toggle_night_mode
Hujjat 31.01.2006 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Qishloq xoʻjaligini oʻsimliklarni himoya qilish kimyoviy preparatlari bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Qishloq xoʻjaligini kimyoviy preparatlar bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi rahbariyatining prognozlar ishlab chiqish, kimyoviy preparatlardan samarali foydalanish, ularni hisobga olish va saqlash boʻyicha belgilangan talablarga rioya etish uchun javobgarligini oshirish maqsadida:
1. Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining 2006-yilda qishloq xoʻjaligini kimyoviy preparatlar bilan taʼminlash boʻyicha kiritgan balans loyihasini puxta ishlab chiqmaganligi, Respublika oʻsimliklarni himoya qilish va agroximiya markazining begona oʻtlar, oʻsimliklarning zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurashish uchun kimyoviy preparatlarni prognoz qilish hamda ulardan foydalanish borasidagi faoliyatini yetarli darajada muvofiqlashtirmaganligi qayd etib oʻtilsin.
2. Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzurida Oʻsimliklarni himoya qilish kimyoviy vositalariga ehtiyojni aniqlash va ulardan samarali foydalanish boʻyicha idoralararo komissiya tuzilsin, uning zimmasiga quyidagi vazifalar yuklansin:
Keyingi tahrirga qarang.
qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilarining har yilgi buyurtmanomalari asosida tayyor kimyoviy preparatlar, taʼsirchan moddalar va komponentlarga boʻlgan ehtiyojlarni, shu jumladan ularni respublika korxonalarida ishlab chiqarish va import boʻyicha olib kelish hajmlarini aniqlash;
qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari oʻrtasida kimyoviy preparatlarning taqsimlanishi ustidan nazoratni taʼminlash, pestitsidlarni qoʻllash muddatlari, shuningdek, preparatlarni saqlash normalariga rioya etish yoʻli bilan ulardan samarali foydalanish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
respublika korxonalarida ishlab chiqariladigan va import boʻyicha olib kelinadigan oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining sifatiga nisbatan qoʻyiladigan talablarga “Oʻzstandart “agentligining ixtisoslashtirilgan laboratoriyalarida takroriy va kirish nazorati tizimini qoʻllash asosida rioya etish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
qishloq xoʻjaligi ekinlarini kasalliklar va zararkunandalardan himoya qilish boʻyicha ishlatilgan preparatlar taʼsirining toʻlaqonli va samarali ekanligini baholashda fermer xoʻjaliklariga xizmat koʻrsatish uchun shart-sharoitlar yaratishga koʻmaklashish;
kimyoviy himoya vositalari talon-taroj qilinmasligi va ularni saqlash sifati ustidan muntazam tekshirishlarni tashkil qilish, yaroqlilik muddati oʻtgan oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining qoldiqlarini aniqlash va ulardan foydalanishni toʻxtatib qoʻyish.
Belgilansinki, qishloq va suv xoʻjaligi vaziri idoralararo komissiyaning oʻsimliklarni himoya qilish vositalariga nisbatan asosli talab-ehtiyojni aniqlash va ulardan samarali foydalanish boʻyicha amaliy ishlashini taʼminlash uchun shaxsan javobgar boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari, Fermer xoʻjaliklari uyushmasi:
Keyingi tahrirga qarang.
har bir mintaqaning oʻziga xos xususiyatidan kelib chiqib, tegishli tor sohaning malakali mutaxassislarini jalb etgan holda kimyoviy preparatlarga asosli buyurtmanomalarni aniqlash va tuzishda;
Oʻsimliklarni himoya qilish va agroximiya markazining hududiy boʻlinmalari tomonidan kimyoviy preparatlardan samarasiz foydalanganlik va sifatsiz ishlov berganlik faktlari aniqlangan hollarda daʼvo ishlarini tashkil qilish, hatto fermer va dehqon xoʻjaliklarining xoʻjalik sudlariga daʼvo arizalarini berish va ularning manfaatlarini himoya qilishda qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga xizmat koʻrsatish uchun konsalting markazlari tashkil qilish va ularning tarmogʻini kengaytirish chora-tadbirlarini taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda qishloq xoʻjalik ekinlarini kasalliklar va zararkunandalardan himoya qilish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisida namunaviy shartnomani ishlab chiqsin va bunda ishlov berishning oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazilishi uchun tomonlarning majburiyatlari va javobgarlik choralari aniq belgilab qoʻyilishiga alohida eʼtibor qaratsin.
5. “Oʻzstandart” agentligi bir oy muddatda chetdan keltiriladigan, shuningdek, respublikada ishlab chiqarilgan tayyor kimyoviy preparatlar va taʼsirchan moddalarning sifati belgilangan standartlarga muvofiqligini aniqlash boʻyicha ixtisoslashtirilgan laboratoriyalar tashkil etilishini taʼminlasin xamda ular Navoiy shahri va Sirdaryo viloyatining Xovos posyolkasida joylashtirilsin.
6. Quyidagilar belgilansin:
Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi “Oʻzstandart” agentligining ixtisoslashtirilgan laboratoriyalarida kimyoviy preparatlar hamda taʼsirchan moddalarning namunalari analizini oʻtkazishga buyurtmachi hisoblanadi;
Keyingi tahrirga qarang.
taʼsirchan moddalar va kimyoviy preparatlar, jumladan, ularning keyingi mavsumga oʻtgan qoldiqlari “Oʻzstandart” agentligi ixtisoslashtirilgan laboratoriyalarining ijobiy xulosasi mavjud boʻlgan taqdirdagina ulardan foydalanishga ruxsat beriladi.
7. “Oʻzkimyosanoat” DAK oʻz sifati, taʼsir qilish samaradorligi va qadoqlanishi boʻyicha belgilangan standartlarga javob beradigan, qiymati boʻyicha esa xorijdagi xuddi shunday moddalar oldida raqobat ustunliklariga ega boʻlgan xarid qilinadigan taʼsirchan moddalar va komponentlar asosida respublika korxonalarida kimyoviy preparatlar ishlab chiqarishni taʼminlasin.
Kimyoviy preparatlarni ishlab chiqarish va saqlashning texnologik rejimlariga qatʼiy rioya etilishi va ularning sifati taʼminlanishi uchun shaxsiy javobgarlik “Oʻzkimyosanoat” DAK hamda mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalarning rahbarlari zimmasiga yuklansin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda:
a) Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzurida Oʻsimliklarni himoya qilish kimyoviy vositalariga ehtiyojni aniqlash va ulardan samarali foydalanish boʻyicha idoralararo komissiya toʻgʻrisidagi nizomni, shuningdek vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning qishloq xoʻjaligini kimyoviy preparatlar bilan taʼminlash borasidagi hamkorlik tarkibi va sxemasini;
b) Qishloq xoʻjaligi uchun taʼsirchan vositalar va tayyor kimyoviy preparatlar xarid qilish boʻyicha idoralararo tender komissiyasining yangilangan tarkibi va komissiya toʻgʻrisidagi nizomni;
v) taʼsirchan moddalar va tayyor kimyoviy preparatlar importi boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish va xulosalar berish tartibini tasdiqlasin, bunda:
tender savdolarida mahsulotning yuqori sifatini va u oʻz vaqtida yetkazib berilishini kafolatlaydigan kimyoviy preparatlarning eʼtirof etilgan ishlab chiqaruvchilari yoki ularning rasmiy dilerlari ishtirok etishlariga yoʻl qoʻyilishi;
kimyoviy preparatlarni yetkazib beruvchilar “narx — sifat (samaradorlik)” tamoyili boʻyicha va taklif etilayotgan preparatlarni respublika sharoitida sinab koʻrishning ijobiy natijasini hisobga olgan holda tanlanishi nazarda tutilsin.
9. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 31-yanvar,
PQ-272-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 4-5-son, 26-modda; 2013-y., 1-son, 3-modda; 2017-y., 37-son, 980-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.01.2018-y., 06/18/5304/0591-son, 01.08.2018-y., 06/18/5497/1604-son)