Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati oʻrtasida
Bitim
Fuqarolarning oʻzaro qatnovlari va chegaraboʻyi viloyatlarida yashovchi fuqarolarga yengillashtirilgan qatnov tartibi toʻgʻrisida
2004-yil 19-noyabr, Buxoro
(2004-yil 4-dekabrdan kuchga kirgan)
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati (bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar),
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston oʻrtasida doʻstlik, hamkorlik va oʻzaro yordam toʻgʻrisida 1996-yil 16-yanvarda imzolangan Shartnomaning qoidalariga amal qilib,
ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarni yanada chuqurlashtirish va oʻz davlatlari fuqarolari oʻrtasida aloqalarni rivojlantirishga boʻlgan intilishni ifodalab,
Davlat chegarasini kesib oʻtish qoidalarini tartibga solish, Tomonlar davlatlarining hududlariga fuqarolarning kirishlari, chiqishlari va unda boʻlishlarini tartibga solish maqsadida,
ikki davlat fuqarolarining qatnovlari shartlarini yanada takomillashtirish davlat chegarasi rejimini mustahkamlash, qonuniylik va huquqiy tartibotni saqlashga xizmat qiladi deb hisoblab,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Bir Tomon davlatining fuqarolari 1- va 2-ilovalarda sanab oʻtilgan amaldagi hujjatlari boʻyicha va ushbu Bitimda nazarda tutilgan tartibda boshqa Tomon davlati hududiga kirishlari, chiqishlari, tranzit oʻtishlar va unda vaqtincha boʻlishlari mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati oʻrtasida 2009-yil 13-dekabrda imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati oʻrtasida fuqarolarning oʻzaro qatnovlari va chegaraboʻyi viloyatlarida yashovchi fuqarolarga yengillashtirilgan qatnov tartibi toʻgʻrisida 2004-yil 19-noyabrdagi bitimga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Protokol.
Ushbu Bitimda tartibga solinmagan masalalar Tomonlar davlatlarining milliy qonun hujjatlariga muvofiq hal qilinadi.
2-modda
Tomonlar davlatlarining fuqarolari boshqa Tomon davlatining hududida boʻlganlarida shu Tomon davlatining qonun va qoidalariga, jumladan xorijiy fuqarolar uchun belgilangan roʻyxatdan oʻtish, boʻlish va unda harakatlanish qoidalariga rioya qilishlari lozim.
3-modda
Tomonlar davlatlarining fuqarolari davlat chegarasida oʻtkazish punktlari orqali Tomonlardan bir davlatining hududi orqali Tomonlar davlatlarining milliy qonun hujjatlarida nazarda tutilgan chegara, bojxona va boshqa protseduralarga rioya qilgan holda kirishlari, chiqishlari va undan tranzit tarzida oʻtishlari mumkin.
Oʻtkazish punktlari roʻyxati Tomonlar oʻrtasida diplomatik kanallar orqali kelishiladi.
4-modda
Bir Tomon davlatining fuqarolari boshqa Tomon davlatining vizasini olish uchun shu Tomonning diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasiga yozma murojaatnoma va tegishli yuridik yoki jismoniy shaxsning belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan taklifnomasini taqdim qiladilar. Ushbu Bitimda qayd etilgan holatlar bundan mustasno.
5-modda
1. Amaldagi diplomatik pasportlarga ega boʻlgan Turkmaniston hududida uzogʻi bilan oʻttiz kun boʻlishi nazarda tutilgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va amaldagi diplomatik pasportlarga yoki xizmat pasportlariga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi hududida uzogʻi bilan oʻttiz kun boʻlishi nazarda tutilgan Turkmaniston fuqarolari boshqa Tomon davlatining hududiga vizasiz kirishlari, chiqishlari va unda boʻlishlari mumkin.
2. Tomonlar davlatlarining ushbu moddaning 1-bandida qayd etilgan fuqarolari boshqa Tomon davlati hududida oʻttiz kundan ortiq boʻlishni niyat qilsalar, viza olish uchun ular qaysi Tomon davlatining fuqarosi boʻlsalar, oʻsha Tomon davlati diplomatik vakolatxonasining yoki konsullik muassasasining yozma murojaatnomasi zarur.
6-modda
1. Bir Tomon davlatining amaldagi diplomatik yoki xizmat pasportlariga ega boʻlgan fuqarolari boshqa Tomon davlati hududiga diplomatik vakolatxonalar hamda konsullik muassasalari, rasmiy vakolatxonalarning, shuningdek xalqaro tashkilotlarning xodimlari boʻlsalar, butun xizmat davomida boshqa Tomon davlati hududiga vizasiz kiradilar, chiqadilar va unda boʻladilar.
2. Ushbu moddaning 1-bandidagi qoidalar mazkur fuqarolarning rasmiy ish faoliyati davrida ular bilan birga yashaydigan hamda amaldagi diplomatik yoki xizmat pasportiga ega boʻlgan oila aʼzolariga ham tatbiq etiladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi milliy fuqarolik pasportiga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining Turkmanistondagi diplomatik vakolatxonalari va unga tenglashtirilgan boshqa maʼmuriy-texnik personali aʼzolari, shuningdek ularning oila aʼzolari konsullik yigʻimlarini undirmasdan rasmiylashtirilgan koʻp marotabali vizalar asosida Turkmaniston hududiga kiradilar, chiqadilar va unda boʻladilar.
4. Ushbu moddaning 1—3-bandlarida koʻrsatilgan shaxslar qabul qiluvchi davlat Tashqi ishlar vazirligining tegishli akkreditatsiyasiga ega boʻlishlari lozim.
7-modda
Oldingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston Respublikasining Xorazm va Buxoro viloyatlarida, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Surxondaryo hamda Qashqadaryo viloyatlarining (ushbu Protokolning 3-ilovasi) Turkmaniston chegarasiga bevosita tutashgan tumanlarida doimiy istiqomat qiluvchi, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining yangi shakldagi pasportlari va Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining amaldagi eski shakldagi pasportlariga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari Turkmanistonning Dashouz va Lebop viloyatlariga bir oyda bir marta vizasiz kirishlari, chiqishlari va unda koʻpi bilan uch kun boʻlishlari mumkin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati oʻrtasida 2009-yil 13-dekabrda imzolangan Protokol tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2009-y., 4-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Turkmanistonning Dashouz va Lebop viloyatlarida doimiy istiqomat qiluvchi Turkmaniston fuqarolari, Oʻzbekiston Respublikasining Xorazm va Buxoro viloyatlariga, shuningdek Turkmanistonning davlat chegarasiga bevosita tutashgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarining rayonlari (ushbu Protokolning 3-ilovasi) hududlariga bir oyda bir marta vizasiz kirishlari, chiqishlari hamda unda koʻpi bilan uch kun boʻlishlari mumkin.
Ushbu bandda koʻrsatilgan fuqarolar, Turkmaniston fuqarolarining haqiqiy pasportlari yoki Turkmanistondan chiqib ketish va Turkmanistonga kirish uchun Turkmaniston fuqarolarining haqiqiy pasportlari va yashash joylarini tasdiqlovchi hujjatlar bilan chegarani kesib oʻtish huquqiga egadirlar.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati oʻrtasida 2009-yil 13-dekabrda imzolangan Protokol tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2009-y., 4-son)
3. Ramazon hayiti (Ramazon) va Qurbon hayiti (Qurbon bayram) kunlari anʼanaviy marosimlarni bajarish maqsadida ushbu moddaning amal qilishi tatbiq etiladigan fuqarolar ushbu moddaning 1- va 2-bandlarida qayd etilgan Tomonlar davlatlarining hududlariga bir oyda ikki marta vizasiz kirishlari, chiqishlari, lekin koʻpi bilan yetti kun unda boʻlishlari mumkin.
4. Ushbu moddada qayd etilgan fuqarolarning yashash joylari Tomonlar davlatlari fuqarolarining pasportlarida propiska toʻgʻrisida qoʻyiladigan belgilar asosida aniqlanadi.
5. Ushbu moddada koʻrsatilgan Tomonlar davlatlari fuqarolarining boshqa Tomon davlati hududida ushbu moddada belgilangan muddatlardan koʻp boʻlishlari oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtirilgan vizalar asosida amalga oshiriladi.
6. Ushbu moddaning amal qilishi tatbiq etiladigan ikkala Tomon davlatlarining fuqarolari xalqaro aloqalar uchun belgilangan oʻtkazish punktlari orqali davlat chegarasidan oʻtish vaqtida Tomonlarning milliy qonunlariga muvofiq zarur boʻlgan protseduralarga rioya qilgan holda boshqa Tomon davlati hududiga kirishlari va ushbu hududdan chiqishlari mumkin.
8-modda
Ushbu Bitimning 1- va 2-ilovalarida sanab oʻtilgan hujjatlar boʻyicha vizasiz kirish, chiqish va unda boʻlish tartibi ikkala Tomon davlatining quyidagi toifadagi fuqarolarga nisbatan belgilanadi:
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati oʻrtasida 2009-yil 13-dekabrda imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati oʻrtasida fuqarolarning oʻzaro qatnovlari va chegaraboʻyi viloyatlarida yashovchi fuqarolarga yengillashtirilgan qatnov tartibi toʻgʻrisida 2004-yil 19-noyabrdagi bitimga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Protokol.
a) fuqaro aviatsiyasi havo kemalari ekipaji aʼzolari amaldagi milliy pasportlariga koʻra va bosh deklaratsiya (uchish vazifasi)dagi qaydnoma mavjud boʻlganda;
b) daryo kemasi va katerlari ekipaji aʼzolarining amaldagi dengizchilar pasportlariga koʻra hamda kema roli qaydnomasi yoki undan koʻchirma mavjud boʻlganda;
v) temir yoʻl, poyezd, refrijerator va lokomotiv brigadalari xodimlarining amaldagi milliy pasportlari hamda nomma-nom koʻrsatilgan roʻyxat, har bir reys uchun tasdiqlanadigan yoʻnalish varaqalariga koʻra;
g) hukumatlararo feldyeger aloqasi xodimlari amaldagi milliy pasportlari va Tomonlarning vakolatli organlari beradigan tegishli hujjatlarga koʻra.
9-modda
Bir Tomon davlatining boshqa Tomon davlati hududida joylashgan xoʻjalik obyektlariga xizmat koʻrsatuvchi personali xodimlari boʻlgan fuqarolari Tomonlar oʻrtasida tuzilgan alohida bitimda belgilangan tartib va shartlarda xizmat vazifalarini bajarish uchun bu Tomon davlati hududiga kiradilar, chiqadilar va unda boʻladilar.
10-modda
Insonparvarlik xarakteridagi kechiktirib boʻlmas hollarda Tomonlarning vakolatli organlari ogʻir betob oila aʼzosi yoki yaqin qarindoshini (er-xotin, ota-onalar, bolalar, tugʻishgan aka-ukalar va opa-singillar, er-xotinlarning ota-onalari) ziyorat qilish maqsadida, shuningdek Tomonlarning vakolatli organlari tarafidan berilgan tasdiqlovchi hujjatlarni koʻrsatgan holda oila aʼzosi yoki yaqin qarindoshni koʻmish marosimida ishtirok etish uchun ketayotgan shaxslarga bir sutka ichida vizalar beradi.
11-modda
Tomonlar quyidagi toifadagi fuqarolarga nisbatan vizalar berishda konsullik yigʻimlarining imtiyozli tariflarini oʻzarolik asosida qoʻllaydilar:
koʻmilgan joyini tasdiqlovchi hujjatga ega boʻlgan holda yaqin qarindoshlarining qabrlarini ziyorat qilish maqsadida ketayotgan shaxslar;
tegishli hujjatlarni koʻrsatgan holda 1941—1945-yillardagi urush veteranlari va ularga tenglashtirilgan shaxslar, 1- hamda 2- guruh nogironlari.
12-modda
Tomonlar davlatlarining fuqarolari tasdiqlovchi hujjatlarni koʻrsatgan holda uchinchi mamlakatlarda tushib qolish yoki u yerga borish maqsadida oʻz Tomoni davlati hududida transport vositasiga minish va undan tushish sharti bilan boshqa Tomon davlati hududi orqali tranzit tarzida temir yoʻl transportida vizasiz yurishlari mumkin.
13-modda
1. Ushbu Bitim Tomonlarning boshqa Tomon davlati fuqarolarining ular hududida boʻlishi nomaqbul deb topilgan hollarda ularning kirib kelishini rad etish yoki boʻlish muddatini cheklash huquqiga daxl qilmaydi.
2. Tomonlar boshqa Tomon davlati hududini belgilangan muddatga qadar tark etishi lozim boʻlgan yoki chiqarib yuborilgan oʻz davlatlarining fuqarolarini qabul qilish majburiyatini oladilar.
14-modda
Favqulodda hollarda (milliy xavfsizlikka, jamoat tartibiga yoki fuqarolarning sogʻligʻiga tahdid, shu jumladan yuqumli kasalliklar, tabiiy ofatlar) Tomonlar ushbu Bitimning amal qilishini butunlay yoki qisman toʻxtatib qoʻyish huquqini saqlab qoladilar. Tomonlar ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatib qoʻyish va qayta tiklash haqida mumkin qadar bu toʻgʻrida qaror qabul qilinishidan eng kamida 24 soat ilgari oldindan bir-birlarini diplomatik kanallar orqali xabardor qiladilar.
15-modda
1. Tomonlar ushbu Bitim kuchga kirgandan soʻng 30 kun davomida ushbu Bitimning amal qilishi tatbiq etiladigan hujjatlarning nusxalarini diplomatik kanallar orqali almashadilar.
2. Yangi hujjatlar kiritiladigan yoki amaldagi hujjatlarga oʻzgartishlar kiritilgan hollarda Tomonlar bir-birlarini xabardor qiladilar va yangi yoxud oʻzgartirilgan hujjatlarning nusxalarini ularning kiritilishidan kamida 30 kun ilgari diplomatik kanallar orqali yuboradilar.
3. Tomonlar diplomatik kanallar orqali xorijiy fuqarolarning kirishlari, chiqishlari, unda boʻlishlari tartiblariga oid amaldagi qonunchilik toʻgʻrisida va shu sohadagi boshqa axborotni almashadilar.
16-modda
Tomonlar ushbu Bitimni bajarish bilan bogʻliq masalalarni muhokama qilish maqsadida zaruratga koʻra maslahatlashuvlar olib boradilar.
17-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuvlariga koʻra ushbu Bitimga uning 19-moddasida nazarda tutilgan tartibga muvofiq kuchga kiradigan va Bitimning ajralmas qismi hisoblanadigan oʻzgartish hamda toʻldirishlar kiritilishi mumkin.
18-modda
Ushbu Bitim qoidalarini bajarish yoki qoʻllash davomida yuzaga keladigan har qanday kelishmovchilik yoxud bahsli masalalar Tomonlar oʻrtasida muzokaralar orqali hal qilinadi.
19-modda
Ushbu Bitim imzolangan kundan oʻn besh kun oʻtgach kuchga kiradi va Tomonlardan biri boshqa Tomondan ushbu Bitim amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisidagi rasmiy xabarnoma olgan sanadan keyin toʻqson kun oʻtgunicha amal qiladi.
20-modda
Ushbu Bitimning kuchga kirishi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati oʻrtasida fuqarolarning oʻzaro qatnovlari toʻgʻrisida 1999-yil 6-noyabr (Sanjar)dagi Bitimning amal qilishi toʻxtatiladi.
Buxoro shahrida 2004-yil 19-noyabr (Sanjar)da ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, turkman va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish maqsadida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati oʻrtasida 2009-yil 13-dekabrda imzolangan Protokoliga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2009-y., 4-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati oʻrtasida 2009-yil 13-dekabrda imzolangan Protokoliga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2009-y., 4-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati oʻrtasida 2009-yil 13-dekabrda imzolangan Protokoliga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2009-y., 4-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2004-y., 3-4-son; 2009-y., 4-son)