toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 22.02.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“SINO” OChIQ AKSIYADORLIK JAMIYATINI RIVOJLANTIRIShNI QOʻLLAB-QUVVATLASh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Sino” ochiq aksiyadorlik jamiyatida sovutish va muzlatish uskunalari ishlab chiqarishni kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, butlovchi buyumlar va uzellarni mahalliylashtirish negizida ularning yangi turlari va modellarini ishlab chiqarishni oʻzlashtirish, eksport salohiyatini yanada kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
korxonalar bankrotligi sanatsiyasi masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan tarkibiy oʻzgartirish dasturiga muvofiq “Sino” ochiq aksiyadorlik jamiyatida (Samarqand shahri) sovutish va muzlatish texnikasi ishlab chiqarish uchun butlovchi buyumlar va detallarni mahalliylashtirish darajasini 80 foizgacha yetkazishni taʼminlagan holda 2009-yilga borib 250,0 mingtagacha sovutish va muzlatish uskunasi ishlab chiqarish quvvatlarini yanada kuchaytirish nazarda tutilganligi;
“Sino” ochiq aksiyadorlik jamiyati tomonidan “TS—Texnolodji” (AQSh), “Xenan Xenfey Elektrik Ko” (XXR) va “Xayr grupp Ko Ltd” (XXR) xorijiy kompaniyalari bilan kontraktlar tuzilganligi, xalqaro standartlarga muvofiq boʻlgan sovutish va muzlatish texnikasi ishlab chiqarish uchun zamonaviy texnologiya asbob-uskunalari va butlovchi buyumlar yetkazib berish boshlanganligi;
“Sino” ochiq aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2004-yilda 2400 ta sovutish va muzlatish texnikasini eksportga sotish va uni eksport qilish hajmini 2009-yilda 25 mingtaga yetkazish nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Sino” ochiq aksiyadorlik jamiyati, istisno tariqasida, besh yil muddatga:
olib kelinayotgan texnologiya asbob-uskunalari va ularga ehtiyot qismlar, shuningdek sovutish va muzlatish uskunasi ishlab chiqarishning texnologik jarayonida foydalaniladigan materiallar, qismlar va butlovchi materiallar uchun bojxona toʻlovlari toʻlashdan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari);
sovutish va muzlatish uskunalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish doirasida ishlab chiqarilgan uskunalar va mahsulotlar yuzasidan foyda (daromad) soligʻidan, shuningdek mulk soligʻi, yer soligʻi, ekologiya soligʻi, qoʻshilgan qiymat soligʻi va mahalliy soliqlar toʻlashdan ozod etilsin.
3. Belgilansinki, mazkur qarorning 2-bandida koʻrsatilgan imtiyozlar berilishi hisobiga boʻshab qoladigan mablagʻlardan faqat sovutish va muzlatish uskunalari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish boʻyicha quvvatlarni barpo etish va rivojlantirish, ularga butlovchi detallar va uzellar ishlab chiqarish, assortimentni kengaytirish, ishlab chiqariladigan sovutish va muzlatish uskunasining dizayni va sifatini yaxshilash uchun foydalaniladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi boʻshab qolgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.
Berilgan imtiyozlar hisobiga boʻshab qolgan mablagʻlardan “Sino” ochiq aksiyadorlik jamiyati oʻzga maqsadlarda foydalangan taqdirda, mazkur qarorda nazarda tutilmagan ehtiyojlar uchun foydalanilgan mablagʻlar hajmi belgilangan tartibga budjetga olib qoʻyiladi.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 15-dekabr,
549-son