Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 25.09.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
AHOLINING OMONATLARINI JALB QILISh BOʻYIChA RESPUBLIKA TIJORAT BANKLARI OʻRTASIDA TANLOV OʻTKAZISh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12 sentiyabrdagi PQ-3270-sonli “Respublika bank tizimini yanada rivojlantirish va barqarorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Aholining boʻsh pul mablagʻlarini banklardagi omonatlarga jalb qilish boʻyicha tijorat banklarini qoʻshimcha ragʻbatlantirish va ularning faoliyatini kuchaytirish, banklarning investitsiyaviy imkoniyatlarini yanada kengaytirish uchun ularning resurs bazalarini mustahkamlash, shuningdek, aholiga koʻrsatilayotgan bank-moliya xizmatlari sifatini oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Oʻzbekiston Banklari uyushmasi va tijorat banklarining har yili yanvar oyida tugagan yil yakunlari boʻyicha aholining omonatlarini jalb qilish yuzasidan respublika tijorat banklari va ularning filiallari oʻrtasida tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Belgilansinki:
tanlovda respublikaning barcha tijorat banklari va ularning boʻlinmalari (filiallari, mini-banklar, jamgʻarma va maxsus kassalar) ishtirok etishi mumkin;
reyting bahoga koʻra yil yakunlari boʻyicha eng yuqori ballarni toʻplagan tijorat banklari, filiallar, mini-banklar, jamgʻarma yoki maxsus kassalar tanlov gʻoliblari sifatida tan olinadi;
tanlov sovrin jamgʻarmasi tanlovda ishtirok etayotgan tijorat banklari hamda Oʻzbekiston Banklari uyushmasi mablagʻlari hisobidan shakllantiriladi.
3. Aholining omonatlarini jalb qilish yuzasidan respublika tijorat banklari oʻrtasida har yili tanlovlar oʻtkazishni tashkil etish, yakunlarini chiqarish va gʻoliblarni aniqlash uchun 1-ilovaga* muvofiq tarkibda tashkiliy qoʻmita tuzilsin.
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
4. Aholining omonatlarini jalb qilish yuzasidan respublika tijorat banklari oʻrtasida tanlov oʻtkazish hamda uning ishtirokchilarini ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
5. Tashkiliy qoʻmita (F.M. Mullajonov):
ikki hafta muddatda tanlovni oʻtkazish tartibi va shartlarini tijorat banklariga yetkazishni;
zarur miqdorda sovrin jamgʻarmasini shakllantirishni va tanlov gʻoliblarining xolisona aniqlanishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, ommaviy axborot vositalari tashkiliy qoʻmita bilan birgalikda tanlov oʻtkazilishi va uning natijalari keng yoritilishini taʼminlasin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmalariga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 31-oktabr,
PQ-991-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 44-45-son, 441-modda)