Oʻzbekiston Respublikasi oliy kengashi rayosati va
oʻzbekiston respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Mustaqil Oʻzbekiston Respublikasi tarixida muhim ijtimoiy-siyosiy voqea hisoblangan qutlugʻ sana — Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunni munosib nishonlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati va Vazirlar Mahkamasi qaror qiladilar:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun — 8-dekabrdagi umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻruvchi va uni oʻtkazuvchi Respublika tashkiliy qoʻmitasi roʻyxati ilovaga
* muvofiq tasdiqlansin. Tashkiliy qoʻmitaga bir hafta muddat ichida bayramni oʻtkazish tadbirlarini belgilash vazifasi topshirilsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy Kengashi Raisi, Toshkent shahri va barcha viloyatlar hokimlarining rahbarligida joylarda shunday tashkiliy qoʻmitalar tuzilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda, 1993-yil 6-7-dekabr kunlari Toshkentdagi “Turkiston” saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining bir yilligiga bagʻishlab Toshkent shahri mehnatkashlari, viloyatlarning vakillari va mehmonlar ishtirokida xalqaro ilmiy konferensiya oʻtkazish tavsiya etilsin.
3. Tashkiliy qoʻmita 1993-yil 7-dekabr kuni “Xalqlar doʻstligi” saroyida umumxalq bayrami munosabati bilan tantanali yigʻilish hamda sanʼat ustalarining konsertini oʻtkazishni tashkil etsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Xalq taʼlimi vazirligi, Davlat teleradiokompaniyasi, Davlat matbuot qoʻmitasi, Davlat kinokompaniyasi, barcha ommaviy axborot vositalari va ijodiy tashkilotlar mustaqil Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmuni, demokratik mohiyati va tarixiy ahamiyatini ochishga hamda uni targʻib etishga qaratilgan dasturlar tuzib, tadbirlar belgilasinlar.
5. Tashkiliy qoʻmita Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardagi bayram tadbirlarida yetuk sanʼatkorlar, ijodiy jamoalar, milliy-madaniy markazlar va bolalar ijodiy guruhlarining oʻz dasturlari bilan ishtirok etishini taʼminlasin.
6. Joylarda tashkiliy qoʻmitalar bayram munosabati bilan mehnat va urush faxriylari, moʻtabar otaxon va onaxonlar, koʻp bolali oilalar, nogironlar va yetim-yesirlar, boquvchisiz qolgan xonadonlar hamda bolalar uylari tarbiyalanuvchilarining hol-ahvolidan xabar olish, ularni ragʻbatlantirish, bayram tadbirlariga jalb etish, ularga sovgʻa-salomlar tortiq qilish ishlarini uyushtirsinlar.
7. Umumxalq bayrami tadbirlarini oʻtkazish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar mahalliy budjetlar hisobidan qoplansin.
“Mahalla”, “Navroʻz”, “EKOCAH”, Sharof Rashidov nomli va boshqa jamgʻarmalar, tashkilotlar hamda ayrim fuqarolarning bayram tadbirlarini oʻtkazishga mablagʻ bilan ulush qoʻshish haqidagi taklif-istaklari eʼtiborga olinsin.