toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Qishloq xo‘jaligini o‘simliklarni himoya qilish kimyoviy preparatlari bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Qishloq xo‘jaligini kimyoviy preparatlar bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi rahbariyatining prognozlar ishlab chiqish, kimyoviy preparatlardan samarali foydalanish, ularni hisobga olish va saqlash bo‘yicha belgilangan talablarga rioya etish uchun javobgarligini oshirish maqsadida:
1. Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2006-yilda qishloq xo‘jaligini kimyoviy preparatlar bilan ta’minlash bo‘yicha kiritgan balans loyihasini puxta ishlab chiqmaganligi, Respublika o‘simliklarni himoya qilish va agroximiya markazining begona o‘tlar, o‘simliklarning zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurashish uchun kimyoviy preparatlarni prognoz qilish hamda ulardan foydalanish borasidagi faoliyatini yetarli darajada muvofiqlashtirmaganligi qayd etib o‘tilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida O‘simliklarni himoya qilish kimyoviy vositalariga ehtiyojni aniqlash va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha idoralararo komissiya tuzilsin, uning zimmasiga quyidagi vazifalar yuklansin:
(2-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-avgustdagi PF-5497-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.08.2018-y., 06/18/5497/1604-son)
qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilarining har yilgi buyurtmanomalari asosida tayyor kimyoviy preparatlar, ta’sirchan moddalar va komponentlarga bo‘lgan ehtiyojlarni, shu jumladan ularni respublika korxonalarida ishlab chiqarish va import bo‘yicha olib kelish hajmlarini aniqlash;
qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida kimyoviy preparatlarning taqsimlanishi ustidan nazoratni ta’minlash, pestitsidlarni qo‘llash muddatlari, shuningdek, preparatlarni saqlash normalariga rioya etish yo‘li bilan ulardan samarali foydalanish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
respublika korxonalarida ishlab chiqariladigan va import bo‘yicha olib kelinadigan o‘simliklarni himoya qilish vositalarining sifatiga nisbatan qo‘yiladigan talablarga “O‘zstandart “agentligining ixtisoslashtirilgan laboratoriyalarida takroriy va kirish nazorati tizimini qo‘llash asosida rioya etish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
qishloq xo‘jaligi ekinlarini kasalliklar va zararkunandalardan himoya qilish bo‘yicha ishlatilgan preparatlar ta’sirining to‘laqonli va samarali ekanligini baholashda fermer xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatish uchun shart-sharoitlar yaratishga ko‘maklashish;
kimyoviy himoya vositalari talon-taroj qilinmasligi va ularni saqlash sifati ustidan muntazam tekshirishlarni tashkil qilish, yaroqlilik muddati o‘tgan o‘simliklarni himoya qilish vositalarining qoldiqlarini aniqlash va ulardan foydalanishni to‘xtatib qo‘yish.
Oldingi tahrirga qarang.
Belgilansinki, Qishloq xo‘jaligi xo‘jaligi vaziri idoralararo komissiyaning o‘simliklarni himoya qilish vositalariga nisbatan asosli talab-ehtiyojni aniqlash va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy ishlashini ta’minlash uchun shaxsan javobgar bo‘ladi.
(2-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-avgustdagi PF-5497-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.08.2018-y., 06/18/5497/1604-son)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi:
(3-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-yanvardagi PF-5304-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.01.2018-y., 06/18/5304/0591-son)
har bir mintaqaning o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqib, tegishli tor sohaning malakali mutaxassislarini jalb etgan holda kimyoviy preparatlarga asosli buyurtmanomalarni aniqlash va tuzishda;
Oldingi tahrirga qarang.
O‘simliklarni himoya qilish va agroximiya markazining hududiy bo‘linmalari tomonidan kimyoviy preparatlardan samarasiz foydalanganlik va sifatsiz ishlov berganlik faktlari aniqlangan hollarda da’vo ishlarini tashkil qilish, hatto fermer va dehqon xo‘jaliklarining iqtisodiy sudlarga da’vo arizalarini berish va ularning manfaatlarini himoya qilishda qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga xizmat ko‘rsatish uchun konsalting markazlari tashkil qilish va ularning tarmog‘ini kengaytirish chora-tadbirlarini ta’minlasin.
(3-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 11-sentabrdagi PF-5187-sonli Farmoni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 37-son, 980-modda)
4. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda qishloq xo‘jalik ekinlarini kasalliklar va zararkunandalardan himoya qilish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risida namunaviy shartnomani ishlab chiqsin va bunda ishlov berishning o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi uchun tomonlarning majburiyatlari va javobgarlik choralari aniq belgilab qo‘yilishiga alohida e’tibor qaratsin.
5. “O‘zstandart” agentligi bir oy muddatda chetdan keltiriladigan, shuningdek, respublikada ishlab chiqarilgan tayyor kimyoviy preparatlar va ta’sirchan moddalarning sifati belgilangan standartlarga muvofiqligini aniqlash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan laboratoriyalar tashkil etilishini ta’minlasin xamda ular Navoiy shahri va Sirdaryo viloyatining Xovos posyolkasida joylashtirilsin.
6. Quyidagilar belgilansin:
Oldingi tahrirga qarang.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi “O‘zstandart” agentligining ixtisoslashtirilgan laboratoriyalarida kimyoviy preparatlar hamda ta’sirchan moddalarning namunalari analizini o‘tkazishga buyurtmachi hisoblanadi;
(6-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-avgustdagi PF-5497-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.08.2018-y., 06/18/5497/1604-son)
ta’sirchan moddalar va kimyoviy preparatlar, jumladan, ularning keyingi mavsumga o‘tgan qoldiqlari “O‘zstandart” agentligi ixtisoslashtirilgan laboratoriyalarining ijobiy xulosasi mavjud bo‘lgan taqdirdagina ulardan foydalanishga ruxsat beriladi.
7. “O‘zkimyosanoat” DAK o‘z sifati, ta’sir qilish samaradorligi va qadoqlanishi bo‘yicha belgilangan standartlarga javob beradigan, qiymati bo‘yicha esa xorijdagi xuddi shunday moddalar oldida raqobat ustunliklariga ega bo‘lgan xarid qilinadigan ta’sirchan moddalar va komponentlar asosida respublika korxonalarida kimyoviy preparatlar ishlab chiqarishni ta’minlasin.
Kimyoviy preparatlarni ishlab chiqarish va saqlashning texnologik rejimlariga qat’iy rioya etilishi va ularning sifati ta’minlanishi uchun shaxsiy javobgarlik “O‘zkimyosanoat” DAK hamda mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalarning rahbarlari zimmasiga yuklansin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda:
a) Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzurida O‘simliklarni himoya qilish kimyoviy vositalariga ehtiyojni aniqlash va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha idoralararo komissiya to‘g‘risidagi nizomni, shuningdek vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning qishloq xo‘jaligini kimyoviy preparatlar bilan ta’minlash borasidagi hamkorlik tarkibi va sxemasini;
b) Qishloq xo‘jaligi uchun ta’sirchan vositalar va tayyor kimyoviy preparatlar xarid qilish bo‘yicha idoralararo tender komissiyasining yangilangan tarkibi va komissiya to‘g‘risidagi nizomni;
v) ta’sirchan moddalar va tayyor kimyoviy preparatlar importi bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish va xulosalar berish tartibini tasdiqlasin, bunda:
tender savdolarida mahsulotning yuqori sifatini va u o‘z vaqtida yetkazib berilishini kafolatlaydigan kimyoviy preparatlarning e’tirof etilgan ishlab chiqaruvchilari yoki ularning rasmiy dilerlari ishtirok etishlariga yo‘l qo‘yilishi;
kimyoviy preparatlarni yetkazib beruvchilar “narx — sifat (samaradorlik)” tamoyili bo‘yicha va taklif etilayotgan preparatlarni respublika sharoitida sinab ko‘rishning ijobiy natijasini hisobga olgan holda tanlanishi nazarda tutilsin.
9. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 31-yanvar,
PQ-272-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 4-5-son, 26-modda; 2013-y., 1-son, 3-modda; 2017-y., 37-son, 980-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.01.2018-y., 06/18/5304/0591-son, 01.08.2018-y., 06/18/5497/1604-son)