toggle_night_mode
Hujjat 03.11.2026 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Hujjat hali kuchga kirgan emas
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga qoʻshimchalar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026 yil 30 sentyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3948]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 15-iyuldagi PQ-265-son “Aholiga koʻrsatilayotgan davlat xizmatlarini takomillashtirish hamda fuqarolar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga ilovaga muvofiq qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran bir oydan keyin kuchga kiradi.
Rais T. ISHMETOV
Toshkent sh.,
2026 yil 15 sentabr,
24/18-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 15-sentabrdagi 24/18-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilayotgan qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2018-yil 28-apreldagi 16/18-son qarori (roʻyxat raqami 3030, 2018-yil 2-iyul) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2018-y., 10/18/3030/1440-son) bilan tasdiqlangan Bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qoʻyiladigan minimal talablar toʻgʻrisidagi nizomda:
1) quyidagi mazmundagi 201-band bilan toʻldirilsin:
“201. Bank oʻz kredit reklamasida kredit boʻyicha majburiyatlarni bajarmaslik isteʼmolchi uchun moliyaviy xatarlarga olib kelishi mumkinligi haqidagi ogohlantirishni joylashtirishi shart.
Bunda ogohlantirish bosma va elektron tasvirli reklamada reklama maydonining, audio va videoreklamada esa reklama davomiyligining kamida oʻn foizini tashkil etishi lozim.”;
2) 366-band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“kredit shartnomasining birinchi sahifasida, shartnoma matni boshlanishidan oldin, ushbu sahifa asosiy yuzasining kamida 30 foizini egallaydigan tarzda mazkur Nizomning 1b-ilovasiga muvofiq namunaviy shakldagi ogohlantirish axborotini joylashtirishi;”;
ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilar tegishli ravishda uchinchi — beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;
3) mazkur qoʻshimchalarning ilovasiga muvofiq tahrirdagi 1b-ilova bilan toʻldirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 22-noyabrdagi 36/9-son qarori (roʻyxat raqami 3492, 2024-yil 23-yanvar) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.01.2024-y., 10/24/3492/0067-son) bilan tasdiqlangan Banklar, nobank kredit tashkilotlari va kredit byurolariga nisbatan choralar va sanksiyalar qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 33-bandida:
quyidagi mazmundagi oʻn oltinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“bank tomonidan taklif etilayotgan kredit mahsuloti isteʼmolchini chalgʻituvchi deb topilganda;”;
oʻn oltinchi — oʻn sakkizinchi xatboshilar tegishli ravishda oʻn yettinchi — oʻn toʻqqizinchi xatboshilar deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilayotgan qoʻshimchalarga
ILOVA
“Bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qoʻyiladigan minimal talablar toʻgʻrisidagi nizomga
1b-ILOVA
Kredit shartnomasida joylashtiriladigan ogohlantirishga doir axborotning
NAMUNAVIY SHAKLI

OGOHLANTIRISH!

Kredit boʻyicha majburiyatlarni oʻz vaqtida bajarmaslik:

– umumiy qarzdorlik miqdorining oshishiga;

– qarzni undirish boʻyicha majburiy ijro choralarining koʻrilishiga;

– kredit boʻyicha yuzaga kelgan qarzdorlikni qoplash uchun nomingizdagi
mol-mulkka undiruv qaratilishiga, agarda
mol-mulk sotilgandan tushgan mablagʻ qarzni toʻliq qoplashga yetmasa, qolgan qarzdorlik zimmangizda saqlanib qolishiga;

– undiruv uchinchi shaxs tomonidan garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratilishiga yoki qarzdorlikni qoplash majburiyatining kafil zimmasiga yuklatilishiga;

– kafil yoki garovga qoʻyuvchi tomonidan qoplangan qarzdorlik summasining keyinchalik sizdan undirilishiga;

– hisobvaraqlaringizdagi mablagʻlar xatlanishiga;

– sudning yoki davlat ijrochisining qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqingiz vaqtincha cheklanishiga;

– kredit tarixingizga salbiy taʼsir koʻrsatib, kelajakda kredit olish imkoniyatingizni cheklanishiga olib kelishi mumkin.

* Izoh. Ogohlantirish matni uning toʻliq mazmunini saqlagan holda, tegishli grafik, infografik yoki boshqa vizual shakllarda ham aks ettirilishi mumkin.”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.10.2026 y., 10/26/3948/0996-son)