr) muvofiq amalga oshiriladi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2025-yil 26-avgustdagi 281-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1946-2, 24.09.2025-y.) asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.09.2025-y., 10/25/1946-2/0870-son)
2. Mazkur BHMS quyidagi obyektlar va operatsiyalarga qoʻllanilmaydi:
a) tabiat resurslari, shu jumladan neft, tabiiy gaz va boshqa qayta tiklanmaydigan resurslarni qidiruv va foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan ijara kelishuvlari;
b) intellektual mulk obyektlari boʻyicha litsenziya kelishuvlari.
§ 2. Mazkur BHMSda qoʻllaniladigan asosiy atamalar
3. Ijara – kelishuvga binoan bir tomon (ijaraga beruvchi) boshqa tomonga (ijaraga oluvchiga) haq evaziga vaqtinchalik egalik qilish va foydalanish yoki kelishilgan muddat davomida mulkdan foydalanish huquqini berishdir.
4. Ijara subyektlari boʻlib quyidagilar hisoblanadi:
a) ijaraga beruvchi – mulkning egasi yoki qonunchilikka muvofiq yoki mulkdor tomonidan mulkni ijaraga berish uchun vakolatlangan shaxslar;
b) ijaraga oluvchi (ijarachi) — ijara shartnomasi asosida mulkni ijaraga oluvchi yuridik va jismoniy shaxslar.
5. Mazkur BHMS maqsadlariga koʻra ijara quyidagilarga ajratiladi:
a) moliyaviy ijara (lizingni qamrab olgan holda);
b) operativ ijara.
Oldingi tahrirga qarang.
51. Ijarani tasniflash ijara munosabatlari boshlangan sanada amalga oshiriladi va ijara shartnomasiga oʻzgartirishlar qilinganda ijaraning tasniflanishi qayta koʻrib chiqiladi. Hisob baholaridagi oʻzgarishlar (masalan, tayanch aktivning iqtisodiy xizmat muddati yoki tugatish qiymati boʻyicha hisob baholaridagi oʻzgarishlar) yoki holatlardagi oʻzgarishlar (masalan, ijarachining oʻz majburiyatlarini bajarmasligi) hisobga olish maqsadlarida ijarani qayta tasniflash zaruratini keltirib chiqarmaydi.
(51-band Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2025-yil 26-avgustdagi 281-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1946-2, 24.09.2025-y.) asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.09.2025-y., 10/25/1946-2/0870-son)
6. Moliyaviy ijara — mulkni (moliyaviy ijara obyektini) shartnomaga binoan oʻn ikki oydan ortiq muddatga egalik qilish va foydalanish huquqini berishda yuzaga keladigan ijaraviy munosabatlar. Bunda moliyaviy ijara shartnomasi quyidagi shartlardan biriga javob berishi kerak:
moliyaviy ijara shartnomasining muddati tugagach, moliyaviy ijara obyekti ijaraga oluvchining mulki boʻlib oʻtishi;
moliyaviy ijara shartnomasining muddati moliyaviy ijara obyekti xizmat muddatining 80 foizidan ortiq boʻlsa yoki moliyaviy ijara obyektining moliyaviy ijara shartnomasi tugaganidan keyingi qoldiq qiymati uning boshlangʻich qiymatining 20 foizidan kamrogʻini tashkil qilishi;
moliyaviy ijara shartnomasining muddati tugagach, ijaraga oluvchi moliyaviy ijara obyektini ushbu huquq sotilish kunidagi bozor qiymatidan ancha past narxda sotib olish huquqiga ega boʻlishi va bunda ijara muddatining boshida ushbu huquqning sotilishiga asoslangan ishonchning mavjud boʻlishi;
moliyaviy ijara shartnomasi amal qiladigan davr uchun ijara toʻlovlarining diskontlangan joriy qiymati, moliyaviy ijara obyektini ijaraga berish paytidagi joriy qiymatining 90 foizidan ortiq boʻlishi.
7. Operativ ijara — moliyaviy ijara shartnomasi hisoblanmaydigan mulkiy ijarasi shartnomasiga binoan mulkni vaqtinchalik egalik qilishga va foydalanishga yoki foydalanishga berish.
8. Lizing — moliyaviy ijara munosabatlarining alohida turi boʻlib, unda bir taraf (lizingga beruvchi) ikkinchi tarafning (lizingga oluvchining) topshirigʻiga binoan uchinchi tarafdan (sotuvchidan) lizing shartnomasida shartlashilgan mol-mulkni (lizing obyektini) sotib oladi va uni shu shartnomada belgilangan shartlarda haq evaziga egalik qilish va foydalanish uchun lizingga oluvchiga oʻn ikki oydan ortiq muddatga beradi. Bunda lizing shartnomasi mazkur BHMSning 6-bandida keltirilgan shartlardan biriga javob berishi kerak.
9. Lizing subyektlari boʻlib quyidagilar hisoblanadi:
a) lizingga beruvchi — lizing shartnomasi boʻyicha lizingga oluvchiga kelgusida berish maqsadida lizing obyektini mulk qilib sotib oluvchi shaxs;
b) lizingga oluvchi — egalik qilish va foydalanish uchun lizing shartnomasi boʻyicha lizing obyektini olayotgan shaxs;
v) sotuvchi — lizingga beruvchiga lizing obyektini sotayotgan shaxs.
10. Ijara (lizing) obyektlari — isteʼmol qilinmaydigan har qanday buyumlar, shu jumladan korxonalar, mulkiy komplekslar, alohida binolar, inshootlar, uskunalar, transport vositalari hamda boshqa koʻchar va koʻchmas mulklar (muomaladan chiqarilgan yoki muomalada boʻlishi cheklangan mol-mulklar bundan mustasno).
11. Ikkilamchi ijara (ikkilamchi lizing) — ijarachi (lizingga oluvchi) ijaraga (lizingga) beruvchining roziligi bilan, ijaraga (lizingga) beruvchining oldida ijara (lizing) shartnomasi yuzasidan javobgarlikni saqlagan holda ijaraga olingan mulkni (lizing obyektini) boshqa shaxsga ikkilamchi ijara (ikkilamchi lizing)ga topshiradigan shartnoma munosabati.
12. Ijaraning (lizingning) boshlanish muddati — ijara shartnomasining shartlariga muvofiq ijarachi ijaraga olingan ijara obyektiga egalik qilish va foydalanish yoki foydalanish huquqini amalga oshirishni boshlagan sana. Bu ijarani (lizingni) dastlabki (boshlangʻich) tan olish sanasi (yaʼni ijarani (lizingni) amalga oshirish natijasida tegishli aktiv va majburiyatlarning tan olinishi).
13. Ijara (lizing) muddati — bekor qilinmaydigan ijara (lizing) kelishuvi amal qiladigan davr, shuningdek har qanday keyingi davrlar boʻlib, bu davrlar mobaynida ijarachi (lizingga oluvchi) ijara (lizing) shartnomasi tuzilganda aytib oʻtilgandek, mazkur kelishuvni uzaytirishi mumkin.
14. Ijara (lizing) toʻlovi — tuzilgan ijara (lizing) shartnomasi asosida ijarachi (lizingga oluvchi) tomonidan ijaraga (lizingga) beruvchiga toʻlab beradigan summa.
15. Ijaraga (lizingga) beruvchining foizli daromadi — ijara (lizing) toʻlovlari bilan qoplanadigan lizing obyekti qiymati oʻrtasidagi farq sifatida aniqlanadigan, ijara (lizing) toʻlovlarining qismidir.
16. Ijara (lizing) obyektlarining joriy qiymati — ijara (lizing) obyektining muayyan bir sanadagi bozor baholari boʻyicha qiymati yoki mazkur ijara (lizing) obyektini sotib olish uchun yoki ushbu bitimni amalga oshirishni xohlovchi bir-biriga bogʻliq boʻlmagan xabardor tomonlar oʻrtasidagi majburiyatni bajarish uchun yetarli boʻlgan summa.
17. Kafolatlangan qoldiq qiymat — ijara (lizing) shartnomasining boshlanishida aniqlangan ijara (lizing) obyekti qiymatining bir qismi boʻlib, ijarachi (lizingga oluvchi) tomonidan yoki unga bogʻliq uchinchi taraf tomonidan kafolatlanadi (majburiyat sifatida berkitiladi).
18. Kafolatlanmagan qoldiq qiymat — ijara (lizing) obyekti qiymatining bir qismi boʻlib, (ijara (lizing) shartnomasining boshlanishida aniqlangan), uning sotilishini ijaraga beruvchi (lizingga beruvchi) kafolatlamaydi yoki u ijaraga beruvchi (lizingga beruvchi) bilan bogʻliq taraf tomonidangina kafolatlanadi.
19. Minimal ijara (lizing) toʻlovlari — ijarachi (lizingga oluvchi) tomonidan ijara muddati davomida toʻlanadigan ijara (lizing) toʻlovlari va ijara (lizing) obyektining kafolatlangan qoldiq qiymati summasi.
20. Diskontlash — kelajakda aniq bir vaqtda olinishi kutilayotgan pul mablagʻlarining joriy ekvivalentini aniqlash.
21. Diskont stavkasi — turli xil vaqtdagi davrlarga tegishli boʻlgan pul mablagʻlari summasini bir paytga keltirish uchun foydalanadigan stavka.
22. Minimal ijara (lizing) toʻlovlarining diskontlangan qiymati — ijara (lizing) shartnomasida koʻzda tutilgan foiz stavkasi yoki qarz kapitalining oʻsib boruvchi foiz stavkasiga teng diskont stavkasi boʻyicha tuzatilgan ijara (lizing) muddatining boshlanishidagi minimal ijara (lizing) toʻlovlarining joriy qiymati.
23. Ijara (lizing) shartnomasida koʻzda tutilgan foiz stavkasi — ijara (lizing) muddatining boshlanishida ijara (lizing) obyektining joriy qiymati bilan minimal ijara (lizing) toʻlovlari va kafolatlanmagan qoldiq qiymati summasi yigʻindisining diskontlangan qiymatining teng boʻlishini taʼminlaydigan diskont stavkasidir.
24. Qarz kapitalining oʻsib boruvchi foiz stavkasi — bu xuddi shunday ijara (lizing) shartnomasi uchun ijarachi (lizingga oluvchi) toʻlashi lozim boʻlgan foiz stavkasi yoki (agar ushbu koʻrsatkichni aniqlash imkoni boʻlmasa) ijarachi (lizingga oluvchi) ijara (lizing) muddati boshlanishida mol-mulkni (xuddi shunday muddatga va shunga oʻxshash taʼminot bilan) sotib olish uchun zarur boʻlgan mablagʻlarni qarzga olishda qabul qiladigan stavka yoki agarda ularni aniqlash imkoniyati boʻlmasa, ijara (lizing) muddatining boshlanishidagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining rasmiy qayta moliyalashtirish stavkasi.
§ 3. Moliyaviy ijara hisobi
25. Moliyaviy ijarada moliyaviy ijara obyektiga egalik qilish va foydalanish huquqi bilan bogʻliq barcha risklar ijarachiga (lizingga oluvchiga) oʻtkaziladi. Bunda, lizing boʻyicha ijaraga olingan mol-mulkning tasodifan nobud boʻlishi yoki tasodifan buzilishi xavfi, agar lizing shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, lizing oluvchiga bu mol-mulkni topshirish paytida oʻtadi. Ijarachining (lizingga oluvchining) buxgalteriya hisobida moliyaviy ijara aktiv va majburiyat sifatida moliyaviy ijara muddati boshlanishidagi moliyaviy ijara obyektining joriy qiymati yoki minimal ijara (lizing) toʻlovlarining diskontlangan qiymati boʻyicha, agar u past boʻlsa, tan olinishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
251. Agar moliyaviy ijara shartnomasining sharti boʻyicha moliyaviy ijara obyekti sotuvchi tomonidan ijaraga beruvchini (lizingga beruvchini) chetlab bevosita ijaraga oluvchiga (lizingga oluvchiga) yetkazib berilsa, ijaraga beruvchining (lizingga beruvchining) buxgalteriya hisobida moliyaviy ijara obyektining kirimi va chiqimi toʻgʻrisidagi yozuvlar moliyaviy ijara obyektining harakatini tasdiqlovchi birlamchi hujjatlar asosida amalga oshiriladi.
252. Agar moliyaviy ijara shartnomasining sharti boʻyicha ijaraga beruvchi (lizingga beruvchi) tomonidan moliyaviy ijara obyekti sotib olingan boʻlsa, lekin ijaraga oluvchi (lizingga oluvchi) maʼlum sabablarga koʻra uni qabul qilishdan bosh tortsa, mazkur moliyaviy ijara obyekti undan foydalangunga yoki chiqib ketgunga qadar kapital qoʻyilmalarni hisobga oluvchi schyotlarda (0800) hisobga olinadi.
(251 va 252-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2025-yil 26-avgustdagi 281-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1946-2, 24.09.2025-y.) asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.09.2025-y., 10/25/1946-2/0870-son)
26. Agar ijarachi (lizingga oluvchi) ijara (lizing) obyektini uni sotib olish sanasidagi joriy qiymatidan past narxda sotib olmoqchi boʻlgan hollarda, minimal ijara (lizing) toʻlovlari barcha ijara (lizing) muddati davomidagi ijara (lizing) toʻlovlari va ijara (lizing) shartnomasida koʻzda tutilgan ijara (lizing) obyektini sotib olish summasidan tashkil topadi.
27. Minimal ijara (lizing) toʻlovlarining diskontlangan qiymatini hisoblashda diskontlaydigan omil boʻlib moliyaviy ijara shartnomasida koʻzda tutilgan foiz stavkasi hisoblanadi, agarda uni aniqlash imkoniyati boʻlsa, aks holda ijarachining (lizingga oluvchining) qarz kapitali boʻyicha oʻsib boruvchi foiz stavkasidan foydalaniladi.
28. Moliyaviy ijarada, ijara (lizing) toʻlovlari ijaraga beruvchi (lizingga beruvchi)ga moliyaviy ijara obyekti qiymatining ijarachi (lizingga oluvchi) tomonidan qoplanishidan, hamda ijaraga beruvchi (lizingga beruvchi)ning foizli daromadidan iborat boʻladi.
29. Moliyaviy ijara muddatining boshlanish paytida ijarachi (lizingga oluvchi) va ijaraga beruvchi (lizingga beruvchi) ijara (lizing) toʻlovlarini toʻlash jadvalini (tartibini) kelishib oladi va unda ijaraga (lizingga) beruvchining foizli daromadi, moliyaviy ijara obyektining qiymatini qoplash boʻyicha majburiyatlar va ularning moliyaviy ijara muddati davomida taqsimlanishi koʻrsatiladi.
30. Moliyaviy ijara boʻyicha foizlar moliyaviy ijara shartnomasi muddati davomida davrlar boʻyicha taqsimlangan boʻlishi va har bir davrda qoplanmagan majburiyatlar qoldigʻiga doimiy foiz stavkasini oʻrnatish maqsadida ijara (lizing) toʻlovlarini toʻlash jadvali (tartibi)da aks ettirilishi kerak.
31. Ijarachi (lizingga oluvchi) tomonidan amalga oshirilgan moliyaviy ijara obyektini sotib olish, yetkazib berish yoki belgilangan maqsadda foydalanish uchun yaroqli holga keltirish bilan bogʻliq xarajatlar moliyaviy ijara obyektining qiymatiga qoʻshiladi.
32. Ijarachining (lizingga oluvchining) moliyaviy ijara obyektini yaxshilash (obodonlashtirish, qoʻshimcha qurish, qoʻshimcha asbob-uskunalar bilan taʼminlash, rekonstruksiya, modernizatsiya qilish, texnik qayta qurollantirish va shunga oʻxshash boshqa) xarajatlari moliyaviy ijara obyekti qiymatini koʻpaytiruvchi kapital quyilmalar sifatida aks ettiriladi.
Korxonani ijaraga olish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, korxonani ijaraga oluvchi ijaraga beruvchining ruxsatidan qatʼi nazar, ijaraga olingan mol-mulkni ajratib boʻlmaydigan tarzda yaxshilash qiymatini olishga haqli.
Agar moliyaviy ijara obyekti, ijaraga (lizingga) beruvchining ruxsati bilan yaxshilangan boʻlsa, shartnomaning amal qilish muddati tugagandan soʻng yoki shartnoma bekor qilingach, ijarachi (lizingga oluvchi) ana shu maqsad yoʻlida sarflagan barcha xarajatlarining qoplanishini talab qilish huquqiga ega, agarda moliyaviy ijara shartnomasida oʻzgacha shartlar koʻzda tutilmagan boʻlsa.
Ijaraga (lizingga) beruvchining ruxsatisiz amalga oshirilgan moliyaviy ijara obyektini yaxshilashga sarflangan mablagʻlar (qoʻyilmalar) va ularni moliyaviy ijara obyektiga zarar yetkazmagan holda ajratib olish imkoniyati boʻlmasa, moliyaviy ijara shartnomasining amal qilish muddati tugagach yoki shartnoma bekor qilingach, ular ijaraga (lizingga) beruvchiga tekinga oʻtadi, agarda moliyaviy ijara shartnomasida oʻzgacha shartlar koʻzda tutilmagan boʻlsa. Biroq, agarda ularni moliyaviy ijara obyektiga zarar yetkazmagan holda ajratib olish mumkin boʻlsa va agar ijaraga (lizingga) beruvchi ularning qiymatini toʻlashga rozi boʻlmasa, bunday hollarda ijarachi (lizingga oluvchi) ularni ajratib olishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
33. Moliyaviy ijarada har bir hisobot davri uchun moliyaviy ijara obyekti boʻyicha amortizatsiya ajratmasi kabi xarajatlar yuzaga keladi. Moliyaviy ijara obyektlari boʻyicha amortizatsiyani hisoblash ijarachi (lizingga oluvchi) tomonidan Buxgalteriya hisobining milliy standarti (5-sonli BHMS) “Asosiy vositalar”ga (roʻyxat raqami 3546, 2024-yil 9-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
(33-band Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2025-yil 26-avgustdagi 281-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1946-2, 24.09.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.09.2025-y., 10/25/1946-2/0870-son)
34. Ijarachi (lizingga oluvchi) moliyaviy ijara shartnomasi muddati tugagandan keyin moliyaviy ijara obyektiga mulkiy egalik qilish huquqini olishiga ishonchi boʻlmasa, u holda u quyidagilardan qaysi biri qisqaligidan kelib chiqib: moliyaviy ijara shartnomasi muddati davomida yoki moliyaviy ijara obyektining xizmat qilish muddati davomida toʻliq amortizatsiya qilishi mumkin.
35. Ijarachining (lizingga oluvchining) aniq bir davrdagi moliyaviy ijara obyekti boʻyicha amortizatsiya ajratmasi va moliyaviy xarajatlari (moliyaviy ijara boʻyicha foizlari) summasi mazkur davrda toʻlanishi lozim boʻlgan ijara (lizing) toʻlovlari summasiga teng boʻlmasligi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
(36-band Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2025-yil 26-avgustdagi 281-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1946-2, 24.09.2025-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.09.2025-y., 10/25/1946-2/0870-son)
37. Moliyaviy ijara shartnomasi tugatilganda ijarachi (lizingga oluvchi) tomonidan moliyaviy ijara obyektini qaytarish munosabati bilan balansdan chiqarish, moliyaviy ijara shartnomasiga muvofiq moliyaviy ijara toʻxtatilgan sanadagi moliyaviy ijara obyektining qoplanmagan qiymati summasi boʻyicha amalga oshiriladi.
Moliyaviy ijara obyektining chiqib ketishidan moliyaviy natija (foyda yoki zarar) moliyaviy ijara obyektining qoldiq (balans) qiymati bilan ijara (lizing) toʻlovlari jadvali (tartibi) boʻyicha qolgan qarz oʻrtasidagi farq sifatida moliyaviy ijara obyektining chiqib ketishi bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar summasini hisobga olgan holda aniqlanadi.
Moliyaviy ijara obyektining chiqib ketishidan moliyaviy natija (foyda yoki zarar)ni aniqlaganda, oldingi qayta baholashlardagi moliyaviy ijara obyekti qiymatining koʻpaygan qoldiq summasi, yaʼni oldingi baholashlardagi qiymatining koʻpayish summasining oldingi baholashlardagi qiymatining kamayish summasidan ortgan qismi moliyaviy ijara obyektining chiqib ketishidan koʻrilgan daromad tarkibiga qoʻshiladi va bir vaqtning oʻzida “Mulkni qayta baholash boʻyicha tuzatishlar” schyoti boʻyicha rezerv kapitalini kamaytiradi.
38. Ijaraga (lizingga) beruvchining buxgalteriya hisobida moliyaviy ijara aktiv (debitorlik qarzi) sifatida moliyaviy ijara muddati boshlanishidagi moliyaviy ijara obyektining joriy qiymati yoki minimal ijara (lizing) toʻlovlarining diskontlangan qiymati boʻyicha, agar u past boʻlsa, tan olinishi lozim.
39. Ijaraga (lizingga) beruvchining foizli daromadi moliyaviy ijara shartnomasi muddati davomida davrlar boʻyicha taqsimlangan boʻlishi va moliyaviy ijara shartnomasining har bir davrida qoplanmagan majburiyatlar qoldigʻiga doimiy foiz stavkasini oʻrnatish maqsadida ijara (lizing) toʻlovlarini toʻlash jadvali (tartibi)da aks ettirilishi kerak.
40. Ijaraga (lizingga) beruvchi tomonidan amalga oshirilgan va moliyaviy ijara shartnomasiga muvofiq ijarachi (lizingga oluvchi) tomonidan qoplanadigan moliyaviy ijara obyektini yetkazib berish va belgilangan maqsadda foydalanish uchun uni yaroqli holga keltirish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar moliyaviy ijara obyektining qiymatiga qoʻshiladi. Bunda, agar moliyaviy ijara shartnomasiga muvofiq yuqoridagi xarajatlar ijarachi (lizingga oluvchi) tomonidan qoplanmaydigan boʻlsa, ular yuzaga kelgan paytdagi tegishli hisobot davri xarajatlari sifatida tan olinadi.
41. Moliyaviy ijara obyektini berish (olish) paytida ijaraga (lizingga) beruvchining foizli daromadi (ijarachining (lizingga oluvchining) moliyaviy ijara foizi boʻyicha xarajatlari) buxgalteriya hisobida aks ettirilmaydi.
Bunda ijaraga (lizingga) beruvchining foizli daromadi va ijarachining (lizingga oluvchining) moliyaviy ijara foizi boʻyicha xarajatlari, pulni toʻlash vaqti va kelib tushishidan qatʼiy nazar, tegishli hisobot davrlarida ijara (lizing) toʻlovlarini toʻlash jadvali (tartibi)ga muvofiq hisoblanadi.
42. Moliyaviy ijara obyektlari berilayotganda, ijaraga (lizingga) beruvchining buxgalteriya hisobida aktiv (debitorlik qarzi) sifatida tan olinadigan qiymat bilan uning boshlangʻich qiymati (agar berilayotgan obyekt ishlatilmagan boʻlsa) yoki qoldiq qiymati (agar obyekt berilishiga qadar ishlatilgan boʻlsa) oʻrtasidagi farq, rezerv kapitalining “Mulkni qayta baholash boʻyicha tuzatishlar” schyotida qayd qilingan moliyaviy ijara obyektlarini qayta baholashlar natijasini, yaʼni mazkur moliyaviy ijara obyektini oldingi baholashlardagi qiymatining koʻpayishi summasining oldingi baholashlardagi qiymatining kamayish summasidan ortgan summasini hisobga olgan holda, tuzatishlar kiritilgandan soʻng kechiktirilgan daromad (xarajat) sifatida aks ettiriladi va ijara (lizing) toʻlovlarining hisoblanishiga qarab bir meʼyorda (oyma-oy) asosiy faoliyatning boshqa daromadlari (boshqa operatsion xarajatlari) ga olib boriladi.
43. Ijaraga beruvchi tomonidan moliyaviy ijara shartnomasi tugatilganda moliyaviy ijara obyektini kirim qilish moliyaviy ijara shartnomasiga muvofiq moliyaviy ijarani tugatish kunidagi qarzdorlik (debitor qarzdorlik) summasi boʻyicha amalga oshiriladi.
44. Lizing obyekti lizingga oluvchining krediti (qarzi) hisobidan olinayotgan hollarda, aniq bir lizing obyektiga nisbatan lizingga beruvchining kreditori va lizingga oluvchi sifatida bir shaxs ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
45. Ijaraga beruvchi ijara (lizing) obyektini boʻlgʻusi foydalanuvchidan keyinchalik uni xuddi shu shaxsga ijaraga (lizingga) berish uchun sotib olgan hollarda, ijarachi va sotuvchi bir shaxs boʻlishiga yoʻl qoʻyiladi.
§ 4. Operativ ijara hisobi
46. Operativ ijarada, ijara obyektiga egalik qilish bilan bogʻliq boʻlgan barcha risklar ijarachiga oʻtmaydi va shuning uchun operativ ijara shartnomasi boʻyicha olingan ijara obyektlari ijarachining balansida hisobga olinmasligi lozim.
47. Operativ ijara obyekti ijarachi tomonidan balansdan tashqari schyotlarda operativ ijara shartnomasida koʻrsatilgan qiymatda, ijaraga beruvchida esa – asosiy vositalar tarkibida balans schyotlarida hisobga olinadi.
48. Operativ ijarada ijarachi tomonidan hisoblangan va toʻlanadigan ijara toʻlovlari, ularni foydalanish maqsadiga qarab mahsulot (ish, xizmat)larning ishlab chiqarish tannarxiga va (yoki) davr xarajatlariga olib boriladi.
49. Ijara beruvchining operativ ijara obyektlarini saqlab turish bilan bogʻliq xarajatlari (amortizatsiya ajratmalari, sugʻurtalash, kapital va joriy taʼmirlash, operativ ijara obyektlari bilan bogʻliq soliqlar va boshqa xarajatlar) ushbu xarajatlar yuzaga kelgan hisobot davrining joriy xarajatlari sifatida tan olinadi.
50. Operativ ijarada hisoblangan va ijaraga beruvchi tomonidan olinadigan ijara tushumlari daromad sifatida tan olinadi.
51. Operativ ijara shartnomasida ijara obyekti, ijara muddati tugashi yoki tugamasidan, agarda shartnomada shartlashilgan sotib olish narxining barchasi ijarachi tomonidan toʻlanganda, ijarachining mulkiga oʻtishi koʻzda tutilishi mumkin.
Agar shartnomada ijara obyektini sotib olish koʻzda tutilmagan boʻlsa, u tomonlarning qoʻshimcha kelishuvi bilan oʻrnatilishi mumkin, unda ijara obyektidan foydalanish uchun oldin toʻlangan toʻlovlar sotib olish bahosida hisobga olinishi haqida kelishish huquqiga ega.
Ijara muddatining tugashi yoki uning tugaguniga qadar shartnomada koʻzda tutilgan sotib olish narxini ijarachi tomonidan toʻliq kiritilgan holda va ijara obyektiga egalik qilish huquqi unga oʻtganda, u buxgalteriya hisobida ijarachining mulki sifatida hisobga olinishi shart.
52. Ijarachining operativ ijara obyektini yaxshilash (obodonlashtirish, qoʻshimcha qurish, qoʻshimcha asbob-uskunalar oʻrnatish, rekonstruksiya, modernizatsiya qilish, texnik qayta qurollantirish va boshqa) xarajatlari operativ ijara obyekti qiymatini koʻpaytiruvchi kapital quyilmalar sifatida aks ettiriladi.
Agar operativ ijara obyekti ijaraga beruvchining ruxsati bilan yaxshilangan boʻlsa, operativ ijara shartnomasining amal qilish muddati tugagandan soʻng yoki operativ ijara shartnomasi bekor qilingach, ijarachi ana shu maqsad yoʻlida sarflagan barcha xarajatlarining qoplanishini talab qilish huquqiga ega, agarda operativ ijara shartnomasida oʻzgacha shartlar koʻzda tutilmagan boʻlsa.
Ijaraga beruvchining ruxsatisiz amalga oshirilgan operativ ijara obyektini yaxshilashga sarflangan xarajatlar (qoʻyilmalar) va ularni operativ ijara obyektiga zarar yetkazmagan holda ajratib olish imkoni boʻlmasa, operativ ijara shartnomasining amal qilish muddati tugagach yoki shartnoma bekor qilingach, ular ijaraga beruvchiga tekinga oʻtadi, agarda operativ ijara shartnomasida oʻzgacha shartlar koʻzda tutilmagan boʻlsa. Biroq, agarda ularni operativ ijara obyektiga zarar yetkazmagan holda ajratib olish mumkin boʻlsa va agar ijaraga beruvchi ularning qiymatini qoplashga rozi boʻlmasa, bunday hollarda ijarachi ularni ajratib olishi mumkin.
§ 5. Maʼlumotlarni ochib berish
53. Moliyaviy hisobotlarda va unga tushuntirish xatida quyidagilar ochib berilishi lozim:
a) moliyaviy hisobotni taqdim qilish sanasida ijara (lizing) obyektlari hisoblangan aktivlar qiymati toʻgʻrisida maʼlumotlar. Mazkur ijara mulklari bilan bogʻliq boʻlgan qarzdorliklarni (debitorlik yoki kreditorlik) moliyaviy va operativga ajratgan holda boshqa qarzlardan alohida tan olinishi kerak;
b) moliyaviy ijara boʻyicha ijara (lizing) toʻlovlariga taalluqli majburiyatlarni umumlashtirilgan shaklda, ularning summasi va toʻlash davri toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni keltirgan holda;
v) salmoqli moliyaviy cheklovlar, moliyaviy ijarani qayta tiklash huquqlari, moliyaviy ijara obyektlarini xarid qilish va moliyaviy ijara bilan bogʻliq boʻlgan boshqa kutilmagan (tasodifiy) holatlar boʻyicha maʼlumotlar;
g) har bir moliyaviy hisobotni tuzish sanasiga ijara (lizing) toʻlovlarining qoldiq summasi va ijaraga beruvchining (lizingga beruvchining) daromadi, hamda moliyaviy ijara obyektining kafolatlangan qoldiq qiymati;
d) moliyaviy ijara davri uchun qoplanmagan majburiyat qoldigʻiga doimiy foiz stavkasini olish uchun ijaraga beruvchining (lizingga beruvchining) daromadi (moliyaviy ijara boʻyicha foizlar)ni taqsimlashda foydalaniladigan usul;
e) moliyaviy hisobotni tuzish sanasiga ikkilamchi ijara (ikkilamchi lizing)dan olinishi kutilayotgan kelgusi ijara (lizing) toʻlovlari summasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
j) ijara shartnomasining muhim shartlarining umumiy tavsifi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 17-son, 220-modda; 2017-y., 24-son, 512-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.09.2025-y., 10/25/1946-2/0870-son)