toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI TA’LIM MUASSASALARIGA QABUL QILISH BO‘YICHA DAVLAT KOMISSIYASINING TARKIBI TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limiga izchil o‘tishni ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2003-yil 29-oktabrdagi 473-son qaroriga muvofiq hamda umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining 9-sinflari bitiruvchilarini 10-sinflarga, kasb-hunar kollejlariga, akademik litseylarga va oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishni puxta muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining shaxsiy tarkibi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
2. O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga qo‘shimcha ravishda quyidagi funksiyalar yuklansin:
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 29-oktabrdagi 473-son qarori bilan tasdiqlangan 9-sinflarni bitiruvchilarni keyinchalik akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablarining 10-sinflarida o‘qitish bilan qamrab olishning istiqbolli ko‘rsatkichlari so‘zsiz bajarilishini ta’minlash ishlarini tashkil etish;
9-sinflarni bitiruvchilarning umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida o‘qitishning keyingi shakllari bilan to‘liq qamrab olinishini har yili tizimli nazorat qilish;
umumta’lim maktablarining vaqtincha ishlab turgan o‘ninchi-o‘n birinchi sinflari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish;
9-sinflarni bitiruvchilarning qamrab olinishi monitoringini amalga oshirish, viloyatlar, shaharlar va tumanlar bo‘yicha ishlarning ahvolini umumlashtirish va har yili 1-oktabrgacha, yangi o‘quv yili boshlanishi yakunlariga ko‘ra Vazirlar Mahkamasiga axborot materiallari tayyorlash.
3. Belgilansinki, Ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining o‘z vakolatlariga kiruvchi masalalar yuzasidan qarorlari oliy, o‘rta umumta’lim va o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtlariga ega bo‘lgan vazirliklar va idoralar uchun majburiy hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Azizxo‘jayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 30-oktabr,
475-son