toggle_night_mode
Hujjat 17.09.2026 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Hujjat hali kuchga kirgan emas
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
Qarori
Kapital harakati bilan bogʻliq ayrim valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 15-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2536-3]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi hamda “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-254-son “Kapital bozorida investitsiya muhitini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2013-yil 23-noyabrdagi 22/2-son qarori (roʻyxat raqami 2536, 2013-yil 17-dekabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 51-son, 670-modda) bilan tasdiqlangan Kapital harakati bilan bogʻliq ayrim valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bilan kelishilgan.
Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Rais T. ISHMETOV
Toshkent sh.,
2026-yil 2-iyun,
15/1-son
Kelishildi:
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori D. LI
2026-yil 26-mart
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 2-iyundagi 15/1-son qaroriga
ILOVA
Kapital harakati bilan bogʻliq ayrim valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Nizom kapital harakati bilan bogʻliq ayrim valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibini belgilaydi.”.
2. 1 — 3-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
kapital harakati operatsiyalari — joriy xalqaro operatsiyalar hisoblanmaydigan barcha xalqaro (transchegaraviy) valyuta operatsiyalari, jumladan:
investitsiya faoliyatini amalga oshirish, jumladan rezidentlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashgan oʻz filiallarini aylanma mablagʻlar bilan toʻldirish;
kreditlar (qarzlar) olish va berish, lizing operatsiyalarini amalga oshirish;
koʻchmas mol-mulkni sotib olish va sotish;
chet davlatlardan mablagʻlarni jalb etish hamda ularni chet davlatlardagi hisobvaraqlar va omonatlarga joylashtirish;
intellektual mulk obyektlariga boʻlgan mutlaq huquqni toʻliq olish yoki sotish;
xorijdan mablagʻ jalb qilish — Oʻzbekiston Respublikasi yoki uning rezidenti tomonidan xorijiy davlatlar yoki norezidentlar aktivlarining (kreditlar, zayomlar va boshqalarning) mazkur xorijiy davlatga yoki norezidentga yoxud ularning talabiga koʻra uchinchi shaxsga shartlashilgan davrda adekvat aktivlarni, jumladan aktivlardan foydalanganlik uchun toʻlovlarni taqdim etish majburiyatini oʻz zimmasiga olgan holda jalb etilishi.
2. Banklar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi) “Valyuta operatsiyalari hisobini yuritish” axborot tizimi (FERUz) (bundan buyon matnda tizim deb yuritiladi) orqali kapital harakati operatsiyalari hisobini yuritadi.
3. Kapital harakati operatsiyalari Markaziy bankda roʻyxatga olinadi. Roʻyxatga olish banklar tomonidan mazkur operatsiyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tizimga kiritish tartibida amalga oshiriladi. Maʼlumotlar tizimga kiritilgandan soʻng kapital harakati operatsiyalari roʻyxatga olingan hisoblanadi.”.
3. 61-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“61. Rezidentlar tomonidan chet elga quyidagi kapital harakati operatsiyalarini amalga oshirishga ruxsat etiladi:
bir kalendar yil davomida ustav kapitalida davlat ulushi mavjud korxonalar va ularning shuʻba tashkilotlari tomonidan 100 000 AQSh dollari, davlat ulushi mavjud boʻlmagan korxonalar tomonidan 200 000 AQSh dollari ekvivalentidan yuqori boʻlmagan summada chet elda investitsiya faoliyatini amalga oshirish — chet eldagi korxonalarning ustav kapitalini shakllantirish yoki ulushli ishtirok etish, chet elda filiallar, vakolatxonalar va savdo uylari faoliyatini tashkil etish;
bir kalendar yil davomida ustav kapitalida davlat ulushi mavjud korxonalar va ularning shuʻba tashkilotlari tomonidan 50 000 AQSh dollari, davlat ulushi mavjud boʻlmagan korxonalar tomonidan 100 000 AQSh dollari ekvivalentidan yuqori boʻlmagan summada chet eldagi oʻz filiallari va vakolatxonalarini aylanma mablagʻlar bilan toʻldirish;
bir kalendar yil davomida jismoniy shaxslar tomonidan 10 000 AQSh dollari ekvivalentidan yuqori boʻlmagan summada chet elda investitsiya faoliyatini amalga oshirish — chet eldagi korxonalarning ustav kapitalini shakllantirish yoki ulushli ishtirok etish.
Bunda, jismoniy shaxslar tomonidan chet el valyutasida investitsiya vositachilarining hisobvaraqlarini toʻldirish imkoniyati bilan chet eldagi brokerlik yoki investitsiya hisobvaraqlarini toʻldirish uchun pul mablagʻlarini oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-254-son “Kapital bozorida investitsiya muhitini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq faqat tegishli litsenziyaga ega boʻlgan investitsiya vositachilari ishtirokida amalga oshiriladi.
AQShdagi xorijiy korxonalarning ustav fondini shakllantirish (yoki kapitalda ishtirok etish) uchun investitsiya faoliyati boʻyicha rezidentlar operatsiyalari — Oʻzbekiston Respublikasi banklaridagi rezidentlar hisobvaraqlaridan pul mablagʻlarini oʻtkazish, AQShdagi filiallarini aylanma mablagʻlar bilan toʻldirish rezidentlar hisobvaraqlaridagi valyuta mablagʻlari doirasida amalga oshiriladi.
Banklarning faoliyati bilan bogʻliq kapital harakati operatsiyalari Oʻzbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi va “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi qonunlari hamda Markaziy bankning normativ-huquqiy hujjatlarida belgilangan talablar doirasida amalga oshiriladi.
Rezidentlar tomonidan mazkur bandda nazarda tutilmagan yoki belgilangan meʼyorlardan yuqori boʻlgan miqdorda chet elga kapital harakati operatsiyalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida amalga oshiriladi, bundan chet eldan jalb qilingan aktivlarni norezidentlarga qaytarish bilan bogʻliq kapital harakati operatsiyalari mustasno.”.
4. 7 — 12-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Kapital harakati operatsiyasini amalga oshirish uchun rezident tomonidan bankka quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shaklda ariza;
kapital harakati operatsiyasi amalga oshirilishini nazarda tutuvchi hujjatning (shartnoma, kelishuv, bitim va (yoki) boshqa hujjat) hamda unga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarning nusxalari. Bunda hujjat matni davlat yoki rus tilida bayon etilgan boʻlishi, agar hujjat matni boshqa tilda bayon etilgan boʻlsa, u legallashtirilgan yoki unga belgilangan tartibda apostil qoʻyilgan boʻlishi hamda davlat yoki rus tiliga tarjima qilingan va notarial tasdiqlangan boʻlishi kerak.
Banklar mazkur hujjatlar taqdim etilgandan keyingi ish kunidan kechiktirmagan holda ular toʻgʻrisidagi mazkur Nizomning 11-bandida qayd etilgan maʼlumotlarning tizimga kiritilishini taʼminlaydi. Maʼlumotlar tizimga kiritilib, roʻyxatga olingandan soʻng belgilangan tartibda kapital harakati operatsiyasi amalga oshiriladi.
Kapital harakati operatsiyalari roʻyxatga olingandan soʻng rezidentlar tomonidan har chorakda, hisobot choragidan keyingi oyning 25 sanasiga qadar oʻzining xizmat koʻrsatuvchi bankiga chet eldagi investitsiya faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda taqdim etiladi.
Bunda, mijozlar tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar banklar tomonidan umumlashtirilgan holda hisobot choragidan keyingi oy yakuniga qadar Markaziy bankka taqdim etilishi lozim.
Rezidentlar tomonidan chet eldagi investitsiya faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar belgilangan tartib va muddatlarda taqdim etilmagan taqdirda, ularning ushbu turdagi keyingi operatsiyalari toʻxtatib turiladi.
8. Rezidentlar hujjatlarni elektron tizim orqali qabul qilish uchun dasturiy taʼminotga ega boʻlgan banklarga arizani elektron shaklda taqdim etishi mumkin. Bunda rezident kapital harakati operatsiyasi amalga oshirilishini nazarda tutuvchi hujjatning (shartnoma, kelishuv, bitim va (yoki) boshqa hujjat) yoki unga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarning nusxalarini arizaga ilova qilishi lozim.
9. Kapital harakati operatsiyasi shartlariga har qanday oʻzgartirishlar qoʻshimcha kelishuv (kapital harakati operatsiyasi amalga oshirilishini nazarda tutuvchi hujjatga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar) bilan rasmiylashtirilishi va rezidentlar tomonidan qoʻshimcha kelishuv tuzilgan sanadan boshlab oʻn kun muddatda banklarga taqdim etilishi lozim.
Qoʻshimcha kelishuvlarni banklarga taqdim etish hamda ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tizimga kiritish mazkur Nizomning 7-bandida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
10. Banklar kapital harakati operatsiyalarini amalga oshirishda mazkur Nizomning 11-bandida koʻrsatilgan maʼlumotlarning toʻgʻri va oʻz vaqtida tizimga kiritilishi hamda ular boʻyicha hisob-kitob va toʻlovlarning shartnoma shartlariga muvofiq amalga oshirilishini taʼminlashlari shart.
11. Bank tomonidan tizimga quyidagi maʼlumotlar kiritiladi:
hujjat ijroga qabul qilingan sana;
hujjatning raqami va sanasi;
rezident yuridik shaxsning nomi, STIR, faoliyat turi va joylashgan hududi;
rezident jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, JShShIR va yashash manzili;
norezident toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (nomi, yuridik shaxs roʻyxatga olingan davlat yoki jismoniy shaxsning fuqaroligi, yurisdiksiya boʻyicha identifikatsiya raqami);
kapital harakati operatsiyasining turi, summasi va valyutasi;
xorijdan mablagʻ jalb qilish shakli (pul mablagʻlari, tovarlar, ish va xizmatlar koʻrinishidagi zayomlar);
kapital harakati operatsiyasining muddati va foizlari (qarz, depozit va boshqa muddatli operatsiyalarda);
xorijdan jalb qilingan yoki taqdim etilgan mablagʻlarni qaytarish grafigi (mavjud boʻlsa);
mablagʻlar harakati toʻgʻrisidagi axborot;
kapital harakati operatsiyasi hisobining yuritilishi tugallangan sana (boshqa bankka oʻtkazilgan yoki yakunlangan).
Kapital harakati operatsiyasining identifikatsiya raqami tizimda avtomatik tarzda shakllanadi.
Maʼlumotlar tizimga kiritilgandan soʻng bank boshqaruvi raisining tegishli oʻrinbosari tomonidan tasdiqlanadi.
Tizimga kiritilgan maʼlumotlarning haqqoniyligi uchun uni tasdiqlagan bank boshqaruvi raisining tegishli oʻrinbosari javobgar hisoblanadi.
12. Rezidentning hisobvaragʻi boshqa bankka oʻtkazilgan taqdirda, keyingi valyuta operatsiyalarining hisobi rezidentning hisobvaragʻi oʻtkazilgan bank tomonidan yuritiladi.
Kapital harakati bilan bogʻliq shartnomalarni boshqa bankka oʻtkazish mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shaklda tuziladigan qabul qilish-topshirish dalolatnomasi asosida amalga oshiriladi.”.
5. 1-ilovaning matnidagi “tijorat bankining” degan soʻzlar “bankning” degan soʻz bilan almashtirilsin.
6. 2-ilova mazkur oʻzgartirishlarning ilovasiga muvofiq tahrirda bayon qilinsin.
Kapital harakati bilan bogʻliq ayrim valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi iyundagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlarga
ILOVA

“Kapital harakati bilan bogʻliq ayrim valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlarining chet eldagi investitsiya faoliyati toʻgʻrisida
MAʼLUMOT

___ — yilning __-choragi uchun

Shartnoma unikal raqami*

Investitsiya turi

(1. Ustav fondini shakllantirish/ ulushli ishtirok etish; 2. Savdo uyi/vakolatxona/filial tashkil etish; 3. Boshqa turdagi faoliyat (koʻrsatilsin)

Rezident toʻgʻrisida maʼlumot

Norezident toʻgʻrisida maʼlumot

Jism. shaxs / Yur. shaxs

JshShIR / STIR raqami

Davlat ulushi mavjudligi

(bor/yoʻq)

Nomi

Xizmat koʻrsatuvchi bank nomi

Xorijiy mamlakatdagi identifikatsiya raqami

(TIN, VATIN, LEI va boshqalar)

Qimmatli qogʻozlarning identifikatsiya qilish kodi

(ISIN)

Xorijiy hamkor nomi

Xorijiy hamkor roʻyxatdan oʻtgan davlat nomi

Xorijiy bank nomi

Xorijiy bank joylashgan davlat nomi

Joriy holati

(faol, tugatilgan, bankrot deb eʼlon qilingan va boshqalar)

1

2

3

4

5

6

7

8

9

10

11

12

13

14

Jadvalning davomi

Valyuta kodi

Investitsiya qiymati va amaliyotlar

Filiallar va vakolatxonalarni aylanma mablagʻlar bilan toʻldirish

Taʼsischi aksioner kapitaldagi ulushi

Norezident korxonaning moliyaviy hisoboti

(Sof foyda+ / zarar-)

Olingan dividend toʻlovlari

Izoh***

Hisobot davri boshida investitsiya qiymati

Investitsiya kiritish

Investitsiya repatriatsiyasi

(dividendlardan tashqari)

Investitsiya qiymatining oʻzgarishi

Hisobot davri oxirida investitsiya qiymati

Hisobot davri boshida

(foizda)

Hisobot davri oxirida

(foizda)

Hisobot davri boshida

(ekv. doll.)

Hisobot davri oxirida

(ekv. doll.)

Oʻzbekistondagi hisobvaraqdan

Dividendlar kapitalizatsiyasi

bozor qiymatining oʻzgarishi hisobiga**

boshqa oʻzgarishlar hisobiga

15

16

17

18

19

20

21

22

23

24

25

26

27

28

29

*Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining “Valyuta operatsiyalari hisobini yuritish” axborot tizimi (FERUz) biriktirilgan identifikatsiya raqami shartnoma roʻyxatga olingandan soʻng bank tomonidan mijozga taqdim qilinadi.
**Qimmatli qogʻozlar va boshqa aktivlarning bozor qiymatining oʻzgarishi koʻrsatiladi.
***Boshqa oʻzgarishlar hisobiga investitsiya qiymatining oʻzgarishi sabablari va boshqa maʼlumotlar koʻrsatiladi.”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.06.2026 y., 10/26/2536-3/0606-son)